OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ustozining kanizagiga oshiq bo’lgan shogird hikoyati

Bagoyat iste’dodli, zehni o‘tkir, dono bir yigit bor edi. Kecha-kunduz uzluksiz o‘qish, ilm olish bilan band edi. Yilida ikki kecha ta’til qilardi, xolos. Odamlar bilan ishi yo‘q edi, ishi nuqul ta’lim olish, ilm takrorlash edi. Ustozi undan xursand edi, shogirdining pok axloqi, berilib ilm olishini maqtab, ibrat qilib gapirardi. Uni boshqa shogirdlaridan afzal bilar, alohida o‘tqazib suhbat qilardi.
Ammo ustozning parda ortida oy desa oy, kun desa kunday go‘zal bir kanizagi bor edi. U shunday go‘zal ediki, ko‘zlari sho‘x-sho‘x boqar, qomati dilni oshufta qilar, so‘zlari jonga jon bag‘ishlardi. Boshdan-oyoq ruhdan iboratday, latofat ustiga latofat, malohat ustiga malohat yog‘ilganday ofati jon edi. Shirinlikda shakarga pand berar, itobu karashmasi har qanday qattiq ko‘ngilni yumshata olardi. Ikki o‘ram sochi yerga tegar, ataylab qilingan emas, balki aslida shunday uzun edi sochlari. Ikki la’li labidan so‘z emas, asal tomardi. To‘tilar uning nutqini eshitsalar hasaddan parlarini to‘kardilar. Ikki ko‘zi qalbga o‘q otganday jozibali edi, otilgan o‘qlar esa yuraklarni qon qilib chiqyb ketardi.
To‘satdan shogird yigitning qo‘zlari o‘shal sohibjamol kanizak yuziga tushdi. Bir damda uning husnu jamoliga maftun bo‘lib qoldi. Ko‘ngli ixtiyorini qo‘ldan berdi. 
Shogird o‘ziga o‘zi dedi: 
- Shu oy yuzli shogirdi bo‘lsam bas edi, unndan boshqa ustoz menga kerak emas. Uning yo‘lidan ko‘z uzmasman, mening ishqim — shogird, uning husni esa — ustozim.
Yigit o‘z ustozining darslarini tark etdi, sabru qarori-ni yo‘qotib, kanizakka bo‘lgan mehri qundan-kun orta berdi. Za’faron shoxasiday yuzi darddan sarg‘aydi, hoddan toyib yotib qoldi. Ishq kelib aqlni bosib oldi, oshiqni jonidan bezor qildi. Ko‘plar ilmu donishni to‘pladilar, ammo bir zarra ishq ularning barini barbod etdi. Zohir ilmi kibru g‘avgo keltirar, ishqibozlik o‘rtanish va devonalik keltiradi. Kimki ilmni ishqsiz topgan bo‘lsa, uning ilmi mol-dunyo va mansab muhabbatiga sarf bo‘ladi.
Alg‘araz, shogird ishq savdosida o‘rtanib, gulni tikandan ajratolmay kecha-kunduz ohu nola chekardi. Oqibatda bira to‘la xastalanib, ojizu nochor holda to‘shakka mixlanib qoldi. Shogirdning kanizakka oshiqligi ustozga ma’lum bo‘ldi. Ustoz aqlini ishlatib, hiylavu hikmat yo‘lini tutdi: avval ul kanizakning ikki qo‘lining tomirini kesib, qon ola boshladi, so‘ngra bir dori berdikim uning oqibatida qizda hayz yuz berdi. Natijada kanizakning yuzi oltin rangiday sarg‘ayib so‘ddi, gulday yashnagan yuzi za’faron bargiday bo‘ldi. Uning chehrasida ilgarigi zebolik qolmadi, yuzlarining tarovati ham yo‘qoldi. Husnidan biror nishona qolmadi. Kadah sindi, soqiy ketdi. Kanizak vujudidan tashqari chiqqan fasodlarni tog‘oraga soldilar. Ustoz ziyrak shogirdni chaqirtirib keldi. Kanizakni parda orqasiga o‘tqazdi. Shogird uning yuziga qaradi, so‘nfa andomiga nazar soldi. Bu ishdan hayron bo‘ldi, chunki ilgari ko‘rgan zebo qiz yo‘q edi. Unga yana bir qaradi-yu ko‘ngli sovudi, ishqni unutib, avvalgiday tahsilga mashg‘ul bo‘la boshladi. Ustoz shogirdining qutulganini ko‘rdi, uning g‘amu tashvishi arib, avvalgi shodligi qaytgan edi. Ishq olovi so‘nib, shogird sovudi va ranju dardi ketib, tuzalib qoldi.
Ustoz o‘shal tog‘orani keltirishni buyurdi. Tog‘orani shogird oldiga qo‘yib, dedi: 
- Ey barno yigit, ishing yaxshi-likka yuzlandi, beqaror bo‘lding va yana qaror topting, ul ishq yo‘lidagi o‘rtanish — yonishlaring qani, shumliklar, behayoliklaring qani? Ul sanam doim sen bilan bo‘ladi, sen u bilan hamisha ishrat qilasan deb orzu qilarding. Nimadan yuzing uning ishqida sarg‘ardi va yana nega ishqing olovi so‘nib sovuding? Buning sababi nima? Holbuki sen ham o‘sha, kanizak ham o‘sha-o‘sha. Ammo kanizakdan faqat bir narsa kamaydi, ya’ni tog‘oradagi fasodlar. Seni maftun etgan, devonayu mubtalo qilgan narsa shu edi. Bu narsa kanizakdan ajralgandan keyin, sendagi ishq va uning savdosi ham sovudi. Sen kanizakka qarab ohu nola chekarding, darhaqiqat, aslida, shu tog‘oradagi qon va fasod oshig‘i ekansan. Sen juda befarosat chiqding, axir qon va najosat oshig‘i ekanliging ma’lum bo‘ldi.
Ul shogirdning ahvoli o‘zgardi va tavba qilib, ilm takroriga o‘tirdi. Kimki suratga sig‘inishni maqsad qilsa, albatta bu ma’nolar, sifatlarni anglab yetmaydi. Suratning asl mohiyati sening shaytoniy nafsingdur. Ma’noning asli sening ruhoniy joningdir. Sifat ishqida suratni tark et, toki senga ma’rifat oftobi porlab ko‘rinsin. Suratingfasod va qondan boshqa narsa emas. Suratga sig‘ingan kishi teran fikrlovchi kishi emas, balki zohirbindir. Fasod va qondan zebolik topgan jam’i narsalarga mubtalo bo‘lish devonalikdir. 

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.