O’rmonda sayr qilib yurgan amaldor Plyumajyov daryo bo‘yiga chiqib keldi va to‘xtab, oynadek tiniq suv betiga bemaqsad tikilib qoldi.
Uzoqni yaxshi ko‘rolmaydigan amaldor narigi qirg‘oqni ko‘zdan kechira boshladi. Ixcham sariq cho‘milish kiyimidagi qandaydir bir gavda suvga keldi va tizza bo‘yi joyda to‘xtab, boshidagi yashil chepchik ustidan hovuchlab suv quya boshladi.
“Ayol! – o‘yladi Plyumajyov. Ko‘zlarini qisibroq qaragan edi, u ikkita ingichka chiziqchaga o‘xshab ko‘rindi. – Xudo haqqi, ayol! Yoshgina shekilli!”
Uning keksalarga xos ozg‘in tizzalari titrab, badanini sovuq qaltiroq bosdi.
– Ah, – ingrab qo‘ydi Plyumajyov. – La’nati ko‘rolmaslik... Qanday ahmoqona odat-a bu durbin olib yurmaslik.
U xo‘rsinib qo‘ydi va ko‘zlarini ishqadi:
– Oq va yo‘l-yo‘l nimalarnidir ko‘ryapman. O’ldirsang ham shunday zo‘r tomoshadan voz kechmayman. A-ha! Ana u yerda kimdir suv o‘rtasidan chiqib kelyapti. Panaroqda o‘tirib kutib turay-chi, balki yaqinroqqa suzib kelar. Attang!
U quyuq butazordagi yaqqolroq ko‘rinadigan tepalikka qaltiroq qo‘llari bilan bir amallab tirishib-tarmashib endigina chiqib olganda qoqilib ketdi. Yashil butoqlar orasida gimnaziyachilar furajkasi, qaysidir xizmat paytida kiyiladigan moshrang bluza va kulrang shim kiygan yigitcha harakatsiz qadalib yotardi. Yigitcha uning yiqilganini ko‘rib nima deb o‘yladiykin.
– Obbo olg‘ir-e... Joylashib olganini-chi! – hasad bilan uf tortdi Plyumajyov.
U yotib olgan gimnaziyachining qo‘lida narigi qirg‘oqqa qaratilgan qora durbinni ko‘rib qoldi.
Gimnaziyachi o‘girildi va Plyumajyovga iljaygancha do‘stona ko‘z qisib dedi:
– E, siz hammi?
“Yaramas! Yana betakallufligini-chi”, – o‘yladi Plyumajyov, gimnaziyachini yulib tashlagisi keldi, biroq durbin esiga tushib, o‘tlar ustiga – uning yoniga cho‘kdi va tilyog‘lamalik bilan hingilladi:
–Hi-hi! Ajoyib-a?
– Chiroylikkina! – dedi yigitcha.
Plyumajyov tilining uchini quruqshagan labi ustidan yurgizib, sabrsizlarcha dedi:
– Bir daqiqaga... berib turolmaysizmi... durbinni!
Gimnaziyachi bosh chayqadi:
– E, yo‘q, amakijon! Bunaqasi ketmaydi! Akangizning o‘ziga kerak.
Plyumajyov qaltiroq qo‘llarini cho‘zdi:
– Berib turing! Bir daqiqaga.
– Hecham-da! Tekingami, men uni xolamning kiyim javonidan so‘ramay olib kelganman! Agar sizda durbin bo‘lganida menga o‘zingiznikini bermagan bo‘lardingiz, albatta!
– Bersangiz-chi!
– Xalaqit bermang! Oho-ho.
Yigitcha o‘rnidan turib, durbinni ko‘ziga bosibroq oldinga shunaqangi qaray boshladiki, oqibatda miyasiga kattagina xatar tahdid solayotganidan bexabar qoldi.
– Oho-ho-ho! Orqasini o‘girdi... Ammo men uning ensasini shunaqa go‘zal deb o‘ylamagandim.
Yonida yotgan Plyumajyov esa yasama beparvolik bilan teskari o‘girilib oldi, biroq uning lablari dilsiyohlikdan va qattiq g‘azabdan titrar edi.
– To‘g‘risini aytganda, – alamini ola boshladi u qaqragan ovozda, – cho‘milayotgan ayolni yashirincha kuzatishga haqqingiz yo‘q. Axloqsizlik bu.
– Siz mendan durbinni so‘radingiz! O’zingiz ham!.. O’zlariga bemalol-u, menga mumkin emas ekan-da.
Plyumajyov indamadi.
– Xohlasam, durbinni tortib olardim. Musht ham tushirardim. Kuchliman-ku axir...
– O’h-ho‘! Tortib olib ko‘ring-chi... Shunday qichqiramanki, butun chorbog‘dagilar yugurib kelishadi. Menga-ku farqi yo‘q, yosh bolaman, ammo sizning juda bo‘lmaganda qulog‘ingizni cho‘zib, ta’ziringizni berishsa, bu sharmandalikdan yoz bo‘yi uyalib yurasiz. Siz yoshi ulug‘ keksa kishi bo‘la turib shunaqa ahmoqona ishlar bilan shug‘ullanib o‘tiribsiz. Endi u yana oldinga o‘girildi. Xohlaysizmi, men sizga nima ko‘rinsa, barini aytib turaman?
– Yo‘qolib ket!
– O’zing yo‘qol! – sovuqqonlik bilan gap qaytardi yigitcha.
– Qo‘pol...
– Shunaqadan eshitdim.
Plyumajyov tishlarini g‘ijirlatgancha bolakayning gardaniga musht tushirib, hoziroq uyga ketishni mo‘ljalladi, biroq buning o‘rniga tupugini ichiga yutib, yasama muloyim ohangda yigitchaga murojaat qildi:
– Tili o‘tkir ekansiz, yigitcha... Gap bunday, do‘stim, agar vaqtincha berib turishni xohlamasangiz, unda... soting!
– Nima... soting... Keyin xolam menga birovning durbinini sotish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yadi!
– Ishonamanki, yaxshi yigit, – xushomad qilardi Plyumajyov, – xolangiz sizdaligini sezmaydiyam. Undan keyin xizmatkor o‘g‘ri xotin o‘tib ketdi... Men sizga to‘liq haqini hoziroq beraveraymi?
Gimnaziyachining yuzida qarama-qarshi ikki hissiyot aks etar, u o‘ylayotgandi.
– Hm... Menga qancha bermoqchisiz o‘zi?
– Uch so‘m.
– Uch so‘m? Siz menga yarmini taklif qilyapsizmi? U magazinda sakkiz so‘m turadi.
Yigitcha nopisandlik bilan yelka qisib qo‘ydi va yana narigi qirg‘oqqa qaray boshladi.
– Xo‘p, bo‘lmasa, besh so‘mga rozimisiz?
– O’n so‘m bering!
– Bunisi endi razillik. O’zingiz, yangisi sakkiz so‘m turadi, dedingiz, tag‘in o‘n so‘m undirmoqchisiz. Yulg‘ich.
– Kammi deyman! Kerak bo‘lsa ba’zan yigirmani ham bag‘ishlab yuborishga to‘g‘ri keladi... Mana... Sayoz joyga chiqdi, oyoqlariyam ko‘rindi. Boldirlari, to‘piqlari juda ajoyib, sizga aytsam!
Avvaliga gimnaziyachi shunchaki zavq olayotgandi. Endi bo‘lsa u oldi-sotdi ham qila boshlagach, zavq-shavqi ikki hissa oshib ketdi.
– Ie! Bunisi nima ekan? Yelkasidagi chuqurchalar... Chindan ham! Qo‘llari esa oppoq....Tirsaklariyam nafis!! Belidagi chuqurchalar...
– Yaxshi yigit, – xirillab uning gapini bo‘ldi Plyumajyov, – xohlasangiz... men sizga sakkiz so‘m beraman...
– O’n!
– Boshqa yo‘q... menda... mana hamyonim... o‘n tiyinlik bilan sakkiz so‘m. Hamyonni ham qo‘shib oling, mayli. Hamyon yangi, uch so‘m turadi.
– Shu yangimi! Eski-ku, yarim bahosiga arzisa ham katta gap.
Plyumajyov yigitchaning eski durbin uchun osmondan kelib haq so‘rayotganiga e’tiroz bildirmoqchi edi, biroq ich-ichidan cho‘chib turardi: qanday bo‘lmasin, bolakay arazlab qolmasligi kerak.
– O’h-ho‘! Orqasiga egildi! Bu nimasi! Ha, albatta! Cho‘milish kiyimining bog‘ichini yechdi va...
– Quloq soling! – qattiq hayajondan ovozi bo‘g‘riqib xitob qildi Plyumajyov. – Men sizga sakkiz so‘mdan tashqari hamyonimni, yana pishiqqina pichoqcham va anavinaqa suratlarni ham beraman!
– O’tkirmi?
– O’tkir, o‘tkir! Kechagina sotib oldim.
– Tamakingiz ham bormi?
– Bor, bor. Ma’qul bo‘lsa, taqdim etaman.
– Yo‘q, siz menga hammasini bering. O-o! Charm tamakidon... Mayli, agar tamakilarni tamakidoni bilan, pichoqcha va suratlarni pulga qo‘shib bersangiz, durbinni sizga sotaman!
Plyumajyov bu ochko‘z bolakayni yaxshilab so‘kib bermoqchi bo‘ldi-yu, ammo buning o‘rniga shunday dedi:
– Xo‘p, mayli... Faqat menga bir juft tamaki qoldiring... yo‘lda...
– Ajabo, ana yangilik! Bor-yo‘g‘i olti dona ekan o‘zi. Almashishni istamasangiz, mayli, kerak emas.
– Xo‘p, xo‘p... oling, olavering... Mana sizga, hisoblab ko‘rishingiz mumkin: sakkiz so‘mu o‘n tiyin! Mana pichoqcha. Shoshmay turing... U ketib qolmadimi o‘zi?
– Butun go‘zalligi bilan namoyon bo‘lib turibdi. Endi yon tomoni. Mang, qarang.
Yigitcha sevinib hushtak chalgancha Plyumajyovning oyog‘ini sho‘xchan chimchib oldi-da, o‘zining qimmatbaho narsalarini ola solib o‘rmon ichiga g‘oyib bo‘ldi.
Plyumajyov hirs bilan iljaygancha durbinni ko‘ziga to‘g‘rilab qaray boshladi: cho‘miladigan joy yonidagi qumloq sayozlikda yo‘l-yo‘l cho‘milish kiyimida xotini Plyumajyova Marya Pavlovna tik turgancha qo‘lini boshiga ko‘tarib, chepchigini tartibga solmoqda edi.
Plyumajyovning ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi... U nimalardir deb to‘ng‘illab-to‘ng‘illab, g‘azab ichida qo‘lidagi keraksiz durbinni zarb bilan to‘ppa-to‘g‘ri suvga uloqtirdi.
Ana shu qirg‘oqdan narigi tomonga o‘tish mumkin bo‘lgan ko‘prikkacha va u yerdan uning dala hovlisigacha uch chaqirim yo‘l yurish lozim edi...
Oyoqlari zirqirab og‘riganidan bukilib-bukilib borayotgan Plyumajyovning, o‘lguday tamaki chekkisi kelayotgandi, ammo afsus, tamaki yo‘q edi...
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.