Isaakyan Avetik Saakovich [1875.19 (31). 10, Kazarapat - 1957.17.10, Yerevan] — arman shoiri. Armaniston Fanlar akademiyasi akademigi. (1943). Seminariyada o‘qigan (1889—92). 1911—36 yilda chet elda yashagan. Armaniston Yozuvchilar uyushmasi boshkaruvi raisi (1946—57).
Dastlabki she’r va dostonlarida ijtimoiy zulmga qarshi kurashgan xalq qahramonlari madh etilgan, inson taqdiri, kelajagi haqidagi fikrlar bayon etilgan («Qo‘shiqlar va jarohatlar», 1897; «Abul A’lo al-Ma’arriy», 1909—11 va b.). «Sasma Mger» dostoni (1919, 1937 yilda qayta ishlangan) arman xalq eposi «Sosunli Dovud» mavzusi asosida yaratilgan.
«Bizning tarixchilarimiz va bizning gusanlar» (1939), «Vatanimga» (1940), «Arman me’morchiligi» (1942) va b. turkum she’rlari mashhur. 2-jahon urushi yillarida yozgan jangovar ruhdagi she’rlari («Qalbim mening tog‘lar cho‘qqisida», 1941; «Ulug‘ g‘alaba kuni» 1945 va b.) xalq qo‘shiqlariga aylangan.
Ayrim asarlari («Poema va she’rlar», 1961; «Abul A’lo al-Ma’arriy», 1976) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.