O‘sha unutilmas tongda xotinim kutilmaganda odatdagidan barvaqtroq turdi. Mana, yaqinda bir yostiqqa bosh qo‘yganimizga ham o‘ttiz yil to‘ladi, shu o‘tgan davr ichida loaqal biror marotaba bo‘lsin, meni bir on nazaridan hech chetda qoldirgan emas. Uyda uning taraq-turuq qilib yurishidan ayniqsa ta’bim tirriq bo‘lib ketdi. U eshiklarni taqillatib, derazalarni tars-turs qilib ochar, stullarni esa ayamay u yoqdan-bu yoqqa surar edi. Tavba, hech tushunolmayman: bu ishlarini ohistagina, shoshmasdan qilsa bo‘lmasmikin yoki bugun mendan barvaqtroq turganiga shunday qilyaptimikin-a? Bular kamlik qilganday, goh polga cho‘tkani tushirib yuboradi, goh vang‘illatib radioni qo‘yadi, goh g‘ing‘illab xirgoyi qiladi. Ustiga-ustak hushtak chalganiga o‘lasizmi...
“Tavba, xuddi bezori ko‘cha bolasiga o‘xshaydi-ya! Nevara ko‘rganiga o‘n kun bo‘lgan kishiyam o‘zini shunday tutadimi-a!” — o‘yladim g‘azabimni ichimga yutib, so‘ng jahl bilan adyolni ustimga tortdim-da, uxlashga harakat qildim. Agar qo‘qqisdan changyutgich shig‘illab qolmaganda, ko‘zim ilinib, bir oz orom olgan bo‘larmidim. Har qalay bularning hammasiga tishimni tishimga qo‘yib chidasam bo‘lardi-yu, lekin odatdagi vaqtim bo‘lgani uchun o‘rnimdan turib ketdim. Soat roppa-rosa sakkiz edi.
Boloxonadan tusharkanman, uy ko‘tarilganda anqiydigan hid burnimga gup etib urildi. Hammayoq chip-chinnidek tozalangan. Pillapoyayu, uning panjalaridan tortib polgacha yog‘ tomsa yalagudek. Dahlizning burchaklarida skipidar qo‘shilgan tog‘oralar bilan issiq suv solingan chelaklar turardi. Xotinim endi deraza pardasini dazmollab bo‘lib, uni osmoqchi bo‘lib turgan edi. Hamma ishlarini tugatgach, kiyindi-yu, so‘ng har qanday zarur ishi bo‘lishiga qaramay, yangi tug‘ilgan bola uchun belgilangan xonaga kirmasligimga qasam ichirib, bozorga jo‘nadi. Bu xona boshqa xonalarga qaraganda mo‘‘jazgina bo‘lsa ham, juda yorug‘ — oynasi katta, issiq va shinam edi.
Xotinimning biror narsani esdan chiqazib, yarim yo‘ldan qaytib keladigan odati bor edi. Bu gal uning jo‘nab ketganiga ishonchim komil bo‘lgach, yangi tug‘ilgan bola uchun jihozlangan xonaning eshigini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ochdim. Stol ustida doka va paxtadan tashqari, go‘dak uchun kerakli bo‘lgan narsalar – pushti paxmoq adyoldan tortib, to antiqa jajji qalpoqchagacha bor edi. Ochiq derazadan xonaga muzdek shabada kirardi, burchakdagi hozirgina yoqilgan pechdan harorat taralardi. Quyosh chiqqanda edi, hammayoq charaqlab ketgan bo‘lardi.
Kechqurun shivalab yomg‘ir yog‘ib o‘tgandi. Ertalab havo bulut, havodan endigina kurtak yozayotgan yaproqlarning xushbo‘y hidi anqirdi. Chamasi, havo o‘yga cho‘mgandek – nima qilishini bilmayotgandek edi.
Bu hol uzoqqa cho‘zilmadi. Xotinim qo‘lida bir dasta gul bilan qaytib kelganda, havo ochilib ketdi, soat o‘n birlarda bizning xonamiz quyosh nurlaridan munavvar bo‘lgandi.
Quyosh jamol ko‘rsatib, zarrin nurlari derazamdan mo‘ralaganda, bugun atayin bashangroq kiyinishga jazm qildim. Qanday baxt-a! Men jon-dilidan sevib, doimo g‘amxo‘rlik qiladigan sodiq xotinimning men haqimda qayg‘urmay, uning yo‘l-yo‘rig‘isiz o‘zim bir qarorga keldim. O‘ylab qarasam, o‘ttiz yil mobaynida yakka o‘zimning birinchi marta bir qarorga kelishim ekan.
Mo‘‘jazgina yorug‘ boloxonadan zap vaqtida tushibman-da, kuyovim qaynanasini tug‘ruqxonaga birga olib kelgani kelgan ekan. Xotinimning quvonchi ichiga sig‘may, nuqul shoshilardi. U chaqaloqqa atab olingan narsalarni qo‘ltig‘iga qistirgancha, ketidan eshikni berkitib olishimni uqtirib, g‘izillagancha chiqib ketdi.
Uning ortidan qarab qoldim. Tavba, uning buvi bo‘lganiga hecham ishongim kelmasdi. Sochini qarang-a, oppoq paxta bo‘lib ketibdi. Bundan bir oz ranjigan bo‘lsam-da, miyig‘imda kulib qo‘ydim, hayotimizda biror marotaba bo‘lsin hech san-manga bormaganmiz, mening aziz xotincham – aql o‘rgatuvchim bugun hech qanday pand-nasihat qilmay chiqib ketdi. Menga dakki bergani ham, hech qanday yumush buyurgani ham yo‘q..
Yarim soat mening ixtiyorimda edi. Nima qilish keragu, nima qilmaslik kerakligi o‘zimga havola. Baxtga qarshi, men uchun tamomila begona bu ko‘ngilsiz vaziyatda durustroq biror narsa o‘ylab topolmadim. To‘g‘risini aytsam, bir oz kayfiyatim buzildi. Nihoyat, chor-nochor uzoq, dilni orziqtiruvchi daqiqalar ichida – nevaramni uyga olib kelganlariga qadar uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tanda qo‘ya boshladim.
Men derazadan mashina darvozamiz oldiga kelib to‘xtaganligini ko‘rdim-u, shosha-pisha ularning istiqboliga yugurib, xuddi eshik og‘asidek eshikni lang ochib yubordim. Eng oldinda chaqaloqni ko‘tarib olgan xotinim, uning ortidan esa qizim bilan kuyovim kelishardi. Nafsilamr, ko‘rgan kishi ularni baxtiyor hisoblasa-da, biroq haddan tashqari ularning jiddiyliklarini ko‘rib hayron qolardi. Yangi tug‘ilgan go‘dak yotqiziladigan xona eshigi oldida nevaramga hurmat-la ta’zim qildim-da, “xush kelibsan” deb almoyi-aljoyi qiliqlar qildim.
Bu ishni o‘zimga go‘dakning diqqatini tortish uchungina qildim. Maynabozchilikni iqim suymay, o‘zimni g‘oyatda jiddiy kishi hisoblasam-da, uning diqqatini tortish uchun har narsa qilishga tayyor edim.
Shu zahotiyoq barcha urinishlarimning behuda ekanligini payqab qoldim. Ha, butun qilayotgan harakatlarim behuda edi! Nima qilgan bo‘lsam ham, baribir menga parvo qilishmadi. Men hozir ortiqcha odam edim. Mening bor-yo‘qligim bilan ularning ishlari yo‘q edi.
Bunga to‘la ishonch hosil qilgach, boqqa soqolimni olgani chiqib ketdim. Shirin his-tuyg‘u o‘rnini achchiq iztirob egallab oldi. Meni xo‘rlashdimi, a? Ha, bu xo‘rlash edi. Eng ajablanarlisi shu ediki, baribir men o‘zimni g‘oyatda baxtiyor hisoblardim. Qiyg‘os gullagan olchaning oppoq gulli novdasi men tomon cho‘zilib turardi. Nazarimda u, xuddi men tomonga uzatilgan mayin qo‘ldek tuyulib, kimdir: “Bu yer baxtga to‘liq, kel, quchaman”, deb shivirlayotganga o‘xshardi.
Tez orada oq tunli yoz kunlari boshlanishi haqida xayol sura boshladim. Iztirob chekib, butunlay tushkunlikka tushgan paytingda xayol surmasang, qay mahal xayol surasan? Shumurt oppoq gullab, salqin bahor tunlarida dilni qitiqlab taraladigan muattar hidi haqida xayol surarkanman, beixtiyor quvonchdan qalbim jo‘shib ketdi...
Nihoyat, yana uyga qaytib yangi tug‘ilgan go‘dak yotgan xonaning eshigini ochdim-u, stol ustidagi paxta bilan dokaning yanada ko‘payib ketganligiga ko‘zim tushdi, chaqaloqni ko‘rishdan umidim bo‘lmasa-da, loaqal ovozini eshitarman, degan xayolda ichkariga kirdim.
Xotinimga:
– Jonginam, bir oz sayr qilib kelmoqchiman, nima deysan?– dedim.
Shunday dedim-u, yalt etib kuyovimga qaradim. Uning shu topdagi holatini ko‘rib, bir vaqtlar qachonlardir mening ham boshimga tushgan kunlarni eslab, unga rahmim kelib ketdi. Bu yosh ota bir chekkada dovdiragancha, qisilib-qimtinib ayollarning navbatdagi buyruqlarini kutib turardi.
Shu ondayoq xotinim qizimga:
– Borniy kislota qayerda? – deya murojaat qilib qoldi.
– Borniy kislotami? – savolni qaytardi qizim eriga qarab qo‘yarkan.
Boshimga kuyovimning kuni tushmaganiga xudoga shukur qilib, eshikni yopib qo‘ydim. Oradan chorak soat o‘tar-o‘tmas nihoyatda puxta o‘ylab olganimdan so‘ng, shu daqiqada baxtimni yana bir bor sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim.
Shu soniyadayoq yana yangi tug‘ilgan go‘dak xonasining bo‘sag‘asida paydo bo‘ldim-da:
– Kechirasan, sayr qilib kelishni ortiq orqaga surolmayman,– dedim ovozimni balandlatib.
Odatda xotinim uydan chiqishim oldidan kiyimimni sinchiklab ko‘zdan kechirar, biror yerini to‘g‘rilash yoki cho‘tka bilan tozalash kerakmi, degan maqsadda tekshirar edi, so‘ng cho‘ntaklarimni kavlab, ularda nechta dastro‘molim borligini aniqlab, eng tozasini berib yuborardi, bu ishlarga o‘rganib qolgan ekanman.
Kuymanchiq xotinim hoziroq hamma ishini tashlaydi-yu, yugurgancha dahlizga chiqib, g‘amxo‘rlik bilan menga tanqidiy ko‘z ila boshdan-oyoq nazar tashlagach, bir chekkada avvalgi ishlarini qiladi, deb o‘ylagandim.
Baxtga qarshi, ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning butunlay parvoyi falak edi.
– Men biror soat aylanib kelaman,– dedim toqatim toq bo‘lganini bildirib, xotinimning e’tiborini jalb qilish uchun.
Buni qarangki, shu ondayoq nevaramning qo‘ng‘iroqday ovozini eshitdim.
Bu ingichka ovoz aftidan, yosh onani – qizimni esankiratib va qo‘rqitib yubordi, kuyovim esa quvonch-la hamda gunohkor kishidek iljayardi, xotinim bo‘lsa:
– Voy, mening do‘ndiqcham, voy, mening jajjigina polaponim!– deya chaqaloqni erkalardi.
Ishonchim komilki, bu jajjigina polapon har qalay men emasdim, Ha, xudo haqqi, ishontirib aytamanki, men emasdim!
Xotinim qanchadan-qancha shirin-shakar so‘zlar aytib, karavotcha xizmatini o‘tayotgan oppoq savat ustiga engashdi, ma’lumki, chaqaloq yo kutilmaganda dunyoga keladi yoki uy egalari karavot keltirib qo‘yishga hamda chiroyli nom topishga ulgurolmaslaridan tug‘iladi.
Xotinimning hozirgi fe’l-atvori meni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. G‘azabim qaynab, eshikni lang ochdim-u, xotinimning g‘ashiga tegish uchun zarda bilan:
– Aylanib, bir oz kechiksam, xavotirlanma,– deb ogohlantirib qo‘ydim.
Yo‘q, hech qanday javob bo‘lmadi. Ortiq mening ularga keragim yo‘q edi. Boshim ochiq, qayga bormoqchi bo‘lsam to‘rt tomonim qibla, ochig‘i, tariqcha bo‘lsa-da, bu meni xursand qilmasdi. Biroq orqamdan ko‘cha eshigi qarsillab yopilib qolgandagina o‘zimni qafasdan uchib chiqqan qushdek yengil his etdim.
Atrofga havas-la boqardim. “Avvallari bular qayerlarda edi?” o‘ylardim ko‘chaning ikki betidagi va atrofdagi bog‘lardagi zarang daraxtining qiyg‘os gullaganini payqaganimdan hayratda qolib. O, zarang daraxtlar! Oltinrang daraxtlar! Ular shunday barvaqt gullaydiki...
Qalbim sevinchga to‘lib-toshardi. O‘zimcha g‘ing‘illay boshladim. Qo‘qqisdan miyamga bundan o‘n yil oldin kuylanadigan qandaydir eski qo‘shiq kelib qoldi. Bir necha so‘zlarini yodimdan chiqazgan ekanman, yangi so‘zlarni o‘ylab topishga to‘g‘ri keldi. Bekordan-bekorga sandiroqlab yurib-yurib, nihoyat, duch kelgan bir avtobusga birdan sakrab chiqib oldim. Zarracha bo‘lsa-da, bu meni tashvishga solmadi. Chunki yer dumaloqligini, undan tashqariga chiqib ketib bo‘lmas-ligini hamma qatori men ham bilaman.
Yarim soat yo‘l yurganimdan so‘ng bilsam, shahar markaziga yetib qolibman, avtobusdan tushdim. Tushki vaqt bo‘lib qolgandi, ko‘cha qayerlargadir shoshayotgan odamlar bilan gavjum. Bularni ko‘rgach, klubga borib ovqatlanuvchi eski oshnam esimga tushdi. Bundan ikki yil avval xizmat qilib, pensiyaga chiqmasimdan oldin biz ko‘pincha tushlikni birga qilardik. Bugun qo‘qqisdan meni ko‘rsa, rosa hayratdan dong qotsa kerak, men bo‘lsam xursandlik-la bir stakan vino ustida uydan qochganligimni hikoya qilib beraman.
“Demak, uydan “quyon” bo‘libsan-da?” – deydi u hech qanday gina-kuduratsiz samimiy miriqib kularkan.
“Ha, juftakni rostladim”, – deyman oshnamga uning beg‘araz do‘stona kulishidan zavqlanib.
Klub tomon boriladigan yo‘ldan shunday xayol surib borardim. Gapning ochig‘ini aytsam, u haqida o‘ylasam, yuragimning alla-qayerini xuddi tikan tirnayotgandek bo‘lardi. Banogoh, juda zarur bo‘lib qolsam-u, meni qidirishsa... Shunda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ish bo‘ladi, buni qarang-a, men yo‘qolib qolsam-a. To‘satdan g‘oyib bo‘lganim bilingach, har qalay xafa bo‘lishsa kerak. Ana unda tomoshani ko‘rasiz. Xotinim darhol militsiyaga: “Erim yo‘qolib qoldi!” deb qo‘ng‘iroq qiladi-yu, belgilari shunday-shunday deya tushuntira ketadi... Ya’ni ko‘rinishdan dunyoni suv olsa to‘pig‘iga chiqmaydigan yuvosh odam deydi. Biroq o‘n yilda bir jahli chiqadi, shunda hech kimni, shu jumladan, o‘ziniyam ayamaydi, deydi.
Besh yildan beri hali biron marotaba achchiqlanganimni bilmayman. Demak, shu yil ichida har qanday noma’qulchiliklaru beadabliklarga hamda uydan tashqarida bo‘ladigan pastkashliklarga va uyda tirnoq ostidan kir izlashlariga chidab, lom-mim demay keldim. Turgan gapki, janjalni yoqtirmasligim, yumshoq ko‘ngilligim meni o‘yinchoq magaziniga kirishga majbur etdi. Nimadir sotib olib, uyda biror ko‘ngilsizlik kutib turgan bo‘lsa, shu zahotiyoq olgan narsamni ro‘kach qilaman-da, nevaram uchun o‘yinchoq magaziniga kirganligimni aytib, og‘izlarini ochirmay qo‘yaman.
Bu arzimagan ishga ko‘p vaqtim ketmaydi, deb o‘ylagandim, yon-verimdagi o‘yinchoqlarning azbaroyi ko‘pligidan qay birini olishni bilmay, miyam gangib qoldi. Gangib qolganimni sezgan yoshgina, qaddi-qomati kelishgan sotuvchi qiz hojatimni chiqarish uchun men tomon kela boshladi. Kerakli narsani topolamanmi-yo‘qmi deb nevaramning yarim oyligini unga shipshitib qo‘ydim. Uzoq o‘ylab, nihoyat, rezinkadan yasalgan chiyillaydigan kuchukchani xarid qilib cho‘ntagimga soldim.
Bir necha daqiqadan so‘ng klubga kirib keldim. Hamma joy band. Restoranni sinchiklab ko‘zdan kechirdim, biroq men axtarayotgan eski oshnam oftobda isinish uchun tashqariga chiqib ketgan ko‘rinardi. Birga ishlagan vaqtimizda ikkimiz shunday qilardik.
Endi chiqib ketishga chog‘lanib turgan ham edimki, nogahon bir pari paykar tamannoli qadam tashlagancha to‘g‘ri men tomon kelaverdi. Tavba, xuddi farishtaning o‘zi-ya, munchayam go‘zal! Ko‘zlarim chaqnab, ag‘raygancha qarab turgan edim, o‘sha sohibjamol farishta birdan otimni aytib chaqirib qoldi. Men uni tanimaganligimdan, o‘zimcha poyma-poy chuldirab qo‘ydim. Aftidan, juda kulgili holga tushgan bo‘lsam kerak, shuning-chun, qiz xandon otib kuldi-da, qo‘limdan tutgancha uzoqdagi burchakda bir qiz bilan yigit o‘tirgan stol tomonga boshlab ketdi.
Bu yoshlar meni tanishar ekan-da, deya ko‘nglimdan o‘tkazdim-u, so‘ng, nihoyatda ehtiyotkorlik-la suhbatlashishni ko‘nglimga tugib o‘tirdim. Eski o‘qituvchilarning peshanasiga shunday yozilgan bo‘lsa, qayga ham qochib qutulardi deysiz; aql-hushlarini topib, katta bo‘lib qolgan o‘quvchilar darhol taniydilar, siz bo‘lsangiz har vaqtdagidek ularni uzoq eslashga harakat qilasiz. Yoshlar doimo sizga qarshi til biriktirgandek bo‘lishadi, siz bo‘lsangiz, himoyachisiz yakka qolasiz. Vaqtdan yutish uchun bamaylixotir ko‘z-oynagingizni arta boshlaysiz, biroq hamma vaqt ham bu qo‘l kelavermaydi.
– Gapning sirasini aytsam, bu yerga eski oshnamni uchratarman degan umidda kirgandim,– dedim hamon atrofga alanglarkanman.
– Eski oshnangiz o‘rniga uch nafar yoshlarni uchratdingiz,– dedi meni stolga taklif qilgan qiz. Qolgan ikki yosh uning gapini ma’qullab kuldi.
– Haq gapni aytyapsiz,– javob berdim hamon hech narsaga tushunolmayotgan bo‘lsam-da, shubha bilan ularga qarab.
– Eshitishimcha, pensiyaga chiqqanmishsiz-a?– so‘radi yonimdagi yosh yigit.
– Afsuski, shunday!– dedim boshimni irg‘atgancha uning gapini ma’qullab xijolatdan qutulish uchun xiyol ko‘zimni suzgancha:– Mening yosh do‘stlarim qalay?– dedim.
Meni stolga taklif qilgan qiz, shu yil universitetni tugatamiz, deb javob qildi.
Hech narsaga tushunolmay hayratdan dong qotgancha hamon xayolga cho‘mib o‘tirarkanman, lop etib miyamga bir fikr keldi. Bundan ruhlanib ketdim.
– Ha,–dedim yana tusmollab,– bundan besh yil avval yosh bola edingizlar, o‘shanda oddiygina qilib nomingizni aytib chaqiraverar-dik.
– Hozir ham avvalgicha aytavering,– dedi yonimda o‘tirgan qiz.
– Yo‘g‘-e, endi unday deb bo‘lmas.
– Nega endi bo‘lmas ekan?– ajablanib so‘radi qiz.–Agar siz hozir ham mening ismimni oddiygina Xelga deb atasangiz, boshim ko‘kka yetgan bo‘lardi.
O, Xelga! Shu zahoti ko‘z oldim yorishib ketgandek bo‘ldi. Axir bu qizni juda yaxshi tanirdim-ku, shunaqayam chiroyli kuylardi, uning ajoyib ovozi bor edi. Esimda, o‘qishni bitirish kechasi bolalarni ancha-muncha qayin daraxtini kesib tashlaganligi uchun koyigan edim, shunda qizcha darhol jiddiylashib, qizarib ketgandi. “Tantana-ku, yaxshi, lekin shuncha daraxtni nobud qilib tashlash shartmidi?” – degandim o‘shanda.
Attestat olishgach, qiz meni qidirib topdi-da, guldastasi ichidagi eng katta va chiroyli sallagulni olib menga taqdim etdi. Shu ondayoq sallagulni ko‘kragimga taqib olganimda bormi, bilmadim yuragim qay ko‘yga tushardi?
Biz shu o‘tgan kunlar haqida so‘zlashdik, men o‘sha o‘qishni bitirish kechasidagi to‘satdan guldiragan momaqaldiroqni esladim. Men bularning hammasini balki so‘lib qolgan qanchadan-qancha qayinlar tufayli juda yaxshi eslardim, biroq yosh do‘stlarim bularning hamma-hammasi butunlay yodlaridan chiqib ketganligini aytdilar. Birinchi momaqaldiroq! Qanday qilib uni eslaridan chiqarganikinlar-a? Stolimiz oldida qorachadan kelgan, chakka soqol qo‘ygan yigit paydo bo‘lgunga qadar, taxminan, yarim soat u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. Burunlari ostidagi ingichka mo‘ylovi qop-qorayib turar, ko‘rinishidan juda johilga o‘xshardi. Menga ko‘zi tushgani hamon yeb yuborgudek o‘qrayib qarab qo‘ydi.
Men uni tanimay, qo‘rqqanimdan bu daroz yigit shu soniyadayoq bezorilarcha jig‘imga tegib yo biqinimga tushirib, surobimni to‘g‘rilab qo‘ymasin, deb irg‘ib o‘rnimdan turib ketdim. Keyin bilsam, chakka soqol qo‘ygan yigit bezori emas, balki o‘quvchim ekani meni tamoman hayratga soldi. Uning ismi Xarald edi.
Ma’lum bo‘lishicha, yosh do‘stlarim shahar chekkasiga ko‘ngil yozgani chiqmoqchi ekanlar, Xarald esa ijaraga mashina olib, uni haydab kelgan ekan.
Xelga mendan biz bilan birga borishni istamaysizmi, deb so‘rab qoldi. Sayohat uzoqqa cho‘zilmaydimi deb surishtirib o‘tirmasdanoq, mashinalarida menga ham ortiqcha o‘rin topilsa, o‘zimni g‘oyatda baxtiyor hisoblashimni bildirdim.
Albatta, mashina besh kishilik bo‘lgani uchun menga ham joy topildi.
Qorachadan kelgan daroz yigit rulga o‘tirdi, menga esa Xelga bilan yonma-yon o‘tirishga to‘g‘ri keldi. Bu safarimizni sizga batafsil bayon qilib berolmayman, albatta. Axir o‘zingiz bahorning, yosh ulfatlarning, ijaraga olingan mashinaning qanday bo‘lishini mendanam yaxshi bilasiz. Agar siz ularga mening buva bo‘lganligimni, ustiga-ustak nafaqa-daligimni aytsangiz bormi, buni shu ondayoq tan olgan bo‘lardim. Nafsilamr, shuni bayon qilishim mumkinki, shundoqqina yonimda yoshgina qizcha yoqimli chuldirab o‘tirgan bir paytda miyamga kelgan fikrlar va ko‘nglimni qitiqlagan his-tuyg‘ularni aytib bersam bo‘larmidi? Mening yoshimdagi har bir kishi ham faqat xayol og‘ushiga berilishni yoqtirmay, qanday qilib bo‘lsa-da, hamrohlarining ko‘nglini ovlab ketishga urinardi. Shu topda o‘zimni xuddi yoshlardek abjir va sho‘x his qilardim. O‘z-o‘zimga men erkinman, hech kim meni qidirmaydi, yangi tug‘ilgan go‘dakning sharofati bilan xohlagan paytimda qaytaman, qayerga borganligimni kim ham bilib o‘tiribdi deysiz, derdim.
Bir ozdan so‘ng go‘zal o‘rmon chekkasidagi ko‘lning bo‘yida to‘xtaganimizda quyosh botay deb qolgandi, hamon ko‘nglim tinchimay bezovtalanardim.
Yoshlar baliq tutadigan qarmoqlarini olvolgan ekanlar. Ko‘p o‘tmay ulardan biri – chakka soqol qo‘ygan yigit qamishlar orasidagi bir solni ko‘rib qoldi-yu, unga chiqib suzib ketdi. Uning o‘rtog‘i esa suvga qarmoq tashlab, qayin ildizlari o‘rtasiga o‘tirib oldi. Biz esa qizlar bilan gulxan yoqishni o‘z zimmamizga oldik. Shu yerda, gulxan yonida uyimni qo‘msab qoldim. Qilgan ishimdan pushaymon bo‘la boshladim, biroq yonimdagilardan uyalganimdan bu xayollarni tezda miyamdan chiqarib tashlashga harakat qildim.
Kun yarmidan oqqanda Xelga hech qanday so‘zsiz menga qo‘lini uzatdi. Uning qo‘lidan tutdim. U lom-mim demadi, biroq ma’yuslanib o‘tirganligimni fahmlaganini darhol sezdim.
– Hechqisi yo‘q,– deb qo‘ydim.
Egri-bugri qirg‘oq hamda qamishzor bilan o‘ralgan mo‘‘jazgina suvning tip-tiniq suvi to‘lqinlanib ketdi-yu, qop-qora sharpa ko‘rindi. Bu soldagi Xarald edi.
– Yuring, o‘tin topib kelamiz,– dedi qiz.
Uning so‘zini ikki qilgim kelmadi. Bir-birimizning qo‘limizni ushlagancha, miq etmay tepalikka chopqillagancha chiqa boshladik. Nihoyat, tepalikning eng cho‘qqisiga chiqib oldik. Qayerdandir, olis-olislardan itning uvillagani eshitildi. Nogahon, qiz taqqa to‘xtadi-da, shundoqqina qarshimga kelib, ko‘zlarini yerga tikkancha:
– Agar shu bahor tuni, shu ko‘l, atrofdan eshitilayotgan sirli tovushlar bo‘lmaganda edi, xudo haqqi, hech qachon bu so‘zlarni aytishga jur’at etolmagan bo‘lardim,– dedi.
U his-hayajon bilan aytayotgan so‘ziga javob kutgandek, bir oz jimib qoldi.
– Ha, bugungi tun nihoyatda o‘zgacha,– dedim hayajonimni bosib.
– Mening birinchi sevgim Siz bo‘lgansiz,– dedi Xelga bir oz jimlikdan so‘ng mayin ovozda.
Qaylardadir, tepalik ortida tentakqush sayradi. Boyatdan beri boshini quyi solib turgan qiz nigohini menga tikdi. Bir-birimizning qo‘limizdan tutdik, qizni bag‘rimga tortdim. Boshqa iloj yo‘q edi. Shundoqqina bir-birimizning nafasimizni his qilib turgan bir paytda bu ajib bahor tunini totli bo‘sa ila o‘tkazishga haqli edik, biroq afsuski kutganimizdek bo‘lmadi, falokat bosib ko‘krak cho‘ntagimdagi rezinadan yasalgan kuchukcha chiyillab yubordi.
Xuddi er-xotinlik ahdu paymoniga xiyonat qilib, ta’nayu malomat so‘zlari eshitilayotgandek, qo‘qqisdan sarosimaga tushib qoldim. Shunday ko‘ngilli daqiqada bu o‘ta kelishmagan tuyg‘u edi. Qiz bu holatimdan o‘zini tutolmay qah-qahlab xandon otganda, uyalib xijolatdan yerga kirib ketay dedim. Tepalik ortida sayrayotgan tentakqush jimib qoldi. Mana, ertak ham tugadi...
Gulxan yoniga qaytib kelganimizda tip-tiniq suv ustidagi qora sharpa g‘oyib bo‘lgandi, sol qamishlar orasida chayqalib turardi, qirg‘oqdagi yigit, xuddi bezovta sherdek u yoqdan-bu yoqqa hayajonlangancha yurardi. U Xelgani bir chetga chaqirib oldi, qarasam, bir-birlariga zo‘r berib nimanidir tushuntirishga urinyaptilar, hafsalam pir bo‘lib, o‘rmondan olib chiqqan o‘tinlarni so‘nayotgan gulxanga tashlamay qo‘ydim. Tez orada biz ortimizga qaytdik.
Quyosh endigina borliqqa zarrin nurlarini sochayotganda mashina uyimning darvozasi oldiga kelib to‘xtadi. Qaytayotganimizda hamrohlarim qovoqlarini uygancha, menga uncha ro‘yxush bermay keldilar, biroq xayrlashganimizdan so‘ng hammalari birdan jonlanib ketdilar. Hatto Xarald ruldan tushib, menga:
– Kechirasiz, sizga dag‘allik qildim, boshqa ilojim yo‘q edi, sizdan rashk qildim,– dedi.
Qandaydir bolalarcha soddadillik bilan iqror bo‘lib aytilgan bu so‘zlar menda yigitga nisbatan mehr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Negadir unga o‘zimni juda yaqin olib, shu tobda u bilan dardlashgim kelib ketdi.
Men kuldim-da, so‘ng: “Shu on yondim hijron o‘tida...” deya kuylay boshladim.
Nazarimda, meni to‘g‘ri tushunishdi. Mashina joyidan qo‘zg‘alganda, Xelga:
– Kelasi bahor yana tentakqush sayraganda ko‘rishamiz!– deya qichqirdi.
Nihoyat, ehtiyotkorlik-la hech kimga sezdirmay, bir kecha tark etgan uyimga kirdim. Hamma uxlab yotgandir deb umid qilsam-da, yana ko‘z yoshlari-yu, ta’nali so‘zlar bilan kutib olsalar-a, deb yuragim po‘killay boshladi. Biroq men o‘ylaganchalik bo‘lmadi. Mening muloyim, sochlari oppoq sho‘rlik xotinim ko‘rarga ko‘zi yo‘q bo‘lgan changlarni zo‘r berib artish bilan ovora edi, hozir nevarasini olib kelgandan buyon esa changlarni avvalgidan ming chandon yomon ko‘rib qolgan edi.
Men unga “horma” dedim. U indamadi, biroq bir ondan so‘ng ajablangancha:
– Sen ham bugun kallai saharlab turib olibsanmi?– deb so‘radi.
– Ha,– deb javob berdim o‘zimni ovsarlikka solib, so‘ng hamma gapni ochiq aytishni ham, yolg‘onlashni ham bilmay tezroq jo‘nab qoldim.
Endi ko‘zim ochildi, ko‘pgina narsalarga aqlim yetadigan bo‘lib qoldi, mendagi bu yangi xislatlar meni xotirjam va bardam qildi. Nevaram uxlardi, qizim esa oppoq karavot yonida bedor o‘tirgancha hajmi nihoyatda katta bo‘lgan “Yosh bolalar ovqati va gigiyenasi to‘g‘risida”gi kitobni o‘qib o‘tirardi. Xonaning bir burchagida esa pinakka ketgan yoki o‘y-xayollar og‘ushiga berilgan kuyovim tizzasiga “Onalik ilmi” kitobini qo‘yib o‘tirardi.
O‘zimning boloxonamga chiqdim, derazamni ocharkanman, yangi, shirin xotiralar xayolimni o‘g‘irladi. Qulog‘im ostida hamon Xelganing: “Kelasi bahor yana tentakqush sayraganda ko‘rishamiz!” degan so‘zlari jaranglardi. Kelasi bahorda! Yo‘q, uchrasholmaymiz. Keyincha, uyimizda yangi chaqaloq tug‘ilganda uchrashsak, bu boshqa gap.
Erni Krusten. Shirin xotiralar (hikoya)
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi