OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Imtihon

Xiyonat, o‘g‘rilik ko‘chasidan o‘tmagan, pok, sof qalbli odam xalqning ishonchini qozonadi, izzat-hurmatga sazovor bo‘ladi.
Qadim zamonda Sarondip orolida o‘zining muloyimligi bilan mashhur bo‘lgan bir podshoh hukm surardi. Ba’zan nobakor kishilar uning muloyimligi, lutfkorligini suiste’mol qilardilar. Podshoh kimni xazinachi etib tayin qilsa, bir necha vaqtdan keyin uning xiyonati yuzaga chiqardi. Shuning uchun podshoh xazinadorlikka nomusli, pok vijdonli bir odam topolmay qayg‘ulanib yurardi.
Kunlardan bir kun eronlik sayyoh Sarondipga kelib qoldi, bir necha vaqt podshohning aziz mehmoni bo‘lib turdi. Bir kun podshoh donishmand bilan suhbatlashib o‘tirgan vaqtida yuragidagi dardini izhor qilib aytdi:
— Ey aziz mehmonim, siz juda ko‘p joylarni kezganingiz natijasida odamlarning tabiatlari, xulq-atvorlari bilan juda yaxshi tanishgansiz deb o‘ylayman. Iffatli, nomusli, matonatli bir odamni topib olish uchun sog‘lom usulni bilasiz, deb ishonaman.
Donishmand juda chuqur xayolga botib dedi:
— Shunday odamni topishdan ham qulay bir narsa yo‘q. Bir kunni tayin qilib, xazinachi bo‘lishni orzu qilganlarni saroyingizga da’vat qiling, ularni bittadan chaqirib cholg‘u havosi, ohangi ostida raqs ettiring, kim chaqqonlik bilan raqs etsa ana o‘shani xazinachi etib tayin qiling.
— Siz kulgili bir latifa so‘zlayapsiz, deb gumon etaman, chaqqonlik bilan raqs etgan odam eng nomusli, eng mohir xazinachi bo‘la oladi, deb da’vo qilish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak,— dedi podshoh hayron bo‘lib.
Donishmand shunday javob berdi:
— Ishoning, xazinachi tayin qilish uchun bundan ham yaxshiroq bir imtihon usuli yo‘qdir.
Tayin etilgan kunda xazinachi bo‘lishni istaganlarning hammasi intizorlik xonasiga to‘plandilar. Ular oltmish to‘rt kishi edilar. Podshoh huzuriga kirish tartibi shunday edi, kutish xonasida o‘tirganlarni navbat bilan chaqirar edilar. Chaqirilgan kishi ikkinchi bir — oltinu yoqutlar turgan xonada yolg‘iz o‘zi biroz kutib o‘tirgandan keyin podshoh huzuriga chaqirib olardilar. Podshoh unga cholg‘u havosiga ko‘ra raqs etishni buyurardi. Raqs etganidan keyin uni yana boshqa bir xonaga chaqirib, natijani kutib o‘tirishni buyurardilar. Shunday qilib, oltmish to‘rt kishining hammasi raqs imtihonidan o‘tdi.
Xazinachi bo‘lishni istagan oltmish to‘rt kishidan 63 tasi juda yomon raqs etdilar, raqs etarkan, qo‘llari bilan cho‘ntaklarini berkitib turardilar, Podshoh yonida o‘tirgan donishmand bularning raqslarini ko‘rib: «Ha, yaramas o‘g‘rilar» deb qo‘yardi.
Ularning ichidan bittasi, ya’ni oltmish to‘rtinchi nomzod juda chaqqonlik va juda erkinlik bilan raqs etdi. Tajriba tamom bo‘lgandan keyin podshoh bu chaqqon o‘ynagan odamni quchoqlab tabrikladi, uni xazinachi etib tayin qilganini bildirdi: donishmand ham uni yangi mansab bilan muborakbod etdi. Yomon o‘ynagan oltmish uch raqqosni o‘g‘irlikda ayblab, jazo mahkamasiga havola qildi.
Sababi nima? Sababi shu: kutish xonasi yonidagi ikkinchi bir xonaga — juda ko‘p oltin, kumush, la’l, yoqut kabi qimmatli toshlar qo‘yilgan edi. Kutish xo-nasidan chaqirilib o‘sha xonada biroz kutishga buyurilgan har bir nomzod cho‘ntaklarini oltin va qimmatli toshlar bilan to‘ldirib olardi. Raqs vaqtida o‘g‘irlagani bilinib qolishidan qo‘rqib, qo‘llari bilan cho‘ntaklarini bosib sekin o‘ynardi. Chaqqon o‘ynagan kishi oltin, kumush va qimmatli toshlardan bittasini ham olmagan pok, sof odam edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.