OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Go’zal shoh hikoyati

Husnu jamolda tengsiz bir podshoh bor edi. Go‘yo yuzida ilohiy ruh aks etganday edi. Tong uning yuzidan bir shu’la, muqaddas xushbo‘yliklar esa uning huzuri bog‘idan esgan bir shabada. Olamning go‘zalligi, nafosati uning asroridan bir sahifa, zeboligu dilbarlikda uning diydoridan bir oyat kabi edi. Bu go‘zal shohning ovozasi olamga tarqaldi, barcha uning husniga oshufta bo‘ldilar, uning yuzini ko‘rish ishtiyoqida jonbozlik ko‘rsatib, g‘avg‘o ko‘tardilar. Uning nomini tilga olish mumkin emas edi, chunki nomini tilga olish bilan dilda sho‘rish qo‘zg‘olardi.
Podsho yuziga parda tutib yurardi, chunki agar yuzini ochsa odamlar uning quyoshday husniga toqat qilolmasdilar. Hech kim jur’at qilib, podshoga boqolmas, jur’at etgan kishining boshini tanasidan judo kilardilar. Uning jamoli haqida o‘ylagan, fikr yuritgan odamlar ham xarob bo‘lardi, chunki uning ishqi kirgan ko‘ngilni tinchitib bo‘lmas edi. Mabodo yuzini ko‘rgan kishi bo‘lsa, shu zahoti jon berardi, toqat qilolmasdi.
Erkaklar ham, ayollar ham unga maftun edilar, uning asrori - rozini bilish shavqi barchaning qalbini band etgan edi. Ko‘rmaslikka sabrlari chidamas, ammo ko‘rishga ham toqat qilolmasdilar. Odamlar uni qo‘rishga tobu tokat kilolmagandan keyin, fakat nomini eshitish bilan lazzat topadigan bo‘ldilar. Zero, agar shoh o‘z yuzini ochsa, hech kim uning yuzi shu’lasiga chidab turolmas edi. Jahon xalqlari uning yo‘lida majnunday ovora bo‘ldilar, barchaning yodida-xayolida o‘sha edi.
Podsho bu holni ko‘rib, ulkan bir ko‘zgu yasashni buyurdi. Ko‘zgu tayyor bo‘lgach, shoh kelib unga qarar, yuzining shu’lasi ko‘zguda aks etib, bu aksdan nur atrofga tarqalardi va odamlar shu nurdan bahramand bo‘lib, shodu xursand edilar.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.