Genri Kuper xato bo‘lgan nimanidir topmasidan oldin ikki hafta Oyda bo‘ldi. Dastlab unda tushuntirib bera olmaydigan noma’lum bir tuyg‘u paydo bo‘ldi, biroq u o‘ylab ish qiladigan, aqlli ilmiy muhbir edi, shuning uchun ham u bundan ko‘p ham havotirga tushmadi. Uni bu yerga kelishini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fazoni tadqiq etish Mamuriyati so‘ragan edi. Fazoni tadqiq etish Mamuriyati hamisha aqlli, mas’uliyatli odamlarni Oyga, u yerdan turib Yerga axborot jo‘natish uchun yuborar edi. Bu xatto bugungi kunda yordam so‘rab qichqirayotgan maktablar, yo‘llar, dengiz qo‘riqxonalari va boshqalarga to‘lib toshgan dunyodan ham muhimroqligi va barcha pul fazoviy tadqiqotlar uchun sarflanayotgani odamning jahlini chiqarar edi.
Shuning uchun ham Genri Kuper shu yerda, bu uning Oydagi ikkinchi tashrifi edi va bir kunda ikki mingta so‘z bilan ma’lumot janatayotgan edi. Oy unga begona emas biroq bu yerda Afrikadek kattalikdagi ajib va sirli dunyo izlari qolgan va u hali ham deyarli butunlay noma’lumligicha qolmoqda edi. Hozir Devor bilan o‘ralgan ulkan, sokin, bo‘shliq, asrlar davomida Oyga uchishga harakat qilgan odamzotni sinab ko‘rgan Plato Siti (Pluton shahri) dan bir tosh dumalab tushdi.
Kuper Oydagi dastlabki inson qadami yetgan bu joyga allaqachon tashrif buyurgan va bu haqida maqola yozgan. Lekin endi bu huddi Kolumbning dastlab Amerikaga qilgan sayohatiyu, aka-uka Raytlarning dastlabki dvigatelli samolyotni yasab, unda muvaffaqiyatli parvoz qilishgani kabi o‘tmishda qolgan edi. Kuperni faqat kelajak qiziqtirar edi.
Arximed Kosmoportiga qo‘nganida uni barcha iliq qarshi oldi. Uning sayohati uchun hamma sharoit bor edi va u yoqtirgan joyiga bora olar va istagan savolini so‘rashi mumkin edi. Fazoni tadqiq etish Mamuriyati hamisha u bilan samimiy aloqada bo‘lardi chunki u Yerga jo‘natgan ma’lumot va axborotlar aniq bo‘lar edi.
Biroq qaerdadir nimadir noto‘g‘ri bo‘ldi va u buni nima ekanligini topish uchun tashqariga chiqdi.
U telefonni olib dedi “ Iltimos meni politsiya mahkamasi bilan ulang. Men bosh inspektor bilan gaplashmoqchiman.”
Keyingi kuni u Plato Sitidagi kichkina parkda bosh inspektor Chandra Kumerasvani bilan uchrashdi. Erta tong edi (aniq soati yo‘q chunki Oydagi bir kun Yerdagi yigirma sakkiz kunga teng) va atrofga hech kim yo‘q edi. Kuper u bilan uzoq yillardan buyon tanish edi, ular eski do‘stlar eski davrlar haqida suhbatlashishdi.
Keyin Kuper dedi: Chandra sen Oyda sodir bo‘layotgan hamma narsani bilasan. Meni bu yerga Fazoni tadqiq etish Mamuriyati uchun maqolalar tayyorlash maqsadida kelganimni ham bilasan. Shuning uchun aytchi nega odamlar ayrim narsalarni mendan yashirishga urinishyapti?
Chandra shoshilmasdan sigaret tutatib javob berishga tayyorlandi.
“Qaysi odamlar?” so‘radi u nihoyat.
“Chindan ham ularni bilmaysanmi?”
Bosh inspektor bosh chayqadi. “ Biror narsa deya olmayman” dedi u. Kuper u rost gapirayotganini bilardi. Chandra indamasligi mumkin biroq u yolg‘on gapirmaydi.
“Yaxshi, men e’tibor qilgan va meni qo‘rqitayotgan asosiy narsa bu Tibbiy Tadqiqot Guruhining mendan o‘zini olib qochayotgani. Oxirgi marta u yerda bo‘lganimda hamma juda samimiy edi va menga ajoyib ma’lumotlar berishgandi. Lekin endi bo‘lsa men xatto tadqiqot rahbarini ham uchratmadim. U hamisha juda band bo‘ladi yoki Oyning boshqa tomonida bo‘ladi. U qanaqa odam o‘zi?”
“Doktor Gastingsmi? Murakkab inson. Juda aqlli ammo u bilan ishlash oson emas”
“U nimani yashirishga urinyapti?”
“Ey men oddiy politsiyachiman. Biroq aminmanki sizdek yangiliklarga o‘ch muhbirda bu borada biror bir qiziqarliroq fikr bor.”
“Xo‘sh,” dedi Kuper. Bu yerda bu vaqtda jinoiyatga aloqador biror narsa bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan meni qo‘rqitadigan boshqa xavotirli narsa bor. Qirg‘in keltiruvchi yangi kasallik turi. Tahminimcha Marsdan yoki boshqa joydan qaytgan fazo kemasi o‘zi bilan dahshatli kasallikni olib kelgan va doktorlar unga qarshi hech narsa qila olishmayaptimi?
Orada uzun jimlik bo‘ldi. Keyin Chandra “men so‘rab-surishtiraman. Menga bu ishlar yoqmayapti chunki bu yerda siz ham bilmaydigan nimadir borga o‘xshaydi. O‘tgan oyda tibbiy guruhda uch marta asabiy janjallar bo‘ldi bu juda, juda g‘alati hol. ”,dedi.
Ikki haftadan so‘ng haqiqiy Oy tuninig yarmida qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Plato siti vaqti bilan yakshanba tongi edi.
“Genri? Men Chandraman. Yarim soat ichida men bilan “Eirlok Fayf ”da uchrasha olasizmi? Yaxshi. Men sizni o‘sha yerda kutaman.
Eirlok Fayf ularning shahardan tashqariga chiqishini anglatardi. Chandra nimanidir topganga o‘xshaydi.
Oy mashinasi shahardan chiqib notekis yo‘l bo‘ylab ketib borardi, Kuper janubiy osmon tubidagi Yer ga termuldi. U dumaloq va ko‘k- yashil rangda qattiq xunuk Oy zaminiga yorqin nur sochib turibdi.
Mashina boshqa yo‘lga burildi va yakka o‘zi yaltirab turgan shishadan qilingan bino tomonga qarab yurdi. Kuper Chandraga ergashib binoga kirdi. Ular bugun yakshanba tongida bo‘sh turgan uzun zal, labaratoriyalar va kompyuter xonalarini aylanishdi. Nihoyat ular bino markazidagi Yerdan keltirilgan kichkina hayvonlar va o‘simliklar bilan to‘lib toshgan katta aylana shakldagi xonaga kirishdi. Ularni bu yerda juda xavotirli va tushkun kayfiyatdagi, past bo‘yli, sochlari oqargan bir kishi kutib turardi.
“ Doktor Gastings tanishing janob Kuper dedi Kumerasvami.” U Kuperga o‘girildi va “men doktorni faqat u nima degan bo‘lsa barchasini sir saqlashingiz sharti bilan ko‘ndirdim.” Doktor sovuqlik bilan ko‘rishdi. U konteynerlardan biri tomonga yurdi va u yerda kichkina jigari hayvonni qo‘liga oldi va Kuperga ko‘rsatdi.
“Buni nimaligini bilasizmi? deb so‘radi u sovuqqonlik bilan.
“Albatta bu olmaxon” dedi Kuper. “Olmaxon barcha labaratoriyalarda bo‘ladi.”
“Ha,” dedi Gastings. Oddiygina ajoyib tillarang olmaxon. Konteynerdagi boshqalari singari u ham besh yoshda.”
“Yaxshi lekin buni nimasi g‘alati?”
“Oh, hech narsa g‘alati emas agar bu jonivorlarni uzog‘i bilan ikki yil yashashini hisobga olmaganda hech narsa g‘alati emas.
Bu yerda esa hatto o‘n yoshdagilari ham bor.”
Bir necha daqiqa hech kim churq etmadi biroq xona tinch emas edi . U hayvonlarning qichqirig‘iga to‘lib ketgandi. Keyin “Ey Xudoyim - siz uzoq umr ko‘rish sirini topibsizda!” deb asta shvirladi Kuper.
“Ey yo‘q,” dedi Gastings. “ Buni biz topmadik. Buni bizga Oy berdi... ba’zan ko‘p narsaning sababi hamisha burnimizning tagida turadi.” U o‘zini xotirjam tutishga urinardi. “ Yerda”, davom etdi u “ biz butun hayotimizni tortishish kuchi bilan kurashib o‘tkazamiz. Biz tashlagan har bir qadam, biz qilgan har bir harakat tanamizga qattiq ta’sir qiladi. Yetti yilda qancha kilometr yo‘l yursak yurak qancha qon haydashini bilasizmi? Biroq bu yerda Oyda sakson kilolik inson vazni o‘n uch kiloga teng bo‘ladi, tana esa Yerdagiga nisbatan oltmish marta kam harakatlanadi.”
“Ko‘rib turibman,” dedi Kuper sekinlik bilan. “Olmaxon o‘n yoshda bo‘lsa insonning umri qanchaga uzayishi mumkin?”
“ Bu oddiy ilmiy qonun-qoida emas. Bir oy avval biz buni chindan ham bilmas edik. Biroq endi aniq aytish mumkinki Oyda inson umri kamida ikki yuz yilga uzayadi.
“Va siz buni sir saqlashga urinyapsiz!”
“Ahmoq! Hali ham tushunmadingizmi?”
“O‘zingizni bosing doktor- o‘zingizni bosing,” dedi Chandra.
Gastings chuqur nafas oldi va o‘zini qo‘lga oldi. U xotirjamlik bilan gap boshladi va uning so‘zlari Kuperning miyasiga muzlagan yomg‘ir tomchilari kabi urildi.
“ Ularning barchasi bu yerga ko‘tarilishga urinishadi” dedi u Yer tomonga imo qilib. “Ularning olti milliardi o‘zlarini sig‘dira olmaydigan yerga joylashishadi. Bo‘shab qolgan olamda bizning yuzmingtamizgina qolamiz. Lekin dunyoda ilm-fan qolishi va biz olimlar o‘z ishimizni bajarishimiz kerak. Ona sayyoramiz o‘z normal holatini yo‘qotadi.
“Endi esa ikki yuz yil yashash siri topildi. Tasavvur qiling ular bu yangilikni qanday qabul qilishadi! Bu endi sizning muammoyingiz, janob muhbir siz so‘radingiz va javob oldingiz.Marhamat qilib aytingchi – men chindan ham buni Yerdagilarga qanday aytmoqchiligingizni bilishga qiziqayapman.”
U javobni kutib turardi. Kuperning esa og‘zi ochilib – yopilib biror narsa deya olmasdi.
Xonaning uzoq burchagidagi hayvon bolalari baqir-chaqir qila boshladi.
Feruz Ziyodulloyev tarjimasi