OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akutagava Ryunoske. O'rgimchak uyasining tolasi (hikoya)

1


Kunlarning birida Budda jannat hovuzining bo‘yida tanho kezib yurardi. Hovuz yuzasi marvariddek oq nilufarlar bilan qoplangan, ularning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar bo‘y taralar edi.
Jannatda tong pallasi edi.
Xayollar og‘ushiga cho‘mgan Budda to‘xtadi-yu, ko‘zi birdan nilufar gullarining enli yaproqlari aro jilvalanayotgan suv oyinasiga tushdi. Nilufar hovuzining tubida g‘alati manzara namoyon edi.
Jannat hovuzining chuqurligi do‘zaxgacha borib yetgandi.
Shaffof suvda Igna tog‘i va Sandzu daryosi xuddi zarrabin ko‘zchasidagidek, yaqqol, ochiq-oydin ko‘rinib turardi.
Tubsiz do‘zax osiy bandalar bilan to‘lib-toshgandi. Buddaning nigohi Kandata ismli bir osiyga tushdi.
Kandata ashaddiy qaroqchilardan edi. Qarangki, juda ko‘plab qabihliklar qilgan — o‘ldirgan, talagan, odamlarning xonumonini kuydirgan shu bandaning nomai a’molida ham bittagina xayrli ish bor ekan.
Kunlardan bir kun Kandata o‘rmon oralab yurganida, so‘qmoq ustida pildirab ketayotgan o‘rgimchakka ko‘zi tushadi. Kandata uni bosish uchun oyog‘ini ko‘taradi-yu, o‘ylanib qoladi: «Yo‘q, kichik bo‘lsa ham, baribir tirik jonzot-ku. Bekordan-bekorga o‘ldirib savob topmayman».
O’rgimchakka tegmaydi.
Do‘zax tasvirlarini tomosha qilarkan, Budda qaroqchi Kandataning o‘rgimchakka rahm qilganini eslab, ilojini topsa, birgina shu xayrli ishi uchun bu osiy bandani do‘zax changalidan qutqarmoqchi bo‘ldi. Tasodifni qarangki, shu payt yonida jannat o‘rgimchagini ko‘rib qoldi. O’rgimchakdan chiqqan ajoyib kumush tola chashma toshlaridek yam-yashil nilufar yaprog‘iga ilinar edi.
Budda ehtiyotkorlik bilan tolani qo‘lga olib, uning bir uchini marvariddek oq nilufarlar orasidan suvga tushirdi. Tola eshila-cho‘zila, axiyri do‘zax tubiga yetib bordi.

2


Kandata do‘zax tubidagi Qon ko‘lida boshqa gunohkorlar qatori goh yuqoriga suzib, goh girdobga cho‘kib, ayanchli qiynoqlarga chidashga majbur edi.
Qayoqqa boqmang, hammayoqni zim-ziyo qorong‘ulik qamrab olgan. Gohi-gohida nimadir qorong‘ulikda milt-milt yorishib ko‘rinardi, xolos. Bu — dahshatli Igna tog‘ining ignalari edi. Mazkur ko‘rinishning butun dahshatini tasvirlashga so‘z topish amri-mahol. Atrof go‘yo qabristondagidek jimjit. Faqat ora-sira osiylarning unsiz xo‘rsinishi quloqqa chalinadi.
Do‘zax tubida ko‘plab azob-uqubatlarga duchor bo‘layotgan bu gunohkor bandalarning ingrashu oh-voh qilishga ham majollari qolmagan edi.
Qon ko‘lining qonida cho‘milib nafasi qaytayotgan buyuk qaroqchi Kandata ham joni uzilayotgan qurbaqadek unsiz tipirchilab qo‘yardi, xolos.
U tuyqus boshini ko‘tarib Qon ko‘lining ustidagi qorong‘ulikka qaradi. Bu timqora bo‘shliq aro, uzoq-uzoqlardagi osmondan, o‘zidan zaifgina yog‘du taratib, go‘yo boshqa gunohkorlar sezmasin uchun ehtiyotkorona bir maromda, o‘rgimchak tolasi tushib kelayotgan edi.
Kandata quvonchdan qarsak chalib yubordi. Bu tolaga ilinib olsa bas, asta-sekin yuqoriga ko‘tarilaveradi. Qarabsizki, do‘zax azobidan forig‘ bo‘lib turibdi-da! Ajabmas, omadi chopib, jannatga ham tushsa. Unda hech kim hech qachon Igna tog‘ining cho‘qqisiga haydab, yana Qon ko‘liga tashlamaydi.
Shu umid yuragiga o‘t yoqib, o‘rgimchak uyasining tolasiga ikki qo‘li bilan qattiq yopishib olib, bor kuchi bilan tepaga tirmasha boshladi. Pixini yorgan o‘g‘ri uchun bu oppa-oson ish edi.
Ammo jahannamdan jannat makonigacha ming-minglab ri* masofa bor.
Harchand urinmasin, tog‘ tepasiga yetib olish oson bo‘lmadi. Yuqoriga tirmasha-tirmasha chiqayotgan Kandatani, ha-ha hatto shunday pahlavonni ham charchoq yengdi. Bir nafasda osmongacha chiqolmadi.
Bir muddat to‘xtab, nafas rostlashdan boshqa iloji yo‘q edi. U to‘xtab, o‘rgimchak uyasining tolasida osilgancha dam olarkan, pastga, chuqur jarlikka qaradi.
Ha, Kandataning chirmashishlari zoe ketmagan ekan. Hozirgina o‘zi azobdan qutulgan Qon ko‘li qorong‘ulik bag‘riga singib yotibdi. Jahannam tubida xira yiltirayotgan qo‘rqinchli Igna tog‘ining cho‘qqisi endi uning oyog‘i ostida. Agar yana shunday chaqqonlik bilan tirmashishda davom etsa jahannam changalidan qutulishi aniq edi.
O’rgimchak tolasini mahkam qisgan Kandata ko‘p yillardan so‘ng yana birinchi bor inson ovoziga ega bo‘ldi va qah-qah otib kulganicha qichqirdi:
— Xalos bo‘ldim! Xalos bo‘ldim!
Ammo birdan, pastda boshqa son-sanoqsiz gunohkor bandalarning ham o‘rgimchak uyasining tolasiga tirmashib olganlaricha, xuddi chumolilardek saf-saf bo‘lib tobora balandga o‘rmalab chiqayotganliklarini ko‘rdi.
Bu manzaradan qo‘rquv va hayratga tushgan Kandataning ko‘z soqqalari o‘ynab, merovlarcha katta ochilgan og‘zi yopilmay qoldi.
Bu nozik tola uning o‘zini zo‘rg‘a tutib turibdi-yu, shuncha odamni qanday ko‘taradi?! Tola chirt uzilsa bormi, unda o‘zi ham — o‘ylayapsizmi, o‘zi ham! — shuncha azoblar bilan amallab ko‘tarilib olganida, oyog‘i osmondan bo‘lib yana pastga uchadi-ya!..
U o‘ylar ekan, osiy bandalar Qon ko‘lining tubidan mo‘rmalaxday o‘rmalab kelishar edi. Yuzlab, minglab gunohkorlar uzun zanjirdek cho‘zilib, shoshganlaricha ojizgina yog‘du sochayotgan o‘rgimchak uyasining tolasi bo‘ylab chiqishardi.
Tezroq, tezroq biror tadbir qo‘llashi kerak, bo‘lmasa, hozir tola uziladi-yu, jahannam qa’riga uchadi.
Shunda Kandata bor ovozi bilan hayqirib yubordi:
— Hoy osiylar! Bu tola meniki! Sizlarga kim ijozat berdi? Qani, tezda pastga tushinglar! Pastga tushinglar!
Ammo, o‘sha soniyada nima bo‘ldi deng?!
Shuncha vaqt bus-butun, hech bir shikastsiz turgan o‘rgimchak uyasining tolasi aynan o‘sha Kandata ilinib turgan joyidan chirt etib uzildi!
U oh-voh qilishga ham ulgurmay, chirpirak bo‘lib, shamoldek g‘uvillab pastga, qorong‘ulik tubiga uchib ketdi.
Faqat o‘rgimchak uyasi tolasining bir kichik bo‘lagigina, jahannamning yulduzsiz, oysiz osmonida ojiz shu’la taratib osilib turardi.

3


Budda Nilufar hovuzining chetida turib, nimalar bo‘layotganini boshdan-oyoq kuzatdi. Kandata xuddi uloqtirilgan toshdek, Qon ko‘lining tubiga cho‘kkanida Buddaning yuzi ma’yus tortib, yana o‘z sayrida davom etdi.
Kandataning yuragiga mehr-shafqat tuyg‘usi yot edi. U qanday qilib bo‘lsa ham faqat o‘zim jahannamdan qutulib qolay, degan edi. Shunga yarasha jazosini oldi: do‘zax girdobiga itqitib yuborildi. Budda uchun bu ayanchli va ezgin manzara edi.
Nilufar ko‘lidagi nilufarlar esa bularning bariga beparvo edilar.
Ularning marvariddek oppoq kosachalari Buddaning poyida ohista chayqalardi.
Buddaning har bir odimi bilan nilufarlarning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar bo‘y taralardi.
Jannatda vaqt peshinga yaqinlashib qolgan edi.

O’rischadan Dilshod Nurulloh tarjimasi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.


________
Ri - masofa o‘lchovi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.