OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Yovuz niyatli kishi (hikoya)

Sud tergovchisi huzurida tik ko‘ylak, seryamoq lozim kiygan kichkinagina, nihoyat darajada ozg‘in bir mujik turibdi. Uning mo‘y bosgan bujur yuzlarida, qalin va uzun qoshlari ostidan zo‘rg‘a ko‘rinib turgan ko‘zlarida tund bir shiddat ifodasi bor. Qanchadan beri taroq tegmagan chigal sochlari boshini shapkadek qoplab olib, u chehraga yana ko‘proq shiddat, o‘rgumchak shiddati beradi. U yalangoyoq.
— Denis Grigorev!—deb so‘z boshlaydi tergovchi. — Yaqinroq kelib mening savollarimga javob ber. Ushbu iyul oyining yettinchi kuni temir yo‘l qorovuli Ivan Semyon o‘g‘li Akinfov erta bilan seni ko‘ripti, sen — relsni shpalga biriktiradigan gaykani burab, chiqarib turgan ekansan. Mana shu gayka!.. U seni shu gayka bilan ushlapti. Shundaymi?
— Labbay?
— Butun voqea shu Akinfov aytgandek bo‘lganmidi?
— Ha, shundoq bo‘lgandi.
— Yaxshi; xo‘sh, endi aytib ber-chi: gaykani nega burab chiqarding?
— Labbay?
— Sen «labbay»ni qo‘yib, savolga javob ber; gaykani nima uchun burab chiqarding?
Denis shipga qaragan holda xirqirab javob beradi:
— Bir keragi bo‘lmasa burab chiqararmidim?
— Bu gayka senga nima uchun kerak bo‘ldi, axir?
— Gaykami? Biz bu gaykadan cho‘kdirgich yasaymiz...
— Kim u, «biz» deganing?
— Biz, aholi... Klimov qishlog‘ining mujiklari.
— Menga qara, og‘ayni sen unaqa o‘zingni telbalikka solmasdan durustroq gapirsang-chi. Bo‘lmag‘ur cho‘kdirgichlar bilan boshni aylantirib yolg‘on gapirma.
Denis ko‘zlarini pirpiratib turib, so‘zlaydi:
— Umrimda yolg‘on gapirgan odam emasman. Endi kelib, mana yolg‘onchi bo‘lib o‘tiribman... Cho‘kdirgich bo‘lmasa ish bitadimi, taqsir? Qarmoqqa chuvalchang yo bo‘lmasa mayda baliqni o‘tkazganingminan, u o‘lgurda cho‘kdirgich bo‘lmasa, suvga botadimi? Yolg‘onchi emishman... — deb iljayadi Denis— Suv betida qalqib yuraveradigan bo‘lsa, undan nima foyda? Olabug‘ani oling, cho‘rtanni oling, shirin baliqni oling — hammasi chuqurdagi yemga keladi; suv betida turgan yemni shilishper cho‘qisa cho‘qiydi, uyam bo‘lsa yilda bir... Bizning soyda shilishper o‘zi yo‘g‘am... U baliq katta suvni xushlaydi.
— Sen menga shilishperdan gapirib nima qilasan?
— Labbay? O‘zingiz so‘radingiz-ku! Biz tomonda katta-katta boylar ham baliqni shunaqa qilib tutadi. Eng yaramas bir bolani olgan vaqtingizdayam cho‘kdirgich bo‘lmasa baliq ovlamaydi. Albatta, tushunmagan odam bo‘lsa boshqa gap — u cho‘kdirgich bo‘lmasayam ovga chiqaveradi. Ahmoqqa zakon yo‘q degan gap bor emasmi, axir?
— Demak, sen o‘sha gaykani cho‘kdirgich yasash uchun burab chiqargan ekansan-da?
— Bo‘lmasam-chi? Nima, uni soqqa qilib o‘ynardimmi?
— Cho‘kdirgich uchun qo‘rg‘oshin, yo miltiq o‘qi... yo bironta mix topib ishlatsang bo‘lardi-ku...
— Qo‘rg‘oshin ko‘chada yotgani yo‘q, u pulga keladi, mix bo‘lsa yaramaydi. Gaykadan boshqasi qo‘l kelmaydi... U ham og‘ir, ham tayyorgina teshigi bor.
— Jinnilikka soladi-ya o‘zini! Go‘yo kechagina tug‘ilgan-u, yo bo‘lmasa osmondan tushgan. Bu gayka burashning oqibati qanday bo‘lishini bilmaysanmi, hoy esi past? Agar qorovul ko‘rib qolmasa, poezd izidan chiqib ketib, qancha odam o‘ladi! Sen odam o‘ldirgan bo‘larding, odam!
— E, xudo saqlasin, taqsir! Nega odam o‘ldiray? Nima, biz dinsizmidik, yo yovuzmidik? Xudoga shukur, janobi taqsir, yoshimiz shunchaga yetib odam o‘ldirish tugul, unday narsalarni o‘ylaganimiz ham yo‘q... O‘zing saqla, parvardigorim, rahming kelsin... Gapingizni qarang-a!
— Xo‘sh, seningcha, poezdlarning ag‘anashi nimadan bo‘ladi? Bir-ikkita gaykani burab chiqardingmi, ag‘anaydi ketadi!
Denis iljayadi, ishonmagandek bo‘lib, tergovchiga ko‘zini pirpiratib qaraydi.
— Yo‘g‘-e! Necha yildan beri butun qishloq gayka burash bilan tirikchilik qilsak ham, shu kungacha xudo o‘zi saqlab keldi, mana endi ag‘anash, odam o‘ldirish degan gaplar chiqib turipti... Men uning relsini olib ketsam, yo bo‘lmasa aytaylik, yo‘lga bitta-yarimta xodani ko‘ndalang qilib qo‘ygan bo‘lsam, ana unda poezd, ehtimol ag‘inardi, bu bo‘lsa... nihoyati bir gayka xolos... Gayka-ya!
— Sen axir tushunsang-chi, relsni shpallarga o‘sha gaykalar bilan biriktirib qo‘yadilar-da!
— Buni biz yaxshi bilamiz... Biz, axir, hammasini burab olmaymiz-da... qoldiramizam... Telbalarning ishini qilmaymiz... tushunamiz...
Denis esnab og‘zini cho‘qintiradi.
— O‘tgan yil shu yerda poezd ag‘anab edi, — dedi tergovchi. — Sababi endi ma’lum bo‘ldi...
— Nima dedingiz?
— O‘tgan yil deyman, bir poezd izidan chiqqan edi. Shuning sababi mana endi ma’lum bo‘ldi... Ha-a bildim!
— Siz mehribonlarimiz, shunaqa narsalarni bilish uchun bilimdon bo‘lgansizlar-da. Xudo fahm berganda kimga berishini yaxshi bilgan... Siz, mana, bu unday, bu munday deb darrov gapning fahmiga yetdingiz, ammo anovi qorovulingiz bir mujik emasmi, hech narsaiing fahmiga bormasdan, odamning yoqasiga osilib, sudray beradi... Avval bir narsaning fahmiga borgin, undan keyin sudra-da! Mujik bo‘ldimi, miyasi ham mujikka yarasha bo‘ladi... Janobi taqsir, muni ham daftaringizga yozib qo‘ying, u meni ikki marta lunjimga, yana tag‘in ko‘kragimga mushtladi.
— Sening uyingni tintigan vaqtda yana bitta gayka topiptilar... Munisini qachon va qaerdan burab olgan eding?
— E, siz anavi qizil sandiq ostida yotgan gaykani aytyapsizmi?
— Qaerda yotganini bilmayman, ish qilib senikidan topganlar. Qachon burab olgansan?
— Uni men burab olganim yo‘q. Uni menga ana u Semyon ko‘rning o‘g‘li Ignashka bergan. Men haligi qizil sandiq ostidagisini aytayotibman, ammo tashqarida, chanadan topilganini Mitrofan ikkovimiz burab chiqarganmiz...
— Qaysi Mitrofan u?
— Petrov Mitrofan... Eshitganmisiz? O‘zi to‘r qilib, boylarga sotadi. Unga haligi gayka o‘lgurdan juda ko‘p kerak bo‘ladi. Har bir to‘rga, men sizga aytsam, o‘ntadan ketadi...
— Menga qara... Jazo qonuni majmuasining 1081-moddasida aytilganki, basharti biron kimsa yomon niyat bilan temir yo‘lga biron zarar yetkizsa, agarda mazkur zarar natijasida o‘sha yo‘lda kelayotgan transport xavf ostida bo‘lsa va u ishning natijasida falokat ro‘y berishini ul kimsa bilsa... tushundingmi? Bilsa! Bu burab olishning oqibati qanday bo‘lishini sen bilgansan, albatta... Ul kimsa katorga ishlariga yuborilmoqqa hukm etiladi.
— Siz yaxshi bilasiz, albatta... Biz nodon odamlarmiz... Biz nimani bilardik?
— Sen hamma narsani bilasan! Hozir yolg‘on aytayotibsan, o‘zingni telbalikka solasan!
— Nega yolg‘on aytay? Ishonmasangiz qishloqqa borib so‘rang... Cho‘kdirgich bo‘lmasa yelim baliqdan boshqa narsa tutib bo‘lmaydi; toshboshi baliqdan bemaza baliq bormi dunyoda, o‘shayam cho‘kdirgich bo‘lmasa ilinmaydi.
Tergovchi kuladi:
— Ha-a, shilishperdan ham gapir bo‘lmasa!
— Bizning soyda shilishper bo‘lmaydi. Qarmoqqa kapalakni o‘tkazib, cho‘kdirgichsiz tashlasak qo‘shboshi baliq ilinadi xolos, uyam onda-sonda.
— Bo‘ldi, jim...
Jimlik cho‘kdi. Denis og‘irligini goh u oyog‘iga, goh bu oyog‘iga solib, ko‘k movut yopilgan stolga qaradi va zo‘r berib kiprik qoqdi, qarshisida go‘yo movut emas, quyosh ko‘rinayotganday. Tergovchi shoshilib yozadi. Biroz jimlikdan so‘ng:
— Men endi ketaveraymi?—dedi Denis.
— Yo‘q. Men seni mirshablarga qo‘shib, qamoqxonaga jo‘nataman.
Denis kiprik qoqishdan to‘xtab, qalin qoshlarini ko‘tarib, to‘raga savol nazari bilan qaradi:
— Bu nimasi? Nega qamoqxonaga yuborasiz janobi taqsir? Sira vaqtim yo‘q, hozir yarmarkaga jo‘nashim kerak; Yegorda tuzlangan cho‘chqa moyi pulidan uch so‘m qoluvdi, o‘shani olmasam bo‘lmaydi...
— Jim tur, xalaqit berma.
— Qamoqxonaga emish... biron gunohim bo‘lsa, mayliydi, borardim, yo‘qsa bekordan-bekorga... quruq tuhmatga-ya... Bo‘lmasa nimaga axir? O‘g‘rilik qilgan bo‘lmasam, mushtlashgan bo‘lmasam... Oliq-soliqdan boqimonda qolgan, deb o‘ylasangiz, janobi taqsir, xotirjam bo‘ling, oqsoqolning gaplariga ishonmang... Siz ana u to‘radan so‘rang, taqsir... U oqsoqolda imon degan narsa yo‘q o‘zi...
— Jim tur!
Denis:
— Haliyam jim turibman... — deb g‘o‘dillaydi. — Xatlash vaqtida oqsoqol juda orttirib yozgan, buni men qasam ichib tasdiqlayman. Biz o‘zimiz: uch og‘aynimiz: Kuzma Grigorevich, chunonchi, Yegor Grigorevich, undan keyin mana men Denis Grigorevich...
— Sen menga xalaqit berayotibsan... — deydi tergovchi, so‘ngra qichqiradi. — Hoy Semyon! Olib bor muni!
Ikkita salobatlik soldat kelib, uni mahkamadan olib chiqib ketarkan, Denis yana so‘zlaydi:
— Biz o‘zimiz uch og‘aynimiz. Birining gunohiga biri javobgar emas... Soliqni Kuzma to‘lamasin-u, javobini men, Denis beray emish... Sudyalar! Attang, burungi xo‘jayinim katta general o‘lib ketdi-da, xudo rahmat qilgur, yo‘qsa siz sudyalarning toza adabingizni berardi... Adashmasdan, yaxshi bilib hukm qilish kerak. Ursang ham mayli, lekin gunohim bo‘lsa ur, insof bilan ur...

Abdulla Qahhor tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.