OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Nobel mukofoti topshirilish marosimi uchun tayyorlan nutq

Xeminguey o‘ziga Nobel mukofotining topshirilish marosimida qatnashmagan. Adibning iltimosiga ko‘ra uning nutqini AQShning Shvetsiyadagi muxtor elchisi o‘qib eshittirgan.

Shvetsiya akademiyasining a’zolari, xonimlar va janoblar!
Men nutq so‘zlashga unchalik mohir bo‘lmasam-da, hotamtoy Aofred Nobel mukofotini menga taqdim etishni lozim ko‘rgan barcha kishilarga o‘z minnatdorligimni izhor qilmoqchiman.
O‘zidan ilgari o‘tgan buyuk yozuvchilarning ushbu mukofotdan benasib ketganini eslagan har qanday kishini beixtiyor istihola va xijillik kayfiyati chulg‘ab olishi tayin. Menimcha, o‘tib ketgan ulug‘ zotlarni nomma-nom sanab o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak – marosimda ishtirok etayotgan har bir kishi o‘z bilim darajasidan kelib chiqqan holda, vijdon amriga quloq solgan holda bunday ro‘yxatni o‘zicha tuzib olishi mumkin.
Yozuvchi, yuragidagi hamma dardni qog‘ozga tushirib, vatanining muxtor vakilidan uni nutq sifatida o‘qib berishni iltimos qilishi aqlga sig‘maydigan hol, deb o‘ylayman. Kishi biror narsa haqida yozayotgan paytda ayrim fikr-mulohazalarni esdan chiqarishi yoki nazardan qochirishi tabiiy. Aqlu idrok iskanjasiga bo‘ysunmagan ba’zi paytlarda yozuvchi ko‘p narsaga erishishi ham mumkin. Lekin, ertami-kechmi, o‘sha fikr-mulohazalar tiniqlashib, yozuvchining nimaga qodirligiyu nomining asrlar bo‘yi unutilmasligini hal qilishi ham mumkin. Bularning hammasi yozuvchining iqtidoriga bog‘liq.
Agar yozuvchi juda mashhur bo‘lsa, uning hayoti odatda yolg‘izlikda kechadi. Ehtimol, yozuvchilar tashkiloti uni yolg‘izlik azobidan asrar, biroq uning ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon. U yolg‘izlikdan mahrum bo‘ladi-yu, jamoat arbobi sifatida gullab-yashnab, oxiri talanti zavol topadi. Zotan, ijodkor sifatida faqat mustaqillikda yashash mumkin, xolos. Farosatli yozuvchi kelajakda o‘zini abadiyat yoku zabunlik kutayotganini oldindan bilishi kerak.
Haqiqiy san’atkor har bir yangi kitobi bilan hali zabt etilmagan cho‘qqi sari go‘yo iz tushmagan so‘qmoq bo‘ylab safarga otlanishi lozim. Hech bo‘lmasa, kimdir o‘zidan ilgari ham yurgan-u, lekin so‘nggi manzilgacha yetib borolmagan yo‘ldan yurishi darkor. Agar adabiyot yaratish o‘tmishda yozilgan, a’lo darajada yozilgan mavzular haqida sal boshqacharoq yozishdan iborat bo‘lganda edi, hamma ish xamirdan qil sug‘urgandek bitardi-qo‘yardi. Afsuski, yiroq-yiroqlardan buyuk adiblar tog‘dek bo‘y cho‘zib turgani uchun ham, hozirgi zamon yozuvchisi ovloq go‘shalarga ketishga majbur. U shunchalar yiroqqa ketishi kerakki, qay bir zot yordam qo‘lini cho‘zishni istagan taqdirda ham, hech qanday yordam bera olmasin!
Nazarimda, juda ko‘p gapirib yubordim shekilli. Yozuvchining xalqqa aytadigan gapi bo‘lsa, va’zxonlik qilmay, muqim o‘tirib ijod qilishi kerak. Yana bir bor tashakkur.

Nabijon Boqiy tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.