Advokat do'stim Urxon Opoydin bir kuni gap orasida:
— Men ham bir marta yozuvchilik qilganman, — deb qoldi.
— Qandoq qilib? — so'radim men.
U hikoya qilib berdi.
— Boshlang'ich maktabda, taxminan uchinchi sinfda o'qib yurgan paytlarim edi. Yakshanba kunlari dalaga chiqib, maza qilib o'ynab kelardik. Asosiy ermagimiz rogatka (sopqon)ga tosh solib otish edi. Ana shunday kunlardan birida Burxon akam bilan o'ynab yurib, qush ovlashga jazm qildik. Rezinka rogatkaga mayda toshlardan qo'yib, qushlarni poylab otamiz, hecham tegmaydi. Bir payt qo'qqisdan ro'paradagi daraxtdan bir gala chumchuq «pir» etib osmonga ko'tarildi. Burxon akam darhol rezinkani cho'zib turib bir otgan edi, bitta chumchuq «tap» etib yerga tushdi. O'qimiz nishonga tegishini kutmagan ekanmiz shekilli, ikkovimiz ham esankirab qoldik. Keyin chumchuqning teppasiga yugurib bordik. Jon talvasada tipirchilab, to'lg'anib yotgan qushchani ko'rib, ikkovimiz bexosdan yig'lab yubordik. Chumchuq boyoqish uchay desa ucholmas, qochay desa qocholmasdi. Hali tirik edi. Bu dahshatli o'lim azobi bir-ikki daqiqa davom etgan bo'lishi mumkin, ammo mening nazarimda u cheksizday tuyulardi. Chumchuq yotgan joyida tipirchilagan sari biz battar ho'ngrab yig'lardik. Oxiri u qimirlamay qo'ydi. Qushchaning joni uzilgan bo'lsa ham, aka-uka ikkovimiz hamon ho'ng-ho'ng yig'lardik. Men uning o'limiga sababchi bo'lgan rogatkani olib uloqtirib yubordim. Burxon akam qo'li bilan yerni timdalab, chumchuqqa go'r ochdi. Yig'i-sig'i bilan uni ko'mdik. Shundan keyin ikkovimiz bir og'iz churq etmay, xo'rsina-xo'rsina uyga qaytdik.
Ertasi kuni sinf o'qituvchimiz erkin mavzuda insho yozishni buyurdi. Men o'zimga g'oyat ta'sir qilgan mana shu voqeani bayon qilib berdim. O'qituvchimiz inshoyimni o'qib chiqqach, juda maqtadi, ko'klarga ko'tardi. Xullas, mening umrimda birinchi marta yozgan asarim shu bo’ldi.