OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Korrado Alvaro. Portlash (hikoya)

Bu sinyor hech qachon hech narsa yozmagan va hech qachon hech narsani  hech kimga hikoya qilib bergan emas. U qariguncha tinch va halol yashab beg‘am hayot uchun yetarli pul to‘plaganidan so‘ng shahar chetidan uy sotib oldi. Yangi uyga ko‘chib o‘tgach, u qog‘oz va xatlarni ko‘p yillardan buyon ilk bor tartibga keltirishga qaror qildi. Ularni kovlashtirayotib, qachondir o‘zi yozgan, allaqachon unutib yuborgan bir necha sarg‘ish, eskirgan varaqlarni topdi. U ancha omilkor, ko‘pni ko‘rgan odam edi, shuning uchun o‘sha varaqlarni o‘qib bo‘lgach, darhol yirtib tashladi. Ularda hech qachon gapirilmaydigan, hech kimga iqror bo‘lmaydigan narsa - insonning ojizlik paytlari haqida gap borardi. Sanasi “19... yil 30 mart” deb belgilangan qog‘ozda u shularni o‘qidi...
“Bugungi tong juda xunuk edi. Osmonning rangi zahil, zamin kichkina va tor ko‘rinadi. Qochaymi? Qayoqqa? Avvallari ko‘ngliga juda yaqin, yashirinsa bo‘ladigan hamma tanish yerlarni birin-ketin eslaysan, biroq ular hamma narsani buzib ko‘rsatadigan bugungi noayon va xira shu’laga cho‘lg‘anib yotibdi; o‘lik havoda daraxtlar beso‘naqay, tog‘lar begona, dengiz jonga tegar darajada ko‘rimsiz tuyulardi. Odamlar esa ming‘ir-sing‘ir gaplariyu bachkana urinishlari bilan ko‘zga bema’ni va rangpar ko‘rinadilar. Goh u, goh bu esdaliklarga qaytasan, birin-ketin tanish manzaralarni xotirangda tiklaysan va butkul yangi nimadir yaratish kerak, degan xulosaga kelasan. Inson hayotidagi bunday daqiqalar o‘ta xavfli: qur’aga uning butun qismati tikilgan bo‘ladi. Tasodifiy uchrashuv, bexos aytilgan bir so‘z butun hayotni to‘ntarib yuborishi mumkin; shuning uchun bunday payt og‘ir xastalik vaqtidagiday to‘rt devor ichiga qamalib, uyda o‘tirish kerak.
Mana, gap nimada: biz tevaragimizdagi odamlarga qanday ko‘rinishni istasak, ularning oldida xuddi shu qiyofada namoyon bo‘lamiz, aslida kim ekanimizni esa, faqat o‘zimiz bilamiz, biroq hech qachon haqiqiy basharamizni oshkor qilishni xohlamaymiz. Ko‘pincha biz o‘zimizni boshqalarga qanday tuyulsak, shundaymiz, deb hisoblaymiz. Shunday bo‘lsa-da, gohida bizni qanday ko‘rayotganlarini bilib qolib, hayron bo‘lamiz. Qarang-a: axir, biz o‘z tashqi qiyofamiz haqida aniq tasavvurga ham ega emasmiz, odatdagi harakat va qiliqlarimizni bilmaymiz, kulayotib yoki gapirayotib, yuzimizdagi ifodani ko‘rolmaymiz. Bular esa odamlar bizni chog‘ishtiradigan va baholaydigan asosiy xususiyatlardir.
Ko‘pincha o‘zingni o‘rab turgan qobig‘ingdan chiqqing, ko‘p yillardan buyon muntazam yashirib kelayotgan narsalarni yorug‘likka chiqarging keladi. Bu esa aynan biz o‘zimizdan norozi bo‘lgan, stoldagi qartalardan tiklangan uychalarni bir qo‘l siltashda buzgan kabi hayotimizni o‘zgartirishni istagan damlardagina yuz beradi. To‘g‘ri, es-hushi joyida bo‘lgan odam uchun bu tasavvurga sig‘maydigan ish. Biroq allakim xuddi shunday qiladi. Ba’zida: “Bilasizmi, N, shunday salobatli, batartib, tuzuk odam, yuz ming lirni o‘zlashtirib yuboribdi” yoxud: “O‘zidan yigirma yosh kichik qiz bilan qochib ketibdi”, - degan gaplarni eshitib qolasan. N. ko‘z o‘ngimizda butukul boshqa odamga aylanadi, uning kechagi qiyofasidan faqat esdaliklargina qoladi; uning o‘tgan bor umri - bir maqsadga: tamoman muttahamlik yoki qochqinlikka qaratilgan aldov.
Men faqat aldov va qochish haqida gapirdim. Boshqa odamga aylanishning yanada oddiy yo‘llari mavjud, kasb-korni o‘zgartirsa, bas, darrov ko‘ngilxushliklar va odatlar ham o‘zgaradi. Kishini tanib bo‘lmay qoladi. Axir, nihoyat odamning badani ham o‘zgaradi-da. Aytishlaricha, har yetti yilda inson organizmidagi hujayralar batamom yangilanadi, birorta qarigan hujayra qolmaydi.
Shunday qilib, odamlar qo‘qqisdan o‘z hayotlarini o‘zgartiradilar, yo‘q, ular bu haqda avval o‘ylab ham ko‘rmaganlar, atayin tayyorlangan reja haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas:  bu shunday bexosdan yarq etgan fikr, kutilmaganda paydo bo‘lgan o‘z hayotini o‘zgartirish va yangi rolni o‘ynashga chanqoqlik.
Muhimi, o‘z hayotini o‘zgartirish istagiga berilmaslik kerak. Buning uchun gohida ozgina narsa: bir imo-ishora yoki ozgina harakat kifoya, hammasi o‘zgarib ketadi. Inson uchun eng asosiysi: o‘zining qalin qobig‘iga ko‘nikmoq va azaldan yozug‘liq rolni o‘ynayvermoqdir. Shunda undan hamma bexavotir bo‘ladi, uni qaerdan topsa bo‘ladi, u qanaqa odam, qo‘polmi yoki muloyimmi, ayyormi yoki soddadilmi, biladilar. Axir, bu rol ham shaxsimizning ajralmas qismiga aylangan, uni o‘zgartirish mumkin emas. Aktyorga qandaydir shamoyil mos kelmaganiday, aynan shu odamga yarashmaydigan imolar, qiliqlar va a’mollar mavjud. Biz hayotimizning eng hushyor daqiqalarida ham hamma harakatlarimiz boshqalarda bizning xulq-atvorimiz haqida yaralgan tasavvurga qanday to‘g‘ri kelayotganini o‘ylab o‘tirmaymiz. Ba’zan shunday bo‘ladi: qaysidir odamning o‘tmishini kovlashtirib bexosdan uning bizga tuyulganidan boshqacha odam ekanini bilib qolasan: hamma uni munis va rahmdil sanardi, u esa o‘zida hech kimga aytmagan qabih instinktlari va buzuq niyatlarini yashirib kelardi; yoki, masalan, o‘zining qo‘li ochiqligi va ko‘ngilchanligi bilan mashhur odamning aslida o‘z yaqinlaridan nafratlanishi ayon bo‘ladi, boshqa keskin va og‘ir xulqli kishida tuganmas mehr-muhabbat yashirinib yotgan bo‘ladi.
Men, masalan, vazmin va beozor odam sanalaman. Balki, rostdan ham, shundaydir, - odamlar men haqimda shunday o‘ylaganlari uchungina o‘zim bu fikrga kelmagandirman. Goho bugungiga o‘xshash nimqorong‘u va zerikarli kunlarda men kutilmaganda o‘zimga qachonlardir avval, hatto ilk bolalikda yetkazilgan ozorlar uchun og‘riq seza boshlayman. Aytish kulgili, albatta, men hatto oynaning oldida soqol qirtishlayotib, butun hayotim muhrlangan,  faqat o‘zim o‘qiy oladigan har bir chandiq, burushiq va ajinlar to‘la yuzimga ustara yurgizayotib ham og‘riq tuyaman. Yuzimga bosiq va sokin tus bergan zahoti zo‘rg‘a bilinadigan, qulog‘imdan iyagimga yo‘nalgan ajin ham darrov chuqur bo‘shliqqa aylanadi. Hayotning eng yurakka yaqin lahzalaridan biri - biz ko‘zgu oldida, o‘tmishimiz va ehtiroslarimiz haqida guvohlik beradigan hujjat - aftimiz bilan yolg‘iz turgan payt. O‘zing bilan ertalabki muloqotdagi eng ko‘ngilni iydiradigan narsa yuzimizga yozilgan mushfiqlikdir. Men hech qachon go‘yoki jismsiz, lekin tirik o‘tmishi bilan yuzlashib, og‘riqdan xolos bo‘lishga urinayotgan ko‘zgudagi o‘xshashimga xotirjam qaray olmayman. Uning javob kutayotganday savolchan nazari-chi: “A-a, bu - sen. Kimsan, nima istaysan? Seni nima kutyapti?” Hamma insonlarni sevging, tushunging keladi, ishonishni xohlaysan. Nima uchun hammasi aksincha bo‘ladi, biz o‘zimizni aynigan, darg‘azab bolalardek tutamiz. Axir, bor-yo‘g‘i bir so‘zni aytish kifoya. Lekin uni hech kim aytmaydi.
Bir kuni shunday g‘alati voqea sodir bo‘ldi: allaqachon kiyingan, jo‘nashga hozirlanayotgan edim, bir daqiqa stol oldida o‘tirdim. Ro‘pramda yalang, mustahkam, suvog‘idagi barcha izlaru barcha o‘nqir-cho‘nqirlargacha menga tanish, ko‘rimsiz devor turardi. Toki devor mavjud ekan, bu izlar o‘chib ketmaydi.
Men o‘z xonamdagi buyumlarni yaxshiroq his qilish uchun begonaning nazari bilan termulishni yaxshi ko‘raman. O‘z o‘rnida turgan yoki tartibsiz sochib yuborilgan bu narsalarning har biridan go‘yo menga sodiq va xokisor bir jonning ingichka, zo‘rg‘a eshitiladigan ovozi kelayotganday bo‘ladi. Ular ham muqim, menga bog‘lanib qolgan. Axir, men qancha yashasam, shuncha yashaydigan, go‘yoki manguga o‘rnatilgan tartibi bor bu mo‘‘jaz koinotni boshqa birov emas, o‘zim yaratganman. Atrofdagi hamma narsa sokinlik, sabr va mening oqilligim, oqilligimga ishonch bilan yashaydi. Bizning uy ichilar, hali uyg‘onmagan oila a’zolari ham aynan shunday o‘ylardilar. Hamma shunday o‘ylardi. Axir, qandaydir arzimagan narsa kifoya. Masalan, bor-yo‘g‘i...
Qarshimda, shunday silliq va toza devorda ulkan siyoh dog‘i yoyilib bormoqda. Men uning kattalashayotgani, g‘aroyib shakllarga - goho daraxt, goho dengiz sakkizoyog‘i, goho allaqanday afsonaviy jonivor qiyofasiga kirib pastga oqib tushayotganiga qarayman. Buni men qildim. Bor-yo‘g‘i bir harakat qildim, stol ustidagi siyohdonni olib devorga irg‘itdim va shu tariqa yangi voqelikni yaratdim. Demak, men o‘zim ham yangi, o‘zgacha zotga aylandim. Xonamdagi barcha buyumlar ham shu zahoti o‘zlarining avvalgi holatlarini o‘zgartirishdi, go‘yoki kitoblar, mayda-chuydalar, kursilar bir joyga uyulishdi, g‘azablangan badjahl otaning oldida qo‘rqib, qaltirab turgan bolalardek bir-biriga qisilishdi. Ba’zi filmlarda shunaqa sahnalar bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay xonaga mangu tiriklikning ertalabki o‘yg‘onishida har doim mavjud bo‘laldigan cho‘pon qizining xiromiday yurish qilib xizmatkor ayol kiradi, men stol yonida xotirjam o‘tiraveraman. U menga qaraydi, keyin devorga va yana menga... So‘ng u, turgan gap: “Voy, nima bo‘ldi?” yoki: “Sho‘rlik sinyor...” - deydi. Ehtimol, hech narsa gapirmas. Darhol, qahva solingan patnisni stolga qo‘yib, u ham o‘zini xotirjam tutishga uringancha, tezroq xonani tark etish istagini yashirishga harakat qilib chiqib ketar. Men, avval ham shunday ishni boshdan kechirganday, xizmatkor qiz qo‘shni xonaga kirib, sinyoraga bo‘lib o‘tgan voqeani aytgach, uyda shovqin ko‘tarilishini aniq tasavvur qilaman, menga ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib kelayotgan odamlarning hayajonini ko‘z oldimga keltiraman. Bu sahar bolalar men bilan xayrlashmay maktabga jo‘naydilar, ularga meni juda band deb aytishadi. Men o‘zimni xotirjam tutaman, hatto quvnoq va ochiqroqman. Xotinim xonaga kirganda, men jilmayaman, biroq bu tirjayish bilan ahvol badtar yomonlashadi; bunday paytda kulish rostdan ham aqldan ozganlikning belgisini namoyish qilish demak, ehtimol, darg‘azab ko‘rinish kerakdir? Keyin u so‘raydi: “O‘zingni yomon his qilayapsanmi? Charchadingmi? Sen dam olishing va davolanishing kerak”. Agar kulsam, hammasini hazilga burmoqchi bo‘lsam - mening ado bo‘lganim, bu bilan noayon qilig‘imning ipini yanada chuvalashtirgan bo‘laman.
Tuzatib bo‘lmas ish qilib qo‘yganimni juda yaxshi bilaman. Qancha yillar o‘tmasin, bu xodisa hayotimda qora dog‘ bo‘lib qolaveradi, u mening atrofimda bezovtalik muhitini yaratadi, agar mushuk bir kuni g‘azabi junbushga kelib, quturgan kabi qiliq qilsa, qaytib unga ham hech qachon ishonmaydilar. Agar men o‘zimni avvalgiday tuta boshlasam, hech kim mendan qilmishimni sababini so‘rab o‘tirmaydi, albatta, ammo tirishqoqligimni kasal bo‘lsam-da, sog‘ ko‘rinishga urinishimda deb o‘ylaydilar.  Bu ish meni butun umr ta’qib qilib yuradi, undan uyimizdagi hamma kishilar, atrofdagi barcha baqqollar xabardor bo‘lishadi, oqsochlar uzzu-kun shu haqda ming‘irlashadilar. Balkim, menga shunday tuyular. Agar men uzoq yillar o‘zimni vazmin va osoyishta tutsam ham xuddi shu sokinlikni ojizligimning belgisi, deb o‘ylaydilar, qo‘shnilar shu tufayli meni aqldan ozgan hisoblashadi. Bir kuni bexosdan, hech qanday sababsiz siyohdonni devorga irg‘itgan odamga kim ham ishonardi? Axir, arzimagan narsa uchun kursini sindiradigan, idish-tovoqni xontaxtadan yerga irg‘itadigan odamlar ham bor-ku. Ha, biroq ular doim shunday yashab kelganlar, shuning uchun hech kim bundan hayron qolmaydi, bu ular uchun odatdagi hol. Lekin, sinyor, shunday jiddiy va...
Bu bor-yo‘g‘i vasvasa, xayol xolos. Siyohdon o‘zining odatdagi joyida turibdi. Silliq devorda dog‘ ham yo‘q. Men aytib bergan hamma narsa faqat xayolimda yuz berdi. Men jar labida edim. Xizmatkor qiz qahva keltiradi, u hamma narsani o‘z o‘rnida, yuzimni har doimgiday ekanini ko‘rib xotirjam bo‘ladi. U devorga hatto qarab ham qo‘ymaydi, hozirgina qanaqa xayollarga borganimni tasavvur ham qilolmaydi. Dunyo go‘zal. Hammasi joyida. Ba’zi fikrlarga kelsak, yaxshisi ularni hech kimga aytmaslik kerak. Bu insonning odatiy jasoratidir. 

Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.