Ajam shohlaridan biri xalq mulkiga zo‘rlik bilan qo‘l cho‘zdi. Bu ham yetmaganday, aziyat bera boshladi. Jabr-zulmlardan to‘yib ketgan xalq o‘z yerini, yurtini tashlab chiqib ketdi. Odamlarning u yoqdan bu yoqqa ko‘chib yurib, g‘urbat yo‘lini tutishlaridan o‘zga choralari qolmadi. Borgan sari aholi kamayib, mamlakat daromadi tushib ketdi. Sultonning xazinasi bo‘shab qoldi. Shu payt dushmanlar ham har tomondan hujum qila boshlashdi. Bir kun sultonning majlisida, hukmdorlar hayotidan hikoya qiluvchi “Shohnoma” kitobidan: “Zahhok saltanatining tanazzulga yuz tutib, Faridunning taxtga chiqishi” haqidagi hikoyat o‘qildi. Shu payt vazir sultonga:
–Afandimiz, – dedi. Mamlakati, xazinasi va qo‘shini bo‘lmagan Faridun, shohlikka qanday qilib erishdi?
–Eshitganingdek, bir to‘da olomon uning yonini oldi. Xalq yig‘ilib, uni qo‘llab-quvvatladi va u shohlik darajasiga ko‘tarildi, – deb javob berdi sulton.
Shunda vazir:
–Modomiki, – dedi. – Xalqning kuchi shohlikni ta’minlar ekan, unda nega siz xalqni parishon qilmoqdasiz, shohim? Yoki podshohlik qilish fikridan yiroqmisiz?
Sulton so‘radi:
–Seningcha, ularni bir yerga jamlash uchun nima qilishim kerak?
Vazir javob berdi:
–Avvalo, podshoh odil bo‘lsagina olomon uning atrofida yig‘iladi. So‘ngra, marhamatli bo‘lsagina shu davlatning ishonch soyasida xotirjam o‘tiradi. Ammo sizda bu xislatlarning birontasi ham ko‘rinmaydi.
Dono vazir so‘zlariga qo‘shimcha qildi:
–Bo‘ridan cho‘pon chiqmaganidek, zolim kishi zinhor shohlik qila olmaydi. Shohning zulm urug‘ini ekishi, o‘z saltanati poydevorini qulatishi demakdir.
Sulton vazirning achchiq so‘zlaridan nihoyatda g‘azablandi. Va boshqalarga ibrat bo‘lsin deya uni jazoga tortdi. Vazir xibsga olinib, zindonga tashlandi. Oradan ancha vaqt o‘tdi; podshohning jiyanlari unga qarshi bosh ko‘tarishdi. Sultonning adolatsiz harakatlarini, o‘lkani boshqara olmayotgani hamda falokat yoqasiga olib kelganini aytishib, undan qutulmoq uchun qo‘shin to‘plashgan edi.
Sultonning zulmidan paymonasi to‘lgan xalq, isyonchilarning da’vatiga ergashishdi. Dono vazir aytganidek, mazlum kishilar sultonga butunlay dushman bo‘lib qoldi. Va isyon ko‘targan shohning jiyanlariga ko‘makchi bo‘lib, zolim podshoh saltanatini vayron qilishdi. O’lka zolim podshoh zulmidan qutulib, butunlay ozodlikka erishdi.
Kuchli inson zulm qilmaydi. Zolim bir kuni albatta jazosini oladi. Mazlumning ohi, zolimga yaxshilik olib kelmaydi.
Kavsar Shodiyeva tarjimasi