OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oshiq bo'lgan shogird

Arastuning bir shogirdi bolib, ustozining har bir darsida hozir bo’lar edi. Donishmand faylasuf unga alohida ehtirom ko'rsatib, barcha shogirdlaridan ortiq hurmatlar edi. Yoshlik chog'idan yonida ulg'aytirib, unga o'zida bor maxfiy ilmlarni o'rgatgan edi. U olimning to'rt yuz yirik donishmandi orasida barchasidan ortiq bolib, faqat Arastudan kam edi.
Donishmand o'zicha mazkur shogirdini kelajakda Iskandarga yaqin mulozim etishni xayol qijardi. O'zim bir yoqqa ketsam, u lskandar huzurida farzandim kabi o'rnimni bosadi, deb o'ylardi. Xullas, bu shogird hikmat bobida yuksaklikka erishib, hatto yig'inlarda Aflotun bilan ham bahslashadigan darajaga yetdi.
Kunlardan bir kuni u ko'chadan o'tib ketayotgan edi, nogahon birovning ishqi uning ko'ngli tomon yo’l topdi. Kofirlar ibodatxonasidan chiqqan bu go'zal oy yuzli va kumushbadan, toshyurak kofirlar kabi zolim bolib, noz bilan yuz dinni talon-toroj etuvchi va hikmat ahlini zoru shaydo qilgudek nihoyatda chiroyli qiz edi.
Faylasuf shogird uning domiga giriftor bo'lganidan so'ng, ko'ngli unga oshiqi zor bo'ldi. Vasliga yetishmoqqa bel bog'lab, oraga kishilar qo'ydi. Va nihoyat, ko'p molu mablag' sarflab, u dilraboni o'ziga moyil qildi hamda o'z nikohiga oldi. Bu but (qiz) vasli qo'liga kirgach, xuddi kofirlar kabi butparast bo'ldi, ya'ni u go'zal qiz oldidan nari ketmadi. Kechayu kunduz ko'zini undan olmasdan, unga maftun bo'lib, kitobga qaramay qo'ydi. U go'zal mahvashga shu qadar mubtalo bo'ldiki, hattoki ustozidan saboq olishni ham esidan chiqardi.
Ustoz uning bu holga tushganini ko'rib, nasihat yo'li bilan chorasini topmoq istadi. Ko'p pand-nasihatlar qildi, ammo bu nasihatlar baloning oldini olishda yordam bermadi. Ustoz qarasa, ilmu hikmatlari zoye' bo'lib, necha yillik chekkan zahmatlari bekor ketmoqda. Benazir faylasuf har qancha o'ylab ko'rmasin, bu dardni davolashning ilojini topa olmadi. Oxiri maxfiy chora qo'llab, u go'zalga kuchli bir dori berdi. Go'zal dorini ichgach, ohu fig'on tortgancha yiqildi, ahvoli vaqt o'tgan sayin tobora yomonlasha boshladi.
Yigit uni tuzatish uchun turli choralar qo'llab ko'rdi, ammo ular hech bir foyda bermadi, sanam kasallikdan tuzalmadi. Bu mushkilotga mubtalo bo'lgan yigit chora topmoqqa ojiz qolgach, ustozi huzuriga g'amgin bir holda kirib bordi. U boshini malomat bilan quyi solgancha, ko'p hijolat chekib, o'z holini bayon qildi. Ustoz shogirdining bu xil ehtiyojmandligini ko'rib, davolash uchun bemor qoshiga keldi. U shogirdiga dedi:
— Tur, sen bugun xizmatga bor. Iskandarga qulligingni bajo keltir. Men bemoringni davolab, parivash yoringni, tuzataman.
Shogird ustoz so'zlarini qabul qilib, yo'lga ravona bo'ldi.
Ustoz kasalni davolashga kirishdi. U me'dani tozalaydigan behad kuchli bir dori tayyorlab, kasalga berdi. Xasta bu dorini ichdi. Ustod o'z mahramlariga, kasalning holidan voqif bo'hb, tog'ora ushlab, eshik tagida turinglar; u nimaiki qayt qilsa, to'kib yubormasdan, bir xumchada asranglar, deb buyurdi. U shu so'zlarni aytib, tashqariga chiqqani zamon dori o'z kuchini ko'rsatdi. Qiz ichidan kasallik keltirib chiqargan balg'amlarni surib chiqardi. Qiz uzluksiz qayt qila boshladi. Bu paytda ustoz tashqarida edi. Xastaning na bir madori, na jismida bir qatra qoni qoldi. Undagi balg'am, safro, savdo va qon daf bo'lgach, sumanbar majolsiz bir holga tushdi.
Kechqurun yigit uyiga qaytdi. Donishmand unga: "Kirib, yoringga boq!"- dedi. Shogird uyga kirib, o'zining avvalgi sho'x va dilkash yorini ko'rmoq istadi. Ammo qarasa, mahbubasi o'rnida burishib ketgan bir noxush jism yotibdi. Yigit uni taniy olmay: "Mening yorim qani? Sarv bo'yli lolaruxsorim qani? - deb so'radi. Hamma narsani chuqur biluvchi donishmand olim buni eshitib: "Men bergan idishni keltiringlar, nozaninni oshiqiga yetkaringlar",- dedi. Bu so'zni eshitganlar idishni olib keldilar. Uning ichi turli axlat, makruh qusiqlar bilan to'la bo'lib, sassiq hid burqsib turardi. Shunda ustoz shogirdiga qarab:
- Ma, ol, sening parizoding shudir! Gul yuzli sarviqomating ham shu! Sen mubtalo bo'lgan shundan bo'lak narsa emas, sen shunga oshiq va maftun bo'lgan eding,— dedi.
Bu so'zlarni eshitgan yigit ustodi oldida hijolatda qoldi. Ustoz uni bu qiyin ahvolda ko'rib, shunday dedi:
- Ey farzand, ehtiyoj tufayli unga emas, aslida senga iloj topdim. Sen yana oshiqsanu u mahbubangdir, u yana seni shaydo aylagan yoring bo'lib qoladi. Ammo bu xil oshiqlik,
ey tushkunlikka uchragan kishi, pok ishq ahli oldida uyatlidir!

“Lisonut-tayr” (Alisher Navoiy)dan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.