Xuddi hozirgidek, V asrda ham har tong quyosh uyqudan bosh ko‘tarib, shom pallasi ufqqa bosh qo‘yar edi. Tongning ilk nurlari shabnam bilan o‘pishgan lahzalarda Zamin qaytadan jonlanib, butun borliq shodumonlikka to‘lib ketar, shomda esa hammayoqni chuqur sukunat o‘z komiga torta boshlardi. Shu zaylda biri biridan farqsiz kunlar va tunlar almashinib kelaverardi. Ahyon-ahyonda osmonni qora bulut qoplab, qasirg‘a o‘ynar, ko‘kdan yulduz uchib, rang-quti o‘chgan rohib qavmlariga monastir yaqinida yo‘lbars ko‘rganini aytib, ularning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solar, va yana bir-biridan farqsiz kunlar, tunlar almashinib kelaverardi.
Rohiblar zuhdu taqvoda toat-ibodat qilishar, sarrohib bo‘lsa cholg‘u chalib yaratganga hamdu sanolar aytar, va ularning tili hamda dilidan tangri kalomi tushmas edi. Alomat sarrohibga qodiru mavlon benazir salohiyat va cho‘ng iqtidor ato etgan edi. Rohiblarning quloqlari keksalik g‘oratidan og‘irlashib qolgan bo‘lsa-da, sarrohib sozi jo‘rligida bag‘oyat mahoratla ijro etgan maqomlarni sel bo‘lib tinglashar, ba’zilari o‘zini tutolmay yig‘lamoqqa tushishardi. Sarrohib eng oddiy narsalar haqida, aytaylik, dov-daraxtlaru gul-chechaklar, darrandalaru parrandalar, tog‘u toshlaru daryo-ummonlar to‘g‘risida so‘zlay boshlasa, uning sehrli ovozini zavqlanmasdan yoki mutaassir bo‘lmay eshitish mushkul edi. Uning kufri qo‘zigan yoki qalbini kuchli his-hayajon chulg‘agan damlarda yoxud qavmlarining diliga qutquli olamshumul voqealarni so‘zlab dahshat solganda esa, hammaning diqqat-e’tiborini qozongan sarrohibning yuz-ko‘zlarida zohir bo‘lgan vajohatdan rohiblar tosh qotib qolishar — bunday vaziyatlarda uning amriga binoan o‘zlarini o‘tgayam, suvgayam otishga tayyor turishardi.
Sarrohibning tangrini ulug‘lab, uning ta’rifida keltirgan hamdu sanolari, rivoyatlarida din ahliga bitmas-tuganmas ilhom bag‘ishlaguvchi sehr mavjud edi. Ba’zan, ya’ni monastir hayotining bir maromdagi yakrang umrguzaronligida daraxtlaru gul-chechaklar, ko‘klamu tiramoh, daryoyu ummon to‘lqinlarining shovullashi ham rohiblarning ba’diga urib, qushlarning sayroqi xonishidan-da dillari zada tortgan kezlarda sarrohibning betimsol a’moli qavmlarida suv bilan havoga tashnalikdek ehtiyoj uyg‘otardi.
Quvlashib yillar o‘tib borar, kunlarni kunlardan, tunlarni tunlardan ajratib bo‘lmas edi. Yovvoyi qushlaru darrandalardan bo‘lak monastir yaqiniga zog‘ ham yo‘lamasdi. Atrof javonibda odam zoti yashamas, monastirdan kentu manzilgohlarga borish uchun yuz chaqirimcha yo‘l yurish lozim edi. Monastirga kelishni esa tarki dunyo qilgan va zohidona ro‘zg‘orni avlo bilgan darvishlargina o‘zlariga ravo ko‘rishardi. Turmush mashaqqatlaridan ezilgan, jonidan to‘yib ketgan bandalargina monastir taraflarga borishni o‘zlariga ixtiyor etardilar.
Buni qarangki, kunlarning birida yarim tunda monastir eshigini kimdir qoqdi. Boshpana so‘rab turgan kimsani ko‘rib, rohiblar taxayyulga borishdi. Notanish odam turmushi yalang ayshu tarabda o‘tgan kentlik po‘rim bo‘lib chiqdi. U sarrohibdan ibodatga izn so‘rash o‘rniga, toqatsizlanganicha yemak va ichmak berishlarini talab qildi. Olis kentdan gadoytopmas bu joylarga qanday kelib qolganini so‘rashganda, u shikorga chiqqanini va ichib changalzorda adashib qolganini aytdi. Zohidlik zunnorini belga bog‘lab, sahobu shom toat-ibodatda bo‘lishga da’vat etganlarida, u tirjayganicha: “Sizlarga birodar bo‘la olmayman”, dedi.
Yeb-ichib nafsi anchayin qongan musofir rohiblarga bir-bir qarash qildi-da, xuddi yozg‘irgandek bosh chayqab dedi:
— Obbo siz rohiblar-ey! Yeb-ichish, huzur-halovatdan boshqasini bilmaydigan dangasa ekansizlar-ku! Oxiratingizni o‘ylasangiz-chi, axir!? Tunu kun tavba-tazarruda yaratganga yukinadigan ilmu amalingiz nahotki shundan iborat bo‘lsa?! Sizlar bu yerda vaqtida taomlanib, vaqtida istirohat qilasiz, uyoqda — Kenti Kabirda bo‘lsa xeshu aqrabolaringiz kun sayin razolat va fisq-fujur botqog‘iga botib oxiratini kuydirishmoqda... Odamlarda na iymon, na e’tiqod qoldi! Zero, kallani ishlatib, bundoq sarhisob solsangiz-chi! Oddiy avom ro‘zg‘or tutishdan qiynalib yotibdi, havoyi nafslarini tiya olmay, sarvatu shahvatga mukkasidan ketganlar bo‘lsa yo‘ldan adashib xudoning g‘ashiga tegmoqdalar. Ayting-chi menga, ularni nahs bosib, fosiqlik girdobi o‘z girvatiga tortib ketmasligi uchun nima qilmoq kerak? Zuhdu taqvo hamda amru ma’ruf bilan ularni haq yo‘liga solish kimning vazifasi? Ertayu kech ayshu tarabdan bo‘shamaydigan kaminaningmi? Zotan ruhni itoatda saqlab, butun qalb qo‘ri, mehr-muhabbatini tangri va uning bandalariga baxshida etib, tunu kun mana shu to‘rt devor ichidan chiqmay, ezgu amallarga qo‘l urmasdan taralla bedodlik qilib kelayotgan sizning vazifangiz emasmi?!
Musofirning sarxush ta’na-dashnomlari qanchalik qo‘rs tuyulmasin, sarrohib ularni eshitib chuqur o‘yga toldi. Avzoi buzilib, birodarlariga gezarib qaragancha dedi:
— Birodarlar, indallosini aytganda, kentlik mehmonning gaplari to‘g‘ri! Faqiru yo‘qsillarning iymonsizligi va nodonligi bilan uch pullik ishimiz yo‘q. Axir u yoqlarga borib, xudo bexabarlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishimiz kerak emasmi?
Sarrohib kentlik kishining ta’nalaridan mutaassir bo‘ldi. Ertasiga u hamma qavmlari bilan xayr-xo‘shlashib, hassasini to‘qillatgancha olis va mashaqqatli yo‘lga tushdi. Sarrohibsiz monastir huvillab qoldi.
Oradan bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi — sarrohibdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, uch oydan keyin hassasini to‘qillatgancha monastir eshigidan sarrohib kirib keldi. Kutib olishga chiqqan rohiblar uni savolga ko‘mib tashlashdi. Ammo sarrohib ular bilan qayta diydorlashib turganidan xursand bo‘lish o‘rniga, lom-mim demasdan achchiq yig‘lay boshladi. U o‘zini xiyla oldirib qo‘ygandi: safar uni judayam toliqtirgani va qaroqlarining qa’riga teran musibat soya solgani shundoq ko‘rinib turar edi. Sarrohib birdaniga ancha yoshga keksayib qolganga o‘xshardi. Uning yig‘loqi ko‘zlari va salqi yuzlari boyoqishning u yoqlarda rosa ezilgani, xo‘rlik va abgorlik chekkanidan darak berib turardi.
Shunda monastir rohiblarining ham dili vayron bo‘lib, unga qo‘shilib yig‘lamoqqa boshladilar. Ularning: “Hadeb ko‘zyosh to‘kishingizning boisi ne?”, degan savoliga sarrohib churq etib javob qilmadi va tamomila uzlatga chekindi.
Sarrohib yetti kechayu yetti kunduz tuz totmadi — na soz chalib qavmlarining qalbiga orom bag‘ishladi, na amru ma’ruf qilib va’z-nasihat o‘qidi. Nihoyat, u hujrasidan chiqib keldi. Tegrasiga ruhoniylarni chorlab, surunkali jola to‘kishdan shishib-qizargan, g‘ussa va nafratga to‘la ko‘zlarini ularga tikkancha o‘tgan uch oy davomida ko‘rgan-kechirganlari haqida hikoya qila boshladi.
Monastirdan Kenti Kabirga dovur bosib o‘tgan yo‘lini bayon etarkan, uning ovozi xotirjam jaranglab, yuz-ko‘zlaridan tabassum balqib turdi.
— Yo‘limda, — deb hikoya qilardi u, — qushlarning “chax-chax” sayrashi, ariq va jilg‘a suvlarining qiqirlab kulishi qalbimda xush kayfiyat uyg‘otar va dilimni sarafroz aylardi; kamina bo‘lsa g‘olib chiqishga ishonchi komil fotih singari ketib borardim. Ana shunday nekbin orzu-maqsadlar qanotida shahar tomon oshiqar ekanman, yo‘lakay qasidalar bitib, tangrining sha’niga hamdlar aytgancha manzilimga yetib kelganimniyam sezmabman...
Biroq kent va kentliklar to‘g‘risida so‘zlay boshlashi hamon sarrohibning ko‘zlari chaqnab, butun vujudida titroq turdi va ko‘zlarida qahr-g‘azab o‘ti yondi. Sarrohib gavjum va sershovqin shaharga kirib borarkan, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘layotgan ko‘rguliklarni ilgari ko‘rish u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltira olmasdi. Umri poyoniga yetib borayotgan sarrohib hayotida birinchi marta shaytoni la’in hali-hamon ko‘p narsalarga qodirligini, odam zotini irodasiz va haqir qulga aylantirib qo‘yish unga hech narsa emasligini anglab yetdi. Baxtga qarshi u kirib borgan dastlabki manzildan fosiqu gumrohlar oshyon qurib olishgan edi. U yerda bir talay puldorlar ishratparastlikka berilib, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan buzuqliklar bilan mashg‘ul edilar; stolga tortilgan noz-ne’matlarni oyoqosti qilishar, mast-alast holda behayo so‘zlarni so‘zlashar, uyatsiz qo‘shiqlar kuylashardi. Bunday sharmandagarchilik faqat xudobexabar gumrohlarninggina qo‘li va tilidan kelishi mumkin edi; na xudodan, na shaytoni la’indan va na ajaldan qo‘rqadigan bu haromzodalar o‘zlarini o‘ktam, xurram va xushbaxt chog‘lashardi. Qahrabo tusli totli musallas nafis jomlarda jimir-jimir qilar, bag‘oyat mazali va xushbo‘y ichimliklardan mayparastlarning qayta-qayta ichgisi kelar edi. Musallasda shunday bir iblisona kuch pinhon ediki, undan ichgan har qanday odamni sarob misol o‘z domiga tortaverardi...
Sarrohib g‘azab otiga minib, ko‘rganlarini kuyib-yonib bayon etarkan, “uh” tortgancha, afsus-nadomat chekib ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kardi.
— Maishatparastlarning, — deya hikoyasini davom ettirdi u, — davrasi o‘rtasiga yarim yalang‘och suyuqoyoq chiqib olgan edi. Odam zotiga ato etilgan noz-ne’matlar ichida bu qadar jozibador, bu qadar maftunkor husni tavajjuhni uchratish dushvor edi. Qoramag‘izdan kelgan uzunsoch, quralay ko‘z, dudoqlari lo‘ppi bu kuydirmajon sadafdek oppoq tishlarini yaltiratgancha: “Qarasangiz-chi, naqadar sumanbar, va shu bilan birga benomus, behayo xilqatman!”, deyayotgandek bo‘lardi. Uning nihoyatda xushbichim va nazokatli kiftlariga kimxob va shohi tashlab qo‘yilgan edi. Zero, zinogarning beandisha, beor tanasi yaltir-yultur liboslarga bekinib olishni istamas, balki ayni bahorda zamin bag‘rida bosh ko‘tarib chiqqan sabza yanglig‘ harislik bilan ochilib-sochilar edi. Yuvuqsiz ayol erkaklarga qo‘shilib may ichar, badaxloq qo‘shiqlar xirgoyi etib, ularning birgina imosiga jimo qilib ketaverardi.
Jununi qo‘zigan sarrohib qo‘llarini to‘lg‘ab-to‘lg‘ab buqalar jangi, suvoriylar bellashuvi, teatru tomoshalar to‘g‘risida, haykaltarosh loydan did bilan yasagan shir yalang‘och ayol haykali haqida uyatdan qizarib-bo‘zarib so‘zlar edi.
U burrozabon notiq singari mulohazalarni lo‘nda-lo‘nda bayon etar, uning sehrli soz kabi maftunkor ovozini tinglayotgan rohiblar lol bo‘lishib, entikib-entikib qo‘yishar edi...
Fohisha ayol tanasining kishida nafrat va irganish uyg‘otuvchi nahs bosgan sehru jodularini tilga olar ekan, sarrohib shaytoni la’inga tavqi la’natlar o‘qib, hujrasiga kirib ketdi.
Erta tongda hujrasidan chiqib kelgan sarrohib monastirda o‘zidan boshqa bironta ruhoniy qolmaganini ko‘rdi. Hammasi shaharga ketib qolgandi.
1887 yil.
Ilhom Hafizov tarjimasi.