Bizda vrachlar yetishmay turgan bir paytda ayrimlari katta pul ilinjida Yevropa va Amerikaga ketib qolishmoqda. O‘zimizdagi ba’zi aqli noqis kimsalar xorijda o‘qib yurtiga qaytgan yosh vrachlarni ish boshlashlaridan oldin imtihon qilib ko‘rishni o‘ylab topishibdi.
- Siz nima uchun keldingiz?- deb so‘raydi keksa, tajribali vrach.
- Ishlash, odamlarni davolash uchun keluvdim.
- Hmm, tushunarli. Xo‘sh, yana nima ish qo‘lingizdan keladi?
- Yana...deganingiz nimasi?
- Nimasi deganingiz nima? Masalan, aytmoqchiydimki, musiqa bastalay olasizmi? She’r yozish, kinoda rol o‘ynash, pudrat asosida ishlash, biznes bilan shug‘ullanish qo‘lingizdan keladimi? Milliy majlisga deputat yoki vazir bo‘la olasizmi? Siyosatga tobingiz qalay? Albatta, siz biron narsa bilan shug‘ullansangiz kerak.
- Yo‘q, men faqat davolayman...Men kambag‘al oiladan chiqqanman, maoshga qanoat qilolmayman, shu bois xususiy davolash bilan shug‘ullanmoqchiman.
- Xo-xo-xo...Dotsent, professor unvonlarisiz xususiy davolash bilan shug‘ullanmoqchi emish! Xo‘sh, mijozlarni sizga kim yuborib turadi? Kim?
- Kasallarni demoqchisiz-da?
- Ha, mijozlarni...
- Hoynahoy, kasallar o‘zlari kelar...
- Qanaqasiga kasallar o‘zlari kelarkan?
- Og‘irroq bemorlarni kimlardir olib kelar...
- Yaxshi, unda aytingchi, o‘sha kasalni olib keladigan odamni nima deyishadi?
- Men bu odamning ismini bilmayman, u hali bemorni olib kelgani yo‘q.
- Men uning ismini so‘rayotganim yo‘q, kasallarni yuborib turadigan odamni nima deb atashadi deyapman.
- ?..
- Uni makler deyishadi, makler... Tibbiyot makleri...Sen o‘zing poliklinika mijozini xususiy vrachga yuborolmaysan-ku! Sizlarni xorijda shunga ham o‘rgatishmagan ekan-da. Hay mayli, endi aytchi, hamkasblarning xayrixohligi deganda nimani tushunasan o‘zi?
- O‘zaro yordami demoqchimisiz?
- Bilmas ekansan, mayli, o‘zim tushuntira qolay. Aytaylik, huzuringga bir odam bavosilidan shikoyat qilib keldi...Sen uni tekshirib, ayollar kasali bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan tanishingga yuborasan...
- Axir u odam bavosil bilan kasallangan-ku, nega endi uni ginekologga yuborish kerak?
- Sening tanishing pul ishlab oladi va kasalni tish do‘xtiri bo‘lgan tanishiga yuboradi.
- Axir...
- Tish do‘xtiri uni teri kasalliklari vrachiga yuboradi, u esa rentgenologga, rentgenolog esa ko‘z do‘xtiriga...Oxir-oqibat uni nevropotologga yuborish lozim bo‘ladi. Bu vaqtga kelib bemorning asabi batamom ishdan chiqadi...Mabodo ajali yetmagan bo‘lsa o‘zi tuzalib ketadi, aks holda kasalidan xalos bo‘ladi. O‘limidan keyin u yana tibbiyot xodimlari - patalogoanatomning qo‘liga tushadi. Mana endi aytchi, nom chiqarib, mashhur bo‘lish uchun nima qilishing kerak?
- Men kasallarni shunday davolaymanki, o‘z ustimda shunday ishlaymanki...
- Xix...Menga qara, sen gazetaga shunday e’lon berasan: «Kambag‘al kasallar qabul qilinadi. Qabul har kuni tushdan keyin.» Kasallar kela boshlaganda sen faqat dushanba va payshanba kunlari qabul qiladigan bo‘lasan. Keyinchalik haftada bir marta, so‘ngra oyda bir marta qabul qilishga o‘tasan...Mijozlar ko‘payib ketganda sen tekin qabulni bekor qilasan. Ayni chog‘da to‘lovlar narxini oshirib boraverasan, odamlar seni davolashning qandaydir bir mo‘‘jizaviy sir-asrorini bilsa kerakki xizmati qimmatlashyapti deb o‘ylashadi. Hamma kasallar senga oqib kelaverishadi...Keyinchalik gazetalarda bemorlar nomidan minnatdorchilik izhor etilgan maktublarni ham chop etib turish kerak. Mabodo huzuringga mijoz kelsa va sen uni tekshirib, hech qanday kasal topolmasang, nima qilasan?
- Men unga sog‘lom ekanligini aytardim.
- Voh-voh!..Bunaqa vrachni birinchi ko‘rishim.!..Axir hayotda kasal bo‘lmagan odam bor ekanmi? Agar mijozing butunlay soppa-sog‘ bo‘lsa ham unga aji-buji yozuv bilan aptekaga yo‘llanma yozib berasan...Nima bo‘lgan taqdirda ham psixiatr undan bir ishkal topmay qo‘ymaydi...Ha-a, yo‘llanmani qanchalik birovning tishi o‘tmaydigan qilib yozsang-da, to‘lanishi lozim bo‘lgan haqni aniq-ravshan qilib yozgin...Keyin, gazetalarga tez-tez turli mavzularda maqolalar yozib turish lozim. Masalan, «Turar joylarni ijaraga olish xususida», «O‘rmonlar muhofazasi», «Haydovchilarning ahloqiy qiyofasi», «Odamlar nima uchun aqldan ozadilar» va hakozo. Muhimi – noming tez-tez matbuotda ko‘rinib tursin va hamma seni «Qaranglar-a, u qanchalar aqlli!» deb o‘ylashsin. Bu ishlarni shunday qilish kerakki, kelajakda shahar hokimi yoki gubernator va hatto ministr lavozimigacha erishishmumkin bo‘lsin. Ha, sening bu yerda vrach sifatida non topib ishlay olmasliging oyday ravshan!. Yaxshisi o‘sha kelgan joyingga – Germaniyagami yoki Amerikagami qaytib keta qol!..
- Rahmat, salomat bo‘ling...
- Sen ham salomat bo‘l, o‘g‘lim, yana kasal-pasal bo‘lib yurma!
Shodmon Otabek tarjimasi