OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Xameleon (hikoya)

Bozor maydonidan yangi shinel kiygan, tuguncha ko‘targan politsiya nazoratchisi Ochumelov o‘tib borardi. Uning orqasidan musodara kilingan krijovnik to‘la g‘alvirni ko‘targancha malla gorodovoy kelmoqda. Tevarak-atrof jimjit... Maydonda jon asari ko‘rinmaydi... Do‘konlar va qovoqxonalarning huvillagan eshiklari yorug‘ dunyoga ochiqqandek og‘iz ochib turibdi; ularning yaqinida hatto gadoylar ham yo‘q.

— Senmi hali qopadigan la’nati?— degan ovozni eshitadi daf’atan Ochumelov.— Yigitlar, uni ko‘yib yuboringlar! Hozirgi kunda qopitish taqiqlangan! Ushla! A... a!
Itning  vangillagani   eshitiladi.   Ochumelov   o‘girilib qarasa: savdogar Pichuginning o‘tin omboridan uch oyoqlab likonglab chopgancha alanglay-alanglay bir it qochib chiqayotibdi. Uni oharlangan chit ko‘ylakli,. nimchasining tugmalari solinmagan bir kishi quvlab kelmoqda. Gavdasi bilan oldinga intilgan ko‘yi chopib kelayotib yerga yiqiladi-da, itning orqa oyog‘ini tutib oladi. Yana itning vangillagani va: «Qo‘yyb yuborma!» — degan qichqiriq eshitiladi. 
Do‘konlardan uyquli basharalar mo‘ralaydi, tez orada o‘tin ombori oldida bamisoli yerdan bodrab chiqqandek haloyiq to‘planib qoladi.    
—Tartibsizlik yuz berganga o‘xshaydi, janoblari!..— deydi gorodovoy.
Ochumelov chapga burilib, to‘planganlar tomon qarab yuradi. Xuddi ombor darvozasi oldida u haligi nimchasining tugmalari solinmagan odamning o‘ng qo‘lini yuqori ko‘targancha qonagan barmog‘ini xaloyiqqa ko‘rsatayotganini ko‘radi. Mastroq basharasi: «Sening vajingdan shilib olmasammi, kazzob!» deb turgandek, barmog‘ining o‘zi ham g‘alabasidan bashorat qilayotgandek. Ochumelov bu odamning zargar Xryukin ekanligini bildi. To‘planganlarning o‘rtasida a’zoyi badani dir-dir titragan ko‘yi mashmashaning sababchisi kiftida sarg‘ish qashqasi bor, tumshug‘i cho‘zinchoq oppoq tozi kuchuk oldingi oyoqlari tarvaqaylagancha cho‘nqayib o‘tirardi. Yoshlangan ko‘zlarida hasrat va dahshat aks etardi.
— Bu yerda nima sababdan to‘planib turibsizlar? — deb so‘raydi Ochumelov, xaloyiq orasiga yorib kirarkan.— Bu yerda nima qilib turibsizlar! Sen nega barmog‘ingni ko‘rsatasan?.. Baqirgan kim?
— O’zim ketayotgan edim, hech kimga tegmay, janoblari...— deya gap boshlaydi Xryukin, mushtumiga yo‘tala-yo‘tala. — Mitriy Mitrichga o‘tik vajidan uchrashgani... Daf’atan mana bu ablah buhudadan-behudaga barmog‘imga yopishsa bo‘ladimi... Siz meni kechirasiz-u, men bir zahmatkash odam bo‘lsam... Ishim juda serdiqqat. Menga tovon to‘lashsin, nega desangiz — men, ehtimolki, bu barmog‘imni bir haftagacha qimirlatolmasman... Bu narsa qonunda ham yo‘q, janoblari, maxluqdan jabr ko‘rish degan gap... Mabodo ko‘ringanni qopaveradigan bo‘lsa, dunyoda yashamay qo‘yaqolgan ham ma’qul...
Hm!.. Durust...— deydi Ochumelov jiddiy, yo‘talib va qoshlarini uchirib.— Durust... Kimning iti? Men buni shundayligicha qoldirmayman. Men sizlarga itlarni tal-taytirib yuborish qanaqaligini ko‘rsatib qo‘yaman! Qarorlarga bo‘ysunishni istamaydigan buningdek janoblarga diqqatni qaratishga allaqachon fursat yetgan! Yaramasni shartta shtrafga tortishsa, itu balo-battar daydi hayvonlar nimaligini bilib oladi! Men uning onasini ko‘rsatib qo‘yaman!.. Yeldirin,— deya gorodovoyga murojaat qiladi nazoratchi,— bu kimning iti ekanligini bil-da, protokol tuz! Itni esa yo‘qotish kerak. Darhol! Qutirgan bo‘lsa ham ajab emas... Bu kimning iti, deyman?
— Bu general Jigalovning iti shekilli!— deydi xaloyiq orasidan kimdir.
— General Jigalovning itimi? Hm!.. Paltomni yechib ol-chi, Yeldirin... Yomon isib ketdi-ya! Yomg‘ir yog‘adiganga o‘xshaydi-da... Men faqat bir narsaga tushunolmay turibman: u seni qanday qilib qopgan bo‘lishi mumkin?— deb Xryukinga murojaat qildi Ochumelov.— Nahotki barmog‘ingga bo‘yi yetsa? U kichkinagina bo‘lsa, davangiligingni qara! — Barmog‘ingni mix bilan cho‘qilab kavlagansan-da, keyin kallangga, bir nima shilsam, degan fikr kelgan. Axir sen... ma’lumsanlar-ku! Men sen iblislarni bilaman!
— U ermak uchun itning tumshug‘iga chekib turgan tamakisini bosdi, janoblari, u ham ziyrak hayvon, g‘archcha tishladi... Bu, bema’ni odam, janoblari!
— Bekor aytibsan, so‘qir! Ko‘rmaganingdan keyin yolg‘on gapirib nima qilasan? Janoblari aqlli zotlardai, kim yolg‘on gapirayotibdiyu kim sidqidildan xudoligini aytayotibdi — biladilar... Bordi-yu, men yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam mirovoy ajrim qila qolsin... Uning qo‘lidagi qonunda aytilgan... Hozirgi kunda hamma teppa-teng... Mening akam ham jandarmda xizmat qiladi... agar bilmoqchi bo‘lsalaringiz...
—  Gap sotilmasin!
— Yo‘q, bu generalning iti emas,— deb o‘ychanlik bilan qayd etadi gorodovoy.— Generalnikida bunaqasidan yo‘q. Undagilar ko‘proq iskovich itlar...
— Sen buni aniq bilasanmi?
— Aniq bilaman, janoblari...
— Men o‘zim ham bilaman. Generalning itlari qimmatbaho, zotdor, bu nima o‘zi — jin urgan.  Na juni boru na vajohati... qabohatning o‘zi xalos! Shunday itni boqib yuradimi-ya?! Aql-hushlaring bormi o‘zi? Mana shunday it Peterburgdami yoki Moskvada duch kelib qolsa, bilasizlarmi, nima qilishardi? U yerda qonun degan narsangga qarab o‘tirmay, o‘sha zahotiyoq — til torttirishmasdi! Sen, Xryukin, jabr ko‘ribsan, bu ishin oqibatsiz tashlab qo‘yma... Ta’zirini berib qo‘yish kerak! Fursat yetgan...
— Generalning iti bo‘lsa ham ajab emas...— deydi baralla gorodovoy o‘y surib. — Basharasiga yozib qo‘yilmagan bo‘lsa... Kuni kecha uning qo‘rasida shunaqasini ko‘rgan edim.
— Generalniki ekanligi aniq!— degan ovoz eshitiladi xaloyiq orasidan.
— Hm!.. Paltomni kiydirib qo‘y-chi, birodar Yeldirin... Shamol turib qoldi... Etim ivishyapti... Uni generalga olib borib topshirasan, u yerda so‘raysan. Meni topib jo‘natdi, deysan... Tayinlab ayt, ko‘chaga chiqazishmasin. Bu qimmatbaho it bo‘lsa kerak, bordi-yu, har bir to‘ng‘iz tumshug‘iga tamakisini ishqalayversa nobud bo‘ladi-ketadi. It — nozik bir maxluq. Sen, galvars, qo‘lingni pastga tushir. Bema’ni barmog‘ingni pesh qilaverishingning hojati yo‘k. Ayb o‘zingda!..
— Generalning oshpazi kelyapti, o‘shandan so‘rab qo‘ya qolamiz... Hoy, Proxor! Bu yoqqa kel-chi, azizim! Mana bu itni ko‘r... Sizlarnikimi?
— Topgan gapingni qara-ya! Bunaqasi bizda sira ham bo‘lgan emas!
— Buni surishtirib o‘tirishning ham hojati yo‘q,— deydi Ochumelov.— Bu daydi it! Gapni cho‘zib o‘tirishning keragi yo‘q... Daydi it, dedimmi, daydi it. Yo‘qotish kerak, vassalom.
— Bu bizning itimiz emas,— deb so‘zida davom etadi Proxor.— Bu generalning kuni kecha kelgan akasining iti. Bizning xo‘jayinning tozilarga hushi yo‘q. Akalari ishqiboz...
— Iya, u kishining akalari kelganmilar? Vladimir Ivanovich-a?— deb so‘raydi Ochumelov, iyib ketganidan aftiga tabassum yoyiladi.— Yo tavba, buni qaranglar-a! Men bo‘lsa bexabar ekanman! Mehmon bo‘lib keldilarmi?
— Mehmon bo‘lib...
— Yo tavba, buni qaranglar-a! Ukalarini sog‘inganlar-da... Men bo‘lsam bexabar ekanman! O’sha kishining itlari degin? Juda xursandman... Buni olib ket... Binoyidekkina kuchuk ekan...  Ziyrakkina ekan... mana buning barmog‘ini uzib ol! Ha-ha-ha... Ha, nega titraysan? Rrr... Rr... Achchig‘lanyapti haromi... kuchukvachcha-ey.
Proxor itni chaqirib, uni ergashtirgancha o‘tin omboridan yiroqlashadi... Xaloyiq Xryukindan xoxolab kuldi.
— Shoshmaytur hali senga ko‘rsatib qo‘yaman!— deb unga po‘pisa qiladi Ochumelov va shineliga o‘ranganicha bozor maydoni bo‘ylab yo‘lida davom etadi.

1884.
 
Abdulla Qahhor tarjimasi
 
* * *
 
BUQALAMUN

Yangi shinel kiygan po‘lis nazoratchisi Ochumelov guzar maydonchasi orqali qo‘lida tugunchasi bilan ketib boradi. Yo‘lakay musodara qiling‘an to‘la bir g‘alvir qulubnayni ko‘targan sap-sariq gorodovoy uning oraqasidan ta’qib etadi. Tevarak jim… maydonchada hech kim ko‘rinmaydi. Do‘kon va qovoqxonalarning eshiklari ochiq, huvillab turadilar, bu eshiklar yonida gadoy u yoqda tursin bir zog‘ ham ko‘rinmaydi.
– Ey, san hali qopadig‘an ham bo‘ldingmi? – degan hayqiriqni eshitgan Ochumelov– Tut, tut qo‘yma birodar! Kishini qopsin deb kim buyurgan? Tut, ushla! Ha!…
It vangillashi eshitiladi. Ochumelov bir tomonga qaraydi: Pechogin boyning o‘tin skladidan bir itning uch oyoqlab kelganini, qo‘rquv aralash atrofga alanglaganini ko‘radi. Itni chit ko‘ylak kiyib, jelatkasining tugmalari yechilgan bir kishi quvlab keladi, oxirda butun gavdasi bilan yerga yotib olib itning orqa oyog‘idan ushlab qoladi. It yana vangillaydi. Allakim – “mahkam ushla, qo‘yma” deb qichqiradi. Do‘kon eshiklaridan mudragan kishilar mo‘ralaydilar. Bir onda o‘tin skladi yonida go‘yo yerdan o‘sib chiqqandek bir to‘da xalq yig‘ilib qoladi.
– Tartibsizlikga aslo yo‘l qo‘ymasman, oliynasab janoblari, – deb gorodovoy Ochumelovni tinchitadi.
Ochumelov birdan to‘xtaydi, chapga tomon yarim aylangandan so‘ng to‘plangan kishilar ustiga qarab yuradi. Haligi sklad eshigi yonida yuqorida ko‘rsatilgan tugmasi yechik kishining bir qo‘lini yuqori ko‘tarib, qonli barmog‘ini xalqg‘a ko‘rsatayotganini ko‘radi. Uning yarim mast siymosidan “Itning o‘n jonidan bir jonini ham qo‘ymayman” degan ma’no anglashiladi. Bundan tashqari uning qonli barmog‘i ham it ustidan g‘alaba qilishg‘a shahodat berib turadi. Ochumelov bu kishining oltin asboblar ustasi zargar Xrokin ekanligini tanidi. Xalq o‘rtasida yelkasi sarig‘ dog‘li, tumshug‘i ingichka oq it – bosh aybdor ham cho‘nqayib o‘ltiradi. Butun a’zosi bilan titrab qo‘rquv va dahshat aralash atrofiga nazar tashlaydi.
– Xo‘sh, bu yerga nima uchun yig‘ildingiz,– deydi xalqni yorib ichkariga kirgan Ochumelov, – Xo‘sh nimaga yig‘ilishdingiz? Sening barmog‘ingg‘a nima qildi?… Hali kim hay¬qirdi-a?
– Beozor o‘z ishim bilan kelayotsam, oliynasab janoblari, – dedi Xrokin barmog‘ig‘a qarab ijirqang‘an holda,– o‘zimning Mitriy Mitrich bilan bir oz o‘tin to‘g‘risida… ha bir vaqt mana shu o‘tirgan it yonimga keldi-da, hech narsadan hech narsa yo‘q barmog‘imni uzdi, oldi… tilim tegmasa, og‘zim tegmasa… men o‘zim ishchi bir odamman… mening kasbim juda nozik. Endi, men shu majruh barmog‘im bilan ihtimolki, bir hafta ishga yaralmasman. Bir haftalik tavon to‘lamasalar men bu itni qo‘ymayman. Oliynasab janoblari, bunday gap zakonda yo‘qdir. Har ko‘ringan it kishini tishlab keta bersa, bu kundan ko‘ra o‘lib ketkan ancha yaxshidir.
– Himm!… Yaxshi…, – dedi Ochumelov jiddiy tusda va yo‘talib qoshlarimni chimiradi, – yaxshi… bu o‘zi kimning iti? Men bu ishni bu holda qo‘yib ketolmayman! Men itni bo‘sh qo‘yib yuborganlar uchun ta’zir berishga yarayman. Hukumatning qarorlarini iltifotsiz qoldirib keluvchi afandilar bilan chinlab kurashish vaqti yetkan bo‘lsa kerak. Bu mutahamlarga yaxshilab shtraf solg‘achg‘ina ular it va bosh¬qa hayvonlarni bo‘sh qo‘yib yuborish hikmatiga tushunadilar. Men bundaylarning ko‘zini moshdek ochib qo‘yishga yarayman!… Yeldirin – dedi polis nazoratchisi gogodovoyni imlab, – oldin itning kimniki ekanligin bil, undan so‘ng protokol yoz! Itni bo‘lsa o‘ldirish kerak. Tezdan! Balki quturg‘an bo‘lsa ham ajab emas… Qani, xo‘sh bu o‘zi kimning iti?
– Chamasi bu it, general Jikalovning iti bo‘lsa kerak – dedi xalq ichida allakim.
– General Jikalovniki? Himm!… Mening ustimdan paltomni yech-chi,
Yeldirin… Kun juda ham isib ketdi! Bo‘ronning ketidan so‘roni kelib yomg‘ur yog‘sa ham ajab emas… Faqat men bir narsagagina tushunolmay turaman: Bu it seni qanday qilib qopa oldi ekan? – deb Ochumelov Xrokinga qaraydi. – Qanday qilib bu itning bo‘yi sening barmoqlaringg‘a yetdi ekan? Aqlim yetmaydi. It bo‘lsa nozik. Sen bo‘lsang ho‘kizdak, bo‘yingga qara! Balki barmog‘ingg‘a mix-pix kirgan bo‘lsa, haligi mixni tortib olgansa, qonab ketkan, undan so‘ng boshingga … xa de… Men siz xalqning miringdan siringni bilaman! Siz xaloyiq juda ham bema’ni odamlarsiz!
– Oliynasab janoblari, balki uning o‘zi kulgi uchun itning burniga papirus tiqqan bo‘lsa, shundan so‘ng, it barmog‘ini tishlab ol¬g‘an… Bu o‘zi juda ham bema’ni odam, oliynasab janoblari.
– Yolg‘on so‘zlaysan, ko‘r! Ko‘zing bilan ko‘rmaganingdan keyin yolg‘on so‘zlashning nima hojati bor. Oliynasab janoblari juda ham aqlli odam, kim yolg‘on so‘zlaydi, kim rost, bu kishi o‘zi tirnog‘ining yuzidak biladi. Nahotki, men yolg‘on aytsam. Xo‘p, sud tekshirsin. Zakonda hammasi ham ko‘rsatigan… Bo‘lmasa menga bari bir… Mening o‘z akam jandarmada xizmat qiladi. Agar bilmakchi bo‘lsangiz…
– Vaysay berma!
– Yo‘q, bu generalning iti bo‘lmasa kerak… – deydi chuqur o‘ylab olgan gorodovoy, – generalning bunday iti yo‘q edi. Uning iti chipor rangli edi…
– Sen buni aniq bilasanmi?
– Aniq bilaman, oliynasab janoblari!
– Menim o‘zim ham bilaman. Generalning itlari zotlik, qimmatbaho narsalar edi. Bu bo‘lsa egasiz, daydi itga o‘xshaydi. Epaqaliq yungi ham yo‘q. Ko‘rinishi ham xunuk… Qisqasi bir bedavodan iborat. Shunday bema’ni itni saqlaydimi kishi? Senlarda aql bormi? Agar shu xilda bir it Petirburg yoki Moskovga kirib qolsa bormi, darrov zakonni ham bir tomonga yig‘ishtirib qo‘yib urib o‘ldirar edilar. Sen, Xrokin, bu ishni shunday qoldirib ketma… Ta’zirini berib qo‘yish kerak! Fursatni qo‘ldan chiqarish yaramaydi!
– Balki generalning itidir…, – dedi o‘ylanib turgan gorodovoy, – men tunov kun generalning hovlisida shunga o‘xshash bir itni ko‘rgandak bo‘lgan edim.
– To‘g‘ri bu it generalniki! – deydi xalq ichidan allakim.
– Himm!… Birodar Yeldirin, mening paltomni kiydirib qo‘y-chi…
Shamollab qalaturg‘ang‘a o‘xshayman… Ichimdan titroq kelayapti… Sen bu itni generalnikiga olib bor. Va o‘sha yerdan so‘rab bil. Ularga mening ushlab yuborganligimni aytarsan… Ko‘chaga bo‘sh qo‘yib yuborilmasin degin… Balki o‘zi qimmatbaho, zotlik itdir. Har bir cho‘chqag‘a o‘xshag‘an ahmoqlar uning burniga papirus tiqa bersalar buzilib qolishi ham turgan gap. It deganing juda ham nozik maxluq… Sen ahmoq, qo‘lingni pastga tushur! Jinniga o‘xshab qo‘lingni yuqori ko‘tarib turma! Ayb o‘zingda!
– Generalning oshpazi kelyapti, undan so‘raymiz… Hay Proxor! Qani buyoqg‘a kel-chi, uka! Manavi itni ko‘r, siznikimi?
– Topibsan! Umrda bunaqa itimiz bo‘lmagan.
– Endi uzoq so‘rab o‘lturishning hojati yo‘q, – dedi Ochumelov, – bu albatta egasiz daydi it! Uzoq muhokama qilib o‘ltirish nima xojat. Men axir daydi it demadimmi, mana endi daydiligi ham ma’lum bo‘ldi. Buni urib o‘ldirishdan boshqa ish yo‘q, vassalom!
– Bu bizning itimiz emas, – deb davom etdi Proxor, – Bu it generalning ukasining iti, o‘zi yaqinda keldi. Bizning itimiz ov iti emas. Janobning ukalari ovchiliqg‘a …
– Ha, ha, hali bu janobning ukalari kelgan ekanlar-da? Vladimir Ivanovich-a? – deb so‘radi Ochumelov va yuziga tabassum, shodliq tusi kira boradi, – voy xudo! Men hech bir eshitmabman-da. Mihmanga kelgandirlar?
– Ha, mihman bo‘lib kelibdilar…
– Akalarini sog‘ing‘an bo‘lsalar kerak… Men bo‘lsa o‘limdan xabarim bor, u zotning kelganlaridan xabarim yo‘q! Demak bu it ularniki ekan-da? Juda xursand bo‘ldim… Itni olib ket… Yaxshigina it ko‘rinadi… O‘lguncha yugurdak bo‘lsa kerak. Ol, buni bormog‘ini tishla! Ha ha-ha… Xo‘sh, nega titraysan? Viss, viss… serzarda mug‘ambir… o‘z oti bilan it-da…
Proxor itni chaqirib olib o‘tin skladidan chiqib ketadi. Xalq Xrokinni mazaq qilib kuladi:
– Sen hali qarab tur! – deb Ochumelov Xrokinni yanadi va shneliga o‘ralib olib guzar maydonchasi bo‘ylab yo‘liga davom etadi.

Abdulla Qodiriy tarjimasi
“Sovet adabiyoti” jurnali. 1936 yil, 3-son, 63-64-betlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.