Bizning avlodga mansub eng yaxshi yozuvchilar Kristian Menetriening ijodidan zavqlanishgan. Rost, uning dushmanlari ham oz emas edi; buning sababi qisman shunda ediki, qaerda muvaffaqiyat bo‘lsa, o‘sha yerda dushman ham paydo bo‘ladi. Bundan tashqari Menetrieni ancha kech tan olishdi. Bu paytga kelib qalamkash do‘stlari va munaqqidlar uni tor doiradagi odamlar uchun yozadigan shoir deb hisoblashga ko‘nikib qolishgan edi. Bunaqa shoir hurmatga sazovor, lekin elu-yurtning og‘ziga tushadigan darajada dong tarata olmadi. Shuning uchun uning asarlaridan zavqlansa bo‘laveradi, buning hech qanday xatarli joyi yo‘q. Menetriening obro‘ qozonishiga xotini Kler sababchi bo‘lgandi. Bu ayol ancha shuhratga o‘ch, serharakat, sal narsaga "pov" etib yonib ketadigan edi. 1927 yilda bastakor Jan Fransua Montelni erining "Mersin va Viviana" degan lirik dramasiga muzika yozishga ko‘ndirgandi. Ammo Kristianning teatr sahnasidan tushmaydigan asarlar muallifiga aylanishida aktyor Leon Loranning xizmatlari katta. Buning tarixi deyarlik hech kimga ma’lum emas, mening fikrimcha, u diqqatga sazovor, chunki ijodiy jarayonning ba’zi bir kam o‘rganilgan jihatlarini yoritib beradi.
Ikki urush oralig‘idagi fransuz teatrining qayta tiklanishiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan Leon Loranni birinchi qarashda komediant akter deb qabul qilish juda qiyin edi. U o‘ziga bino qo‘yishdan butunlay uzoq edi; hamisha istagan durdona asarning muvaffaqiyatiga xolis ko‘maklashishga tayyor turardi. Bu odam tom ma’noda teatr san’atining quli edi, ayni chog‘da g‘oyatda bilimdonligi bilan ajralib turardi. U san’atda yaxshi ko‘rgan narsalarning hammasi chindan ham qadrlashga munosib edi. U o‘ta murakkab, ko‘pchilikka manzur bo‘lmagan asarlarni ham ipidan-ignasigacha bilar va tushunardi. U o‘zining truppasini barpo etib, Esxilning "Prometey"ini, Yevripidning bir pesasini va Shekspirning "Bo‘ron"ini sahnaga qo‘yishdan cho‘chimadi. Uning Prospero va Arieli Elen Messer ijrosidagi rolni ko‘pchiligimizning qalbimizda eng yuksak xotiralar qatorida muhrlanib qolgan. Akter va rejisser sifatida Loran Moler, Myusse va Marivo asarlariga yangi hayot baxsh etdi. Holbuki, bu choqlarda Komedi Fransez teatri chuqur uyquda edi U Eduar Burdeni kutardi. Komedi Fransezni uyqudan uyg‘otish shu odamning qismatiga yozilgandi. Nihoyat, bizning hozirgi yozuvchilarimiz orasidan Loran shoirona teatrning go‘zal an’analarini davom ettirishga layoqatlilarini qidirib topdi. Fransiya dramaturgiyasida u maktab yaratdi va butun boshli mualliflar avlodini barpo etdi.
Men boya aytdim — birinchi qarashda Loranni akter deb qabul qilish qiyin. Chindan ham, uning gapirish uslubini ko‘rgan, ohangini eshitgan odam Loranni o‘qituvchi yoki vrach degan xayolga borardi. Biroq bunday taassurot tezda yo‘qolardi. Uning sahnadagi ijrosini besh minutgina kuzatib tursangiz kifoya — siz shu ondayoq qarshingizda ulug‘ aktyor turganiga, u boshqalarning qiyofasiga kirish qobiliyatiga ega ekaniga va mahorat bilan "Sinna"dagi ulug‘vor Avgust, "Sevilya sartaroshi"dagi ham foje, ham kulgili Bazil bo‘la olishiga yoxud "Garov o‘ynamanglar" komediyasidagi abbat rolini ijro etib, tomoshabinlarni kuldira olishiga ishonch hosil qilasiz.
Kristian Menetrie Lorandan zavqlangan, u ishtirok etgan premeraning birontasini ham qoldirmay ko‘rgan, lekin oraga Kler Menetrie aralashmaganda yozuvchi bilan aktyor o‘rtasida hech qachon shaxsan tanishuv sodir bo‘lmasligi mumkin edi, chunki ularning ikkovlari ham o‘lgudek tortinchoq edilar. Kler ham xuddi eriga uxshab Leon Loranning mahoratidan g‘oyatda zavqlanardi. Kler erining teatr uchun asar yozishini orzu qilardi va juda yaxshi bilardiki, faqat chinakamiga yuksak madaniyatli aktyorgina uni bu yo‘lga burib yubora oladi. Shuning uchun har nima qilib bo‘lsa-da, Leonni o‘zlarining yaqin do‘stlari qatoriga qo‘shib olishga urindi va bunga muvaffaq bo‘ldi. Kler hali ham bag‘oyat go‘zal ayol edi, Loran esa go‘zal ayollarga maftunkorligi bilan shuhrat qozongandi. Buning ustiga-ustak, erkaklar tanishishgan soatlaridan boshlaboq teatr hakida qizg‘in bahsga kirishib ketganlar. Teatr masalasida Kristianning o‘ylab qo‘ygan rejalari ko‘p edi, ularning ko‘pchiligi mashhur aktyorning qarashlariga to‘g‘ri kelib qoldi.
— Realistlarning eng katta xatolari shundaki, — dedi Kristian, — ular sahnada kundalik nutqdan qullarcha nusxa ko‘chirishadi... Holbuki, tomoshabin teatrdan butunlay boshqa narsani axtaradi... Shuni unutish kerak emaski, drama marosimdan bunyodga kelgan, tantanali yurishlar, chiqishlar va xorlar unda juda katta o‘rin tutgan. Komediyada ham shunaqa... Bizga uqtirishadiki, Moler Sarroflar ko‘prigidagi odamlarning tiliga rioya qilgan. Ehtimol shundaydir... Boringki, ana chindan ham shunday bo‘lsin. Ammo u o‘sha odamlarning tiliga rioya qilgan bo‘lsa, tilga jilo berish uchun shunday qilgan.
— Gapingiz to‘g‘ri, — deb javob berdi Leon Loran. — Siz mutlaqo haqsiz. Shuning uchun ham, Menetrie, siz teatr uchun yozing deyapman-da... Lirik kitoblaringizni qarang; obrazlaringizning nafisligini ayting... Yuzaki taassurotlarga xilof ravishda ularda aktyorlar uchun ajoyib material bor. Zimmangizga haykaltaroshlik rolini oling. Siz yaratgan haykallarga biz jon bag‘ishlaymiz.
Loranning jumlalari qisqa-qisqa edi. Uning chiroyli ovozi tufayli bu jumlalar juda ta’sirchan chiqardi.
— Men shundoq ham teatr uchun yozyapman-ku, — deb javob berdi Kristian.
— Yo‘q, azizim! Yo‘q!.. Siz dialog dostonlar yozyapsiz. Ularni uyda o‘choq oldida o‘rindiqda o‘tirib o‘qisa bo‘ladi. Lekin siz hali bir marta ham tomoshabin qarshisiga chiqqan emassiz.
— Pesalarimni qo‘yishmasa nima qilay?
— Undan ko‘ra men hech qachon asarlarimning sahnada qo‘yilishiga harakat ham qilmaganman deng... Siz hech qachon sahna qonunlari bilan hisoblashgan emassiz. Busiz, axir, teatr bo‘lmaydi-da...Men uchun asar yozib bering... Ha, do‘stim, shaxsan men uchun... O‘shanda ko‘rasiz repetitsiyaning nima ekanini. Repetitsiya degani eng yaxshi maktab... Bilasizmi, mening nazarimda sizda bittayu-bitta nuqson bor — siz simvolizmga xos yuzakilikdan hali butunlay xalos bo‘lib ketganingiz yo‘q... O‘zingiz yozgan matnni sahnadan eshitib ko‘ring, asarning xom joylarini o‘zingiz darrov payqab olasiz. Dramaturg uchun teatr sahnasi — notiq odam uchun uning ovozi yozilgan tasmaday gap. U tasmani eshitib o‘tirib, o‘zining nuqsonlarini aniqlaydi va ularni tuzatadi.
— Xuddi shu gaplarni men ham ertadan-kechgacha Kristianning qulog‘iga quyaman, — dedi Kler. — U teatr uchun yaratilgan.
— Bilmadim-ov, — dedi Kristian.
— Bir unnab ko‘ring, bir joyingiz kamayib qolarmidi. Yana takror aytaman — men uchun pesa yozib bering.
— Syujeti qanaqa bo‘lsin?
— Qanaqa bo‘lardi. Yuzlab syujetlar bor, — dedi Leon Loran. — Yo tavba, axir, har gal uchrashganimizda menga biror pesaning birinchi pardasini aytib berasiz. Deyarlik har gal juda zo‘r bo‘ladi. Syujet deysiz! Siz stolga o‘tirib, o‘sha menga aytib berganlaringizni qog‘ozga tushirsangiz bas. Umuman, bundan ham osonroq ish yo‘q. Siz menga olib keladigan har qanday pesani men surishtirmay qo‘lga olaman.
Kristian bir lahza o‘ylanib qoldi.
— Menda bir fikr bor, — dedi u. — Bilasizmi, meni hozir urush xavfi qattiq tashvishlantiryapti. Men Germaniyada hukmronlik qilayotgan telbalarning oshkora rejalariga fransuzlarning diqqatini jalb qilmoqchi bo‘lyapman, lekin afsuski, harakatlarim zoe ketyapti.
— Men "Figaro"dagi maqolalaringizni o‘qiganman, — dedi Leon Loran. — Ular yaxshi yozilgan. Foydali maqolalar. Faqat, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, pesa o‘ta zamonaviy bo‘lsa...
— Yo‘q-e, men sizga zamonaviy hayotdan olingan pesani taklif qilmoqchi emasman. Men voqeani butunlay boshqa bir davrga ko‘chirishni istardim. Esin-gizda bormi, Filipp Makedonskiy yashash uchun maydon talab qilib, birin-ketin kichkina yunon davlatlarini fath etganda afinaliklar o‘zlarini qanday tutishgan? "Ehtiyot bo‘linglar! — deb ta’kidlagan afinaliklarga Demosfen. — Ehtiyot bo‘linglar! Agar sizlar Chexoslovakiyaga yordamga kelmasanglar, o‘zingiz ham muqarrar halok bo‘lasiz!" Ammo afinaliklar ko‘ngilchan edilar, hamma narsaga yengil-elpi qarardilar. Buning ustiga Filippning ayg‘oqchilari bor edi... Demosfen mag‘lubiyatga uchradi... Keyin esa go‘zal kunlardan birida Afinaga ham navbat yetib keldi... Bu ikkinchi parda bo‘ladi.
— Juda ham soz! — deb xitob qildi qiziqib qolgan Leon Loran. — Juda yaxshi. Ana, syujet ham tayyor ekan. Endi bu ishni paysalga solmasangiz bo‘dtsi. Darhol ishga kirishing!
— Shoshmasangiz-chi! — dedi Kristian. — Men hali yana u-bu narsani o‘qib chiqmog‘im kerak. Lekin sizning Demosfen rolida qandoq o‘ynashingizni hozirdan tasavvur qilyapman. Siz, albatta, Demosfen rolini tanlaysiz, shundaymi?
— Bo‘lmasa-chi!
Zavqqa to‘lgan Kler tongga qadar ularning bo‘lg‘usi pesa haqidagi bahslariga mahliyo bo‘lib o‘tirdi. Loran bilan Menetrie xayrlashayotganda, pesaning asosiy sahnalari belgilab olingan edi. Kristian hatto finaldagi iborani ham o‘ylab qo‘ydi. Ko‘pdan-ko‘p alg‘ov-dalg‘ovlardan keyin Filippning o‘limi Afinani qutqarib qoladigan mo‘‘jiza bo‘lib ko‘rinadi. Biroq Demosfen mo‘‘jizalarning davomli ekaniga ishonmaydi, afinaliklarni ularning o‘z irodasi, mardligi va matonatidan boshqa hech narsa qutqara olmaydi deb qattiq ishonadi. "Ha, — dedi u, — eshitdim... Filipp o‘lipti... Xo‘p, Filippning o‘g‘lining ismi nima?" Kimdir javob beradi: "Aleksandr!"
— Juda soz! — deb xitob qildi Leon Loran. — Juda soz! Bu iborani qanday talaffuz qilishimni hoziroq tasavvur qilib turibman... Menetrie, agarda pesani bir oy mobaynida yozib tugatmasangiz, sizni teatrga nomunosib odam ekan deyman.
Bir oydan keyin pesa bitdi. Endilikda biz bilamizki, pesa Kler bilan Loranning hamma umidlarini oqladi. Pesani teatrda o‘qidilar — shuning o‘zida muallif chinakam tantana qildi. Pesa o‘qilgandan keyin rollarni qanday taqsim qilish, qaysi muddatda asarni sahnaga qo‘yish, repetitsiyalarni qay vaqtda o‘tqazish to‘g‘risida kelishib olish uchun Loran muallifning huzuriga keddi. Aktyorning qiyofasi tashvishli edi. U nimadandir xijolatda. Hamma san’atkorlar kabi Kristian ham gap o‘zlarining asarlari to‘g‘risida ketganida o‘lguday badgumon bo‘lib qolardi. Hozir unga Loran pesadan uncha qoniqmaganday ko‘rindi.
— Yo‘q, — dedi u xotiniga Leon Loran ketgach. — Yo‘q, nimadir unga yoqmayapti... Nima bo‘lsaykin?.. Menga aytmadi... Hech narsa demadi... Lekin sezilar-sezilmas allanimasi bor edi... Yo‘q, pesa unga ma’qul bo‘lmadi deyolmayman... Bil’aks, u bu gal ham o‘zining roli to‘g‘risida juda berilib gapirdi. Uning samimiyligaga shubha qilib bo‘lmaydi... Lekin qandaydir aytilmagan bir fikri bor-da... Gap nimadaykin?.. Tushuna olmadim...
Kler jilmaydi.
— Kristian, — dedi u. — Siz ulug‘ yozuvchisiz. Men chin yurakdan sizga qoyil qolaman. Ammo eng oddiy insoniy munosabatlar masalasida o‘taketgan darajada anoyisiz. Gapimga ishonavering. Men hatto Loranni ko‘rmay turib ham nima voqea ro‘y berganini bilaman.
— Qani ayting!
— Aniqroq aytganda, nima voqea ro‘y bermaganini bilaman... Gap shundaki, azizim, sizning pesangizda Elen Messer uchun rol yo‘q. Insof yuzasidan tan oling, men sizni bu to‘g‘rida ogohlantirgan edim.
Kristian g‘ashlik bilan e’tiroz bildirdi.
— Bu asarda Messer uchun qanaqa rol bo‘lishi mumkin edi? Messer komediyalarda juda o‘rinlatib o‘ynaydi, unga Myusse va Marivoning rollari mos keladi, ammo, o‘zingiz ayting, siyosiy fojiada u nima qiladi?
— Oh, jonginam, siz mutlaqo boshqa-boshqa masalalarni qorishtirib yuboryapsiz! Gap Elenning siyosiy fojiada nima qilishi haqida ketayotgani yo‘q. Masala ancha jo‘nroq — shunday qilingki, Leon Loran bilan ma’shuqasi o‘rtasidagi inoqlikka putur ketmasin, — Elen Messer — Leon Loranning ma’shuqasimi?
— Nima balo, oydan tushganmisiz, azizim. Ular to‘rt yiddan beri birga turishadi-ku.
— Men qayoqdan bilay? Pesamning nima daxli bor bunga? Yoki siz o‘ylaysizki, Loran...
— Men o‘ylamayman, Kristian, men aniq bilaman, Loran nimani xohlashini. Siz agar uni shunga majbur etsangiz, u Messer uchun rol talab qiladi... Shuni ham aytib qo‘yay, menimcha, uni rozi qilish unchalik qiyin bo‘lmasa kerak... Bitta personajni qo‘shib qo‘yish sizga qiyinmi?
— Sira iloji yo‘q. Bu pesaning kompozitsiyasini buzib yuboradi.
— O‘zingiz bilasiz, Kristian... Mayli, bu mavzuga yana qaytarmiz... Ular chindan ham bu mavzuga qaytishdi. Loran borgan sari qovoq-tumshug‘i osilib, tashvishliroq bo‘la boradi. Keyin u asarni sahnalashtirishning qiyinchiliklari, teatr zimmasidagi avvalgi majburiyatlar, bo‘lg‘uvsi gastrollar to‘g‘risida gapira boshladi. Pesani yozib tugatganidan beri uning sahnada paydo bo‘lishini toqatsizlik bilan kutayotgan Kristian ham serzarda bo‘lib qolgan, doim qovog‘i soliq yurardi.
— Azizim, — dedi unga Kler. — Biror gal meni Loran bilan holi qoldiring. U yuragidagi bor gapni menga to‘kib soladi. Sizga va’da beraman — men hamma ishni o‘rniga qo‘yib, sarishta qilaman. Albatta, siz ayol rolini yozib berasiz...
— Kanday qilib yozaman uni? Pesani qayta boshdan yozib chiqolmayman-ku? Har holda, men uni san’at asari deb hisoblashga jur’at ettandim. Endi birovning injiqligi deb...
— Oh, Kristian, bu, axir, juda ham oson gap-ku... Buning ustiga xayolot olamingiz juda boy bo‘lsa... Mana, loaqal ikkinchi pardani olaylik. Makedoniyaliklar Afinada o‘zlarining xufiyalarini joylashtiradi. Nahotki, shu ishda ular bironta aql-idrokli satangning xizmatidan foydalanishmasa... U badavlat afinaliklardan, bankirlardan, davlat arboblaridan birining mahrami bo‘lishi mumkin... Mana, sizga tayyor personaj. Yana uning haqqoniyligini aytmaysizmi!
— Hm, durust... Agar shunday qilinsa... Bilasizmi, siz haqsiz — dunyoning o‘ziday ko‘hna maxfiy targ‘ibot usullarini ko‘rsatish juda maroqli...
Kler Kristianning xayolot olamiga tashlangan har bitta urug‘, albatta, unib chiqishini bilardi. Endi u Loranni iskanjaga oddi va bunda ham to‘la g‘alabaga erishdi.
— O, juda ajoyib fikr-a! — dedi Loran yengil tortib. — Bilasizmi, bu to‘g‘rida yurak yutib, eringiz bilan gaplashgani jur’at qilolmovdim — uning asarlari haqida gap ketadigan bo‘lsa, uning yaqiniga yo‘lab bo‘lmay qoladi. Hatto Shekspir ham "Yuliy Sezar"da... Kornel ham Goratsiylar darajasiga Sabina siymosini kiritgan, Rasin esa Fedra haqidagi mifga Arisiyani qo‘shgan... Bundan tashqari, xonim, sizga ochig‘ini aytib qo‘ya qolay: Elen uchun rol bo‘lmasa, unaqa pesani qo‘yishga uncha hushim yo‘q edi... Istamasdim... Bilasizmi, Elen yosh, menga bog‘lanib qolgan, lekin raqs tushishni yaxshi ko‘radi, yolg‘izliqdan o‘tdan qo‘rqqanday qo‘rqadi... Agar men har oqshom teatrda band bo‘ladigan bo‘lsam, u boshqa erkaklar bilan maishat qila boshlaydi. Unda men tinchimni yo‘qotib qo‘yaman. Ammo bordi-yu sizning eringiz uning uchun kichikroq bir rol yozib bersa, hammasi joyiga tushadi... Bir haftadan keyin repetitsiya qila boshlaymiz...
Shu tarzda Mirrina obrazi tug‘ildi. Bu obrazni yaratar ekan, Kristian bir vaqtning o‘zida ham Aristofanning ba’zi bir zukko va behayoroq qahramon ayollarini, ham Marivoning tannozlarini esladi. Ularning rollarini o‘ynab Elen Messer sahnada ilk shuhratini qozongan edi. Mana shunday g‘aroyib chatishma oqibatida muallifning o‘zini ham lol qoldirib, juda maftunkor o‘ziga xos obraz tug‘ildi. "Artistlar maza qilib o‘ynamaydigan g‘oyatda noyob obraz chiqdi-da!" — dedi Loran.
Kler Elen Messerni tushlikka taklif qildi. Menetrie unga pesaning yangi variantini o‘qib berdi. Elen kipriklari uzun-uzun, jussasi kichkina dilbar ayol edi. U juda ehtiyotkor va mushukdek quvgina edi. U kam gapirardi, lekin biror marta ham bema’ni gap aytgani yo‘q. Kristianga u juda manzur bo‘ldi.
— Elen go‘l ayollar rolini o‘ynashga mohir ko‘ringani bilan, aslida u bevafo makkoralar roli uchun yaratilgan ekan.
— U sizga haddan ziyod ma’qul bo‘lib qoldimi, Kristian?
— O, yo‘q! Axir, u Loranni yaxshi ko‘radi-ku. Loran uning xushtorigina emas, uni yo‘qdan bor ham qilgan. Elen — Loran ijodining mahsuli. Loran bo‘lmaganda, u nima bo‘lardi deysiz?
— Kristian, nima deb o‘ylaysiz — Elen o‘zidagi ko‘pgina fazilatlar Loran tufayli bino bo‘lganini anglagani uchun, unga nisbatan iliq tuyg‘ularga egami? Aksincha, menga butunlay boshqacha tuyuladi. Menimcha, uning yuragining bir chekkasida Loranga nisbatan allanechuk g‘ashlik bor... Keling, bizga nima! Rol unga ma’qul bo‘ldi, demak, hamma ish joyida.
Darhaqiqat, bir hafta mobaynida hamma ish juda silliq kechdi. Lekin bir haftadan so‘ng yana Loranning qovoq-tumshug‘i osilib qoldi.
— Unga nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kristian.
— Bu gal bilmadim, — deb javob berdi Kler. — Lekin bilib olaman. Loran chindan ham sirini ko‘p yashirib yurmadi. Bir kuni Klerga yozildi:
— Gap bunday bo‘lyapti: rol juda yaxshi, Elen ham xursandliqdan og‘zi qulog‘ida. Lekin... Bilasizmi, biz bir uyda yashaymiz. Teatrga borish zarur bo‘lganda bitta taksi olamiz. Boshqa-boshqa borishdan nima ma’no bor?.. Bordi-yu Elen sahnada ikkinchi pardadagina paydo bo‘ladigan bo‘lsa, bir soat davomida u o‘zining xonasida nima qiladi? Yo zerikib, siqilib o‘tirishi kerak — bunga uning butkul toqati yo‘q. Yoki bo‘lmasa, jazmanlarini qabul qilmog‘i kerak... Men o‘zimni yaxshi bilaman — shunday qilsa, bu darhol mening o‘yinimga ta’sir etadi... Yuragimda sanchiq turishini aytmayoq qo‘yaqolay! Albatta, Kristian Menerie mening yuragimning kafshshigani olgan emas, lekin o‘yinimning sifati...
— Xullas, — dedi Kler, — siz Mirrinaning sahnada birinchi pardada paydo bo‘lishini istaysiz? Shundaymi?
— Xonim, sizdan hech narsani yashirib bo‘lmaydi.
Kler eriga bu yangi talabni ma’lum qilganida, avval erining g‘azabi qo‘zigan: "Bironta yozuvchiga bunaqa sharoitda ishlash to‘g‘ri kelgan emas". Ammo Kler Kristianning fe’lu atvorini juda yaxshi bilardi: birinchi navbatda, uning vijdonini tinchitish zarur edi.
— Kristian, hamma dramaturglar xuddi shunaqa sharoitda ishlashgan... Siz juda yaxshi bilasizki, Shekspir o‘z artistlarining tashqi qiyofasini hisobga olishga majbur bo‘lgan. Rasin esa Shannel uchun yozgan. Bu to‘g‘rida madam de Sevin guvohlik beradi.
— U Rasinni juda yomon ko‘rgan.
— Yomon ko‘rgani bilan uni yaxshi bilgan.
Mirrina birinchi pardada paydo bo‘ldi. Artistlarshshg teatrga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan taksi muammosi spektakldan keyin ham butun keskinligi bilan ko‘ndalang bo‘lgani to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha bo‘lsa kerak. Xullas, pesaning so‘nggi variantida Mirrinaga uchinchi pardada ham qatnashishga to‘g‘ri keddi. Bunda ham Klerning aralashuvisiz ish bitmadi.
— Rost-da, Kristian, bu Mirrina deganlari mag‘lubiyatga uchragandan keyin xush axloq vatanparvar juvonga aylanib qolsa bo‘lmaydimi? Mayli, u partizanlar safiga qo‘shilsin, Demosfenning ma’shuqasi bo‘lsin.
— Rostini aytsam, Kler, sizning maslahatlaringizga amal qiladigan bo‘lsam, hademay Gollivudniki singari bachkana asarlar yozadigan darajaga tushib qolaman... Bo‘ldi, yetar... Boshqa bir satr ham qo‘shmayman.
— Yengiltabiat ayol vatanini yaxshi ko‘rsa nima bo‘pti? Buning nimasi yomon? Kanaqa bachkanaligi bor? Nimasi haqiqatga o‘xshamaydi? Hayotda bunaqa voqealarni har qadamda uchratish mumkin. Kastilone Ytaliyani birlashtirish haqidagi ehtirosli orzusi bilan Napoleon III ni maftun etgan edi... Faqat Mirrinadagi o‘zgarishlarni nazokat bilan kutilmagan bir tarzda ko‘rsatish kerak... Bunaqa sahnalarni yozishda sizga teng keladigani yo‘q. Demosfen bilan oshiq-ma’shuqlik masalasiga kelganda, men, albatta, hazillashdim...
— Nega hazil bo‘lar ekan? Fransuz inqilobining juda ko‘p arboblari... Xotirjam bo‘lgan Kler Loranni tinchitishga oshiqdi. Shunday qilib boyigan va tarvaqaylab ketgan Mirrinaning roli pesadagi asosiy rollardan biriga aylandi.
"Bosh" repetitsiya kuni ham yetib keldi. Bu chinakam tantana edi! Butun Parij xuddi Loranga o‘xshab Mirrinaga maftun bo‘lgandi. Menetriega o‘xshab siyosiy voqealardan yuraklari taka-puka bo‘lgan va g‘ayrishuuriy tarzda Esxilning "Forslar"iga o‘xshash milliy dramaturgiyani qo‘msagan tomoshabinlar muallifni olqishlarga ko‘mib tashlashdi. Munaqqidlar biron marta ham masxaraomuz ohanglarga berilib ketmay, antik syujetga zo‘r mahorat bilan zamonaviy ruh bag‘ishlagani uchun muallifni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdi. Hatto o‘zining hamkasaba birodarlariga hamisha o‘ta talabchan bo‘ladigan Faber ham kosa tagida nimkosa qilib Klerga bir necha og‘iz iliq gap aytdi.
— Go‘zal qora qiz, — dedi u Klerga, — bu Mirrinaga sizning ham qo‘lingiz tekkan ko‘rinadi. Gap yo‘q: bu haqiqiy ayol; tirnog‘ining uchigacha ayol. Betavfiq eringiz hech qachon sizning yordamingiz bo‘lmasa, bunaqa obrazni yarata olmasdi... Tan olavering, Kristian ayollar masalasida hech narsaga tishi o‘tmaydi...
— Mirrina sizga yoqqanidan bag‘oyat xursandman, — dedi Kler. — Lekin bu ishga mening daxlim bo‘lgani yo‘q.
Ertasi kuni Rober Kam o‘zining taqrizida faqat Mirrina haqida yozipti. "Bugundan boshlab, — depti u. — Mirrinaning nomi Agnessa yoxud Selimenalarning nomi kabi juda mashhur bo‘lib ketadi". Erining yelkasi osha maqolani zavq bilan o‘qib chiqqan Kler o‘zini tutib turolmay, shunday dedi:
— Buni qarang-a, agar o‘sha taksi mojarosi bo‘lmasa edi, Mirrina hech qachon dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘lardi.
Qolgan gaplar adabiyot tarixiga aloqador. Ma’lumki, "Filipp" ko‘pgina tillarga tarjima kilindi va yangi fransuz teatrini boshlab berdi. Lekin o‘tgan yili Elen Messer Loranni tashlab, Gollivud rejissyoriga erga tekkanini va Loran Kristian Menetriening bevasi, marhum dramaturgning mualliflik huquqlari bo‘yicha vorisi Klerga pesadan Mirrina rolini o‘chirib tashlashni so‘rab murojaat qilganini kamdan-kam kishi biladi.
— Axir, siz bilan biz bilamiz-ku, — dedi u, — bu rol pesada tasodifiy ravishda paydo bo‘lgan. Pesaning birinchi variantida yo‘q edi. Eski variantni tiklasak nima kilarkin? Shunday kilsak, Demosfen roli ancha yutgan bo‘lardi. Rostini aytsam, ishqiy mojarolardan holi "Demosfen" menga ko‘proq ma’qul edi...
Shunday qilinsa, Mirrina rolini ijro etishga yangi aktrisa qidirib ham yurilmaydi... Bu rolni o‘chirib tashlasak, maoshdan ham ancha tejab qolardik. Biroq Kler bu taklifni yumshoqqina, lekin qatiy ohangda rad etdi.
— Ishonchingiz komil bo‘lsin, Loran, siz ko‘pda kiynalmay yangi Mirrinani barpo eta olasiz. Buni siz juda o‘rinlatasiz... Men esa erimning pesasida hech qanday o‘zgarish bo‘lishini istamayman. Kristian jamlagan narsani bir-biridan ajratish kerak emas...
Shunday qilib, zaruriyat va ilhom farzandi o‘laroq dunyoga kelgan Mirrina jahon sahnalari bo‘ylab o‘zining muzaffarona yurishini davom ettirdi.
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.