OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alberto Moravia. Dallol (hikoya)

Zinadan ko‘tarilganimda saroy og‘asi Antonio meni:
– Knyaginadan ko‘p narsa undiraman deb xom xayol qilma, u misli ko‘rilmagan darajada xasis… eri o‘lganidan so‘ng hamma ishni o‘z qo‘liga oldi, hozir hech kimga kun bermayapti, – deb ogohlantirdi.
– U qampirmi? – deya so‘radim tavakkaliga.
– Kampir deysanmi? U juda yosh va go‘zal narsa… hali yigirma beshga ham to‘lmagandir… Uni ko‘rganingda bu farishta bo‘lsa kerak deb o‘ylaysan… Haa, tashqi qiyofa aldoqchi bo‘ladi.
– Menga desa, yalmog‘iz bo‘lmaydimi, men undan o‘zimning ulushimdan boshqa hech narsa kutayotganim yo‘q… Men dallolman, knyaginaning uyi sotiladi; men bu uyni sotib o‘zimning foizimni chiqarib olaman – xayr, salomat bo‘ling.
– Ammo, bu unchalik oson ish emas… U hali seni qoningga tashna qiladi. Shu yerda to‘xtab tur, unga sening kelganingni xabar qilaman.
U meni vestiyublda qoldirib, knyaginani, aytganidek, “janob oliylari”ni xabardor qilgani ketdi, nima u erkak kishimidi, tavba. Men bu gumbazi rasmlar bilan bezatilgan, devoriga manzarali gazlamalar osib tashlangan qadimiy saroyning haddan ortiq sovuq vestiyublida unchalik ko‘p vaqt kutib qolmadim.
Alhosil, Antonio qaytib keldi va ularning “janob oliylari” meni kutayotganini aytdi. Biz saf tortgan qator xonalardan o‘tdik va nihoyat boshqalardan kattaroq honada pasqam deraza yonida kotiba o‘tirar, uning orqasida knyagina nimadir yozib o‘tirgan edi. Antonio tavoze bilan unga:
– Janob oliylari, mana sinor Proetti keldi, – deya yaqinlashdi.
U qog‘ozdan bosh ko‘tarmay:
– Yaqinroq keling, Proetti, – dedi.
Men yaqinlashib bordim va unga oldidan qaradim, shunda darhol Antonio uni farishtaga o‘xshatganda mubolag‘a qilmagan ekan degan fikrga keldim. Uning yuzi nafis va yoqimli, sochlari tim qora, uzun mujgonlari esa yanoqlariga soya solib turar edi. Ozgina yuqori ko‘tarilgan burunchasi shunday bejirim va tiniq ediki, uning faqat atir-upalarning muattar hidlariga o‘rganganiga shubha yo‘q edi. Yuqori labi sal balandroq bo‘lgan kichkina og‘zi xuddi atirgulga o‘xshar edi. Men uning qaddi-qomatiga razm soldim. U egniga solib olgan qora nimcha uning sarv qomatiga chippa yopishib turar edi: uning oyoqlari dumboq, ko‘kragi durkun, beli shu qadar xipcha ediki, unga barmoqlar ham yetadigandek edi. U ko‘rsatkich barmog‘iga olmos uzuk taqilgan oppoqqina, nozikkina, nafosatli qo‘llari bilan nimalarnidir yozib o‘tirgan edi. Keyin knyagina boshini ko‘tarib menga qaradi. Uning katta, qora ko‘zlari mayin boqar edi. U:
– Xo‘sh, Proetti, uyni aylanib ko‘ramizmi? – dedi.
Uning ovozi mehribon va yoqimli edi. Men bosh irg‘ab:
– Xuddi shunday, knyagina, – dedim.
Knyagina qo‘liga katta temir kalitni olar ekan:
– Bu yoqqa yuring, Proetti, – dedi.
Biz yana bir-biridan o‘tiladigan xonalardan yurib vestyubyulga chiqdik. U qoshida shosha-pisha eshik osib turgan Antonioga:
– Antonio, go‘laxlarga ayting, pechkaga boshqa o‘tin tashlamasin, issiqdan dimiqib o‘lish hech gap emas bu yerda, – deb buyurdi.
Bu gapini eshitib hayron bo‘lib qoldim. Chunki vestibyul va boshqa xonalar chidab bo‘lmas darajada sovuq edi. Biz zinadan ko‘tarila boshladik – u oldinda, men orqada. Knyagina oldinda yurib borar ekan, undan ko‘z uzmadim. Uning qaddi-basti haqiqatan go‘zal edi: oyoqlari alifdek to‘g‘ri, qomati nihoyatda xushbichim edi; egnidagi qora kiyimi uning bo‘yni va qo‘llarini yanada oppoq qilib ko‘rsatardi. Biz asosiy zinalardan yurib ikki qavatga ko‘tarildik, orqa eshik tarafdagi zinalardan yana ikki qavat yurdik va nihoyat tom ostining eng ichkarisidagi xonadonga olib kiradigan temirdan mahkamlab yasalgan zinaga chiqdik. Knyagina bu zinalardan ko‘tarilarkan, men uning ortidan sudralib oyoqlarini ko‘rib qolarmikanman deya ko‘z uzmay kelaverdim. Men buni xohlamagan bo‘lsam-da, xuddi sevgan ayolning qoshida tiz cho‘kkan holga kelgan edim.
Biz, poli plitkali, derazalariga xona shiftiga yetadigan balandlikda, xuddi turmanikiga o‘xshash balandlikda panjara urilgan ikki xonadan iborat xonadonga kirdik, men bu narsalarni darhol ilg‘adim. Uchinchi xona kichkina aylana minora ichida edi. Oynavand eshik jigarrang cherepitsa bilan yopilgan katta tomga osilgan panjarali ayvonga olib chiqar edi. Knyagina oynavand eshikni lang ochib ayvonga chiqdi-da:
– Bu yoqqa keling, Proetti, qarang, qanday manzara, – dedi.
Haqiqatan, ayvondan go‘zal manzara ko‘zga tashlanar edi: bu yerdan Rimning turli usulda yopilgan tomlari, gumbazlari, qo‘ng‘iroqlari yaqqol ko‘rinar edi. Havo ochiq edi, hatto moviy osmon ostida ko‘rinayotgan tomlar orasidan Avliyo Pyotr cherkovining ham gumbazlari ko‘zga tashlanar edi. Bu manzaraga o‘ta hayajon bilan boqqanim bois ko‘zimga hech narsa ko‘rinmas edi, knyagina butun xayolimni o‘g‘irlagan, undan boshqa narsani o‘ylamas edim. Keyin u xonaga qaytib kirdi. Men unga yuzlanib bexosdan:
– Qanday qulayliklari bor? – deb so‘radim.
– Vannani aytyapsizmi? Mana u, – javob berdi knyagina.
Shunday deb men shu vanna bo‘lsa kerak deb o‘ylagan to‘g‘ri burchakli kichkina, shifti past, derazasi yo‘q, vanna o‘rnatilgan xonani ko‘rsatdi. Bir qarashdayoq bu vanna xonasi ijaraga beriladigan uylardagi kabi ko‘rimsiz bir vanna ekanini fahmladim. Knyagina vanna eshigini yopib qo‘llarini nimchasining cho‘ntagiga solib xona o‘rtasiga kelidi-da:
– Xo‘sh, nima deysiz, Pretti, sizningcha, qancha so‘rashimiz mumkin? – dedi.
Men uning go‘zalligi asiriga aylanib bo‘lganim, yana u bilan mana bu tom ostida yolg‘iz qolganimdan qattiq hayajonga tushganim bois unga hech nima deb javob qaytara olmasdan baqrayib turar edim. U mening ayni damdagi kechinmalarimni angaladi chog‘i, asabiylashgan tarzda oyog‘in yerga urib:
– Nima haqda o‘ylayotganingizni bilsak bo‘ladimi? – deb so‘radi.
Men shoshilib:
– Xomcho‘t qilayapman… Bu yerda uchta xona, ammo lift yo‘q, buning ustiga xaridor uyni ta’mirlashi kerak bo‘ladi… Menimcha, uch yarim million so‘ralsa yomon bo‘lmaydi.
– Ey Proetti, – hayajonlanib baqirib yubordi u, – Proetti, men yetti million so‘ramoqchi bo‘lib turibman!
To‘g‘risini aytsam, men dastlab dovdirab qolgan edim. Bunday go‘zallik va pulga xarislikning birlashib ketgani meni butkul esankiratib qo‘ygan edi. Nihoyat men:
– Yetti millionga, knyagina, buni hech kim olmaydi, – deya ming‘irladim.
– Bu axir Parioli… Bu axir, tarixiy qasr… Rimning markazida.
Shu tariqa, u xona o‘rtasida, men esa yo‘ldan ozishimdan cho‘chib sal chekkaroqda turib bir oz savdolashdik. Men gapirib yotibman-u, aslida faqat u haqda o‘ylayman, ko‘zlarim bilan yeb qo‘yishimga sal qoldi uni. Oxir-oqibat, u meni mening ixtiyorimga qarshi to‘rt millionga ko‘ndirdi, ammo bu ham juda qimmat edi. Haqiqatan, xonadonni kapital ta’mirlamasa bo‘lmaydi, bunga million lir o‘ynab ketadi, buning ustiga soliq va boshqa mayda-chuyda xarajatlarni qo‘shsangiz, bemalol olti millionga borib qo‘yadi. Mening mo‘ljallagan xaridorim bor edi, bo‘ldi, shu narxga kelishdik deim-da ketdim.
Oradan bir kun o‘tib qasrga qandaydir noodatiy manzarali imoratni ko‘rishga qiziqib yurgan yosh arxitektorni ergashtirib keldim. Knyagina kalitni olib unga xonadonni ko‘rsatdi. Arxitektor bir oz savdolashgandan so‘ng biz o‘zaro shartlashib olgan to‘rt millionga uyni olishga rozi bo‘ldi.
Ertasiga erta tongda – soat hali sakkiz ham bo‘lmasdan turib xotinim uyg‘otib knyagina telefonga so‘rayotganini aytdi. Knyaginaning ovozi qulog‘imga yoqimli va muloyim musiqadek eshitilib, go‘yo u meni allalayotgandek ko‘zlarim yumilib borayapti. Men bu musiqani tungi xalatda, muzdek polda oyoq yalang holda turib tinglar edim, bu vaqtda boyaqish xotinim tizzanlab o‘tirib olib oyog‘imga tungi tuflimni kiydirib qo‘ydi va yelkamga paltomni tashladi. Men go‘shakdan kelayotgan juda kam gapni tushundim, deyarli tushunmadim desam ham bo‘ladi, ammo o‘sha gaplarning orasida kutilmaganda ikkita so‘z kayfimni uchirib yubordi:
– Besh million…
Men darhol:
– Knyagina biz axir to‘rt millionga kelishgan edik-ku… biz lafzimizdan qayta olmaymiz…
– Ishning lafzga aloqasi yo‘q… Yo besh million yoki to‘xtatamiz
– Ammo, knyagina, u qochib ketadi
– Ahmoq bo‘lmang, Proetti, besh million bo‘lmasa, savdoni to‘xtating.
Tan olib aytishim kerak, u aytgan “ahmoq” so‘zi shu tobda menga qo‘pol eshitilib xafa qilmadi, aksincha, qulog‘imga xushomaddek eshtilib moydek yoqdi. Unga sizga ma’qulini qilaman, deb u bilan xayrlashib, yangilikdan xabardor qilish maqsadida xaridorga qo‘ng‘iroq qildim. Telefon simining narigi tarafida mijozimning qanday na’ra tortganini eshitdim:
– Siz bilan hazillashib bo‘lmaydi! Bir kechada million qo‘shib chiqibsiz.
– Nima ham qilardik… Buyruq.
– Bo‘pti, ko‘ramiz… Men bir o‘ylab olay…
– Demak, menga xabar qilasiz?
– Ha, o‘ylashamiz, keyin xabarlashamiz.
Natijada uning hayotda xabarlashmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu vaqtdan boshlab mening hayotimda knyagina bilan yaqin munosabatda bo‘lgan yangi davr boshlandi. U menga kuniga kamida uch marta qo‘ng‘iroq qilar edi. Xotinim har safar “Yana sening knyaginang!” deya istehzo qilar, men esa go‘yo sevgan yorim qo‘ng‘iroq qilgandek to‘lqinlanib ketar edim. Ammo bu yerda qanday muhabbat bo‘lsin! Knyagina pulni yaxshi ko‘rardi. U har qanday sudxo‘rdan ham tamagir, xasis, sarkash va tadbirkor edi. Go‘yoki, unda yurakning o‘rniga pul yig‘iladigan tirqishli quticha bor edi, chunki u har doim puldan boshqa narsani o‘ylamas edi. Har safar u qo‘ng‘iroq qilganda uyning narxini oshirishga bir bahona o‘ylab topardi, garchand, ular arzimagan besh yoki o‘n ming lira bo‘lsa ham. Bugun u vanna – suv o‘tkazish uchun to‘langan pulni ham hisobga kiritish kerak, ertaga – deraza ortidagi manzara, indinga – qasrning eshigi tagidagi avtobus bekati va boshqa sabablar. Biroq men besh millionda qat’iy turib oldim. Shunda ham xaridorlar bir kelib ana shu narxni eshitgandan so‘ng boshqa ko‘rinmay ketayogan edi.
Nihoyat baxtli tasodif yuz berib bu uyni o‘ynashi uchun sotib olmoqchi bo‘lgan milanlik yirik sanoatchi uchrab qoldi. U o‘rta yoshlardagi qorachadan kelgan, cho‘zinchoq yuzli, og‘zi to‘la tilla tish, narx-navolarni yaxshi biladigan, serharakat va uddaburon odam edi. U xonadondagi eng mayda narsalarni ham ko‘zdan qochirmay kuzatib chiqdi-da, knyaginaga takalluf ham qilib o‘tirmasdan dangaliga:
– Bunaqa xaroba kulbadan Milanda kir yuvadigan xona sifatidagina foydalanadilar… Agar zaruriy ta’mirlash ishlari bajarilsa – pol qilinsa, deraza kattartirilsa, mana bu hech narsaga yaramaydigan narsa almashtirilsa – u vannani ko‘rsatdi, – xonadon menga yetti-sakkiz millionga tushadi… Mayli, muhimi bu emas… bozor narxi talab va taklifga qarab belilanadi… Sizga ana shunday xonadon kerak odam uchrab qoldi – narx siz aytgancha bo‘la qolsin.
U knyagina qoshida ishbilarmonlik odatiga binoan oshkora va dag‘al ohangda gapirgan choqda hisobda yanglishgandek bo‘ldi, shuning uchun u chiqar-chiqmas knyagina dili siyoh bo‘lib:
– Proetti, biz katta xato qildik, – dedi.
– Qanaqa xato?
– Biz atigi besh million so‘radik, bu odam yetti million so‘raganimizda ham berar edi.
– Knyagina, siz uning qanday odam ekanini tushunmadingiz degan xavotirdaman: uning puli juda ko‘p – bu haqiqat, ammo u mash’uqasining ishqida aqldan ozgan – siz bilan bahslashmayman, lekin uning besh milliondan ortiq bir tiyin ham bermasligiga ishonchim komil, – deb javob berdim men.
– Ayol ko‘ngliga yo‘l topish uchun erkaklar nimalarga qodir ekanini siz bilmaysiz, – bu gapni aytayotib menga pulga xarislikdan boshqa narsa ifoda etmayotgan go‘zal ko‘zlarini tikdi.
– Bo‘lishi mumkin… ammo men buning aksi bo‘lishiga ishonaman, – dedim xijolat bo‘lib.
Xullas, ertasiga choshgohda milanlik qasrga o‘z notairusini olib keldi. Biz hali o‘tirishiga ham ulgurmasimizdan knyagina:
– Sinor Kazinagi, meni ma’zur tuting, men tuni bilan o‘ylab chiqdim, kechagi narxga uyni sota olmayman.
– Nima uchun?
– Shuning uchunki, biz uni olti millionga sotmoqchimiz.
Shu tobda Kaziragini bir ko‘rganingizda edi. U o‘rnidan turib mutlaqo xotirjam ohangda:
– Knyagina, sizni sharaflayman va huzur-halovat tilayman, – deya xayrlashib chiqib ketdi.
U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani zahoti:
– Ana, ko‘rdingizmi, kim haq bo‘lib chiqdi? – deb so‘radim undan.
– Hali ko‘rasiz, biz olti million lirga xaridor topamiz.
Hammasiga qo‘l siltab ketishim kerak edi-yu, ammo men knyagina rostakam sevib qolgan edim. Ehtimol. shuning uchundir ketolmagandirman. Bir necha kundan so‘ng besh yarim millionga men topgan xaridor odatdagilarga sira o‘xshamas edi. Kishining aqlini shoshiradigan raqamni eshitganda ham bir og‘iz e’tiroz qilmadi. U Pandolfi degan baland bo‘yli va ayiqqa o‘xshagan baqaloq yosh zamindor edi. Birinchi uchrashgandayoq uni jinim suymadi. Men uni knyaginaga tanishtirganimda uning nima uchun narx ustida tortishmaganini bilib oldim. Ma’lum bo‘lishicha, ularning ko‘plab umumiy do‘stlari bor ekan. U knyaginaga shunday qarar ediki, uning knyaginaning oshiqlaridan biri ekaniga shubha yo‘q edi.
Biz odatdagidek uch xona va vannani ko‘zdan kechirdik. Keyin knyagina oynavand eshikni ochib unga bu yerdan ochiladigan manzarani ko‘rsatish maqsadida u bilan ayvonga chiqdi. Men xonada qoldim, bu yerdan ularni bemalol kuzatishim mumkin edi. Ular qo‘llarini panjaraga qo‘ydi, xuddi u tasodifan bo‘lgandek qo‘lini surib borib knyaginaning qo‘li ustiga qo‘ydi. Men sekinlik bilan yigirmagacha sanadim. Qo‘llar yigirma lahza birga tursa nima bo‘libdi, ammo yigirmagacha sanab ko‘ring-chi, nimani his qilar ekansiz! Yigirmanchi lahzada knyagina o‘zini erkin tutib qo‘lini tortib oldi va ular xonaga qaytishdi. U xonadon o‘ziga ma’qul bo‘lganini aytib jo‘nab ketdi. Biz yolg‘iz qoldik, u, uyatsiz:
– Ko‘rdingizmi, Proetti! Besh yarim million… hali buning ustiga yana qo‘shamiz.
Ertasiga ertalab yana knyaginaning oldiga keldim. Meni odatdagidek zalda kotibasi bilan kutib o‘tirgan knyagina xursandchilik bilan:
– Bilasizmi, Proetti, siz topgan xaridor bilan ayvonga chiqqanda nima topdim? – dedi.
Men unga “U sizni sevib qolgan, shuni topdingizmi?” demoqchi bo‘ldim, ammo tilimni tiydim.
– Ayvonning bir burchagidan Villa Borgezaning katta qismi ko‘rinib turar ekan. Proetti, temirni issig‘ida bosish kerak… Bugun biz sinor Pandolfidan olti yarim million so‘raymiz.
Siz ham tushundingizmi? Pandolfining o‘zini sevib qolganini bilib, uning ishqini o‘yin qilmoqchi. Knyaginaning qo‘lini tutib turgan yigirma lahza unga naqd bir millionga tushyapti: har lahzasi uchun ellik ming lir. Ajoyib ishtaha! Bu safar uning aytgan pulini olishiga ishonchim komil edi. Shu vaqt qalbimda to‘satdan g‘ayirlik, rashk va nafrat tuyg‘usi tug‘yon qildi. Axir, men uning savdodagi dalloli edim, endi esa u meni oshiq-ma’shuqlik ishlariga dallol qilyapti. Xayolimni jamlab olishga ham ulgurmasdan keskinlik bilan:
– Knyagina, mening ishim – dallollik, qo‘shmachilik emas, – dedim va qizarib-bo‘zarib yugurib chiqib ketdim.
U sira ham xafa bo‘lmasdan ortimdan:
– Sizga nima bo‘ldi, Proetti? – deb so‘rab qolgani qulog‘imga chalindi.
Bu uning yoqimli ovozini so‘nggi bora eshitishim edi.
Oradan bir oy o‘tib, xizmatkorlar og‘asi Antonioni uchratib qoldim va undan:
– Knyagina yaxshimi? – deb so‘radim.
– U erga tegyapti.
– Kimga? Undan o‘sha cherdagini sotib olgan Pandolfigami?
– Qanaqa Pandolfi… unga bobo bo‘lishga yaraydigan qari ahmoqqa, janubiy viloyatlik knyazga… Biroq, iyig‘i chiqqan boy. Aytishlaricha, Kalabrining deyarli yarmi unga qarashli emish… Hosili kalom, chinakam ovchining ovi baroridan kelaveradi.
– Hali ham o‘zgarmaganmi?
– Ha, farishtaning o‘zginasi.

Ruschadan Damin Jumaqul tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.