OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Yolg‘izlik (hikoya)

Kech tushib qolgandi. Kafedan hamma chiqib ketgan, faqatgina elektr nuri ostidagi daraxt barglari soyasida o‘tirgan qariya bor edi. Kunduzi ko‘cha chang bo‘lgan, biroq tunggi shudring bu g‘uborni aritgandi, chol esa kech kirganda bu yerda o‘tirishni yoqtirardi. Chunki u kar bo‘lib, kun va tun orasidagi bu farqni hozirgi oqshomning sokinligiday yaxshi his qila olardi. Kafe ichkarisidagi ikki nafar ofitsiant cholning biroz sarxushligini bilishar, chol yaxshi mijoz bo‘lsa ham, mabodo u bo‘kib ichib olguday bo‘lsa, hisobni to‘lamay chiqib ketmasligi uchun, undan ko‘z uzmay o‘tirishardi.
– O‘tgan hafta u o‘zini-o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘­lib­di, – xitob qilib qoldi bitta ofitsiant.
– Nimaga?
– Jonidan to‘yganmish.
– Sababi nima ekan?
– Hech nima.
– Hech nimaligini sen qanday bilding?
– Axir bir dunyo puli bor.
Ular kafe eshigi yonidagi devorga yaqin stolda, shabadada biroz tebranayotgan daraxt yaproqlari soyasida o‘tirishar, chol o‘tirgan birgina stoldan boshqa qolgan barcha stollar bo‘sh turgan ayvon tomonga qarashardi. Shu payt bir qiz bilan bir askar yigit ko‘chadan o‘tib qolishdi. Ko‘cha chirog‘i askarning yoqasidagi sariq yulduzchani yoritdi. Qizning hech qanday bosh kiyimi yo‘q, yigitning yonida shoshib ketardi.
– Hozir uni qo‘riqchi olib ketadi.
– Olib ketsa, u holda nima bo‘ladi?
– U hoziroq ko‘chadan yo‘qolsa yaxshi bo‘lardi. Qo‘­riqchi uni tutib oladi.
Ular bor-yo‘g‘i besh daqiqa ilgari ketishgandi. Qariya esa haliyam ko‘lankada stakani bilan tarelkasini taqillatgancha o‘tirardi. Yoshroq ofitsiant unga yaqin keldi.
– Nima buyurasiz?
Qariya unga qarab:
– Yana bitta brendi, – dedi.
– Mast bo‘lib qolasiz, – nasihatomuz gapirdi ofitsiant. Chol unga yana qaragandi, ofitsiant nari ketdi.
– U tun bo‘yi qoladi shekilli, – dedi u o‘rtog‘iga. – Meni hozir uyqum kelayapti. Hech qachon soat 3:00 dan keyin uyquga ketmagandim. O‘tgan hafta o‘lib ketganida yaxshi bo‘larkan.
 Ofitsiant kafe ichidagi peshtaxtadan yana bitta tarelka va bir shisha brendi olib, chol o‘tirgan stol oldiga shitob bilan bordi. Tarelkani stol ustiga qo‘ydi va stakanga to‘ldirib brendi quydi.
– O‘tgan hafta o‘lib ketganingda yaxshi bo‘lar ekan, – ijirg‘andi u cholga qarab. Chol esa barmog‘i bilan imo qildi.
– Yana ozroq, – dedi u. Brendini ofitsiant stakanga shunaqa qilib quydiki, ichimlik toshib ketib, bir dasta tarelka ustiga to‘kila boshladi. – Minnatdorman, – dedi qariya. Ofitsiant shishani kafe ichkarisiga olib ketdi. U yana stol atrofiga kelib, sherigi yoniga o‘tirdi.
– Uni kayfi oshib qoladi hozir, – dedi u.
– Axir har tunda mast bo‘ladi-ku. Nima uchun o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘libdi?
– Men qayoqdan bilay?
– Buni qanday bajaribdi?
– O‘zini osibdi.
– Kim uni qirqib olgan?
– Qiz jiyani.
– Nega ular cholni qutqarib qolishibdi?
– Uning yuragidan xavfsiraganlari uchun.
– Bu qariyaning qancha puli bormish o‘zi?
– Aytishlaricha, juda ko‘p.
– U saksonga kirgan bo‘lishi kerak.
– Uyiga ketsa yaxshi bo‘lardi. Men soat uchdan keyin uyquga yotmagandim avval. Axir bunaqa vaqtda ham uxlamasdan o‘tirish mumkinmi?
– Chol uxlamaydi, sababi u tunda o‘tirishni yoq­tiradi.
– U yolg‘iz. Men esa yolg‘izmasman. Meni uyimda kutayotgan xotinim bor.
– Bir vaqtlar uning ham xotini bo‘lgan.
– Ammo, hozir unga xotin turmaydi.
 Qiz jiyani cholga qarab turadi.
– Bilaman. Uni arqondan qirqib oldi, deding-ku.
– Men bunchalik qarishni xohlamagan bo‘lardim. Qarilik juda jirkanch narsa-da.
– Hamma vaqt ham emas. Bu qariya orasta. U to‘k­may ichadi. Hatto hozir ham mast. Unga bir qara.
– Qarashni istamayman. Uyimga ketgim kelyapti. Uni ishlaydigan odamga nisbatan sirayam hurmati yo‘q ekan.
Qariya stakani osha kafe sathi bo‘ylab, keyin esa ofitsiantlar tomonga ko‘z tashladi.
– Yana brendi, – dedi u, stakanga imo qilib. Shoshilib turgan ofitsiant cholning oldiga keldi.
– Tamom bo‘ldi, – ma’lum qildi u, chet ellik yoki mast odamlar bilan gaplashganda ahmoq odamlar ishlatadigan gap ohangi bilan. – Bugunga yetarli. Endi berkitamiz.
– Yana bitta, – so‘zida turib oldi qariya.
– Yo‘q. Tugadi.
 Ofitsiant sochiq bilan stol chetini artdi-da, boshini tebratdi.
Qariya o‘rnidan turdi, tarelkalarni sekin sa­nadi-da, cho‘ntagidan charm pul hamyonini olib, ichimlik uchun yarim peseta qoldirdi. Ofitsiant, ko‘cha bo‘ylab odimlab borayotgan shunday qari cholni chayqalgancha, biroq viqor bilan qadam tashlashini kuzatib turdi.
– Uni bu yerda qolib ichishiga nega imkon bermading? – deb so‘radi ofitsiantning sherigi. Ular derazalarni yopishayotgandi. – Hamisha soat uch ham bo‘l­madi-ku.
– Men uyga ketmoqchiman. Uxlayman. Soat necha bo‘libdi o‘zi?
– Biz uchun kech bo‘ldi.
– Vaqt barcha uchun o‘zgarmas. Bir xil.
– Sen o‘zing ham qariyalarday gapiryapsan. U bitta shishani sotib olib, uyida ham ichib o‘tirsa bo‘ladi-ku.
– Bu yerdagini gashti boshqacha-da.
– Balki shunaqadir, – deb qo‘shildi xotini bor ofitsiant. U adolatsiz bo‘lishni xohlamasdi. Faqat shoshayotgandi, xolos.
– O‘zing-chi? Odatdagi vaqtingdan avval uyga borishdan qo‘rqmaysanmi?
– Ustimdan kulyapsanmi?
– Yo‘q, og‘ayni. Shunchaki hazillashdim.
– Yo‘q, – dedi shoshayotgan ofitsiant, tushirilayotgan metal derazalardan boshini chiqarib. – Mening o‘zimga ishonchim bor. Butunlay ishonaman.
– Sen yoshsan, o‘zingga ishonching, ishing bor, – sado chiqardi katta yoshli ofitsiant. – Hamma narsang bor.
– Senda nima kamchilik bor?
– Ishdan boshqa hech nima.
– Menda bor narsaning hammasi senda bor.
– Yo‘q, menda hech qachon ishonch bo‘lmagan, qola­versa yosh ham emasman.
– Bas qilaqol. Qayoqdagi gaplarni gapirasan-a, tezroq yopaylik.
– Men ham kafeda qolishni yoqtiradiganlar toifasidanman, – gapida davom etardi ofitsiant.
– Uyquga yotishni xohlamaydiganlar bilan bir­gaman. Tunda yorug‘likka muhtoj bo‘la­digan­lar­dan­man.
– Men uyimda uxlashni xohlayman.
– Biz bir-birimizga o‘hshamas ekanmiz, – qa­ror berdi keksa ofitsiant. U ham uyga chog‘lanish uchun kiyinib olgandi. – Yoshlik va ishonch juda go‘zal bo‘­lishiga qaramay, baribir jumboq. Har oqshom men bu yerni istar-istamay berkitaman, chunki kimdir kafega kelishi mumkin.
– Og‘ayni, tuni bo‘yi ochiq turadigan qovoqxo­na­lar bor.
– Tushunmading. Bu toza va xuzurbaxsh kafe. Ju­da yorug‘ ham. Buning ustiga hozir bu yerda barglarning soyasi ham bor.
– Xayrli tun, – so‘zini kesdi yosh ofitsiant.
– Sengayam, xayrli tun, – xayrlashdi keksasi ham.
 U elektr chiroqni o‘chirar ekan, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashishni davom ettirdi. “Chiroq-ku, mayli, biroq joyning toza va yoqimli bo‘lishi muhim. Ko‘nglingiz musiqa tusamaydi. Shubhasiz, siz hech qanday musiqani istamaysiz. Yolg‘izlik butun ru­hingizni asir olgan bo‘lsa-da, qandaydir barlar yonidan viqor bilan o‘tib ketasiz. U nimadan qo‘rqadi? Bu qo‘rquv yoki vahima emas. Bu hisning hech narsa emasligini hatto uning o‘zi ham juda yaxshi anglardi. Hayot hech nima, insonning o‘ziyam hech kim emas. Bor muhtojlik faqat yorug‘lik, mukammal orastalik hamda tartib. Ba’zi odamlar shu tarzda yashayveradilar va hech qachon buni teran anglashmaydi, ammo u hayotning borligini albatta bedorlik ichida ekanini biladi, bedorlikning albatta va albatta jo‘sh urib, avj olib boraverishini chuqur anglaydi. Bizning bu bedorligimiz san’atdagi bedorlik ichida yashaydi, Xudoning ham bedorligi shubhasiz ayon-ku, axir. Bizga bu bedorlikni har kun taqdim eting, bedorligimiz g‘ofil yuraklarni-da uyg‘otsin, borgan sari uyqudan yuz o‘giraveraylik, buning o‘rniga bizlar bedorlik bag‘­ridan qaytmaylik; axir bedor qalblar muqarrar baxtlidirlar”.
Jalaning yog‘ishi ham qup-quruq oqayotgan sarobday tuyuldi unga. Keksa ofitsiant nim jilmayib, bug‘ tutuni buruqsayotgan kafe mashinasi turgan bar oldida to‘xtadi.
– Sizga nima kerak? – deb so‘radi barmen.
– Bedorlik.
– Aqling joyidami o‘zi, – ensasi qotdi barmen va nari ketdi.
– Kichkina bir chashkada ichimligingizdan be­ring-chi, – dedi ofitsiant.
 Barmen unga quyib uzatdi.
– Bu yerda nur biram yorug‘ va yoqimli ekan, ammo bar tozalanmabdi, – xitob qildi keksa ofitsiant.
Barmen unga qarab, churq etmadi. Tunda suh­bat­lashish uchun juda bemahal edi.
– Yana bir chashka xohlaysizmi? – deb so‘radi barmen.
– Yo‘q, rahmat, – rad etdi ofitsiant, shunday deb tashqariga chiqib ketdi.
U negadir barlarni va qovoqxonalarni yoqtir­masdi. Ozoda, yop-yorug‘ kafe esa umuman bo‘lakcha. Hozir keksa ofitsiant uzoq o‘ylanmasdan uyiga, o‘z xonasiga kirib ketadi. Karavotiga cho‘ziladi, nihoyat kun yorishganidan keyingina uyquga ketdi. Oxiri u, o‘ziga-o‘zi, bu faqat uyqusizlik bo‘lsa kerak, deb qo‘yadi. Bedorlik esa ko‘pchilik odamlarda bo‘ladi.

Rus tilidan Temur Tangriberganov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 11-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.