OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Vanka (hikoya)

Uch oy avval Alyoxin degan etikdo‘zga shogirdlikka berilgan to‘qqiz yashar bola Vanka Jukov rojdestvoga o‘tar kuni kechasi yotmadi. Xo‘jayinlari va boshqa shogirdlar ertalabki ibodatga ketishgandan keyin u, xo‘jayinining jovonidan siyohdon bilan zang bosib ketgan ruchka oldi-da, g‘ijimlangan bir varaq qog‘ozni oldiga yozib, xat bitishga kirishdi. Xatni boshlashdan oldin eshikka va derazalarga bir necha marta qo‘rqa-pusa qarab qo‘ydi, ikki tomoniga etik qoliplari tizib qo‘yilgan sanamga ham ko‘z qirini tashlab qo‘ydi, keyin bir, uf tortdi. Qog‘ozni skameyka ustiga yozib, uning oldiga tiz cho‘kib o‘tirdi.
«Bobojonim Konstantin Makarich! — deb yoza boshladi u xatni. — Men sizga duoyi salom yozmoqdaman. Sizni rojdestvo hayiti bilan qutlab, u tomonlarda omon-eson yurishingizni xudodan tilab qolaman. Mening otam ham, onam ham yo‘q. Sizdan boshqa hech kimim yo‘q».
Vanka sham shu’lasi aks etib turgan qorong‘i derazaga qaradi, Jivarev degan boynikida kechasi qorovullik qiladigan bobosi Konstantin Makarich darrov ko‘z oldiga keldi. Bobosi oltmish besh yoshlar chamasida, kichkinagina, qotmadan kelgan, ammo nihoyatda epchil va serharakat, yuzlari doim kulib turadigan, ko‘zlari suzuk bir chol edi. Kunduz kunlari u, xizmatkorlar turadigan uyda uxlaydi, yoki oshpaz xotinlarga tegishib o‘tiradi, kechalari esa keng po‘stinini kiyib, qo‘rg‘on atrofida shaqildog‘ini chalib yuradi. Uning ketidan Kashtanka degan qari it va uzun bo‘yi, qora juni uchun Vyun deb atalgan yana bir it boshlarini osiltirib ergashib yuradi. Vyun juda itoatkor va yuvosh it, o‘z odamlarini ham, begonani ham baravar hurmat qiladi, ammo unga hech kim ishonmaydi. Uning itoatkorligi va yuvoshligida ayyorlik bor. Bildirmasdan kelib turib oyoqni uzib olishda, muzxonaga kirib, u yerdagi go‘sht-yog‘larni urishda, dehqonning tozug‘ini qiyratishda undan o‘tkiri yo‘q. Odamlar bir-necha marta uning keyingi oyog‘ini urib mayib qilishgan, ikki marta dorga ham osishgan, chala o‘lik qilib ham urishgan, biroq har safar omon qolgan.
Bobosi shu topda darvoza oldida qishloq butxonasining charog‘on derazalariga ko‘zini suzib qarab turgandir, yo bo‘lmasa sovuqqa qotganidan piymasi bilan yer tepinib, qarollar bilan o‘ynashayotgandir. Shaqildog‘ini belbog‘iga osib olgani aniq. Qo‘llarini bir-biriga ishqab, sovuqdan seskana-seskana, hiringlaydi va yo beka oqsochining, yo oshpaz xotinning biqinini chimchilaydi.
— Qani, tamakidan hidlaylik, tamakidan, — deydi-da, xotinlarga tamaki tutadi.
Xotinlar tamaki hidlab, chuchkurishadi. Chol bunda» iihoyatda xursand bo‘lib ketadi-da, qah-qah urib kuladi va:
— Burningni art, yaxlab qopti! — deb qichqiradi.
Keyin itlarga ham tamaki hidlatishadi. Kashtanka chuchkuradi, xafa bo‘lganidan boshini chayqay-chayqay chetga chiqib o‘tiradi. Vyun odob saqlab, chuchkurmaydi, dumini silkitib turadi. Havo shinam, jimjit, musaffo. Tun qorong‘i, ammo butun qishloq, uning oppoq tomlari, mo‘rilardan buralib-buralib chiqqan tutunlari, kumushday qirov bosgan daraxtlar, qor bosgan tepaliklar ravshan ko‘rinib turadi. Osmon jilvali charaqlab turgan yulduzlar bilan to‘la, somon yo‘li ham oydindek yorug‘, arafada uni yuvib, qor bilan ishqalaganday...
Vanka bir uh tortdi-da, peroni siyohga botirib, yana xatni yozaverdi:
«Kecha bo‘lsa meni o‘lgudek qiynashdi. Xo‘jayinlarning belanchakdagi bolasini tebratib o‘tirib, bilmasdan uxlab qolibman. Xo‘jayin sochimdan sudrab, hovliga olib chiqib, qayish bilan rosa savaladi. O‘tgan hafta xo‘jayin beka meni selyodka tozalashga buyurdi, men uni dumidan tozalay boshlagan edim, beka baliqni qo‘limdan tortib olib, uning kallasini basharamga ishqadi. Xalfalar meni masxara qilishadi, qovoqxonaga araqqa yuborishadi, xo‘jayinnikidan bodring o‘g‘irlattirishadi, xo‘jayin bo‘lsa qo‘liga tushgan narsa bilan uradi. Ovqatdan hech narsa yo‘q. Erta bilan non beriladi, tushda bo‘tqa, kechqurun ham quruq nonning o‘zi: choyni, karam sho‘rvalarni nuqul o‘zlari tushirishadi. Kechasi yotadigan joyim — yo‘lak, xo‘jayinning bolasi yig‘lasa mijja qoqmay kechasi bilan belanchak tebratib chiqaman. Jon bobo, xudo xayir bersin, meni bu yerdan uyga, qishloqqa olib keting, hech toqatim qolmadi... Oyoqlaringizga boshimni qo‘yib yalinaman, o‘lgunimcha duo qilay, meni bu yerdan olib keting, bo‘lmasa o‘lib qolaman...».
Vankaning lablari burishdi, qop-qora mushti bilan ko‘zlarini artdi-da, piqilladi.
«Men sizga tamakilaringizni maydalab beraman, — deb davom etdi bola, — ibodat qilaman, biron ayb qilsam itday savalang. Agar menga ish topilmaydi desangiz, yalinib-yolvorib gumashtaga etik tozalovchi bo‘lib kiraman, yo bo‘lmasa Fedkaning o‘rniga podachiga shogird bo‘laman. Bobojon, sira toqatim qolmadi, jonimdan to‘ydim. Qishloqqa piyoda jo‘nay desam etigim yo‘q, sovuqdan qo‘rqaman. Bu qilgan yaxshiligingizga katta bo‘lganimda sizni boqaman, hech kimga xo‘rlatmayman, o‘lganingizda onam Pelageyaga qilinganday, sizga ham duoyi fotiha qilaman.
Moskva katta shahar. Hamma uylar boylarga qaraydi, ot ko‘p, qo‘ydan sira yo‘q, itlari yuvosh. Bu yerning bolalari barat oyi qo‘shig‘ini aytishmas ekan. Butxonalarda ham hech kimga qo‘shiq ayttirishmaydi, bir kuni bir do‘konda ipi va yog‘ochi bilan sotiladigan qarmoq ko‘rdim, bunaqa qarmoqqa har qanaqa baliq ilinadi, hatto bir pud keladigan laqqa baliq ilinadigan qarmoq ham bor. Shunaqanggi do‘konlar ham borki, u yerda badavlat kishilarning kuchi yetadigan miltiqlar bor, har bittasi yuz so‘mdan turar deyman... Go‘sht do‘konlarida esa qirg‘ovillar, kakliklar, quyonlar to‘lib yotipti, ularni qaerda otilganini qassoblar sira aytishmaydi.
Bobojon, xo‘jayiningiznikida archa bayrami bo‘lganda menga usti yaltiroq yong‘oqdan olib, ko‘k sandiqqa solib, yashirib qo‘ying. Vankaga desangiz oyimqiz Olga Ignatevna beradi».
Vanka yana bir xo‘rsindi-da, derazaga tikilib, xayolga botdi. Xo‘jayinga archa olib kelish uchun bobosining o‘rmonga borishini va o‘zi bilan birga Vankani ham olib borganlarini esladi. Qanday yaxshi zamonlar ekan!
Bobosi zo‘r berardi, sovuq, ham zo‘r berardi, ularga qarab Vanka ham zo‘r berardi. Bobosi ba’zan archa kesishdan oldin trubka chekib olardi, tamaki hidlardi, sovqotgan Vankani masxara qilardi. Qirovga o‘ralgan yosh archalar qaysi birlarining kuni bitganini bilmasdan tik turardi. Bir yoqdan lip etib quyon chiqib qolar va qor uyumlari ustidan o‘qday uchib o‘tib ketardi... Bobosi esa:
— Ushla! Ushla uni! Ha, shayton! — deb ketidan qichqirib qolardi.
Kesilgan archani bobosi xo‘jayinlar uyiga sudrab olib kelardi, keyin uni bezatishardi. Vankani yaxshi ko‘rgan oyimqiz Olga Ignatevna hammadan ko‘p jon kuydirardi. Vankaning onasi Pelageya tirikligida xo‘jayinlarnikida oqsoch edi, Vankaga Olga Ignatevna popuklar berardi, zerikkanidan uni o‘qishga, yozishga, yuzgacha sanashga va hatto tantsa tushishga o‘rgatgan edi. Pelageya o‘lgandan keyin yetim qolgan Vankani qarollar turadigan oshxonaga chiqarib, bobosiga qo‘shib qo‘yishdi, u yerda Moskvaga, Alyoxin etikdo‘znikiga jo‘natishdi.
«Tezroq keling, bobojon, — deb xatini davom ettirdi Vanka, — xudo xayir bersin, meni bu yerdan olib keting. Mendek bechora yetimga rahmingiz kelsin, bu yerda meni uzzukun savalaydilar, o‘lardek och yuraman. Shunday zerikdimki, yig‘laganim yig‘lagan. Qaysi kuni xo‘jayin qolip bilan boshimga shunday urdiki, yiqilib tushdim, zo‘rg‘a o‘zimga keldim. Turmushim har qanday itnikidan ham battar... Alyonaga ham salom ayting, g‘ilay Yegorkaga ham, kucherga ham, mening garmonimni hech kimga bermang, deb nevarangiz Ivan Jukov, jon bobo, tezroq keling».
Vanka xatni to‘rt bukladi-da, bir kun oldin bir tiyinga sotib olgan konvertga soldi... Biroz o‘ylab turib keyin peroni siyohga botirdi-da:
Bobom qishlog‘iga
deb adres yozdi.
Keyii yelkasini qashib, biroz o‘ylanib, «Konstantin Makarichga tegsin» deb qo‘shib qo‘ydi. Hech kim xalaqit bermasdan xat yozganidan xursand bo‘lib, boshiga shapkasini kiydi va ko‘ylakchan yugurganicha ko‘chaga chiqib ketdi...
Kunduz kuni so‘raganida qassoblar «xat pochta qutisiga solinadi, qutilardan olinib, mast yamshchiklar mingan, uch otli qo‘ng‘iroqlar osilgan aravalarda butun yer yuziga tarqatiladi» deb aytishgan edi. Vanka eng yaqin pochta qutisiga chopib bordi-da, qimmatbaho xatni qutiga soldi.
Bir soatlardan keyin umidlar allasi ostida qattiq uyquga ketdi... Tushiga pech kirdi. Pechda bobosi yalang oyoqlarini pastga osiltirib, oshpaz xotinlarga xat o‘qib berayotgan emish... Pech yoiida Vyun dumini likillatib aylanib yurganmish...

O.Rahimiy tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.