OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oshiq darvesh hikoyati

Bir darvesh bor edi. Ishq zo‘ridan zorlanib, o‘tga tushgan parvonaday beqaror edi. Ishqi taftidan jon qiynalsa jonining o‘rtanishidan tili so‘zga kelmasdi. Ishq olovi jonidan o‘tib dilini yondirar, mushkul ustiga mushkul boshiga yog‘ilar edi. Yo‘l o‘rtasida beqaror bo‘lib, ho‘ngrab yig‘lardi va bu so‘zlarni aytardi: 
- Rashk otashida jonu dilim kuydi, yig‘lay desam, ko‘z yoshlarim ham qaynoqdir. 
Bir nido keldiki: 
- Bu masalada lof urma, U bilan yolg‘ondan yaqinlashib yopishib olgansan. 
Darvesh dedi: 
- Men qachon Unga yopishib oldim, U menga yopishib olgan, agar bilsang. Men bechora bir notavon kimmanki, Uni sevsam, menda bu jur’at qayda? Men hech narsa qilganim yo‘q, nimaiki qilgan bo‘lsa Uning O’zi qildi. Ko‘nglim qonga to‘lgach, faqat Uning yodida tepadigan bo‘ldi.
Hotifdan ovoz keldi: 
- U senga nazar solib, senga yuk yukladi, sen buni ovoza qilma, kibru havoga berilma. Sen toki bu ulug‘ quduq ichrasen, bir dam agar bu haqda ovoz chiqarsang, ey g‘ulom, U sen bilan ishqbozlik qilmaydi. U ishqni O’z sun’i-asroru hikmati bilan o‘ynaydi. Sen yo‘qsan va hech ishda ham emassan, bu ishni Uning O’ziga qo‘y, chunki sun’i Sone’ bilan qorishib mahv bo‘ladi. Agar sen o‘zingni o‘rtaga solsang, ham imoning va ham joningdan ajralasan.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.