OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G'amginlik siri

Misrda bir oliy himmatli kishi bo'lib, u ma'no olamining sohib davlati edi. Unda aysh-ishrat qilish uchun ja'miki narsa tayyor edi. Bu borada nimani o'ylagan bo'lsang, unda bundan yuz marta ortiq bor edi. U jannatmakon qasr ichida manzil tutgan bo'lib, hurlar kabi go'zal bir mahbuba bilan ulfat edi. Lekin u oliy sifatli pok zot bularning barchasiga beiltifot qarardi. Hajr zindonida qolgan Yusuf kabi unga ham doimo dard va g'am chekish yor edi.
Undan so'radilar:
— Ey ko'ngli qayg'uga sherik bo'lgan pok zot. Bizga bu yashirin siringni ravshan et! Senda shuncha ko'ngil ochuvchi shodlik asboblari muhayyo bo'la turib, nechun xotiring xurram emas? Nechun g'amdan o'zga narsani ko'ngling hamdam etmaydi.
U shunday dedi:
— Yo'l ahli uchun bu jahon zindondir, chunki uning istagani ko'zdan yashiringan. Asosiy ish shuki, inson ko'ngil istaganiga yetishga qadar barcha yo'lni bosib o'tishi lozim. Zindonda ham kishi xurram bo'ladimi?! Kishi g'amxonada beg'am o'tira oladimi? Men haqiqiy yorimdan ayriliqda armon chekaman, shuning uchun garchand Eram bog'ida bo'lsam-da, o'zimni zindonda deb hisoblayman. Uning vasli gulzoriga yetishmagunimcha g'am tashvishidan xalos bo'la olmayman.

“Lisonut-tayr” (Alisher Navoiy)dan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.