OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Rangli pufak (hikoya)

Avliyo Onego bilan avliyo Sekretar tonggi ibodatni o‘qib bo‘lishgach, “Miller” firmasining qora charm qoplangan oromkursilariga yastanib olishdi. Ular Zaminga ko‘z tikkancha, dunyoning ishiga sho‘ng‘ib ketishgan g‘ofil bandalarni kuzatishni azm qildilar.
– Menga aytsinlar-chi, – so‘radi avliyo Onego, uzoq jimlikdan so‘ng, – hazrat foniy dunyoda baxtli yashaganmilar?
– Gapingizni qarang! – jilmaygancha dedi birodari. – U dunyoda hech kim baxtli yashamasligini o‘zlari yaxshi biladilar-ku!
Shunday deya u cho‘ntagidan bir quti “Malboro” chiqardi.
Chekadilarmi?
– Rahmat, bajonidil, – dedi avliyo Onego, – garchi saharmardondan humor bosdi qilmasak-da, dam olish kuni bitta tortsak nima qipti...
– Balki o‘zlari xushbaxt yashagandirlar?
– Qayoqda. Ammo ... aminmanki...
– Ularga bundoq sarasop solsangiz-chi! – yerga ishora qildi avliyo Sekretar. – Bir necha milliarddan oshib ketgan. Bugun yakshanba, kunning ajoyibligini-chi... Olamtob borliqni charog‘on qilib yuborgan, tong nasimi tanangga xush yoqadi, gul-chechakka chulg‘angan dov-daraxtlarni ko‘rib ko‘zing yayraydi. Boz ustiga hozir ularda “Iqtisodiy mo‘‘jiza” ro‘y bergan. Yana nimaniyam orzu qilish mumkin! Ana shu milliard-milliard odamlar orasidan loaqal bitta saodatmandini topib bering-chi menga, bittaginasini. Topsangiz, kechqurun oldingizga to‘kin dasturxon yozaman.
Avliyo Onega:
– Kelishdik, – degancha Yer yuziga mo‘r-malaxday sochilib ketgan odamlarga zingil qarash qildi. Bir boqishdayoq baxtli insonni izlab topish g‘irt kulgili hol: buning uchun bir necha kun ularni sinchiklab kuzatishga to‘g‘ri kelardi. Shunga qaramasdan, avliyo gardkam qilishni lozim topdi. Uni kuzatib turgan avliyo Sekretar zimdan kulib qo‘ydi, biroq bu samimiy, beg‘ubor kulgu edi, yo‘qsa, u avliyo bo‘larmidi?!
– Jin ursin, nazarimda topgandayman! – avliyo Onego qichqirgancha oromkursidan sapchib turib ketdi.
– Qani, qani?
– Hov ana, xiyobonda. – U barmog‘ini bigiz qilib adir yonbag‘ridagi befayz shaharchani ko‘rsatdi. Ibodatxonadan chiqib kelishayotgan odamlar orasidagi malakni ko‘rayaptilarmi?
– E, e, maymoq qizchani aytayaptilarmi?
– Ha, o‘shani. Ishqilib, nazaringizdan qochirmasangiz bo‘lgani.

* * *

Go‘dakligidan og‘ir dardga chalingan to‘rt yashar ramaqijon Noretta rostakamiga maymoq edi. Oyisi uni qo‘lidan ushlab olgandi. Garchand qizcha onasiga anchaga tushgan to‘r yoqali oq ko‘ylak kiyib olgan bo‘lsa-da, ularning g‘aribu-g‘uraboligi yaqqol bilinib turardi.
Ibodatgoh hovlisiga tumonat odam yig‘ilgan: allaqanday marosim nishonlayotgandi; kimdir gul, kimdir avliyolarning surati solingan ikona va nishonlar sotadi, yana kimdir tarang shishirilgan rangli pufaklar shodasi bilan bola-baqrani o‘ziga jalb etadi.
Xullas, qizcha pufaklarni ko‘rib turgan joyida mixlanib qoldi, – boyaqishning gung iltijoga limmo-lim ko‘zlari onasiga umidvor termulgan. Bu nigohlarda bir dona pufakka ega bo‘lishdek bag‘oyat kuchli istak, bag‘oyat teran ruhiy iztirob hamda beqiyos mehr-muhabbat zohir ediki, bu qarashlarga hattoki jahannam peshvolari ham dosh bera olmasdi. Zotan, bu qadar yovqur qarash kattalarning g‘amxo‘rligidan umidvorlik kichkintoylarda, miskinlar hamda ma’sumalarda (o‘lasi qilib kaltaklangan itlardagina) bo‘lishi mumkin.
Ruhshunoslikdan xabari bor avliyo Onego norasidaga tikilib qaradi: ayni shu damda qizchada pufakli bo‘lish istagi shunchalik kuchli ediki, mabodo, xudo yorlaqab hozir oyisi uning xohishini bajarsa, shubhasiz, Noretta o‘zini baxtiyor his etgan bo‘larmidi...
Avliyo Onego shaharcha xiyobonidagi voqeani ko‘rib, unga shohid bo‘layotganiga qaramasdan, oyisi bilan qizcha o‘rtasidagi gap-so‘zni mutlaqo eshita olmasdi. Nega shundayligini hech kim tushuntirib bera olmaydi. Ularning xuddi qudratli teleskoplari bordek, jannat egalari Yer yuzida yuz berayotgan jamiki voqeayu-hodisalarni ravshan ko‘rib tursalar ham, ahyon-ahyonda quloqqa chalinib qoladigan ovozlarni aytmasa, “tiq” etgan tovushniyam eshitmas edilar. Aftidan, avliyoyu anbiyolarning asablarini shahar va poytaxtlarning ko‘chalarini tutib ketgan shovqin-suronlardan saqlash uchun shunday qilingan bo‘lsa kerak.
Oyisi “yursang-chi!” deganday qizining qo‘lidan siltab tortdi. Bechora og‘zini ochib qolavermasa go‘rga edi, degan xavotirda avliyo Onego cho‘chib tushdi. Noretta-ku matonatli edi-ya, lekin haqiqat osmonda, kaliti chervonda deganlaridek, qiz bechora bilan boshqalarning necha pullik ishi bor!
Qizcha hamon mijja qoqmay oyisiga tikilib turar va endi bu qarash, aytish joiz bo‘lsa, avvalgisidan ham qat’iyatli, undan ham shiddatli tus olgandi. Ayol pufak sotuvchiga uch-to‘rt tanga uzatganini, qizaloq bo‘lsa, “Ana unisini!” degandek jajji qo‘lchasini sariq pufakka cho‘zganini avliyo ko‘rdi. Sotuvchi pufaklardan eng chiroylisini Norettaga olib berdi.
Noretta quvonganidan ko‘zlariga ishonmas va ularni katta-katta ochgancha o‘zining odimlashiga monand havoda o‘ynoqlayotgan rangli pufakning ipidan mahkam tutgancha ketib borardi... Shunda avliyo Onego mug‘ambirona jilmayib birodarining tirsagidan turtib qo‘ydi, avliyo Sekretar ham uni ma’qullagan bo‘lib kulimsiradi. Avliyo-anbiyolar, xokisor bandalarning dilidan g‘am-g‘ussani arita olishsa, o‘zlarini yengil his qilardilar.
Noretta aslida kim? Yakshanba tongida qadrdon shaharchasi xiyobonidan qo‘lidagi rangli pufakning ipidan ushlagancha o‘tib borayotgan shunchaki oddiy qizaloqmikan? Yo‘q, yo‘q, u sevinchi ichiga sig‘may cherkovdan gul-gul yonib chiqib kelayotgan xushbaxt kelinchak, u – qo‘shinlari jangdan zafar quchib qaytayotgan mamlakat qirolichasi. U – qo‘shiqlaridan his-tuyg‘ulari junbushga kelgan olomon boshi uzra ko‘tarib olgan sehrli ovoz sohibasi, u – go‘zallikda yagona badavlat xonim, u – suvratigayu siyratiga muattar gul-chechaklar, ilohiy ohang-ga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar, o‘rmonlaru ummonlar tarovati, shamsning hayotbaxsh taftiyu hilolning betakror zeboligi, mehr-muhabbat, nazokatu nafosat singib ketgan bir hilqatdirki, u oddiy pufakda tole’i mas’udlikka sazovor bo‘ldi. Endi uning oyoqchalari xastalik va nogironlik illatlaridan qutulgan, u endi ohunikiday chaqqon, yo‘lbarsnikidek baquvvt oyoqlari bilan Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonadi va ko‘ksini chempionlik oltin nishoni bezab turadi.
Avliyolar oromkurslarining yondoriga gavdalarini tashlab, ona-bolani kuzatishda davom etishdi. Ayol bolasining qo‘lidan tutgancha, butun boshli shaharchani kesib o‘tib, kambag‘allar yashaydigan mavzega yetib keldi. U ishi ko‘pligidan uy yumushlariga sho‘ng‘ib ketdi. Noretta bo‘lsa ovunchog‘ini qo‘lidan qo‘ymay, uyum toshlar ustiga o‘tirib olib, go‘yo hamma menga havas bilan qarayapti, degan xayolda dunyolarga alishmaydigan pufagini o‘tgan-ketganga ko‘z-ko‘z qila boshladi. Garchand befayz osmono‘par uylar siqib qo‘ygan bu ko‘chaga oftob nurlari hamisha tushavermasa-da, qizchaning beo‘xshov yuz-ko‘zlari chor-atrofni charog‘on qilib yuborgandi.
Uchiga chiqqan bezoriligi shundoq ko‘rinib turgan uchta o‘spirin Norettaning yonidan o‘tib ketarkan, qizchaning xushholligidan hayron bo‘lishdi. Ulardan bittasi og‘zidagi sigaretasini olib, uni dabdurustdan pufakning qorniga bosdi. Pufak paqillab yorildi, shu damgacha epkinda ko‘kka mag‘rur talpinayotgan narsa lattaday g‘ijimlanib, bujmaygancha boyaqishning tizzasiga kelib tushdi.
Noretta hech narsaga tushunmay, bu yerdan chopgancha uzoqlashayotgan valakisalanglarning ortidan merayib bir muddat qarab qoldi. Sho‘rlikning kaftdekkina chehrasi allanechuk tarzda burishib, murg‘ak qalbi qattiq yaralandi.
Bamisoli chorasiz baloga yo‘liqqandek, qizchaning fig‘oni falakni tutdi. Yuqorida ta’kidlanganidek, mudom osoyishta va so‘lim ravzan jannatga na motorlarning gurillashi, na sirenalarning chi-yillashi, na odamlarning dod-faryodi, na atom bombasining portlashi yetib borardi. Ammo-lekin yuraklarni larzaga soluvchi qizchaning achchiq faryodi jannatning har bir kunjidan jaranglab, hammayoqni ostin-ustin qilib tashladi. Behishtni mangu rohat-farog‘at hamda shodu xurramlik ma’vosi, deganlari ham bekor ekan. Shariatu tariqat peshvolari odam bolasi chekayotgan jabru sitamlarga qanday befarq bo‘la olishsin....
Pufak voqeasi avliyolarning boshiga xuddi to‘qmoq bilan tushirgandek ta’sir qildi. Doru dunyoning narigi yog‘ini ham zulmat qoplab, u yoqdagilarning-da dillari vayron bo‘ldi. Sho‘rlik qizaloqning ko‘ksidagi g‘am-g‘ussani arita olmay ularning boshlari qotdi.
Avliyo Sekretar avliyo Onegoga g‘amgin nazar tashladi.
– Bu ne razolat! – asablari qaqshab ketgan avliyo Onego haligina cho‘g‘ oldirgan sigaretasini pastga otdi.
Yerga uchib tushayotgan sigareta o‘zidan pag‘a-pag‘a tugun hosil qilib borardi. Sigaretaga nogahon ko‘zi tushgan odamlar bo‘lsa yana uchar likopchalar haqida har xil hangomalarni bichib-to‘qiy boshladilar.

Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.