OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erl Stenli Gardner. Yashin bir joyga ikki marta tushmaydi (hikoya)

Bob Ferfild taksidan tushdi va poezdda sayohat qilishga o‘rganib ketgan odam qiyofasida San-Frantsisko vokzali perroni tomon qadam tashladi. Uning yuzidan ham, xatti-harakatidan ham chap qo‘lidagi sumka ichida qimmatbaho brilliantlar borligini bilishning imkoni yo‘q edi. U nazoratchiga Los-Anjelesga chiptani ko‘rsatdi va vagonlar yo‘nalishi bo‘ylab keta boshladi. U vagonlar raqamiga diqqat bilan qaradi va o‘n birinchi raqamli vagonga chiqdi. 
Sakson soniyadan so‘ng perronga kirish to‘xtatiladi. Bir yuz qirq soniyadan so‘ng poezd yo‘lga tushadi. 
Deyarli barcha yo‘lovchilar poezdga chiqib bo‘lishgandi. Juft raqamli o‘rinlarga choyshablar solingandi. Toq raqamli o‘rindiqlarda yo‘lovchilar o‘tirishardi. Bob Ferfild yo‘lovchilarga bir qur nazar tashladi va yengil nafas oldi.
-Baribir sayohat qilish yoqimli,-ming‘irladi u.
So‘ngra palto bilan shlyapasini yechib, ilgichga ildi va o‘rindiqqa cho‘kdi. Bob sumkasini yoniga qo‘ydi va bir qo‘li bilan mahkam ushlab oldi.
U u yoq-bu yoqqa nazar tashladi va qotib qoldi. Bob Ferfild hozirgina vagonga chiqqan kishini yaxshiroq ko‘rish uchun o‘rindiq chetiga surildi.
Vagon burchagida, eshik ro‘parasida Slik Simmz – qimmatbaho toshlar o‘g‘risi turardi. Ferfild Simmzni bir ko‘rishdayoq tanidi va hushyor tortdi. Uning o‘ng qo‘li chap qo‘ltig‘i ostidagi to‘pponchaga uzatildi. Ferfild har ehtimolga qarshi hushyorlikni kuchaytirdi. 
Brilliantlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma xodimi Bob Ferfild qimmatbaho toshlarni o‘g‘irlashda nom chiqargan barcha o‘g‘rilarni tanirdi. Slik Simmz o‘g‘rilar ro‘yxatida, aytish mumkinki, «faxrli» birinchi o‘rinda turardi. Ammo Bob Slik Simmz uni tanimasligiga ishonchi komil edi. Bob Simmzni bir marta politsiya mahkamasida ko‘rganida eslab qolgandi. 
Politsiya shu paytgacha Simmzning hech bo‘lmaganda bitta jinoyat qilganini ham isbotlay olmagandi. Ular bu o‘g‘ri yigirmadan ortiq o‘g‘irlik sodir etganini bilishardi. Ammo politsiyada bu o‘g‘irliklarni isbotlovchi birorta ham dalil yo‘q edi.
Bob Ferfild o‘rindiqni to‘suvchi pardani yopdi va vagon ichini kuzata boshladi. U doimo o‘g‘irlikning oldini olish choralarini ko‘rib qo‘yardi.
Besh yillik faoliyati davomida u hali biror marta qo‘lidagi xazinani oldirmagandi. Shu boisdanmi, o‘g‘rilarning epchilligiga shubha ham qila boshlagandi. Lekin baribir yonida to‘pponcha olib yurar, poezdda hech kim bilan tanishmasdi. U vagondan tushib, keyingi poezdni kutishni ham o‘yladi. Uitni brilliantlari Slik Simmzning e’tiborini tortgani aniq. Ammo g‘ildiraklarning taraq-turuqi va vagonlarning g‘ichirlagan ovozi endi kechligini anglatardi. 
Poezd San-Xosedagi qisqa to‘xtashni hisobga olmaganda, tunda deyarli to‘xtamaydi. Ertalab Santa-Barbarada to‘xtaydi, so‘ng Somisda to‘xtab o‘tadi. Nihoyat Los-Anjelesdagi Arkeyd vokzaligacha hech qaerda to‘xtamaydi. Agar San-Xoseda poezddan tushib qolsa, keyingi poezdni uzoq kutishga to‘g‘ri keladi. Ferfild yelkasini uchirdi va tuni bilan uxlamaslikka qaror qildi. 
Simmz Bob Ferfildning ro‘parasidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirdi. Uning yengil harakatlari xuddi ovga chiqqan yirtqichni eslatardi. Ammo u ehtiyotkor edi va to‘g‘risidagi yo‘lovchiga umuman qaramadi. Uni atrofdagilar mutlaqo qiziqtirmayotgandek edi. U barmog‘ini o‘ynatib o‘tirardi. 
Poezdning yurishi tezlashdi. Oynalarga yomg‘ir tomchilari urildi. Ferfild vagondagi boshqa yo‘lovchilarga nigoh tashladi. Vagonda o‘ntacha odam bor edi.
Simmz boshini orqaga tashlab, uf tortdi va vagon ichiga ko‘z yugurtirdi. U aftidan Bob Ferfildning diqqat bilan qarab turganligini sezmasdi, uning nigohi vagon oxiridagi o‘ringa qaratilgandi. Simmz bir necha soniya yigirma yoshlardagi qizga qarab turdi, so‘ng yana boshini egib, barmoqlarini chalishtirdi. 
O‘n ikkinchi o‘rindiqdagi qiz tunni uyqusiz o‘tkazganligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Uning ko‘zlari qizarib ketgan, yuzi oppoq tusda edi. O‘ng qo‘li bilan esa tizzalari ustidagi sumkani shunday mahkam ushlagandiki, barmoqlari oqarib ketgandi. U Bob Ferfildga tikilib turar, ko‘zlarida esa   shubha va xavotir ma’nosi zohir edi. 
Bob Ferfildning diqqatini yana Slik Simmz o‘ziga tortdi. U xuddi ovga chiqqan mushukdek qizga tikilib turardi. Uning sovuq ko‘zlarida tahdid mujassam edi. 
Bob Ferfild qizning nonushta ham qilmaganligini sezdi. Shu payt ofitsiant patnis ko‘tarib keldi. Bob qahva, bulochka va qovurilgan go‘sht olib, ishtaha bilan ovqatlanishga kirishdi. Ferfild xudbin emasdi, ammo uning eng asosiy qoidasi begona yo‘lovchilarga yaqinlashmaslik edi.
Ikki soatdan so‘ng poezd Los-Anjelesdagi Arkeyd vokzaliga kirib keldi. Bob Ferfild vagondagi barcha yo‘lovchilar tushib ketishini kutib turdi. Shundan keyingina perronga tushdi va janub havosidan miriqib nafas oldi. U tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi. U odatiga ko‘ra oldiga kelib to‘xtagan taksiga emas, keyingisiga chiqdi va mehmonxonaga ravona bo‘ldi. 
Bob Los-Anjelesga tez-tez kelib turar, shuning uchun bu yerdagi mehmonxonalardan biridan o‘ziga alohida xona buyurtma qilib qo‘ygandi. Bu xona uning ikkinchi uyiga aylanib qolgandi. Xonadagi shkaflarda uning kiyimlari, kitob javonida sevimli kitoblari, eng asosiysi – kichkina, lekin ishonchli seyf bor edi. Bu seyfni ochish uchun har qanday o‘g‘rining kamida bir necha soat ter to‘kishiga to‘g‘ri kelardi.  
Ferfild bu xonada uni tunashga harakat qilishlaridan tashvishlanmasdi. Shunchaki u har safar tashqariga chiqqanida brilliantlarni o‘zi bilan olib yurmaslik uchun seyf qildirgandi. Mehmonxonaning seyfi ham bor edi, lekin mijozlar uning oldida o‘tirganida u qimmatli vaqtini sarflab har safar yerto‘ladagi seyfga borishni ma’qul ko‘rmasdi. Ferfildga brilliantlarini xonaning o‘zidagi seyfdan olib xaridorga ko‘rsatish qulay edi. 
Mehmonxona xizmatchisi Bob Ferfildni tavoze bilan kutib oldi. Havo ham, nonushta ham  Bobning kayfiyatini ko‘tarib yuborgandi. 
U xonasiga kirdi, seyfning raqamlarini terib ochdi, sumkasidan brilliantlarni olib birpas tomosha qildi va seyfga soldi. So‘ng seyf eshigini yopib, raqam terdi. Shundan keyingina yengil nafas oldi. Poezddagi xavotiridan hozir kulgisi kelayotgan bo‘lsa-da, Bob baribir Slik Simmzni eslasa qaltiroq bosardi.  
-Asabim charchabdi,-ming‘irladi Ferfild.
Bob viski quyib ichdi va eshik tomon yo‘naldi. U pastga tushib mehmonxona boshqaruvchisi bilan gaplashmoqchi, keyin biror tanish bilan tushlik qilgach, xaridorlar bilan uchrashib brilliant savdosiga kirishmoqchi edi.
U yo‘lakka chiqib, eshikni qulflashga urinayotganda ko‘z qiri bilan lift tomon ketayotgan ayolni ko‘rdi. Bob unga e’tibor bermadi, chunki ayollarga deyarli qaramasdi. 
Kutilmaganda u ortida kimdir xitob qilganini eshitdi. U o‘girildi-yu, chiroq nurida yaltirayotgan to‘pponchani ko‘rdi.
Uning ro‘parasida to‘pponcha ushlagancha poezdda o‘n ikkinchi o‘rindiqda o‘tirgan qiz turardi. 
-Meni poylab yurganingizni bilgandim!-dedi qiz.-Marvaridimni o‘g‘irlamoqchimisiz! Kechirasiz janob, men ahmoqmasman! Politsiyada gaplashamiz siz bilan.
Taajjubdan Ferfildning og‘zi ochilib qoldi. 
-Nima deyapsiz? Manavi matohingizni oling,-dedi u o‘ziga kelib.
-Meni ortimdan kuzatib poezdga chiqdingiz,-dedi qiz. –Men o‘tirgan vagonda keldingiz. Tuni bilan uxlamaganim uchun maqsadingizga yetolmadingiz. Endi men tushgan mehmonxonaga kelib, men bilan bitta qavatdan xona oldingiz! Hammasini bilaman! Kotibamni bo‘shatib to‘g‘ri qilgan ekanman. Politsiya uning allaqanday o‘g‘ri bilan gaplashganini ko‘rganligi haqida meni ogohlantirgandi. Mening qaysi poezdda ketishim, qaysi mehmonxonada turishim haqida sizga kotibam aytganmi? Ko‘ramiz, politsiyada nima deb javob berishingizni. Liftga chiqing! Ortiqcha harakat qilsangiz otib tashlayman. 
Ferfild kulib yubordi. 
-Siz meni o‘g‘ri deb o‘ylayapsizmi? –dedi u. Qizning ko‘zlarida g‘azab uchquni chaqnadi.
-Meni ahmoq qilaman deb o‘ylamang!-qichqirdi u. 
Bob Ferfild cho‘ntagidan asta tashrif qog‘ozini oldi va qizga uzatdi. 
-O‘zimni tanishtirishga ruxsat eting. «Satter, Medison va Ferfild» brilliant savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma xodimi Bob Ferfildman. Men doim shu mehmonxonada turaman. Boshqaruvchi meni juda yaxshi taniydi. 
Qizning ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi. U to‘pponchasini sumkasiga soldi.
-E Xudoyim! – xitob qildi qiz. – Men sietllik Greys Delanoman. Sizlarning firmangiz bilan oldi-sotdi qilganman. Buni qarang! Bob Ferfild! Men bo‘lsam sizni o‘g‘ri deb o‘ylabman… - u kulib yubordi. – Gap shundaki, menda juda qimmatbaho taqinchoq bor. Potterlar kollektsiyasining marvaridi. U sumkamda turibdi. Xaridor bilan uchrashuvga ketayotgandim. Sizni vagonda ko‘rganimda... 
Qiz unga qo‘lini uzatdi. Ferfild uning qo‘lini siqib qo‘ydi va ta’zim qildi.  
-Qarang,-dedi qiz. 
U sumkasini ochganida Bob qora charm ustida tovlanayotgan oppoq marvaridlarni ko‘rdi. 
-Menga yaxshigina taklif bo‘ldi,-dedi qiz yon-atrofga ehtiyotkorlik bilan qarab olib. 
U kutilmaganda shartta sumkasini yopdi.  Yo‘lakda bir erkak kelardi. Uning sovuq boquvchi ko‘zlari Bob Ferfild va uning yonidagi qiz tomonga qaratilgandi. Uning ortidan yana ikkita nusxa kelardi. Bostirib kiygan shlyapalari ostida ularning dahshatli ko‘zlari uchqun sochib turardi.  
Bob Ferfild Slik Simmzni tanidi. U xavfli kimsalar va hech kim yordam bera olmaydigan kimsasiz yo‘lakka ko‘z yugurtirib o‘zining naqadar ojizligini sezdi.  
-Tezda bu yoqqa!-xitob qildi u. 
Qiz unga bo‘ysundi. Bob kalitni burab, eshikni ochdi va qizni ichkariga tortdi.  
Slik Simmz sheriklariga nimadir dedi va ular Bobning xonasi tomon yugurishdi. Ammo Bob Ferfild ichkariga kirib, eshikni qulflashga ulgurdi. 
Qiz unga xavotir bilan tikildi.
-Nima bo‘ldi?-so‘radi u. 
-Slik Simmz, -qovog‘ini uygancha javob berdi Bob, - qimmatbaho toshlar o‘g‘risi. Sizni yo‘l bo‘yi u kuzatib kelgan. U biz bilan bitta vagonda keldi. Men uni taniyman. U meni ta’qib qilyapti deb o‘ylagandim. Chunki Uitni brilliantlarini olib kelayotgandim.  
Qizning ko‘zlari katta-katta ochildi, so‘ng jilmaydi. 
-Buni qarang, men hatto bu o‘g‘ri bilan bitta vagonda kelayotganligimni bilmabman. Tuni bilan sizdan qo‘rqqanim uchun uxlamay chiqibman.  
-Ammo sizning ehtiyotkorligingiz naf bergan. Kotibangizni o‘g‘rilar bilan ko‘rishganligini aytgandingiz. U kotibangizga katta pul bergan bo‘lishi mumkin. Bizning ojiz tomonimiz bor. O‘g‘rilarga bizning nima olib ketayotganimiz va qaysi vagonda ekanligimiz haqidagi ma’lumot kifoya. Men erkak kishiman, o‘zimni himoya qila olaman. Ammo siz yolg‘iz o‘zingiz qimmatbaho toshlarni olib yurmasligingiz kerak.  
-U tashqarida kutyaptimi?-so‘radi qiz eshikka ishora qilib.
-Bilmadim, ammo politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman,-javob qaytardi Bob. 
-Yo‘q, iltimos, kerakmas, -yalindi qiz. – Bu narsa gazetada chiqishini istamayman. Agar bu voqea gazetada chop etilsa, mijozim marvaridni sotib olmay qo‘yadi. Shuning uchun ham men hech kimga bildirmasdan yolg‘iz o‘zim kelgandim. Siz brilliantingizni o‘g‘irlatib qo‘yishdan qo‘rqyapsizmi? 
Bob Ferfild jilmaydi. Uning maqtangisi keldi.  
-Men qo‘rqmayman. Mening hech kim ocholmaydigan seyfim bor. Toshlarimni doimo seyfga solib qo‘yaman. Shuning uchun qo‘rqmayman. 
Qiz shu zahoti sumkasidan marvaridni chiqardi. 
-Mumkin bo‘lsa... ikki soatga... shu... 
Bob marvaridga qo‘l cho‘zdi. U marvaridning judayam qimmatbaho ekanligini bir qarashdayoq bildi.  
-Mayli, -dedi u. 
U seyfni ochib, brilliantlar solingan qutichani oldi va qutichaga marvaridni soldi. 
-Sizga yordam berayotganimdan xursandman, Delano xonim. Qiziq, siz bilan ilgari hech uchrashmagan ekanmiz. Siz haqingizda kotibamga bir buyurtma uchun brilliant so‘ramoqchi bo‘lib xat yozdirayotganimda o‘ylagandim. Siz Sietlda anchadan beri ishlaysiz-a? Kotibam siz bilan tanish ekanligini aytgandi.  
-Uch yarim yildan buyon ishlayman,-bosh irg‘adi qiz. – Kechirasiz, marvaridni bir daqiqaga olsam maylimi? Uning bitta simi sal qiyshayib qolgani yodimdan chiqibdi. To‘g‘rilab qo‘ymasam, xaridor olmay qo‘yadi.  
Bob unga qutichani berdi va qizni diqqat bilan kuzatib turdi. Qiz qutichani stol ustiga qo‘yib, ichidan marvaridni oldi va simini epchillik bilan to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng marvaridni birpas tomosha qildi va quticha ichiga nazar tashladi.
- O, Uitni brilliantlari! –xitob qildi u va brilliantlarni tomosha qila boshladi.
U brilliantlarni yaxshiroq ko‘rish uchun qo‘lida quticha bilan deraza oldiga keldi va hatto bir nechtasini qo‘liga olib nurga tutib ko‘rdi. U brilliantlarni qutichaga solishi bilan telefon jiringlab qoldi. Ferfild go‘shakni olib bir necha soniya jim quloq solib turdi.  
-Men Simmzni ko‘rishni istamayman,-dedi u baqirib va go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.-Qarang-a, o‘g‘ri Simmz men bilan muhim masala yuzasidan gaplashmoqchi emish. 
Qiz baralla kuldi. Bobga uning kulgisi judayam yoqdi.  
-Bo‘pti, men ketdim. Tushdan keyin kelib marvaridimni olib ketaman. Sizga katta rahmat.  
Qiz Bobga qo‘lini uzatdi. U qizning qo‘lini siqar ekan, uning ko‘zlariga qaradi. Qizning ko‘zlaridaga xavotir o‘rnini minnatdorchilik va hayrat egallagandi. 
-Siz judayam aqllisiz,-dedi qiz yuzlari qizarib. 
Qiz xonani tark etdi. Bob seyfni yopib xaridorga qo‘ng‘iroq qildi va tushlik qilgani chiqib ketdi.   
-Sodda qiz,-dedi u o‘ziga o‘zi yo‘lakda ketarkan. –Shunday qimmatbaho marvaridni menda qoldirib, mendan hech qanday qog‘oz ham so‘ramadi.  
Dastlabki xaridor ikki yarimda keldi.  
Bob unga viski va sigara taklif qildi, o‘zi esa seyfni ochib, toshlar solingan qutichani oldi. U marvaridni olib cho‘ntagiga soldi, so‘ng xaridorga o‘girilib, qutichani uzatdi.  
-Eng yaxshi brilliantlar, - dedi u. 
-Ha-ha, bilaman. Bu toshlar haqida eshitganman,-bosh silkidi xaridor va qutichani olib deraza oldiga bordi. 
Xonaga jimlik cho‘kdi va birdan xaridor hayqirib yubordi. So‘ng g‘azab bilan o‘shqirdi:
-Bu qanaqa bema’ni hazil?
Bob uning oldiga keldi:
-Hazil deysizmi? Nima demoqchisiz? Men... 
Birdan uning nafasi chiqmay qoldi.  
Kunduzgi nurda tovlanayotgan toshlar Uitni brilliantlari emasdi. Qutichada oddiy shishadan chiroyli qilib ishlangan toshlar turardi. Qutichada ular turli ranglarda tovlanib turar, ammo qo‘liga olgan mutaxassis ularning oddiy shisha ekanligini aniqlashi oson edi. 
Bob Ferfildning peshonasini sovuq ter bosdi.
U shoshib-pishib qo‘lini cho‘ntagiga soldi va marvaridni oldi. Soxta! Nurda marvaridning aslida nima ekanligi ayon bo‘ldi.
-U meni laqillatib ketibdi!-qichqirdi Bob va telefonga yugurdi.
Ikki soatdan so‘ng politsiya ofitseri surishtiruv ishlari haqida gapirib bergach, Bob omadsizlikka uchraganini tushundi.
-Haqiqiy Greys Delano Sakramentoda avtomobilida qo‘l-oyog‘i bog‘lanib, og‘ziga latta tiqilgan holda topildi,-dedi detektiv. –U Sidni Potter kollektsiyasidagi marvaridlarni olib safarga ketayotgan ekan. Yo‘lda uni tunashibdi. Ammo biz Slik Simmzni ushladik. U mehmonxonadan chiqayotgan paytda qo‘lga olingan. Hali u bilan gaplashganim yo‘q.
Eshik taqilladi. Ferfild eshikni ochdi. Tashqarida politsiyachi va mashhur o‘g‘ri Slik Simmz turardi. 
-Meni ushlaganlari uchun kimga minnatdorchilik bildirishim kerak?-dedi Simmz qo‘pol ovozda. – Meni qonunga xilof ravishda ushlaganlari uchun kimga qarshi da’vo qo‘zg‘ashim kerakligini advokatim bilishi kerak. 
-Ha, albatta,-kuldi politsiyachi.-Sen esa nima uchun janob Ferfildning xonasiga qo‘ng‘iroq qilganingni aytib ber-chi? Sheriging qimmatbaho toshlarni almashtirayotgan paytda sen xonaga qo‘ng‘iroq qilgansan. Janob Ferfild telefonda gaplashguncha u barcha ishni bitirgan.  
Simmz hammaga bir-bir qarab chiqdi, so‘ng ohista ovozda gapira boshladi:
-Men yo‘lakda kelayotib bu janobni haligi qiz bilan ko‘rib qoldim. U qizni bir ko‘rishda tanidim. U Milli – qimmatbaho toshlar o‘g‘risi edi. Bu kishini ogohlantirish kerak deb o‘yladim. Shuning uchun pastga tushib xizmatchidan xonaga qo‘ng‘iroq qilib zarur gapim borligini aytishini so‘radim. Ammo bu janob menga qo‘pollik bilan rad javobini berdi va bu hurmatsizligi uchun zarar ko‘rdi. 
Politsiyachi Ferfildga qaradi. Ferfild esa unga. 
-Bu yoqqa yuring, janob, -dedi politsiyachi Ferfildga yo‘lakka chiqishga ishora qilib. 
-Uni qo‘rqitish befoyda,-dedi politsiyachi eshik yopilishi bilan.-Agar istasangiz, tergovni davom ettirishim mumkin, ammo hech narsaga erisholmaymiz. Agar uni qamoqqa olishni so‘rab ariza bersangiz, u sizni sudga beradi. U nima qilish va qilmaslik kerakligini juda yaxshi biladi. U har doim yangi reja o‘ylab topadi. Agar uning rejalari takrorlanganda edi, biz unga ayb qo‘ya olardik. Ammo u buni biladi va har safar yangi narsa o‘ylab topadi. Biz uni «ayyor yashin» deb ataymiz. Chunki yashin bir joyga ikki marta tushmaydi. 
Ferfild chuqur uf tortdi va mushtini tugdi.  
-Uni qo‘yib yuborasizlarmi? 
-Agar ariza yozmoqchi bo‘lsangiz, marhamat,-elkasini qisdi politsiyachi.-Ammo yaxshisi, advokatingiz bilan maslahatlashib oling. Unga qarshi qanday ayblov qo‘yasiz? U siz bilan bitta vagonda kelgan. Mehmonxonada esa o‘zi aytmoqchi, sizni o‘g‘ridan ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirish uchun qo‘ng‘iroq qilgan. 
Ferfild ter bosgan peshonasini artdi.  
-Nahotki uning qiz bilan aloqasini isbotlay olmaysizlar? 
Politsiyachi kulib yubordi:
-Uni qamoqqa olish uchun yarim yillik maoshimdan voz kechardim. Biz uni necha marta kuzatganmiz. Bari befoyda. Yanagi safar esa u butunlay boshqacha harakat qiladi. 
Ferfild xonasiga qaytib kirdi va eshikni katta qilib ochdi.
-Yo‘qol bu yerdan!-qichqirdi u Simmzga qarab.
-Kotibangiz yoki sizning safaringizdan xabari bo‘lgan xodimni ishdan bo‘shatishingizni maslahat beraman,-dedi politsiyachi Ferfildga.
Slik Simmz ularga qaradi.
-Endi buning foydasi bo‘lmasa kerak... –dedi u. – Bilasizmi, yashin bir joyga ikki marta tushmaydi. 
U shu so‘zlarni aytib ta’zim qildi va xonadan chiqib, lift sari ravona bo‘ldi. 
Ferfild politsiyachiga o‘girildi va o‘zi ham sezmagan holda jilmaydi.
-U bir rejani ikki marta qo‘llasa, qo‘lga tushishini biladi.
Politsiyachi bosh irg‘agancha ming‘irladi: 
-U bir kun kelib xato qiladi. 
Ammo Ferfild tabassum qilishda davom etdi: 
-Faqat bu nusxa emas. Aytdingiz-ku, yashin bir joyga ikki marta tushmaydi. 
Tashqaridan pastga tushib ketayotgan lift ovozi eshitildi. «Ayyor yashin» navbatdagi ovga yo‘l olgandi. 

Ruschadan D.Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.