Qadim zamonda boyligi bilan maqtanuvchi hukmdor bo‘lgan edi. U qaerga bormasin, xazinasidan bir qism olib, uni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilar edi. Bir kuni u eng ishongan olim do‘stiga shunday savol berdi:
– Sen olimlar ichra mashhur va donosan. Men sening fikringni bilmoqchiman. Mening hukmdorligim va davlatim haqida nima deya olasan?
Olim javob berishning yo‘lini topdi va hukmdorga shunday dedi:
– Faraz qilaylik, siz bepoyon va jazirama cho‘lning qoq o‘rtasida turibsiz. Shu payt tomog‘ingiz qaqrab, nihoyatda chanqadingiz. Ammo yashab qolish uchun yarim davlatingiz evaziga sizga bir piyola suv uzatildi. Siz bunga rozi bo‘larmidingiz?
– Albatta, rozi bo‘lardim.
– Ancha vaqt o‘tdi. Chanqoq kuchaydi. Qolgan davlatingiz evaziga sizga yana bir piyola suv taklif qilindi. Siz bunga ham rozi bo‘larmidingiz?
Hukmdor bir oz o‘ylandi va noiloj:
– O’lmay qolish uchun men davlatimning qolganini ham berishga majburman, –dedi.
Shunda olim miyig‘ida kulib:
– Demak, g‘ururlanishga hojat yo‘q, hukmdor. Sizdagi boylikning bahosi bor yo‘g‘i ikki piyola suv ekan..., – dedi.
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan