Gyugo Gomerning otasi — shoir. Gyugo Gomer yaqinda to‘qqizga kiradi. U ham, albatta, shoir bo‘ladi. Har holda otasi o‘g‘lining qiyofasida o‘z bolaligini ko‘rgani, to‘g‘rirog‘i, bolaning betakror fe’l-atvoriga qarab, u ham shoir bo‘ladi, deydi. Gyugo Gomer — g‘alatiroq bola. Uning o‘qituvchilari, tengqurlari, qarindoshlari, hamma shunday deyishadi. Otasi esa, aksincha, uni esli-hushli, aqli raso, zo‘r bola deb g‘ururlanadi.
— Janob Alvares Xunko, — to‘satdan iddao bilan chaqirib qoldi baland bo‘yli, qotma, badjahl, zaytun rangli yuzining yonoqlari bo‘rtib chiqqan, ko‘zlariga ichiga tortgan, qoshlari kerilgan Bruno Andon. Bu odam Alvares Xunkoning qo‘shnisi, ilgari moliya vazirligida ishlagan, hozir nafaqa oladi. Uning turli-tuman atirgullarga burkangan go‘zal bog‘i bor.
— Janob Alveres Xunko, — yo‘talib oldi Bruno Andon, — bu gapni aytish men uchun naqadar o‘ng‘aysiz bo‘lsa ham sizga bildirib qo‘yishga majburman... O‘g‘lingiz Gyugo Gomer — o‘g‘ri...
Ayblanuvchining otasi arz etuvchiga og‘ir-bosiqlik bilan savol beradi:
— Qo‘shni, marhamat qilib tushuntirib bersangiz, bu gapingizni nima bilan isbotlaysiz?
— Albatta, hozir hammasini tushuntirib beraman, janob Alvares Xunko! Keyingi paytlarda kimdir bog‘imdan atirgullarni uzayotganini sezib qoldim. Poylab yurdim. Ayni paytda nafaqada bo‘lganim tufayli bog‘ni bemalol kuzatishga vaqtim yetarli. Dastavval o‘g‘ri o‘z ishini — agarda birovning mulkiga ko‘z olaytirishni ish deyish mumkin bo‘lsa — xo‘sh, o‘g‘ri o‘z ishini tunda bajaradi, degan fikrga keldim. Biroq bir necha oqshom uxlamay poylab chiqqanimdan so‘ng bunday emasligiga amin bo‘ldim. O‘g‘ri, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib guvoh bo‘ldimki, o‘g‘irlikni kunduzi sodir etarkan. Hatto bu hodisaning vaqtini ham aniqlashga muvaffaq bo‘ldim: soat ertalabki sakkizlarda. Shundan so‘ng pistirma qo‘ydim. Mening sabr-toqatim, har qalay, sabrning tagi sariq oltin deganlaridek, o‘z samarasini berdi. Mana, yettidan roppa-rosa qirq yetti daqiqa o‘tganda sizning Gyugo Gomer ismli erkatoy o‘g‘lingizni devorning yonida o‘sgan gul butasidan oq atirgulni uzayotganida “ushladim”. Men unga: “Atirgulni nima uchun uzayapsan?”, deb baqirdim. O‘g‘lingiz bo‘lsa, kechirasiz-u janob Alvaro Xunko, sizni xafa qilishni hecham istamaymanku-ya, hali ona suti og‘zidan ketmasdan o‘g‘irlikni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hadisini shunday egallagan ekanki, hatto kiprigini ham qoqmadiya! Ustiga-ustak menga jilmayib boqib nimadir dedi, — nima deganini eshitmadim, chunki qulog‘im og‘irlashib qolgan — menga hurmat ko‘rsatayotganday bosh kiyimini o‘ng qo‘li bilan bir ko‘tarib qo‘ydi-da, o‘z yo‘lida ravona bo‘ldi. Oq atirgulimni olib ketdi!
— Adashmayapsizmi, aniq ko‘rdingizmi... U haqiqatan ham Gyugo Gomer edimi?
— O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, janob, o‘z ko‘zlarim bilan. Xudoga shukr, yetmishga kirayotgan bo‘lsam ham hamon ko‘zlarim o‘tkir. O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim!
— O‘zingizni bosing, qo‘shni, o‘zingizni bosing. Avval o‘g‘limdan so‘ray. Nima bo‘lganda ham, hali uning adabini berib qo‘yaman. To‘g‘risini aytganda, bu voqea meni xavotirga solib qo‘ydi.
— Sekin aytasizmi, janob! Esizgina, shunday yosh bola bo‘laturib-a...
— Unday demang! — Gyugo Gomerning otasi uning so‘zini bo‘ldi. — Fursat bering, bolani aybdor qilishdan avval uning o‘zini ham bir eshitib ko‘ray. Bu hodisa meni o‘ylantirib qo‘ydi.
— Sizning o‘rningizda bo‘lganimda bolani bu yo‘ldan qaytargan bo‘lardim...
— Haqiqatan ham ajablanib qoldim... — bamaylixotir so‘zlashda davom etdi Gyugo Gomerning otasi, — mening o‘g‘lim-a?! Shunday esli-hushli, mo‘min-qobil, shunday farosatli, shunday ta’sirchan bolaya...
— Darrov adabini berib qo‘ying, janob Alvares Xunko! — kuchanib buyruq ohangida vishilladi Bruno Andon.
— Albatta shunday qilaman, qo‘shni.
Janob Alvares qo‘shni xonadan o‘g‘lini chaqirdi:
— Gyugo Gomer!
Gyugo Gomer otasining huzuriga keldi. Uning ko‘zlari chaqnoq, tabassumi nurli.
— Labbay, otajon! Assalomu alaykum! — deb Bruno Andonga salom berdi.
U bolakayning salomiga alik olmadi. Ota o‘g‘liga qo‘shnining ayblovi haqida gapirib berdi va:
— Sen bunga nima deysan, o‘g‘lim? — deb so‘radi.
— Gapingiz to‘g‘ri, otajon.
— Sen qo‘shnimizning bog‘idan gul o‘g‘irladingmi?
— Men o‘g‘irladim demadim-ku, ota, janob Andonning bog‘idan gul uzdim, dedim.
Darg‘azab bo‘lgan qo‘shni oraga gap qo‘shdi:
— Axir, shuning o‘zi o‘g‘irlik emasmi?
— Yo‘q, janob. Atirgul bog‘ning devoridan tashqariga osilib turgan edi, demak, u endi sizniki emasdi. Gul ko‘chaga chiqib turgani sababli sizga emas, ko‘chadan o‘tganlarga tegishli bo‘ladi. Men hech qachon devordan oshib, boqqa tushib atirgul olmaganman. Men uzgan atirgullar bog‘ning devoridan oshib, ko‘chaga chiqib turgan edi.
— Aybsizligingni oqlashning juda qulay yo‘lini topding-a! — jahli chiqqanidan tomog‘i bo‘g‘ilib chiyilladi bog‘ning egasi.
— Bekor aytibsiz, qo‘shni! O‘g‘lim hecham o‘zini oqlashga urinayotgani yo‘q, — dedi Gyugo Gomerning otasi.
— Nima-a? — o‘zini idora qila olmay baqirib yubordi Bruno Andon va shu zahoti nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi. Uning yuzlari bo‘zardi, manglayidagi tomiri o‘qlovday bo‘rtib chiqdi.
— Atirgullarni nima uchun uzgan eding? — so‘radi o‘g‘lidan ota.
— Men gullarni ilgarigi murabbiyam, ikkinchi sinf muallimasi Mora xonimga sovg‘a qilish uchun uzgan edim. U judayam chiroyli! Ovozlari biram mayin. Yuzlari novvotdek, ko‘zlari yulduzdek! Aytmoqchimanki... U menga juda ko‘p mehribonlik qilgan. Bizga ikkinchi sinfda dars bergan paytlarida menga qiziqarli kitoblar sovg‘a qilgan! Endi men to‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda nima uchun uni unutishim kerak?
— Muhtaram! — qichqirdi Bruno Andon. U bolaga “siz” deb murojaat qildi. — Siz o‘sha mehribon va go‘zal qizni, sobiq o‘qituvchingizni unutmaganingiz uchun tahsinga sazovorsiz. Biroq siz nima uchun unga mening hisobimdan mehribonlik izhor etayapsiz? Nega unga mening gullarimni sovg‘a qilyapsiz?
— Men sizga aytdim-ku, axir, janob, o‘sha gullar devordan tashqariga chiqib turgan edi.
— Shuning uchun sen, — o‘shqirdi u bolani yana sensirab, — ularni menga tegishli emas, deb hisoblaysanmi?
— Ha, janob.
— Sudyalar o‘zgacha hukm chiqarishgan bo‘lur edi, shumtaka, o‘g‘ri!
— Janob Bruno Andon, — deya o‘rtaga tushdi bolaning otasi, — Xudo haqqi, bolaning ruhiyatini jarohatlamang. Ko‘rib turibsiz-ku, uning yuzlari oqarib ketdi. Lablari titrab, ko‘zlari yoshlandi, u hozir yig‘lab yuboradi.
— Biroq sizni, janob Alvares Xunko, — sizdek muhtaram yozuvchini manavi to‘qqiz yoshli mishiqining o‘zini oqlash uchun o‘ylab topgan bahonasi g‘azablantirmaydimi?
— Yo‘q! Siz adashayapsiz qo‘shni, mening o‘g‘lim o‘zini oqlash uchun hech qanaqa bahona o‘ylab topayotgani yo‘q. U o‘zini oqlamayapti. Bola mutlaqo samimiy, o‘zining beg‘ubor yuragi ila atirgullaringiz devordan tashqariga osilib ko‘chaga chiqib turgani uchun sizga tegishli emas, deb o‘ylamoqda. Bundan tashqari, u gullarni sotish uchun uzmagan. Agar u gullaringizni pullaganida edi, haqiqatan ham o‘g‘ri bo‘lardi. Axir u gullarni sovg‘a qilgan-ku. Bordiyu u gullarni hozirgi o‘qituvchisiga hadya etib, buning evaziga uning hurmatini qozonishni ko‘zlaganida edi, siz aytganingizdek, mening o‘g‘lim o‘g‘irlik sodir etgan bo‘lardi. Axir, u atirgullarni go‘zal, mehribon, sohibjamol, latofatli, jozibador va saxiy ikkinchi sinf o‘qituvchisiga sovg‘a qilgan va evaziga undan hech narsa talab qilmagan. Va hech narsa talab qilishni istamagan ham. Sizning atirgullaringiz ezgulikka sarf etilgan, axir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular ustoz va shogird o‘rtasidagi go‘zal xotiralarni jonlantirishga xizmat qilgan. Bu tuyg‘ular she’riyatga va ehtimolki, muhabbatga yo‘g‘rilgandir...
— Sizning bu gapingizga qaraganda, — deya ming‘irladi Bruno Andon, — ya’ni, siz demoqchisizki, o‘g‘lingiz mening atirgullarimni uzib, go‘zal, mehribon, latofatli va yana xudo qandaydir fazilatlar bilan siylagan o‘qituvchiga eltib bergani uchun unga rahmat aytishim kerakmi hali? Shuni bilib qo‘ying, janob Alvares Xunko, bordiyu o‘g‘lingiz atirgullarimni men uchun tabarruk bo‘lgan kartizianlarning Muqaddas Bruno ordeni asoschisining mehrobiga olib borib qo‘ygan taqdirda ham men uni baribir o‘g‘ri deb hisoblardim. Biroq siz mening fikrimga qo‘shilmaysiz, shundaymi?
— Yo‘q.
— Demak, siz to‘qqiz yashar o‘g‘ilchangizning bo‘lmag‘ur, aqlga sig‘maydigan, bema’ni, g‘ayriqonuniy xatti-harakatini ma’qullaysiz? Nima ham derdim, uning qilmishini qanday izohlashni bilmayman... Rostdan ham, bu qiliqni nima deb atash mumkin!? Ustiga ustak bolangizning yonini olayotganingizni, janob Alvares Xunko, men aslo ikkilanib o‘tirmay, jinoyat qilayapsiz, deb baholayman. Bola bechorani judayam yaxshi tarbiyalayotgan ekansiz! Yaxshi qoling, janob!
Bruno Andon og‘zidan tupuk sachrab shlyapasini g‘ijimlagancha xonadan chiqib ketdi, ammo shu zahotiyoq eshik qayta ochilib, uning jahldan qizarib ketgan basharasi ko‘rindi.
— Iltimos, janob, bundan so‘ng men bilan salomlashaman, deb ovora bo‘lmang. Baribir alik olmayman.
— Xo‘p bo‘ladi, qo‘shni.
— Bilib qo‘ying, sizni ogohlantiraman: agar o‘g‘lingiz yana bir bor mening atirgulimni uzsa, sizdek tuturuqsiz otaning o‘rniga uni o‘z qo‘llarim bilan jazolayman.
— Tahdid qilyapsizmi?
— Ha, biroq, ehtimol bundan ham yaxshiroq yo‘l tutarman: shu bugunoq devorning yonida o‘sgan gul butalarini tomiri bilan sug‘urib tashlayman, toki ko‘chadan o‘tgan har xil o‘g‘rilarning qo‘li atirgulga yetmasin!
— Yo‘q, yo‘q! — qichqirib yubordi bola. — O‘sha gulbuta shunchalar chiroyliki! Uni sug‘urmang, iltimos! Bundan buyon atirgullarga umuman tegmayman, so‘z beraman...
— Men uni sug‘urib tashlayman, sug‘urib tashlayman! — telbalarcha baqirdi Bruno Andon va eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi.
— Ota, qip-qizil jinni ekan-ku bu odam! — deya hayron bo‘ldi Gyugo Gomer.
— U, albatta, o‘zini aqlliman, deb o‘ylaydi, — ta’kidlaydi otasi. — U va unga o‘xshagan o‘z manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi xudbinlar bizni telba, deb o‘ylashadi. Har ehtimolga qarshi, bunday janjallarning oldini olish uchun bundan keyin birovning bog‘idan gul uzmagin, xo‘pmi?
— Mabodo atirgullar devordan osilib tashqariga chiqib turgan bo‘lsa hammi? — dedi yana soddadillik bilan bola.
— Ha, o‘g‘lim, gullar ko‘chada turgan bo‘lsa ham uzmagin. Men esa har haftada senga sevimli o‘qituvchingga sovg‘a qilish uchun gul sotib olishga qancha pul kerak bo‘lsa, berib turaman, xo‘pmi?
— Xo‘p bo‘ladi, otajon! Ota, bilasizmi... — deya jim bo‘lib qoldi bola.
— Xo‘sh-xo‘sh, nima demoqchisan, o‘g‘lim?
— Bilasizmi, men unga atirgul sovg‘a qilgan paytda u mening bo‘yimga yetguncha egiladi-da yuzimdan o‘padi. Uning yuzlari baxmaldek, haqiqiy baxmaldek mayin, issiqqina, xushbo‘ygina. — Yana uyalibgina jim bo‘lib qoladi bola.
— Ko‘nglingdagi gapni aytaver, o‘g‘lim. Eshitaman, bolam, nima demoqchi eding.
— Ota, men yigirmaga kirganimda ana shu o‘qituvchimga uylansam bo‘ladimi?
— O‘h-ho‘, yana o‘n bir yil kutishing zarur. Xo‘sh, u hozir necha yoshda ekan?
— Yigirmada. O‘zidan so‘rab bilib oldim.
— Demak, sen yigirmaga kirganingda u o‘ttiz birga to‘ladi. Misol uchun, agar sen o‘shanda uning qiziga uylansang, yaxshi bo‘lardi. Nima deysan?
— Uning qizi ham o‘ziga o‘xshagan chiroyli bo‘ladimi?
— Albatta.
— Yaxshi, otajon, unda men, mayli, uning qiziga uylanaman.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 39-sonidan olindi.