OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zolim podshoh va ikki devona

Bir zolim podshoh bo'lib, u doimo mast-alast yurar, nihoyatda behayo, bosqinchi va qonxo'r edi. Harom nafsi uni har xil yomon ishlarga buyurar, u esa hech bir bo'yin tovlamay, ularni bekamu ko'st bajarardi.
Bir kuni u aysh jomidan no'sh etayotib, ko'chadan o'tib borayotgan janda kiygan ikkita darvishni ko'rdi. Ular bir-birlariga ham do'st, ham o'rtoq, ham hamdam, ham sirdosh, ham g'amxo'r va shafqatli edilar. Shoh ulardan birini o'z yoniga chorlab, sherigi to'g'risida shunday savol berdi:
— Ayt-chi, sening o'rtog'ingga bo’lgan munosabating nimadan iborat?
Darvish shohga shunday javob qildi:
— Bizning o'rtamizdagi munosabat bir-birimizga do'stlik, hamdamlik ko'rsatish va hamfe’l bo'lib, o'zaro hamkorlik qilmoqdan iboratdir.
G'ofillikdan mast bo'lgan podsho yana shunday savol berdi:
— Ey yo’l sohibi! Aytgin-chi, men yaxshimanmi yoki sening  o'rtog'ingmi?
— Menga ikkingizning holingiz haqida nimaiki ayon bo'lsa, o'shani bayon qilaman. Har ikkalasidan xabardor bo’lgach, ey toj egasi, ulardan o'zing hukm chiqarasan.
Garchi sen bir xalqqa shoh bo’lsang-da, lekin haq yo’lida gumrohsan. Haq nima buyursa, sen unga xilof ish qilib, kechayu kunduz umringni g'aflatda o'tkazmoqdasan.
Sherigim esa garchi darvish va gado bo'lsa ham, Haq amrini joyida bajo keltiradi. U biror marta to'g'ri yo’ldan tashqari qadam qo'ymagan. Vaqtini haq amrini bajarish bilan o'tkazadi.
Sen shohsan-u, ammo nafsingga magiub va xorsan, u gado bo'lsa ham, nafsini o'ziga asir etgan. To tirik ekansiz, har ikkingizning holingiz shunday kechadi. U gado va sen shohning yashash tarzingiz shundaydir. Oiganingizdan keyin esa u - shoh, sen esa - gado bo'lasan. Chunki sen mast eding, u esa to'g'ri yo’ldan boruvchidir.
Yo’l piri bu so'zlarni aytgach, shoh seskanib, uyqusidan uyg'ondi. U avval mast bo’lgan bo’lsa, endi unga hushyorlik yetishdi, uyqusi bedorlik bilan almashdi. Shundan so'ng u shohlikning zarbof kiyimlaridan or qilib, ularni yechib tashladi va o'rniga janda kiydi. Haqdan ko'ngliga ogohlik yetib, darvishlik aslida shohlik ekanini anglab yetdi.

“Lisonut-tayr” (Alisher Navoiy)dan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.