OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alberto Moravia. Chaqaloq (hikoya)

Hatto muhtojlarga yordam ko‘rsatish jamiyatidan nafaqa olib kelgan olijanob xonim ham bolani nega bunchalik ko‘paytirayotganimizni so‘radi. O’sha kuni xotinimning kayfiyati yomon edi. “Pulimiz bo‘lganida kechqurunlari kinoga borardik, bo‘lmagandan keyin nima qilamiz, to‘g‘ri to‘shakka yo‘l olamiz, ana shunday qilib bola tug‘ilaveradi-da”, deya bor haqiqatni aytdi-qo‘ydi. Bunday shartakilikdan ranjigan xonim uzr so‘rab qaytib ketdi. Xotinimga to‘g‘ri so‘z ham o‘z o‘rnida e’tiborli ekanini, birovga zarda qilishdan oldin kim bilan gaplashayotganini hisobga olish zarurligini aytib biroz koyigan bo‘ldim. 
Turmush tashvishlaridan yiroq, yosh va buydoq yurgan kezlarimda Rim hayotiga oid gazetlarni ko‘p o‘qirdim. Bu ro‘znomalarda insonlarning hayotida yuz bergan jamiki baxtsiz hodisalar: o‘g‘irlik, qotillik, o‘z joniga qasd qilish, mayda bezoriliklar... to‘g‘risida yozishardi. O’sha kezlarda bunday ko‘rguliklar bir kun mening ham boshimga tushadi, deb sira o‘ylamagan edim. Gazetlarda yozganidek, “Hamdardlikka loyiq vaziyat”, – qachon odam o‘ta baxtsiz bo‘lsa, bu olamdagi achinish tuyg‘usining shunchasini o‘ziga chorlaydi. Aytib o‘tganimdek, o‘sha vaqtlarda yosh edim, vaqti kelib bunday katta oila boshlig‘i bo‘lishimni bilmasdim. Endi esa sekin-astalik bilan eng haqiqiy “hamdardlikka loyiq vaziyat” yuz berayoganiga hayratim ortib boryapti. Mana, masalan, gazetda bunday yoziladi: “Ular eng mayda narsalarga ham muhtoj”. Hozir men ana shunday eng arzimas narsalarga muhtoj holda yashamoqdaman. Yoki “Ular shunday uylarda tiqilib yashaydiki, ularning boshpanasini uy deb ham bo‘lmaydi”. Men Tormaranchodagi (Rim yaqinidagi qashshoqlar istiqomat qiladigan kulbalar) to‘shaklarning orasiga oyoq qo‘yishga joy topilmaydigan, yomg‘ir chog‘ida suv xuddi Ripetta qirg‘og‘idagi kabi toshadigan bittagina xonada xotinim va olti bolam bilan istiqomat qilaman. Yoxud bunday yozishadi, aytaylik, “U bechora homilador ekanini bilganidan so‘ng muhabbatining mahsuli bo‘lgan gumonasidan qutulish maqsadida jinoyatga qo‘l urishga qaror qildi”. Xuddi shunday: oilamizda yana bir chaqaloq tug‘ilishini bilgach er-xotin maslahatlashib ana shunga jazm etdik. Havo yaxshi bo‘lgan kun birinchi uchragan odamning rahmdilligidan umid qilgan holda chaqaloqni birorta cherkovning oldiga tashlab ketishni rejalashtirdik. 
Baxtimiz chopib o‘sha jamoat tashkilotining marhamatli janoblari sa’y-harakati bilan xotinim tug‘ruqxonaga joylashdi. Tug‘ruqdan uch-to‘rt kun o‘tib bir oz o‘ziga kelganidan so‘ng unga javob berishdi va Tormaranchoga qaytdi. Xonaga kirganidan so‘ng uning birinchi aytgan gapi shu bo‘ldi: 
– To‘g‘risini aytsam, tug‘ruqxona unchalik yaxshi joy bo‘lmasa ham, shu vayronaga qaytib kelmaslik uchun o‘sha yerda abadiy qolib ketishga rozi edim. 
Chaqaloq bu gapni xuddi so‘zma-so‘z tushungandek, quloqni batang qiladigan ovozda ingalab yubordi. Zuvalasi pishiq, chiroyli bola, ovozi shu qadar jarangdorki, so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi; agar yarim tunda yig‘lashga tushsa, bu yaqin orada hech kimga uyqu yo‘q deyavering. 
May oyi kelib, kunlar ilib qoldi. Ko‘chaga paltosiz ham chiqsa bo‘lardi. Rejamizga binoan biz Tormaranchodan Rimga qarab yo‘lga tushdik. Xotinim bolani xuddi qorli dalada qoldiradigandek, qavat-qavat lattaga o‘rab ko‘ksiga bosib olgan. Shaharga yetib kelgunimizga qadar g‘amga botib bir ushoqqina bo‘lib qolgan bechora qayg‘usidan chalg‘ish uchun chakagi tinmay javrab borar edi, oxiri nafas olishi og‘irlashib, kiyimlari to‘zib, ko‘zlari olayib qoldi...
Dastlab u har xil cherkovlar haqida gapirdi, bolani qaerda qoldirishni menga tushuntirdi, uning aytishicha, chaqaloqni shunday joyga qoldirish kerakki, u yerdan boylar o‘tib-qaytadigan bo‘lsin, agar uni o‘zimizga o‘xshagan kambag‘al odam topib oladigan bo‘lsa, yaxshisi, bola o‘zimizda qolgani ma’qul. Keyin chaqaloqni Madonna cherkovi atrofida qoldirishni xohlayotganini aytdi. Aytishlaricha, Madonnaning ham o‘g‘li bo‘lgan ekan. Madonna bizni tushunarmish va niyatimizning amalga oshishiga yordam qilarmish. Bu gaplardan charchadim va qalbimda g‘azab uchquni paydo bo‘ldi. Axir, uning meni ovutish uchun aytayotgan almoyi-aljoyi gaplaridan menga hecham yaxshi bo‘layotgani yo‘q edi-da. Ammo men o‘zimni bosib kelardim, chunki jazavaga tushmasdan xotinimga xotirjam ko‘rinishim va unga dalda berishim kerak edi. Uning padar-pay so‘zlarini bir lahzaga bo‘lsa-da, to‘xtatish uchun gapini bo‘lib: 
– Uni avliyo Pyotr cherkovida qoldirsak bo‘lmaydimi? – deb taklif qildim. 
U bir chayqalib oldi-da, keyin:
– A yo‘q, u yer karvonsaroyning o‘zginasi... uni mutlaqo ko‘rmasligi ham mumkin... via Kondottidagi kichkina cherkovga urinib ko‘rish kerak: uning gir atrofi hashamatli do‘konlar... juda ko‘p boylar o‘sha atrofda yuradi... eng yaxshi joy – o‘sha, – dedi.
Biz avtobusga o‘tirdik, odam ko‘p joyda u tinchidi. Faqat bolani yo‘rgakka qattiq o‘radi va dam-badam yo‘rgakni ehtiyotkorlik bilan ochib bolaga qarab qo‘yadi. Chaqaloq esa qip-qizil yuzini o‘zi uralgan latta-puttalarga bosib uxlab yotibdi. Uning kiyimlari juda aftoda, faqat havorang jun matodan tikilgan qo‘lqopchasi ohorligina edi, u ana shu qo‘lqopchasini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek yo‘rgakdan qo‘lchalarini chiqarib oldi. 
Biz Goldoni teatri oldida tushdik, xotinim yana javramoqni boshladi. Zargarlik do‘koni qarshisida to‘xtab ko‘rgazmadagi qizil duxobalarga terib qo‘yilgan qimmatbaho javohirlarni ko‘rsatib, yana telba-teskari gaplarini davom ettirdi: 
– Buni qara, qanday chiroyli... bu ko‘chadan odamlar faqat qimmatbaho taqinchoqlar va chiroyli buyumlarni xarid qilish uchun yuradi... bu yerda qashshoqlar bo‘lmaydi... ular ana shu xaridlari orasida cherkovga ibodat uchun kirib chiqadi... Boylarning kayfiyati doim yaxshi bo‘ladi... yo‘rgakni ko‘rganlari hamon ko‘tarib oladi. 
U bolani ko‘kragiga mahkam bosib brilliantlarga qarab xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek gapirar, ko‘zlari esa allaqanday yovvoyilik kasb etgandiki, unga gap qaytarishga jur’atim yetmasdi.
Biz cherkovga kirdik. U ichkarisi sariq marmarga o‘xshatib bo‘yalgan, asosiy mehrob bilan birga yana bir necha mehrobchalari bor chog‘roqqina joy ekan. Xotinim bu cherkovni boshqacharoq tasavvur qilgani, hozir esa ibodatxona unga unchalik yoqmayotganini aytdi. Shunday bo‘lsa ham, qo‘llarini muqaddas suv botirib cho‘qinib oldi. Keyin chaqaloqni ko‘ksiga bosib badgumon nigohu norizo qiyofada sekinlik bilan cherkovni aylanib chiqdi. Gumbaz tepasidagi oynadan sovuq charaqlagan yorug‘lik tushib turardi. Xotinim esa bolani bu yerda qoldirish mumkinmi, degan savolga javob topmoq qasdida hamon cherkovning bo‘limidan bo‘limiga o‘tib, o‘rindiqlarga, mehroblarga, rasmlarga nazar solib yurardi. Men kiraverishdan ko‘z uzmay unga bir necha qadam ergashdim. Qip-qizil kiyingan, sochlari sariq, xuddi tilladek tovlanadigan baland bo‘yli bir xonim ibodatga kirdi. Tizzalab o‘tirganda tor yubkasi yirtilib ketgudek taranglashdi, naridan-beri ibodat qildi-da, keyin zudlik bilan cho‘qindi va biz tomon bir qaradi-da cherkovdan chiqib ketdi. 
Buni ko‘rgan xotinim:
– Yo‘q, bu yer bo‘lmaydi... bu yerga anavi xonimga o‘xshagan do‘konlarni aylanishga chiqqan kishilar ko‘ngil xushligi uchun birrov kirib chiqadi. Ketdik bu yerdan, – dedi. Shu gap bilan u cherkovdan chiqdi. 
Biz Korso bo‘ylab uzoq yurdik, xotin oldinda, men ortda halloslab yugurdik desa ham bo‘laveradi, Venetsiya maydonidan uncha uzoq bo‘lmagan boshqa cherkovga kirdik. Bu oldingisidan ancha katta va viqorli edi, hashamdor zarhal pardalar tutilgan, devordagi oynalar tagi g‘ira-shira yorug‘likda tovlanib turgan alangali kumush yuraklar bilan bezatilgan. Ibodatxona ko‘rinishidan o‘ziga to‘q odamlar bilan to‘la edi: shlyapa kiygan ayollar, bashang kiyingan erkaklar shundan dalolat berardi. Ruhoniy minbarda turib xutba o‘qir, jamoat unga yuzlanib tik turardi. Men o‘zimcha “Ana qulay vaziyat, bizni hech kim sezib qolmaydi”, deb o‘yladim:
– Shu yerda urinib ko‘ramiz, – deya xotinimning qulog‘iga shivirladim.
U bosh irg‘ab ma’qulladi. Biz yon tarafdagi mehrob tomonga o‘tdik. O’sha yoqda hech kim yo‘qqa o‘xshadi, boz ustiga qorong‘u edi, biz bir-birimizni zo‘rg‘a ko‘rardik. Xotinim yo‘rgak cheti bilan bolaning yuzini yopti va xuddi qo‘liga yopishib qolgan og‘ir narsadan qutulmoqchidek uni o‘rindiqqa yotqizdi Keyin tizzalab o‘tirdi va yuziga qo‘llarini bosib uzoq vaqt duoyu iltijo qildi. Men esa nima qilishni bilmasdan mehrob devoriga osilgan yuzlab katta-kichik alangali kumush yuraklarni tomosha qildim. Nihoyat xotinim o‘rnidan turdi. Shu tobda uning yuzi murdanikiga o‘xshardi. U cho‘qindi va ohista bo‘limdan chiqa boshladi, men esa uning ortidan ergashdim. Kutilmaganda ruhoniy: 
– Va Iso dedi: “Kelajakni kimga qoldiryapsan, ey Ota?” – deya hayqirdi. 
U bu gapni mendan so‘rayotgandek tuyuldi. 
Bu vaqtda xotinim chiqaverishdagi eshikning pardasini tortayotgan edi. Shu damda:
– Xonim, o‘rindiqda tuguningiz qolibdi, – degan chaqiriqdan ikkalamiz birday sapchib tushdik.
Qarasak, qop-qora kiyinib goh cherkovda, goho boshqa ibodatxonalarda o‘ralashib yuradigan munofiqona qiyofali ayollardan biri. 
– Voy, o‘lay! – dedi xotinim. – Rahmat sizga, esim qursin... sal bo‘lmasa uni tashlab ketayozibman.
Biz yo‘rgakni olib na tirik, na o‘lik holda ko‘chaga chiqdik.
Ko‘chada xotinim:
– Bechora bolajonim... hech kim uni olgisi kelmaydi, hech kimga uning keragi yo‘q, – deya o‘ksindi. 
Bu xuddi molini yaxshi narxga sotishni chamalagan, lekin ana shu moliga bozorda biror kishi qayrilib qaramagan savdogarning ahvoliga o‘xshardi. 
Yana u harsillab, hurpayib oldinda g‘izillab yo‘lga tushdi, xuddi uni oyoqlarning o‘zi boshqarayotgandek edi. Shu yurishda Apostol avliyolari maydoniga yetdik. Hartugul bu yerdagi cherkov hali yopilmagan ekan. Ichkariga kirdik. Qarasak, katta, keng, chiroqlar ham ko‘p emas. 
– Ana eng qulay joy, – shivirladi xotinim.
Qat’iyat-la yon tomondagi bo‘limlardan biriga o‘tdik. Xotinim bolani o‘rindiqqa yotqizib, guyo oyog‘ining tagiga o‘t tutashgandek, cho‘qinib, ibodat qilib o‘tirmay, hatto jigargo‘shamizning peshonasidan o‘pib ham qo‘ymasdan ko‘chaga otildi. U ortiga qayrilib uch-to‘rt qadam bosib ulgurmasdan cherkovni bolaning jarangdor yig‘isi tutdi. Emadigan vaqti bo‘lgan edi – chaqaloq har doimgi vaqtni bilib ochlikdan chinqirgandi. Xotinim bu yig‘idan o‘zini yo‘qotdi: bir eshikka qarab yugurdi-da, keyin ortga chopdi, u bu paytda qaerda ekanini ham unutib qo‘ydi, o‘rindiqqa o‘tirdiyu bolani ko‘ksiga bosib, uni emizish uchun ko‘kragini ochdi. Chaqaloq xuddi bo‘ri bolasidek, onasining ko‘ksiga tamshanib, qo‘lchalarini uzatib, endi ema boshlagan edi hamki: 
– Xudoning uyida shu ishni qilasanlarmi... tur o‘rningdan, yo‘qol chiq, ko‘chaga, chiq! – degan vahimali dag‘dag‘a eshitildi. 
Baqirgan odam soqoli ko‘ksiga tushgan jikkak chol, ponomar (pravoslav cherkovida past unvonli ruhoniy) edi, uning ovozi jussasiga qaraganda ancha haybatli edi. Xotinim o‘rnidan turdi, bolaning boshini ko‘kragiga pana qilib:
– Axir kartinadaga Madonna... har doim bolaga ko‘krak tutib turadi-ku, – dedi.
U bo‘lsa:
– Sen hali o‘zingni Madonna bilan tenglashtiradigan bo‘ldingmi, uyatsiz! – deya battar jazavaga tushdi. 
Xullas, biz cherkovdan haydalib Venetsiya maydonidagi xiyobonga kelib o‘tirdik. Bu yerda xotinim bolani emizib oldi, nafsi orom olgan chaqaloq yana uxlab qoldi. 
Bu vaqtda kech bo‘lib, qorong‘u tushdi. Cherkovlar yopildi, biz esa charchoqning zo‘ridan tinkamiz qurib o‘tiribmiz, kallaga biror fikr kelmaydi. Bunday samarasiz yurishlardan so‘ng xayolimga: biz bu ishga juda katta kuch sarflayapmiz, balki bu ishni boshlamagan tuzukmidi, degan fikr keldi. 
– Menga qara, kun kech bo‘ldi, tezroq hal qilishimiz kerak, boshqa yurishga madorim yo‘q mening, – deb xotinga zarda qildim. 
– Bu sening o‘g‘ling, sening qoning... Nima qilmoqchisan – uni xuddi keraksiz narsaga o‘xshatib bir burchakka tashlab ketmoqchimisan, daydi mushuklarga yem bo‘ladi-ku!
– Yo‘q, ammo bunday ishlarni ko‘p o‘ylanib yurmay tez bajarish kerak yoki umuman qilmaslik kerak. 
– Sen uni uyga olib qaytamiz deb qolishimdan qo‘rqyapsan... Siz hammangiz, erkaklar, qo‘rqoqsiz!
Hozir u bilan bahslashish befoyda ekanini sezib, murosa yo‘lini tutdim:
– Seni tushunib turibman, xavotirlanma, ammo sen ham tushungin: har qanday sharoitda ham bolaga Tormaranchodagi qishda qurtlar, yozda chivinlar talab chiqadigan tashlandiq, hatto oshxonasi ham yo‘q boshpanamizdagidan yaxshi bo‘ladi. 
Bu safar u hech narsa deb gap qaytarmadi. 
Biz via Natsionaldagi Neron minorasi oldidan qayoqqa borayotganimizni o‘zimiz ham bilmay ketaverdik. Minora ortida, uncha uzoq bo‘lmagan joyda bir kichkina ko‘cha bor ekan, odamlar ham yo‘q. Yo‘laklarning birining oldida bo‘sh turgan, eshiklari berk kulrang moshinga ko‘zim tushdi. Nima qilishni darrov fahmladim: moshinga yaqinlashib eshigini tortgandim – ochildi. 
– Tez bo‘l, mana qulay fursat, uni orqa o‘rindiqqa yotqiz, – dedim xotinga. 
U aytganimdanoq darhol bolani moshinga qo‘ydi va men o‘sha zahoti eshikni yopdim. Biz bu ishni shunchalik tez bajardikki, hatto moshinga yaqinlashganimizni ham hech kim sezmadi; keyin men uning qo‘lidan tutdim va biz Kvirinal (Kvirinal maydoni joylashgan hudud – burungi qirollik saroyi o‘rni) maydoni bo‘ylab chopib ketdik. 
Maydon bo‘sh va qorong‘u edi. Faqat saroyda bir nechta chiroqlar miltirab turibdi, panjara ortida esa tungi Rim chiroqlari shu’la sochmoqda. Xotinim yodgorlik yonidagi favvoraga yaqinlashdi, o‘sha yerdagi skameykaga o‘tirdi, menga yuz o‘girib bukchayib oldi-da, to‘liqib yig‘ladi. 
– Endi nega yig‘layapsan? – dedim.
– Xullas, undan qutuldik, uni o‘sha yerda qoldirganim zahoti yuragim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi... u yotganda ko‘ksimni to‘ldirib turardi, ana shu yerimga u yetmayapti.
– Shunday bo‘ladi-da o‘zi, hademay o‘tib ketadi.
U yelkasini qisdi-da, yig‘lashda davom etdi. Kutilmaganda xuddi ko‘prik ustiga yoqqan yomg‘irni shamol bir zumda quritib ketgandek, ko‘zyoshi to‘xtadi. Joyidan sakrab turib ko‘rsatkich barmog‘i bilan saroyga ishora qilib:
– Endi o‘sha yoqqa boraman, qirolning oldiga kirib hammasini aytib beraman! – deya shaxdlandi. 
– To‘xta! – deya baqirib uning qo‘lidan tortdim. – Senga nima bo‘ldi, esingni yedingmi?.. Qirolning qachonlar yo‘q bo‘lib ketganini bilmaysanmi?
– Menga baribir... qirolning o‘rnida kim o‘tirgan bo‘lsa o‘shanga aytaman, axir kimdir bordir u yoqda!
Shu gap bilan u yo‘lakka otildi, faryod ko‘tarmaganimda u bir mojaroni boshlashi aniq edi. 
– Menga qara, men o‘ylab ko‘rdim... Qaytib borib bolani moshindan olamiz... Bola o‘zimizda qoladi. Bitta oz, bitta ko‘p – baribir emasmi!
Bu fikr, taxminimcha, doim uning xayolida yurgan va qirolga shikoyatini o‘ylab topgan. 
– Ha, uni hali olib ketib qolishmadimikan? – deya kulrang mashina turgan ko‘chaga qarab yugurdi. 
– Yo‘q, – dedim, – hali besh daqiqa ham o‘tmadi-ku.
Haqiqatdan, moshin joyida turgan edi. Biroq xotinim moshinning eshigini ochgan choq yo‘lakdan o‘rta yoshlardagi past bo‘yli, rangpar yuzli bir erkak yugurib chiqdi:
– To‘xta! To‘xta! Senga nima kerak mening moshinimda?
– Men o‘zimning narsamni olmoqchiman, – xotinim unga e’tibor qilmasdan bolani olish uchun o‘rindiqqa engashdi.
– Nima olyapsan undan? Bu mening moshinim, tushundingmi? Meniki! – deb jirilladi moshin egasi.
O’sha damda xotinimni bir ko‘rishingiz kerak edi! U moshin egasiga yuzlanib unga shunaqangi tashlanib ketdiki:
– Kim sening nimangni olyapti? Qo‘rqma, hech narsang kerakmas, tupurdim sening moshiningga... Mana, qara, – dedi-da, moshinning eshigiga rostakamiga tuflab yubordi.
– Manavi tugun?.. – dovdirab so‘radi u.
– Bu tugun emas... Bu mening o‘g‘lim... Ko‘rdingmi!
U bolaning yuzini ochib, unga ko‘rsatdi-da, yana davom etdi: 
– Sen bilan xotining bunday chiroyli bolani hech qachon dunyoga keltira olmaysan, qayta tug‘ilsanglar ham... Meni to‘xtataman deb ovora bo‘lma, dod solib politsiya chaqiraman-da, bolamni tortib olyapti deyman.
Xullas, xotinim unga shunday gaplarni aytdiki, bechoraning dami ichiga tushib ketdi, kutilmagan zarbaga uchragani bois hamma qoni yuziga sapchib chiqib baqrayib qoldi. Nihoyat, xotinimning jag‘i tinib, chorrahaga yetganimda yo‘rg‘alab ortimdan yetib oldi. 
                

Ruschadan Damin JUMAQUL tarjimasi 



Alberto Moravio adabiy taxallusi bilan zamonaviy italyan adabiyotida nom qozongan yozuvchi Alberto Pinkerle 1907 yilning 28 noyabrida Rimda tavallud topdi. Uning 1929 yil yozgan “Ishtiyoqsiz” asari oradan bir necha yil o‘tib adibga shuhrat keltirdi. Moravio asarlarida zamonaviy shahar – sevimli joylar tasviri beqaror tabiatli, hayotini instinktlar: shahvoniy nafs, ochko‘zlik, izzattalablik boshqaradigan shaharliklar tipidagi personajlar yordamida tasvirlanadi. 
Moravio ijodining xarakterli jihati, muxbirlikka xos sodda uslub va mahzun kinoyadadir. Bu yo‘lda adib hayotning turli jabhalariga, personajlarning ruhiyatida, kayfiyatida yuz berayotgan turlanishlarga yondashuvini muttasil o‘zgartirib turadi. 
Uning asarlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. O’zbek kitobxonlari orasida esa “Rimlik ayol” (1947) va “Nafrat” (1954) romanlari mashhur.
Moravioning hikoyalari ham roman va qissalaridan kam ahamiyatga ega emas. Uning “Rim hikoyalari” (1954) va “Yangi Rim hikoyalari” (1959) to‘plamida Rim hayoti ixcham tasvirlarda o‘z ifodasini topgan.


“Yoshlik” jurnalining 2010-yil, 12-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.