Beki Saytaqov (1914–1979) Toshovuz viloyatining Taxta tumanidagi Badirkent qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. U adabiyot maydonidagi ilk qadamini she’r yozish bilan boshladi. Shoir nazmiy asarlarini 1938 yilda “Yoshlik” nomli to‘plamida e’lon qildiradi. U “Mudom tayyor” gazetasi muharriri, so‘ngra Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi, “Sovet adabiyoti” (hozirgi “Qoraqum”) jurnali mas’ul kotibi, markaziy gazetalarda ishlaydi. Shu davrda u ilk nasriy asarlari – “Kurash”, “Aqjagul” hikoyalarini e’lon qilib, nasrda ham yaxshi ijodkor ekanini namoyon etadi.
Uning “Tug‘ishganlar” asari yozuvchiga shuhrat keltirdi. Yozuvchi so‘ngra bu trilogiyasini qayta ishlab “Badirkent” romani sifatida e’lon qildi. Shuningdek, uning “Bekmurod Durdiyev”, “Birinchi kun”, “Suxanning uylanishi”, “Qora ilon”, “Chuval baxshi”, “Bola baxshi”, “Takabbur qiz”, “Eng so‘nggi kurash” singari hikoya, qissa va romanlari turkman o‘quvchilari tomonidan iliq kutib olindi.
B.Saytaqov faqat shoir, yozuvchigina emas, balki u mohir tarjimon sifatida ham turkman adabiyotida o‘z o‘rniga ega. Turkman kitobxonlari V.Panovaning “Yo‘lovchilar”, O.Goncharning “Bayroq ko‘taruvchilar” romanlarini, T.Shevchenkoning “Kambag‘al ayol”, Yu.Petrovning “Mehribon ona” dostonlarini, Alisher Navoiyning o‘nlab g‘azallarini B.Saytaqov tarjimasida o‘z ona tillarida o‘qishga muyassar bo‘ldilar.