OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abay. Yurak amri bilan (“Qora so‘z” asaridan)

Tirik odam uchun eng muhimi — yurak. “Botirlik” va “qo‘rqoqlik” xislatlari “yurak”dan tug‘iladi. Xalq botirni “yurakli”, qo‘rqoqni esa, “yuraksiz” deydi.
Rahmdillik, birovning qayg‘usiga hamdardlik kabi olijanob insoniy fazilatlar yurak tuyg‘usidir. Shoshqaloqlik ham yurakning ishi. Agarda, til yurakning aytganiga ko‘nsa, yolg‘on so‘zlamaydi. Bordiyu til aldayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan, yurak ham aldanmoqda.
Dovyurak inson yurak amriga amal qiladi va bir so‘zli bo‘ladi: u karvonning ortidan it kabi ergashavermaydi, balki yo‘ldan adashganlar otining boshini to‘g‘ri yo‘lga burib yuborishga yaraydi.
U haqiqat oldida bo‘ysunishga hamisha tayyor. Nohaqlik oldida, qanchalik qiyin bo‘lsa ham, bosh egmay tura oladi. Botir, mard va jasur, ko‘kragida bo‘rining yuragi emas, insonning titrab, hayajonlanib turuvchi yuragi bor odam shunday bo‘ladi.
Qozoq ham xom sut emgan odam bolalaridan biri. U ham boshqalarga o‘xshab hayotda adashishi mumkin. Nodonligi uchun emas, balki aql-idrokka quloq solmaganidan, aqllining so‘zini o‘qib olishda yuragida g‘ayrat-shijoat yetishmasligidan adashadi.
Bexosdan yomonlik qilib qo‘yganimni bilmay qoldim, degan kishilarga ishonmayman. Ko‘pincha bunday holat irodasizlik va or-nomussizlik tufayli sodir bo‘ladi.
Yomonlikka bir marta qo‘l urgandan keyin, undan qutulish mushkul. Yomonlikdan qaytish jasorati har kimga ham nasib etavermaydi.
Zo‘r yigit, polvon yigit, abjir yigit... degan olqishlar bilan “Olg‘a, botirim!” deya g‘o‘r yigitlarni baloga yo‘liqtirib, juvonmarg qilganlarning ham guvohi bo‘ldim.
O‘zini boshqara olmay, qabihlikka qo‘l urgan, or-nomusini yo‘qotgan, uyatsiz yigitni yigit deb bo‘ladimi, odam deb bo‘ladimi, axir?!

* * *

Kuch, Aql va Yurak qay birimiz insonga ko‘proq kerakmiz, deya bahslashib qolishibdi. Ular bir fikrga kelisha olmasliklariga amin bo‘lib, bu masalani yechish uchun yordam so‘rab Bilimga murojaat etishibdi.
— So‘zimni tingla, Bilim, — debdi Kuch, — zahmatli mehnatsiz mahoratga ham, boylikka ham erishib bo‘lmaydi. Faqatgina men odamni yengiltakliklardan, inson sha’niga mos kelmaydigan bema’ni ishlardan, beg‘am yashashga ruju qo‘yishdan asrab qola olaman. Faqatgina men uni ruhan tushkun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman va hattoki kuppa-kunduz kuni ham yo‘ldan adashgan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytaraman. Eshityapsanmi, Bilim! Odamlar mening g‘ayrat-shijoatim sharofati bilan bedor va zahmatli mehnatlari evaziga seni egallaydilar. Demak, bundan kelib chiqadiki, o‘z taraqqiyoting uchun sen ham mendan qarzdorsan. Tunlari uyqu, kunduzi charchoq nimaligini bilmay mehnat qilganlari tufayli odamlar xudoni tanishadi, o‘zligini anglashadi. Buning uchun ular mendan qarzdor. Qani, aytchi, Bilim, anavi ikkalasi nima uchun men bilan bahslashmoqda?..
Shundan so‘ng Aql so‘z boshlabdi:
— Inson uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham nima foydali va nima zararli ekanini biladigan menman. Axir, abadiy hayotning asosi shunda emasmi? Odamlar mening izmimda harakat qiladilar. Men inson kuchining nimaga qodirligini bilaman va ilmning tilini tushunaman. Axir, qanday qilib men bilan bahslashish mumkin, modomiki, odamlar mensiz foyda va ziyonni farqlay bilmasalar, baloyu ofatdan xalos bo‘lishga chora topmasalar, qanday qilib ilm olishni tushunmasalar?..
Shunda Yurak chiday olmabdi:
— Men — inson hayotining podshosiman! — xitob qilibdi u.— Men tomirlarga qon yugurtiraman, jon mening ichimga vatan quradi. Aynan shuning uchun mensiz tiriklik yo‘q! Men issiq uyda, yumshoq o‘rinda yotgan, tomog‘i to‘q odamlarning uyqusini buzaman, ularni qashshoq, och-yupun va boshpanasiz odamlar taqdiri uchun iztirob chekishga majbur qilaman. Men tufayli kattalarga hurmat, kichiklarga izzat barqaror. Biroq odamlar meni toza saqlay olmaydilar va oqibatda xor bo‘ladilar. Men toza bo‘lsam adashtirmayman: yaxshilikdan quvonib, erib ketadigan men, yomonlikdan jirkanib, yuz burib, arazlab ketadigan men. Adolat, insof, or-nomus, rahm-shafqat, mehr-oqibat degan fazilatlarning barchasi mendan chiqadi. Mensiz odamzotning ko‘rgan kuni qursin! Bas, shunday ekan, anavi ikkalasi men bilan nechun talashadi?
Uchchalasining ham so‘zini eshitib bo‘lgach Bilim shunday debdi:
— Ey kuch, sening barcha aytganlaring haqiqat. Sen ayni damda o‘zingning yana ko‘p xislatlaringni eslamading. Sensiz bu hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Biroq ba’zan sening imkoniyatlaring odamlar uchun zulmu shafqatsizlikka evriladi. Sening changaling qattiq, ushlagan joyingni uzib olasan. Nohaqlik tarafida bo‘lsang — baloyu kulfat keltirasan. Sening yaxshi xislatlaring ko‘p, biroq yovuz qiliqlaring ham oz emas. Shunisi yomon-da.
Ey, Aql, sen ham to‘g‘ri so‘zlading. Sensiz odamning hech narsaga erisha olmasligi rost. Tabiat, hayot va ruhiyat sirlarini kashf etish ne’mati senga ato etilgan. Hatto Yaratganni ham bandalarga sen tanitasan. Sen ikki olamdagi hayot sirlarini ham egallagansan. Biroq bu ham seni qoniqtirmadi. Shumlik va makru hiylani urchitding. Ikki olamdagi xazinalar eshigini ochish kaliti senda, aynan shuning uchun ham yaxshi odamlar ham, yomon odamlar ham senga suyana boshladilar. Fojea shundaki, sen bularning ham, ularning ham istaklarini bajo keltirishga hamisha tayyorsan. Shu ishing yomon.
Inson uchun qaysi biringiz muhim ahamiyatga ega ekaningizni aniqlab berishimni so‘rab menga murojaat qilgan ekansiz, to‘g‘risini aytaman. Biroq men sizlarni bir-biringizga qarama-qarshi qo‘ymoqchi emasman.
Har doim rahnamongiz Yurak bo‘lsin.
Sen, Aql, ko‘pqirrali va turli qiyofalisan. Yurak sening har bir qaroring ortidan ergasha olmaydi. U yaxshi fikringni ma’qullaydi va jon deb uni bajarishga harakat qiladi. Yomon niyatingni esa, umuman qabul qilmaydi va buning uchun nafratlanib seni uyidan quvib chiqaradi.
Sen esa, Kuch, qudratli va cho‘rtkesarsan. Yurak seni o‘z erkingga qo‘ymaydi. Yaxshilik uchun seni ayamay ishlatadi. Yomonlik uchun ishlamoqchi bo‘lsang, yo‘lingni to‘sadi.
Barchangiz boshingizni bir yerga qo‘shib, birlashingiz va yurak amriga bo‘ysuningiz. Barchangiz bitta odamda mujassam bo‘lsangiz, yurak yo‘lboshchi bo‘ladi. Uning qadamidan chiqqan chang ko‘rlarning ko‘zini ochadi.
Agarda siz kelisha olmasangiz, unda men Yurakni, inson vujudi va ruhining podshosini yoqlayman. Xayru baraka shunda, yuragingni toza saqla, Alloh taolo hamisha yuragingga boqadi. Ilohiy kitobda shunday yozilgan!

* * *

1. Odamning odamgarchiligi ishni qanday boshlaganidan bilinadi, qanday bitirganidan emas.
2. Ko‘ngildagi ko‘rkam o‘y og‘izdan chiqqanda siri qochadi.
3. Hikmatli so‘zlarni o‘zboshimcha nodonga aytganingda ko‘ngling yonadi ham, o‘chadi ham.
4. Yaxshilikni bilganga qayish, noshukurga qayishmoq qadrni yerga urmoqdir.
5. Otasining bolasi — odamning dushmani, odamning bolasi — jigaring.
6. Mard ko‘p so‘rasa ham ozga rozi bo‘ladi, nomard oz so‘raydi, ortiqcha bersang ham rozi bo‘lmaydi.
7. Faqat o‘zing uchun mehnat qilsang, o‘z qorni g‘amida o‘tlagan hayvonlardan biri bo‘lasan, insoniyat ravnaqi uchun mehnat qilsang, Allohning sevimli bandalaridan biri bo‘lasan.
8. Suqrotga zahar ichtirgan, Janna d` Arkni o‘tda yondirgan, Isoni xochparchin qilgan kim? Olomon. Demak, olomonning aqli yo‘q. Evini topda uni haq yo‘lga sol.
9. Odam bolasini zamon voyaga yetkazadi, kimda-kim yomon bo‘lsa, buning uchun uning zamondoshlarining barchasi aybdor.
10. Agar qonun qudrati mening qo‘limda bo‘lsa edi, odamning fe’lini tuzatib bo‘lmaydi degan kishining tilini kesar edim.
11. Dunyoda yolg‘iz qolgan odam — odamning o‘lgani. G‘am-qayg‘uning bari shuning boshiga tushadi. Dunyoda g‘am-tashvish ham ko‘p, biroq qiziqarli ermak ham ko‘p. Birinchisiga kim chidaydi? Ikkinchisidan kim o‘lmaydi?
12. Kimning boshiga g‘am-tashvish tushmaydi? Umidni uzmoq — matonatsizlik. Dunyoda har narsaning intihosi bor, yomonlikning ham oxiri yo‘q, deb kim aytadi? Qalin qorli qahraton qishning ortidan ko‘m-ko‘k maysalari mo‘l, yomg‘iri ko‘l ko‘klam kelmaydimi, axir!
13. Achchiqlanib baqirganning ziyoni yo‘q. G‘azablanib indamagandan qo‘rq.
14. Baxt va shodlikdan ko‘pchilik boshini yo‘qotib qo‘yadi, mingdan bir kishigina xalq oldida ojiz bo‘lib ko‘rinmaslik uchun xotirjamlik bilan es-hushini saqlab qoladi.
15. Agar mehnatim unsin desang — ishning ko‘zini top.
16. Shon-shuhrat — baland cho‘qqi. Sabr-toqat bilan o‘rmalagan ilon ham unga tirmashib chiqadi. Tarqoq el cho‘qqiga chiqmaganni maqtaydi, yo‘lovchilar buni chin deb o‘ylaydi.
17. Dunyo — ulkan ummon. Vaqt — to‘xtamay yelayotgan shamol. Oldindagi to‘lqinlar — ajdodlar, orqadagi to‘lqinlar — avlodlar. Ularning davomiyligida abadiy hayot yashaydi.
18.Baxti ortiq podshodan aqli ortiq faqir yaxshi: Soqolini sotgan qariyadan mehnatini sotgan bola afzal.
19. To‘q tilanchi — odamning shaytoni.
Ilmsiz so‘fi — mo‘ltoni.
20. Yomon do‘st soyaga o‘xshaydi. Peshonangga kun tug‘sa, qochib qutula olmaysan, boshingda bulut to‘plansa, izlab topa olmaysan.
21. Do‘sti yo‘q bilan sirlash, do‘sti ko‘p bilan siylash. Qayg‘usizdan uzoq qoch, qayg‘uliga quchoq och.
22. Bog‘ing unib o‘sguncha butun el senga tilakdosh bo‘ladi. Bog‘ing unib o‘sgandan so‘ng mevasini o‘zing yeysan.
 
Qozoqchadan Rustam Musurmon tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.