OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Edgar Allan Po. Sukunat (hikoya)

Tog‘ cho‘qqilarida mudroqlik hokim,
Sukunat izg‘iydi g‘or, qoyalarda...
Alkman, yunon shoiri

— Quloq sol, — dedi Iblis mehribonlik bilan qo‘lini boshimga qo‘yib, — men senga Liviyadagi bir huvillagan o‘lka haqida gapirib bermoqchiman. Zahira daryosi sohillarida yastangan bu o‘lkada orom ham, sukunat ham yo‘q.
Daryo suvi za’faron rangda, u dengizga qarab oqmaydi, ammo quyoshning alvon shafag‘ida sarkash va asov mavjlanadi, tinimsiz po‘rtanalari to‘lg‘onadi. Ikkala sohil bo‘ylab, botqoqli o‘zanda haybatli suv lolagullari ayqash-uyqash bo‘lib yotadi. Kimsasizlikdan xo‘rsinayotganday, lolalar rangpar tolma bo‘yinlarini ko‘tarib, bir-birlariga qarab bosh chayqashadi. Ular yerosti suvlarining shoviriga o‘xshash allaqanday tushunuksiz bir ohangda shivirlashayotganday tuyuladi, elas-elas xo‘rsinishadi.
Ammo bu za’faron suv lolalari saltanatining chegarasi bor — dahshatli qorong‘i, daraxtlari ko‘kka bo‘y cho‘zgan o‘rmon ularning hududi. Ana shu o‘rmon hududida pastak butazor Gebrid orollari sohilidagi to‘lqinlarday tinimsiz chayqalib turadi. Lekin samoda qilt etgan shabada esmaydi. Mahobatli yovvoyi daraxtlar esa bo‘ron turganday tinimsiz shovqin solib, guvillayveradi. Ularning samoviy shoxlaridan shudring tomchilari muttasil tomib turadi. Daraxtlarning ildizlari ustida zaharli gullar beorom mudroq ichida buralib, uyqashib o‘sadi. Samoda esa qora bulutlar g‘ujg‘on o‘ynab, guvillab, tinmay mag‘ribga intiladi, sharsharadan pastga tushib ketganday, ufqning olovli hududiga gulduros chaqmoq bo‘lib singib, yo‘qoladi. Lekin samoda qilt etgan shabada esmaydi. Zahira daryosi sohillarida orom ham, sukunat ham yo‘q.
Qorong‘i kecha edi, yomg‘ir yog‘ardi, yog‘ayotganida yomg‘ir edi, ammo daryoga tushganida qonga aylanardi. Bo‘ydor suv lolalari o‘sib yotgan jarlikda turardim, boshimga qonli yomg‘ir yog‘ardi, gullar ulug‘vor xarobotdan xo‘rsinib, bir- birlariga qarab bosh chayqashadi.
Birdaniga harir tuman orasidan qonga belanganday alvon oy chiqdi. Oy yorug‘ida sohildagi haybatli qora qoya ko‘zimga tashlanadi. Qoya rangsiz, jonsiz, yuksak edi. Qoya rangsiz edi. Qoyaga allaqanday bitik o‘yib yozilgandi. Suv lolalari chayqalib turgan jarlikdan suzib borib, tosh bitikni o‘qish maqsadida sohilga yaqinlashdim. Lekin yozuvni o‘qiyolmadim. Yana jarlikka qaytdim, oy bag‘ri battar qonga belandi, men yana qoyaga qaradim va undagi yozuvni o‘qidim: XAROBOT.
Qoya cho‘qqisiga qaradim, chetida bir odam turardi, men uning nima qilishini kuzatish uchun suv lolalari orasiga yashirindim. Inson qomatdor va ulug‘vor edi, yelkasidan tovonigacha qadimgi rumo ridosiga burkangan edi. Uning jussasi elas-elas ko‘rinar, ammo yuzidan nur yog‘ilardi. Tun qorong‘iligi, tuman va shabnamning harir pardalari uning chehrasini to‘solmasdi; manglayi o‘ylardan baland, nigohi tashvishlardan telbavash, peshonasidagi ajinlar yozuvi g‘am-anduh, charchoq, horg‘inlikdan so‘zlar, bashar avlodlaridan ko‘ngli qolgan va yolg‘izlik qo‘msagan qalb hikoyasini aytardi.
Inson xarsangga o‘tirdi, boshini qo‘liga tiradi va qarshisidagi xarobotga qaradi. U pastak, oromsiz butalarga, baland yovvoyi daraxtyaarga, guvillagan sadolarga to‘la samoga, bag‘ri qonga belangan oyga qaradi. Men esam suv lolalari orasida berkinib, insonning nima qilishini kuzatardim. Inson yolg‘izlikdan titrardi; lekin tun oxirlab borar, u hamon qoyada o‘tirardi.
Inson samodan nigohini oldi va kimsasiz, tashlandiq Zahira daryosiga, uning jonsiz, za’faron suvlariga va qonsiz suv lolalarining lak-lak qo‘shiniga qaradi. Inson suv lolalarining xo‘rsinishiga, ularning tinimsiz shiviriga quloq soldi. Men esam yashiringan joyimdan uni kuzatardim. Inson yolg‘izlikdan titrardi, tun oxirlab borar, u hamon qoyada o‘tirar edi.
Ana shunda men jarlik tubiga tushib, botqoqzor orasidagi orolchalarda yashaydigan gippopotamlarni chorladim, ular ovozimni eshitib, o‘zlarining begemoti — suv oti boshchiligida qoya etagiga yetib kelishdi, oy nurida o‘tirgan insonga qarab dahshatli bo‘kirib, shovqin ko‘tarishdi. Men gullar orasida yashiringanimcha odamni kuzatardim. Inson yolg‘izlikdan titrardi, tun oxirlab borar, u esa hamon qoyada o‘tirardi.
Ana shunda men borliq tabiat qudratlarini yordamga chorladim; haligina shabada qilt etmagan samoda bo‘ron boshlandi. Bo‘ron qahri-g‘azabidan osmon qorayib ketdi; yomg‘ir, jala yog‘ib, insonni savalashga tushdi, daryo azobdan mavjlanib, qirg‘oqlaridan toshdi; suvlari suv lolalari iztyrobdan dod-faryod ko‘tardi; daraxtlar bo‘ron zarbiga dosh berolmay ag‘darila boshladi; momaqaldiroq gumbirlab, chaqmoq chaqib, tog‘ qoyasi zamin-zaminigacha chayqalib ketdi. Men yashiringan joyimdan insonni kuzatardim. Odam yolg‘izlikdan titrardi; tun oxirlab borar, u esa hamon qoyada o‘tirardi.
Ana shunda men qahrlandim va borliqni «Sukunatga bot!» deb la’natladim; daryo va butalarni, shamol va o‘rmonni, osmon va momaqaldiroqni, xo‘rsinayotgan suv lolalarini sukunat nomi bilan, kunpayakun bo‘l, deb la’natladim. Borliq la’natga uchradi va sukunatga cho‘mdi. Oy osmon so‘qmog‘idan tirmashib chiqishini bas qildi, momaqaldiroqning uni, chaqmoqning olovi o‘chdi, bulutlar harakatsiz osilib qoldi, toshqin o‘z qirg‘oqlariga qaytib, toshday qotdi, daraxtlar chayqalishi to‘xtadi, suv lolalari bir-birlariga bosh irg‘amay, xo‘rsinmay, shivirlamay qolishdi, ulkan, hayhotday, hududsiz sahroda g‘ing degan tovush eshitilmay qoldi. Shunda men qoyaga qaradim va undagi «SUKUNAT» degan yozuvni o‘qidim.
So‘ng Inson chehrasiga qaradim. Dahshatdan uning yuzi oqarib ketdi. Shoshib boshini ko‘tardi, bor bo‘yi tiklandi va borliqqa quloq.tutdi. Ammo bepoyon, hududsiz sahroda tiq etgan tovush yo‘q edi, qoyada esa «sukunat» degan yozuv bor edi. Inson sarosimaga tushdi, orqaga burildi va qoyani tashlab ketdi; o‘shandan buyon men uni ko‘rmadim»,
Temir zanjirli muqovalarda saqlanib qolgan qadimgi karomatgo‘y — volxvlarning qayg‘uli kitoblarida ajoyib-g‘aroyib hikoyatlar bor. Ana shu kitoblarda Yer va Osmon, buyuk to‘fon tarixi haqida, dengiz va ummonlarni, Yer va Osmonni egallab olgan Jinlar to‘g‘risida ajoyib gaplar bor. Sivillalarning muqaddas eman yaproqlari shiviri ostida aytgan hikmatlarini qadimgilar jon qulog‘i bilan eshitishardi. Lekin, xudo haqqi, hammasidan ham Iblis qabr toshi soyasida menga aytib bergan hikoyat juda-juda qiziq va g‘aroyib ko‘rindi! Iblis hikoyasini tugalladi va ochiq go‘rga tushib, qahqaha urdi. Men esam Iblisning kulgisiga qo‘shilmadim. U meni la’natladi. Chunki men unga qo‘shilib kulmadim. Go‘rda abadiy yashovchi sirtlon tashqariga chiqib, Iblisning oyog‘i ostiga cho‘zildi va uning yuziga tikilib qoldi.

Rus tilidan Mahkam Mahmudov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 8-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.