OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akutagava Ryunoske. G'alati voqea (novella)

Bir kuni eski oshnam Murakami bilan birga sayr qilib yurgan edim.
Murakami birdaniga Saseboda yashaydigan singlisini aniq tasodifan eslab, gapirib qoldi.
- Yaqinda Tiekodan xat keldi. Senga salom aytibdi.
- Tieko-san sog‘-salomatmi?
- Ha, keyingi paytlari ancha yaxshi bo‘lib ketdi. Tokioda yashagan vaqtlari asablari juda ishdan chiqqan edi – sen u bilan o‘shanda uchrashgan edingmi?
- Uchrashganman. Lekin asablari to‘g‘risida...
- Nahotki bilmagan bo‘lsang? O‘sha vaqtlari u aqldan ozay deb qolgan edi. Goh yig‘laydi, goh kuladi. Juda g‘alati voqea...
- Falati voqea?
Murakami javob berishdan oldin qahvaxonaning oynavand eshigini itardi. Biz stolga bir-birimizga yuzma-yuz o‘tirdik, bu yerdan ko‘cha ko‘rinib turar edi.
- Ha, g‘alati voqea. Hali senga aytmagan ekanman-da, a? O‘zi menga Saseboga ketishidan oldin gapirib bergan.
O‘zing ham bilasan, Tiekoning eri Ovrupo urushi payti O‘rta Yer dengiziga yuborilgan zirhli kema komandasining zobiti edi. Singlim eri ketganidan keyin menikiga ko‘chib o‘tdi, urush oxirlagan vaqtlarga kelib, birdan asablari yomonlashib qoldi. Asosiy sababi - shu paytgacha eridan har hafta kelib turgan xat birdan to‘xtab qolganida bo‘ldimi deyman. Shu endi, Tieko eridan to‘ydan bor-yo‘g‘i olti oy o‘tib ajrashgani bo‘lsa ham, undan har xat olganda quvonishlarining ustidan kulish hatto menga – betakallufligi yetib-ortadigan odamga ham bag‘ritoshlik bo‘lib tuyular edi.
Ana shu paytlari bu voqea bo‘lib qoldi. Bir kuni... Ha, aytgancha, Kigentsetsu bayrami kuni edi, havo sovuq, ertalabdan yomg‘ir quygan, lekin Tieko Kamakuraga boraman, ko‘p bo‘ldi bormaganimga, deb turib oldi. Kamakurada uning ishbilarmon allakimga tegib ketgan maktab dugonasi turardi. Tieko unikiga mehmonga bormoqchi edi, lekin shunday yomg‘irda Kamakuraga mehmonga albatta borish shart emas edi, men o‘zim, turgan gap, xotinim ham, ertaga borganing yaxshi, deb necha marta aytdik. Lekin Tieko bugunoq ketaman deb, gapida turib oldi. Oxir-oqibat, qoni qaynadi-da, apil-tapil yig‘inib, yo‘lga chiqdi.
«Balki shunday bo‘lar, yotib qolarman, unda ertaga ertalab qaytaman» - U shunday deb ketdi, lekin sal o‘tmay – unga nima bo‘ldi? – shalabbo pishinib, rangi bo‘zdek oqarib, kirib keldi. Ha aytgancha, Markaziy vokzaldan Xoribata bekatigacha shamsiya tutmabdi. Nimaga? Voqeaning g‘alatiligi ham xuddi mana shunda.
Tieko Markaziy vokzalga borganda... Aytgancha, yo‘q, oldinroq unga mana, nima bo‘lgan. U chiqqan tramvayda, afsuski, hamma o‘rindiq band band ekan. U qayishni ushlab olgan payti, to‘ppa-to‘g‘ri ko‘zining o‘ngida, oyna orqasida g‘ira-shira dengiz paydo bo‘lgan. Tramvay bu vaqti Dzimbo-matidan o‘tib ketayotgan, bu yerda, albatta, dengiz qayoqdan ko‘rinadi? Lekin bari bir, oynadan ko‘cha ustida lopillab kelayotgan to‘lqinlar ko‘rinib turgan. Oynaga yomg‘ir tomchilari urilgan payti esa tuman aralash bilinar-bilinmas ufq chizig‘i ham paydo bo‘lgan. Bitta shundan kelib chiqib ham aytish mumkinki, uning asablari shu vaqtlardayoq ishdan chiqqan.
U Markaziy vokzalga kelgan vaqti eshik oldida turgan qizil qalpoqli hammol birdan ta’zim qilib, «Eringizdan nima yangilik bor?», deb qolgan. Bu, albatta. g‘alati. Lekin yana ham g‘alatiligi shundaki, bu savol Tiekoga hech qanday g‘alati tuyulmagan! U hatto «Rahmat sizga. Faqat keyingi paytlari undan hech narsa olmayapman», deb javob ham qaytargan. Shunda hammol: «Unday bo‘lsa, o‘zim u bilan ko‘rishaman», deb aytgan. Ko‘risharmish! Axir, eri uzoqda, O‘rta Yer dengizida-ku!.. Tieko faqat shunda bu notanish hammolning qanaqadir g‘alati gaplarni aytayotganiga e’tibor qilgan. Lekin undan yana so‘rab olmoqchi bo‘lganda, hammol sal ta’zim bajolagan-da, odamlar ichiga singib ketgan. Tieko qancha izlanmasin, bu qizil qalpoqni boshqa ko‘rmagan. Yo‘q, nafaqat ko‘rmagan,- shuncha urinsa ham hatto hammolning yuzini ham, - juda g‘alati! – sira eslay olmas emish. Shuning uchun uni qaytib topolmagan, ayni paytda har bir qizil qalpoq unga o‘sha hammolning o‘zi bo‘lib ko‘rinavergan. Yana unga negadir shunday tuyulganki, xuddi bu sirli hammol doim uni kuzatib turgandek bo‘lavergan. Bunda faqat Kamakuraga borish emas, shu yerda qolishning o‘zi ham qanaqadir mudhish bo‘lib qolgan unga. Oxir-oqibat, xuddi tush ko‘rayotgandek, sharros yomg‘ir tagida, hatto shamsiyasini ham ochmay, qochib qolgan u yerdan.
Albatta, bu voqealarning hammasi asabi buzilganidan shunday bo‘lgan, lekin o‘sha tentirashda Tieko shamollab qoldi. Ertasi kundan boshlab uch kecha-kunduz harorati baland, go‘yoki eri bilan gaplashayotgandek goh «meni kechiring», deb, goh «Nega qaytib kelmayapsiz»», deb tinmay alahlab yotdi. Lekin Kamakuraga mash’um sayohat shu bilan yakun topmadi. Tieko tumovi o‘tib ketgandan keyin ham «hammol» deb eshitsa bo‘ldi, kun bo‘yi mazasi qochib, gapirishga holi bo‘lmay yurar edi. Bir kuni hatto kulgili bir ish bo‘ldi: bir naqliyot kompaniyasi yorlig‘ida hammolning rasmi solingan ekan, Tieko shuni ko‘rib qolib, u yog‘iga yurolmay, shartta orqaga qaytib, uyga keldi.
Lekin bir oylar o‘tib, uning hammoldan qo‘rqishi sekin-asta qariyb yo‘qoldi. «Singlim, Kyokaning bir hikoyasida mushuk qiyofali hammol haqida gap ketadi. Balki bu g‘alati hazilga shu hikoyani o‘qiganim uchun giriftor bo‘lgandirman?» Lekin mart oylarida uni yana hammol qo‘rqitdi. Shundan keyin Tieko to eri qaytgunicha, nima bo‘lmasin, hatto zaril payti ham, vokzalga yo‘lamay qo‘ydi. Seni ham vokzalga hammoldan qo‘rqqanidan kuzatib chiqmagan.
Shu bir mart kuni Amerikadan erining ikki yil ko‘rinmay ketgan oshnasi keldi. Tieko ertalabdan uni kutib olishga chiqdi. Bilasan, bu hududda kunluz kunlari ham odam siyrak. Huvillagan ko‘cha yo‘lagida xuddi esdan chiqib qolgandek ko‘chma o‘yinchoq tegirmon do‘koni turgan ekan.Havo berk bir kun, shamol, do‘konarava ustida rangli parrakchalar pirillab aylanadi. Bu manzaradan nimagadir Tiekoning yuragi siqilib ketadi. Do‘konarava yonidan o‘tayotganda, tasodifan qarasa – bir qizil qalpoqli odam unga orqa o‘girib, cho‘qqayib o‘tirgan ekan. Ehtimol parrak sotuvchi chekish uchun o‘tirgandir, yo shunga o‘xshash birovdir. Lekin Tieko uning qalpog‘i qizilligini ko‘rgandan keyin nima uchundir ko‘ngli allanechik bejo bo‘lib, hatto orqasiga qaytmoqchi ham bo‘ladi.
Lekin vokzalga kelgandan to mehmonni kutib olgunicha, baxtiga, hech narsa yuz bermaydi. Faqat kutib olganlar erining oshnasi boshchiligida perrondan vokzalning nimqorong‘i eshigi orqali chiqib kelayotgan payti orqadan kimdir Tiekoga murojaat qilib: «Turmush o‘rtog‘ingizni, o‘ng qo‘lidan yaralangan, deyishyapti. Yozmayotgani shundan», deb gapiradi. Tieko yalt etib o‘giriladi, lekin hech qanday qizil qalpoq ko‘rinmaydi. Tiekoning ortidan kelayotgan dengiz zobiti bilan xotini unga yaxshi tanish edi. Turgan gap, bu dengiz zobitining yo‘q yerdan bunaqa narsani gapirishi mumkin emas, shuning uchun u eshitgan gapni g‘alati deb topishdan boshqa hech qanday izoh yo‘q. Bari bir, Tieko qizil qalpoq hech qaerda ko‘rinmaganidan xursand bo‘ladi. Ular vokzal binosidan o‘tib, erining oshnasini avtomobilgacha kuzatishga chiqish joyiga tushadilar. Shunda kimdir orqadan aniq qilib: «Xonim, turmush o‘rtog‘ingiz bir oydan keyin kelib qolsa ehtimol», deydi. Tieko yana shart o‘giriladi, lekin orqasida faqat erining oshnasini kutib olgani chiqqan tanish-bilishlari turar, hech qanday qizil qalpoq yo‘q edi Lekin orqasida ko‘rmasa ham, u oldinda avtomobilga yuk joylayotgan ikkita hammolni ko‘radi. Bittasi bir nafas o‘girilib, qandaydir g‘alati ishshayib qo‘yadi. Uni ko‘rib, Tieko shunchalar oqarib ketadiki, hatto atrofidagilar ham buni sezadi. Tieko bir amallab o‘ziga kelib, qarasaki, u ikkita hammolni ko‘rgan joyida, yukni bitta hammol joylashtiryapti. Bu ham hozir ishshayib qo‘ygandan mutlaqo boshqa. U ana endi ishshaygan hammolning yuzini eslab qoldim, deb o‘ylaydi. Lekin keyin bilindiki, ilgarigidek buning yuzini ham tusmol eslaydi. qancha urinmasin, esiga ko‘zi, burunsiz yuz, ham qizil qalpoq qalqib keladi... Mana, Tieko aytib bergan g‘aroyib voqea shu.
Keyin, bir oy o‘tib, ha, taxminan shu, sen Koreyaga ketgan payting, - eri chindan kelib qoldi. Va, g‘aroyib ish, eri o‘ng qo‘lidagi jarohati tufayli bir necha muddat yoza olmagan. Mening xotinim darrov Tiekoning ustidan; «Doim erini o‘ylagan. Tabiiyki, buni bilgan», deb kulishga tushdi. Ikki haftadan keyin Tieko eri bilan birga Saseboga, uning xizmat joyiga ketdi, lekin u yerga joylashib ulgurmaslaridan yuborgan xatida yozilgan uchinchi g‘aroyib voqeani o‘qib, hang-mang bo‘lib qoldik.
Markaziy vokzaldan qo‘zg‘alayotib, poezd endi joyidan jilganda ularning yukini eltgan hammol, oq yo‘l tilamoqchi bo‘lganmi, oynadan qaragan. Uning yuzini ko‘rib, erining rangi o‘zgarib ketgan-da, sal o‘tgandan keyin Tiekoga xijolat bilan quyidagilarni aytib bergan. Marselda to‘xtab, og‘aynilari bilan qahvaxonada o‘tirgan payti ularning stoliga to‘yqusdan yapon hammol kelib, betakalluf ohangda ishlar qandayligini so‘ragan. Albatta, Marsel ko‘chalarida yapon hammollariga balo bormi! Lekin Tiekoning eri hayron bo‘lmay, o‘ng qo‘lidan yaralangani, yaqinda uyiga qaytishini aytgan. Shu soniyada qaysidir mast odam konyak qadahini ag‘darib yuborgan. Shunda singlimning eri cho‘chib alanglasa, hech kim sezmagan hammol qahvaxonada ko‘zdan yo‘qolgan. Nima bo‘lyapti o‘zi? Uning ko‘zlari ochiq, lekin u tush ko‘rdimi yo rostdan ham shunday bo‘ldimi, tushuna olmagan. Ustiga ustak, og‘aynilari ham o‘zlarini xuddi uning oldiga hech kim kelmagandek tutgan. Oxir-oqibat, bu voqeani hech kimga aytib bermaslik fikriga kelgan. Lekin u Yaponiyaga kelgandan keyin Tiekoning ikki marta qanaqadir sirli g‘aroyib hammolni ko‘rganini bilgandan keyin, u Marselda ayni shuning o‘zini ko‘rganini o‘ylagan, lekin endi bu arvohlar haqidagi hikoyalarga juda o‘xshab ketadi. Bundan tashqari u g‘olibona safarda ham xotinini o‘ylab yurishidan kulgiga qoladiganlarning ahvoliga tushishdan cho‘chib, shu paytgacha lom-mim demagan. Lekin hozirgina oynadan qaragan hammolni ko‘rganda, qarasa, o‘sha Marseldagi qahvaxonaga kirib borgan hammoldan bir tuki o‘zgacha emas... Shu voqeani aytib berib, Tiekoning eri jim bo‘ladi, keyin xavotir bilan ovozini past qilib: «Falati emasmi? Men: «Bir tuki ham o‘zga emas», dedim. Ayni paytda uning yuzini aniq eslay olmayman. Faqat u oynadan qaragan lahzaning o‘zida «Xuddi o‘zi!..» deb o‘yladim», deydi.
Murakami shu joyga kelganda, qahvaxonaga bir nechta odam kirib, uning tanishlari shekilli, shovqin bilan salomlasha boshladilar. Men turdim.
- Xo‘p, mayli. xayr. Koreyaga ketguncha senga uchrayman.
Qahvaxonadan chiqqandan keyin chuqur nafas oldim: uch yil oldin Tiekoning Markaziy vokzalda men bilan bekitiqcha uchrashishga bergan va’dasini nega ikki marta buzib, eriga mangu vafodor xotin bo‘lib qolishi haqida maktub yo‘llaganini endi tushundim.

1931 y.

Ahmad A’zam tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.