Bu ayol mo‘‘jazgina frantsuz restoranining sohibasi edi. Restoran “Shahrizoda” deb atalar va u Madinada butun tun bo‘yi ochiq turadigan, yakkayu yagona tamaddixona hisoblanardi. Ba’zan bo‘m-bo‘sh bo‘lar, ba’zida esa unda uch-to‘rt xo‘randa ovqatlanib o‘tirardi. Biroq ko‘pincha, ayniqsa, tungi ikki bilan uch orasida bu yer kunda-shunda mijozlar bilan to‘lib-toshar, shunda kimning nima deyayotganini, har bir aytilgan so‘zni aniq eshitish mumkin bo‘lardi, chunki xona kichkinagina bo‘lib, agar yigirma chog‘li odam o‘tirgan yoki turgan bo‘lsa, restoranning tomi shovqindan sal bo‘lmasa ko‘chib ketay derdi.
Yemakxonadan o‘n qadamcha narida, shundoq muyulishda Jema el-Fna – bo‘m-bo‘sh maydon huvillab yotardi. Ikki o‘rtadagi farqni qarang, naq yer bilan osmoncha edi. Maydonning aylana tevaragi bo‘ylab eski-tuski, yirtiq va juldur kiyimli kambag‘al-qashshoq, g‘arib va faqir kishilar qoq yerda yotib, tong ottirishardi. Ular bu joyga shunchalik moslashib ketgandiki, nogoh turtinmaslik uchun ko‘zga qarab yurishga to‘g‘ri kelardi. Kimda-kim bemahalda keng maydonda timirskilanib yurgan bo‘lsa, bundayin shubhali kimsalardan uzoqroq yurgani ma’qul edi.
Jema el-Fna uzra allaqachon o‘lik sukunat cho‘kkan mahal “Shahrizoda” bag‘rida hayot endigina boshlanayotgan bo‘lardi. Restoranga kirib-chiqayotganlar, asosan, yevropaliklar – frantsuzlar, inglizlar bo‘lib, ular orasida amerikaliklar ham uchrab turardi. Mijozlar orasida arablar ham bor edi; ular yo yevropacha kiyingan yoki bo‘lmasam, ichuvchilar toifasidan bo‘lib, shu bilan o‘zlarini go‘yo zamonaviy kishilar qilib ko‘rsatishga yoxud yevropaliklarga taassub qilishga moyil bo‘lishardi. Ichimliklar narxi nihoyatda qimmat edi, shu bois bu yerga kirishga uncha-muncha arabning yuragi betlamasdi. Maydonda yotib-turadigan odamlarning cho‘ntagida hemiri ham yo‘q, “Shahrizoda” mijozlari esa bir qadah konyak uchun bir yuz yigirma frank to‘lashar va birin-ketin bir necha qadahni ko‘rdim demasdi.
Maydon aholisi uyquga ketgunga qadar radiokarnayda arabcha musiqa yangrar, so‘ng esa restoran tarafdan yevropacha raqs musiqasi bo‘g‘iq ohang taratardi. Restoran xo‘jayini madam Minon eng so‘nggi modadagi kuy-qo‘shiqlar yozilgan gramplastinkalarni har doim kanda qilmay opkelib qo‘yardi. U o‘z plastinkalari bilan faxrlanar va har haftada yap-yangilaridan bir ko‘tarim xarid qilib kelardi. So‘ng ulardan kunda-shunda mijozlariga qo‘yib berar, mehmonlarning nozik ta’b-didi bilan hisoblashishda ustasi farang edi.
Xonim asli Shanxayda tug‘ilgan, otasi frantsuz, onasi esa xitoylik bo‘lgan. Uning ko‘zlari avval ikki yoqqa qaragan, g‘ilay edi, keyinchalik jarrohi qilingach, o‘rniga kelgan bo‘lsa-da, baribir xitoylarga xos fe’l-atvordan deyarli hech vaqo qolmagan hisob edi. U onasi xitoylik ayol bo‘lganini hecham yashirmasdi. Marokash mamlakatiga kelgunga qadar, oldin boshqa frantsuz koloniyalarida yashagan, bir necha yil Dualada ham bo‘lgan ekan. Lekin madam Minon boshqa millat va elatlarga nisbatan shunaqangi norozi ohangda gapirardiki, bunaqangi noto‘g‘ri fikrga go‘llarcha mahkam yopishib olgan ayolni umrimda birinchi marta ko‘rishim edi. Biroq frantsuzlar va xitoylar haqida lom-mim demas, faqat har gapida allaqanday g‘urur bilan: “Mening onam xitoylik, otam esa frantsuz bo‘lgan”, deyishni kanda qilmasdi. Xullas, u shunaqa o‘zidan o‘zi mamnunlik tuyadigan ayol edi. Nasl-nasabi, kelib chiqishi boshqacha bo‘lgan mijozlarini ko‘rdim deguncha, ularni yozg‘irishga tushardi.
Men bir kuni restoranda u bilan yolg‘iz qolib, uzoq suhbatlashgach, hartugul ishonchini qozonishga sazovor bo‘ldim. Film suratga olish guruhimizdagi ingliz do‘stlarim ovqatlanib bo‘lgach, ba’zan pul to‘lashni unutib ketvorgan paytlar ham bo‘lib turardi, shunda men hech ikkilanmay ular uchun ham to‘lab yuboraverardim, shuning uchun bo‘lsa kerak, ayol o‘zicha meni boy deb o‘ylardi. Ha, u meni sirli ravishda boy deb o‘ylardi, chunki inglizlarning kiygan kiyimiga qarab, buni hecham bilib bo‘lmasdi. Sheriklarimdan kimdir hazillashibmi yoki madam Minonni atay laqillatish uchunmi, kaminani orqavoratdan ruhiy kasalliklar shifokori deb tanishtiribdi. Ko‘pincha bir so‘z demay, jimgina o‘tirishim, buning ustiga keyinroq mehmonlar va mijozlar haqida batafsil so‘rab-surishtirganim uchun bo‘lsa kerak, harholda xonim bu mish-mishga ishongan ko‘rinadi. Men ham bunga e’tiroz bildirib o‘tirmadim, qaytanga bu yaxshi edi, endi u men bilan bemalol va bamaylixotir suhbatlashadigan bo‘ldi.
Uning turmush o‘rtog‘i mse Minon chet el legionida xizmat qilgan, to‘ladan kelgan, gavdali, baquvvat kishi bo‘lib, restorandagi yumushlarga oz-moz yordamlashib yurguchi edi. Mijozlar yo‘q paytlarda torgina xonadagi o‘rindiqlardan biriga cho‘zilgan ko‘yi mazza qilib uyquni urardi. Tanish mehmonlari keldi deguncha, ularni „La Riviera“ – farang islovatxonasiga boshlab borardi, restoran bilan uning orasi atigi bir necha daqiqalik yo‘l edi. U yerda bir-ikki soat bo‘lib, mehmonlar bilan birga qaytib kelar, islavatxonaga yangi kelgan qizlar haqida xotiniga gapirib berar, mehmonlar bilan oz-moz ichishgach, so‘ng ularni kuzatib qo‘yardi. Oradan hayal vaqt o‘tmay, yangi mijozlarni olib, yana „La Riviera“ga ravona bo‘lardi. Bu – “Shahrizoda”ning kundalik hayotida tez-tez quloqqa chalinib turadigan so‘z edi.
Mse Minonning yuzi yumaloq, yelkalari keng, bolalarga xos chehrasini esa doim mudroq bosib turardi. Erinibgina, go‘yo malol kelayotgandek jilmayib qo‘yar, frantsuzlarga xos bo‘lmagan tarzda juda sekin so‘zlar va kamgap ham edi. Ayoli ham sergap emasdi, hissiyotga beriluvchan va nozik tabiatli bo‘lib, gapga hadeb aralashavermas edi. Ammo chakagi bir ochilsa bormi, hadeganda tinay demasdi. Eri esa unga quloq solmay, indamaygina qadahlarni chayib qo‘yar yo yotib uxlar yoki bo‘lmasam, „La Riviera“ga qarab yo‘l olardi. Xonim ba’zan kayfi oshib qolib, qo‘pollik qiladigan ayrim mijozlarga eshikning qaerdaligini ko‘rsatib qo‘yishni yolg‘iz o‘zi uddalay olar, bu masalada eridan yordam so‘rab ham o‘tirmasdi. Restoran unga qarashli edi, shu bois bo‘lsa kerak, gramplastinkalar saqlanadigan peshtaxta ortida har ehtimolga qarshi rezinka tayoqni ham shay qilib qo‘ygandi. Tanish-bilishlari va dugonalariga tayoqni ko‘rsatib maqtanarkan, u faqat amerikaliklar uchun mo‘ljallanganini ta’kidlar, bunga javoban do‘stlari zaharxandalik bilan kulib qo‘yishardi. Haqiqatan ham mast amerikaliklar xonim uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarar, shuning uchun ham ularni juda yomon ko‘rardi. Uning nazarida, varvar (vahshiy)larning faqat ikki turi mavjud edi: biri mahalliy xalq, ikkinchisi esa amerikaliklar.
Mse Minon chet el legionidan tashqari boshqa yerlarda ham bo‘lgan ekan. Kunlarning birida u menga murojaat qilib, o‘zigagina xos bo‘lgan yarim quv, yarim erinchoq ohangda:
– Siz doktorsiz, jinnilar shifokorisiz, shundaymi? – deb so‘rab qoldi.
– Nega bunday deyapsiz? – o‘zimni hayron qolgan qilib ko‘rsatdim men.
– Bizga shunday deyishdi. Men Parij yaqinidagi bir jinnixonada ikki yil qorovul bo‘lib ishlaganman.
– Unday bo‘lsa, bu sohadan ham oz-moz xabardor ekansiz-da.
U so‘zlarimdan xursand bo‘ldi va ishi davomida jinnilarning qaysi biri xavfli-yu, qay biri xavfsiz ekanligini aniqlashni osongina o‘rganib olgani haqida so‘ylay ketdi. Aytishicha, bu borada hatto o‘ziga xos tasnifnoma ham tuzgan ekan. Men undan Marokashdagi jinnilar to‘g‘risida so‘radim, shunda u hammaga ma’lum bo‘lgan ba’zi bir voqealarni gapirib berdi. Xullas, shu kechadan boshlab u menga shunday muomala qila boshladiki, go‘yo men uning sobiq boshlig‘i edim. Ba’zan mijozlardan kimdir o‘zini bir oz jinnicha tutadigan bo‘lsa, biz bir-birimiz bilan zimdan ko‘z urishtirib olardik, goh-goh u meni konyak bilan siylab ham turardi.
Madam Minonning yakka-yagona sirdosh dugonasi bor edi. Uning ismi Jinetta bo‘lib, bu nomni u tez-tez tilga olib turguchi edi. Jinetta restoranga kelib, peshtaxta oldidagi baland kursilardan biriga o‘tirvolgan ko‘yi kimnidir intiq kutardi. U yosh, o‘ziga oro bergan, yuzi nihoyatda rangpar edi, go‘yo butun tun bo‘yi mijja qoqmay, kunduzi uxlaydigan odamday taassurot qoldirardi. Ko‘zlari sovuq, yoqimsiz boqar, har lahzada eshik tomon o‘girilib qarab qo‘yar, kimgadir ilhaq ekanligi ochiq-oydin ko‘rinib turardi.
Jinetta buyuk voqea sodir bo‘lishini sog‘inch bilan kutardi. U yigirma ikki yoshda, umrida Marokashdan tashqariga chiqmagan. Shu yerda tug‘ilgan, onasi italiyalik, otasi esa ingliz, Dakarga ketvorgan va qiziga hech qanday g‘amxo‘rlik qilmas edi. Jinetta inglizcha suhbatlarni jon qulog‘i bilan tinglar, chunki bular unga otasini eslatardi. U nima ish bilan shug‘ullangan, nega endi bu yerni tashlab, Dakarga ketgan, bu haqda hech narsa bilolmadim. Madam Minon ham, Jinettaning o‘zi ham otasini qandaydir faxr bilan tilga olishar, ularning gap-so‘zlaridan u qizini deb ketib qolganini bilib olish qiyin emas edi. Harholda ular shunday deb o‘ylashardi, binobarin, ota shaharni shunchaki tark etmagani, qolaversa, qizi haqida g‘amxo‘rlik qilmayotgani ham bejiz emasligi kunday ravshan edi. Onasi to‘g‘risida esa hech qanday gap-so‘z bo‘lmasdi; anglashimcha, u hamon Marokashda yashardi, biroq yo kambag‘al yoki bo‘lmasam, kasb-kori, topish-tutishi unchalik emasmi yoxud italyanlar haqida u qadar yuqori fikrda emasliklari sababmi, harholda uni tilga olishmasdi. Jinetta esa Angliyaga juda ham qiziqar, bir kunmas-bir kun u yerga borishni orzu qilardi. O‘ziga qolsa, qaerga bo‘lsa ham, hattoki Italiyaga jon deb ketvorgan bo‘lardi; u o‘z shahzodasini kutardi, uni Marokashdan olib ketsa bas. Ayniqsa, restoran mijozlardan bo‘shab qolgan damlarda uni benihoya intizorlik bilan kutayotganday tuyulardi. U o‘tirgan baland kursi bilan eshik orasi taxminan uch qadamcha edi, biroq eshik har gal ochilganda u go‘yo yuz-ko‘zlariga og‘ir zarba urilgandek, birdan ortga siltanib, sapchib tushardi.
Jinetta, unga ilk bor ko‘zim tushgan paytdayoq yolg‘iz emas, yonida yoshgina bir yigit bor edi. U ko‘rinishdan qiz bolaga o‘xshab ketadigan, o‘ziga oro bergan, bashang kiyingan, ayolsifat olifta bo‘lib, katta-katta tim qora ko‘zlari va jigarrang yuziga qaraganda, uning shu yerlik ekanini payqab olish qiyin emas edi. Ikkovlari bir-biri bilan inoq, ahil, sirdosh edilar, restoranga ham doim birga kelishardi. Ular haqida bor haqiqatni bilib olgunimga qadar, bu juftlikni sevishganlar bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Yigitning tashqi qiyofasi har doim xuddi to‘ppa-to‘g‘ri qimorxonadan kelayotganday taassurot qoldirardi. Nainki egnidagi kiyimi frantsuzcha urf-odat, an’analarga butunlay mos kelardi; u hatto ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida hech bir uyalmay-netmay Jinetta bilan yalab-yulqashardiki, bunday qiliq arablarda eng yomon isnod sanalar edi. Ko‘p ichkilik ichishardi, goho yonlarida unchalik yasanmagan, taxminan o‘ttiz yoshlardagi uchinchi bir odam ham kutilmaganda paydo bo‘lib qolardi.
Jinetta bir kuni qisinib-qimtinib menga birinchi marta murojaat qilgan payti, aftidan, kaminani ingliz deb o‘yladi shekilli, odatdagiday peshtaxta oldida o‘tirardi. Men uning o‘ng tomonida, yigit esa u yonida edi. U do‘stlarim Marokashda olayotgan film haqida so‘radi, men uning savollariga bajonidil javob qaytardim. Bu Jinetta uchun ulkan voqea edi, chunki u, sezishimcha, hayotini jon deb kino san’atiga bag‘ishlagan bo‘lardi. Madam Minon bizlar, ya’ni uning eng yaqin dugonasi va men bir-birimiz bilan nihoyat, tanishib olganimizdan xursand edi. Birpas suhbatlashganimizdan so‘ng, qiz menga yonidagi yigitni tanishtirdi, ular turmush qurishganiga bir yil bo‘libdi. Buni eshitib, hayron qoldim, negaki, hammasini boshqacha tasavvur qilgan edim. Ularni ko‘rgan odam, hali ham to‘y sayohatida yurgan bo‘lishsa kerak, deb o‘ylardi. Lekin Jinetta yolg‘iz o‘zi eshikka termilib o‘tirgan paytlarda vaziyat birdaniga o‘zgacha tus olar, ko‘ngli batamom boshqa bir erkakni tilayotgani ayon bo‘lib qolardi. Nozik hazil-huzul asnosida ularning turmush tarzidan ham ancha-muncha voqif bo‘ldim. Anglashimcha, tungi soat uchda restorandan uyga qaytishgach, tamaddi qilishar, sahar beshga tomon yotib, to peshinga qadar dong qotib uxlashar ekan.
– Kuyov nima ish qiladi? – so‘radim men qizdan.
– Hech nima, – dedi u, – uning o‘z otasi bor.
Buni eshitib, madam Minon badxohlik bilan iljayib qo‘ydi. Qizbolasifat yigit ham chiroyli tishlarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lganday, beo‘xshov tirjaydi. Noqulay ahvolga tushib, xijolat bo‘lib o‘tirmadi, balki satangligi ustun keldi. U meni, men uni ichishga taklif qildim, suhbatimiz ham tez qovusha qoldi. Rang ko‘r, hol so‘r, degan gap to‘g‘ri ekan. Yigit zohiran qanday bo‘lsa, botinan ham xuddi shunday – erka, tantiq edi. Buyam yetmagandek, butkul frantsuzlarga taassub qilgani-chi. O‘zi Frantsiyada bo‘lganmikin? Shu haqdagi savolimga:
– Qayoqda, Marokashdan hech qachon tashqariga chiqmaganman, – dedi. Bu arzanda Parijga borishni xohlarmikin? Yo‘q, qiziqmas ekan. Angliyaga-chi? – Yo‘q, darkor emas. – Umuman, biron yoqqa borishni xohlaydimi-yo‘qmi? – Yo‘q. – U barcha savollarimga aniq bir maqsadi yo‘q odamday lanj, mujmal javob qaytarardi. Demak, uni bu yerga bog‘lab turgan bir nima bo‘lishi kerak, – o‘yladim men. Jinettamikin, yo‘q, u emas, chunki uning ahvoli ma’lum, qaerga bo‘lsa ham ketishga tayyor, uchgani qanoti yo‘q edi.
Bir qarashda shunday “sip-silliq” va oddiygina ko‘ringan juftlikning turgan-bitgani jumboq edi. Ular har oqshom restoranda hozir-nozir edilar. Chet ellik mijozlardan tashqari ularni yana bir narsa: Minon xonimning gramplastinkalari qiziqtirardi. Ba’zi bir qo‘shiqlarni qayta-qayta, gohida ketma-ket besh-olti martadan qo‘ydirib tinglashardi. So‘ng eshik bilan peshtaxta orasidagi torgina xonada raqsga tushib ketishardi. Eng qizig‘i, raqs paytida bir-biriga chunonam yopishib-qapishib olishardiki, buni ko‘rib turishning o‘zi bir azob edi. Jinetta ana shunday intim raqs tushishni juda-juda yoqtirardi, lekin tomoshabinlardan uyalibmi, goho eridan nolib ham qo‘yardi.
– U bilan raqs tushish dahshat. Ko‘p marta aytib ko‘rdim, bo‘lmadi, boshqacha raqs tusholmas ekan.
Navbatdagi raqs boshlangach, ular nafas rostlab, endi gramplastinkalarning gir aylanishini diqqat bilan kuzatishardi. Men Jinettani o‘zi istagan o‘zga bir mamlakatda tasavvur qilib ko‘rdim, u o‘sha yerda ham, masalan deylik, Londonda, xuddi shunday odamlar bilan xuddi shunday zamonda, xuddi shunday hayot kechirgan va xuddi shunday plastinkalarga raqs tushgan bo‘lardi.
Bir oqshom restoranda yolg‘iz o‘zim o‘tirgandim, Minon xonim mendan, Jinetta sizga yoqadimi-yo‘qmi? – deb so‘rab qoldi. Gap nima haqida ketayotganini tushundim va:
– Albatta, u tabiatan yoqimtoy qiz, – dedim.
– Bilasizmi, uni tanib bo‘lmay qoldi, – dedi Minon xonim tashvishlanib. – Uning shu bir yil ichida qanchalik o‘zgarib ketganini tasavvur qilsangiz edi! Sho‘rpeshona ekan, bechora! O‘zi o‘sha yigitga turmushga chiqmasligi kerak edi. Bu yerliklar yaxshi qalliq bo‘lolmaydi. To‘g‘ri, u yaxshi oiladan, otasi boy-badavlat, biroq Jinettaga uylangani uchun uni merosdan mahrum qilgan. Qiz arabga turmushga chiqqani bois otasi undan holing nima deb so‘ramaydi. Endi ikkovida hemiriyam yo‘q.
– Yigit hech qaerda ishlamasa, otasi unga hech vaqo bermasa, unda qanday tirikchilik qilishayapti?
– Nahotki buni bilmasangiz? Yigitning do‘sti kimligini bilmaysizmi?
– Yo‘q, buni men qayoqdan bilay?
– Hozirgina ular bilan birga o‘tirganini ko‘rdingiz-ku. Yigitning suygan og‘aynisi – shahar hokimining o‘g‘li. Bu gapga ancha bo‘lgan. Hozir hokim o‘g‘lidan achchiqlanib yuribdi. To‘g‘ri, uning ayollarga hech qanday e’tirozi yo‘q, o‘g‘illari qancha xotin olsa olaversin, mayli. Ammo-lekin, erkak erkak bilan... bunga u hecham toqat qilolmaydi. Bir necha kun bo‘ldi, u o‘g‘lini haydab yuborgan.
– Bundan chiqdi, kuyov o‘sha do‘stining orqasidan kun ko‘rib yurgan ekan-da?
– Ha-da. Uni nafaqat o‘sha do‘sti, balki Jinetta ham boqayapti. Yigit qizni boy-badavlat arablar bilan yotishga majbur qiladi. Yana bittasi bor, Jinettani yaxshi ko‘radi, u hokimning o‘g‘li bilan birga turadi. Yoshi o‘tibroq qolgan, ammo puli ko‘p. Avvaliga qiz unga unamadi, lekin eri qurg‘ur majburlasa, u bechora nimayam qila olardi, ko‘nikishdan boshqa iloji yo‘q. Mana endi uchovlon ko‘pincha birga yotishadi. Agar qiz xohlamasa, eri uradi. Lekin bu shunchaki foyda uchun, aslida u juda rashkchi, xotinining faqat pul to‘laydigan erkaklar bilan yotishiga ruxsat beradi, xolos. Basharti qiz biror kimni yoqtirib qolsa bormi, ana ko‘ring tomoshani, rashki kelib, janjal ko‘taradi. Bordi-yu, puli bor odamni yoqtirmay, u bilan birga bo‘lishni xohlamasa ham, yoki o‘zi kimnidir yoqtirib qolib, undan hech qanday haq olmasdan aloqa qilsa ham, baribir uni do‘pposlayveradi. Bechora qiz, shunchalik ham baxtsiz bo‘ladimi, sho‘rlik nima qilishini bilmay qoldi. Uni bu yerlardan olib ketadigan odamni kutgani-kutgan. Unga rahmim keladi, qaniydi yo‘li ochilib, uzoq-uzoqlarga ketvorsa. U mening bu yerdagi birdan-bir, yagona dugonam, ketib qolsa, nima qilaman, o‘zimam bilmayman.
– Hokim o‘z o‘g‘lidan achchiqlanib yuribdi deysizmi?
– Ha, uni ma’lum muddatga badarg‘a qilgan. Shunday qilsam, aqli kirib qoladi, deb o‘ylaydi. Yo‘q, uning aqli sira kirmaydi, chunki ikkovi bir-biriga o‘rganib qolishgan.
– Jinettaning xushtori-chi, u hozir qaerda?
– U ham birga ketgan, axir hokimning o‘g‘li bilan doim birga-ku.
– Demak, hozir ikkoviyam yo‘q, shundaymi?
– Shunday. Bu – kelin-kuyov uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Pullari yo‘q, qarz hisobiga yashashyapti. Lekin bu uzoq davom etmasa kerak. Hokim o‘g‘lini ajratib olish uchun ko‘p urindi, bo‘lmadi, o‘g‘il quloq solmay yana Jinettaning eri bilan topishib olayapti. Ota noiloj yon berishga majbur bo‘ldi.
– Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.
– Ha-ya, izga tushib ketar, kuyingan bilan foydasi yo‘q. Yigit shu kunlarda bir oz jahldor bo‘lib qolgan, shu xolos. Mushkul vaziyatdan chiqish uchun “mijoz” qidirib yuribdi. Odamlar sizni juda boy deyishadi. Siz bilan gaplashganining boisi ham shu. Ammo men unga aytdim, bekorga ovora bo‘lma, dedim. Axir, siz bama’ni odamsiz. Ayting-chi, Jinetta sizga yoqadimi?
Ana xolos, mening yolg‘ondakam boyligim boshimga shuncha g‘avg‘o olib keladi deb o‘ylamagan edim. Ammo-lekin bir nuqtada Minon xonimga nohaqlik qildim.
– Uni bu yerdan olib ketish kerak edi, – so‘zida davom etdi u. – Jinetta uchun kuyoviga pul-mul berib o‘tirmang tag‘in. Nima bo‘lsa bo‘lar, baribir bechora qizga foydasi yo‘q. Agar u bilan birga yashaydigan bo‘lsa, hech qachon biri ikki bo‘lmaydi. U hamma narsasini tortib oladi. Yaxshisi, qizni o‘zingiz bilan olib keting. Istasangiz, u siz bilan ketadi, buni o‘zi menga aytdi. Xushtori esa ketolmaydi, bu oson emas, qolaversa, hokimning o‘g‘li qo‘yib yubormaydi, pasport ham ololmaydi. Qizga achinaman, kundan-kunga rangi bir ahvol bo‘lib borayapti. Uni bundan bir yil oldin ko‘rganingizda bormidi, yangi ochilgan g‘uncha derdingiz. Qizga yaxshi muomala-yu, bama’ni turmush kifoya. Axir, u ingliz, albatta otasiga tortadi. Shunaqayam yoqimtoyki, asti qo‘ying. Odamning ishongisi kelmaydi. Siz ham uni ingliz deb hisoblagan bo‘larmidingiz?
– Yo‘q, – dedim men. – Tag‘in bilmadim, balki. Ehtimol, nazokatli bo‘lsaydi, shunday deb o‘ylagan bo‘larmidim.
– Bo‘lmagan gap, – e’tiroz bildirdi Minon xonim. – U nazokatga ham, latofatga ham boy qiz. Xuddi ingliz ayoli kabi. Shaxsan men inglizlarni yoqtirmayman. Ular menga o‘ta sipo bo‘lib tuyuladi. Anov do‘stlaringizga bir qarang-a! Yetti-sakkiz nafar odam bir necha soatdan beri miq etmay o‘tirishibdi. Buni ko‘rib, meni vahima bosadi. Ularning orasida, ehtimol, sadist-qotil ham bordir, kim bilib o‘tiribdi. Biroq amerikaliklar – ularga sirayam toqat qila olmayman. Naq varvarlarning o‘zi deysiz. Mening rezinka tayog‘imni hech ko‘rganmisiz?
Ayol shunday deb, uni peshtaxta ortidan oldi-da, bir-ikki marta qattiq silkib qo‘ydi.
– Buni faqat amerikaliklar uchun asrab qo‘yibman. U menga juda ko‘p bakor kelgan, men sizga aytsam.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son