OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boris Pilnyak. So‘nmagan oy qissasi (hikoya)

SO‘ZBOSHI

Bu hikoyani o‘qib, unda M.V.Frunze o‘limiga bog‘liq voqealar tasvirlangan, degan xayolga borish mumkin. Shaxsan men Frunze bilan tanish emas edim, uni bor-yo‘g‘i ikki martagina ko‘rganman, xolos. O‘limiga doir tafsilotlar menga butunlay qorong‘i. Bundan tashqari, ularning ahamiyati ham yo‘q. Sababi, bu hikoya harbiy komissarning o‘limiga bag‘ishlangan reportaj emas. Bu haqda o‘quvchini ogohlantirib qo‘yishni burchim deb bilaman. Zero, hikoyani o‘qiganlar hayotda bo‘lib o‘tgan haqiqiy voqealar va tirik odamlarni izlab yurmasinlar.
Boris PILNYAK

Voronskiyga, do‘stona


Birinchi bob


Boris Pilnyak(1894-1937) rus yozuvchisi. “Yalang‘och yil” (1921), “Bo‘ron” (1922), “Uchinchi poytaxt” (1923), “Qizil daraxt” (1929) “Volga Kaspiy dengiziga quyiladi” (1930) kabi asarlari bilan shuhrat qozongan. Ijodida rus mumtoz adabiyoti va g‘arbdagi turli adabiy oqimlarning ta’siri ochiq seziladi.
“So‘nmagan oy qissasi” yozuvchining eng yaxshi asarlaridan biri. U real hayotiy voqealar asosida yozilgan. Ma’lumki, 1925 yilda mashhur qo‘mondon Mixail Frunze Stalinning ko‘rsatmasiga muvofiq majburan operatsiyaga yotqizilgan va ko‘p miqdorda yuborilgan xloroformdan zaharlanib, olamdan o‘tgan edi. Oldindan rejalashtirilgan bu qotillik haqida ana shu yillarda hatto gapirish ham mumkin emas edi. Yozuvchi B.Pilnyak “So‘nmagan oy qissasi”da mazkur voqeaga doir o‘z nuqtai nazarini dadil ilgari suradi. Asar nashr etilishi bilanoq yig‘ishtirib olinadi va yo‘q qilinadi. Yozuvchi 1937 yilda soxta ayblar bilan qamalib otib tashlanadi. Vafotidan keyin 1956 yilda oqlangan. Asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan. 

Erta tongda shahar bo‘ylab zavod gudoklarining chinqirig‘i yangradi. Ko‘chalarni tun bo‘yi bosib yotgan kulrang tuman sudralib borar, yomg‘ir maydalab yog‘ar edi. Sekin-asta tarqala boshlagan bu tonggi sovuq tuman havoning ochiq bo‘lishidan emas, aksincha, bugun ham diqqinafas, og‘ir, yomg‘irli kun kelishidan darak berardi. Gudoklar ancha  vaqtgacha qichqirib turdi, dastlab sekin, bitta, ikkita, uchta, so‘ng ko‘plagan chinqiriqlar tong oldidan hordiq olayotgan shaharning kulrang osmoniga singib ketdi. Zavod gudoklari yangrar, shahar chekkasidan tinimsiz kelib-ketib turgan poezdlarni tortuvchi parovozlarning bo‘g‘iq vishillab chiyillagan tovushi to‘xtovsiz eshitilib turardi. Bularning hammasi og‘ir tumanga o‘ralgan shaharning o‘pkasi ishlab turganini, u nafas olayotganini bildirardi. Ana shu soatlarda tahririyatlarning bosmaxonalaridagi bosuv dastgohlari yangi gazetalarni bosish bilan mashg‘ul edi. Ko‘p o‘tmay gazeta bog‘lamlarini ko‘targan o‘smir bolalar bosmaxona hovlilaridan bo‘m-bo‘sh chorrahalarga chiqishib tomoqlarini qirgancha:
— Xitoyda Inqilob! Komandarm Gavrilovning kelishi! Komandarm kasal! — deb ko‘chani boshiga ko‘targancha qichqirishga tushadilar. 
Ayni shu daqiqalarda janubiy vokzalga bir poezd kirib keldi. U maxsus poezd bo‘lib, eng oxiriga ko‘kish bo‘yoqlari tovlanib turgan salon-vagon tirkalgan edi. Uning zinalarida indamas qo‘riqchi askarlar tik qotib turar, derazalari qalin pardalar bilan to‘sib qo‘yilgandi. Tuni bilan to‘xtamay yurib kelgan bu poezd vokzal binosiga sekingina kirib, hech qanday sas-sadosiz zahira yo‘lga o‘tib to‘xtadi. Perron bo‘m-bo‘sh edi. Eshiklar yonida yoqasiga yashil band taqilgan maxsus militsiya soqchilari qator tizilishib turishar edi. Yengiga romblar qadalgan uchta harbiy salon-vagon oldiga yurib keldi. Baravar chest berib salomlashdilar, kelgan kishilar bo‘sag‘ada to‘xtadi, qo‘riqchi vagon ichiga qarab kimgadir shipshib murojaat qildi, so‘ng mazkur uch kishi zinadan ko‘tarilib, parda orqasida g‘oyib bo‘ldi. Vagonda elektr chirog‘i yondi. Vokzal tomidan telefon simi tortayotgan ikki harbiy aloqachi vagon atrofida g‘imirlab yurardi. Mavsumbop eski palto kiygan, ammo boshidagi mo‘yna telpagi modadan qolgan yana bir kishi vagon yoniga keldi. U hech kimga chest bermadi. Boshqalar ham unga e’tibor qilishmadi.
— Nikolay Ivanovichga Popov keldi deb aytinglar, — murojaat qildi u.
Qizil askar unga xushlamay qarab, boshdan-oyog‘igacha razm solib chiqdi, eski boshmog‘ini ko‘zdan kechirdi, so‘ng ohista javob berdi:
— O‘rtoq qo‘mondon hali turgani yo‘q.
Popov qizil askarga do‘stona kulimsiradi, negadir sensirab, avvalgidan ham muloyim gapirdi:
— Mayli, ukajon, sen ichkariga kir, kirginda unga haligi Popov keldi, deb qo‘ygin.
Qizil askar ichkariga kirdi-yu, tez qaytib chiqdi. Shundan keyin Popov vagonga ko‘tarildi. Salonda pardalar tushirib qo‘yilgani va elektr chirog‘i yonib turgani uchun hamon tun hukmron edi. Poezd janubdan kelganidanmi, salon janub havosiga to‘la edi: anor, apelsin, nok, a’lo navli sharob, a’lo navli tamaki hidi anqib turar, quyosh nuridan charog‘on o‘lkaning nafasi ufurar edi. Stol ustidagi chiroq yonida ochib qo‘yilgan kitob va tarelkada yarmi yeyilgan yorma bo‘tqasi turar, bo‘tqadan narida yechib qo‘yilgan to‘pponcha g‘ilofi va uzun tasma ilondek cho‘zilib yotardi. Stolning narigi chekkasiga bo‘sh shishalar terib qo‘yilgan. Yengiga romba qadalgan boyagi uchta harbiy stol qarshisiga — devor tagiga qo‘yilgan teri qoplangan o‘rindiqlarda papkalarini ushlagan ko‘yi salobat bosganidan yuvoshgina bo‘lib jim o‘tirishardi. Popov stol oldigacha keldi, paltosi va telpagini yechib, yoniga qo‘ydi va ochiq turgan kitobni olib, ko‘z yugurtira boshladi. Vagon xodimi kirib, hech kimga e’tibor bermasdan stol ustini yig‘ishtirishga tushdi: shishalarni bir burchakka eltib qo‘ydi; anor po‘choqlarini patnisga olib, stolga dasturxon yozdi, taxsimchada bitta stakan, kichkina qadah, ikkita tuxum, tuz, dori solingan shishacha keltirib qo‘ydi, parda burchagini ko‘tarib tashqariga qaradi va deraza pardalarini bir chekkaga qarab surdi, parda bog‘ichlari g‘irchillab arang siljidi, elektr chiroqlari uchirildi: salonga yomg‘irga to‘yingan namchil tonggi kuz havosi yopirilib kirdi. Ammo hamma narsada qandaydir xafagezaklik bordek tuyular edi, burchakda sharob idishiga yashik va uzunasiga o‘ralgan gilam ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Qo‘liga salfetka ushlagan vagon xizmatchisi eshik yonida haykaldek turib oldi. Odamlarning yuzi bu sovuq tongda sarg‘imtil ko‘rinar, taralayotgan xira nur qonli sariq suvni eslatardi. Ostonada vagon xizmatchisi yonida harbiy xodim paydo bo‘ldi: safar idorasi ishga tushdi, telefon jiringlay boshladi.
Ana shunda yotoqxonadan qo‘mondon chiqib keldi. U o‘rta bo‘yli, keng yag‘rinli, sarg‘ish kishi bo‘lib, uzun sochlari orqaga taralgandi. Yashil movutdan tikilgan va yengiga to‘rtta romba qadalgan harbiy gimnastyorkasi g‘ijimlanib ketgan edi. Shporli etigi yarqiratib moylanganiga qaramay, yeyilib ketgan poshnalari ko‘p zahmat chekkanidan darak berardi. Bu fuqarolar urushidagi barcha qahramonliklar, ming, o‘n ming, yuz minglab kishilarning qismati, ming, o‘n ming, yuz minglab kishilarning o‘limi, azob-uqubatlari, mayib-majruhligi, sovuq, ocharchilik, o‘lat, safar izg‘irinlari, to‘plar na’rasi, o‘qlar hushtagi, tungi gulxanlar va bo‘ronlar, tinkani quritadigan safarlar, g‘alaba sururi, mag‘lubiyat alamlari, yana va yana o‘limlar bilan nomi chambarchas bog‘langan, ne-ne mashaqqatlarni yelkasida ko‘tarib, nomi afsonaga aylanib ketgan inson edi. U armiyalar, minglab odamlar ustidan qo‘mondonlik qilgan edi. U g‘alabalar, o‘limlar, porox dudlari, singan suyaklar, tilka-pora bo‘lgan go‘shtlar ustidan qo‘mondonlik qilgan edi. U qozongan g‘alabalar front orqasida ko‘tarilgan sanoqsiz qizil bayroqlar va minglab odamlarning suronli na’ralari bilan nishonlanar, bu haqda radiolar butun dunyoga jar solar edi. Bu g‘alabalardan keyin qumloq rus dalalarida chuqur o‘ralar qazilar va bu mudhish o‘ralarga ming-minglab odamlarning murdalari ko‘mib tashlanar edi. Bu odamning nomi urush haqidagi afsonalar, sarkardalik dahosi, tengsiz jasorat, mardlik, matonat bilan chulg‘anib ketgan edi. Bu odam minglab o‘ziga o‘xshagan kishilarni o‘limga jo‘natish yoki saqlab qolish huquqiga ega edi. Hozir esa salonga ko‘pchilik qatori o‘rta bo‘yli, keng yag‘rinli, xushf’el, seminariya talabalaridek toliqqan qiyofadagi kishi kirib keldi. Uning chaqqon harakatlari harbiy yoki otliq askardan ko‘ra ko‘proq oddiy fuqaronikiga o‘xshab ketardi. Boyagi uch harbiy uni ko‘rishi bilan tik turib toshdek qotdi. Ular uchun bu kishi armiya deb ataladigan ulkan mashinaning boshqaruvchisi, ularning taqdiri, birinchi navbatda hayoti uchun, yuksalishlari yoki yuztuban ketishlari uchun amru farmon beruvchi, o‘lim va falokatlardan asrovchi hokimi mutlaq qo‘mondon edi. Qo‘mondon ularning oldida to‘xtadi, qo‘l berib ko‘rishmasdan erkin turaveringlar, degandek ishora qildi. Axborotlarni tikka turgan holda eshitdi: ular bir qadam oldinga chiqib, tik qotgan ko‘yi shaxdam ovozda qisqa va aniq ma’lumot berishardi. Qo‘mondon axborotlarni mutlaqo e’tibor bermasdan eshitgach, ularning qo‘llarini siqib qo‘ydi. Nihoyat, u yolg‘iz turgan stakan oldiga kelib o‘tirishi bilanoq vagon xizmatchisi paydo bo‘ldi va yaltiroq choynakdan choy quyib berdi. Qo‘mondon qo‘liga tuxumni oldi.
— Ishlar qanday? — so‘radi u hech qanday rasmiyatsiz, beparvo ohangda.
Harbiylardan biri ma’lumot berdi, yangiliklarni aytib bo‘lgach, ehtiyotkorlik bilan so‘radi:
— Sog‘lig‘ingiz qanday, o‘rtoq Gavrilov?
Qo‘mondonning yuzi darhol o‘zgarib ketdi, u norozilik bilan gapirdi:
— Mana, Kavkazga borib keldim, davolandim. Endi tuzaldim, — sal o‘ylab turgach, — endi sog‘man, — dedi va yana jim qoldi. — Shunday buyruq beringlar, hech qanday tantanalar, hech qanday faxriy qorovullar bo‘lmasin, umuman... — Tag‘in jim qoldi. — Sizlarga javob, o‘rtoqlar.
Uch harbiy ketish uchun o‘rnidan turdi. Qo‘mondon joyidan qo‘zg‘almay, qo‘l uzatdi — ular salondan ohista chiqib ketishdi. Qo‘mondon salonga kirgan paytda Popov unga salom bermagan va kitobni varaqlagancha o‘tiravergan edi. Qo‘mondon ham unga qarab qo‘ygan bo‘lsa-da, xuddi payqamagandek, salomlashmadi. Harbiylar chiqib ketgandan keyin ham qo‘mondon u bilan salom-alik qilib o‘tirmasdan xuddi kecha kechqurun birga bo‘lishgandek, parvosiz so‘radi:
— Choy ichasanmi, Alyosha yo sharobmi?
Popov javob berishga ulgurmasdan yordamchi kirib kelib, “o‘rtoq komandarm”ga axborot bera boshladi: — Avtomobil platformaga tushirildi, idoraga maktublar kelyapti, bir maktub birinchi raqamli uydan, uni kotib olib keldi — maxfiy maktub — shtabda xonadon tayyorlab qo‘yilgan. Tabriklar yo‘llangan ko‘plab xatlar va telegrammalar bor. 
Qo‘mondon vagonda turaman, degan javob bilan yordamchini chiqarib yubordi. U hozir o‘z armiyasiga emas, begona shaharga kelganini yaxshi his qilar edi: uning o‘z shahri va armiyasi bu yerdan minglab chaqirim narida, u shaharda, u yerdagi okrugda ishlari, tashvishlari, mashg‘ulotlari, xotini qoldi. Vagon xodimi Popovning javobini kutib o‘tirmay stolga choy va sharob uchun stakan qo‘ydi. Popov burchakdan chiqib, qo‘mondon yoniga o‘tirdi.
— Sog‘lig‘ing qanday o‘zi, Nikolasha? — so‘radi Popov tug‘ishganlardek mehribonlik bilan.
— Sog‘lig‘im — har galgidek tuzuk, sog‘-salomatman, — ammo azizim, tobutim yonida faxriy qorovullikda turishingga to‘g‘ri keladimi deyman, — dedi Gavrilov, u hazillashyaptimi, jiddiy gapiryaptimi — bilib bo‘lmasdi: har holda ovozida achchiq kinoya bordek tuyulardi.
Bu ikki kishi — Popov bilan Gavrilov — eskidan qalin do‘st edilar. Ular olis yoshlikdan fabrikada yashirin tashkilotga a’zo bo‘lgan, Orexovo-Zuevoda to‘quvchilik qilgan davrlaridan beri birga edilar. Yoshlikda Klyazma daryosi kirib g‘oyib bo‘ladigan Klyazma o‘rmonlari orqasidagi Pokrov shahriga eltadigan yo‘l bo‘yida — kimsasiz Pokrov monastrida to‘garakchi “ishtonsiz” to‘quvchi yoshlarning yig‘ilishlari, taqiqlangan kitoblar, xuddi injildek avaylab “Don chaqiriqlari” va “Iskra”ni o‘qiganlari, ishchi kazarmalari, yig‘inlar, uchrashuvlar, beshinchi yilda ishchilarning boshi uzra vizillab uchgan kazak o‘qlari va qamchilar o‘ynagan stantsiyadagi katta maydonlar; keyin birgalikda Bogorodskiydagi qamoq azoblari, so‘ng inqilob yo‘lini tanlagan bolsheviklarga xos — surgun, qochish, yashirin harakat, Tagan qamoqxonasi, qochish, xorijga ketish, Parij, Vena, Chikago; o‘n to‘rtinchi yildagi qora bulutlar, Brindizi, Saloniki, Ruminiya, Kiev, Moskva, Peterburg — o‘n yettinchi yil momaqaldiroqlari: Smolniy, Oktyabr, Moskva Kremli ustida to‘plar na’rasi va ularning biri — Rostov-Dondagi Qizil gvardiya shtabi boshlig‘i, ikkinchisi Tula proletarlar harakatining yetakchisi; biri — urush, g‘alabalar, to‘plar, odamlar, o‘lim qo‘mondoni, ikkinchisi — gubkomlar, ispolkomlar, VSNX, konferentsiyalar, majlislar, loyihalar va dokladlar ishtirokchisi. Ikkisi uchun ham hayotning ma’nosi, yashashdan maqsad buyuk jahon inqilobini amalga oshirish, butun dunyoda adolat va haqiqat o‘rnatish yo‘lida kurashishdan iborat. Ular bir-biri uchun bir umrlik do‘st: Nikolasha, Aleksey, Alyoshka bo‘lib qolgan edilar. Ular uchun amal, martaba, mansab darajasining ahamiyati yo‘q edi.
— Menga ochiqchasiga aytaver, Nikolasha, kasaling og‘irmi? — so‘radi Popov.
— Bilasanmi, menda oshqozon yarasi paydo bo‘lgan yoki bo‘lishi mumkin. O‘zingga ma’lum-ku, og‘riqlar, qon qusish, og‘ir jig‘ildon qaynashlari — bari o‘tib ketdi, — qo‘mondon Alekseyga engashdi. — Meni Kavkazga jo‘natishdi, davolashdi, og‘riqlar tuzaldi, ishga tushdim, yarim yil ishlaganimdan keyin yana ko‘ngil aynish va og‘riqlar boshlandi, yana Kavkazga bordim. Hozir yana og‘riqlar o‘tib ketdi, o‘zimni sinab ko‘ray deb bir shisha sharob ichdim... — Qo‘mondon so‘zlashdan to‘xtadi: — Alyoshka, sharob ichishni xohlasang, ana, taxta tagida turibdi. Senga deb bir quti olib kelganman. Og‘zini och.
Kaftlari bilan boshini changallab o‘tirgan Popov javob berdi:
— Yo‘q, men ertalabdan ichmayman. Gapiraver.
— Ahvol mana shunday, sog‘lig‘im joyida. — Qo‘mondon jim qoldi. — Ayt-chi, Alyoshka, meni nega bu yoqqa chaqirishdiykin, bilmaysanmi?
— Bilmayman.
— Buyruq oldim — Kavkazning o‘zidan to‘g‘ri yetib kelish haqida, hatto xotinimning oldigayam borolmadim. — Qo‘mondon jim qoldi. — Kim bilsin, nima bo‘layapti? Armiyadagi ishlar joyida, s’ezdlar, boshqa tadbirlar yo‘q... O‘zing Kavkazda bo‘lganmisan? Haqiqatan ham ajoyib o‘lka, — bizda uni shoirlar yarim kunlik joy deb atashadi, — bu so‘zning ma’nosini yaxshi tushunmayman, haqiqatan ham har gal yarim kun turgandek bo‘laman. Bordimu qaytdim!.. — Anor yeysanmi, Alyosha? Menga mumkin emas, yordamchilarimni siylayapman. — Yaxshi qilamanmi?
Qo‘mondon armiya haqida gapirdi, u to‘quvchiligini allaqachon unutgan — Qizil Armiya sarkardasi va qizil generalga aylangandi; qo‘mondon Orexovo-Zuevo haqida, u yerda o‘tgan damlar haqida jo‘shib gapirar ekan, chamasi qay tarzda to‘quvchi bo‘lganini, ana shu kezlarda daryo yoqasida yashaydigan o‘qituvchini sevib qolgani, uni deb yaltillatib moylangan etigiga chang yuqtirmaslik uchun maktab oldigacha yalangoyoq borgani va maktab zinasi yoniga kelgandagina qayta kiygani, unga atab ipak bog‘ich bog‘langan guldasta va ketvorgan a-lya shlyapasi sotib olgani, so‘ng gap-so‘zlari o‘qilgan kitoblardan nariga o‘tmagani, oqibatda o‘qituvchi rad etgani tufayli orziqib kutilgan roman ro‘yobga chiqmaganini eslamadi, albatta. To‘quvchi-qo‘mondon saranjom-sarishtali yaxshi odam bo‘lib, hazillashishni sevar va hamma narsadan kulgili vaziyatlar chiqara bilardi, u do‘sti bilan hazil-huzul qilib chaqchaqlashib o‘tirar ekan, vaqti-vaqti bilan nega chaqirilgani esiga tushib, bezovtaligi oshar, ana shunda yana sog‘lom to‘quvchiga aylanib, bemor qo‘mondon haqida gapira boshlardi: “Amaldor, feldmarshal, senator emish! Marjumak bo‘tqasini yemayman deydi-ya... Ha, og‘ayni, tseka*  odamlarni o‘ynatadi, qo‘shiqdan so‘zni olib tashlab bo‘lmaydi-ku!” — deb jim bo‘lib qolardi.
— Nikolasha, nimadan shubhalanayotganingni ochiq tushuntirib bersang-chi? — dedi Popov. — Faxriy qorovul deb valaqlaganing nimasi?
Qo‘mondon darrov javob qaytarmadi, so‘ng ohista:
— Rostovda Potapni uchratib qoldim (u o‘n sakkizinchi yilning “shonli qahramonlari”dan bo‘lgan mashhur inqilobchini partiyaviy laqabi bilan tilga oldi), shunda u aytdiki... meni operatsiyaga yotishga ko‘ndirishga urindi, yarani kesishmi yoki tikib qo‘yish deysanmi, xullas, shu narsaga qilgan da’vati menga shubhali tuyuldi. — Qo‘mondon jim bo‘lib qoldi. — Men o‘zimni sog‘lom his etayapman, butun vujudim operatsiyaga qarshi turipti, xohlamayman, shundog‘am yaxshi tuzalyapman. Og‘riqlar yo‘qoldi, hatto semira boshladim, yana kim biladi deysan... — kap-katta odam, qariya, amaldor, — qornimga qarab o‘tiribman. Uyat. — Qo‘mondon jim qoldi, so‘ng ochiq turgan kitobni qo‘liga oldi. — Tolstoyni — qariyani o‘qiyapman — “Bolalik va o‘smirlik”ni, — qariya qotirib yozgan-da, turmushni nozik his qiladi, qonniyam... Men qonni ko‘p ko‘rdim, ammo... operatsiyadan yosh bola singari qo‘rqaman, tilib tashlashlarini xohlamayman... Qariya odam qoni nimaligini yaxshi anglagan.
Yordamchi kirib, tik turgancha shtabdan ma’lumotlar keltirishgani, birinchi raqamli uydan qo‘mondon uchun mashina yuborishganini, u yerga borish zarurligini, yangi telegrammalar olinganini, janubdan jo‘natilgan yuklarni olish uchun kimdir kelganini aytib, batafsil axborot bera boshladi. U stol ustiga bir to‘da gazetalarni qo‘ydi. Qo‘mondon yordamchiga javob berdi va shinel keltirishni buyurdi. Qo‘mondon gazetani yoyib ko‘rdi. Muhim voqealar yoritiladigan joyda: “Qo‘mondon Gavrilovning kelishi” degan sarlavha bor edi. Uchinchi betda esa “Bugun qo‘mondon Gavrilov o‘z armiyasini vaqtincha tark etib, oshqozonidagi yarasini operatsiya qildirish uchun poytaxtga keldi”, deb yozilgandi. Yana shu xabarda “o‘rtoq Gavrilovning sog‘lig‘i tashvish tug‘diradi”, ammo “professorlar operatsiya yaxshi o‘tishiga kafolot bermoqdalar”, deb ilova qilingandi. Inqilobning eski jangchisi, askar, qo‘mondon, sarkarda, minglab odamlarni — urush taqdirini hal qilish uchun o‘limga mahkum qilingan odamlarni jangga yuboradigan va qon bilan g‘alaba qozonadigan Gavrilov stul suyanchig‘ini orqaga surdi, qo‘li bilan peshonasini artib, Popovga diqqat bilan tikilib turib gapirdi:
— Alyoshka, eshitayapsanmi? — bular behuda emas. — H-ha. Nima qilish kerak? — va qichqirdi: — Soqchi, shinelni keltir!
Soat kunduzgi o‘n bir bo‘lgan edi, shahar bo‘ylab kunning yashil loyqasi sudralar, ochig‘ini aytganda, bu yashil loyqa ko‘zga ko‘rinmasdi, chunki ko‘plab binolar qad ko‘targan bir parcha yer ustida shahar mashinalari — aravakash otlarni, tramvay va avtobuslarni, uylardagi yig‘ishtirilmagan to‘shakdan tortib, qirg‘oq bo‘ylab mashq qilayotgan askarlargacha, buxgalterlik zallari va harbiy xalq komissariyati xonalarining baland shiftlariga qadar yoyilgan sukunat — hamma narsani chir aylantiradigan, burab tashlaydigan, odamlarni dastgohlar, stollar, idoralar, avtomobillar yoniga, ko‘chaga daryodek oqizib boradigan shaharning murakkab mashinalari suroni ostida kunduzgi kulrang havo, yog‘ingarchilik, pilchillagan yashil loyqa bilinmay ketar edi.


Ikkinchi bob

Shaharning ikki katta ko‘chasi tutashgan, avtomobillar, odamlar, ot aravalar turnaqator bo‘lib kesib o‘tadigan joyda — panjaralar ortida ustunli muhtasham imorat qad ko‘targan edi. Panjaralar ortidagi bu imorat yuz yillardan beri mana shu yerda tinch mudroq bosgan ko‘yi jim turadi. Imorat peshtoqlariga hech qanday lavha ilingan emas.
... Tush chog‘ida mana shu birinchi raqamli uy oldiga usti yopiq “Roys” mashinasi kelib to‘xtadi. Soqchi eshikni ochdi, limuzin ichidan qo‘mondon tushdi.
... Uyning narigi chekkasidagi xona oynalarida pardalar yarim tushirib qo‘yilgan; deraza orqasida serharakat ko‘cha ko‘zga tashlanadi; xonada kamin yonib turibdi; stolda — qizil movut ustida uchta telefon apparati bo‘lib, ularning qo‘ng‘iroqlari kamindagi tarasha chirsillashiga qo‘shilib, xona sukutini buzardi, xonaga o‘rnatilgan uchta telefon apparati — shaharning uchta qon tomiriga aylanib, sukunat qa’ridan turib shahar ustidan hukmronlik qilar, shahardagi hamma yangiliklar ana shu shoh tomirlarga kelib tushar edi. Stol ustida bronzadan quyilgan hashamdor yozuv asboblari turar, qalamdonga o‘nga yaqin qizil va ko‘k qalamlar solib qo‘yilgandi. Xona devorida, yozuv stoli orqasida bir juft quloqchinli radio osilgan, qabulxona qo‘ng‘irog‘iyu “harbiy trevoga” tugmasigacha qator saf tortgan edi. Yozuv stolining qarshisida charm o‘rindiq. Stol orqasidagi yog‘och stulda egilmaydigan odam o‘tirardi. Deraza pardalari yarim tushirilgan, yozuv stolidagi yashil abajurda elektr chirog‘i yonib turgani uchun egilmas odamning yuzini ko‘rib bo‘lmas edi.
Qo‘mondon gilam ustidan yurib kelib, charm o‘rindiqqa o‘tirdi.
Birinchi — egilmas odam:
— Gavrilov, sen bilan inqilob tegirmoni haqida gaplashib o‘tirmaymiz. Afsuski, tarix g‘ildiragi, ayniqsa, inqilob g‘ildiragi, men shunday o‘ylayman, ko‘p hollarda o‘lim va qon bilan harakat qiladi. Qon bilan o‘lim nimaligini yaxshi bilasan. Ikkimiz och-yalang‘och qizil askarlarni Yekaterinovga boshlab borganimiz esingdami? Senda miltiq bor edi, menda ham. Snaryad tushib, oting nobud bo‘ldi, sen piyoda qolding. Qizil askarlar orqaga qocha boshladilar, ularni to‘xtatish uchun qo‘lingdagi nagan bilan bittasini otib tashlading. Komandir, qo‘rqoqlik qilganimda meni ham otib tashlar eding va buni men to‘g‘ri deb hisoblayman.
Ikkinchi, qo‘mondon:
— Ey, sen bu yerga qanday joylashib qolding, ministrga o‘xshaysan-a? Bu yerda chekish mumkinmi? Men kuldonni ko‘rmayapman.
Birinchi:
— Chekma, keragi yo‘q. Sog‘lig‘ingga to‘g‘ri kelmaydi. Men chekmayman.
Ikkinchi, keskin, tez:
— Ortiqcha hashamsiz gapiraver, nimaga chaqirding? Diplomatchiliging kimga kerak? Gapir!
Birinchi: — Shuning uchun chaqirdimki, seni operatsiya qilish zarur. Sen inqilobga kerakli odamsan. Professorlarni chaqirdim, ular bir oyda oyoqqa turib ketadi deyishmoqda. Buni inqilob talab qiladi. Professorlar kutib o‘tirishibdi, seni ko‘rishadi, tekshirishadi. Buyruq berib qo‘yganman. Hatto bitta nemis ham keldi.
Ikkinchi: — Nima desang deyaver, men baribir chekaman. Mening shifokorlarim operatsiyaning keragi yo‘q, o‘zi bitib ketadi, deyishdi. O‘zimni sog‘lom his qilayapman, hech qanday operatsiya kerak emas, men xohlamayman.
Birinchi qo‘lini orqasiga qo‘ydi, devordagi tugmani bosdi, kotib ovoz chiqarmay kirdi, birinchi so‘radi: “Qabulga turganlar bormi?” — Kotib bosh silkidi. Birinchi hech narsa demasdan kotibni chiqarib yubordi.
Birinchi: 
— O‘rtoq qo‘mondon, to‘rt ming odamni aniq ko‘rinib turgan o‘limga yuborish kerakmi, yo‘qmi, deb bahslashganimizni eslaysanmi? Sen jo‘natishga buyruq berding. To‘g‘ri qilding. — Uch haftadan keyin o‘rningdan turib ketasan. Meni kechirasan, buyruq berib qo‘yganman.
Telefon jiringladi, u shaharniki emas, ichki — o‘ttiz-qirqta simlardan biri edi. Birinchi dastani ko‘tardi, tingladi, qayta gapirdi: — “Notami, frantsuzlargami? — albatta rasmiy, kecha kelishganimizdek. Birga xonbaliq ovlagan paytlarimizni eslab turasanmi? Frantsuzlar juda tegmanozik bo‘lishadi. Qanday? Ha, ha, burab qo‘y. Hozircha”.
Birinchi:
— Meni kechirasan, o‘rtoq Gavrilov, boshqa gapga o‘rin qolmadi.
Qo‘mondon papirosni oxirigacha chekdi, qoldig‘ini ko‘k va qizil qalamlar orasiga tiqib qo‘yib, o‘rnidan turdi.
Qo‘mondon:
— Xayr.
Birinchi:
— Hozircha. 
Qo‘mondon qizil gilamcha ustidan yurib ostonaga chiqdi, “Roys” uni sershovqin ko‘cha bo‘ylab olib ketdi. Egilmaydigan odam xonada qoldi. Huzuriga boshqa hech kim kirmadi. Qo‘lida qizil qalam ushlab, engashmagan ko‘yi qog‘oz titib o‘tirdi. Tugmachani bosdi — kotib kirdi, unga topshiriq berdi: “Qalamdon ichidagi qoldiqni olib tashlash chorasini ko‘ring”. Yana qizil qalamni ushlab, qog‘ozlarni o‘qishga tushdi. Bir-ikki soat o‘tdi, mansabdor qog‘ozlarni titdi, ishladi. Faqat bir marta telefon jiringladi, u tinglab javob berdi. “Turkistondagi tovarsiz o‘pqonni bekitish uchun ikki millionlik kalish va manufaktura. Ha, o‘z-o‘zidan ravshan. Ha, boraver. Hozircha”. Tovush chiqarmay xizmatchi kirdi va oyna yonidagi stolga patnisda ustiga salfetka yopilgan bir stakan choy bilan bir parcha yaxna go‘sht qo‘yib ketdi. Egilmaydigan odam kotibni yana chaqirib so‘radi: “Maxfiy ma’lumot tayyormi?” — Mansabdor katta qog‘ozni olib, tashqi ishlar xalq komissariati, OGPUning Siyosiy va Iqtisodiy bo‘limlari, Tashqi Savdo xalq komissariati, Mehnat xalq komissariatiga bog‘liq ruknlarni ancha vaqt ko‘zdan kechirib o‘tirdi. Shundan keyin xonaga birin-birin uchlikka*  mansub odamlar — hukm yurituvchilar kirib kelishdi.
Tuman quyqasiga belangan sarg‘ish tun shahar bo‘ylab sudralib borardi. Soat uchlarga yaqin yo‘lkalar va havo ko‘kish, kulrang tusga kira boshladi.
Soat to‘rtda shaharning xo‘l fonarlari fohishalarning im qoqayotgan ko‘zlariga o‘xshab yona boshlagan, ko‘chalar odamga to‘lib, avtomobillarning shovqini, zavod gudoklari va poezdlarning chinqirig‘i, tramvaylarning taraq-turug‘i hamma yoqni tutgan pallada chekkadagi ikkinchi uy oldiga bir necha avtomobil kelib to‘xtadi. Uy qorong‘ilik pardasiga chulg‘angan, ayni shu qorong‘ilik rutubatli nam havoni isitib beradigandek tuyulardi. Uyning daryo qirg‘og‘idagi kengliklarga qaragan derazalari so‘nggi shafaq nurlarida tovlanar, shafaq u yoqda, kengliklardan narida tirqishdan taralayotgandek yoyilib, qotib qolgan qon tomchilariga o‘xshab ko‘rinar edi. — Eshik oldida peshband bog‘lab, piyma kiygan farrosh g‘imillar, ikki millitsioner tik qotib turardi. Ichkarida — uyga kiraverishda ham ikki militsioner bor edi. Ikkita Qizil Bayroq nishonini taqqan qizil qo‘mondon novdadek silliq, chaqqon ikki qizil askar hamrohligida dahlizga kirdi. Hordiq payti bo‘lgani uchun xonalarda sukunat hukm surar, faqat uzoq burchakdan hamshiraning nihoyatda past ovozda daryo qirg‘og‘ida to‘lqinlarga tikilib o‘tirishni qo‘msab kuylayotgan qo‘shig‘i arang eshitilardi. Qizil komandir va qizil askarlarni ostonada oq xalatli kishi kutib oldi. “Ha-ha-ha, bilasizmi?” — shu zahotiyoq hamshiraning daryo to‘lqinlari haqidagi qo‘shig‘i tindi. Qabulxona derazalari daryo qirg‘og‘iga qaragan bo‘lib, parda tutilmagan edi. Devorlar oq bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan, shiftdagi elektr chirog‘idan oq nur taralardi. Telefonlar ko‘rinmasdi. Xona katta va bo‘mbo‘sh edi. O‘rtada oq kleyonkali stol, uning atrofida temir yo‘llardagiga o‘xshash suyanchiqlari baland kleyonkali stullar qo‘yilgandi. Devor yonida oq choyshab yopilgan divan va yog‘och kursilar. Burchakdagi chanoq ustiga o‘rnatilgan oynaband tokchalarga har xil hajmli turli-tuman idishlar, simobli shisha, yashil sovun solingan banka terilgan, yoniga oxorlanmagan sariq sochiq osilgan edi. Birinchi avtomobilda professorlar, terapevtlar, jarrohlar kelishgandi. Belburma kamzul va qora nimcha kiygan odamlar qabulxonaga kirishdi, bu odamlar darhol kamzullarini yechib, oq xalat kiyib olishdi. Derazalardagi qon rang shafaq shu’lalari o‘ldi. Odamlar kirib salom berishar, ularni baland bo‘yli, sersoqol, xushfe’l, qalin sochli xo‘jayin kutib olar edi. Fan, ayniqsa, tibbiyot olimlari, aksari hollarda negadir badbashara ko‘rinadi: yo yonoqlari yaxshi o‘smagan, yo nihoyatda bo‘rtgan bo‘ladi, oqibatda yonoqlar quloqdan oshib ketadi; ko‘zlariga hamisha ko‘zoynak qo‘ndirilgan, ko‘zoynak esa hatto ko‘z xaltasini eng chekkasida osilib turgan bo‘ladi; taqdir ko‘pchiligini sochdan siqib qo‘yadi, siyrak soqoli bo‘ynida o‘sadi, ba’zilarining sochi yonog‘i va iyagidagina emas, burnida yoki qulog‘ida ham dimiqib o‘saveradi, ayni shu holat tufayli bu olimlar davrasi jinni-g‘inni odamlar to‘dasiga o‘xshab ko‘rinadi, go‘yo har bir olim albatta telbavash bo‘ladigandek bu telbavashlik esa ularni bag‘oyat o‘qimishli qilib ko‘rsatadigandek edi. Ammo bunday telba-teskarilik hozir qabulxonada ko‘zga tashlanmasdi. Xo‘jayin sifatida kutib olayotgan jarroh professorning qalin tuklari burnida ham tikkayib turar, burun uchiga qo‘ndirilgan kichik ko‘zoynagigina uni telbavash qiyofada ko‘rsatardi. O‘ttiz besh yoshlardagi, yaltirbosh, kamzul kiyib, pensne taqqan, ko‘zlari ichiga botib ketgan professor Lozovskiy mezbon qarshisiga keldi. 
— Ha-ha-ha, bilasizmi?
Yaltirbosh sersoch xo‘jayinga surg‘ichli muhri buzilgan konvertni uzatdi. Sersoch kishi ichidagi qog‘ozni oldi, ko‘zoynagini to‘g‘rilab, o‘qidi, yana ko‘zoynagini to‘g‘riladi, taajjublandi va qog‘ozni uchini kishiga uzatdi.
Yaltirbosh tantanali ohangda:
— Maxfiy qog‘oz, ko‘ryapsizmi, buyruq o‘rnida. Uni menga ertalab keltirib berishdi. Tushunyapsizmi?
Birinchi, ikkinchi, uchinchi odam past ovozda shosha-pisha gapga tushib ketishdi.
— Konsiliumga hojat bormikan?
— Meni shoshilinch tarzda yuborishdi. Universitet rektori nomiga telegramma jo‘natishibdi.
— Bilasizmi, qo‘mondon Gavrilov — haligi... ayni shuning o‘zimi?
— Ha-ha-ha, nima deysiz, — inqilob, armiya qo‘mondoni, formula, — va — mar-ha-mat.
— Konsilium.
— Janoblar. Gavrilovning o‘zini ko‘rdinglarmi — qanaqa odam ekan?
— Ha-ha-ha, bilasizmi, birodar.
Tik tushib turgan elektr nurida soyalar tebranadi.
Shafaq so‘nib, daryo qirg‘og‘idagi yalanglikni zulmat bosdi. Biri ikkinchisining xalatidagi tugmani ushlab, uchinchisi narigisini qo‘ltig‘idan olib xonada yurib gaplasha boshladilar. Birinchi, ikkinchi, uchinchi baland ovozda, shoshilmay, xotirjam muloqotga kirishmoqda edi.
— Professor Oppelning jarrohlar s’ezdida ichki sekretsiya bezlari haqidagi nutqida men o‘n ikki barmoqli ichakka opponentlik qildim.
— Bugun Olimlar uyida...
— Rahmat, xotinim soppa-sog‘, katta kolit bezovta qilib turadi. Yekaterina Petrovna yaxshimi?
— Pavel Ivanovich, “Jamoatchi shifokor”da maqolangiz...
Nihoyat, eshik orqasida qizil askarlarning miltig‘i sharaqlab, poshnalari taraqladi, qizil askarlar kirib, tik qotib turishdi, ostonada baland bo‘yli, novdadek xipcha, ko‘kragiga Qizil Bayroq ordeni taqilgan yoshgina yigit paydo bo‘ldi va eshik yonida joy egallagandan keyin, — qo‘mondon shiddat bilan kirib keldi, qo‘li bilan sochini orqaga tarab, gimnasterkasi yoqasini tuzatdi va:
— Salom, o‘rtoqlar. Yechinishga buyruq berasizlarmi? — deb so‘radi.
Shunda — professorlar stol atrofidagi kleyonka tortilgan stullarga o‘tirib, tirsaklarini stolga tiradilar, qo‘llarini chalishtirib, ko‘zoynak va pensnelarini to‘g‘rilagandan keyin bemorni o‘tirishga taklif qildilar. Paket keltirgan pensneli yaltirbosh sochi qalin kishiga murojaat qildi:
— Pavel Ivanovich, siz primus inter pares sifatida, o‘ylaymanki, raislik qilishga qarshilik bildirmassiz? — Yechinishim kerakmi? — so‘radi qo‘mondon va qo‘llari bilan yoqasini ushladi.
Konsilium raisi Pavel Ivanovich qo‘mondonning savolini eshitmagandek bo‘lib, raislik o‘rniga o‘tirar ekan, ohista gap boshladi:
— O‘ylaymanki, bemor kasallik alomatlarini qachondan boshlab his qilganini, qanday patologik belgilar aniqlanganini bizga aytib beradi. Shundan keyin bemorni ko‘rishga o‘tamiz.
... Professorlarning mazkur kengashidan keyin shifokorlarga xos tushunib bo‘lmaydigan xat bilan yozilgan bir varaq qog‘oz qoldi, qog‘oz sariq, chiziqsiz edi, u pala-partish yirtib olingan, buning ustiga, sifatsiz yog‘ochdan tayyorlangan va mutaxassislar, injenerlarning dalolatiga ko‘ra yetti yilda chirib bitadigan matoh edi.
Professor falonchi falonchi, prof. falonchi falonchi, prof. falonchi falonchi (etti marta takrorlanadi) ishtirokida  o‘tgan konsilium qarori.
Bemor fuqaro Nikoloy Ivanovich Gavrilov oshqozon osti og‘rig‘i, qusish, jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiladi. Xastalik  o‘zi sezmagan holda ikki yil oldin boshlangan. Faqat ambulatoriyada davolangan va kurortlarga borgan, ammo foydasi bo‘lmagan. Bemorning iltimosiga muvofiq yuqoridagi shaxslar tomonidan konsilium o‘tkazildi.
Status praesens. Bemorning umumiy ahvoli qoniqarli. O‘pkasi — N. Yurak tomoni biroz kengaygani seziladi, tomiri tez uradi. Oz miqdorda neurastenia. Oshqozonidan boshqa a’zolarida patalogik o‘zgarishlar ko‘rinmaydi. Bemorda ulcus ventriculi taxmin qilinadi va uni tez operatsiya qilish zarur.
Konsilium bemorni operatsiya qilishga professor Anatoliy Kuzmich Lozovskiyni tavsiya etadi. Prof. Pavel Ivanovich Kokosov operatsiyada yordamchi bo‘lishga rozilik bildirdi.
Yil, chislo, yetti professor imzosi.
Keyinchalik, operatsiya bo‘lib o‘tgandan so‘ng, shaxsiy muloqotlar paytida professorlardan birontasi ham operatsiya qilish zarur deb qat’iy fikr bildirmagani, aksincha, yara jarrohlik aralashuvisiz tuzalib ketadi degan to‘xtamda bo‘lgani aniqlandi — ammo bu haqda konsiliumda hech kim gapirmagan, faqat kamgap nemisgina operatsiyaga hojat yo‘qligini aytgan, hamkasblari indamagandan so‘ng u so‘zini o‘tkazishga urinmagan, ayni choqda, konsiliumdan keyin Olimlar uyiga ketishayotganda ko‘zlari soch chakalaklari ostida qolgan professor Kokosov avtomobilga o‘tirar ekan, professor Lozovskiyga: “— Xo‘sh, bilasizmi, sizga aytsam, agar shu kasallik ukamda bo‘lganda, operatsiya qilib o‘tirmasdim” degan, bunga professor Lozovskiy: “— Ha, albatta, ammo... ammo, bu xavfsiz operatsiya...” — deb javob bergan. Avtomobil tarillab yurib ketgan. Lozovskiy paltosining barini to‘g‘rilab yaxshilab joylashib olgandan keyin shofyor eshitmasin deb shivirlab gapirgan:
— Gavrilov deganlari qo‘rqinchli odam ekan, qilt etmasdan “echinishga buyruq berasizlarmi?” deydi-ya, men ham aslida operatsiyani ortiqcha deb bilaman, — ammo, o‘rtoqlar, sizlar uni zarur hisoblasanglar, menga vaqtini va joyini aytsanglar bas, operatsiya qilinadigan joyga darhol yetib boraman”. — Fikri aniq va qisqa.
— Ha-ha-ha, birodar, bilasizmi, — bolshevik, bilasizmi, nima ham qila olardik, — degan Kokosov.
Ayni shu kuni kechqurun, shu soatda, kinoda, teatrlarda, vareteda, qahvaxona va pivoxonalarda minglab odamlar g‘ujg‘on o‘ynagan, o‘yinqaroq avtomobillar ko‘chadagi ko‘lmaklarni chiroqlari bilan yoritib, yo‘l chekkalaridagi fonarlar shu’lasi g‘alati ko‘rinayotgan odamlar to‘dasini qorong‘ilikdan yulib olayotgan paytda, teatrlar zamon va makonni birlashtirib, greklar, ossuriyaliklar, rus va xitoy ishchilari, Amerika va SSSR respublikachilari haqida safsata sotayotgan, aktyorlar butun hunarini ishga solib tomoshabinlarni darg‘azab bo‘lishga yoki gulduros qarsak chalishga majbur qilayotgan ayni shu pallada shahar ustida, ko‘lmaklar, uylar tepasida mazkur shaharga keragi bo‘lmagan oy ko‘tarilib chiqdi: bulutlar ildam yugurib borishar, osmondagi ko‘k bulutlar va qora o‘pqonlar uzra oppoq oy qo‘rqib ketgandek shoshilar, qochar, qaergadir ulgurish, qaergadir kechikmaslik uchun oshiqar edi.
Ayni shu daqiqalarda birinchi raqamli uydagi egilmas odam hamon o‘z xonasida o‘tirardi. Derazalar qalin pardalar bilan to‘silgan, kamin yonib turar edi. Bino sukunat ichra o‘lgan, bu sukunat yuz yillardan beri davom etib kelayotgandek tuyulardi. Egilmas odam oldida nemis va ingliz tillarida yozilgan qalin kitoblar ochiq turardi, — u siyohli ruchkada rus tilida chiroyli dastxat bilan nemis lainen-Postiga yozib o‘tirardi. Oldidagi ochiq kitoblar davlat, huquq va hokimiyat haqida edi.
Xonaga shiftdan yorug‘ tushib turar va endi bu kishining basharasini ko‘rish mumkin edi: u hafaqon, hatto, aytish mumkinki, bag‘ritosh odamdek ko‘rinar, butun diqqati bir nuqtaga yig‘ilgan, toliqqanligi sezilmasdi, odam kitoblar va bloknotlarni titib uzoq o‘tirdi. So‘ng tugmachani bosgan edi,  oldiga stenografistka kirdi. U o‘qib turib, yozdira boshladi. Nutqidagi asosiy urg‘u SSSR, Amerika, Angliya, yer yuzi va SSSR, ingliz sterlinglari va rus bug‘doy pudlari, amerika og‘ir industriyasi va xitoy ishchi qo‘llariga qaratilgan edi. Odam baland ovozda, ishonch bilan gapirar, har bir jumlasi puxta, aniq bo‘lib quyulib kelardi.
Shahar uzra oy kezar edi.
Ayni shu daqiqalarda qo‘mondon katta mehmonxonada Popovning hujrasida o‘tirardi, bu yerga o‘rnashgan kommunistlar o‘n sakkizinchi yildagi qo‘zg‘olon paytida bir-biriga madad berishi uchun ko‘chib kelishgandi. Xona keng, yaxshi jihozlanganiga qaramay hamma mehmonxonalar kabi bu yer omonat manzil ekanligini, vaqti kelib uni tark etish lozimligini sezdirib turardi. Ular uch kishi edilar: Gavrilov, Popov va uning ikki yoshli qizchasi Natashka. Popov divanda cho‘zilib yotar, Gavrilov Natashkani tizzasiga o‘tqazib o‘ynatib o‘tirar edi. Gavrilov gugurt yoqdi; bolalar sirli narsalarga hayrat bilan boqishadi, ana shu holatning o‘zida ham odamni hayratga soladigan nimadir bor. Natashka lunjini shishirib, lablarini cho‘zar va olovni puflab o‘chirishga urinardi, ammo dami yetmas edi. Nihoyat, gugurt yonib bitgandan keyin Natashkaning moviy ko‘zlarida sirli bir hayajon, shodlik va qo‘rquv aks etar, buni ko‘rgach, yana bitta gugurt cho‘pini yondirib, Natashkani xursand qilmaslikning iloji yo‘q edi. Keyin Gavrilov Natashkani uxlatmoqchi bo‘ldi, to‘shagi yonida o‘tirib: “Sen ko‘zlaringni yum, men qo‘shiq aytib beraman”, — dedi va kuylashga tushdi, u durust kuylay olmas, qo‘shiqni ham shu zahoti o‘zi to‘qib chiqargandi:

Echki kelib kuyladi:
“Uxla qo‘zim uxla, uxla”, —


so‘ng jilmayib, Natashkaga va Popovga ayyorona qarab qo‘ydi, miyasiga to‘satdan kelib qolgan va “uxla, uxla, uxla, uxla” so‘zlariga ohangdosh misralar topib, kelishmagan ovozda yana kuyladi:

Echki kelib kuyladi:
“Uxla, qo‘zim, uxla,uxla, uxla...
Ammo siyib qo‘ymagin tag‘in...


Natashka ko‘zini ochib jilmaydi, Gavrilov esa so‘nggi ikki misrani kelishmagan (aslida nihoyatda yomon) ovozda Natashka uxlab qolguncha kuyladi.
Keyin Gavrilov bilan Popov ikkalasi choy ichishdi. Popov oq emal bilan “o‘rtoq Popovga Oktyabr Inqilobining 5 yilligi sharafiga Lisev zavodining ishchilaridan sovg‘a” deb yozilgan qizil choynakni ko‘tarib borib oshxonadagi kubdan qaynoq suv quyib keldi. Gazeta ustiga stakanlar, tarelkada yog‘ va pishloq qo‘ydi, bir xaltachada qant, boshqasida non bor edi. Popov: “Nikolka, yorma bo‘tqa pishirib beraymi?” — deb so‘radi.
Bir-biriga qarama-qarshi o‘tirishdi, past ovozda ohista gaplashishdi, shoshiladigan joyi yo‘q edi, choyni ko‘p ichishdi, Gavrilov gimnastyorkasining yoqasini yechib qo‘yib taxsimchada ichdi. Har xil mayda-chuydalar haqida gaplashib o‘tirishdi. Ikkinchi stakan ichilgandan keyin Popov yarimlab qolgan idishni surib qo‘ydi va ancha jim turgandan keyin dardini aytdi:
— Nikolka, meni Zoyam ketib qoldi, qizaloqni qo‘limga tutqazib, qandaydir bir injenernikiga ketdi, kim bilsin, ilgaridan don olishib yurganmi? Uni qoralab, yomon so‘zlar bilan haqorat qilib o‘tirmayman, ammo xayr-xo‘shlamay, uzr so‘ramay, qanjiq itdek qochib ketganini aytmasam bo‘lmaydi. Meni hech qachon sevmagan edi deyishgayam tilim bormaydi, imtiyozlardan rosa foydalanib, baribir shoyi paypoqlar,  atr-upalar, pudralarga uchib qochib ketdi. Alam qilar ekan, uni frontda sassiq o‘radan chiqarib olib, avaylab asradim, parvarishladim, sevdim, tentak bo‘lib, bag‘rimda ushlab yurgan ekanman, u esa oqsuyak ekan, begonaga ilakishib, besh yil mehribonlik ko‘rsatgan odamga tupurib ketdi...
Popov bu mojaroga doir mayda-chuydalarni, aynan mayda-chuyda bo‘lganligi uchun dilni g‘ash qiladigan tafsilotlarni batafsil so‘zlab berdi. Gap bolalarga borib taqalganda Gavrilov qarib qolgan va o‘zi uchun dunyoda yagona bo‘lgan xotinini tilga oldi. Natasha haqida ko‘p gaplashishdi, ayniqsa hozir, Popov uni tuvakka o‘tkazishni ham, alla aytib uxlatishni ham bilmaydigan paytda nima qilish lozimligi haqida maslahatlashishdi. Popov unga Vodovozov, Montessori, Pinkevichlarning kitoblarini ko‘rsatdi va qo‘llarini keng yozdi. Butun suhbat davomida sovib qolgan choyni ichishdi.
Oy shahar ustidan shoshilib borardi. Shahar ko‘chalari bo‘shab, tungi hordiq olayotgan, qishloqlarda xo‘rozlar chaqirayotgan, odamlar kechki taomni hazm qilib, kunduzi bajarilgan ishlarning hisob-kitobini tamomlab, erlar, xotinlar, oshiqlar, ma’shuqalar to‘shakda orom og‘ushiga cho‘mgan pallada Gavrilov Popovnikidan chiqdi.
— Menga o‘qish uchun biron narsa berib tur, faqat bilasanmi, sodda bo‘lsin, yaxshi kishilar, ishqiy sarguzashtlar, oddiy munosabatlar, oddiy hayot, quyosh haqida, odamlar va oddiy insoniy sevinchlar haqida bo‘lsin.
Bunday kitoblar Popovda topilmadi.
— Mana senga inqilobiy kitoblar, — dedi hazillashib Gavrilov. — Xo‘p, mayli, men yana bir marta Tolstoyni o‘qiyman. Bal paytidagi eski qo‘lqop haqida juda qotirib yozgan. — Gavrilovning yuzi qoraydi, jim qoldi, so‘ng ohista davom etdi: — Men senga, Alyosha, vaqtni behuda sarflamaylik deb aytishni xohlamagan edim. Bugun men boshliqlar va kasalxonadagi professorlar oldida bo‘ldim. Professorlarning aqliga tasanno. Ammo tilib tashlashlarini xohlamayman, butun vujudim bunga qarshi. Ertaga pichoq ostida yotishim kerak. Sen kasalxonaga kel, eski davrlarimizni unutma. Bolalarim va xotinimga xabar berma. Alvido! — Gavrilov Popovga qo‘l uzatmay, xonadan chiqdi.
Mehmonxona oldida usti yopiq mashina turar edi. Gavrilov o‘tirib, buyurdi: — “Uyga, vagonga!” — va mashina tor ko‘chalar bo‘ylab g‘izillab ketdi. Oy kichkina so‘qmoqlardan o‘tib, katta yo‘lga tushdi; yo‘lni kesib o‘tgan it akillab, qora sukunat bag‘rida g‘oyib bo‘ldi. Vagon zinasidagi soqchi qo‘mondon o‘tayotganda tik qotdi. Yo‘lakda yordamchi paydo bo‘ldi, vagon xizmatchisi boshini chiqarib qaradi, — vagonda elektr chirog‘i yondi, — va vagon chekka o‘lkalarda bo‘ladigan teran sukunat qa’riga cho‘mdi. Qo‘mondon yotoq kupega o‘tdi, etigini yechib, tungi shippak kiydi, gimnastyorkasi yoqasini yechdi, — “choy” deb buyurdi. Salonga o‘tib, stol chirog‘i qarshisiga o‘tirdi, xizmatchi choy keltirdi, ammo qo‘mondon unga qo‘l tekkizmadi; qo‘mondon “Bolalik va o‘smirlik”ni uzoq o‘qib o‘tirdi, xayol surdi. O‘rnidan turib yotoqqa kirdi va katta yon daftar ko‘tarib chiqdi, soqchiga: “siyoh keltiring”, deb buyurdi, keyin shoshilmasdan, har bir jumlani puxta o‘ylab, yozishga kirishdi. Birinchi xatni yozib tugatdi, o‘qib ko‘rdi, o‘ylab qoldi, konvertni yelimladi. Ikkinchi xatni yozdi, o‘ylab turdi, yelimladi. Uchinchi xatni ham yozdi, negadir shoshilib, juda qisqa yozdi, o‘qimasdan yelimladi. Vagonda tilsiz sukunat. Zinada soqchi qotib qolgan. Yo‘lakda yordamchi va xizmatchi tik turadi. Hatto vaqt ham qotib qolgandek. Oq jildlarga solinib, manzillari yozilgan maktublar qo‘mondon oldida uzoq yotdi. Nihoyat u har uchala xatni katta paketga solib yelimladi va paket ustiga “O‘limimdan so‘ng ochilsin” deb yozib qo‘ydi. Shaxt bilan o‘rnidan turib, yotoqqa o‘tdi, gimnastyorkasini yechib, uyqudan oldingi yuvinishga kirishdi, yechindi, yotib, chiroqni o‘chirdi. Vagon uch-to‘rt soatgacha zulmat va sukunat qo‘ynida qoldi. Sahar yaqinlashib kelardi. Agar shu paytlarda xizmatchi yotoqqa mo‘ralab qaraganda, xayratdan lol qolgan bo‘lardi, bunga sabab: qo‘mondon bosh qo‘yib yotadigan joyda papiros lahcha cho‘g‘ bo‘lib, qizarib turardi, bu o‘rinda xayratlanadigan narsa shuki, odatda, qo‘mondon mutlaqo chekmas edi.
Qo‘ng‘iroq qattiq jiringladi, xizmatchi yugurib kirdi. Qo‘mondon sarkardalarga xos amr qildi:
— Kiyinamiz. Issiq shinel. Garajga qo‘ng‘iroq qiling, — poyga mashinasi, usti ochiq, ikki kishilik, — o‘zim haydayman. Sovetlar uyiga bog‘laning, Popovning xonasiga.
Telefonga kelgan Popovga qo‘mondon shunday dedi:
— Aleksey. Hozir oldingga boraman. Eshik oldiga chiqib tur. Gavrilov gapirayapti. Kechikma.
Yuz ot kuchiga ega ikki kishilik poygachi mashina yelpig‘ichday yozilib, shiddat bilan ikkinchi tezlikda joyidan qo‘zg‘aldi, keskin burilib, oq nur dastasini bosib o‘tdi, — shofyor chekkaga qochib qoldi, — qo‘mondonning o‘zi rulda edi, — signal berdi va mashina ko‘lmaklarni sachratib, tor ko‘chalardan, do‘konlar va tashkilotlarning lavhalari yonida shamoldek uchib, kengliklar sari intildi. Popov karaxt ahvolda mudrab turardi. G‘ildirak rezinasi yaxshigina yirtilgan mashina tezlikni pasaytirib, Sovetlar Uyi oldida to‘xtadi. Popov indamasdan o‘tirdi. Mashina ko‘chalarni, sersuv ko‘lmaklarni, fonar chiroqlarini ortda qoldirib yela boshladi. Havo og‘irlashib bordi, u shamolga aylanib mashinaga urilar, hushtak chalar, muzdek sovib, tikandek sanchilar, — chorrahalardagi fonarlar chiroqlarini silkitib qolar, qarshidan birin-ketin militsionerlar yugurib chiqar va hushtagini chalgancha orqada qolib ketishardi. Mashina uylar va ko‘chalar girdobidan chiqib, bor kuchi bilan olg‘a intilardi, dastlab tashlandiq bo‘lib yotgan kengliklar, tramvay yo‘llarida uchraydigan siyrak do‘konlar, so‘ng zulmat bosgan qora dalalar ortda qola boshladi. Mashina eng katta tezlikda uchib borardi. Shamol va havo aqldan ozgandek tashlanib, badanni kesar, nafasni bo‘g‘ar edi. Mashina ostidagi yo‘l silliq oq ro‘molga o‘xshab qoldi, o‘ydim-cho‘nqirlar, unda-bunda duch keladigan tosh uyumlari mutlaqo sezilmas, faqat yo‘lda katta chuqurchalar chiqib qolganda mashina bir necha sajen yerga ko‘tarilib borar, shunda g‘ildiraklar ostidan uchib chiqayotgan qum-shag‘al shovqini bosilgandek bo‘lardi. Bir, ikki, uch marta mashina chiroqlari qishloq uylaridagi devorlarga tiralib o‘tdi, qo‘y qamalgan qo‘tonlar va itlar hurib chopgan qishloqlar bir chekkada qolib ketdi. Ikki tepalik orasidagi jarlikda mashina chiroqlari kulrang pahmoq kuz tumaniga o‘ralib qoldi, shunda tumanning uchishi, shiddat bilan harakatlanib chiyillashi, izg‘irin bo‘lib uvillashi, qor bo‘roni singari yuzga sanchilishi mumkinligini payqashdi. Gavrilov rulga egilib o‘tirganicha butun diqqat-e’tiborini faqat olg‘a, oldinga qaratgan, har  bir xatti-harakatini aniq hisobga olgan holda mashinani tez, chaqqon boshqarib borardi. Popov allaqachon mashina tubida tutqichni changallab, bukilib, hech qayoqqa qaramay qaltirab o‘tirar edi. Mashina shu alfozda bir soatga yaqin vaqt ichida yuz chaqirim yo‘l bosdi. Qandaydir ko‘hna o‘rmonzor oldiga yetganda mashina tezligini kamaytirib borib, madorsizlanib, tinchib qoldi va shamollar, sovuq qiyalab yog‘ayotgan kuz yomg‘irini o‘z holiga  qoldirib birdan to‘xtadi. Popov o‘rindiqqa qayta joylashdi.
— Papirosingdan ber, Alyoshka, — dedi Gavrilov.
Popov zo‘rg‘a gapirdi:
— Bunday hunarlarni nima keragi bor, butun ichak-chavog‘im uzilib tushgandek bo‘ldi. — Ma, chekib ol, shayton yo‘ldan urdimi?
Gavrilov chekdi, o‘zini suyanchiqqa tashlab tin olar ekan, xayolchanlik bilan dedi:
— Juda toliqqan paytimda, aqlim va xayollarim o‘zimga bo‘ysunmay qolganda mashinani olaman-da, mana shunday uchaman. Bunday uchish meni va xayollarimni tartibga soladi. Mana shu uchish paytida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni, iboralarni, hatto tovush  ohangini, chekib tashlangan papiros rangini ham ikir-chikirlarigacha eslay olaman. Xotiram yaxshi emas, jang-jadal paytidagi eng mas’uliyatli voqealar ham yodimda qolmaydi, buni keyinchalik menga gapirib berishadi. Ammo mana bunday uchish daqiqalarini yaxshi eslab yuraman. Hozir mashinani telbalarcha haydadim, to‘qson to‘qqiz foiz majaqlanib ketishimiz mumkin edi, ammo mening har bir harakatim aniq hisob-kitobli, shuning uchun bu sodir bo‘lmadi. Men tushunib bo‘lmaydigan aniqlik kayfiyati bilan mastman. Rostini aytsam, majaqlanib ketganimizda, menga yaxshi bo‘lardi. Qani, gaplashaylik endi.
Gavrilov qoldiqni chaqqonlik bilan uloqtirib yubordi, o‘rindiqqa suyanib o‘rnashdi, xayolga toldi, chamasi — o‘z-o‘zini tinglab, mag‘rurligi bilan faxrlanib o‘tirar edi.
— Sirasini aytganda, indamay qo‘yaqol, hali biz ko‘p gaplashamiz. O‘tir! Endi qaytamiz. Bunday uchish, bunday shiddat menga yoqadi. Mana shunday yuksak kayfiyat uchun yashasang, shunga intilib umr o‘tkazsang arziydi. Umr yo‘limizning o‘zi bir-birimizga hayotimiz haqida gapirib beradi. O‘tir! Ba’zan jim o‘tirishga to‘g‘ri keladi! — dedi Gavrilov g‘urur bilan.
Mashina shovqini yana olamni tutdi — u qaytishda ham shamolni, vaqtni, tumanlarni, qishloqlarni orqada qoldirib, tumanlarni va vaqtni raqsga tushishga, qichqirishga, qochishga, Popovni yana tiz cho‘kib, egilib, duch kelgan joyni changallab ushlagancha ichak-chavog‘ini avaylashga majbur qilib uchib keta boshladi.
Shahar chekkasidagi tepalikdan o‘tayotganda — pastlikda tuman bosgan, loyqa chiroqlari xira shu’la sochib turgan, shovqin-suron ichida tinimsiz guvillayotgan — nihoyatda baxtsiz qiyofadagi shaharni bir necha daqiqa ko‘rish mumkin edi.
Bo‘zargan tong otib, zavod gudoklari shahar bo‘ylab tarala boshlagan paytda mashina harbiy qismga yetib keldi.


Uchinchi bob

GAVRILOVNING O‘LIMI


Birinchi qor, yerni kuzdan chiqarib, qishga uzatadigan, kuzgi pilchillagan loygarchilik, tuman, izg‘irin, to‘kilgan xazonlar va ko‘chalardagi axlatlar orasiga chegara tortadigan, har doim tunda yog‘adigan birinchi qor kecha yog‘ib o‘tdi — va qishning birinchi shaxdam qadamli oppoq kunida shovqin-suronlar gum bo‘lib, sokinlik damlari — odamlar qayishni mahkam bog‘lab, keyingi ishlar haqida shoshilmay o‘y suradigan vaqtlar boshlandi.
Birinchi qor Gavrilov o‘lgan kunga to‘g‘ri keldi. Oq sukunat qo‘yniga cho‘mgan shahar oq rangga belanib, tinchib qoldi, shaharga qor bilan kirib kelgan chittaklar daraxt shoxlari va derazalar oldidagi qorlarni to‘zg‘itib chirqillashadi.
Professor Pavel Ivanovich Kokosov har doim soat yettida o‘rnidan turardi, operatsiya bo‘ladigan kuni ham shu  vaqtda uyg‘ondi. Professor adyoldan boshini chiqarib yo‘taldi va jun bosgan qo‘lini stolga uzatib, odatdagidek paypaslab ko‘zoynagini topdi, uni burni ustiga qo‘ndirib, sochlarini to‘g‘riladi. Deraza orqasidagi qayin ustida qor titkilayotgan chittak ko‘rindi. Professor xalat kiydi, oyog‘iga xonaki tuflisini ilib, vannaga yo‘l oldi. Professor Kokosovning xonadonidagi pastak shift hozir urf bo‘lmay qolgan edi, bu uyida professor kam deganda yigirma yildan beri yashab kelardi, har holda yigirma yillik to‘y oldidan bo‘sh vaqtlarni ana shu shiftdagi hamma sarg‘aygan pardalar, ilig‘lik suratlar, charm muqovali kitoblardagi changni hafsala bilan artib, tozalab chiqishga sarflash lozim... Professor uyg‘onganda xona jimjit edi, u pishqirib vannadan chiqqan paytda xotini Yekaterina Pavlovna choy qoshiqni sharaqlatib, professor uchun choyga qant aralashtirmoqda edi, oshxonada samovar pishillab qaynab turardi. Professor xalat va tuflida choyga o‘tirdi.
— Xayrli tong, Pavel Ivanovich, — dedi xotini.
— Xayrli tong, Yekaterina Pavlovna, — dedi eri.
Professor xotinining qo‘lini o‘pib, qarshisiga o‘tirdi, ko‘zoynagini sochi ustidan yaxshilab joylashtirdi, shunda ko‘zoynak orqasidan poplarnikiga o‘xshab ketadigan, ham samimiy, ham mug‘ambir, ham sodda, ham aqlli kichkina ko‘zlari ko‘rindi. Professor choyni shoshilmasdan ichib, nimanidir aytishga chog‘landi. Ammo odatdagi ertalabki choy ichish jarayoniga telefon xalaqit berdi. Telefon bemavrid jiringlagan edi. Professor telefon jiringlayotgan xona eshigiga keskin nazar soldi, taajjub bilan yoshi o‘tinqirab, to‘lishib qolgan, yapon kimonosi kiygan xotiniga qaradi, — o‘rnidan turib, yanada taajjublangan holda telefonga qarab yo‘naldi. Professor qartaygan do‘rilloq ovozda telefonga gapirdi:
— Xo‘sh, xo‘sh, men sizni eshitaman. Kim qo‘ng‘iroq qilayapti va nima ishingiz bor?
Telefondagilar shtabdan gapiryapmiz deb aytishdi, shtabdagilarga operatsiya to‘qqiz yarimda boshlanishi ma’lum, shtabdagilar so‘rashyaptiki, biron yordam kerak emasmi, professor uchun avtomobil jo‘natsakmikin deyishyapti. — Shunda professorning birdan jahli chiqdi, pishillab, trubkaga to‘ng‘illadi:
— ... Men, bilasizmi, ayrim odamlarga emas, jamiyatga xizmat qilaman,  ha, ha, ha, bilasizmi, birodar, — klinikaga ham tramvayda boraman, bi-birodar. Men o‘z burchimni,  kechirasiz, vijdonan bajaraman. Bugun ham tramvayda bormasligim uchun sabab yo‘q deb hisoblayman.
Professor gapni bo‘lib, trubkani taraqlatib joyiga qo‘ydi. To‘rsayib, pixillab stolga, xotini yoniga, qaytib keldi. To‘ng‘illab, mo‘ylovini siladi va tezda tinchlandi. Yana ko‘zoynak orqasidan muloyim, aqlli ko‘zlari ko‘rindi. Professor sekin gapirardi:
— Drakini Luji qishlog‘idagi mujik Ivan kasal bo‘lib qolgan, uch hafta pech ustida inqillab yotadi, qarindosh-urug‘i bilan maslahatlashib, zemstvo kasalxonasidagi doktor Petr Ivanovichga boradi. Petr Ivanovich Ivanni o‘n besh yildan beri biladi, Ivan ham Petr Ivanovichga ana shu o‘n besh yil ichida o‘n beshtacha tovuq olib borgan, Petr Ivanovichning hamma bolasini taniydi, hatto jahli chiqib bir o‘g‘lining qulog‘ini cho‘zib ham qo‘ygan. Ivan Petr Ivanovichga tovuq bilan ta’zim qiladi. Petr Ivanovich uni ko‘radi, eshitadi va zarur bo‘lsa, shoshilmasdan, xotirjam, ishni ko‘zini bilib, operatsiya qiladi, sirasini aytganda, mendan yomon qilmaydi. Operatsiya yaxshi chiqmasa, Ivan o‘lib ketadi, xoch tiklab qo‘yishadi, vassalom... Yoki mening oldimga anovi Anatoliy Yurevich Svinitskiy keladi. Boshidan nima o‘tgan bo‘lsa hammasini aytadi. Men uni ko‘raman, yetti martalab qayta ko‘raman, uni tekshiraman va xulosamni aytaman: — Boravering, birodar... Agar menga “operatsiya qiling” desa — qilaman, o‘zi xohlamasa, hech qachon zo‘rlamayman.
Professor jim qoldi.
— Konsiliumlardan yomon narsa yo‘q, Yekaterina Pavlovna. Men Anatoliy Kuzmichni xafa qilgim kelmaydi. Anatoliy Kuzmich meni xafa qilishni xohlamaydi. Bir-birimizga xushomad qilamiz, bir-birimizga ilmimizni ko‘rsatmoqchi bo‘lamiz, bemor bo‘lsa, karaxt, xuddi bolsheviklarning namunali ko‘rgazmasidek, muzikali tomosha, hech kim kasalni durustroq bilmaydi, — “ko‘ryapsizmi, Anatoliy Kuzmich, ko‘ryapsizmi, gerr Shiman...”
Professor jim qoldi.
— Bugun men o‘z kasalxonamda bolshevik, qo‘mondon Gavrilovning operatsiyasida yordamchi bo‘laman.
— U, anovimi, — dedi Yekaterina Pavlovna, — haligi... bolsheviklarning gazetasida... dahshatli ism! — Nega siz operatsiya qilmaysiz, Pavel Ivanovich?
— Ha, hech qanday vahimali joyi yo‘q, albatta, — javob berdi professor. — Lozovskiy qilsa nima bo‘pti, hozir yoshlarning davri kelgan, ular o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak. Umuman olganda, oxir-oqibatda, ana shu konsiliumlardan keyin ham bemorni hech kim yaxshi bilmaydi, garchi barcha ulug‘larimiz uni paypaslab, nurga solib, eshitib ko‘rishganiga qaramay. Eng muhimi, odamni bilishmaydi, odam emas, formula bilan qiziqishadi, — birinchi sonli falonchi general deb har kuni gazetaga yozishib, odamlarda qo‘rquv uyg‘otishadi. Operatsiyani qandaydir boshqacha o‘tkazishga urinib ko‘r-chi, butun Yevropaga jar solib, onangni ko‘rsatishadi.
Professorni yana jahli qo‘zidi, pishilladi, pishqirdi, stoldan turib oshxona eshigiga qarab qichqirdi: “Masha, etik!” va kiyinish uchun xonasiga ketdi. Qoshlarini, soqolini, mo‘ylovini, sochini taradi, burma kamzul, samovardek yaltillatib  tozalangan etik kiydi, cho‘ntagiga toza dastro‘mol soldi va izvosh keldimi deb derazadan qaradi, izvosh eshik oldida turar, yigirma yildan beri professor Kokosov oshxonasida yashayotgan kucher Ivan o‘rindiqdagi qorni tozalamoqda edi.
Professor Anatoliy Kuzmich Lozovskiy yashaydigan uy Kokosovning xonadoniga o‘xshamas edi. Agar Kokosovning xonadoni o‘tgan asrning oxiri va boshlaridagi rus shaharlariga xos bo‘lsa, Lozovskiyning uyi ming to‘qqiz yuz yettinchi yildan to‘qqiz yuz o‘n oltinchi yilgacha urf bo‘lgan an’analarni o‘zida mujassamlantirgandi. Bu yerda og‘ir pardalar, katta divan, dubdan yasalgan stolga shamdon o‘rniga qo‘yilgan yalang‘och bronza ayol haykalchalari, devorlarga asl gilamlar, ular ustiga ilingan “San’at olami” ko‘rgazmasidan olingan ikkinchi navli suratlar bor edi. Lozovskiy divanda yolg‘iz o‘zi emas, yosh, chiroyli xotini bilan uxlardi; oxorlangan bezakli ko‘ylagi polga tushalgan gilam ustida yotardi. Lozovskiy uyg‘onib, xotinining yelkasidan sekin o‘pdi va bardam turib, parda bog‘ichini tortdi. Og‘ir surp parda burchakka surilib, xonaga kunduzgi yorug‘lik kirdi. Hayotdan o‘zicha lazzat olishga o‘rgangan Lozovskiy ko‘chaga, qorga, osmonga shodon boqdi, bo‘ydoq kishilar singari xonaga qaradi va pijama kiydi, oyog‘iga laklangan xonaki tufli ilib, yuvinishga borishdan oldin xonani yig‘ishtirishga kirishdi — stolni tozaladi, yarim ichilgan qizil sharobni kitob javonining pastki tokchasiga qo‘ydi, kuldon, siyohni, yon daftarcha, kitoblarni oldi. Elektr choynak simini tokka uladi, choynakka kofe soldi, xotini bemalol uxlardi, bu ayol sevish, sadoqatli yoriga o‘zini baxshida etishni baxt deb biladigan xotinlar toifasidan ekanligi ko‘rinib turardi. U uyg‘ondi, ko‘zlarini ishqalab: 
— Azizim, — deya xushnudlik bilan ko‘zini ochdi, charog‘on qish kunini, daraxtlarga ingan qorni ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, qo‘llarini ibodat qilayotgandek qovushtirib shodon qichqirdi: — Azizim, birinchi qor, qish, azizim...
Professor uzun, oppoq qo‘lini xotinining yelkasiga qo‘ydi, boshini o‘ziga tortib:
— Ha, ha, qish, bahorim, marvaridgulim, — dedi.
Shu payt telefon jiringladi. Professorning telefoni divan tepasiga — gilam ustiga osilgan edi. Professor dastakni olib, “ha, ha, sizni eshityapmiz” dedi. Shtabdan qo‘ng‘iroq qilishgan ekan, professorga avtomobil yuboraylikmi deb so‘rashdi.
Professor javob berdi:
— Ha, ha, marhamat! Operatsiyadan aslo tashvishlanmanglar. U a’lo darajada o‘tadi, bunga ishonchim komil. Mashina masalasida, operatsiyadan oldin ba’zi ishlarim bor edi. Ha, ha, marhamat, soat sakkizga.
Professor xursand bo‘lib trubkani ilib qo‘ydi va xotiniga g‘urur bilan:
— Marvaridgulim, kiyin, menga mashina yuborishadi, seni sayr qildirib, uyga keltirib qo‘yaman. Tez bo‘l! — U xotinini quchoqlab, yelkasiga boshini qo‘ydi. O‘ta baxtiyor odamlargina odatda o‘zlarini shunday tutadilar. 
Vaqt chorak kam sakkiz edi. Baxtiyor er-xotin shosha-pisha kiyinishdi. Professor kiyinar ekan, xitoy piyolasiga qahva quydi. Xotini tabassum qilib, oxorlangan ko‘ylagiga ilma tugma qadab qo‘ydi. Uydan chiqish oldidan professor tantanavor qiyofada, ammo biroz salobat bosgan holda, yuqorida aytilgan o‘ttiz-qirqta telefon tarmog‘iga ega bo‘lgan telefon tizimiga ulanib, surishtira-surishtira birinchi sonli uydagi xonaga bog‘landi, u izzat-hurmatini joyiga qo‘yib, boshqa yangi topshiriqlar bormi, deb so‘radi, telefon trubkasidagi shiddatli ovoz operatsiya tamom bo‘lishi bilanoq ma’lumotnoma yozib kelishni buyurdi. Professor: “Juda yaxshi, bajaramiz”, — dedi va trubkaga ta’zim qilib, bir muddat egilib turdi. Darvoza oldida mashina dudutladi.
Operatsiya kuni, ertalab, operatsiyaga qadar Gavrilovning oldiga Popov keldi. Hali tong otmagan, chiroqlar o‘chirilmagan edi, ammo gaplashishga ulgurishmadi, hamshira oxirgi marta huqna qilish uchun Gavrilovni vannaga yetaklab ketdi. Gavrilov vannaga borayotib shunday dedi:
— O‘qib qo‘y, Alyosha, Tolstoy “O‘smirlik”da kom-il-fo va kom-il-fo emas deb yozgan. Qariya qonni yaxshi his qilgan! — Bu Gavrilovning o‘lim oldidan Popovga aytdi so‘nggi so‘zi edi. 
Popov ayoz shitirlab turgan tonggi sukunat ichida uyiga qaytar ekan, katta ko‘chani qo‘yib, kichik tor ko‘cha orqali jar yoqasiga chiqdi — narida, daryo orqasidagi qor bosgan kenglikda — ufq ortida, ko‘kish tuman  qa’rida oy o‘lib bormoqda, sharq esa qizargan, qon qusgan, sovuq edi. Popov shaharga dala orqali o‘tib borish uchun daryo yoqasiga tushdi — sharq shafaq ichida yonar edi. Gavrilov shu choqda oyna orqasidan daryo qirg‘og‘iga  qarab turardi — u Popovni ko‘rdimikin? Kasalxona xalatida, vannadagi oyna oldida orexovo-zuevolik to‘quvchi, nomi urushda afsonaga aylanib ketgan, minglab, o‘n minglab, yuz minglab kishilarga rahnamolik qilgan, minglab, o‘n minglab, yuz minglab kishilarning o‘limiga, mayib-majruhligiga, azob-uqubatlariga, sovuq, ocharchilik, safar izg‘irinlari, jaziramalariga, to‘plar gumburlashiga, o‘qlar hushtagiga va tungi shamollarga, gulxanlarga, hujumlarga, g‘alabalarga, mag‘lubiyat, qochish va yana minglab o‘limlarga ko‘nikib ketgan odam turardi. Vanna derazasi oldida qo‘lini orqasiga qilib osmonga tikilib, harakatsiz turgan bu odam qo‘lini oldinga cho‘zib terlagan deraza oynasiga “o‘lim, huqna, kom-il-fo emas” deb yozdi va yechina boshladi.
Operatsiya oldidan jarrohlik xonasi va Gavrilovning bo‘lmasi orasidagi yo‘lak shivirlashib gaplashayotgan, shovqin chiqarmay u yoqdan-bu yoqqa pitir-pitir yurayotgan odamlar bilan to‘ldi. Kechqurun Gavrilovning qorniga shirani so‘rib oladigan va oshqozonni yuvadigan uchi egik kulrang kauchuk naycha tushirishdi, ko‘ngil aynitishi va ruhiyatga ta’sir etishidan tashqari, bu g‘alati asbob unga odamning izzat-nafsini tahqirlovchi narsa bo‘lib tuyuldi. Ertalab operatsiyadan oldin so‘nggi huqna qilishdi. Gavrilov jarrohlik xonasiga kasalxona xalati, dag‘al matoli ishton va ko‘ylakda (tugma o‘rniga bog‘ich tikilgan), yalang oyog‘iga kasalxona raqami yozilgan tufli kiygan holda kirdi (ohorlangan ich kiyimlari ertalab oxirgi marta almashtirilgandi), rangi o‘chgan, ozib qolgan, toliqqan edi. Xona dahlizida spirt solingan ruhli uzun qutichalar shaqillab qaynar, oq xalatli kishilar jim turishardi. Jarrohlik xonasi juda keng  bo‘lib, poli, devorlari, shifti boshdan-oyoq oq moy bo‘yoq bilan bo‘yalgan edi. Xona nihoyatda yorug‘, bir tomoni yaxlit oynadan iborat bo‘lib  — u daryo tomonga qaragan. Xona o‘rtasida cho‘zinchoq oppoq jarrohlik stoli. Bu yerda Gavrilovni Kokosov bilan Lozovskiy kutib olishdi. Kokosov ham, Lozovskiy ham oq xalatda, boshlarida oshpazlarnikiga o‘xshagan oppoq qalpoq, Kokosov hatto soqolini ham oq mato bilan o‘rab olgan, faqat  kiprigi qalin ko‘zlarigina ochiq edi. Devor bo‘ylab oq xalat kiygan kishilar turishardi. Gavrilov hamshira hamrohligida xonaga kirdi. Professorlarga indamasdan itoatkorona ta’zim qilib, stol oldiga keldi, qo‘llarini orqaga qo‘yib oynadan daryo tomonga tikildi. Ikkinchi hamshira ruhlangan uzun qutichada sterilizatsiya qilingan jarrohlik asboblarini olib keldi. 
Lozovskiy Kokosovdan shivirlab so‘radi:
— Boshlayveramizmi, Pavel Ivanovich?
— Ha, ha, bilasizmi, — javob berdi Kokosov.
Professorlar qo‘llarini qayta-qayta yuvib, oq simob kukuniga ishqalab, yod surkadilar. Xloroformator niqobini ko‘zdan kechirib, pufagini ushlab ko‘rdi.
— O‘rtoq Gavrilov, boshlaymiz, — dedi Lozovskiy. — Qani, marhamat qilib stolga yoting. Tuflini yeching.
Gavrilov xijolat bo‘lgandek, hamshiraga qarab, ko‘ylagini yechdi, u esa Gavrilovga oddiy buyumga qaragandek boqib, yosh bolaga jilmaygandek kulimsiradi. Gavrilov stolga o‘tirib, oldin bir, keyin ikkinchi tuflisini yechdi va chaqqonlik bilan yotdi, boshidagi yostiqni to‘g‘rilab, ko‘zini yumdi. Shunda hamshira odatiy chaqqonligi bilan oyoqlarini qayishga bog‘lab, uni stolga mahkamlab qo‘ydi. Xloroformator ko‘zini sochiq bilan bekitdi, og‘iz va burniga vazelin surkadi, yuziga niqob kiygizib, qo‘lidan tutib ko‘tardi, tomirini ushladi va niqobga xloroform sepdi, xonani xloroformning tishni qamashtiradigan shirin hidi tutdi. Xloroformator operatsiyani boshlash muddatini aniqladi. Professorlar indamay oyna oldiga borib turishdi. Hamshira sterilizatsiya qilingan skalpel, salfetkalar, har xil qisqichlar, pintsetlar, ninalar, shoyi parchalari singari narsalarni chiqarib, sterilizatsiyalangan doka ustiga terib qo‘ya boshladi. Xloroformator yana xloroform quydi. Xonani sukunat bosdi. Shunda bemor boshini qimirlatib ingradi.
— Nafas ololmayapman, bog‘ichni yeching, — dedi Gavrilov tishlarini taqillatib.
— Marhamat, bir oz sabr qiling, — javob berdi xloroformator.
Bir necha minutdan keyin bemor ham gapirib, ham kuylay boshladi:
— Muz eridi, Volga ochildi, oltinim mening, oltinim, men, qizaloq, seni sevib qoldim, — kuylar edi qo‘mondon, so‘ng shivirladi: — sen uxla, uxla, uxla. — Jim turgach, keskin: — Klyukva kiselini boshqa bermang, hech qachon, jonimga tegdi, bu kom-il-fo emas. — Jim qoldi, so‘ng jang paytidagidek qat’iyat bilan baqirdi: — Chekinishga yo‘l yo‘q! Bir qadam ham! Otib tashlayman... Alyosha, og‘aynim, barcha tezliklar ochiq, hatto yer ko‘rinmaydi. Men hammasini eslayman. Ana shunda inqilob nima, u qanday kuch ekanini anglayman. Menga o‘lim qo‘rqinchli emas. — So‘ng yana kuylashga o‘tdi. — Ural orqasida yashar duradgor, oltinim mening, oltinim...
— O‘zingizni qanday his qilyapsiz? Uxlay olmayapsizmi? — Gavrilovdan sekin so‘radi xloroformator.
Gavrilov ham odatdagi tovushda, ammo sekin, mug‘ombirona javob berdi:
— Yomon emas, nafas ololmayapman.
— Yana bir oz sabr qiling, — dedi xloroformator va xloroform quydi.
Kokosov tashvishlanib soatiga qaradi, kasallik tarixi ustiga egilib, qayta o‘qidi. Har xil narkotiklarni qabul qila olmaydigan organizmlar ko‘p bo‘ladi, — Gavrilovni yigirma yetti minutdan beri uxlatisholmayapti. Kokosov kichik assistentini chaqirib, ko‘zoynagimni to‘g‘rilab qo‘y degandek yuzini tutdi. Xloroformator  xavotir ichida Lozovskiyga pichirladi:
— Balki xloroformni qo‘yib, efirga o‘tsakmikin?
Lozovskiy javob berdi:
— Xloroform bilan yana bir marta urinib ko‘raylik. Aks holda operatsiyani qoldirishga to‘g‘ri keladi. Noqulay.
Kokosov atrofiga jiddiy qarab, tashvishli ko‘zlarini yerga qadadi. Xloroformator xloroform quydi. Professorlar jim turishardi. — Qirq sakkizinchi daqiqaga borganda Gavrilov batamom uyquga ketdi. Shunda professorlar oxirgi marta qo‘llariga spirt surdilar. Hamshira Gavrilovning qornini yalang‘ochladi, oriq qobirg‘alar va ozoda qorin ko‘zga tashlandi. Professor Kokosov operatsiya qilinadigan maydon — oshqozon osti o‘rnini keng-mo‘l qilib moylab, spirt, benzin va yod surtib chiqdi. Hamshira Gavrilovning oyog‘i va boshini o‘rab qo‘yish uchun choyshab uzatdi. Hamshira professor Lozovskiyning qo‘liga yarim banka yod quydi. Lozovskiy skalpelni olib, teri ustida yurgizdi. Qon sachradi, kesilgan teri bir tomonga surildi; teri ostidan sarg‘aygan, qavat-qavat bo‘lib ketgan et, qon tomirlari va yog‘ pardasi ko‘rindi. Lozovskiy odam etini yana chuqurroq  kesib, yaltillab, oqarib turgan binafsharang qatlam — muskul pardasini ajratdi. Kokosov ayiqdek gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan har xil qisqichlarni ishlatib, qon tomirlarini qisib qo‘ydi. Lozovskiy boshqa pichoqda qursoq pufagini qirqdi. Lozovskiy pichoqni qo‘ydi, — sterilizatsiyalangan salfetka bilan qonni artdi. Kesilgan joydan ichaklar va oqish-ko‘kimtir oshqozon qopchasi ko‘rindi. Lozovskiy qo‘lini ichak ustiga qo‘yib, oshqozonni ag‘darib ushladi — ana shunda oshqozonning yaltirab turgan eti orasida, yara bo‘lishi kutilgan joyda, — xuddi mumdan yasab qo‘yilgandek oppoq, buzoqboshi tuxumini eslatadigan chandiq ko‘rindi, — u yara bitib ketganini, operatsiya behuda o‘tkazilayotganini ochiq-oydin ko‘rsatib turardi.
Ammo ayni shu paytda, ayni shu paytda, ayni shu pallada, Lozovskiy Gavrilovning oshqozonini qo‘lida ushlab turgan mahalda:
— Tomir! Tomir! — deb qichqirib yubordi xloroformator.
— Nafas! — beixtiyor unga jo‘r bo‘ldi Kokosov.
Ana shunda Kokosovning o‘ta yovuz, o‘ta qo‘rqinchli ko‘zlari xuddi sochlari orasidan, ko‘zoynagi ostidan otilib chiqqandek, otilib chiqib, atrofga sudralib ketgandek bo‘ldi, Lozovskiyning ko‘z xaltasi chetidan joy olgan ko‘zlari esa qansharini bosib, yanada qisilib, ichkariga kirib, dahshatli darajada o‘tkir yagona ko‘zga aylanib qoldi. Bemorning tomiri sezilmas, yuragi urmas, nafas olmay qo‘ygan, oyoqlari sovib borardi. Yurak inqirozi boshlangandi. Xloroformni qabul qilmagan badan xloroform bilan zaharlangan edi. Endi bu odam hech qachon hayotga qaytmaydi, bu odam endi o‘lishi kerak, sun’iy nafas oldirib, kislorod berib, kamfara, fiziologik eritma yuborib chinakam o‘lim holatini bir soat, o‘n soat, o‘ttiz soatga cho‘zish mumkin, undan narisi imkonsiz, natija shuki, odam hushiga kelmasdan o‘ladi. Gavrilovning operatsiya stolida, pichoq ostida o‘lishi aniq bo‘lib qolgandi. — Professor Kokosov hamshiraga yuzini o‘girib, oldinga cho‘zdi, hamshira ko‘zoynagini to‘g‘rilab qo‘ydi, professor o‘shqirdi:
— Oynani ochinglar! Kamfara! Eritma tayorlansin!
Gung assistentlar yanada gung bo‘lib qoldi. Kokosov indamasdan stol ustiga egilib, jarrohlik asboblarini ko‘zdan kechirdi. Lozovskiy ham Kokosov yonida egilib turardi.
— Pavel Ivanovich, — dedi Lozovskiy jahl bilan shivirlab.
— Xo‘sh? — javob berdi Kokosov baland ovozda. 
— Pavel Ivanovich, — dedi Lozovskiy yanada sekin, endi jahl ohangi yo‘q edi. 
— Xo‘sh? — takrorladi Kokosov baland ovozda va qat’iy buyurdi: 
— Operatsiyani davom ettiring!
Ikkala professor qaddini ko‘tarib, bir-biriga qarashdi, birining ko‘zi sochlari orasidan otilib chiqib turardi. Lozovskiy bir muddat xuddi zarbadan qochayotganda chora topgan odamdek, Kokosovdan uzoqlashdi, ko‘zlari ikkiga ajralib, adashib qolgandek bo‘ldi, — so‘ng ular yana birlashib, o‘tkir nigohga aylandi, — Lozovskiy shivirladi:
— Pavel Ivanovich!  
Va qo‘lini chandiq ustiga qo‘ydi: u yarani tikish o‘rniga shilliq pardani ko‘klab, terini tortib siqib, yuqori qavatini to‘rlab qo‘ymoqda edi. U qichqirdi: 
— Qo‘lini bo‘shating, sun’iy nafas!
Operatsiya xonasidagi katta oyna ochiq, xonaga birinchi qor sovug‘i yopirilib kirar edi. Bemorga kamfara purkaldi. Kokosov xloroformator bilan birga Gavrilovning qo‘lini yechdi va yuqoriga ko‘tarib, sun’iy nafas oldirishga urina  boshladi. Lozovskiy yarani to‘rlayotib yana baqirdi:
— Fizologik eritma! 
Va asistent ayol o‘layotgan odamning qon bosimini ko‘tarish maqsadida papiros yo‘g‘onligidek keladigan ikkita ignani bemor ko‘kragiga sanchib tomirga ming kubik eritilgan tuz yubordi. Bemorning yuzida hayot asari yo‘q, lablari ko‘karib, binafsharang tusga kirgan edi. 
Keyin Gavrilovni stoldan ko‘tarib, g‘ildirakli aravachaga yotqizishdi va palatasiga olib kirishdi. Yuragi hamon urib turar, nafas olardi, ammo u hushiga kelmadi, balki oxirgi daqiqagacha, kamfara yuborilgan va sun’iy eritma bilan tuzlangan yuragi so‘nggi marta urgunga qadar u o‘ziga kelmasa kerak, o‘ttiz yetti soatdan keyin— kamfara va vrachlarsiz qoldirib ketilgandan keyin u o‘ldi: so‘nggi daqiqalargacha oldiga ikki professor va bir hamshiradan boshqa hech kim kiritilmadi, ammo qo‘mondon Gavrilovning o‘lganligi rasman e’lon qilinishidan bir soat oldin yondosh palatadagi tasodifiy qo‘shni bu palatada g‘alati tovushni eshitdi: u xuddi turmadagi mahbuslar devorni taqillatishiga o‘xshar edi. U yoqda, palatada tiriklay o‘ldirilgan, kamfara bilan to‘yintirilgan mashhur odam yotar edi, tibbiyotda g‘alati bir qoida bor, bemorning jarrohlik stolida, pichoq ostida o‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi, palatani professorlar qattiq qo‘riqlayotganiga  yana bir sabab, bu yerda qo‘mondon, fuqarolar urushining, buyuk rus inqilobining qahramoni, nomi afsonalarga aylanib ketgan, o‘ziga o‘xshagan odamlarni o‘limga yuborish uchun cheksiz kuch-qudratga va cheksiz huquqqa ega bo‘lgan inson o‘lib yotar edi.
Operatsiya soat sakkizdan o‘ttiz daqiqa o‘tganda boshlangan bo‘lsa, Gavrilovni g‘ildirakli stolda jarrohlik xonasidan olib chiqishganda soat o‘n birdan o‘n bir daqiqa o‘tgan edi. Yo‘lakda qorovul professor Lozovskiyni yo‘qlab birinchi raqamli uydan ikki marta qo‘ng‘iroq qilishganini ma’lum qildi va ko‘p o‘tmay yana qaytib kelib, uni telefonda kutishayotganini aytdi. Lazovskiy telefon oldiga bordi, u birinchi raqamli uy bilan gaplashaman deb o‘ylagan edi. Telefonda esa: “Azizim, men seni orziqib kutayapman”, — degan tovush eshitildi. Bir daqiqa ichida Lazovskiyning tishlari g‘ijirlab ketdi, chamasi, qattiq so‘kib yuborishga chog‘landi, ammo hech narsa demasdan trubkani otib yubordi. Professor telefonli xonaga yana qaytib kirdi, oyna yoniga borib, birinchi qor manzarasiga tikildi, barmoqlarini tishlab, go‘shakni ko‘tarib, o‘ttiz-qirqta tarmog‘i bor telefon tizimiga bog‘landi va go‘shakni ta’zim qilib operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini, ammo bemor juda holdan toyganini, ular, vrachlar ahvoli og‘ir deb hisoblashayotganini aytdi, hozir borolmasligi uchun uzr so‘radi. Yuqorida, jarrohlik xonasi bilan bemor palatasi oralig‘idagi yo‘lak, ertalab odamlar shivirlashib yugurib yurgan joy hozir bo‘shab qolgan, hech kim ko‘rinmas edi. 
Gavrilov o‘ldi, professor Lozovskiy palatadan oq qog‘oz ko‘tarib chiqdi, boshini egib, bemor, armiya qo‘mondoni, fuqaro Nikolay Ivanovich Gavrilov, ming afsuski, soat birdan o‘n yetti daqiqa o‘tganda hayotdan ko‘z yumdi, deb qayg‘uli va tantanali ravishda ma’lum qildi. 
Oradan uch soatu chorak minut o‘tganda, ya’ni tungi soat ikki bo‘lganda kasalxona hovlisiga qizil askarlar rotasi kirib kelib, barcha yo‘llar va zinalarni qo‘riqlay boshladilar. Qo‘mondon jasadi yotgan palataga bizga tanish markaziy shtab xodimlari — qo‘mondonni vokzalda kutib olgan uch harbiy kirib keldi, ular uchun Gavrilov armiya deb ataluvchi ulkan mashinaning asosiy yetakchisi, ularning hayotiga qo‘mondonlik qiluvchi rahnamo edi; endi ular qo‘mondonning jasadiga komandirlik qilish uchun kelgan edilar. Bu paytda qishloqlarda xo‘rozlar qichqira boshlagandi, osmonda bulutlar sudralar, ularning izidan toliqib qolgan to‘lin oy shoshilib borardi. Bu paytda usti yopiq “Roys”da Lozovskiy shitob bilan birinchi raqamli uyga ketmoqda edi; “Roys” burgut rasmi solingan darvozadan ichkariga kirdi, soqchilar yonidan o‘tib, uy oldida to‘xtadi; soqchi darchani ochdi; Lozovskiy qizil movut qoplangan stol ustida uchta telefon turadigan, yozuv stoli orqasidagi devorda qo‘ng‘iroq tugmachalari askarlardek saf tortgan tanish xonaga kirdi. Xonada Lozovskiy bilan bo‘lib o‘tgan suhbat bizga qorong‘i, ammo u uch daqiqagina davom etdi; Lozovskiy xonadan dahlizga, dahlizdan hovliga qanday chiqqanini bilmay qoldi, palto bilan shlyapasini ko‘tarib olgan bu odam Gofman qahramonlarini eslatardi; avtomobil joyida yo‘q edi; Lozovskiy mast odamdek chayqalib borar; bu sokin tunda ko‘chalar kimsasiz edi, ko‘chalar ham Lozovskiy bilan birga chayqalib borar, bu sokin tunda ko‘chalar kimsasiz edi, ko‘chalar ham Lozovskiy bilan birga chayqalardi.
Oy nur sochib turgan kimsasiz tunda ko‘chalar Lozovskiy bilan birga chayqalardi. Gofmanga aylangan Lozovskiy birinchi raqamli uydan chiqdi. Birinchi raqamli uydagi xonada egilmaydigan odam qoldi. U stol orqasida mushtini stolga tiragancha tik turar, boshi egilgan edi. 
Uzoq vaqt harakatsiz turdi. Bu odam qog‘ozlari va formulalaridan ajralib qolgandi. Nihoyat, u qo‘zg‘aldi. Chaqqon harakatlar bilan orqadagi tugmani bosdi, telefon trubkasini ko‘tardi. Navbatchiga: “Poygachi, ochiq”, — deb buyurdi. Telefonda uchlikdagi sheriklaridan biri bilan — chamasi u uxlab qolgandi — gaplashdi, ovozi juda zaif chiqdi: — “Andrey, azizim, odam hayotdan ketdi, — Kolya Gavrilov o‘ldi, jangovor do‘stimiz endi yo‘q. Potapga qo‘ng‘iroq qil, azizim, biz aybdormiz, men bilan Potap”.
Egilmaydigan odam shofyorga buyurdi: “Kasalxonaga”.
Ko‘chalar chayqalmasdi. Oy bulutlar orasidan shoshilib tipirchilab, kezardi, avtomobillar kesilgan novdaga o‘xshab yer bag‘irlab sudralardi. Kasalxona binosining notinch oynalari qora zulmat qo‘ynida xira yaltirardi. Qora yo‘laklarga soqchilar qo‘yilgan. Uy sukunatga cho‘mgan, o‘lim bor joyda sukunatga cho‘kmay bo‘ladimi? Egilmaydigan odam — qora yo‘lak bo‘ylab qo‘mondon Gavrilovning palatasiga kirib bordi. Odam kirib borgan palatada karavotda  qo‘mondon Gavrilovning jasadi yotar — nafasni bo‘g‘adigan darajada kamfara hidi anqir edi. Hamma palatadan chiqib ketdi, palatada egilmaydigan odam va Gavrilovning jasadi qoldi. Odam jasadning oyoq tomonida karavotga o‘tirdi. Gavrilovning qo‘llari choyshab ustida tanasi bo‘ylab cho‘zilib turardi. Odam jasadning yonida bukilib sukutga botib uzoq o‘tirdi. Palata sokin edi. Odam Gavrilovning qo‘lini oldi, uni siqib:
— Alvido, o‘rtoq! Alvido, birodarim! — dedi va boshini egib, hech kimga qaramay palatadan chiqdi, “fortochkani ochib qo‘ymaysizlarmi, nafas olib bo‘lmaydi”, — dedi va qora yo‘lak bo‘ylab tez yurib zinadan pastga tushdi.
Bu paytda qishloqlarda xo‘rozlarning saxargi qichqirig‘i boshlangan edi. Odam indamasdan mashinaga o‘tirdi. Shofyor buyruqni kutib burilib qaradi. Odam jim edi. Odam o‘ziga keldi va buyurdi: “SHahar tashqarisiga! — Eng katta tezlikda!”
Mashina turgan joyidan shiddat bilan qo‘zg‘aldi, yelpig‘ichday yoyilib, shu’la sochib, tor yo‘lkalar, lavhalar, keng ko‘chalarni orqada qoldirib katta tezlikda uchib ketdi. Havo shu zahotiyoq mashinaga o‘zini urdi. Ko‘chalar, uylar, chiroqlar harakatga tushdi, fonarlar chiroqlarini silkitgan holda shiddat bilan orqaga chopa boshladi. Mashina butun kuchi bilan shahar tashqarisiga intilar, go‘yo o‘z vujudidan chiqib ketgudek bo‘lib pishqirar edi. Shahar atrofiga qatnaydigan tramvaylarning simlari, qo‘ylar ma’rab, itlar vovullab chopgan qishloq kulbalari orqada qoldi, tekis yo‘lda g‘izillab ketayotgan g‘ildiraklarning tovushi ham eshitilmaydigan bo‘ldi. O‘nqir-cho‘nqirlardan o‘tayotganda mashina ko‘tarilib, havoda uchib ketayotgandek tuyulardi. Havo, shamol, vaqt, yer hushtak chalar, uvillar, ingrar, sakrar, uchar edi; hamma narsa hududsiz shiddat komida uchib ketayotgan shu pallada faqat bulutlar ortidagi oy va mashinada xotirjam o‘tirgan odamgina harakatsiz, jim qotgan edi. 
Bir necha kun oldin Gavrilov bilan Popov kelgan o‘rmon chekkasiga yaqinlashganda odam “To‘xta!” deb buyruq berdi va mashina zamon, makon hamda shamolni o‘z holiga qo‘yib, yer va bulutlar ortidagi oyni quvishdan to‘xtab, tezligini kamaytirdi. Odam bir necha kun oldin ayni shu yerga Gavrilov kelganini bilmas edi. Odam mashinadan tushdi va indamasdan, sekin yurib o‘rmon ichiga kirib ketdi. O‘rmonni qor bosgan, tepasida oy shoshilib borardi. Odamning yonida gaplashadigan hamroh yo‘q edi. Odam o‘rmonda uzoq vaqt qolib ketdi. Qaytib kelib, mashinaga o‘tirar ekan, buyurdi:
— Orqaga qaytamiz. Shoshilmay haydang.
Tong otganda mashina shaharga yetib keldi. Sharq tomondan qip-qizil sovuq quyosh ko‘tarilmoqda edi. Pastlikda — binafsharang, ko‘kimtir hamda sarg‘ish tumanga o‘ralgan shahar yotardi. Odam u tomonga sovuq nazar tashladi. Bu pallada osmondagi oy o‘rnida ko‘zga arang tashlanadigan, erib borayotgan kichik muz parchasi  qolgan edi. Qor bosgan jimlikda shahar shovqin-suroni eshitilmasdi.


So‘nggi bob

Kechqurun, qo‘mondon Gavrilov dafn etilgan, harbiy orkestrning mis karnaylari yangrab, motam bayroqlari egilgan, marosimga kelgan minglab ta’ziyachilar qurshovida sovib bo‘lgan inson jasadini sovuq yer qa’riga topshirib qaytishgandan keyin — Popov o‘z xonasida mizg‘ib qoldi va allamahalda uyg‘ondi, soat necha bo‘lganini bilib bo‘lmasdi. Xona qorong‘i va jimjit edi, Natasha yig‘lardi. Popov qizi ustiga engashib uni ko‘tarib oldi va xona bo‘ylab kezib yurdi. Oyna orqasida yugurishdan charchagan oppoq oy ko‘rinib turardi. Popov deraza oldiga kelib, sokin tun qo‘ynida yiltirayotgan qorga tikildi. Natasha Popovning qo‘lidan chiqib, deraza tokchasiga o‘tdi. Popov cho‘ntagiga Gavrilov kasalxonaga yotishdan oldin kechasi yozgan so‘nggi maktubni solib qo‘ygan edi. Maktubda shunday yozilgandi: “Alyosha, birodarim! Men o‘lishimni sezib turibman. Sen meni kechir, yosh bola emassan-ku. Qizingni tebratib o‘tirib, shunday fikrga keldim. Xotinim ham qarib qoldi, sen uni yigirma yildan beri bilasan. Unga yozib yubordim. Sen ham yoz. Birga yashanglar, turmush qursanglar ham mayli. Bolalarni o‘stiringlar!  Kechir, Alyosha”.
Natasha deraza tokchasida turardi, Popov birdan ko‘rib qoldi: u lunjini shishirib,  lablarini naycha qilar, oyga qarab, uni mo‘ljalga olar va puflar edi. 
— Nima qilayapsan, Natasha? — so‘radi ota.
— Oyni so‘ndirayapman, — javob berdi Natasha. Savdogar xotindek to‘lishgan, toliqqan oy bulutlar orasidan suzib borardi.
Ayni shu paytda shahar mashinalari uyg‘onib, zavod gudoklari chinqira boshladi. Gudoklar — bitta, ikkita, uchta, — ko‘plab gudoklarning chinqirig‘i ohista, ammo uzoq yangrab turdi va kulrang shahar shovqiniga singib ketdi. Bu gudoklar bilan birga oy muzlatib qo‘ygan shaharning qalbi nola chekayotganini hamma bilib turar edi.

Ruschadan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi.  

________            
* Ts e k a — Markazqo‘m.
* Mash’um “troyka” nazarda tutilmoqda (tarj.).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.