OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shayx San’on va tarso qizi qissasi

Shayx San’on o‘z zamonasining piri murshidi edi. Ilmu irfon, karomatu kashfda yagona edi. Uning kamoli haqida so‘z aytish ortiqcha, chunki Makkaning o‘zida ellik yil shayxlik qilgandi, to‘rt yuzta muridi bor ediki, har biri tariqatda bir yorqin siymo edi. Ammo o‘zi ham, muridlari ham riyozat va toatdan to‘xtamas edilar, kecha-kunduz Allohni yod etib yashardilar. Shayxning ilmi va amali barobar bo‘lib, yashirin va oshkora ravishda ishora va asror ko‘rsatib turardi. Ellik marta haj qilgandi, bundan tashqari umra hajini ham umr bo‘yi kanda qilmadi. Biror sunnatni tark etmadi va namozu ro‘zani behad ko‘p ado etar edi. Barcha peshvolar bu peshvo shayxni o‘zlaridan baland hisoblardilar. Bemorlar va kasalmand odamlar undan shifo topardi. Xullas, shodligu g‘amda xalq bilan birga va madadkor edi u.
Davrining yagonasi bo‘lgan bu ulug‘ murshid bir kecha tush ko‘rdi. Tushida ko‘rsaki, Rumda sayr etib yurgan emish va bir but-sanamga sajda qilayotgan emish. Ko‘ngli bedorlarning bedori, ogohlarning ogohi bo‘lgan bu ulug‘ shayx ko‘rgan tushidan g‘amgin bo‘ldi: 
- Ey attang, imon eltay deb shuncha jon chektim, nahotki toatlarim Allohvandi karimga ma’qul bo‘lmadi? Doyunlar oshib, manzilga yetaman degan odam oxirgi dovonda butun ishlari abas ekanini sezganday, nahotki men ham parvardigor marhamatidan noumid bo‘lib qolsam?
Oqibat, Shayx San’on muridlarini yig‘ib, Rumga borishni niyat qilganini aytdi. Bu tushningta’birini bilmoqchiman, dedi u. To‘rt yuz muridi ham shayxga ergashib, Rum safarida unga yo‘ldosh bo‘ldilar. Ka’badan Rum mamlakatigacha uzoq yo‘l bosishga to‘g‘ri keldi.
Billo nihoya, shayx bilan muridlari bir necha oy yo‘l yurib, oxiri Rum mamlakatiga yetib keldilar. Ular bir shaharning ko‘chalaridan o‘tayotganda, baland ayvonli hashamatli bir binoga ko‘zlari tushib, unga yaqinlashdilar. Baland ayvonda bir go‘zal nasroniy qiz o‘tirardi. Ruhoniy qiyofali (monax qizi) bu nasroniy qiz husnu jamolda tengsiz, nafosat olamining quyoshiday porlab turardi. Uningjamoliga qara-ganning ko‘zi qamashar, aqlu hushi shoshar edi. Halqa-halqa zulfi oshiqlar domi, fatton ko‘zlari, kamon qoshlaridan yuraklarga sinon o‘qini otar, qip-qizil yoqutday lablari cho‘g‘ bo‘lib dilni o‘rtar, og‘zi obi hayotday jonbaxsh edi. Sochlarining har tolasi ming musulmonni kufrga yo‘llab, beliga zunnor bog‘lashga majbur etardi. Olovday lovullab turgan yuzining yarmini bir dasta sochlari berkitib turar, go‘yo quyosh bulut pardasi ortidan boqqanday edi. Qizning bugun vujudi dilkash va malohatli, dilbar va halovatbaxsh edi. Nafosat haykaliday muhtasham ayvonda o‘tirar, sochiga taqilgan bir dona gavhar kunday porlar, yuziga tortilgan qora harir to‘r goh-gohida shamoldan lipillab, ochilganday bo‘lardi.
Qizga yaqinlashganda, Shayx San’on otini to‘xtatib, unga tikildi. Ne ajabki, shu payt tarso qizi yuzidan harir qora parda ko‘tarildi - bulut ortidan quyosh charaqlab chiqqanday olam munavvar bo‘ldi. Shayx San’on bu go‘zal chehrani ko‘rdi-yu, o‘zini yo‘qotdi, holsizlanib, a’zoyi badani bo‘shashdi. Avva-lida sir boy bermaslikka harakat qilib ko‘rdi, ammoyshq otashi nishona urib, atrofidagilarga sirini oshkor etdi. Bu qiz o‘sha Makkada shayx tushiga kirgan sanam edi.
Shayxning vujudi titrar, ichga olov tushganday betoqat bo‘lar edi. Uning ixtiyoru inoni qo‘ldan ketgan, dili dilbar ixtiyoriga o‘tgan edi. Shayx ellik yillik toat-ibodati, obro‘-e’tibori, imon-e’tiqodini tarso qizi ishqiga almashdi-qo‘ydi, tarsozoda uning imonini sotib olgan, imonu din o‘rniga rasvolik va badnomlik in’om etgan edi. Shayx San’on hammasiga ko‘nika boshladi. Ko‘nglidan umidini uzdi, chunki ko‘ngil endi unga itoat etmas edi. Jonini ham jononasi uchun qurbon qilishga tayyor turardi. Shayxning so‘zi ham, sozi ham ishq bo‘lib qoldi. O’zga gap qulog‘iga kirmas, o‘zga narsalar mutlaqo e’tiborini tortmas edi. Tarso qizi uning muhibi, qiblasiga aylandi.*
Shayxning muridlari bu holni ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar, nima qilishlarini bilmay hayron qoldilar. Sarsonu rargardon bo‘lib, goh shahar kezar, goh shayx oldida yig‘ilib, uni bu yo‘ldan qaytarishga urinardilar. Ammo shayx San’onga gap ham, nasihat ham kor qilmas, olamni unutgan edi u. Qalbi tarso qizi farmonida bo‘lgach, boshqaning gapi qulog‘iga kirarmidi? Oshufta oshiqning podshosi ham amru farmon beruvchisi ham ma’shuqadir. Bu dardning bedavoligini ishq dardiga chalinganlar biladi, bedardlar buni qaerdan bilsin? Shayx uchun kecha va kunduz barobar edi. Kunduz kechaday qorong‘i, tun esa firoq zulmatiday uzun va vahimali edi. 
Shayxning ishqi tug‘yon urib, o‘zini ham, olamni ham unuta boshladi, boshiga tuproq sochib, o‘z holiga o‘zi motam tutdi. Ko‘ziga uyqu kelmas, goh nola chekar, gohida o‘rtanib yonardi. Qopqora tunlarning zulmati - firoq zulmati poyonsizday edi. 
- Ey Alloh, — deb nola qilardi Shayx San’-on, - nahotki, bu tunlarning oxiri ko‘rinmasa, nahot mening quyoshim porlab chiqmasa? Yo falak mashali o‘chdimi abad, so‘ndimi tiriklik olovi? Behad ko‘p tunlarni riyozatda o‘tkazgan edim, ammo bunday zulmat tunlarni ko‘rmagan edim. Sham’day yonib ado bo‘lyapman, jigarim yonib, ichimdagi olov alanga urmoqqa! Nafasimdan o‘t chiqadi, ey parvardigor! Ishq meni o‘z qonimga tashna qildi-qu, yo‘q-yo‘q, bosh-oyog‘imni qonga beladi. Bir kechada yuz kechaning azobini tortayotirman, bilmadim, kunduzim qanday o‘tar ekan? Tun odamzod uchun shuncha mashaqqatlimi, shuncha azob ekanmi, endi bildim buni. Kecha-kunduz isitma ichidamanki, qachon kunduz boshlanib, qachon kech kirishini anglamasman. Magar vujudim tarhini tuzganda parvardigor shu bir kecha uchun asrab qo‘yganmidi meni? Dunyoda g‘am shuncha ko‘pmi, ishq shunday beintiho qudratmi? Bu qiyomatning alomatimi yo ohimdan gardun sham’i xiralashdimi yo dilbarimdan uyalib, quyosh parda ichiga kirib ketdimi?
Kuydimu yondim bu tun azobidan, ilojin topolmadim ishq dardining, endi toqatim ham qolmadi bu g‘avg‘olarga. Tog‘day sabotim-sabrim qani, hashamatu matonatim qayon ketdi, o‘tkir zehnim, zakovatimdan ayriddim: qilni qirq yorib, ne-ne mushkil masalalarga javob topgan aqlim xiralashdi. Biroq oshiq uchun aql nima kerak, ishqqa aqlning kuchi yetarmidi? Yorni izlab eshigiga boray desam, oyog‘im qimirlamaydi. Ovoz chiqarib, mahbubamni chaqiray desam, tilim so‘zga kelmas, qon oqaverib ko‘zlarim ko‘rmaydigan bo‘ldilar.
Aql ketdi, sabr ketdi, ketdi jon, Bu ne savdo, ne azobu ne fig‘on?!
Shayx San’onning muridlari yig‘lashib, uning qo‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Yaqin mahramlaridan biri dedi:
— Ey shayxi kibor, o‘rningdan tur, vasvasani o‘zingdan uloqtir, tahorat olib, namoz qil, shaytoni la’inni quvgin nari.
Shayx dedi:
— Ey bexabar, bu kecha jigar qoni-la yuz daf’a tahorat qildim, yuz rakaat namoz qildim Allohga, mahbubim visoliga etkizgin deb.
Boshqasi dedi:
— Tasbehing qani, tasbehsiz shayx shayx bo‘ladimi? Tasbehni qo‘lga olib zikrga tush.
Shayx dedi:
— Belimga zunnor bog‘lash qulay bo‘lsin uchun qo‘llarimni tasbehdan bo‘shatib oldim.
Boshqasi dedi:
— Ey mo‘ysafid, agar gunohu xato sodir bo‘lgan bo‘lsa, tavba qil, parvardigor rahm qiluvchidir.
Shayxdedi: 
— Allaqachon tavba qilganman, ammo shayxlik oru nomusidan, qilu qolidan tavba qilganman.
Boshqasi dedi:
— Pushaymon emasmisan, shayx? Axir musulmonlikdan emas bu ishing.
Shayx dedi:
— Ha, nega shu paytgacha oshiq bo‘lmadim, deb pushaymonman.
Boshqasi dedi:
— Seni dev yo‘ldan uribdi, badbaxtlik o‘qi bilan qalbingni pora qilibdi.
Shayxdedi:
— To‘g‘ri aytding, ishq devi bizning ko‘raga olov qo‘yadi, aytgin, yana ham gurkiratsin olovini. Oh, qanday chiroyli olov qalar u!
Boshqasi dedi:
— Xabar topgan oshnolar, birodarlarimiz nima deydi, bundan ogoh bo‘lganlar shayxi kabir gumroh bo‘libdi, demaydilarmi?
Shayx dedi:
— Men nomu nang, ya’ni obro‘-izzat talashishdan qutuldim, riyo shishasini toshga urib chil-chil qilib sindirdim.
Boshqasi dedi:
— Kel, do‘stlaringga qo‘shilgin, bu kecha Ka’baga qarab yo‘l olaylik.
Shayx dedi:
— Agar Ka’ba bo‘lmasa, dayr (nasroniylar ibodatxonasi) bor-ku. Qaragin, men hushyoru ka’bam dayrda mastdir, ya’ni ma’shuqam nasroniylar ibodatxonasida yashar husni bilan mag‘rur.
Boshqasi dedi:
— Qadimiy yoru do‘stlaring sendan xafa, ko‘ngillari yarim bo‘lib, sarson-sargardon yuribdilar, axir.
Shayx dedi:
— Tarso qizi qanday go‘zal! Ko‘nglim boshqa aloiqlar, ranjlardan begona. Mening do‘stim dayrda, parda ortida.
Boshqasi dedi:
— Tur, yo‘lga tush. Makkaga borib uzrxohlik qil, tavba keltir.
Shayx dedi:
— Boshimni ul nigorning ostonasiga qo‘yib, uzr so‘rayman. Boshqa narsa kerak emas, meni yo‘ldan urma, tanho qo‘y!
Boshqasi dedi:
— Ey shayx, bu yo‘l — do‘zax yo‘li. Ogoh bo‘lmagan odam do‘zaxiydir.
Shayx dedi:
— Mayli, menga do‘zax hamroh bo‘lsin, illo bir emas, etti do‘zax mening ohimdan kuyar.
Boshqasi dedi:
— Jannatdan noumid bo‘lma, ey shayx. Jannatdan umidvor bo‘lsang, bu yomon ishni qilma.
Shayx dedi:
— Jannat mening yorimning yuzidir. Agar jannat kerak bo‘lsa, uning ko‘yi-ko‘chasiga boraman.
Boshqasi dedi:
— Ey shayx, Allohdan uyalgin, haqtaolodan insofu adolat, hayo va imon tila.
Shayx dedi:
—  Bu o‘tni mening vujudimga haqning o‘zi soldi, men buni o‘z ixtiyorim bilan o‘zimdan ketkizolmayman
Boshqasi dedi:
—  O’zingga kelib, hushingni yig‘, xotirjam’ bo‘l, yangidan imon keltirib, musulmon bo‘lgin.
Shayx dedi:
—  Mendek hayronu zordan kufrdan boshqasini so‘rama, kofir bo‘lgan odamdan imon talab qilasanmi?
Shayx San’onga so‘z ta’sir qilmadi. Muridlarning qalbi qonga to‘ldi. Ular oldinda yana qanday hodisalar yuz beri-shini bilmasdan hayron edilar. G’ayb pardasi ortida ne hikmatlar bor, qismat kimning boshiga nima soladi — noma’lum edi.
Tun yorishib, yorug‘lik sultoni — quyosh lashkarini tortib chiqib keldi. Shunda xilvatda o‘ltirgan Shayx San’on tarso qizi uyi tomon yo‘l oddi. Qizning uyiga kirmoqchi bo‘lgandi, ammo xizmatkorlar uni quvib haydadilar, orqasidan itlarni qo‘yib yubordilar. Shayx noiloj tashqariga chiqib turdi, tashqarida nigori uyining tuproq yo‘lida o‘tirib oldi. Yorim chiqarmikan deb ikki ko‘zi to‘rt edi. Ma’shuqasi dargoxi yo‘lidagi tuproqni ko‘ziga surtar, kecha-kunduz uy yonidan ketmas, dashnom-ta’nalarga, malomatlarga chidab, sabru trqat bilan qizning tashqari chiqishini kutardi. Oqibatul amr, sillasi qurib, kasal bo‘lib qoldi. Nola-fig‘on o‘tgan-ketganlarning bag‘rini ezar, odamlar atrofiga to‘planib, qiziqish bilan tamosho qilardilar, achinardilar. Bu yuqeani eshitgan qiz bir kun tashqariga chiqdi va shayxni ko‘rib, undan so‘radi:
- Agar sen chindanam oshiq bo‘lsang, bu yo‘lga mardonlardek kirishgan bo‘lsang, quyidagi to‘rt ishni bajarishing kerak: birinchidan, butga sajda qilasan, ikkinchidan, Qur’onni o‘tga solib yondirasan, uchinchidan, sharob ichasan, to‘rtinchidan, imondan qaytasan.
Shayx dedi:
- Mayli sharob ichaman, qolgan uchtasi bilan hech bir ishim yo‘q. Jamoling haqi may ichishga roziman, husningni mayga qo‘shib icharman, ammo qolgan uch shartni bajara olmayman.
Qiz dedi:
- Mayli, turgin, may beray, ich, qoningni qizitib, hushingni zoyil etsin, keyin ko‘ramiz.
Shayxni dayri mug‘on — ibodatxonaga olib kirdilar. Murillarning fig‘oni osmonu falakka ko‘tarildi. Shayxni bir majlisga olib bordilar. Qiz unda tengsiz husnini namoyish qilib, mezbon kabi mehribonliklar ko‘rsatardi. Shayx bu husnu jamolni mushohada etib, aqlu hushidan bir zarra qolmadi, oh chekib, bir go‘shada o‘tirdi. Shayx o‘zini qizning yonida ko‘rdi: uning la’l lablari, xushbo‘y zulfi bilan o‘rtoqlashdi, qizning kulgilarini ko‘rdi, qiz qo‘li-dan boda olib ichdi, mahbubasi sochlarini ushlab siladi. Din ilmida yuz xil kitobni to‘rt mazhabda tushirgan edi. Qur’onni yoddan bilardi. Ammo hammasi birdan yodidan ko‘tarildi, boda kelib barini barbod berdi. May uning zamiridagi lavhni yuvib, xotiradagi yozuvlarni o‘chirib tashladi. Ul sanam qo‘lidan boda ichib, shayxning butun ixtiyori qo‘ldan ketdi. May ta’sirida sarxush bo‘lib, qo‘lini qizning bo‘yniga solmoqchi bo‘ldi. Qiz dedi:
— Ey shayx, sen ma’no odami emas ekansan, ishqda mudtsao ahli - da’vogar kishi mard emas. Muddao ahlining haqiqiy ishq bilan ishlari yo‘q, oshiqlikni kufr ustuvor saqlaydi. Agar ishqda qadaming mahkam bo‘lsa, bu halqa zulfimning mazhabiga kirmokchi bo‘lsang, mening fikru odatimga iqtido qil, o‘shanda men bilan o‘tirib, qo‘lingni bo‘ynimga solasan. Agar iqtido qilmas ekansan, mana tayog‘ing va mana rido (to‘ning), ol-da, jo‘na!
Shayx San’on endi oshiq bo‘lib qolgan, ishq domiga giriftor odam edi. Oshiq shayx mast bo‘lib, dilini qo‘ldan berib, o‘zi ham butkul behush va bexud ahvolda edi. May eski va o‘tkir edi, shayxning miyasiga tez ta’sir etdi, may eski, ishq - yosh, oshiq esa qari edi. Ammo dilbar oshiqning oldida hozir edi, shunday bo‘lgach, sabr qilib bo‘ladimi?
Shayx dedi:
— Ey oy yuzligim, toqatim qolmadi, men bedildan yana nima istaysan, ayt. Hushyorligimda butparast bo‘lmagan bo‘lsam ham, biroqmastliktsa butga sig‘inib, Qur’onni ham yondirishga tayyorman.
Qiz dedi:
— Mana, endi mening odamim bo‘lding, mening mazhabim, tab’imga bo‘yin egding. Shu paytgacha sen ishqda xom eding, endi pishding, vassalom! Bu xabar barcha tarsolar orasiga
tarqaldi, shunday ulug‘ shayx tarsolar mazhabiga kiribdi deb shodlandilar.
Shayx San’onni mast holida ibodatxonaga olib keldilar va beliga zunnor bog‘ladilar. Shayx o‘z dinidan ko‘nglini uzdi. Ka’bani ham, shayxlikni ham butkul esdan chiqardi.
Shayx tarso qizga qarab dedi:
- Ey dilbar qiz, nima degan bo‘lsang, qildim, barcha shartlaringni bajardim, xo‘sh, bizning oramizda mone’lik qiladigan yana nima qoldi? Ishq tufayli may ichdim, butga sajda qildim. Ishq yo‘lida ko‘rgan azoblarimni hech kim ko‘rmasin. Ellik yil shayxlik qildim, ko‘nglimda roz daryosi
mavj urardi. Ammo ilmdagi puxtalik ishqda abjadxon — alifbo sabog‘iday gap ekan. G’aybning sirshunosi ishq yo‘lida sargardonu ovora ekan.
Qiz yana dedi:
- Ey asiri ishq bo‘lgan pir, sen juda faqir - qashshoqsan, ammo mening qalinim katta - kuching yetarmikin? Men ko‘p miqtsorda oltin va kumush talab qilaman, oltining bo‘lmasa, ishingning natijasi bo‘lmaydi. Shuning uchun mendan umidingni uz, quyosh kabi yolg‘izlik yo‘lini tanla,
mardlar kabi sabr qilib, tanholikka chidagin.
Shayx dedi:
— Ey sarv qaddu siymbarim, aytganlaring to‘g‘ri, lekin meni sendan o‘zga odamim yo‘q bu shaharda. Bu so‘zlaringni qo‘y. Sening ishqing yo‘lida bor-budimdan ajralganman, barcha yoru muridlarim ham mendan yuz o‘girganlar, mening dushmanimga aylanib qolganlar. Sen bilan do‘zaxga borishga ham tayyorman, ammo sensiz bihisht men uchun do‘zaxdir.*
Oqibat ul go‘zalning shayxga rahmi keldi, shayxning sidqu vafosi mustahkamligini yana sinash maqsadida dedi:
— Qalin puli o‘rniga menga bir yil cho‘chqalarimni boqib berasan. Bir yil o‘tgach, sening xohishing amalga oshadi. Birga umr o‘tkazamiz.
Ka’ba shayxi, piri kibor shayx San’on cho‘chqaboqarlik kasbini qabul qildi. Voqean, har bir odam ichida yuz cho‘chqa bor, kishi ichidagi cho‘chqani o‘ldirishi kerak yo zunnor bog‘lashi kerak. Sen bu ish faqat shayx San’on boshiga tushgan deb gumondasan. Lekin bu xatar har bir kishi ichida bor. U har zamon boshini chiqarib, odam bolasini bezovta etadi. Agar sen o‘zingdagi cho‘chqadan ogoh bo‘lmasang, tariqat yo‘liga kirgan solik emassan, meni ma’zur tut. Ey mard, agar tarikatga qadam qo‘ymoqchi ekansan, bu yo‘ldagi butlar, cho‘chqalar kabi ming turli balolardan qo‘rqma. Agar tariqat yo‘li shunday azobli bo‘lmaganda, Shayx San’onday din odami rasvo bo‘lib, Rum shahrida g‘avg‘o ko‘tarmas, sargardon bo‘lmas edi.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.