Tut novdalari yana ko‘m-ko‘k barg bilan qoplana boshladi. Hatto ishonging kelmaydi.
* * *
Oshxonaga borib non kesish va non solingan tarelkani stolga qo‘yish uchun pianino oldidan pastga tushdim Keyin onam ovqatga chaqirguncha yana birinchi barmoqlar uchun ekzersislarni chalishga kirishdim. Stol atrofiga o‘tirgach, tarelkaga qo‘limni cho‘zdimda, tepasida yotgan non bo‘lagini oldim. Uning tagida chayon o‘tirardi. Yopinchiqsiz qolgan chayon nishini vahshat bilan yuqori ko‘tardi.
* * *
Muzika darsi tugadi. Otam qo‘lida gazeta ko‘tarib xonaga kirishi bilan muallima tezda uning istiqboliga turdi.
—U meni bugun butunlay aqldan ozdiryapti!
Bu albatta, men haqimda. Lekin dars boshlanmasdan ilgari nimadir ro‘y berganini angladim. Avvaliga, rosa gapni olib qochib, mening g‘ayritabiiy yalqovligim ustida to‘xtaldi, keyin otamni og‘iz ochishga qo‘ymay, uni nima maqsadda konsulxonaga chaqirganlari haqidagi gapga o‘tdi. U benihoya hayajonda edi.
—Tasavvur qiling-a, sinor Karasu, qandog‘am chayon-a, qandog‘am gazanda-ya.
Chayon deb u Mussolinini atardi, men buni yaxshi bilardim, «gazanda» esa men uchun yangi so‘z edi. Men haqimda butunlay unutib qo‘yishdi.
* * *
1960 yilning iyuni edi. Hatto ishonish qiyin: tut novdalari yana ko‘karyapti. Atigi bir oy burun bechora barglar kapalakqurtlarning bosqiniga uchragandi, ular barglarni shundoqqina ko‘z oldingizda kemirib tugatishgandi. Hozir bo‘lsa, men tut xiyoboniga burilib, daraxtlarning soya-salqinida osoyishta o‘tib borardim. Quyuq barglar orasidan iyun quyoshi o‘ta olmaydi. Daraxtlar ostidagi o‘t-o‘lan ko‘m-ko‘k va top-toza.
* * *
Men pianino qopqog‘ini ohista yopib, taburetkadan polga sirg‘alib tushdim. Taburetkaning murvati ishlamas, qo‘lim esa klavishga yetmasdi, shuning uchun ostimga uchta yostiq qo‘yib berishardi. Men ularni tushirib yubormaslik uchun ehtiyotla tushdim. Qeyin yostiqlarni chorpoyaning ustiga tartibi bilan sidqidildan taxlab, ochiq derazaga yaqinlashdim.
Xonaning ichkarisida, ulkan, naq shiftga yetgudek javonning tillakor rahidagi oynasi g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi. Javonning yuqorisidagi marmar plita o‘z ustida turgan pushtirang, xuddi tarvuzning go‘shtiga o‘xshash abajurli chiroqni akslantirardi. Esimni tanibmanki, intiq bo‘lib kutishimga qaramay, lampa hech qachon yoqilmasdi. Javonning yonida chorpoya turardi, uning ortida esa, mening anglashimcha, mixlab tashlangan eshik bor. Uning‘ biror martayam ochilgani-ni ko‘rmaganman. Qo‘shni xonadan:
— Yashavor! Bugun yaxshi ishlading. Endi dam olsang bo‘ladi,— degan ovoz eshitildi.
Orqamdan mushuk kelib, oyna rafiga sakradi, keyin kerishib, tumshug‘ini iyagimga surkay boshladi. Men chorpoyada yotgan, qo‘shni kioskadan sotib olingan «Domenika del korrere» nomli jurnalni oldim. Jurnalni shundoqqina mushukning ustiga qo‘yib, varaqlay boshladim.
* * *
Qo‘lim daraxt tanasini silaydi — u top-toza. Boshimni ko‘tardim, na biror o‘rgimchak uyasiyu, na biror ingichka ipda tebranib turgan qurt ko‘zga chalinadi. Aftidan, yanglishayotganga o‘xshayman. Ha, albatta, yanglishyapman.
O‘shanda buvim bu olam bilan vidolashayotgandi, shuning uchun ota-onam meni xolamnikida muzika bilan shug‘ullanishga jo‘natishgandi. Demak, o‘ttiz sakkizinchi yilning may oyi ekan. Men maktabga borishim kerak edi. Agar hali bormagan bo‘lsam, unda, demak, o‘ttiz oltinchi yil birovning yordamisiz fortepyanoda shug‘ullana olarmidim? Muzikani oktyabrdan o‘rgana boshlagandim. O‘ttiz oltinchi yilning may oyida chiqqan jurnalning birinchi betida Franko bilan Mussolini qo‘shinlarining g‘olibona yurishini tasvirlovchi suratning bosilishini tasavvur qilish qiyin.
Jilmayayotgan, qoraqosh, qorako‘z, qonga bo‘yalgan bint bog‘langan yaradorlar, popukli shapka kiygan soldatlar dud va chang to‘zonida olg‘a qarab borishardi. Men o‘shanda rasmlar ostidagi yozuvni o‘qiy olarmidim? O‘ttiz beshinchi yili italyan tilini o‘rgana boshlagandim, alfavitni yod olib, hatto ba’zi bir oddiy gaplarni o‘qiy olardim. Lekin jurnal o‘qishga faqat o‘ttiz yettinchi yildagina tishim o‘tgandi. Har holda, men o‘quvchi edim. Ha, aytganday, maktabga kuzdan qatnay boshladim. Lekin bandalikni bajo keltirayotgan buvimchi? Bunisi endi aniq, o‘ttiz sakkizinchi yil, may oyi edi. Men bu vaqtda maktabga qatnardim, o‘shanda esa dam olish kuni edi.
Mushukni iyagim bilan erkalatgancha, avval jurnalning birinchi betidagi rasmni diqqat bilan tomosha qildimda, keyin odatdagicha, rangli illyustratsiyasi bo‘lgan oxirgi betni ochdim.
Yalang oyoq, bosh yalang, dahshatdan ko‘zlari olayib ketgan qora tanli odamlar qo‘llarini jon holatda silkitgancha chopib borishardi. Ulardan ba’zilarining qo‘lida uchi o‘tkirlangan yog‘och. Ketlaridan tanklar siljimoqda, havoda samolyotlar uchmoqda. Hammayoqda portlashdan ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan tuproq, chang, dud, olov... Qora tanlilarni popukli shapkalariga pat qadab olgan odamlar ta’qib qilmoqda, qiya ushlagan qurollarining stvolida o‘tkir pichoq yaltiramoqda. Keyinchalik popukli shapka kiygan soldatlar «bar-selerlar», quroldagi pichoqlar esa nayza, deb atalishini bilib oldim. Lekin asosiysi, shapka kiyib, nayza o‘qtalgan mana shu odamlar ham, zaminu osmonni qoplagan o‘t-alanga ham — hammasi qora tanlilarni o‘ldirishga qaratilgan edi. Qiziq, buni qayoqdan bila qoldim ekan? Rasmning tagiga yozilgan yozuvdanmi yoki o‘sha vaqtda italyanlar Afrika mam-lakatidagi Abissiniya degan joyda odamlarni qirg‘in-barot qilayotganlariga aqlim yetib qolganmidi, bilmayman? Esimda, bir kuni ko‘chada to‘s-to‘polon bo‘layotganini eshitib, men dag‘-dag‘ titragancha otamning oldiga yugurib borib, Afrika bizlardan uzoqmi, yaqinmi, deb surishtira boshladim. Yaqinligini eshitgach, afrikalik odamxo‘rlar bostirib kelishyapti, deb o‘yladim. Lekin bu birmuncha kechroq ro‘y bergandi. Otamdan afrikalik odamxo‘rlar haqida so‘ragan vaqtimda, ular qanday qilib qichqirishlarini bilardim, «Tarzan» kinosida ko‘rgandimda. Demak, o‘ttiz oltinchi yilning mayi ekan.
Xotiram ayrim esdaliklarnigina ilg‘ab olmoqda, men anchayin qiyinchilik bilan ularni bir tartibga, birin-ketin qilib qo‘yishga urinardim.
* * *
Barglarda na birorta o‘rgimchak osilib turar, na birorta kapalakqurt ko‘zga tashlanardi. Yerda esa to‘kilgan bargdan nom-nishon yo‘q.
O‘sha kunlari, pochtaga ketayotib, o‘zimni har qancha allada aziz, to‘rvada mag‘iz qilsam ham, bari bir egnimdan uch-to‘rtta kapalakqurtni olib tashladim. Qadam tashlagan saring chang-tuproq orasiga tushib qolganlari g‘ichirlar, oyog‘im bilan bosganimda esa qarsillab yorilardi.
* * *
Men stol ortidan turib, otashkurakda haliyam nishini sanchish uchun tayyorlab turgan chayonni ehtiyotkorlik bilan qisib olib, ko‘mir yonib turgan pechga tashladimda, uning eshikchasini berkitdim. Avvaliga vishillash eshitilib turdi, keyin xuddi jo‘xori doni yoki kashtan yorilgandagi kabi qarsillash eshitildi. Onam non solingan taqsimni olib ketdi. Biz boshqatdan non kesa boshladik....
* * *
Daraxtlardagi barglar xuddi ipak qurti uchun tutgan qutichamdagiday qandaydir ikki-uch kun ichida tugadi-yu qoldi. Ko‘kfurush har kuni ertalab yangi kesilgan tut bargini olib kelib berar va ular ko‘z ochib yumguncha tamom bo‘lardi. Ochofatlik bilan yeb bitirilayotgan barglarning kursillashiga quloq tutgancha quticha ustida uzoq vaqt qolib ketardim.
Daraxtdagi barglar miq etmay halok bo‘lishardi. Darvoqe, ular balki kapalakqurt kemirayotganda kursillasa keragu, faqat biz uni eshitmas edik, chunki ularning kursillashini daraxt ostiga dam olish uchun to‘xtagan soldatlarning gap-so‘zlari va kulgilari bosib ketgandi.
Bizdan ikki kilometr naridagi maydonda namoyishchilar olomoni jo‘sh urmoqda edi. Odamlarni haydashar, urishar, qamoqqa olishardi, ular esa yana yig‘ilishib ashula aytgancha olg‘a bosishardi. Bu yerda esa soldatlar ohista gaplashgancha kulishar, papiros chekishardi. Biqqidek kapalakqurtlar barglarni qiyratisharkan, yashin tezligida kattalashayotgan bo‘ksalari xuddi kapgirdek tebranib turardi. Xatlar kechikar, gazeta va jurnallar esa butunlay kelmay qo‘ygandi. Men o‘zimcha daraxtlarda birortayam barg qolmaydigan kunni tasavvur qilardim.
* * *
Daraxtlarga qarayman —barglarning qalinligidan tangadek nur ham yerga tushmasdi.
* * *
Bir oydan keyin daraxtlar yana ko‘kara boshladi. Kapalakqurtlar tomonidan tap-taqir qilib yeb bitirilgan, mazut bilan zaharlangan barglar yana tirilib qoldi.
* * *
— Ular bizni poylab turib, kaltaklashardi,— deya hikoya qilardi muallima. (Men ulg‘ayib qolgandim, shuning uchun hikoyalarini eshitishga menga ham ruxsat berardi.)—Bir kuni teatrdan chiqib kelayotsak, bizni kaltaklar bilan kutib turishgan ekan, ikkinchi gal esa kinoning oldida shu hol qaytarildi.
U ota-onamga o‘zi haqida juda uzoq hikoya qildi, lekin men hali ko‘p narsani tushunmasdim. Sumkasidan fotokartochka olib oyim bilan dadamga ko‘rsatdi. Suratda judayam chiroyli odam aks ettirilgandi.
— Bu mening erim,—dedi u g‘urur bilan, keyin rasmni menga uzatdi.
Rasmning qora fonida uning shaffofday tiniq ko‘zlari ayniqsa ajralib turardi. Muallimaning aytishicha, ular och havorang ekan. Xiyolgina tanqaygan, ingichka, qirg‘iyburun. Suratdagi odam yonboshidan olingan edi. U menga, to‘g‘rirog‘i, chap yelkamga xayolchan qarayotganga o‘xshab tuyuldi. Pastki qalin labi bilinar-bilinmas kinoyali jilmayishga chog‘langandek xiyol ko‘tarilib turardi. Sochlari sap-sariq bo‘lsa kerak.
— Uning ismi nima?—deb so‘radim suratni qaytarib beraturib.
— Jiji.
— Hozir u qayerda?
— Uzoqda, Argentinada.
«Nega?»—deb so‘ramoqchi bo‘ldimu, lekin bu odobdan bo‘lmasligini tushunib, indamay qo‘ya qoldim. Usha kuni muallima eri haqida faqat dadam bilan oyimga gapirib bergandi. Men esa bu voqealarni keyinroq bilib oldim. U menga hikoya qilishni lozim topgan payim lavhalarnigina so‘zlab bergandi. Uning gapiga qaraganda, Jiji suratda ko‘ringandek yoqimtoy emas ekan. Keyin men bu hazil tasnif ortida uning eriga bo‘lgan muhabbati va sog‘inchi yashiringanini sezib qoldim.
* * *
Shu vaqtgacha men daraxtlar yiliga — hatto yiliga nima degani, oyiga!—ikki marta barg bilan qoplanishiga ishonmasdim. Endilikda esa men buning shohidi bo‘ldim va bunday g‘aroyibotni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan baxtli odam sifatida dunyodan ko‘z yumaman. Daraxtlar yashashni xohlashardi, shuning uchun ham qurtlarning hujumiga qaramay, hayot buyurgan ishni bajo keltirishardi. «Nahotki, rasvosi chiqib, kemirib g‘ajilgan qoldiqlar o‘rnida yana mevalar ham pay-do bo‘lse?— deb o‘ylardim.— Nahotki, daraxtlarda mana shunga ham kuch-quvvat topilsa? Axir, mevalar hali-hozircha daraxtga unchalik kerak ham emas-ku...»
Men daraxt tanasini siladim. U xuddi bargidek top-toza edi.
* * *
«Siz katolichkamisiz?»—«Ha».— «Buni nima bilan isbot qilasiz?»—«Bu bilan nima demoqchisiz?»— «Dalil-isbot keltiring».—«Nimalar deyapsiz, o‘zi nima gap? Siz axir kashish emassiz, biz ham cherkovda emas, konsulxonadamiz. Boz ustiga, bu mavzu...»—«Quloq soling, xonim. Hammasi siz o‘ylaganday jo‘ngina emas. Siz padre M. ni bilasizmi?»—«Yo‘q, bilmayman. Men faqat uning bu yerga kelayotganligini eshitgandim. Aytishlaricha, uning tariqati kimgadir xush kelmaganmish va u Sardiniyaga tayinlangan padre S. ning o‘rniga kelayotganmish. Mana shu yakshanbada uni ilk bora ko‘rish sharafiga noil bo‘laman. O‘zingiz ham u bilan tanish bo‘la olmasligimni besh qo‘lingizday bilasiz-ku...»—«Ha, gapingiz to‘g‘ri... Ammo-lekin men sizni ancha yildan beri bilaman. Shu kunlarda olingan ko‘rsatmaga muvofiq...»—«Siz mendan gunohkor emasmisiz, deb so‘rashingiz lozim edi...»—«Hazil-mazaxni bas qilishingizni so‘rayman!...»
Shunda mening g‘azabim qo‘zib ketib uning jig‘iga tegish uchun «Xudoyo...»ni o‘qiy boshladim-da, surani boshdan-oyoq aytib berdim. So‘ng: «Bo‘ldimi?»— deb so‘radim. U bunga ishondi-qo‘ydi deb o‘ylaysizmi? U meni yana cho‘qinishga ham majbur qildi.
Dadamning lablari qiyshayib ketdi.
— Qanday kunlarga qoldik-a.
— Hali bu xamir uchidan patiri.
Davomini eshiting: «Xo‘p, mayli,— deydi,—siz katolichka ham bo‘la qoling. Men sizni cherkovda bot-bot ko‘rib turardim. Ayting-chi, onangiz juhud bo‘lganmi?»—«Bunday bema’nilikni qayerdan oldingiz?»— dedim. O‘zimcha suhbatni shu . taxlit davom ettirishga uyalsa kerak, deb o‘ylovdim. Qayda? «Uning ismi Rashel bo‘lgan,— deydi.— Shunday emasmi?» Men uning yuziga tik qarab: «Sinor Mussolinining,— xuddi shunday dedim: duche Mussolini emas, sinorning, ha-ha, shunday deganimda hammasining yuzi ko‘karib ketganini ko‘rsangiz edi!— sinor Mussolinining oilasida ham, bilishimcha, donna Rashel degan ayol bor. Nima, u ham juhudmi?» Tillarini tishlab qolishdi. Mening yangi ma’naviy otam chiqib ketdi, nemisga o‘xshagan ayol bilan elchixona xodimi deraza oldiga borishdi. Keyin yana boshidan boshlandi:
«Erga tekkanmisiz?»—«Ha».—«Lekin eringiz Turkiyada emas-ku?»—«Yo‘q, u Argentinada, Buenos-Ayresda. Har holda, oxirgi xatni o‘sha yerdan olgandim».— «Siz undan xat olib turasizmi?»—«O‘n yilga yaqin hech qanday xat-xabar olmagandim».—«Uni barhayot deb o‘ylaysizmi?»—«Bilmayman».—«Siz u bilan bog‘lanishga urinib ko‘rmadingizmi?»—«Urinib ko‘rdim. Lekin buning uddasidan chiqolmadim».—«Yaxshi, xonim, rahmat. Bezovta qilganimiz uchun kechiring.» Bu aql bovor qilmaydigan razillik, o‘ta darajada dahshat edi. Ularga nimadir kerak edi. Ammo-lekin nima kerakligini ularning o‘zlari ham bilmasdilar. Ular meni tilimdan ilintirishmoqchi bo‘lishgandi. Hamma narsa haqida qatorasiga so‘rashardi. Agar Jiji o‘lgan bo‘lsachi. Balki ular uning o‘lganligini bilib olishgandir! Unda ahmoqona so‘roq-javobning nima hojati bor? Agar sog‘-salomat bo‘lsa, unda nimaga meni chaqirishdi ekan-a? Axir, boshqalarni chaqirishmayapti-ku. Xo‘p, mendan boshlashdi, deb taxmin qila qolaylik. Lekin ular, siyosatga hech qanday aloqam yo‘qligini besh qo‘llariday bilishadi-ku. Ularga bor-yo‘q tanishlarim — bular o‘quvchilarim, ularning ota-onalari hamda eski qadrdonlarim ekanligi ma’lum-ku. Ular shuningdek, kasaldan boshim chiqmasligini ham bilishadi. Nemislar ularni majburlashganga o‘xshaydi. Kechirim so‘rab qo‘yib yuborishdi. Hozirgacha hech vaqoga aqlim yetmaydi. G‘alati, a, to‘g‘rimi?
— Ha,— dedi dadam.— G‘alati.
— Qani, sinora Pozzi,— deya jilmaydim.— Keling, oxirigacha g‘alati bo‘la qolaylik. Bizga «Jovinetssu» ni chalib bering!
U menga qahrli nazar tashladi-da, keyin kulib yubordi.
— Nima qipti? Chiroyli qo‘shiq, u menga yoqadi.
Fashistlar kuylashgandan keyin nega endi bizga aytish mumkin emas ekan?
U fortepyanoga o‘tirdi. Men uning ortiga turdim.
— Yoshlik... go‘zallik...
Qo‘shiq «yoshlik» so‘zi bilan boshlanardi. Albatta, u o‘zining yoshligini, Jijisini eslagandi-yu, lekin fashist yoshlarining qo‘shig‘i bilan o‘z baxtining parokanda bo‘lishi o‘rtasida aloqa borligini unutib Qo‘ygandi. Uning Jijisi, telbalarcha sevib, u tomonga oshiqayotgan sevgilisi endilikda uzoqda edi. Unga yetib olishga chog‘i kelmasa ham ortidan yugurgani-yugurgandi. Uning ovozi avjlanib, tobora.balandlanar va mana hozir uzilib qoladi, deb o‘ylaganingda yana ohista pasayardi. YO xudoyim-ey, qanday ajoyib kuylaydi-ya!
Mussolini shturmoviklarining kaltagidan Turkiyaga qochib kelgan ayol, Turkiyada «Jovinetssu»ni kuyla-moqda edi. Mana shunga ishonib bo‘ladimi, axir.
* * *
Men hozir qarab turganim manavi barglarga ham qanday qilib ishonish mumkin?..
* * *
Ikki soatdan keyin esa London radiosi orqali «Lilli Marlen»ni eshittirishdi. Qop-qora tunning sokinligi aro notanish qo‘shiqchining past, xirildoqroq, g‘amgin ovozi taralardi. U Berlin uzra dam pasayib, dam balandlashib odamlarning qalbida g‘am-anduh va muhabbat sog‘inchini qoldirardi.
Qahramonlar o‘shanda hali o‘zlari ham o‘z qahramonliklarini anglab yetmagandilar.
* * *
Avvaliga men hech narsani sezmadim. Tut xiyoboni orqali pochtaga ketayotgandim. O‘ng tomonimda ohista suhbatlashayotgan ovozlarni eshitdim. Daraxt ostida uchta soldat miltiqlarini chorpoyaga qo‘yib, chekib o‘tirishardi. Men hatto to‘xtab qoldim. Hamma daraxtlarning tagida soldatlar o‘tirishardi. Ular bu yerda nima qilishyapti? Ularning bo‘g‘iq kulgilari quloqqa chalinardi. Bizdan ikki chaqirim naridagi Qizilay maydonida miting avjida edi. Demak, namoyishchilarni o‘rab olishibdi-da.
Qo‘shiq kuylayotgan miting qatnashchilari bizning oldimizgacha yetib kelishsachi? Ular qo‘llarini bir-birlariga berib, shaxdam qadam tashlagancha kelishyap-ti. Ularga «to‘xta!» deyishlari turgan gap. Lekin ularni to‘xtatadigan kuch yo‘q. Soldatlar o‘t ochishadi. Aprelda ham xuddi shunday bo‘lgan edi. Avval Istambulda, keyin Anqarada. Odamlarga qarata otishgandi, lekin ular bari bir qo‘shiq aytgancha jahannam o‘tini pisand qilmay bostirib kelishavergandi...
Hozir bo‘lsa sokinlik hukmron edi. Na qo‘shiq, na ur-yiqitlar, na baqiriq-chaqiriqlar bularning hech qaysisi bizgacha yetib kelmasdi.
Pochtaga kirayotganimda bexosdan yongimga qarab titrab ketdim: u yerda ko‘m-ko‘k semiz qurt o‘tirardi. Men beixtiyor boshimni changallab qoldim — gardanimda yana bitta, avvalgisidan ham ko‘kroq va semizroq qurtni qo‘lim paypasladi. Men to‘xtab, it cho‘milibchiq qanidan keyin silkingandek silkina boshladim, pochta xodimlari esa menga quvnoq hamdardlik bilan qarab turishardi. Yoshgina qizcha menga yaqinlashib yelkamdan yana bitta qurtni olib, oyog‘i bilan majaqladi. Bundan butun a’zoyi badanim xuddi terlama bilan og‘riganday qichisha boshladi.
Pochtadan chiqa turib, mezonga ilashib turgan kapalakqurtlarga ko‘zim tushdi. Ko‘pi hali judayam yuqorida edi. Faqat uchtasigina odam bo‘yi balandlikka tushib qolgandi.
Kichkinalari ham yashin tezligida o‘sishdi. Endilikda pochtaga soyabonsiz borib bo‘lmasdi.
Bizdan ikki kilometr narida esa, qamoqqa olinganlarning soni ortib borardi.
* * *
Rimda faqat fashistlarning gazetasi chiqardi, faqat fashistlarning kasaba soyuzi ishlardi. Qolganlari taqa-taq yopib qo‘yilgandi. Tez orada partiyalarni ham taqiqlashlari ayon bo‘lib qolgandi. Yangiliklarni bir-birovlariga shivirlab yetkazishardi. Hamma yangidan-yangi falokatlarni kutardi.
Jiji Fransiyaga ketgandi, keyinchalik xotinini ham birga olib ketmoqchi bo‘lgandi, lekin u tezda qaytib keldi. Ikki kundan keyin esa xorijda yurganlarni grajdanlikdan mahrum qilish haqidagi qonun chiqarildi. U vatanidan mosuvo qilishlaridan qo‘rqardi. Ayol erining bu haqda elburutdan qayerdan eshitganligini so‘rashga botinolmadi. U hammasini so‘zsiz tushunardi. Har kuni bir-biridan xunuk xabarlar olishardi. Kimnidir o‘lasi qilib kaltaklab ketishgan bo‘lsa, boshqasini qorong‘i burchakka sudrab olib kirib bir shisha surgi dorini og‘zidan quyishgan. Kimlarnidir o‘ldirib, yana kimlarnidir mayib qilib ketishardi.
Bir kuni teatrdan chiqib kela turib, orqalaridan ta’qib qilishayotganini sezib qolishdi. Jiji unga:«Biror-bir eshikka sezdirmay lip etib kirib olish uchun qadamni tezlashtirish kerak»,— deb shivirladi. Yorqin chiroq shu’lasida bizga hujum qilmasliklariga aqlimiz yetganidan ko‘chaning boshigacha bir me’yorda yurib bordik, ta’qibchilar ham qorama-qora kelishayotgandi.
Er-xotin qop-qorong‘i muyushga sho‘ng‘idik. Aksiga, taksi ham uchramasdi. Agar, mabodo, uchragan taqdirda ham yordam berishi qiyin edi. Ular qorong‘ilikka kirgan zahotilari Jiji Juliyaning qo‘lidan mahkam ushlab oldi va kuchlarining boricha yugurib ketishdi. Juliya yo‘l-yo‘lakay tuflisini ham yechib oldi. Toshga urilgan sari oyog‘i chaqa bo‘lib qichishar, lekin qo‘rquv, hayvoniy qo‘rquv uni chopishga undardi. Ta’qib qilayotganlarni chalg‘itish maqsadida ilonizi qilib qochib borishardi. Jon achchig‘ida qochib borarkanlar, tobora madorlari quriyotganini sezishardi. Xoh dang‘illama, xoh juldur-voqi bo‘lsin, barcha uylarniig eshiklari , taqa-taq berk edi.
Ular ta’qibchilar qolib ketishdimikin, deb to‘xtab, quloq solishdi. Shu zahoti muyulishda chopib kelayotganlarning tapira-tupuri eshitildi. Jiji, asli florensiyalik bo‘lsa ham, lekin Rimning bu rayonini besh qo‘liday bilardi. Shuning uchun zimiston bo‘lishiga qaramay xotinini dadil boshlab borardi.
— Xudoga shukur. O‘sha vaqtdagi modaga mos kalta yubkada edim. Florensiyada, albatta, hech qachon bunday qilmagan bo‘lardim. Rimda esa bir oz oliftalik qilishga jur’at qila olardim.
Juliyaning nafasi qisa boshladi. Jiji uni deyarli ortidan surgab borardi. Birdan ular qiya ochiq eshikni ko‘rnb qolishdi-da, o‘zlarini o‘shaeshikka urishdi. «Eshik sizlar uchun yopiq!..»—keksa odamning do‘rillagan ovozini eshitishdi. Unga javob bermay, Jiji xotinini quchoqladi va ular harsillashlari sezilib qolmasligi uchun ham uzoq o‘pishib turdilar. «Chet elliklarga xona bermaymiz»,— deya gapida davom etdi boyagi ovoz. Ta’qib qilibkelayotganlarningqadamlari shundoqqina yaqinlaridan eshitildi. Ularning so‘kinishlari aniq-taniq eshitilib turardi. Keyin oyoq tovushlari uzoqlashdi. «Qani, tuyoqlaringni shiqillatib qollaring-chi!— qorong‘ilikdan horg‘in buyruq berdi allakim.— Senlarni deb boshim baloga qolishini istamayman!» Ular indamay tashqari chiqishdida, devor yoqalab sekinlik bilan keta boshladilar. O‘n qadam ham yurishmagandiki, ortlaridan eshikning taraqlab berqilgani eshitildi. Kimdir ularni quvib kelmoqda edi. Ular turgan joylarida tirrakdek qotib qoldilar. Yonlaridan qunduz yoqali palto va qalpoq kiygan, hassasidagi kumush naqshini yaltiratgancha bir kishi o‘tib ketdi. Keyinchalik ular o‘sha o‘tkinchini eslab ichaklari uzilgudek kulishgandi. Lekin o‘sha dahshatli tunda kulishga hol-qudratlari yo‘q edi. Ular har qadamda orqalariga alanglagancha devor yoqalab pisib borisharkan, yuraklari otilib ketguday dukillardi.
— Ikkinchi marta yigirma to‘rt kundan keyin shu holga tushdik. Biz kinodan chiqib kelayotgandik.
Yomg‘ir yog‘ayotgandi, Juliyaning qo‘lida shamsiyasi bor edi. Jijining qo‘lida esa metall qoplamali yog‘och, cho‘ntagida pistoleti bor edi. U endi doim qurol bilan yurardi. Ular bilan Jijining ukasi ham birga edi. Yigitcha ham uch haftadan beri finka pichog‘idan ajralmasdi. «Akamga tirg‘alishibdi, demak, menga ham hujum qilishlari hech gap emas»,— deb mulohaza yuritardi.
Hujum qo‘qqisdan bo‘ldi. Juliya burchakka biqinib olib, jon-jahdi bilan butun kvartalni boshiga ko‘tarib qichqirgancha, kuchining boricha shamsiyasi bilan yon-veridagilarni do‘pposlardi. Hech kim yordam qo‘lini cho‘zmadi. Bunday voqealar hozirda odatiy holga aylanib qolgandi. Odamlar deraza romlarining tirqishidan mo‘ralashardi-yu, lekin hech kim ko‘chaga chiqmasdi. Bugun bularni urishsa, ertaga boshqalarini urishadi. Keyin ularning o‘zlariga hujum qilishadi, o‘shanda ular ham yakka-yolg‘iz, himoyasiz qolishlari aniq.
— Ammo-lekin o‘shanda ularni rosa adablarini bergandikda o‘ziyam. To‘g‘ri, to‘s-to‘polonda ancha-muncha surobimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Pistoletdan foydalanmadigu, lekin xanjar o‘z ishini qildi. Shunisi ajablanarliki, banditlar faqat kaltaklar bilan qurollanishgandi. Ular mushtlashuvni qanday bexosdan boshlashgan bo‘lsa, shunchalik tez tamomlashdi. Bir joyga to‘planib, Jiji bilan ukasiga: «Bu sizga saboq!»— deb baqirishdida, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Pichoqdan qo‘rqib ketishdi, shekilli. Men o‘zimiznikilarning oldiga chopib bordim. Hammayog‘imiz qonga belangandi. lekin uyga o‘z oyog‘imiz bilan yetib oldik. O‘shandan keyin kechqurunlari ko‘chaga chiqmaydigan bo‘ldim. Jiji esa, faqat majlisga borgandagina meni yolg‘iz tashlab ketardi, xolos. Tez orada biz Istambulga ko‘chib o‘tdik.
Istambulda Juliya dars bera boshladi, Jiji yuk kemasiga ishga joylashdi. Kunlardan bir kun unga kemadan xat olib kelib berishdi, unda Jiji Buenos Ayresda qolganligini xabar qilishgandi. Uch yildan keyin u kelib, yana bir yilcha sabr qilib turishini iltimos qildi. Lekin Juliya hech qayoqqa borishni xohlamadi, eri esa yig‘lardi.
— U ko‘rkam, kuchli, xushchaqchaq, hozirjavob edi. Lekin qanday qilib u yerda Mussolini bilan olishmoqchi edi? Buning befoydaligini tushunishga aqli yetmasmidi yoki.
* * *
Yoki bu odamlar azob-uqubat chekish, o‘ldirish, otish uchun tug‘ilishganmidi? Birlari, qo‘shiq aytgancha maydonlarda marsh qilib yurishar, boshqalari esa, oxirgi yangiliklarni bir-birlariga yashirin tarzda yetkazishardi. Ularni politsiya haydar, kaltaklar, tutib qamardi, lekin ularning safi borgan sari o‘sib borardi. Ko‘pchiligi esa ko‘rsichqonga o‘xshab teshik-tuynuklarga o‘zini urardi. Tut barglarini yamlagan qurtlar rasvosini chiqargan daraxtlardan yerga tushib olish uchun. bahorning oxirida yana o‘z uyalarini to‘qiy boshladilar.
Bir necha haftadan keyin shlanga ko‘targan odamlar kelishdi. Ish boshlandi. Tevarak-atrof shunaqangi sasib ketgandiki, pochtaga ketayotganimda og‘zim bilan burnimni kaftim bilan berkitib olardim. Soldatlar ham bu yerdan daf bo‘lishgandi. «Demak, kimdir daraxtlar haqida o‘ylayotgan ekan-da,— deya sevindim.— Balki, birgina mazutning o‘zi kamlik qilar? Balki, gugurt bilan.»
Olov bilan tozalikka erishib bo‘larmikin? Bilmayman.
Keyin jala quydi. U soatlab yoqqanidan, daraxtlarning tagida xalqobcha paydo bo‘ldi, keyin selob hamma ifloslarni oqizib ketdi.
Qo‘shiqlar qattiqroq jaranglay boshladi. O‘sha kunlar xotirasiga bag‘ishlangan qayg‘uli hamda muzaffar qo‘shiqlar yangradi. Ular Dunayni to‘xtatib, uning suvlarini teskarisiga oqizish mumkin, deb kuylanadigan qo‘shiqni aytishdi. Ular g‘alaba qilishmoqda edi.
* * *
Men daraxt poyasini silagancha, yana bir bor bu tushim emasmikin, deganday uning barglariga qaradim.
Ha, mana boshim uzra bir qatrayam quyosh nurini o‘tkazmaydigan sershox tut daraxti. Dunayni to‘xtatib bo‘ladimi, axir?
* * *
Mana, nihoyat, tut xiyoboni tugab, men pochtaning oldiga chiqib oldim.
Bilge Karasu. Tut xiyoboni (hikoya)
Hikoyat Mahmudova tarjimasi