O‘ruch do‘xtir hayotidan nolimasdi. Sog‘lig‘i joyida, qirq beshni qoralagan bo‘lsa ham, hozirgacha loaqal qattiqroq tumov bilan og‘riganini eslolmasdi. Oilasidan ham ko‘ngli to‘q. O‘zidan olti yosh katta xotini Pokiza ro‘zg‘orbop ayollardan. Uy-joyni saranjom-sarishta saqlaydi, pishir-kuydirga ham usta, o‘zi esa xokisor, kamsuqum, og‘ir-bosiq xotin. Biror marta eriga: “Qayoqqa ketuvdingizu, qayerdan kelyapsiz, erta yoki kech qaytdingiz”, deya iddao qilmagan.
O‘ruch har kun ertalab uyg‘onganida, oshxonada yangi damlangan achchiqqina choy, qaynagan tuxum yoxud quymoq, pishloq, sariyog‘, issiq nonlar tayyor turardi. Kiyimlari dazmollangan, poyabzali artib tozalangan, tugmalari bir kun avval sal bo‘shab turgan bo‘lsa, ertalab boshqatdan qadalgan bo‘lardi.
O‘g‘li ham qobilgina chiqdi – o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, o‘qishga ham deyarli o‘z kuchi bilan kirgan. Ikkinchi kursga o‘tishi bilan o‘qishini bir og‘iz iltimos bilan Maskovdagi Ikkinchi Tibbiyot oliygohiga ko‘chirtirdi. Har hafta ota-onasi bilan qo‘ng‘iroqlashib turadi, bayramlarda tabriknomalar yuboradi. O‘ruch ham har oyning boshida o‘g‘liga otning kallasidek pul yuborib turadi.
O‘z ishi ham o‘ziga yoqardi. Shaharning taniqli ruhshunoslaridan edi. Hatto, tez-tez qabuliga kirib turadigan ajabtovur bemorlar, ular bilan bog‘liq turfa hangomalar ham hayotining bir bo‘lagiga aylanib bo‘lgandi. Kimgadir yordami tegsa, quvonar, tuzalmaydigan, umidsiz bemorlar uchun esa, ortiqcha qayg‘urib o‘tirmasdi. Axir, kimningdir bunday bedavo dardga yo‘liqishiga O‘ruch aybdor emas-ku?
Albatta, masalaning moddiy tomoni ham bor. O‘ruch do‘xtir o‘zining farovon hayoti o‘zgalarning fojialari ustiga qurilganidan vijdon azobida yuradiganlar toifasiga kirmasdi – axir, uning kasbi, hunari, qo‘lidan keladigan ishi shu. Ha, u o‘z sohasining yetuk mutaxassisi edi. Kimningdir dardiga em topib, najot bag‘ishlab, hayotini saqlab qola bilsa, rozi bo‘lib bir nima tashlab ketishadi-ku, bu uning haqqi emasmi? Garchi o‘zicha halol sanagan ana shu “bir nima” rasmiy maoshidan ancha ko‘p bo‘lsa-da, buni adolatli deb bilardi. Chunki, u erishgan martaba, to‘plagan tajriba va bilim o‘z hamkasabalarinikidan bir necha bor yuqori edi. Bemorlar... yo‘q, shu yeri sal xato bo‘ldi, bemorlarning yaqinlari boshqani emas, aynan, O‘ruch do‘xtirni sarson izlashi, uning qabuliga kirish uchun yiqqan-terganini to‘kishga tayyor turishi ham muqarrar haqiqat edi. Shuni ham aytish kerakki, kasalxona ish vaqtidan tashqari bemorlarni o‘z uyida ham qabul qilardi. Xullas, keyingi o‘n-o‘n besh yilda O‘ruch do‘xtir hamma kam-ko‘stini butlab olgandi. Derazalari dengizga qaragan kooperativ binodan to‘rt xonali uy sotib olgan va uni tamomila qaytadan ta’mirlagan, qimmat, guldor parket to‘shab, eshik-derazalarini kashtan yog‘ochidan yasattirgandi, taxmon va devorlarga qabart-ma naqshlar soldirib, har bitta xona, oshxona va balkon uchun alohida mebellar keltirib o‘rnatgan edi. Xonalar va dahlizni billur qandillar yoritib turardi. Uchta televizori, ikkita har xil tizimli videomagnitofoni (bittasi dala hovlisida edi), lazer-disk o‘qiydigan qurilmalari ham bor edi. Chet el safarlariga, albatta, videokamera bilan chiqardi. O‘zi haydaydigan, magnitofonli, stereodinamikli “Volga”si hamda Mardakonda dala hovlisi bor edi.
Hamma mojaro ana shu bog‘dan boshlandi. Aslini olganda, hammasi bir maromda borayotgan edi-ya... Bog‘ni besh yil ilgari olgan. O‘ruchdan oldin bu bog‘ 88-yil voqealaridan keyin Bokudan Maskovga ko‘chib ketgan armani do‘xtirga qarashli bo‘lgan. Armanidan qolib ketgan bu uyning ikkinchi qavatini O‘ruchning o‘zi tikladi. Hammomni kengaytirib, sauna qurdi. Yangi mebellar oldi. Iyul-avgust oylari boqqa Pokiza bilan birga kelib dam olishardi. Yozgi ta’tilda Maskovdan kelgan o‘g‘li ham bir-ikki haftani bog‘da o‘tkazardi. Yilning qolgan oylarida esa, har haftaning oxirida O‘ruch boqqa bir o‘zi kelib ketardi. Aslida bir o‘zi emas...
Juma kuni kechga yaqin oxirgi bemorni qabul qilib, uyiga qaytar, kiyimlarini almashtirib, “Volga”sida boqqa yo‘l olardi. Ke-yingi uch yil ichida Ofeliya bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilganidan beri – ikki haftada bir marta oldindan kelishib, shanba kuni boqqa, O‘ruchning yoniga kelardi. Kun bo‘yi shu yerda bo‘lishardi. Ofeliya o‘zi bilan birga yashaydigan ota-onasiga “navbatchiman” deb, kechani O‘ruch bilan birga o‘tkazardi. Boshida Pokiza pishirib bergan go‘shtbiyron, do‘lma, xilma-xil gazaklar va boshqa lazzatli yemaklarni konyak ichishib, Ofeliya bilan birga paqqos tushirarkan, goh-gohida vijdonida og‘riq uyg‘onardi. Keyinchalik bunday ishlar an’ana tusini olgach, vijdon qurg‘ur sanchmay ham qo‘ydi. Yakshanba kuni ertalab Ofeliya undan oldinroq uyg‘onib, choy qo‘yar, birga nonushta qilishardi. Keyin Ofeliya uyiga yo‘l olardi. O‘ruch esa, belkurakni olib, toklarni kundakov qilishga tushar yoki gullarni sug‘orardi.
Tushga yaqin og‘aynilari kelishardi. Mehdining haydovchisi yangi so‘yilgan qo‘chqorning go‘shtini sixga tortib, ko‘raga o‘t qalayotgan payti O‘ruch ulfatlar bilan saunada pivaxo‘rlik qilar, keyin chiqib narda tashlashardi. So‘ng esa, qovurg‘a kaboblarni g‘ajigancha, bir-birlarining sharafiga qadah ko‘tarishardi. Kechga yaqin qadah so‘zlar tugab, ulfatlarning kayfi oshib qolar, keyin Mehdining mashinasida shaharga qaytishardi. O‘ruch videoni qo‘yib, Amerika detektivlarini tomosha qilishga o‘tirardi. Shahvoniy filmlarni esa (bog‘da bunaqa tomoshalarning turkumi saqlanar, Pokizaning bunday behayo narsalarga ko‘zi tushishini aslo istamasdi) shanba kuni Ofeliya bilan birga ko‘rardi. Ekrandagi behayoliklar ularning yotoqdagi maishatiga yanada jo‘shqinlik baxsh etardi.
Ikki yarim kun ichida xumordan chiqquncha dam olib, butun g‘am-tashvishlardan uzoqlashgancha, turfa g‘avg‘olarga to‘la yangi haftani qarshi olishga tayyor ekanini his etib, dushanba kuni ertalabdan O‘ruch shaharga qaytardi. Uyda kiyim almashtirib, ishga borar va yangi hafta ham o‘zgarmas jadval bo‘yicha o‘tib borardi. Kunduzlari ish, dushanba, seshanba oqshomlari uyda kasallarni qabul qilish, chorshanba kuni Mehdining uyida qartabozlik... Gohida yutar, gohida yutqizardi. Unchalik katta pul tikilmasdi. Buyam bir ermakka o‘xshagan narsa edi-da! Payshanba kuni uzoq-yaqin tanishlarining uyiga fotihaga o‘tardi. Odamzodning ahvoli shu-da! Buyam qarzi qiyomat deganday...
Chindan ham tanishlari ko‘p, do‘stlari oz edi. Ikki-uch yaqin birodari bilan kamdan-kam siyosat haqida bahslashishardi. Asosiy mavzulari kasb-korlari hamda ayollar bo‘lardi. Albatta, ularning bari ayni kuch-quvvatga to‘lgan erkaklar bo‘lgani uchun maishat, kayf-safoga ishtiyoqlari baland edi.
Xullas, hayot O‘ruchdan bor ne’matlarini ayamagan edi. Hozirga qadar topgan-tutgani umrining oxirigacha yotib yeyishga yetardi. Hayot shav-qini, lazzatini totmoq uchun suv parisidek suluv 25 yoshli go‘zal Ofeliyasi bor edi uning.
Ofeliya O‘ruchning kasalxonasida hamshira bo‘lib ishlardi. Besh yil avval erga tegib, yulduzlari to‘g‘ri kelmagani uchun ajrashgan edi. Omadsiz nikoh bir yilga ham bormadi.
O‘ruch anchadan beri Ofeliyani ko‘z ostiga olib yurardi. Aslini olganda, Ofeliyadan ham go‘zalroq, yoshroq qizlarni qo‘lga olish uchun imkoniyati yetarli edi – qad-qomati, savlati, yurish-turishi, tajribasi, mahorati, puli, dala hovlisi, mashinasi... Aynan Ofeliyani tanlashiga bu yoshgina juvon Shuvolanda – O‘ruchning bog‘iga yaqin yerda yashashi sabab bo‘ldi.
Kunlarning birida bog‘dan shaharga qaytayotganida, Ofeliyaning elektrichka stansiyasiga tomon ketayotganini ko‘rib qoldi, mashinasini to‘xtatdi va shundagina Ofeliyaning shu yerda yashashini payqadi. O‘ruchning bog‘i Ofeliya ota-onasi bilan yashayotgan hovli bilan elektrichkalar bekati, bozor, do‘konchalarning orasida edi. Binobarin, yosh juvonning aynan shu yo‘nalishda borib-kelishi hech kimda shubha uyg‘otmasdi. Bog‘ eshigiga olib boruvchi yo‘l tor ko‘chaning oxirida bo‘lgani uchun bu tarafga burilgach yoki bu yerdan chiqqach, birovning nazariga tushish qiyin edi. O‘ruch tan olmasa ham, Ofeliyaga bog‘lanib qolishida bu mulohazalarning o‘rni bor edi. Harqalay aloqalari uch yildan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, ishda ko‘rishib tursalar-da, sevgi oqshomlari oyda ikki-uch marta bo‘lib turgani uchun hali bir-birlaridan bezib qolishmagan edi.
O‘ruch bitta narsadan xavotirda edi – unga oddiygina ko‘ngilxushlik bo‘lib tuyulgan narsa Ofeliya uchun juda katta ahamiyat kasb etishi, eng inja hislarini ham junbushga keltirishi mumkin edi. Ammo, aftidan, Ofeliya aqlli-hushli ayol bo‘lganidan unga jo‘shqin ehtirosga to‘la shanba uchrashuvlari, O‘ruchning qimmatbaho sovg‘a-salomlari yetib ortardi. Boshqa narsaning bu ayolga keragi ham yo‘q edi.
Tekshiruv va muolaja, moddiy imkoniyatlar, oila tinchligi va farovonligi, o‘g‘lining porloq istiqboli, bog‘ning toza havosi, bog‘ ishlari, Ofeliya og‘ushidagi shanba oqshomlari, do‘stlar davrasi, qarta, videofilmlar, – aniq hayot jadvali O‘ruchni mustahkam qurshovga olgan, bu qurshov tashqarisidagi turli g‘alvalar, g‘am-kulfatlar, qon va ko‘z yoshlariga qorishgan dunyoning go‘yoki unga mutlaqo dahli yo‘q edi. Balki shuning o‘zginasi dunyoning turfa savdolaridan himoyalanishning eng samarali usulidir? O‘zimiz bilmagan holda kelib qolganimiz – bu besh kunlik dunyoning besh kunini ham qora bo‘yoqlarda ko‘rmaslik, dardu balo ichida yashamaslik jahdi edi bu.
O‘ruch nainki sog‘lig‘idan, uyqusidan ham nolimasdi. Odatan o‘n bir-o‘n bir yarimlarda uxlab, tongda yetti-sakkizlarda uyg‘onar, badantarbiya qilar, issiq-sovuq suvda yuvinardi. Ammo keyingi payt-larda uyqusi qochadigan bo‘lib qoldi. Xususan, yarim tunda uyg‘onib ketar, keyin sahargacha uxlolmay yotar, uyqusizlikdan to‘shakda to‘lg‘anib chiqardi. Ba’zan yoshi o‘tib borayotganini o‘ylab, yuragini vahima bosardi. Ellikka qarab ketyapti. Ellikdan keyingi hayot hayotmi? Turli kasalliklar, eshik qoqayotgan keksalikning sovuq nafasi, o‘lim tahlikasi... Nima qoldi, hech nima? Undan keyin nima bo‘ladi? O‘zi bilmaydi...
O‘ruch dahriy edi. Xudoni tan olsa-da, oxirat, jannat, do‘zax degan gaplarga ishonmasdi. Shifokor sifatida insonning qanday moddalardan tashkil topganini, miya faoliyati to‘xtaganidan keyin bu moddalar qanday va qay tarzda chirib bitishini tasavvur qilardi, xolos. Ruh shifokori bo‘lsa-da, ruhning ham aynan muayyan moddiy vazifalar bilan, miyaning o‘ng va chap yarimsharlari faoliyati bilan bog‘langanini bilardi. Miya to‘xtasa, ruhdan asar qolmaydi, deb o‘ylardi u. Uning nazdida bu boradagi bahs-munozaralar, shunchaki afsonalar, xomxayollar, xurofotlar yig‘indisi edi. Faqat yashab turgan hayotimiz bor, biz ko‘rib-eshitib, his etib turgan dunyo bor, xolos. U ham bo‘lsa besh kundan iborat va bu besh kunning bari qorong‘i. Bu qora kunlarni istalgan rangda bo‘yash va o‘sha rangda yashamoq bu – san’at. Chamasi, O‘ruch bu san’atni puxta egallagan edi. Ammo, dunyo talotumlari uni ihota etib turgan mustahkam devorni oshib o‘tmoqqa-da, oshiqardi.
Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar, mitinglar, Qorabog‘ urushi, hokimiyatdagi notinchliklar O‘ruchning kasbiga ham ta’sir o‘tkaza boshladi. Ruhiy xastaliklar, miya chayqalish holatlari ko‘paygan, yangi xildagi vosvos va savdoyilar yuzaga kelgandi. Qarindoshlari, oila a’zolari turli bahonalar bilan O‘ruchning qabuliga olib kelgan bemorlarning yarim xastaligi Qorabog‘ muammolari bilan bog‘liq edi. Ba’zida “ikki soat muhlat bering, Tog‘li Qorabog‘ muammosini ikki soatda hal qilib beraman” deb kelguvchi hovliqmalar ham uchrab turardi. Bu masalani yigirma daqiqada yoxud ikki kunda yechib beradiganlar ham topilardi. Ana shunday savdoyilardan birining da’vo qilishicha, yaqinda suv ombori toshib, mamlakatning yarmini suv bosarmish. Keyin Bokudagi Qo‘lyozmalar fondida yong‘in bo‘larmish-da, butun boshli xalqning na o‘tmishidan, na bugunidan nom-nishon qolarmish... Yana bittasi vahima ko‘tarib kelibdi: Qaysi go‘rdandir O‘ruchning bog‘i ilgari bir armaniga tegishli bo‘lganini eshitgan bo‘lsa kerak-da! Topgan gapini qarang, nima emish – o‘sha armani dala hovlining devorlariga, daraxt shoxlariga, toklarning tanasiga maxsus kimyoviy moddalar bilan ishlov berganmish, bu moddalarning rangi ham, hidi ham yo‘q emish. Lekin, bu moddalar bog‘da yashaganlar va mehmonlarni asta-sekin zaharlab borarkan. Nihoyat, ikki-uch oyda ular bedavo dardga yo‘liqib, o‘lib ketisharkan. O‘ruch bog‘da besh yildan beri yashashini aytganda, qabuliga kelgan savdoyi mum tishlab qolmadi. U shunday dedi: “Nima qipti, odamlarning organizmi har xil bo‘ladi, birovlarda bu bedavo kasallik to‘rt-besh yil davomida yuzaga chiqishi mumkin. Ammo, ertami-kechmi bu kasallikka albatta chalinasiz, tezroq bu bog‘ni, undagi daraxtlar, toklarni yoqib, kuydirib tashlang”.
Bolamini birinchi bor ko‘rganida, to‘g‘rirog‘i, kelishining sababini bilgan zahoti, O‘ruch buyam boyagidaqa tomi ketganlarning bittasi-da, deb o‘ylovdi. Bolami O‘ruchning kasalxonasiga kelib, qabuliga yozilgan ekan. Navbati kelganida xonaga kalta bo‘yli, keng yelkali, tor peshonali, qop-qora, o‘rta yoshli bir odam kirib keldi. Qalin, o‘siq qoshlari qontalash ko‘zlari ustiga jarlik chetidagi ikki tup shuvoqdek osilib turardi. Qarashlari juda bejo edi. Bir qarashda “oligofreniya”* degan to‘xtamga keldi O‘ruch. Shuni ham bilardiki, tor peshonali, ko‘zlari bejo va qontalash kasallar qotillar toifasiga kiradi.
– Marhamat, nimadan shikoyat qilasiz? – so‘radi O‘ruch o‘z odaticha.
– Sizdan...
– Nima?
– Sizdan shikoyatim bor!
Bunday gaplar bilan O‘ruchni hayratlantirib bo‘lmasdi. Chunki, kutilmaganda uning o‘ziga qarshi hujumga o‘tib qoladigan bemorlarga ham duch kelgandi. Suhbatni boshqa tarafga burish uchun:
– Ismi sharifingiz, – dedi, holbuki, oldida turgan qog‘ozga uning oti yozig‘liq bo‘lsa-da.
– Otim Bolami, pamiylam Dadashev. Sizning yoningizga kasalimni davolatishga kelganim yo‘q. Soppa-sog‘man. Sizdan shikoyatim bor. Siz hozir mening bog‘imni egallab olgansiz.
O‘ruchning ko‘z o‘ngida bog‘ning avvalgi egasi – armani do‘xtir gavdalandi:
– Adashyapsiz, – dedi, – u bog‘ bir armani do‘xtirniki bo‘lgan. Besh yil oldin Maskovga ko‘chib ketdi. Bog‘ni menga dala hovli uchun berishdi.
– Men emas, siz adashyapsiz, Armanidan oldin o‘sha bog‘ mening otamniki bo‘lgan. Unga bobomdan meros qolgan. Bog‘ ota-bobomniki, bildizmi? Eshitgandirsiz, Mashadi Dadash mening bobom bo‘ladi. Sizdan halol haqqimni talab qilib keldim. Hozir, Xudoga shukurki, hamma eski mol-mulkini talab qilib olyapti. Sizam yaxshilik bilan, ortiqcha gap-so‘zsiz mening bog‘imni qaytarib bering. Sizga boshqa hech qanaqa gapim yo‘q.
O‘ruch bir muddat talmovsirab qoldi. Qarshisidagi odamning zohirida xastalik alomatlari sezilsa-da, u kasalga o‘xshamasdi. Balki gapi to‘g‘ridir? Kim bilsin, rostdan ham armanidan avval bu bog‘ uning bobosiga qarashli bo‘lsa bo‘lgandir. Ammo, ayni paytda suhbatning bu maromda borishi O‘ruchga umuman yoqmay turardi.
– Avval bog‘ kimniki bo‘lganini bilmayman. Ammo, uni menga dalahovlilar boshqarmasidan xatlab berishgan. Siz borib o‘shalarga murojaat qiling.
– Men hech kimga murojaat qilmayman. Birlamchidan, gapimni tasdiqlaydigan birorta qog‘oz, dalil-isbotim yo‘q. Ikkilamchidan, siz juda “taniqli” odamsiz. Bog‘ni sizdan olib menga berishmaydi.
– Xo‘sh, mendan nima istaysiz unda?
– Qulog‘izga tambur chertdimmi, do‘xtir? O‘zingiz yaxshilikcha bog‘imni bering.
O‘ruch “nima balo, jinni-pinnimasmisan” demoqchi bo‘ldi-yu, o‘ylanib qoldi: bu iborani hamma odam ishlatishi mumkin, ammo, ruhshunosga yarashmaydi.
– Mayliku-ya, – dedi, – lekin men besh yildan beri shu bog‘daman. Ikkinchi qavatini o‘zim tiklaganman, qayta ta’mirdan chiqardim. Besh yil qayerlarda yurgandingiz. Nega men shuncha ish qilib bo‘lganimdan keyin qoshimga keldingiz?
– Buning boshqa sababi bor, – dedi Bolami. – Buning ahamiyati ham yo‘q. Xarajat qilgan bo‘lsangiz, to‘layman. Lekin bog‘ni baribir qaytarasiz. Otamning katta o‘g‘liman. Bog‘ menga tegishli. To‘g‘ri gapirdimmi, akang aylangur.
– Noto‘g‘ri gapirdingiz, – soatiga qaradi O‘ruch. – Hozir siz bilan behuda laqillab o‘tirishga vaqtim yo‘q. Kasallar kutib qoldi. Sizniyam kasal o‘rnida qabul qildim, deb hisoblayvering. Xush ko‘rdik.
– Demak, bog‘ni qaytarmaysiz?
– Yo‘q.
– Nimaga?
– Bu masalada tortishishning hojati yo‘q. Bog‘ni menga rasman xatlab berishgan, meniki, u yerda men yashayman, tamom-vassalom.
– Men sizni u yerda yashagani qo‘yarkanman-da? Bilib qo‘ying, bugundan boshlab, bog‘da bir kun ham yashamaysiz.
– Nega?
– Bunisi mening ishim.
– Nima qilarding, – daf’atan sensirashga o‘tdi do‘xtir. – O‘t qo‘yasanmi, darvozamga tank qo‘yasanmi?
– Aytdim-ku, nima qilishni o‘zim bilaman.
– Xo‘p, seni tovlamachi sifatida melisaga tutib bersam-chi?
– O‘zi shuni kutyapman-da, akang aylangur. Mayli, meni melisaga bering, avaxtaga tiqtiring. Sizni butun mamlakat biladi. Endi zamon boshqacha, Xudoga shukur, so‘z erkinligi bor. Gazetlarda urib chiqishadi. Falonchi olim, jinnilarning eng katta do‘xtiri bir kambag‘al dehqonning bog‘ini tortib olib, o‘zini qamatvoribdi, bolalari chirqirab qolibdi, deb ovozai jahon qilishadi.
Endi O‘ruchning sabr kosasi limmo-lim to‘lgandi:
–O‘v, menga qara, hali senga qo‘l ham tekkizganim yo‘q, agar jonimga tegaversang, hoziroq ko‘zimdan yo‘qolmasang, o‘zim qulog‘ingdan tutib tashqariga irg‘itvoraman, tushundingmi? Qo‘lingdan kelganini qil. Ammo, yana bir marta bu yoqqa qadam bossang, o‘zingdan ko‘r.
Bolami bamaylixotir o‘rnidan turdi. Yuzlari yana avvalgidek tirishdi, ko‘zlari o‘ynadi.
– Mayli-da, – dedi – Ikki bolam bor, kattasi Husanog‘a – yigirma birga kirgan, kichigi Hasanog‘a – o‘n to‘qqizda, Bog‘ni men ololmasam, bolalarim oladi. Ammo, bir mazlumning haqidan qo‘rqing, akang aylangur. Xudogayam xush kelmaydi bu.
Ohista turib, eshik tarafga odimladi Bolami.
Juma kuni edi. Ertasiga bog‘da Ofeliya bilan uchrashuvi bor. O‘ruch hamshira qizni yoniga chaqirdi.
– Ertaga shoshilinch ishim chiqib qoldi. Boqqa borolmasam kerak. Keyingi hafta... maylimi, asalim?
Ofeliya indamadi.
* * *
Keyingi hafta ham bahona topib, Ofeliyani xabardor qildi. Boqqa borolmasligini aytdi. Bormadiyam. Nainki, shanba kungi muhabbat oqshomi, yakshanbadagi ulfatlar davrasining ham bahridan o‘tgandi. Bundan ajablangan og‘aynilariga:
– Bog‘da gazniyam, chiroqniyam uzib qo‘yishibdi. Bu sovuqda gazsiz, chiroqsiz o‘tirishdan nima ma’ni? – dedi.
– Shuyam muammomi, – dedi Mehdi. – Hoziroq Sayid og‘aga qo‘ng‘iroq qilaman, chiroqniyam ulab beradi, odam yuborib gazingniyam to‘g‘rilaydi.
– Qo‘y, kerakmas, – dedi O‘ruch. – Bir usta bilan gaplashganman. Kelgusi haftada kelib tuzatib berarkan.
– Bo‘lmasam, birato‘la anuv “yuqori voltli” simniyam gaplash, yomon bejo turibdi, bog‘ning tepasidan nariga olishsin, – dedi Mehdi. U O‘ruchning bog‘i ustidan o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr simlarni aytayotgan edi, – Xudo ko‘rsatmasin, shamol-pamolda uzilib tushsa, bir kasofat bo‘lmasin.
Birorta montyor chaqirib, simni bog‘dan tashqariga chiqartirish O‘ruchning ham xayolida bor edi. Ammo, shu rejani amalga oshirishga hafsala qilmasdan yuruvdi.
Boqqa bormay yurganiga bois – qo‘rquv emasdi. Bolamidan qo‘rqadigan joyi yo‘q edi. Faqat, bog‘da Bolami uni Ofeliya bilan birga tutib olishdan qo‘rqardi, qizning ota-onasiga yetkazgudek bo‘lsa, gap-so‘z ko‘payishi, O‘ruch ham, Ofeliya ham sharmanda bo‘lishi mumkin edi. Shanbani “qisqartirib” yakshanbada og‘aynilari bilan ulfatchilikni davom ettiraveray, desa, buni Ofeliya eshitib, qattiq ranjishini o‘yladi. O‘ruch mendan bezor bo‘lgani uchun aloqalarni uzish fikrida yurgandir, degan xayolga borishi mumkin-da!
Harqalay, ikki hafta boqqa qadam qo‘ymadi. Fursat topib, Ofeliyadan so‘rab ko‘rdi:
– Sizlar tomonda turadigan Bolami degan odamni taniysanmi? Bir-ikki hafta oldin kelib, shu bilan yo‘qolib ketdi, tinchmikin?
– Albatta taniyman, – dedi Ofeliya. – besh yildan beri turmada yotuvdi. Yaqinda chiqib keldi.
– Nega qamalgan ekan?
– Qotillik edi, chamamda. Bir bufetchini o‘ldirib ketishgandi. Haqiqiy qotilni aniqlasholmadi. Avvaliga bufetchini rosa urishgan. Gap shundaki, bufetchi o‘sha yerning o‘zida o‘lmagan. Uyiga qaytib, o‘sha kecha yuragi xuruj qilib o‘lgan. Bufetchini do‘pposlagan Og‘agul ekan, Bolami ikki-uch marta kalla qo‘ygan. Ishqilib... besh yil berishdi-da! To‘rt yil yotib chiqdi. O‘sha paytda butun qishloqqa gap bo‘lgandi.
Ikki haftadan so‘ng O‘ruch o‘zicha o‘ylanib qoldi: Balki, bu Bolami degan odam hayotda umuman yo‘qdir? Tush-pushiga kirgan bo‘lsa-chi? Vahimaga tushib, bog‘da kechishi lozim bo‘lgan qanchadan-qancha mas’ud soatlarni behuda o‘tkazgan bo‘lsa-ya? Ertaga, juma, tosh yog‘sayam, Ofeliya bilan gaplashadi. Shanba kuni bog‘da uchrashishadi. Yakshanba kuni do‘stlarini kabobxo‘rlikka chaqiradi.
Ana shu yoqimli istaklar bilan endigina yotog‘iga kirgan payti telefoni jiringlab qoldi. Karavot yonidagi telefon dastagini ko‘tardi:
– Allo!
– Assalomaleykum, men, Bolamiman.
– Kimning bolasisan? – so‘radi avvaliga tushunmay.
– Bolami, dedim-ku, bir oy avval oldingizga boruvdim. Otamning bog‘i masalasida. Biror qarorga keldingizmi?
O‘ruch avvaliga dastakni ilib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Keyin nimagadir bunday qilmadi.
– Uy telefonimni kim berdi sizga?
– Be, shuyam ish bo‘ptimi, akang aylangur. Uyingizniyam bilaman. Xo‘-o‘p, nima deysiz endi bu yog‘iga?
– O‘sha gapim – gap. Boshimni qotirib nima qilasiz? Boshqa bu raqamga telefon qilmang.
– Bo‘pti, akang aylangur. Faqat, bitta iltimosim bor, sizdan.
– Qanaqa iltimos?
– Qog‘oz-qalam oling-da, yozing!
– Nima deb yozay?
Bolami oltita raqam aytdi, O‘ruch esa, yelka qisgancha raqamlarni yozib oldi.
– Yozdingizmi?
– Bu qanaqa raqamlar?
– Bu mening telefonim. Qachon bir qarorga kelib qolsangiz, ya’ni bog‘ni qaytarish fikriga tushib qolsangiz, shu raqamni terasiz, bir soatda yoningizda bo‘laman.
O‘ruch jahli chiqib qog‘ozni yirtib otmoqchi bo‘ldi. Ammo, har ehtimolga qarshi buklab cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Ertasiga Ofeliyaning o‘zi gap tashlab qo‘ydi. Zalda u yoq-bu yoqqa qarab, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilsa-da, inja tovushda shivirladi:
– Sog‘inmadingizmi? – dedi. – Ertaga uchrashamizmi?
– Yo‘q, ertagamas, shu hafta... xo‘pmi, asalim?
* * *
O‘ruch kelasi shanba ham bir bahona topib, boqqa bormadi.
Keyingi hafta payshanba kuni Ofeliya ishdan ikki soat oldinroq ketishga javob so‘radi.
– Onam bilan ta’ziyaga o‘tmoqchiman, – dedi.
O‘ruch ruxsat berdi.
– Kim qazo qildi?
– Xotini onam bilan tanish, men qizini yaxshi taniyman, – shu chog‘ birdan nimadir esiga tushdi. – Qarang-a, esimdan chiqay debdi. Aytgancha, sizam taniysiz-ku, uni?
– Kimni?
– O‘sha qazo kilgan kishini. Bir marta oldingizga kelganini ayt-dingiz-ku? Mendan ham so‘ragandingiz.
O‘ruch birdan yuragi gursillab ketganini his qildi.
– Bolami, – deya qichqirib yubordi.
– Ha, o‘sha, Bolami... Yurak xastaligiga uchrabdi bechora.
* * *
Birovning o‘limidan sevinish – gunohi azim. Ammo, o‘sha kuni ishdan chiqib uyga ketayotgan payti o‘zini qushdek yengil sezar, ich-ichdan bir sokinlik, bir bexavotirlikni his etib borardi. Ertasi kuni ishga kelib, Ofeliyaga:
– Boqqa boraman, – dedi. – Ertaga kutaman seni, asalim.
* * *
– Anchadan beri boqqa bormagandim, – dedi Pokizaga. – Ertaga bormoqchiman.
Pokiza o‘z ishini biladigan ayol edi. Shanba kuni O‘ruch bog‘da kiyadigan havorang jinsi kostyumini, “Adidas” krassovkasini kiyayotganida Pokiza ham patir nonlarning orasiga kotletlarni terib, alohida selofan xaltachalarni qovurilgan kartoshka, turli salatlar, ko‘katlar, qaynagan tuxum, pishloq, sariyog‘, xilma-xil mevalar bilan to‘ldirib savatga soldi. Ma’danli, spirtli va yaxna ichimliklarni olib borishi shart emas. Shundog‘am bog‘da bularni keragicha g‘amlab qo‘ygan.
Pokiza bilan xo‘shlashib, savatni olib hovliga tushdi. Garajdan “Volga”sini oldi-da, yo‘lga tushdi. Ibrohim Tatlisasning hazin qo‘shiqlari sadosi ostida ikki-uch soatdan so‘ng dalahovlisida kechadigan totli damlarni xayolidan o‘tkazib, butun vujudiga nafis bir titroq kirdi. Taranglasha boshlagan a’zoi badanida lazzat tuydi.
Bir soat, yarim soatdan so‘ng intizorlikka chek qo‘yiladi. Tor ko‘chaning boshida Ofeliyaning yashil yomg‘irpo‘shi ko‘rinadi, u eshik oldiga yetib kelguncha vaqt shunaqa sekin o‘tadiki... Nihoyat, u ichkariga qadam qo‘yishi bilan ostonada turgan O‘ruchning bag‘riga otiladi. O‘ruch bir qo‘li bilan zulfinni berkitarkan, ikkinchi qo‘li bilan juvonning sochlari, bo‘yinlarini silaydi. So‘ng uni dast ko‘tarib, uyga olib kiradi. Keyin o‘pishadilar, yechinib, saunaga kiradilar, Saunada biroz bug‘lanib, sovuq dush ostida quchoqlashadilar. Nafis badanda ilinib turgan marvariddek ter donalari, dushning sovuq tomchilari, xushbo‘y shampun – hammasi bir-biriga qorishib, ikki vujud birlashadi.
So‘ng konyak ichishadi. Musiqa tinglashib, hushyor paytida behayo tomoshalarni ko‘rishdan uyaladigan Ofeliya sarxushlikda yuzidagi so‘nggi hayo pardasini ham yulqib otadi va ekranda birgalikda ko‘rgan “o‘yin”larni yotoqda takrorlashardi...
Ofeliyasiz bir oy kechgan kun hamda Shaytoni la’in O‘ruchning miyasiga qalashtirayotgan o‘y xayollar, istaklar, sahnalar, xotiralar va bo‘lg‘usi navozishlar uni shu qadar hayajonga solib, shoshirardiki, bir necha chaqirimlik masofani yanada tezroq bosib o‘tishga, vaqt-ni yanada tezlatishga urinardi.
Mashina ichida Ofeliyaning iforini tuyar, to‘lg‘anishlari, erkalanishlari, nozu karashmalarini ko‘z oldiga keltirar, nozli ingroqlarini eshitar, shoshar, oshiqardi. Qishloqqa kirib, Ofeliyaning shundoqqina uyi yonidan o‘tayotganda bu pastqam devorlar ortida Ofeliyaning uchrashuvga nechuk hozirlik ko‘rayotganini, ich kiyimlarini almashtirib, atirlarga burkanayotganini payqagandek bo‘ldi. Mashinani tor ko‘chaga burdi. Tushib darvozaning yapaloq qulfini ochdi. Mashinani ichkariga oldi.
Ichkaridan ham berkitib, birinchi qavatdagi xona eshigini ochdi. Savat ichidagilarni sovutkichga terdi. Pechkaga o‘t qalab, chiroqlarni yoqdi. Televizorni ko‘tarib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Yotoqxona, bar, video tepada edi.
Aprelning iliq kuni edi. O‘ruch yomg‘irpo‘shini pastda qoldirgan edi. Ayvonga chiqib biroz aylandi. Atrofdagi bog‘larga, uzoqlardan ko‘rk berib turgan dengizga boqdi. Keyin yotoqxona tomon odimladi va eshik qarshisida taxtadek qotdi. Eshikning ichidan kalit qadalgan edi.
Ko‘zlariga ishonmadi. Dala hovlining, darvoza, past va yuqori xonalarning ikkita kaliti bor edi. Ikkovi ham uning o‘zida turadi. Bittasi shaharda seyfida, ikkinchisi cho‘ntagida. Unda... eshik tirqishidan ko‘rinib turgan manavi kalit qayoqdan kelib qoldi? O‘ruch peshonasini sovuq ter bosayotganini his etdi.
Eshikni itarib ochdi va ichkari kirdi... Kirishi bilan seskanib ketdi. Ichkarida odam bor edi. Odam emas, antiqa, sap-sariq bir maxluq. Sochi, qoshi, soqol-mo‘ylovi, kipriklari ham mallarang edi. Hatto ko‘z qorachiqlari ham sarg‘ish tusda edi. O‘ruch arang o‘zini tutib:
– Kimsan? – deb so‘radi.
– Husanog‘aman, – dedi haligi yigit. – Bolamining katta o‘g‘li. Ota-bobomning uyiga keldim. Sen nima qilayapsan bu yerda?
O‘ruchning tepa sochi tikka bo‘lib ketdi. Uning g‘azab otiga mindirgan faqatgina Husanog‘aning takabburligi, uyatsizligi, beadabligi emasdi. Bu badburush maxluq Ofeliya bilan kechgan mas’ud onlarning guvohi bo‘lgan va u bilan bo‘ladigan yotoqda, nafis to‘shaklar ustida bezbetlarcha, tuflisini ham yechmasdan tarvaqaylab yotardi.
– Yo‘qol bu yerdan, ko‘zimga ko‘rinma, – dedi O‘ruch. – Asablarini jilovlay olmayotganini anglab, biroz o‘zidan ham ranjidi. Husanog‘a esa, joyidan jilmadi ham. – Qanaqasiga ota-bobongning joyi bo‘larkan. Hammasini o‘zim, o‘z pulimga qurganman, eshitdingmi?
Bu gal ham Husanog‘a pinagini buzmadi.
Kuch ishlataman, desa, bu ramaqijon sariqmashakni bir zarbada ag‘daradi. Undan yoshi ikki baravar katta bo‘lsa-da, avvaldan kurash bilan shug‘ullanib kelgani uchun haligacha qomatini saqlab kelardi. Ammo, kimsan O‘ruch do‘xtir kelib-kelib qaysi go‘rdagi bir daydi, sayoq takasaltang bilan mushtlashsa, shaharda gap bo‘lmaydimi?
Vaqt o‘tib borardi. Hali zamon Ofeliya kelib qoladi. Husanog‘ani bu yerda ko‘rib qolsa... yo‘q, undanam yomoni Husanog‘a uni bu yerda ko‘rib qolsa, juda noqulay vaziyat yuzaga keladi. Ofeliya yetib kelgunicha bu chaqirilmagan mehmonni daf qilishi zarur. O‘ruch mumkin qadar yumshoqlik bilan gap boshladi.
– Ukaginam, bu masalalar bunaqa hal qilinmaydi. Otang ham yonimga boruvdi. Gapiradigan gapimni aytdim unga. Bu bog‘ni menga dalahovlilar boshqarmasi bergan. O‘sha yoqqa boringlar, sudga beringlar, udda qilib olinglar, lekin mening boshimni qotirmalaring. Shahar bedarvozami senlarga, xohlagan joyingga kirib, yalpayib o‘tirib olsang? Hozir melisa chaqirsam, seni oborib tiqishadi. Birovning bog‘iga qanday kirib olding, kalitni qayerdan topding, hammasiga javob berasan keyin.
Husanog‘a indamaygina sariq ko‘zlarini O‘ruchdan uzmay, harakatsiz yotardi. O‘ruch gapirayotib, uning bigizdek nigohlariga to‘qnash kelganida gapidan adashib qolayozdi:
– Ha endi... orzuga ayb yo‘q deganday, bir yalpayganing yetar, qani jo‘na endi. Kalitniyam olib qolaman. Yana shu tomonlarda ko‘rib qolgudek bo‘lsam... – negadir gap ohangi birdan o‘zgardi, – shaharga ishxonamga kelsang, gaplashamiz.
Ammo, kalitni olmoqchi bo‘lib endigina qo‘l uzatganida, Husan-og‘aning tusi o‘zgardi. Sovuq ko‘zlarida vahshiy uchqun chaqnadi, lab-lunji egilib, qo‘lini karavot tagiga uzatdi.
Shundagina O‘ruch toklarning tagini yumshatishda ishlatiladigan belkurak bu yerga kelib qolganini ko‘rdi. Uni bu yoqqa kim olib keldi? Karavotning tagiga kim berkitib qo‘ydiykin? Kim bo‘lardi? Manavi sariqmashak-da! Ammo, nima maqsadda?
Maqsadi endi oydinlashdi. Husanog‘a belkurakni karavotning tagidan chiqarib, dastasidan changalladi. Chetlari kavsharlangan, qilichdek o‘tkir uchini O‘ruchning peshonasiga to‘g‘riladi.
Keyingi voqealar O‘ruchga xuddi uyqudagidek, yoxud kadrlari haddan tashqari tez o‘tayotgan film manzaralariga o‘xshab tuyuldi. Vaziyat o‘ta keskin va xatarli edi. Husanog‘aning hamlasini kutmay o‘zini oldinga otdi. Raqibining bilagiga yopishdi. Ikkinchi qo‘li bilan belkurakning dastasini ushladi. O‘ng tizzasi bilan sariqmashakning chotiga zarba berdi. Husanog‘a og‘riqdan bo‘kirib, qo‘lidagi belkurakni tashlab yubordi. Ko‘z ochib-yumguncha belkurak O‘ruchning qo‘liga o‘tdi. Shu asnoda Husanog‘a bor kuchi bilan O‘ruchning yelkasiga bir musht tushirdi. O‘ruchning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi, ro‘y berayotgan hodisalarning ma’no va mantiqdan yiroqligi, behudaligidan qoni qaynadi va nohaq yegan mushtning zarbi uni haqiqiy dalli-devonaga aylantirdi. U endi o‘z ustidagi nazoratni yo‘qotib qo‘ygandi – qo‘lidagi belkurak qay tarzda Husanog‘aning boshiga sanchilganini ham sezmadi.
...va shu on xuddi filmdagi kabi tez o‘tayotgan kadrlar yana o‘z maromiga qaytdi. Husanog‘a holsizlanib yerga cho‘kkaladi. Ko‘z qorachiqlari bir nuqtaga qadalgancha harakatsiz qotdi. O‘ruch do‘xtir bo‘lgani uchun bu holatning ma’nosini anglardi. Husanog‘a o‘lgan edi. Uni O‘ruch o‘ldirdi. Yana o‘z uyida, ya’ni O‘ruchning uyida. Harholda, bu bog‘, hech bo‘lmaganda ikkinchi qavatdagi bu xona Husanog‘aning emas, O‘ruchning uyi-ku? O‘ruchning o‘zi qurgan uy. Va endi bu uyda o‘lik yotibdi. Nari borsa, yigirma bir yoshli yigitning o‘ligi. Qoni palos uzra yoyila boshlagan, yotoq devorlariga ham sachragan edi. Belkurakning uch qismida ham qon dog‘lari, dastasida esa O‘ruchning barmoq izlari bor edi.
O‘ruch oxirgi yillarda faqat detektiv asarlarni mutolaa qilardi. Videodan ham ko‘plab detektiv filmlarni ko‘rgandi. Shu bois, es-hushini to‘plab olganidan keyin, birinchi qilgan ishi dastro‘molini chiqarib. Belkurak dastasidagi barmoq izlarini qayta-qayta artish bo‘ldi. Detektiv asarlarda bu holat tez-tez takrorlanardi. Belkurak uchidagi qon dog‘larini ham artmoqchi bo‘ldi, ammo, dastasida barmoq izlari bo‘lmagach, uchidagi qon dog‘larining nima ahamiyati bor? Shusiz ham Husanog‘aning shu belkurak bilan o‘ldirilganini bilishadi. Lekin kim o‘ldirgan? Bu haqda u emas, boshqalar bosh qotiradi. Avvaliga boshqa bir savolga javob topishi kerak. Husanog‘a bu yerga nima maqsadda keldi? Birovning bog‘iga qay yo‘l bilan kirgan? Xonaga qanday kirgan? Kalitni qayerdan topgan? O‘g‘irlaganmi? Bu mumkin emas. Har ikkala kalit O‘ruchning qo‘lida turadi. Qolipini chiqarib, yasattirganmikin? Unday bo‘lsa bu yerga kirishdan maqsadi nima bo‘lgan? Birovning uyiga suqulib kirish, yalpayib yotish bilan bu uyga ega chiqish mumkinmi? Axir dunyoda qonun-qoida degan narsalar bor...
Hamma gap ana shunda. Ayni damga qadar o‘sha qonun-qoidalar O‘ruch tarafida edi, ammo, hozirdan e’tiboran qanday sabab, qanday shart-sharoit, vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar qonun unga qarshi turadi. O‘ruch jinoyatga qo‘l urdi. Gumondor ham, aybdor ham, jinoyatchi ham uning o‘zi. Albatta, buning uchun jinoyat ochilishi, isbotlanishi kerak.
Qochib qutulish zarur. Ish oshkor bo‘lganida, hammasidan tonishi kerak. “Men o‘sha kuni bog‘da bo‘lmaganman». O‘sha kuni (xayolida tergovchining savoli: “Aynan o‘sha kuni ekanini qayerdan bilasiz?»... yo‘q, o‘sha kuni desa bo‘lmaydi, Bir oydan beri bog‘da yo‘q edim, de-yishi kerak. To‘g‘risiyam shu-da, bir oydan beri boqqa kelgani yo‘q. Bugunni hisobga olmasa, albatta,
“Bugun ham boqqa kelmaganman, – o‘zini ishontirishga chog‘landi O‘ruch, – Kim bilib o‘tiribdi boqqa kelganimni? Pokizami? Hoziroq uyga qaytib, fikrimdan qaytdim, boqqa bormadim, kechqurun shaharda ishim borligi esimga tushdi, deyman”.
Yana kim biladi. Ofeliyami? Yo parvardigor! Yarim soatda u yetib keladi-ku! Tezroq bu yerdan ketish kerak. Kelsa, biroz eshikni taqillatib, qaytib ketaveradi-da! Dushanba kuni biror bahona topib, kechirim so‘raydi. Kelgusi hafta ko‘rishamiz, deydi. Lekin keyingi hafta ko‘risha oladilarmi? Kelmasa, bu ish qanday ochiladi? O‘lik aynan uning bog‘ida, uyning ikkichi qavatida ekanini kim bilib o‘tiribdi? Harholda, shunisi aniqki, bu yerdan hoziroq ketmasa ish chatoq bo‘ladi. Belkurak sopidagi barmoq izlarini yo‘qotgani yetar, boshqa joylarni artib chiqishi shart emas, o‘z uyi bo‘lganidan keyin hamma joyda uning izi bo‘lmay kimniki bo‘lsin? Izlarning yangi yoki eski ekanini topishning imkoni yo‘q. Boshqa biror asar-alomat qolmadimikin? Boya olishgan paytida tugmasimi, soch tolasimi, biror narsasi tushib qolmadimikin? Diqqat bilan xonani ko‘zdan kechirib chiqdi. Husanog‘a karavotning yonida, yerda cho‘zilib yotardi. Peshonasidagi yaradan sizayotgan qonning bir qismi palos ustida ko‘lmakchalar hosil qilgan, qolgani jasadning sap-sariq chakkalarida, bo‘yin va yuzlarida qota boshlagan edi. Qon karavot ustidagi pushtirang adyolni ham ivitib tashlabdi. Jasad yonida qonga belangan belkurak. Xonada to‘s-to‘polon, olishuv va jinoyatning boshqa nishonasi yo‘q. Har qalay, bo‘lsa ham O‘ruchning ko‘zi tushmadi.
Xonaga so‘nggi bor ko‘z yugurtirib, ayvonga chiqdi. Xona eshigini yopib, shosha-pisha pastga tushdi. Televizorni, pechkani, chiroqlarni o‘chirdi. Eshikni qulflab, darvoza tarafga yurdi. Mashinani tor ko‘chaga chiqarib, darvozani berkitdi.
“Asosiysi o‘zimni yo‘qotib qo‘ymasam bo‘lgani. Hozircha meni bu yerda hech kim ko‘rgani yo‘q, tezroq qochish kerak, vassalom”.
Tezlik bilan mashinani katta ko‘chaga chiqardi. Yo‘l-yo‘lakay miyasidagi fikrlar kalavadek chuvalashib bordi. Ishqilib, birorta xatoga yo‘l qo‘ymadimikin? Jinoyatning biror uchi ochilib qolmasmikin? Shu haqda o‘ylarkan, nogoh, ikkinchi qavatdagi yotoqxona eshigida turgan kalitni esladi. Axir, bu kalit O‘ruchniki emasligini kim isbotlab beradi. Ikkita kaliti bor bo‘lsa, uchinchisi ham bo‘lishi mumkin-ku? Borib olsa qanday bo‘larkan?
Yo‘q, bu juda xatarli. Qo‘lga tushib qoladi. Bordi-yu, Ofeliyani uchratib qolgudek bo‘lsa, vaziyat yanada murakkablashadi.
Aeroportga yaqinlashgan payti yana bir “ilmoq”ni unutib qoldirgani esiga tushdi. Sovutkichdagi yeguliklar, meva-chevalar... Ekspertiza bu yeguliklar shu kuni olib kelingani va demakki, O‘ruchning bu yerga kelib-ketganini isbotlay oladi. Uf-f, jin ursin, o‘chakishgandek, xotini ko‘katlarni bugungi gazetalarga o‘rab bergandi. Tamom, O‘ruch aynan qaysi kun boqqa kelib-ketganini yuz foiz aniq bilishadi.
Miyasiga shu fikr kelishi bilan mashinani orqaga qaytardi. Boqqa qaytishi nechog‘li xavfli bo‘lmasin, ashyoviy dalilarni tashlab ketish undan yuz chandon xatarli edi. Ishqilib, oldidan Ofeliya chiqib qolmasa, bas.
Sakkiz daqiqada mashina boyagi tor ko‘chaga yetib keldi. Darvozaning qo‘shtavaqasini birdaniga ochib o‘tirmadi. Mashinani tashqariga qo‘yib, o‘zi ichkari kirdi. Sovutkichdagi xamma yeguliklarni chiqarib savatga soldi. O‘zi chiqindi chelakka tashlagan yangi gazeta parchalarini yig‘ib hojato‘raga itqitdi.
Eng tahlikali onlar edi bu. Ofeliya ko‘chada turgan mashinani ko‘rsa, O‘ruchning shu yerda ekaniga shubhasi qolmaydi. Unda darvozani ochib, Ofeliyaga vaziyatni to‘la-to‘kis tushuntirish kerak. (Tushuntira olarmikan?). Darvozani ochmasa-chi? Unda Ofeliya kutaverib, xavotirga tushadi, keyin bir kor-hol yuz bergandir, degan xayolda qo‘shnilarga, hatto, melisaga ham xabar qilishi mumkin. Ana unda...
Ishqilib, Ofeliya kelib qolmasin-da! Har doim ma’shuqasining kelishini intizor kutgan O‘ruch bu gal uning kelmasligi uchun butun borini berishga tayyor edi. Ehtimol, O‘ruch yo‘lda ketayotganida Ofeliya kelib ketgandir? O‘ruchning bog‘dan chiqib, aeroport yonidan qaytishi o‘n besh-yigirma daqiqani olardi. Shu vaqt ichida Ofeliyaning kelib-ketishi mumkinmidi? Koshki shunday bo‘lsa?
O‘ruch savatni tashqari chiqarib, pastki xonani berkitdi. Ikkinchi qavatga chiqayotganda, oyoqlari chalishib, zinapoyadan umbaloq oshib tushishiga oz qoldi. Yiqilib oyog‘ini sindirib olishi qoluvdi endi. Yotoqxonanig eshigiga tiqilgan kalitni sug‘urib oldi. Tuflisining uchi bilan eshikni qiya ochdi-da, ichkariga mo‘raladi. Hamma narsa o‘sha holatda – jasad, belkurak, karavot... faqat palos ustidagi qon halqobi biroz kattalashgan.
O‘ruch tezgina tuflisi bilan eshikni itargan payti, qarsillab yopildi va bu ovoz sukunatda shu qadar qattiq eshitildiki, O‘ruchning o‘zi ham seskanib ketdi. Qo‘lida hamon ushlab turgan begona, “uchinchi” kalitni hovlidagi quduqqa itqitdi.
“Husanog‘aning oilasi hali bu fojiadan bexabar” o‘yladi O‘ruch. Xabar topsa, qanchalar qiyomat bo‘lishi tayin. Otasining yettisi o‘tmay turib, katta o‘g‘li juvonmarg bo‘lib turibdi. Chindan ham musibat-ku, bu! Bu musibatning loaqal Husanog‘aga oid qismiga o‘zi sababchi ekaniga O‘ruchning ishongisi kelmasdi. Axir O‘ruchda nima ayb? Janjalni, bema’ni iddaolarni yo‘q yerdan kim chiqardi? O‘ruchning uyiga suqilib kirgan ham Husanog‘aning o‘zi bo‘ldi-ku! Janjalni kim boshladi, kim birinchi hujum qildi? O‘ruch belkurakning dastasidan tutib qolmaganda, shu belkurak uning boshini yormasmidi? Hozir karavot yonida qoniga belanib yotgan ham O‘ruchning o‘zi bo‘lardi. O‘ruch jinoyat qilgani yo‘q, faqat o‘zini mudofaa qildi, xolos.
Unaqada nega o‘z ixtiyori bilan mashinasini melisaxonaga haydamadi? Hamma gapni borib aytsa bo‘lardi-ku? Ammo, ular voqea aynan shunday yuz berganiga ishonarmidilar? Mayli, ishonsin ham deylik, tergovdan ham suddan ham oqlanib chiqdi, deylik. Baribir qotillik tamg‘asi umr bo‘yi gardanida qolib ketmaydimi? Axir shuncha yil misqollab yiqqan obro‘-e’tiborini bir lahzada yo‘qotmaydimi?
Darvozani qulflab, katta yo‘ldan ketib borayotganida ham miyasida charx urayotgan ming bir o‘y-xayolning mantiqiy natijasi bitta edi – melisaga bormay, to‘g‘ri ish qildi. Jinoyat... yo‘g‘-e, hodisa joyida biror iz qolgani yo‘q. Agar o‘zini qattiq tutsa, hech kim O‘ruchning bo‘yniga hech narsani ildirolmaydi. U har qanday vaziyatda biror og‘iz shubhali gap aytmasligi, o‘zini hech narsadan bexabardek ko‘rsatishi shart. Bu uning qo‘lidan keladi. Harqalay tajribali ruhshunos-ku. Asablari, kayfiyati, yurish-turishini boshqara biladi. Hech bir mohir tergovchi uni tilidan ilintira olmaydi. Ertami-kechmi, baribir tergovchi bilan yuzlashishi aniq. Axir jinoyat... uzr, hodisa, uning bog‘ida yuz bergan. Demak, uni ham tergovga jalb qilishadi – bu aniq. Hech bo‘lmasa, ba’zi narsalarga aniqlik kiritish uchun. Shu kuni bog‘da kim bo‘lgan? Kalit yana kimda bo‘lishi mumkin edi? Marhumni avvaldan tanirmidingiz? Oilaviy yaqinligingiz bormidi? Bu savollarga avvaldan tayin javoblarni topib qo‘yishi zarur.
Yana o‘zi ko‘rgan detektiv filmlarni esga oldi – javobni hozirlab qo‘yishi kerak. Mashinani kasalxonaga haydadi. Taajjubda qolgan qorovulga:
– Qog‘ozlarim qolib ketibdi, – dedi, – olib ketishim kerak. Ertalabdan beri ishlayotuvdim. Qarasam, qog‘ozlarimning yarmi ishxonada ekan.
Qorovulning soat so‘ragani ham xuddi ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bir soat oldingi vaqtni aytdi. Bu vaqtda O‘ruch 42 chaqirim olisda, endigina belkurak bilan Husan og‘aning boshini yorgan edi.
Kasalxonadan chiqib, do‘konga kirdi. Tish pastasi olgan kishi bo‘lib, sotuvchi bilan ancha suhbatlashib qoldi. Dorixonaga kirib, valokardin so‘radi. “Yo‘q” javobini eshitgach, yuzida yasama norozilik aks etdi. “Biror marta bo‘lsin, sizlardan kerakli dorini topib bo‘lmaydi, bir soat avval, – u shunday deya devordagi soatni ko‘rsatdi, – aspirin so‘rasam, shuniyam topib berolmovdilaring, aspirin-a?”
O‘ruchni yaxshi taniydigan sotuvchi uzrli jilmaydi:
– Do‘xtir, kechirasiz, lekin bizda aspirin har doim bo‘ladi, sizga yo‘q deb kim aytdi?
O‘ruch o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi:
– Kim bilsin, bitta yosh qiz o‘tirgan ekan, bir soat oldin keluvdim, yo‘q dedi.
* * *
Uyiga keldi. Eshikni o‘zidagi kalit bilan ochib, savat ko‘tarib ichkari kirganida, Pokiza lol qoldi.
– Siz... bog‘da emasmidingiz?
– Bormadim, – dedi. – Indinga ma’ruzam borligi yarim yo‘lda esimga tushdi. Materiallarning yarmi uyda, qolgani ishxonamda ekan. Bugun ertalabgacha uyda o‘tirib ishlashim kerak. Manavi savatdagilarni sovutgichga qo‘y, buzilib-netib qolmasin.
Bu sahna juda ishonarli chiqqani uchun o‘zidan qoniqish hosil qildi. Ammo, vujudida baribir bir sarosima hukm surar, badani yengil titrayotganini sezardi. O‘zini qo‘lga olishga chandon urinmasin, uddasidan chiqolmayotgandi. Ikki soat oldin yuz bergan hodisalar xayolidan ketmasdi.
Hammomga kirib, avval issiq, so‘ng sovuq dush qabul qildi. Vannani suvga to‘ldirib, bir muddat cho‘zildi. Shu chog‘ miyasiga keldiki, o‘zini o‘ldirishning eng oson va og‘riqsiz yo‘li issiq suvga kirib, tomirlarini kesishdir. Keyin bu fikrni daf’atan miyasiga suqqani uchun Shaytoni la’inni so‘kib ham qo‘ydi.
O‘ttiz-o‘ttiz besh daqiqalarda hammomdan chiqdi. Fen bilan sochlarini quritayotganda, Pokiza stol ustiga bir stakan choyni ikki tilim limon, murabbosi bilan keltirib qo‘ydi.
– Telefon qilib, sizni so‘rashdi, – dedi mutelik bilan. – Hozir cho‘milyaptilar, keyiroq qo‘ng‘iroq qiling, dedim.
O‘ruch ilkis sergaklandi:
– Kim ekan?
– Tanimadim, Bolamiman deydi.
– Kim?
– Bolami.
O‘ruch yuragi hapqirib tushayotganini his etdi. Bolami! Bir necha kun avval dunyodan o‘tgan Bolami! Uch soat oldin o‘ldirilgan Husan-og‘aning otasi.
Shubhasiz, bu qo‘ng‘iroq ikki-uch soat avvalgi hodisaga aloqador bo‘lishi kerak. Balki “Bolami” emas, “Bolamining uyidan” deyishgandir? Balki, Bolami degan boshqa bir qarindoshlari ham bordir? Harholda, ayni damda telefonda Bolami degan ismning ishlatilgani oddiy tasodif bo‘lishi mumkin emas. Boyagi hodisa bilan bog‘liq ekaniga shak-shubha yo‘q.
Pokiza sovugan choyning o‘rniga yangisini keltirib qo‘ydi:
– Biror narsa yeysizmi?
Pokizaning bu mehribonligi, g‘amxo‘rligi, umuman, uning fe’l-atvori yumshoqligi, sadoqati O‘ruchning eng katta baxti edi. O‘ruch shuni ham aniq bilardiki, qachondir bu jinoyat... hodisaning usti ochilib, O‘ruchni javobgarlikka tortishsa, hatto, qamoqqa tiqishsayam, Pokiza uning yakkayu yagona panohi, ilinji, tayanch nuqtasi bo‘lib qolishi tayin edi. Bunday sodiq, fidoyilik va vafodorlikni qavm-qarindoshlari nari tursin, hatto o‘g‘lidan ham kutmasdi. Hozir u Ofeliya haqida o‘ylashni ham istamasdi. Yaxshiyam bugun bog‘da u bilan ko‘rishmadi, – faqat shu tarafdan uni eslashi mumkin edi.
– Ertalabdan beri tuz totmagandirsiz? Biror narsa pishirib beraymi?
Rostdan ham ertalabdan beri hech narsa yegani yo‘q. Ishtahasi ham yo‘q edi. Hech narsa yeyishni ham, hech narsa haqida o‘ylashni ham istamasdi. Faqat ko‘zlarini yumgancha, hech kimni ko‘rmaslikni, hech kim bilan gaplashmaslikni, hech narsani his etmaslikni istardi. Dunyodan tamomila ajralishni, sokin, salqin bir joyda yakka-yolg‘iz qolishni istardi. Ovozlardan, so‘zlardan, chehralardan, almoyi-aljoi fikrlardan toliqqan edi. Odamlardan charchagan edi. O‘zini sog‘ ko‘rsatishga tirishgan kasallar va kasaltabiat sog‘lardan horigandi. Hatto, o‘z-o‘zidan ham bezib ketgandi. Uzun, cheksiz bir sukutga ilhaq edi. Yo‘q, aslo o‘z joniga qasd qilishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Bunga irodasi yetmasdi. Hatto issiq vannada tomirini kesib o‘lishni ham istamasdi. Ammo, uyqudagi oniy bir o‘lim – aziyatsiz, og‘riqsiz, qo‘rquvsiz, vahimasiz... qanday yaxshi bo‘lardi-ya! Faqatgina yotish, uxlash va uyg‘onmaslik...
Bir qultum choy ichib, ko‘zlarini yumdi. Miyasiga to‘lgan fikrlarni, xayolida jonlangan o‘sha mash’um sahnalarni sidirib tashlamoqni istadi. Boshqa, yaxshiroq narsalarni o‘ylashga tirishdi. Hatto Ofeliya bilan kechgan damlardagi shahvoniy o‘yinlarni xotirladi – ko‘ngli aynib o‘qchishiga sal qoldi. Bolaligini, qalin o‘rmonlar orasidagi buloqni esladi. Oyoqlarida o‘sha muzdek buloq suvining sovuqligini his etdi. Quloqlari ostida qaynarbuloqning sho‘x jildirashi eshitilgandek bo‘ldi va shu zaylda yumshoq oromkursi ustida yastangancha ko‘zi ilinganini sezmay qoldi.
Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Qo‘ng‘iroq tugmasi bosilishi bilan yoqimli, hazin bir musiqa yangrardi. Ammo, hozir O‘ruch uxlayotgani uchunmi, asablari haddan tashqari taranglashgani uchunmi, har doim ko‘ngliga xushyoqadigan bu musiqa hushtak chalib, pishqirib o‘tayotgan poyezdning ovozidek tuyuldi.
Sapchib eshik tarafga yurdi. Odatda eshik ochishdan avval, mitti tuynukdan qarab, kimligini so‘rab, keyin eshikni ochardi. O‘ruch bu gal odatiga amal qilmadi. Eshikni ochishi bilan dong qotdi. Ostonada turgan odam Bolami edi.
* * *
Keyinchalik O‘ruchning o‘zi ham taajjublandi. Nega o‘shanda yuragi to‘xtab qolmadi? Nega yiqilib tushmadi? Axir ro‘parasida turgan odam o‘lgan emasmidi? Uch soat ilgari o‘ldirilgan Husanog‘aning otasi shu emasmi? Balki, u dunyodan qaytib keldimikin? O‘g‘li uchun qasos olmoqchidir balki?
Ammo, Bolami qasos olgani kelgan odamga o‘xshamasdi. Yuzida xotirjam, tinch, sokin bir ifoda bor edi. Hatto kulimsirab turardi. Bu g‘alati atvorli odamni O‘ruch ilk bor ko‘rganida, uni umrida kulmagan va kulmaydigan odam bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edi. Yo‘q qarshisidagi odam o‘sha Bolami edi. Ammo, uning yuzida avvalgiga qaraganda ikkita farqni sezish mumkin edi. U soqol qo‘ygan, yuzi esa, anchayin muloyimlashib qolgandi.
– Boya telefon qilsam, kelin cho‘milyaptilar, dedi. Men aytdim, ha, unaqa bo‘lsa, uyda ekan, biror joyga chiqmasa kerak. Havo birdaniga tashladi-da! Shabadani qarang, ko‘z ochirmaydi. Bunaqa havoda cho‘milib chiqsangiz shamollab-netib qolasiz-da, akang aylangur! Endi... baribir tozalik, pokizalik yaxshi narsa-da. Bir do‘xtirdan xabar olay-chi, borsam eshigidan quvmas, dedim. Kirsak bo‘ladimi o‘zi?
– Marhamat, kiring!
Bolami dahlizda avval kamzulini, keyin, etiklarini yechdi. O‘ruchning miyasidan turli fikrlar yashin tezligida chaqnab o‘tardi: “Bu qanaqasi bo‘ldi? Bu odam o‘lmaganmidi? O‘zi o‘lganini kimdan eshituvdi? Ofeliyadan! Balki, “bufetchining o‘limidan ayblanib qamalib chiqqan, deb umuman boshqa Balamini nazarda tutgandir? Infarktdan o‘lgan ham o‘sha odam bo‘lsa kerak! Dunyoda Bolamidan ko‘pi yo‘q. Mayli, masalaning bu tarafi aniq, deylik. O‘lgan boshqa odam bo‘la qolsin. Mana, bunisi tippa-tirik turibdi-ku! Demak, o‘g‘lining o‘limidan xabari yo‘q. Aks holda O‘ruchdan shubhalanmagan taqdirda ham bunaqa tirjayib yurmagan bo‘lardi. Axir, uch soat ilgari bechora bir bolasidan ayrildi. Balki... aqldan ozgan bo‘lsa-chi? O‘ruch mutaxassis sifatida Bolamining ko‘zlariga tikildi, qo‘l harakatlarini ko‘zdan kechirdi. Yo‘q, tentakka o‘xshamaydi. Harholda, o‘g‘lining o‘limidan xabar topmagani aniq. Unaqada O‘ruchning uyiga nega keldiykin? Maqsadi nima?
Ular xonaga o‘tishdi. Bolami yuzida o‘sha tabassum bilan jimgina xonani ko‘zdan kechirardi. “Balki endi uyimga ham ega chiqmoqchidir” degan xayolga bordi O‘ruch. Balki birovning uy-joyini da’vo qilishga moyillik ruhiy xastaliklarning yangi bir turidir?
Pokiza choy keltirib, Bolamining oldiga qo‘ydi. Bolami boshini ko‘tarib, Pokizaga qaramasdan:
– Rahmat, kelin, bolalaringizning rohatini ko‘ring, – dedi. – To‘ylaringizga kelib, xizmatda bo‘lay. – Choydan bir ho‘plam ichib, xonani yana bir ko‘zdan kechirib chiqdi.
– Ha, O‘ruch do‘xtir, – dedi. – Akang aylangur, shu desangiz, bu dunyo xo‘b qiziq dunyo-da. Ikki haftadan beri bu yerda emasdim. Eronga borib keldim. Parvardigor sizga ham nasib qilsin. Mashhadga borib, Imom Rizoning (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) qabrlarini ziyorat qilib qaytdim. Paraxod bilan keldim. O‘sha yerda bolalarimning yoniga borishdan avval sizni bir ko‘rib o‘tishim kerakligini Xudo dilimga soldi. Sizni boshqa bezovta qilmasam deb Hazratning qabrlari tepasida niyat qildim. O‘sha bog‘ni qaytib da’vo qilmaganim bo‘lsin, dedim. Shu yigitning haqqi haloli bo‘lsin dedim. Sizdan hech qanaqa da’voyim ham, iddaoyim ham yo‘q. O‘sha Hazrati imomning xoki poylarini ko‘zimga surganimda dilimga bir nuri ilohiy tushdi. Xuddiki, hazratning o‘zlari qulog‘imga pichirlaganday bo‘ldilar: “Hay baraka topkur, xudoning bandasi Bolami! Necha yilki bir armani bog‘ingda makon tutdi, indamading. Endi o‘z birodaring, dindoshingni quvib chiqarasanmi? Qo‘y, bechora umrining oxirigacha shu yerda umrguzaronlik qilsin, sen ham ko‘chada qolganing yo‘q, uy-joying, bola-chaqang bor, nima qilasan, besh qo‘lingni og‘zingga tiqib?» Hay, dedim, o‘tgan ishga salavot, dedim. Akang aylangur, mana oldingizga kelib turgan joyim. O‘sha bog‘da o‘nib-o‘sing, mingdan ming roziman.
Rahmatli Vohid aytganidek:
Vohid, jahonda jovidon ishq mulkidir,
Qolgan nima bo‘lsa, bari vayronadir manga.
O‘ruch ayni paytda boshqa narsani o‘ylardi. Bolami hozir to‘g‘ri qishloqqa borib, o‘g‘li yo‘qolib qolganini payqaydi. Ertami-kechmi, o‘ligini ham topadi. Ana unda boshlanadi qiyomat.
Bolami choyini ichib, o‘rnidan turdi. O‘ruchning tilidan ko‘chgan manzirat o‘ziga ham g‘alati tuyulib ketdi:
– O‘tiring, qayoqqa shoshilasiz? Xotinga aytay, ovqat qilsin...
– Yo‘q, akang aylangur, Alloh sizdan rozi bo‘lsin. Uyga bormasam bo‘lmaydi. Bolalarimni sog‘indim, ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirgandir.
– Bolalardan nechta? – bu savolni shunchaki bermadi. Shu tariqa Husanog‘aning o‘limiga daxli yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatmoqchi edi.
– Aytuvdim-ku, sizga, ikkita o‘g‘lim bor, boshi omon bo‘lsin. Kattasi Husanog‘a. Kichkinasi Hasanog‘a.
“Husanog‘a... edi, – xayolidan kechirdi O‘ruch. – Endi kattasi yo‘q, faqat kichigi qolgan”.
Bolami hali buni bilmasdi. Negadir kulimsiradi. O‘ruch ham uning tabassumiga javoban iljayib qo‘ydi.
Bolami xayr-xo‘shlashib chiqdi. O‘sha kechasi O‘ruch sahargacha uxlolmay chiqdi. Ertasi – yakshanba kunini xuddi igna ustida o‘tirganday azob bilan o‘tkazdi. Har gal telefon jiringlaganda, yuragi hapriqib ketardi. Har daqiqada eshik ochilib, qurolli soqchilarning kirib kelishini, uning qo‘l-oyog‘iga band solib, olib ketishlarini kutardi. Ammo, kun bo‘yi hech kim eshikni qoqmadi. Tayinli qo‘ng‘iroq ham bo‘lmadi. Qo‘shni suv kelgan-kelmaganini so‘rab sim qoqdi. Keyin bir-ikki tanishlari... Bittasi begona, raqamni noto‘g‘ri tergan chamasi. Kechgacha O‘ruchning bo‘lari bo‘ldi. Yotog‘ida cho‘zilib, biroz mizg‘igan bo‘ldi. Keyin uyg‘ondi-yu, sahargacha uxlolmadi.
Ertalab oltida turib, dushga tushdi. Soqolini oldi, bir tishlam non ham tomog‘idan o‘tmadi. Bir stakan choy ichib poyu piyoda ishga jo‘nadi.
Kasalxona qarshisida Ofeliya bilan yuzlashdi. Atrofda odam yo‘qligiga ishonch hosil qilgach:
– Meni kechiring, – dedi asta. – O‘sha kuni borolmadim. Onamning qon bosimi oshgan edi, ukol qildim, tashlab ketishga ko‘nglim bo‘lmadi. Jahlingiz chiqmadimi?
– Albatta yo‘q, – dedi O‘ruch ich-ichidan sevinib. Chindan ham yaxshi bo‘libdi, aks holda yangi chigalliklar paydo bo‘lardi. U Ofeliyaga: – O‘zim sendan uzr so‘ramoqchiydim. Zarur ishim chiqib qoldi, shuning uchun men ham boqqa borolmadim. Ikki kun seni o‘yladim, bog‘ning eshigida kutib-kutib ketdimikan, deb. Kelmaganing yaxshi bo‘pti, – keyin biroz o‘ylanib gapiga tuzatish kiritdi, – lekin onangning qon bosimi oshgani chatoq bo‘pti-da! Hozir yaxshimi, ishqilib?
– Ertalab o‘lchab ko‘rsam, joyiga tushibdi, – dedi va biroz qizarib davom etdi. – Demak, sizam kelmabsiz-da, men bo‘lsam... sizni ancha kuttirib qo‘ydim deb...
– Seni har doim kutaman, – yasama iltifot bilan shivirladi O‘ruch. Ularning suhbatlari cho‘zilgani sari o‘tib ketayotganlar bu tomonga ma’noli ko‘z tashlab qo‘yardilar. Harqalay, ularning don olishib yurishi ko‘pchilikka ayon edi.
O‘ruch ikki-uchta bemorni qabul qilganidan keyin anchayin parishonligini his etdi. Fikrini bir joyga jamlashga qiynalayotganini angladi. Assistentiga:
– Nimagadir, boshim qattiq og‘riyapti, – dedi, – uyga ketmasam bo‘lmaydi.
Uyga kirishi bilan bu yerda ahvoli avvalgidan yaxshilanmasligini angladi. Kasalxonada-ku, odam ko‘p, bemorlarning shikoyatlari, ish, tashvishlar bilan biroz bo‘lsayam chalg‘iydi. Uyda esa, tilsiz-zabonsiz Pokizadan bo‘lak hech kim yo‘q, yolg‘izlikda turfa qo‘rqinch xayollar iskanjasida yorilib o‘lay deydi. Nazarida har daqiqada mudhish bir voqea yuz beradiganday edi.
Bog‘dagi voqeaning uchinchi kuni edi. Nega Bolami haligacha jim yurganidan taajjublandi. Nahotki, o‘g‘lining taqdiri bilan sira qiziqib ko‘rmagan bo‘lsa? Agar vahima ko‘tarib, melisaga xabar bergan bo‘lsa, organ xodimlari ertami-kechmi uning iziga tushib boqqacha borishardi. Husanog‘a shubhasiz otasining bog‘ da’vosidan voqif bo‘lgan. O‘ruchning bog‘iga ham shuni talab qilib kelgan. Mash-haddan qaytgan otaning fikri o‘zgarishidan o‘g‘li tabiiyki, bexabar edi. Bolami qaytganidan beri o‘g‘lini ko‘rgani yo‘q. Uning uyida bu mavzudagi suhbatlar ko‘p bo‘lgandir? Bolami o‘g‘li O‘ruchning bog‘iga borishi ehtimolini nazardan qochirishi mumkin emas. Demak, bu taxminni melisaga ham aytishi aniq. Unda iz, albatta, O‘ruchga kelib tutashadi va O‘ruchni loaqal bir marta bo‘lsin so‘roq qilishardi. Bularning hammasi bugun bo‘lmasa ertaga, bir hafta, bir oy va undan keyin ham yuz berishi mumkin. Bir oydan keyin ham haftalik odati bo‘yicha bog‘idan xabar olmasa, shuning o‘zi ham shubhaga yetarlicha asos bo‘la oladi. Qachon bo‘lmasin, O‘ruch boqqa borishi, hodisani birinchi bo‘lib o‘zi oshkor qilishi kerak. Iriy boshlagan murdaning badbo‘y isi butun boqqa yoyilib ketishi aniq. Shunda ham topa olishmasa, o‘zi borib, xabar qilishi shart. Albatta, o‘zini fosh etmasligi kerak. Ammo, bu bir-ikki oyning har daqiqasi dahshat, tahlika, sarosima bilan to‘liq bo‘lishi aniq. Bunga O‘ruchning irodasi yetarmikin?Noaniqlik, mavhumlikdan ko‘ra og‘ir narsa yo‘q bu olamda.
Balki, telefonni olib, o‘zi Bolamiga qo‘ng‘iroq qilsa-chi? Yaxshiyam, telefon raqami yozilgan qog‘ozni tashlab yubormagan ekan. Qidirib topdi. Xo‘sh, qo‘ng‘iroq qildi ham deylik, keyin-chi? Nima deydi? Nimani so‘raydi? Qancha o‘ylamasin, biror jo‘yali bahona topolmadi. Bolami bilan oldi-berdisi, salom-aligi bo‘lmasa? Ehtimol, qo‘ng‘iroq qilib, qo‘yib qo‘yar. Birgina ovozdan ham ko‘p narsani aniqlashtirishi mumkin.
Raqam terib, yana go‘shakni ilgani bilan bir ish chiqmasa-chi? Balki, uning telefoni nazorat ostidadir?
“O‘zimam g‘irt vasvos bo‘lib qoldimmi, deyman”.
Go‘shakni olib, raqamni terdi. Birozdan keyin erkak kishining ovozi eshitildi. Bolamining tovushini darrov tanidi. Ovoz sokin va xotirjam edi.
– Allo, kim bu, eshitaman, gapiring!
O‘ruch jim edi. Bolami bir-ikki allo-allo dedi-da, go‘shakni ildi. Yaqinidan ajragan kishining ovozi emasdi bu. Qiziq, nahot o‘g‘lining yo‘qolganidan xavotirlanmayotgan bo‘lsa?
Kechgacha o‘ylab, bir bahona topdi. Bolamiga telefon qilib Eron safari haqida so‘raydi. “Bir oshnam Eronga bormoqchiydi, sizdan bir-ikki maslahatli gaplarni so‘ramoqchi ekan”, deydi. Viza, sarf-xarajat, borish-kelish degandek...
Garchi ishonarsizroq bahona bo‘lsa-da, boshqa tayinli gap miyasiga kelmadi.
Kech soat to‘qqizlarda sim qoqdi. Yana Bolamining o‘zi ko‘tardi. O‘ruch arang o‘zini bosib:
– Salom, Bolami og‘a, – dedi. – Men O‘ruch do‘xtirman.
– Ha, do‘xtir, xush ko‘rdik, nima gap? Nima yangiliklar? Tinchlikmi, yo‘qlab qolibsiz?
Ovoz juda sokin va hatto biroz quvnoq edi. Biror-bir xavotir alomati sezilmasdi.
O‘ruch do‘stining Eronga borishi haqida to‘qigan uydirmani gapirib berdi. Savol berib, javobini oldi. Faqat, suhbatining oxirida bazo‘r yurak yutib, so‘radi:
– Bolalar yaxshi yurishibdimi?
– Rahmat, hammasi yaxshi, – dedi. – Hasanog‘a bog‘ ishlari bilan yuribdi. Husanog‘a gul sotgani Maskovga ketgan.
O‘ruch Bolami ham boshqa qishloq odamlaridak tomorqasida ul-bul yetishtirib, Maskovga yuborib tursa kerak, Husanog‘ani ham Maskovga ketgan deb xotirjam yurgan bo‘lishsa kerak degan xayolga bordi.
– Husanog‘a qachon ketdi Maskovga? – Har qancha tahlikali bo‘lmasin, O‘ruch bu savolni berishdan o‘zini tutib turolmadi.
– Kecha ketdi, – dedi Bolami. Bu javobdan so‘ng go‘shak O‘ruchning qo‘lidan tushib ketishiga sal qoldi. Shosha-pisha xayrlashib go‘shakni ildi.
G‘alati ahvolda qolgandi. Suyunishni ham, sevinmaslikni ham bilmasdi. Suyunishga asosi bor edi. Bolamining butun oilasi sog‘-salomat ekan. Ularga O‘ruchning biror ziyon-zahmati tegmabdi. Belkurak bilan o‘ldirilgan yigit (hech o‘ylab ko‘rmaydimi, qop-qora odamdan qanaqasiga bunday mallavoy tug‘ilishi mumkinligini) Husanog‘a emas ekan-da! Bordi-yu, o‘sha yigit Husanog‘a bo‘lsa, o‘lmagan, (o‘lganiga shifokor sifatida O‘ruchning shubhasi yo‘q edi) shunchaki yaralangan bo‘lganida, o‘ziga kelib uyiga qaytgan, loaqal kim uni bu ahvolga solganini uyidagilarga aytgan bo‘lardi. Demak, o‘lgan Husanog‘a emas. Ming qatla shukur. Unda u o‘lik kimniki? Nega o‘zini Husanog‘a deb tanishtirdi? Bog‘ mojarosini u qayerdan eshitgan? Maqsadi nima bo‘lgan?
Husanog‘aning salomatligi O‘ruchni qanchalik sevintirmasin, bu muammo ortidagi sir uni shu qadar bezovta qilardi. Kimni o‘ldirdi u? Nima sababdan, nima maqsadda O‘ruchning bog‘iga suqulib kirdi bu odam? Nima bo‘lganda ham u odam o‘ldirgan. Umrida birinchi va oxirgi marta odam o‘ldirishi uni shu qadar jiddiy vahimaga solib qo‘ygandi. Hayajoni, sarosimasi, taajjub va qo‘rquvlarini kim bilan baham ko‘rishi mumkin? Hech kim bilan.
O‘sha kecha uxlolmay chiqdi. Ertalab soqolini olayotib, unga qarab turgan, qip-qizarib ketgan so‘niq ko‘zlar, salqigan qovoqlar, sarg‘aygan yuzlarni ko‘rib angladiki, yana bir ana shunday kechani yashamoqqa tobu toqati yetmaydi. Bu holatda ishga ham borolmasdi. Pokiza ham ertami-kechmi uning ahvolini tushunib yetardi. Agar hozirga qadar tushunib olmagan bo‘lsa.
Uch kechalik uyqusizlik O‘ruchni tamoman holdan toydirgan, miyasini toliqtirgan, asablarini buzgan bo‘lsa-da, harholda tushunchalarini muayyan bir mantiq asosida tizishga tirishardi. Aniqki, o‘lgan odam Bolamining o‘g‘li emas, umuman, uning oilasiga daxli ham yo‘q. Demak, shaxsiy adovat, g‘araz, dushmanlik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Husanog‘a o‘ldirilganida Bolamini O‘ruchni ayblashi, har yo‘l bilan undan qasos olishga intilishi mumkin edi.
Jon taslim qilgan tamomila mavhum odam. Albatta, bu jinoyat, O‘ruch buni bo‘yniga olmasligi kerak. Ammo, bu jinoyatning ochilishini oylar davomida kuta olmasdi. Balki o‘lgan yigit shunchaki bir daydi, hech kimi yo‘q benavodir? Hech kimga uning keragi ham yo‘qdir?
Buyoqda yoz mavsumi yaqinlashyapti, havo isiyapti. Tut pishig‘ida boqqa borishga to‘g‘ri keladi. Umuman, qachondir boradi-ku, bog‘iga? O‘shanda bu jinoyat yanada jirkanchli ko‘rinishda yuzaga chiqadi. Murdani yorib ko‘rishganda, o‘ldirigan vaqti ma’lum bo‘ladi. O‘ruchning ikki-uch oydan beri boqqa kelmayotganini ham bilib qolishsa tamom. Axir, uning har hafta oxirida bog‘iga kelib turishini ko‘pchilik biladi-ku? Ofeliya tugul, Pokiza ham, tanishlari ham biladi buni. Ofeliya bilan uzoq muddat ko‘rishmay yurgani ham muammolarni keltirib chiqarardi.
Har qanday vaziyatda ham bu masalani cho‘zib bo‘lmaydi. Shu kunning o‘zida boqqa borib, o‘likni «oshkor» qilishi, melisaga xabar berishi kerak. Suvdan quruq chiqish uchun esa, o‘zini yo‘qotmasligi, butun irodasini to‘plab, o‘zini musichadek begunoh, tetik, bardam tutishi kerak. Sarosimadan biroz dovdirab qolsa, buni tushunish mumkin. Hamma ham kelib o‘z uyida o‘lik ko‘rsa, shu ahvolga tushishi tabiiy.
Yo‘q, nima bo‘lsa bo‘lsin, bugun borishi, bu mavhumlikni yo‘qotishi shart. Pokizaga biror narsa demaydi. Borib kelganidan keyin hammasini aytib beradi. Albatta, melisaga aytiladigan tarzda. Nima uchun aynan bugun boqqa borganiga ham bahonani taxt qilib qo‘ygan. “Mashinamga yangi ballon olib qo‘ygandim, shuni olish uchun boruvdim. Kasseta olish uchun yuqori qavatga chiqsam, xonada...”. To‘g‘risiyam shu edi-da, o‘zi.
Havo sovuq, shamol esib turardi. Boqqa yaqinlashganida yomg‘ir shivalay boshladi. Mashinani tashqarida, tor ko‘chada qoldirdi. Hovliga o‘tib, atrofga ko‘z tashladi. Hech narsa o‘zgarmagan. Hamma narsa har kungiday. Tut, anjir, toklar, bog‘ ustidan o‘tgan elektr simlari, quduq, hovuz, garaj, sauna, ikki qavatli uy.Birinchi qavatning eshigini ochmadi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildi, ayvonga chiqdi, xona eshigiga yaqinlashdi.
Xona eshigiga... yana kalit solingan edi. O‘ruchning ko‘zlari olayib ketdi. Axir bu kalitni o‘tgan safar quduqqa otmaganmidi? Balki bu uchinchimas, to‘rtinchi kalitdir? Shu choq kalit o‘z-o‘zidan burala boshladi va eshik qiya ochildi.
Shundoq ham shiddat bilan urib turgan yuragi ko‘ksidan otilib chiqqudek bo‘ldi. Eshikni ochib, ichkari kirganida yuragi go‘yo taqqa to‘xtagandek bo‘ldi. O‘ruchning ko‘z oldi qorong‘ilashib, boshi aylandi, yiqilib tushishiga sal qoldi. Butun irodasini to‘plab, hushini yo‘qotmaslikka tirishdi.
Xona paloslari ustida na qon izlari, na qonli belkurak, na yigitning jasadi bor edi. Yigit... soppa-sog‘ holatda karavotning ustida yastanib yotardi. Peshonasida ham, chakkasida ham, yelkasida ham jarohatdan asar qolmagandi. O‘ruchni ko‘rishi bilan bamaylixotir o‘rnidan turdi.
– Senmisan, – so‘radi O‘ruch. – Haliyam shu yerdamisan?
– Husanog‘aman, – dedi yigit. – Bolamining katta o‘g‘li. Ota-bobomning uyiga keldim. Sen nima qilasan bu yerda?
O‘ruch bu gaplarni bir marta eshitgandi. Endi o‘sha so‘zlar aynan qayta takrorlanayotganini sezdi. Husanog‘aning, – agar bu rostdan ham Husanog‘a bo‘lsa, qarashlari, xatti-harakatlari aynan o‘sha mash’um kundagidek edi. Eng dahshatlisi, O‘ruch bu hodisa qanday davom etishini, nima bilan tugashini bilardi. Hozir yuz berajak hodisalarning oldini olish mutlaqo mumkin emasligini ham bilardi.
Gapirayotgan ham O‘ruch emasdi. Go‘yoki kimdir uning ovozi bilan to‘rt kun avvalgi so‘zlarni aynan takrorlardi.
– Yo‘qol bu yerdan, ko‘zimga ko‘rinma, – O‘ruch o‘z ixtiyori bilan birgina jumlani qo‘shimcha qildi – qo‘limni qonga botirma!
Husanog‘a, – rostdan o‘sha bo‘lsa, – ma’nosiz ko‘zlarini O‘ruchga qadagancha sas-sado chiqarmay o‘tirardi. O‘ruch eski magnitofondek o‘sha kungi so‘zlarni takrorlardi. “Hammasini o‘zim qurganman... dalahovlilar boshqarmasi... otang ham yonimga keluvdi...” Yigit lom-mim demasdi. Dahshatli daqiqa, mudhish hodisa tobora yaqinlashib kelardi.
O‘ruch karavotning tagida nima borligini bilardi, shuning uchun u tarafga qaramaslikka tirishdi. Belkurak necha soniyadan keyin qanday ishni bajarishini ham anglab turadi. Dahshatli nihoyaga bir lahza qolganida, Husanog‘a belkurakni olib O‘ruchga hujum qildi. O‘ruch bu hujumni oldindan kutgani uchun qo‘rqmadi. Chunki u natijani yaxshi bilardi. Bilardiki, O‘ruchga bu hujumda jin ham urmaydi. Va aynan natijani bilgani uchun ham qo‘rqardi. Bilardiki, qarshisidagi yigitni, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ldirishi aniq.
Biroz olishuvdan so‘ng belkurak O‘ruchning qo‘liga o‘tdi. Yigit O‘ruchga musht tushirgan zahoti u belkurak bilan sariqmashakning boshiga aylantirib soldi. U yerga cho‘zilib qoldi, Xudi o‘sha kungiday qon adyol ustiga, devorga sachrab ketdi.
O‘ruch xonadan chiqarkan, bu da’fa dastro‘mol chiqarib, barmoq izlarini artmadi. Buning biror ma’nisi yo‘q edi. Boshqa biror narsa haqida o‘ylashga, biror mantiqiy xulosaga kelishga qobil emasdi. Kasbiy tajribasiga oid eng murakkab, tushuniksiz ruhiy jarayonlarni bir-bir esladi. Aniq his etardiki, aqli hushi joyida, miyasi ishlab turibdi. Ammo, bu izohsiz voqealarlardan biror ma’no, mantiq chiqara olmasdi. Qachondir o‘qigani, - yarim fantastik bir farazni esga oldi: ba’zida inson o‘z aqli bilan yuz berajak hodisalarni oldindan yashashi, his qila, ayon ko‘ra olishi mumkin. Bu ham o‘shanday hodisalarning biri bo‘lsa-chi? Bugun hozir ro‘y bergan fojiani to‘rt kun ilgari shunchaki xayolidan kechirgan bo‘lsa-ya? Demak, o‘sha kungi jinoyat shunchaki xayol, ro‘yo ekan-da! Kim bilsin, bugungisi ham ana shunday xayol va tasavvur in’ikosidir?
Shu choq lop etib yoniga kelgan bemorlarning bir vahimali bashoratini esladi: “Bu yerda avval yashagan armani do‘xtir bog‘ni tilsimlab, devor va daraxtlarga zaharli moddalarni singdirib ketgan. Balki o‘shanda «bir savdoyining vasvasasi-da», deb e’tibor bermay ketgan bu bashorat ayni haqiqatning o‘zidir? Gallyutsinogen moddalar chindan ham mavjud va ularning inson miyasiga ta’siri fanga yaxshi ma’lum-ku? Umuman olganda, keyingi yillarning suronli hodisalari, taloto‘plar hammaning miyasiga, ruhiyatiga ozmi-ko‘pmi ta’sir o‘tkazgan. Kimdir aytgan edi, “inson tabiatning barcha sirlaridan, afsunlaridan ogoh”, deb. Dunyoning shu qadar ko‘p ochilmagan, oshkor etilmagan sirlari, tilsimlari borki... Buyam o‘shalarning bittasi bo‘lsa kerak? O‘ruch ma’nosiz nigohlarini xona tarafga yo‘naltirdi.
Zinapoyalardan pastga tushdi. Shamol kuchaygan, yomg‘ir ham tezlashgan edi, Bir payt O‘ruchning nazarida bog‘da yana nimadir o‘ta muhim bir ish bo‘lishi kerakdek va bu ish uning hayotidagi eng chigal jumboqlarni ham yecha oladigandek tuyuldi. Ammo bu ish nima ekanini, nimadan iborat bo‘lishini O‘ruch tasavvuriga ham sig‘dira olmasdi. Uning tasavvur doirasi ham shu qadar torayib qolgan, har qancha urinmasin, hech narsani idrok etolmas, his qilolmas, tushunolmasdi.
Tushungan paytda esa, kech bo‘lgandi. Shu tariqa u oxiri nima bilan tugaganini anglayolmay qoldi.
* * *
Kuchli shamol yuqori kuchlanishdagi elektr simini uzib tashlagan, simlar hovli bilan bitta bo‘lib yotardi. Yomg‘ir yerni tamomila ivitib tashlagandi. Faqat ayvonga yomg‘ir tushmagandi. O‘ruch birinchi qavatdagi ayvondan tushib, nam tuproqqa qadam qo‘yishi bilan yonib qop-qora jasadga aylandi-qoldi.
* * *
O‘ruchning o‘ligini ikki kundan keyin topishdi. Muhim yig‘ilish bor edi. O‘ruchni ishdan ham, uydan ham topa olishmagach, tabiiyki, boqqa odam yuborishdi. Mehdining haydovchisi yetib keldi.
Haydovchi eshik oldida O‘ruchning mashinasini ko‘rdi. Eshikni ancha vaqt taqillatdi. Natija bo‘lmagach, devor oshib hovliga kirdi va yerda yotgan qop-qora jasadni ko‘rib dahshatdan tosh qotdi. Avvaliga uning O‘ruch ekanini xayoliga ham keltirmadi. Nima sababdan o‘lik bu qadar qorayib ketganini ham tushunmadi. Harqalay darhol shaharga xabar qildi. O‘ruchning jasadini olib ketishdi.
Barcha markaziy gazetalarda ta’ziyanomalar chop etildi. Taniqli shifokor, tajribali ruhshunos bilan vidolashuv marosimi o‘zi ishlagan shifoxonada o‘tdi. Ikkinchi faxriy xiyobonda dafn etildi. Dafn payti barcha oila a’zolari (o‘g‘li ham Moskovdan uchib keldi), hamkasabalari, qarindosh-urug‘lari ishtirok etdi. Ofeliya ham bir burchakka biqinib olgancha, hiq-hiq yig‘lardi. Bolami ikki o‘g‘li Husan-og‘a va Hasanog‘a bilan mozor boshigacha borishdi.
_______________
* Oligofreniya – ruhiy kasallikning bir turi.