OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qaroqchi boshlig‘i

Qish kunlarining birida qaroqchilar bir qishloqqa bostirishdi. Qishloqni ostin-ustun qilib, odamlardan bir qanchasini tutib qaroqchilar boshlig‘ining huzuriga keltirishdi.  Ular orasida chiroyli hamda so‘zini bilib gapiradigan bir kishi bor edi. Qaroqchi boshlig‘ining oldiga kelgach, foyda berib qolar degan umidda bir necha bor  so‘zladi. Ammo, qaroqchilar boshlig‘i bunga parvo ham qilmadi. Odamlariga buyurdi; uni ham kiyimini bergunga qadar taladilar. So‘ng odamni eshikdan tashqariga chiqarib qo‘ydilar. Tashqari juda sovuq edi. Bechora, ko‘ylakchan yura boshladi. Ortidan esa, itlar kelib hura boshladi. Odam egilib yerdan bir toshni olmoqchi bo‘ldi. Ammo, toshlar muzlab qolganidan hech birini joyidan siljitolmadi. Shunda:
 –Bular qanday haromzoda insonlar bo‘ldi! – dedi. Itlarni qo‘yvorib, toshlarni bog‘lab qo‘yibdi! 
    Qaroqchilar boshlig‘i esa uni derazadan kuzatib turardi. Odamning gaplarini eshitib kuldi. Va uni orqaga qaytardi. Odamga:
–Ey, aqlli! – dedi. – Tila tilagingni! 
    Odam qaroqchilar boshlig‘iga qaradi. Shu payt, “Inson insonlardan yaxshilik kutadi. Men sening yaxshiligingdan voz kechdim; yetar endi, menga yomonlik qilma!” demoqchi bo‘ldi-yu, keyin shunday deb javob berdi:
–Agar ehson qilmoqchi ekansan, kiyimimni qaytarib ber! – dedi. Qaroqchilar boshlig‘i odamning qarashlaridan va ovozidan ta’sirlanib ketdi. Xuddi xayolidagini topgandek, g‘alati bo‘lib ketdi. Uning kiyimlarini qaytarib berdi. O’zgacha bir ko‘rkli to‘n bilan unga bir oz pul ham berdi. 
    G’aroyib va maroqli nigohlari ostida odamni jo‘natdi. 

Hikmat


Tasodifiy tosh bosh yoradi. Kichik  yo ahamiyatsiz narsalar yoki hisobga olinmagan kimsalar kutilgan ahamiyatli va ta’sirli ishlar qila oladi.

"Guliston"dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.