OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Esong‘ali Ravshanov. Oqqush suzgan suv suluv

Qorabovur qashg‘aldoq, qayt orqangga, qayta qol,
G‘amga botgan to‘qayning holin so‘ra, ko‘nglin ol.

OQQUSH
 
Ko‘hna Kaspiyning nomi tarixda necha bor o‘zgarmadi, deysiz. Kaspiy, Girkon, Xvalin, Xazar... Biz bularga qo‘shimcha qilib, uni Oqqush dengizi deb ham atagan bo‘lardik. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sathi 510 million kvadrat kilometrga teng bo‘lgan Yer kurrasida hayvon va jonzotlarning bir milliondan ortiq turi yashar ekan. Ana shu millionlardan biri esa – Oqqush. Kaspiy sohilida turib, sarkash to‘lqinlarni teng ikkiga ajratib, emin-erkin suzib yurgan oppoq qushlarni ko‘rganda, dunyoda yagona dengiz bor, u ham bo‘lsa Kaspiy, dunyoda yagona qush bor, u esa, Oqqush, deb kuylagan shoirning haqliligiga imon keltirasiz va albatta, dengizga ana shu nafosat timsoli bo‘lgan qushning nomi berilishini siz ham istab qolasiz. Chindan ham Kaspiydan o‘zga dengizda Oqqush suzarmidi?!
“Oqqushlar olti turdan iborat bo‘lib, shulardan besh turi Shimoliy yarim sharda, bir turi esa, juda olisda, ekvatorning narigi tarafida yashaydi. O‘lkamizga ikki tur – shivirloq va qurquldoq oqqushlar qishlagani kelishadi”– deyishadi ornitolog olimlarimiz. Keyingi paytda Tundrada yashaydigan g‘ozdan kattaroq, oqqushdan kichikroq oq parranda ham oqqushlar qatoriga kiritiladigan bo‘ldi.
Bilishimizcha, parrandalar ichida go‘zallikda shivirloq Oqqushga yetadigani yo‘q. G‘arbdayam, Sharqdayam shivirloq oqqushning tasvirini chizmagan musavvir topilmasa kerak. Mo‘yqalam ustalari, ayniqsa, uning egilgan nafis bo‘ynini o‘zgacha ilhom bilan tasvirlashadi. Bo‘yin demoqchi, qadimda, lotin alifbosini yaratgan alloma navbat S harfiga kelganda, uy oldidagi hovuzda erkalanib suzayotgan bir juft oqqushni ko‘radi-yu, xuddi Arximedning “Evrika!” degan xitobiday, “Topdim, harf qanday bo‘lishini topdim!”—deb xitob qiladi. Shundan so‘ng, ancha zamonlargacha, bu harfni “oqqush bo‘yini” deb atashgan bo‘lishlari mumkin. Zamonlar o‘tishi bilan bular ham unut bo‘lib ketdi. O‘zi dunyoda unutilmaydigan narsa bormi?!
Bu qush qordan ham oqroq. Xalq qo‘shig‘ida kuylanganday:

Aqrabda yog‘adi qor qat–qat bo‘lib,
Qadam bossang qorayar botqoq bo‘lib.
O‘tirganmi, yotganmi oy yuzligim,
Oydindagi oqqushday oppoq bo‘lib1.

Oqqushning tumshug‘i bilan oyog‘i qizil, ko‘zlarining atrofi xuddi surma tortilganday qop-qora bo‘ladi. Uning mana shu ko‘rinishi sharq she’riyatida, g‘azallarda go‘zallik va nafosat timsoli sifatida juda ko‘p kuylangan. Ahli shuaroning aytganlariga inonadigan bo‘lsak, boshda ayollar qoshni surmalab, labni qizilga bo‘yab, yuzga upa surkashni oqqushlardan o‘rganganlar. Kim biladi deysiz, balki chindan shunday bo‘lgandir. Inson inson bo‘lgandan beri yashashni tabiatdan o‘rganganligini inkor etolmaymiz-ku.
Oq, qora, qizil ranglar... Chetdan qaraganda, bir-birlari bilan uyg‘unlashmaydigan uch xil rang bir vujudda jamlanib, tasvirga til ojizlik qiladigan, qarab ko‘zing to‘ymaydigan, gavharga bergusiz, nafisdan ham nafisroq chiroy kashf etgan. Qaysi bir yili xizmat safari bilan Turkmanistonga bordik. Ashxobod yaqinidagi Feruza tog‘ining etagida asil turkman otlari yetishtiriladigan zavod bor. Turkman zaminiga kelib, Axaltaka arg‘umog‘ini ko‘rmasdan ketish mumkinmi sira? Dunyoga dong‘i ketgan turkman ayg‘irining yaqiniga borib, yag‘rinini silasangiz, xavotirlanib, o‘qrayib qaraydi. Jonivor uzukning ko‘zidan o‘tadiganday depsinib turibdi. Afsuski, mana shunday suluvlikda tengsiz bo‘lgan otning ovozi qandaydir... g‘alatiroq, kishnaganida ingichka eshitiladi. Mana shunday go‘zal jonzotga chiroyli ovoz munosib emasmidi? Shivirloq oqqushning ovozi ham ana shu axaltaka arg‘umog‘inikiga o‘xshab ketadi. U mana shu go‘zalligiga yarasha xushxonish ham bo‘lganda edi! Tabiat unga bulbul, loaqal mayqut yoki to‘rg‘ayning xonishini ato qilsa nima bo‘lardi?! Qadimgi chollarning “bir kam dunyo” deganlari shu bo‘lsa kerak-da!
“Oqqush qo‘shig‘i”, “Oqqush nolasi” kabi asarlar mavjud. Esxilning “Agamemnon”, Platonning “Fedon”, Shekspirning “Venetsiyalik savdogar” pesalarida “shivirloq” oqqush qo‘shiq aytadi. Bayronning she’rlarida ham oqqush xonishi kuylanadi. Bulardan ortda qolishni istamagan o‘zimizning qozoq shoirlari oqqush xonishini do‘mbira sadosi, qil qo‘bizning vujudingizni jimirlatuvchi g‘amgin nolasiga qiyoslashadi. Yaqinda sahnaga chiqib, elning nazariga tusha boshlagan yosh xonanda qiz haqida yozilgan maqolada bunday deyiladi:
“Oqqush qo‘shig‘i... Cheksiz dasht uzra oqqush qo‘shig‘i qanot yozadi. Naqadar ajoyib bu qo‘shiq!” Xonandaning qo‘shig‘ini oqqush parvoziga qiyoslash, umuman, noto‘g‘ri. Negaki Oqqush – sayramaydi. Dasht uzra parvoz etdi, deyish mumkindir, lekin qo‘shig‘i dasht uzra qanot yozishi mumkin emas. Mana shunday, ayrim hollarda shoir va yozuvchilarning fantaziyasi o‘quvchini chalg‘itib qo‘yadi.
Qurquldoq oqqush ham chiroyli. Uning ovozi, bizningcha, qurqullagandan ko‘ra, g‘ozning «g‘o-g‘o»lashiga o‘xshab ketadi. Shoir Asqar O‘rozaqin to‘plagan “Qozoq xalq o‘lanlari” da:

Quyosh quchgan oydin ko‘lda yolg‘iz quv
G‘o-g‘olar qanoti-la sachratib suv.
Taranar-u qaranar atrofiga,
Go‘zallikda yagona, yakka suluv,–

 deb kuylanishi ana shundan bo‘lsa kerak.
U shivirloq oqqushdan nimasi bilan farq qiladi?
Farq – bo‘ynida. Shivirloqning bo‘yni egilgan, u esa bo‘ynini tik tutadi. Egmaydi, egilmaydi. Ovozi dag‘alroq. Suzganida shivirloqday emas, tanasini suvga botiribroq, dumini ko‘taribroq suzadi.
Qishda Issiqko‘lga yo‘lim tushib qoldi. Ko‘lga qurquldoq oqqushlar qishlagani uchib kelishar ekan. Ko‘l yuzi oqqushlardan oppoq bo‘lib ketgan. Yil sayin dekabr, yanvarda ko‘lga mingga yaqin oqqush kelib, shu yerda qishlab, bahor kelishi bilan uchib ketishadi. Bu yerlik bolalar oqqushlarning bir-birlari bilan urishganini tomosha qilib, kuni bo‘yi sohildan ketishmaydi. Oqqushning “ovuli”ga begona qush tasodifan kelib qolsa, erkagi “joy bergandan jon bergan afzal” deb, “oilasini” jon-jahdi bilan himoya qiladi. Ba’zan, bolalar tomosha ko‘rish uchun ikki erkak oqqush o‘rtasiga xo‘rak tashlab, ularni urishtirishar ekan. Baliqchi qirg‘iz chol o‘sha yili qurquldoq oqqushning o‘ziga hamla qilgan tulkini qanoti bilan urib, hushidan ketkazganini hayajonlanib hikoya qilgan edi. Darhaqiqat, bu qushning jang paytidagi vajohatini ko‘riboq, uning o‘zini himoya qila olishiga ishonch hosil qilasiz.
Qurquldoq oqqushlarning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Avvallari Issiqko‘l bilan Kaspiydan boshqa, Jambul viloyatidagi Biyliko‘l, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatidagi Shalqar va Arqaliq ko‘llarida, Balxash bilan Orolga, Zaysan bilan Iliga qo‘nib o‘tadigan suluv qushlar endilikda yildan-yilga kamayib bormoqda. Albatta, oqqushlarning har ikkala turi ham qozoq dashtida bir fursat “mehmon” bo‘lib, uchib ketishadi. Ularning doimiy qo‘nal-g‘asi O‘rta dengiz, Yaqin Sharq va Fors zamini. Yuqorida aytganimizday, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab, Oqtov shahri ham oqqushlarning yana bir qo‘nalg‘asiga aylangan.
Oqqush 30-40 yil yashaydi. Ba’zan jahon ornitologiyasining mana shu xulosasiga teskari dalillar ham uchrab turadi. Masalan, 1887 yilda, Britaniya orollarining birida 1771 yilda xalqalangan, ya’ni 116 yil umr ko‘rgan qur-quldoq oqqush ushlangan! Qush shuncha uzoq yashashi mumkinmikan? Bundan avvalroq Germaniyada ham, birov aytsa ishonib bo‘lmaydigan voqea sodir bo‘lgan edi. 1492 yili nemis baliqchilari to‘g‘ondan ushlagan cho‘rtan baliqda “mazkur cho‘rtan 1230 yilda xalqalandi” degan xalqa chiqqan. Unga ko‘ra, o‘sha cho‘rtan 262 yil yashagan bo‘ladimi? Bunga kim ishonadi? Mazkur hodisalar borasida zoologlar orasida haligacha munozara davom etib kelmoqda. Qarg‘ani ming yil, ayrimlar 300 yil yashaydi deyishsa, olimlar uni 50-75 yilcha yashaydi deyishadi. Qarg‘a shuncha yil yashaganida, nega endi oqqushlar 30-40 yil yashashmas ekan?
Qoraqushning vatani –Avstraliya. Bu nafis qushlarni turk sultonlari saroy hovuzlarida boqishgan. Marhum shoir Jusip Qidirovning:
 
Bog‘chasaroy bog‘ining hovuzida
Bir qoraqush ko‘rgan edim biram suluv,––

degan bama’ni satrlari bor. Qrim tatarlarining ota yurti bo‘lgan mashhur Bog‘chasaroy biz uchun ham qadrdon. Buni har birimiz, hech ikkilanmasdan, ta’kidlashimiz mumkin. Ruslar istilosidan avval bu yerda usmonli turklar madaniyati hukm surgan. Bog‘chasaroyliklar Istambul, Bursa, Onado‘li zodagonlariga taqlidan hovuzlarda qoraqush asrashgan.
Shunday qilib, oqqush hamda qoraqush mavjud. Tabiatda bu ikkovining urchitilishidan kulrang-qo‘ng‘ir qushlar paydo bo‘ladi, desak ishonarmidingiz? Oqtov shahri yaqinida qishlovchi oqqushlar bilan birga dengizda o‘rdak-g‘ozlar, baliqchi chag‘alay qushlar ham suzib yurishadi. Shaharliklar qushlarga tegishmaydi. Qushlar ham odamlarga shunchalik o‘rganib ketishganki, hurkmasdan, cho‘chimasdan sohilga yaqinlashib, qo‘ldan xo‘rak yeyishadi. Ana shunday paytda, chetdan kuzatsangiz, g‘ozga ham, o‘rdak va oqqushga ham o‘xshamaydigan qo‘ng‘ir qushlarga ko‘zingiz tushadi. Birinchi gal ko‘rganda, bular bizga noma’lum qanday qushlar ekan, deb ajablanishingiz tabiiy. Aslida unday emas. Bular oqqushlarning polaponlari, yoki ko‘kimtirlari. Nega ko‘kimtir? Sababi bizga noma’lum. Ularning pati ko‘k bilan ko‘kimtirdan ko‘ra, kulga yoki tuproqqa belab olinganday och kulrang. Demak, oqqush tuxumdan chiqqanidan oppoq bo‘lmasdan, och kulrang bo‘ladi. Xalq qo‘shig‘ida:

Aylanayin, qarog‘im, kokillim-ay,
Polaponi naq oqqush, shekillim-ay,–

deyilishiga sabab shu bo‘lsa kerak?! E’tibor bergan bo‘lsangiz, “ Polaponi naq oqqush, shekilli-may” deyiladi, “o‘rdakning, bulbulning, laylakning” ham deyilmasdan, faqat oqqushning polaponi aytiladi. Sababi, u onasiday oppoq bo‘lmasa-da, ko‘kishligining ko‘rkamligi o‘zgacha, ko‘zga yaqin, suyukli bo‘ladi. Ularga qarab turib, “ulg‘ayganda ham xuddi shu rangda qolgani yaxshi edi,” deb o‘ylaysan.
Shunday qilib, oqqush uch-to‘rt yoshgacha oq emas, kulrang (agar shunday de-yish mumkin bo‘lsa) bo‘lib o‘sadi. “Beshikdagi besh turlanar” degan maqolga mos, u ham uch-to‘rt bora turlangandan keyingina, chinakam oqqushga aylanadi.
Qushning g‘animi ilon. U tuxum borki, butunicha yutadi, tanlab, saralab o‘tirmaydi, chumchuq, to‘rg‘aynikidan tortib, yirik qushlarning ham tuxumlarini omon qo‘ymaydi. Rivoyatlarda aytishlaricha, ilon faqat oqqushning tuxumigagina tegmas ekan. Biologlar oqqushning tuxumi o‘ta katta bo‘lganlikdan (114x 74 mm) ilon uni yutolmaydi, deb taxmin qilishadi.
Turumtoydan tortib, shunqoru burgutgacha bo‘lgan yirtqich qushlar osmonda uchadigan qushdan tortib, yerda yugurib, sudralib yuradigan jonzot borki, barchasini xo‘rak o‘rnida ko‘radi. Qanotli yirtqichlar, ayniqsa, qushlarning polaponlariga o‘ch bo‘lishadi. Yana rivoyatga ishonadigan bo‘lsak, ana shu “qanotli qashqirlar”ning birortasi ham oqqushning ko‘kish polaponlariga tegmas ekan. Bunisiga nima deysiz, qanday izohlaysiz?!
Qushbozlar hech qachon oqqushga tuzoq qo‘yishmaydi. Falonchi qushbozning burguti, shunqori oqqush olibdi, degan gapni shu paytgacha eshitmaganmiz.
Oqqush jufti bilan qo‘sha qariydigan qush.
To‘rt yoshgacha u kulrang polapon bo‘lib, otaliq, onalig‘i bilan yashaydi. Ana shundan keyin u to‘lishib, bo‘yni egilib, oyoqlari qizil, ko‘kragi keng, pista burun, sumbul qanot, chinakam qushga aylanganida, otaliq-onaliq bo‘lib, juftlashadi. Juftlashganda ham o‘zga qushlarday “Birda bor-u, birda yo‘q-soyadaysan” bo‘lib emas, o‘la-o‘lguncha bir-birlaridan ajralmaslikka, to so‘nggi nafasgacha birga bo‘lishga “ahdlashib”, qovushadilar. Onaliq oqqushni otasi “uzatib” keladi, otaliqni esa, onasi boshlab keladi. Xuddi quda bo‘lib, qiz uzatganday tantanali marosim bo‘lib o‘tadi. Ana shu kundan boshlab juftlashganlar bir-birlaridan ajralishmaydi. Kunduzlari birga suzib, birga sayr qilishadi, kechasi bir-birlariga suyanib uxlashadi. Bu paytda oqqushning vazni 15–20 kilogramm, qanotining uzunligi ikki metrgacha yetadigan bo‘ladi. Issiq o‘lkalarga qaytishda oqqushlar o‘zlari saylagan yo‘lboshchiga ergashib 8500–9000 metr yuqoriga ko‘tarilib, soatiga 95–100 kilometr tezlikda uchishadi. Yuksak Himolay osha, qanotlari tolmay, bemalol uchib o‘tadigan sanoqligina qushlarning biri –mana shu oqqush.
Oqqush uchtadan to‘qqiz donagacha tuxum qo‘yadi. Polaponlar 38-40, ayrim hollarda, 45 kunda tuxumdan chiqishadi. Uyaning kengligi ikki metrcha bo‘ladi. Tuxumni onaliq chayqaltiradi. Bu paytda otaliqning mo‘ynali qulog‘i “yostiq ko‘rmay”, makiyoniga tun-kun xo‘rak tashiydi. Qizig‘i shundaki, qurquldoq oqqush suvga sho‘ng‘iy olmaydi. Bunga qalin pati, yig‘ish qiyin bo‘lgan ulkan qanotlari yo‘l bermaydi. Shuning uchun ham u xo‘rakni sohil atrofidagi qamishzoru, o‘t-o‘lanlar orasidan axtarishga majbur.
Oqqushning otalig‘i bilan onalig‘ini bir-biridan ajratish mushkul. Faqat ko‘klamda otaliqning tumshug‘i ustidagi qora dog‘ kengayib, uzoqdan ko‘zga tashlanib turadi, makiyonining tumshug‘idagi qora dog‘ kichik bo‘ladi. Shuningdek, onalik qushning tanasi kichikroq, erkaginiki yirik, suyakdor, qanotlari bir qarichga uzunroq bo‘ladi. Ular juda inoq yashashadi. Boshqa qushlarday bijirlashib, shaqillashib, cho‘qishmaydi. Bir-birlarini unsiz tushunishadi. Ularga xos bo‘lgan chiroy odamlarnigina emas, o‘zga qushu parrandalarni ham lol qoldiradi, shekilli. Oqqushlar suzib o‘tishayotganida o‘rdak, g‘ozlar ortga chekinib, ularga yo‘l berishadi. Buni nafosatga shaydolik deysizmi yoki qudratli qushdan hayiqish deysizmi— o‘zingizning podsho ko‘nglingizga havola! Bo‘yinni ko‘tarib, qanotlarini yig‘ib, suvda qalqib turgan oqqushning ko‘rinishi g‘oyat go‘zal bo‘ladi. Unga qarab zavqlanmaslik, bir-birlarini unsiz anglashga qodir oqqushlarning juft bo‘lib, suzib yurishlariga qarab, ularning sadoqati, vafosidan lol qolmaslik mumkin emas!
Sherigidan judo bo‘lgan oqqushning “Bundan keyin yashashdan maqsad ne?”–deganday, o‘zini toshga urib, halok etganligi haqidagi rivoyatlar, qo‘shiq va kuylar ko‘p. P.I. Chaykovskiyning “Oqqush ko‘li”, M. Maqatayevning “Oqqushlar uxlaganda”, N.Tilendiyevning “Oqqush” nomli asarlarida ulardagi ana shu jonfidolik xususiyatlari madh etiladi.
Ruslar, negadir, oqqushni g‘oz bilan birgalikda tilga olsalar, yana negadir birinchi bo‘lib g‘ozni aytishadi. (”Gusi–lebedi”). XIX asrda Rossiyada oqqush pati bilan mo‘ynasi yuqori baholangan. Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, 1893 yilda Oqmo‘la viloyatida bo‘lib o‘tgan Konstantin yarmarkasida 450 ta, 1894 yilda 1600 ta oqqush mo‘ynasi savdoga chiqarilib, sotilgan ekan. Shundan keyin qushlarga mehribonlik haqida gap bo‘lishi mumkinmi?
Oqqushning yana bir g‘animi shomon folbinlardir. Ular “oqqush go‘shti ming bir dardga davo” deb hukm chiqarib, jud ko‘p omi ovchilarning oqqushlarni qirishlariga sababchi bo‘lganlar.
Xitoyliklar oqqushni foydali deb, go‘shtidan turli xil lazzatli taomlar pishirishsa, mo‘ynasi bilan patlaridan noyob buyumlar tayyorlash uchun xomashyo sifatida foydalanishgan. Xitoy xalq tabobatida oqqush o‘tini quritib, xovonchada tuyub, talqon holiga keltirib, yondirib, kulini kuygan yaralarni davolashda qo‘llashadi. Ular oqqushni quyosh qushi sanab, o‘tmishda unga “Yan” (yuksak, oliy) degan nom berishgan.
Rim-yunon tarixida Oqqush Zevs, Afrodita, Orfey haqidagi rivoyatlarda yodga olinadi.
Qadim hind afsonalarida Hom va Som nomli egizak oqqushlar haqida mashhur ertak bor. Sayon-Oltoy turklari o‘zlarini oqqushlar avlodimiz, deyishadi. Shuning uchun ham yoqut, buryat ayollari bosh kiyimlariga oqqush patini taqib yurishadi. Bahorda oqqush uchib kelganida, ko‘kka sut sochib, qo‘shiq ham aytishadi:
 
Tub onamiz oqquv qush,
Ota yurtga yetdingmi?
Asqardan tik Asqar tog‘,
Undan omon o‘tdingmi?!

Sibir tatarlari afsona-ertaklari orasida shunday gaplar bor: “Osmon tangrisi oqqushga dengiz tagidan tuproq keltirishni buyurdi. Oqqush uzun bo‘ynini cho‘zib, suv tagidan bir siqim tuproq oldi-da, Tangriga keltirib berdi. Tangri tuproqqa bir “kuf” deyish bilan shaytonlar yaratildi. Natijada, Yer yuziga ajina-yu, parilar egalik qilib, quturib ketishadi. Bundan Tangri darg‘azab bo‘lib, Shaytonman deganning barini yetti tog‘ning naryog‘idagi o‘rmonga quvlab, oqqushning ikkinchi bor olib kelgan tuprog‘idan “xalq” degan elni yaratdi. Tangrining bu xalqi bugungi turklarning ilk ajdodlari edi. Shuning uchun ham turkiy elatlar oqqushni muqaddas deb bilishadi...”
Mang‘istovga bormoqchi bo‘lsangiz, qishda boring.
Birinchidan dengiz sohilidagi ko‘rkam shahar havosi qishda iliq, bu yerda izillagan bo‘ron, oq qor, ko‘k muzni ko‘rmaysiz. Mang‘istovning qishi mayin bo‘ladi. Qariyalar “Mang‘istovning qishida – qor yotmaydi ichida!”deb bekorga aytishmagan. Oy tuqqan qish oqshomlarida dengiz sohilida sayr qilishning zavqi o‘zgacha. Yana bir g‘animat holat xuddi shu kezda Kaspiyga oqqushlar keladi.
Mang‘istovga oqqushlar ilk bor 1974–1975 yillarda kela boshlagan edi.
O‘tmishga murojaat qiladigan bo‘lsak, bundan ko‘p asrlar muqaddam Uch qiyan etaklarida oqqush qo‘nadigan ko‘llar bo‘lgan, deyishadi. Alqissa, o‘shanda dono Jonibek Sulton1 Ulug‘ saltanatining shuhrati olamni tutgan, kamolga yetib, qora tulpori marraga yetgan bir oltin davr bo‘lgan ekan. Xonning husnu jamolda oyni xijolatda qo‘yadigan tanho-yu tantiq qizi “Bunday go‘zal va ulug‘vor dorissaltanatga oqqushlar suzadigan hovuz yetishmayotir”, deydi-da, erka Yoyiqning yo‘liga to‘g‘on qurib, uni shahar o‘rtasidan o‘tkaztiradi. Muhandislar boshchiligidagi qullar bir yengdan qo‘l, bir yoqadan bosh chiqarib, tinimsiz yer qazib, shahar markazida hovuz emas, ulkan ko‘l yaratishadi. “Xonning qahridan emas, xonzoda qizining qilig‘idan qo‘rqaman”, degan so‘z o‘sha zamonlardan qolgandir, balki. Xonzoda shu bilan cheklanmasdan, “Oqqush shirinlikka o‘ch qush” deb, olis-yaqindan, karvon-karvon qand-shakar tashitib, ko‘lga to‘ktiradi. “Shakarko‘l” degan nom ana shundan qolgan deyishadi. Natijada, rostdan ham Shakarko‘lga oqqushlar qo‘nadigan bo‘pti. Ularga hech kim tegmas, tegmoq u yoqda tursin, hatto hurkitgan odam ham xonzodaning qahriga uchrar ekan. Oradan ko‘p o‘tmay Shakarko‘lning sathi oppoq qushlardan ko‘rinmay ketibdi. Oqshom sayrga chiqqan xon qizining kanizaklari oltin qayiqda ko‘lning o‘rtasigacha suzib borib, oqqushlarni qo‘llari bilan ohista bir chekkaga surib, suv olishar ekanlar. Ko‘hna qozoq zaminida mana shunday afsonaviy shaharlar bo‘lgan. Qani o‘sha shaharlar? Ularni kim zavolga uchratdi? Kim emas, nima zavol toptirdi? Manmanlikdanmi yoki beg‘amlikdanmi? Nodonlikmi? Yolqovlikmi, maqtanchoqlik bilan isrofgarchilikmi? Sababini bilmaymiz. Tarixiy haqiqatni bilmoq mushkul. Chunki har bir avlod o‘z qarichi, o‘z nafsu ehtiyojidan kelib chiqqqan holda tarix yaratadi.
O‘tgandan ulgu ol, kelajakka ulgu sol, deganlariday, o‘sha oqqushlar bugun Kaspiyga qo‘nadigan bo‘lishdi. Yetmishinchi yillarning oxiri, saksoninchi yillarning boshida dengizning Mang‘istov yaqinida o‘n mingga yaqin oqqush qishladi. O‘sha davr matbuotida yozishlaricha: “Dengizning Ittifoqqa tegishli qismi ekologik jihatdan toza bo‘lganligi sababli oqqushlar Erondan Sovet Qozog‘istoni hududiga og‘ib kela boshlashdi. Noyob qushlarga bu yerlarda g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda”,–deb yozilgan edi.
Aslida, buning sababi butunlay boshqa edi. O‘sha yillari, asosan, dengiz suvini chuchuklashtirish maqsadida Mang‘istov energokombinati qurilib, ishga tushirildi. Haqiqatni aytganda, mazkur atom qurilmasi o‘z vazifasini yomon ado etmadi. Stantsiya ishlab chiqqan iliq suvning ma’lum miqdori dengizga quyilardi. Xuddi ana shu, dengizga quyilayotgan iliq suv oqqushlarni ham bu yerlarga kelishiga sabab bo‘lgan. Bir-ikki oy mobaynida oqqushlar iliq suvda emin-erkin suzib, ba’zan bola ochib, ba’zan muddatdan avval issiq o‘lkalarga uchib ketishni odat tusiga kiritgan.
“Bizning sohilga har yili faqat bir gala oqqushlar kelishadi, begonalar kelmaydi”,–deb yozishdi gazetalarda.
“Yo‘q, bizga har xil galalar uchib kelishadi”,– deb e’tiroz bildirishdi ornitolog olimlar.
Nazarimda, birinchi taxmin to‘g‘riday. Dengiz to‘lqinlarida o‘ynab, ba’zan sohilga yaqin kelib, ba’zan esa uzoqdan ko‘zga bir tashlanib, g‘oyib bo‘ladigan oppoq qushlarning barchasi Mang‘istovga qadrdon bo‘lib ketganday tuyuladi. Mang‘istovni ilgari ko‘rmagan, bilmagan, iliq suvida qanotlarini keng yoyib, yayramagan, sayr qilmagan qush bu yerlarning qadrini qaydan bilsin?!
Yil sayin, ba’zan yil o‘tkazib, ona yurtga boraman. Borishda ham, qaytishda ham Oqtovga tushib o‘taman. Olmaotaga samolyot uchadigan paytda aeroportda to‘s-to‘polon boshlanib ketadi.
– Og‘a, siz hokimiyatda ishlaysiz-a?
Orqamga o‘grilib, ko‘zlari jovdirab, oqqushga o‘xshab turgan yoshgina qizga ko‘zim tushdi. Bir qo‘lida bir-bir yarim metrcha keladigan qog‘oz quti, bir qo‘lida katta safar sumka. Meni kimgadir o‘xshatib, ruscha gapirib turibdi.
–Hokimiyatda ishlamasmidingiz?—deb jilmayadi. Jilmayishi o‘ziga biram yarashar ekan.
– Yo‘-yo‘q,–dedim, hokimiyatda ishlamaganimdan o‘zimni noqulay his qilib,– hokimiyatda ishlamayman, singlim.
–Kechirasiz, u yerdan ketib qolgan ekansiz-da, men sizni haliyam o‘sha yerdamikan desam...
–...
–Yukim jinday ortiqcha ekan, qo‘shimcha pul to‘lashga to‘g‘ri kelyapti. Malol kelmasa, mana shu qutini samolyotgacha chiqarib berolmaysizmi? Chiqarib bersangiz bo‘lgani, u yog‘ini o‘zim eplardim. Sizni tekshirisharmidi?
– Beraqol, chirog‘im,– dedim qo‘limda yukim bo‘lmagandan keyin. O‘zi talabaga o‘xshaydi, bundaylarda ortiqcha pul nima qiladi, degan xayolda. Lekin quti xiyla og‘ir ekan. Bunga e’tibor bermadim. Hozirda uzoq-yaqindan mayda-chuyda tashib, savdo bilan tirikchilik qilib yurgan qizlar ozmi?
Eson-omon Olmaotaga ham yetdik.
– Sog‘ bo‘ling, og‘a, rahmat sizga!–dedi u mamnunlik bilan. Qiz o‘zini qarshi olgan cho‘tir bashara, barzangi, qora yigitning qora “jip”iga borib o‘tirdi.
– Arzimaydi,– deb qolaverdim...
Shu bilan gap tamom. Safardoshlar tezda unutiladi, bunisi ham shunday bo‘ldi. Hozir o‘sha qizni ko‘chada ko‘rsam, tanimayman. Shu unutilganicha unutilib ketgani yaxshi edi-ya...
 O‘sha kunlari yuqori lavozimni egallagan, Olmaotaning eng ko‘rkam yeriga dabdabali uy qurdirib, dabadabali mashina minib yuradigan bir do‘stim uyiga mehmondorchilikka taklif etdi. Bordik. Yeb-ichdik. Maqtadik. Maqtandik. Shu bilan ziyofat tugab, mezbon bilan xo‘shlashib, ketishga chog‘landik.
– Sen ketmay tur,– dedi oshnam menga boshqalar bilan xo‘shlashar ekan,– senga ko‘rsatadigan bir ajoyib narsam bor. Manovilar uning ma’nisiga tushunishmaydi, hammasi omi yigitlar.
Albatta, oshnam o‘zini ularning toifasidan emas, deb o‘ylardi.
Ko‘pchilik o‘rtasida ayta olmagani, uy orqasidan o‘tadigan soy bo‘yiga kichik hayvonot bog‘i qurgan ekan. Issiq xonada bedana bilan kaklik bir qafasga qamalibdi, ikkinchi qafasda qirg‘ovul, uning naryog‘ida to‘tilar, yana bir katakda yolg‘izgina oppoq g‘oz bir burchakka suqilib, uxlab yotibdi.
– Oyman, tur, og‘ang keldi, salomlashmaysanmi?—dedi oshnam ovozini balandlatib.
Oq g‘oz avval bo‘ynini oldinga cho‘zdi, keyin istamaygina o‘rnidan turdi. Yo alhazar, bu g‘oz emas, oqqush-ku! Oqqush bo‘lganida ham asili! Atrofimga alang-lay boshladim. Oshnam tog‘ soyiga to‘g‘on solib, uning bir o‘zanini hovlisidan, katta bostirma tagiga qurilgan ulkan hovuz orqali o‘tkazibdi. Mana bu bechora oqqush kunduz o‘sha hovuzda suzib, kechasi issiq katakka kirib uxlar ekan.
– Tanidingmi?—dedi oshnam g‘ururlanib.
– Tanimay nima? Shivirloq oqqush-ku bu.
– Xuddi o‘zi, menam Mang‘istovning qushini tanisa kerak, deb o‘ylovdim. Ha, bu Mang‘istovdan olib kelingan oqqush. Nomini Oyman qo‘ydim. Made in Mangistau. Qanday qilib olib kelingan deysanmi? Olib kelish umuman qiyin emas. Ancha chiqim talab qildi, albatta. Pulidan qochmasang bo‘ldi. Yashirib nima qildim, oddiy qutiga solinib, samolyotda olib kelinadi.
Katakning bir chekkasida yotgan karton qutini ko‘rdim-u, hayratdan qotib qoldim. Bu o‘shanda, Oqtov aeroportida o‘zim samolyotga ko‘tarib chiqqan karton quti edi. Uni menga ko‘tartirgan chiroyli qizning ismini ham so‘ramagan ekanman. So‘raganda nima ham qilardim? Pulning qudrati bilan Oqtovni ayirib, Qoratovni qayirib turgan manov oshnamning aytishiga qaraganda, bugungi kunda shahar chekkasida qad ko‘tarayotgan “yangi qozoqlar”ning barcha villa, fazendalarida “kichik hayvonot bog‘lari” bor ekan. Uniki ularning oldi ham, keyini ham emasmish. Qarab tursam, oshnam qay “zo‘r”ning hayvonot bog‘i qanda-yu, unda necha xil noyob jonzotlar saqlanishini bir chekkadan sanab chiqadigan. Gapni chuvalatmasdan, oshnam bilan xo‘shlashdim. Yuraklarim og‘rib ketdi.
Biz, ota-bobolari “Oqqushni otib bo‘lmaydi”, “Oqqush suzgan suv suluv”, “Oqqushning yonida yapaloq qush yarasharmidi”, “Oqqushga o‘q uzma–uvoli tutadi”, “Oqqush bilan do‘st bo‘lsang, yo‘ling oq bo‘lar”, “Oq deganda, g‘oz ham oq, lekin g‘oz, oqqush emas” kabi maqollar aytgan qozoqning farzandlari keyingi o‘n-o‘n besh yilda butunlay o‘zgarib ketganimizni bilamizmi?! “Elingga savdo kiradi, savdo bilan yov-da kiradi, dov-da kiradi,”, degan ekan donishmand Matchon biy. Savdodan kelgani mana shu ekan deb, yetti otamizu yetmish yetti bobomiz qo‘l ko‘tarish u yoqda tursin, ko‘z olaytirib, ozor berishdan o‘zini saqlagan muqaddas narsalarni oyoqosti qila boshladik. Savdo bilan kirgan yov kim? Kim emas, nima? Bu o‘zimizning nafsimiz emasmi?!
Do‘stimning uyidan, yuragim qandaydir g‘ash bo‘lib, o‘ksib qaytdim. Qanotlari qirqilib, balchiqqa belanib yotgan g‘amgin qush ko‘z oldimdan ketmasdi. Men ko‘rgan o‘sha, ko‘zlari qizarib ketgan jonzot parrandalar sultoni emas, qismatiga, qorong‘u qafasga ko‘nikkan, tutqunlikdan ko‘ngli ozorlangan, bir kunda qirq bor taranib-tovlanish o‘rniga tayyor xo‘rakni yeb, to‘yganiga shukr qilib, nima bersang shuni yeyman, deb yotgan bir gado edi u...

QALDIRG‘OCH

U ham seningdek birovning jigarporasi.
 S.Jiyanboyev, “Qaldirg‘och”.

Zamin qovurg‘asi!
Sharqdan g‘arbga qarab, ming chaqirimdan ortiq masofada yastanib yotgan mana shu buyuk tog‘ silsilasi – yalang‘och qoyalar, yuksak cho‘qqilar, palaxsa-palaxsa toshlar uyumi, sarkash daryolar, oydin ko‘llar, qalin o‘rmonlar, bebosh shamollar, adadsiz yaylovlar, suvsiz qaqroq kengliklaru, o‘rkach–o‘rkach qum barxanlarini o‘z bag‘riga olgan. Mashhur oqin O‘tejon Nurg‘aliyevning “Cheti qayda, cheki qayda bul elning, har makonda bir aksi bor ming sirning” deb tanglayni taqillatishlari ham bejiz emas. Bularning barchasi qozoq zamini, bularning barchasi siz bilan bizning kelajak avlodlarga qoldiradigan omonatimiz.
“Zamin qovurg‘asi” degan nom olgan Tiyonshonning o‘ziga xos bir qismi bo‘lgan Chaqmoq dovoni Jambul va Janubiy Qozog‘iston viloyatlarining qoq o‘rtasida ko‘ndalang yotgan ko‘rkam tog‘. Talas Olotovi yiroqdan cho‘zilib kelib, xuddi: “Men endi charchadim, u yog‘iga o‘zing yuksalaver”, deb qora chakmonli Qoratovning ortidan kuzatib qolgan nuroniy boboga o‘xshaydi.
Ana shu Qoratovning qoq belidagi Chaqmoq dovonidan o‘zgacha bir tentak shamolning yo‘li o‘tadi. O‘sha shamolning tezligi ba’zi kunlarda sekundiga 30–40 metrga yetar ekan. Simog‘ochlarni gugurt cho‘piday qiyratib, uylarning tomlarni uchirib, yo‘lovchining qalpog‘ini teskari kiydirib, yo‘lidan adashtiradigan tentak shamol endi Qozog‘iston ornitologlariga xizmat qiladigan bo‘ldi. 1966 yilda, ayni ana shu shamolning yo‘liga, qushlarni halqalaydigan bekat qurildi. Otliqni egardan ag‘daradigan asov shamol bizi tomonlarga uchib kelayotgan va uchib ketayotgan qushlarning yo‘liga g‘ov bo‘lib, parvozni davom ettirishga izn bermaydi. Chaqmoq dovonining bu xususiyatini kechagi Sho‘ro olimlaridan ancha avval, shu hududda yashaydigan odamlarning yetti otasi-yu, yetmish yetti bobosi yaxshi bilishgan. Shuning uchun ham bu yerda:

Ovulim Mashot oshar, Chaqmoq qo‘nib,
Tegadi Chaqmoq yeli to‘qmoq bo‘lib,
Dovondan qush oshmagan, men oshaman,
Suyukligim makonin topmoq bo‘lib,––

deb kuylashgan.
Ornitologlar bilan gidrometeorologlar shamoli “to‘qmoqday” shiddatli, tepasidan qush uchib o‘tolmaydigan dovon axtarib, qancha tog‘u-toshlarni kezishmadi deysiz. Bobolarimiz esa, bundan ming yillar muqaddam, Chaqmoq dovoni xuddi shunday maskan ekanligini o‘lanlarda aytib ketishgan ekan.Muqaddas kitoblardan biri “Injil”da ham dastlabki gap “Dunyoda eng avval so‘z yaratildi” deb boshlanishini ko‘pam eslayvermaymiz. Holbuki, ajdodlar o‘zlari yashayotgan muhit, tabiatning sir-sinoatlarini qo‘shiqlarda, ertak va afsonalarda aytib ketishgan ekan. Faqat biz ana shu hikmat buloqlaridan har doim ham bahramand bo‘lavermas ekanmiz.
Cheksiz osmonni ham o‘tovning keragasiday keng qanotlari bilan to‘smoqchi bo‘lgan mag‘rur burgutlar ham, yosh bolaning kaftiday mittigina to‘rg‘aylar ham Chaqmoq dovonidan oshib o‘tishda qayin yurtiga ilk bor kelgan kuyovday bo‘shashib, pastlab uchishadi. Qarg‘a, quzg‘unlar esa, xuddi xonaki g‘ozlarga o‘xshab, dovondan yurib o‘tishadi. Bu joyning sharoitini o‘rgangan olimlar “Qushlarning yo‘lini to‘sib, halqalaydigan qulay yer mana shu” deyishdi. Dovonga kiraverishda balandligi 8–12 metr, eni 35–40 metr, ichining uzunligi yuz metrlik to‘r tortildi. Uzoqdan horib, qanotlari tolib kelayotgan qushlar bu to‘rga to‘ppa-to‘g‘ri o‘zlari kelib tushadi. To‘r ichkariga kichraya borib, tor o‘ngachga aylanadi. To‘rga kirgan har qanday qush, qancha uringani bilan undan chiqolmaydi.
1899 yilda daniyalik olim X.Mortenson dunyoda birinchi bo‘lib yaratgan qush halqalaydigan stantsiyaning yana bir namunasi o‘zimizning Chaqmoqqa o‘rnatildi. Stantsiya ishga tushgandan beri 200ga yaqin qush turi qayta o‘rganildi, halqalandi. “To‘r qopqon”ga ayrim kunlari birorta ham qush tushmaydi, ayrim kunlari esa, yuzlab, minglab qushlar tushadi. 1974 yilning 6 mayida, bu yerda bir kecha-kunduzda 12832 ta, 1977 yilning 3 mayida 14428 ta qush halqalanib, jahon ornitologik stantsiyalari orasida Chaqmoq bekati qushlarni o‘rganish va halqalash bo‘yicha rekord ko‘rsatkichga erishdi. Ayni ana shu stantsiyada halqalangan mitti qaldirg‘och jahon ornitologlarini hayratga solgan edi. Ha, shu o‘zimizning mittigina qaldirg‘och. 1978 yilning kuzida Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutining olimlari Chaqmoq bekatida to‘rga tushgan qushlar ichida bo‘lgan yagona qaldirg‘ochni ham halqalab, uchirib yuborishadi. Qaldirg‘ochni to‘rt kundan keyin Chaqmoqdan juda olisda, xakasiyalik ornitologlar ushlashadi va bu mitti qushchaning sutkasiga 800 chaqirimdan masofani uchib o‘tganligidan hayratga tushishadi. Bungacha esa olimlar qaldirg‘ochga “to‘liq o‘rganilgan ob’ekt” sifatida mensimasdan, “ot ustida turib”, bepisand qarashardi. Demak, bu mitti qushcha soatiga 32–33 chaqirim tezlikda uchar ekan. «Yunыy naturalist» jurnalining o‘sha yilgi avgust sonida ana shu qushchamiz haqida “Qozog‘iston qaldirg‘ochi” nomli maqola chop etildi. Keyinchalik esa mazkur maqola “Selskaya jizn” ro‘znomasida ham to‘lig‘icha ko‘chirib bosildi.
Qaldirg‘ochga nisbatan xalqimizning ixlosi o‘zgacha. Bir obrazni qirq bor turlantirib, birda xasis, birda saxiy, birda mehrli, birda qahrli, birda shakar, birda zahar holatda tasvirlaydigan xalq og‘zaki ijodida ham qaldirg‘ochga bo‘lgan izzatu e’tiqod o‘zgacha bo‘lgan.
“Qaldirg‘och” haqidagi ertaklardan biri mana bunday boshlanadi:
“E, anovi ordona qolgur Uch kenglik, otadan qolgan yer ekan. Otangiz kim deb so‘rashsa, No‘g‘ayli Er ekan, etak-engi keng ekan, Mang‘istovning soyi ekan, Tiniqoqar suvning bo‘yi ekan, Tiniqoqar suv bo‘yida, Sakkiz aris el ekan, Sakkiz aris bo‘lsa-da, Sakson yurtga teng ekan. Alqissa, ana shu elning bir bolasi dashtda qo‘zi boqib yurgan ekan. Ayladir degan elning qaroqchilari bosqinchilikdan omadi yurishmay, sovuqda junjikib kelayotib, qo‘y boqib yurgan haligi bolaga ko‘zlari tushib, umurtqa aralash yelkasiga to‘qmoq bilan bir urib, hushidan ketkazib, otning orqasiga o‘ngarib, o‘zlari bilan olib ketishibdi. Yurtiga yetib borishgach, “Qul bog‘laganga so‘rov yo‘q, qultemirga burov yo‘q” deb unga mol boqtirib, o‘tin yordiribdi, xullas, bola bechorani och-nahor, tindirmay ishlatadigan bo‘lishibdi. Tutqun bolakay ochlik, xorlik, zo‘rlikdan o‘ksib, yig‘lab o‘tirganida qarshisiga bir to‘p qarg‘a kelib qo‘nibdi. Bola ularga hasrat qilib, shunday deb turgan ekan:

–Qarg‘alar-ov, qarg‘alar,
Qor ustida yo‘rg‘alar,
Mening holim ko‘ringlar,
Menga yordam beringlar,
Tumorimni olinglar,,
Mang‘istovga boringlar,
Hasratda qolgan otamga
Tumorimni bersangiz,
Suyunchisin olsangiz.

Qarg‘alar bolaning hasratiga quloq solmasdan, uchib ketishibdi. Zag‘izg‘on kelib qo‘nibdi, bola yig‘lab, unga iltijo qilibdi:

–Hoy, zag‘izg‘on, zag‘izg‘on,
O‘laksa yeb semirgan,
Tumorimni olaqol,
Bizning elga boraqol.

Zag‘izg‘on ham bolaning iltijosiga parvo qilmasdan uchib ketib, o‘rniga turnalar qo‘nibdi:

–Uzun bo‘yin turnalar,
Olijanob mirzalar,–

deb yig‘lagan bolaga ular ham qayrilib qaramasdan, “qurrey-qurrey”lab, uchib ketishibdi.
Yaqindagi ko‘lga bir juft oqqush kelib qo‘nibdi:

–Ko‘kdan uchgan oqqushlar,,
Qush to‘rasi oq to‘shlar,.
Otamga uchib yetish-chun,
Bo‘lsam derdim oddiy qush,
Onamga uchib yetish-chun,
Bo‘lsam derdim men oqqush,–

deb zorlangan bolaning ovozini eshitgan oqqushlar shunday deyishibdi:

–Tong sarg‘ayib otganda,
Kun qizarib botganda,
Ol shafaqni ko‘rarsan,
Uyam senday shum yetim.
Qaldirg‘och kelar shunda,
Qaldirg‘och kelsa bunda,
Arzing aytib qolarsan.

Kun o‘tib, xuddi oqqushlar aytganda, qizil shafaq osmonni tutganda, bir qaldirg‘och kelib, shafaqqa tikilib, kuyunib sayray boshlabdi. Shunda bola qaldirg‘ochga qarab, yig‘lab, shunday degan ekan:

–Ey, qaldirg‘och, qaldirg‘och,
Yurak mungli, qorin och.
Kasal tuya yotag‘on,
Yov sarbozi qatag‘on.
Yovda yolg‘iz qoldim-ku,
Oltov tug‘ib otadan!
Ey, qaldirg‘och, qaldirg‘och,
Yurak mungli, qorin och,
Menga o‘xshab bo‘zlaysan,
Nedan kuyib so‘zlaysan?
Bilsam, menga mungdoshsan,
Kulfatimda sirdoshsan,
Tumorimni olaqol,
Mang‘istovga boraqol,
Otam bilan onamga,
Bolang tutqun, deyaqol,–\

deb qo‘ynidan tumorini chiqarib, qaldirg‘ochning qanotiga qistiribdi. Qaldirg‘och ko‘kka ko‘tarilib, bola aytgan yo‘llar osha, oy qalqigan ko‘llar osha, odam yurmas cho‘llar osha, qanotlarin tinmay qamchilabdi, manglayidan ter tomchilabdi, qarchig‘ay, qirg‘iy yo‘lin to‘sganda, qoyalarni panalabdi, yapaloqqush, ukki quvganda, yer bag‘irlab zuvlabdi, tuman quchgan cheksiz tog‘lardan oshibdi, Ust-Yurt usti keng taqirdan shoshibdi, O‘g‘londi degan oppoq tog‘ – Otasi unga qo‘nardi, qaldirg‘och unga qo‘nmabdi, undan keyini Cho‘pon Ota, qanotlari tolsa-da, holdan toyib, horsa-da, qaldirg‘och unda-da tinmabdi, tutqun bola holin o‘ylabdi, rahmdil-da, qaldirg‘och, qaldirg‘och emas, u singil, u –dilpora, singil qilsa gar nola, zimistonlar chekinar, singillarning mardligi musibatda bilinar.
Alqissa, qaldirg‘och o‘zini oldirmay, yirtqichlarga qanotlarin yuldirmay, omon-eson, sog‘u salomat bolaning ota-onasiga tumorni yetkazibdi. Bolasining tumorini tanigan chol bilan kampir “Og‘ayin-qarindoshlar, yurakda g‘ururlaring bo‘lsa, qo‘zg‘ollaring!” deb elga murojaat qilishibdi. Buni eshitgan Sakkiz aris elning sakson yigiti otga minib, qaldirg‘ochning izi bilan yurib, bolani tutqunlikdan qutqazishgan ekan. Bola tutqunda bo‘lgan olti oy uchun Ayladirning oltovini o‘ldirib, olti norga oltmish gilamni ortib, ovulga kelib, murodu maqsadlariga yetishgan ekan.
Qozoqlarda (barcha musulmon xalqlarida) qaldirg‘ochning uyasini buzish—eng ulkan gunoh hisoblanadi. Iste’dodli adibimiz Tinimboy Nurmag‘ambetov o‘zining oila haqidagi bir asarini “Qaldirg‘och uyasi” deb atagani ham bejiz emas.
O‘shandan beri ko‘p zamonlar ketib, uni ko‘rganlarning hammasi dunyodan o‘tib, qaldirg‘och haqidagi mana shu ertakkina bizgacha yetib kelgan ekan, deb yakunlanadi rivoyat. Faqat bugina emas, boshqa ertaklarda ham qaldirg‘och– odamning do‘sti, unga mehribon, g‘amxo‘r qilib tasvirlanadi. “Qaldirg‘ochday olovimga qanoti bilan suv sepgan” degan o‘xshatish ham bekorga aytilmagan. Aytganday, suyukli odamni, masalan, qiz bolani, singilni qozoqlar qadimdan “qaldirg‘och” deb atashadi.
Begona yurtga uzatilib ketayotgan singlisini kuzatayotgan og‘asi:

Suv ko‘payar to‘xtovsiz oqqan soyda,
Jamlanmaydi haromdan topgan foyda,
Bilak bir bo‘lgan bilan barmoq boshqa,
Birga o‘sdik, ammo, birga turmoq qayda.

Qaldirg‘ochim-ay,
Qayda yursang ham,
Omon bo‘lsang bas,
Munis boshing-ay, qarindoshim-ay!,
Singiljonim-ey!–

deb xo‘shlashadi.
Shu bilan birga, qaldirg‘och odamiylik, mehr-oqibatning ham ramzi. Bir o‘landa:

“Qoshing bor qanotiday qaldirg‘ochning,
Bo‘lsa ekan-a bari senday qarindoshing,” –

deb kuylangan satrlar buning dalili.

Atoqli shoir Muqag‘ali Maqatayevning:

Qaldirg‘ochim, keldingmi, qarchig‘aydan sog‘misan,
Omon-eson yetdingmi, ayri quyruq nav qushim.
Qaytib kelding yana shu unib– o‘sgan uyaga,
Qaytib kelding, suyuklim, jufting bilan bormisan?

Qaldirg‘ochim, ne bo‘ldi, qayga ketgan sheriging?
Ko‘rinishing ma’yusroq, o‘ksitdimi seni kim? –
degan satrlarni o‘qiganda, juftidan judo bo‘lgan qushchaga achinib ketasiz va uning timsolida yoridan ayrilgan beva kelinchakni tasavvur qilish qiyin emas.
Akademik Axmet Jubanovning “Qaldirg‘och” nomli kuyi ilk bor ijro etilganidayoq qaldirg‘och xonishiday qalblarni o‘ziga rom etgan edi. Hozir ham tinglab rohatlanasiz. Bastakorning “Abay” operasi uchun yaratilgan “Qaldirg‘och” raqsi ham millatning ma’naviy boyligiga aylandi.

Oq tomoq, qiyilgan qosh, porloq manglay,
Kumush yuzing oqligi yoqqan qorday, qaldirg‘och.
Quvnaysan, erkalaysan, bo‘lib xushxon,
Qalbimni yoritgaysan yongan shamday, qaldirg‘och!

Mazkur qo‘shiqda ham buyuk bastakor qaldirg‘och timsolida go‘zal qiz, suyukli yor qiyofasini tasvirlaydi.
Qozoqlar qizlariga “Qaldirg‘och” deb ism qo‘yishni yoqtirishadi.Bu ism qizlarimiz ichida eng ko‘p tarqalgan. Ikkitadan bir qizimizning ismi—Qaldirg‘och, desak, lof bo‘lmas. Qozoqlarda qizlarga “Oqquv” deb ham, “Lochin” deb ham, “Ukki”, “To‘rg‘ay” deb ham ism qo‘yaveradi, lekin bunday ismlar kamdan-kam uchraydi. “Qaldirg‘och” esa ko‘p. Qaldirg‘och qadim zamonlardan odamlar bilan birga yashab, unga yaxshi-yomon kunlarda non-namakda sherik bo‘lib kelayotgan sanoqli qushlardan biri.
Osmondan nozil bo‘lgan muqaddas kitoblarning barchasida yer yuzini suv bosgani va Nuh payg‘ambarning ana shu to‘pondan kemada qutulib qolganligi haqida rivoyat keltirilgan. Qazig‘urtga (yana bir boshqa rivoyatlarda Jiddaga, Sulaymon tog‘iga, Araratga, Mang‘istovga ham deyiladi) kelib to‘xtagan kemaning ust qopqog‘ini ochgan Nuh alayhissalom: “Qani, borib bilib kel-chi, to‘fon tinib, yer quriganmikan?” deb kaptarni ko‘kka uchiradi. Yana boshqa bir rivoyatda kaptar emas, qaldirg‘och uchiriladi. Shuningdek, Rabg‘uziyning “Qisas-ul Anbiyo”sidagi “Nuh alayhissalom hikoyalari”da to‘fonda teshilgan kemaga suv kirib, g‘arq bo‘la boshlaganida, Ilon: “Teshikni men berkitib, kemani halokatdan asrab qolaman, lekin evaziga dunyoda qoni eng shirin jonzot men uchun yemish bo‘lsin”, deb shart qo‘yadi. Chorasiz qolgan payg‘ambar ilonning shartiga ko‘nib, Ariga “Borib dunyodagi qaysi jonzotning qoni shirinligini bilib kel,– dedi. Ari dunyodagi jonzotlarga bir-bir nish urib, hammadan odamning qoni shirinligini bilib qaytayotganida qaldirg‘ochga duch keladi. Ari bilganini unga aytadi. Qaldirg‘och: “Gaping rost bo‘lsa, tilingni ko‘rsat-chi”,– deydi. Ari tilini chiqarishi bilan qaldirg‘och uni bir cho‘qishda uzib oladi. Zabonsiz arining g‘o‘ng‘illashiga kemadagilar tushunmagach, qaldirg‘och: “U dunyoda baqaning qoni shirin, deyapti,” deydi. Ana shundan beri ilonga baqa yemish ekan. Arining vizillab, soqovlanishi ham shundan qolgan ekan. Insonni ilondan xalos qilgan qaldirg‘och esa, odamzodning eng suyukli qushiga aylanibdi.
Qozoq xalqining aziz biylaridan bo‘lgan To‘labiy Alibek o‘g‘li (1663—1756) Toshkent shahridagi Shayxontahur qabristonida, Yunusxon maqbarasiga yaqin yerda dafn etilgan. Yunusxon buyuk Zahiriddin Muhammad Boburning ona tomondan bobosi. O‘tgan asrning 70-yillarida ish yuzasidan Toshkentga tez-tez kelib turardim. Har kelganimda To‘labiy bobomizning qabrini ziyorat qilgani maqbaraga kirardim. Ana shunday ziyoratlarning birida chiroqchi qariya mendan:“Nega bu yerga tez-tez kelasiz?” – deb so‘rab qoldilar. “Bu yerda bobomiz yotibdi. Biz, qozoqlar, qayga borsak-da, avvalo bobolarimiz qabrlarini ziyorat qilamiz”, – dedim. O‘shanda qariya To‘labiy bobomizga nima uchun “Qaldirg‘ochbiy” deb nom berilgani haqida hikoyani aytib bergan edilar.
...Ayni bahor. Xalq yaylovlarga ko‘chgan pallada qalmoqlar bostirib kelishibdi. Butun el o‘tovlarini yig‘ishtirib, toqqa qarab qochibdi. Faqat To‘labiy ko‘chmabdi. Qalmoq xoni yaylovdagi yagona o‘tovda bir o‘zi qolgan biyni ko‘rib, ajablanib: “Eling bizdan qo‘rqib, toqqa qochibdi, sen nega qochmading?” – deb so‘raganida o‘tov to‘rida o‘tirgan bobomiz pinagini ham buzmasdan, qamchisining dastasi bilan o‘tov shiftiga ishora qilibdi. Xon boshini ko‘tarib, shiftdagi uyada chirqillashayotgan sariq tumshuq polaponlar va ularga tinmay xo‘rak tashiyotgan qaldirg‘ochni ko‘ribdi. “Shu polaponlar uchirma bo‘lmagunicha, bu yerdan bir qadam ham jilmayman”, degan gapni unsiz uqtirgan biyning xosiyatli kishi ekanligini anglagan qalmoq xoni otdan tushib, unga ehtirom ko‘rsatib, qo‘l qovushtirib salom bergan ekan. Ana shundan keyin To‘labiyni el “Qaldirg‘ochbiy” deb ataydigan bo‘pti.
Sankt-Peterburgdagi Ermitajda qadimiy ko‘zalar zali bor. Ana shu ko‘zalarning birining ustida bahorda qaytgan ilk qaldirg‘ochni quvonch bilan qarshilayotgan bolakay va jajji qizaloq tasvirlangan. Qaldirg‘ochning qaytib kelishi qadimdan ko‘klamning, yaxshilik, iliqlik, qut-baraka va to‘yu tomosha mavsumining boshlanishini bildiradi. Qadim Misr mifologiyasida yurtidan yiroqda vafot etgan yorini axtarib, safarga otlangan sohibjamol Isida Xudoning qudrati bilan qaldirg‘ochga aylanib, ko‘kka parvoz etadi.
Nasroniylar qaldirg‘ochni Iso alayhissalomning nomi bilan ham bog‘lashadi. Iso payg‘ambar Pontiy-Pilat amri bilan oyoq-qo‘li butga parchinlanayotganida, rimlik jallodning qonli qo‘lidagi mixni olib qochgan, bolg‘ani qanoti bilan urib tushirib, Iso alayhissalomning o‘limini kechiktirgan xosiyatli qush – Qaldirg‘och edi, deyiladi.
Latishlarda qaldirg‘och haqida yana bir ajoyib rivoyat bor. Olam bunyod bo‘lib, odamzod endi yaratilganida, dengizlar mavj urib, daryolar to‘lib oqqanida Xudo qahrlanib, jamiki jonli va jonsiz narsalarni jazolash uchun, osmondan tinimsiz qor yog‘dirib, yer yuzini ko‘m-ko‘k muzga aylantiribdi, ayozni kuchaytirib, bo‘ronni quturtiribdi. Ana shunda odamzodga joni achib, xudoning tandiridan cho‘g‘ o‘g‘irlab, ilk bor olov yoqqan qush – qaldirg‘och edi, deyiladi latish afsonasida.
Qaldirg‘och yurtimizga kech kelib, erta qaytadi. Chunki u, asosan, chivin- pashsha bilan oziqlanadi. Qaldirg‘och xo‘ragini uchib ketayotib, tumshug‘i bilan ilib oladi, suvni ham xuddi shunday ichadi. Qor erishi bilan, salqinda pashsha-chivin uchmaydi, ular kunlar isib, daraxtlar yashil libosga burkanganidan keyin ko‘payadi. Qaldirg‘ochning erta ketishiga ham xo‘rak sababchi. Salqin tusha boshlagach, qurt-qumursqa, pashshalar kamayadi. Qaldirg‘och uylarning shifti, qo‘tonlarning to‘sinlariga uya qo‘yadi. U odamlarga o‘zini yaqin oladigan, g‘oyat dilkash qush. Uning o‘zga qushlarnikiga o‘xshamaydigan yoqimli xonishi bor.
To‘g‘ri, so‘nggi besh-olti yil mobaynida janubiy viloyatlarimiz, ayniqsa, Olmaota va unga yaqin hududlarda qaldirg‘och kam ko‘rinadigan, ayrim yillari, umuman, ko‘rinmaydigan bo‘lib qoldi. Bu—ekologiyaning buzilishi, odamlarning o‘rmonu to‘qaylarni, tog‘ etaklari, daryo sohillaridagi o‘tlog‘u yaylovlarni o‘zlashtirib, tabiatni g‘orat qilayotganidan deb o‘ylaymiz. Xalqimizda “Qaldirg‘ochlar niyati buzuq, yovuz odamning uyiga uya qurmaydi”, degan gap bor. “Yangi qozoqlar”ning Olmaota yaqinida, tog‘ yonbag‘rida qad ko‘targan muhtasham va yuksak koshonalari yam-yashil daraxt va gullarga burkangan bo‘lsa-da, bu yaqin atrofda qushlarning ozligidan ajablanasiz. Vaholanki, bu yerdan toqqa qarab ko‘tarilganda, Gorniy Gigant posyolkasidagi pastqam uylarning har birining bo‘g‘otida qaldirg‘och, to‘rg‘ay, chumchuqlar uya qurganini ko‘rib hayratga tushasiz.
Qaldirg‘ochlarning kamayib ketishiga so‘nggi yigirma-o‘ttiz yil ichida “mayna” deb ataladigan ola qanot, qo‘ng‘ir qushlarning shaharlarimizda ko‘payib ketganligi ham sabab bo‘lmoqda. Bu qanotli yirtqichlar qaldirg‘ochlarimizni shaharlardan bezdirib yubordi. Bunga qanday chora ko‘rish mumkin?
 A.Brem qaldirg‘ochlarni ilmiy jihatdan tadqiq qilgan birinchi yevropalik olim edi. Uning yozishicha, qaldirg‘ochning ko‘zi juda o‘tkir, har qanday masofada uchayotgan xo‘rakni ko‘radi va uni parvoz paytida tumshug‘i bilan qoqib oladi, lekin bir joyda qo‘nib turganini ushlolmaydi. Shuning uchun ham qaldirg‘ochlar quyosh chiqishidan oldin yoki bulutli kunlarda, ko‘kda charx urib, chivin-pashsha ovlashadi.
Qaldirg‘och o‘lkamizga kaptar va bulbul bilan bir paytda, may oyida keladi. May oyining boshida, sokin kechalarning birida bexosdan kaptar sayray boshlaydi. Bu bilan u: “Men bilan qaldirg‘och ham keldi!”—deb xabar berar emish.
Qaldirg‘och kelishi bilanoq uya solishga kirishadi. Uya bitishi bilan unga 4 tadan 6 tagacha chiporrang tuxum qo‘yadi.
Ikkinchi bor u avgustning boshida tuxumlaydi. Polaponlar 14–16 kunda tuxumdan chiqishadi.
Asosan shaharda yashaydigan kalta dum, oqto‘sh qaldirg‘ochlar ko‘p qavatli uylarning devorlariga uyalarni qanday qilib bunchalik mustahkam o‘rnatishlarining sirini haligacha hech kim bilmaydi. Ayriquyruq qaldirg‘och ham uyani yuksak mahorat bilan quradi va unga begona qushlarni yaqinlashtirmaydi. Tuxumni makiyon bilan erkagi navbat bilan bosishadi. Qaldirg‘ochlar oilasini dunyoda eng totuv oila deyish mumkin. Ular bir-birlari bilan juda inoq bo‘lishadi.
Qadimgilar “Vabo, chechak, bezgak kabi yuqumli kasalliklar tarqalgan yurtga qaldirg‘och kelmaydi, kelsa, demak u yerlardan kasallik chekinib, el sog‘aygan bo‘ladi,” – deyishgan.
Dog‘istonda Pudaxar degan ovul bor. Mazkur ovulning paydo bo‘lishi haqida mana bunday rivoyat bor. Dushmanni ta’qib qilib kelayotgan yalangto‘sh yigitlar hordiq olgani tog‘ etagida to‘xtashibdi. Qo‘llaridagi tug‘ning dastasini yerga qadab, uyquga ketgan botirlar tongda uyg‘onib qarashsa, tug‘ boshiga qaldirg‘och uya solishga ulgurgan ekan. O‘lim bilan yuzma-yuz kelishdan cho‘chimagan er yigitlar qaldirg‘ochning uyasini buzib, unga ozor berishdan cho‘chib, shu yerga o‘tov tikib, ekin ekib, mol boqib, yashab qolishibdi.
Qaldirg‘och estonlarning eng suyukli qushi hisoblanadi. 1962 yildan qaldirg‘och bu xalqning milliy ramziga aylangan. Nima uchun qaldirg‘ochning dumi ayri bo‘lib qolganligi haqida ularda mana bunday rivoyat bor.
Qadim o‘tgan zamonda, Tallin degan tomonda ham husnda, ham aqlda katta-yu, kichikning hurmatiga sazovor bo‘lgan yigit yashar ekan. Yigit oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor, o‘ziga munosib sohibjamol bir qizni sevar ekan. Ikkovlon qo‘l ushlashib, daryo sohilida sayr qilib yurishganida, hamma ularga mahliyo bo‘lib, qarab qolishar ekan. Ikki yoshning baxtiyorligini ko‘rolmagan Shayton jodudan foydalanib, o‘zining so‘zi ko‘p, ko‘zi ko‘k, kulganda yig‘layotganday, yurganda dumalayotganday xunukdan xunuk, o‘zi ahmoq, sochi pahmoq alvasti qizini yigitga qo‘shibdi, uning sevgan qizini esa qaldirg‘ochga aylantirib, uchirib yuboribdi.
Dabdabali to‘y boshlanibdi. To‘y bo‘layotganida bir qaldirg‘och dasturxon ustiga qo‘nib, kuyinib xonish qilib, yigitga talpinibdi. Dasturxon atrofida kayfu safo qilib o‘tirganlar qushni haydashibdi. Qaldirg‘och yana uchib kelib, soxta baxtdan sarxush yigitning yelkasiga qo‘nib, yonida o‘tirgan badbashara qaylig‘ining qulog‘idagi isirg‘ani tumshug‘i blan yulib olibdi. Qaylig‘i qulog‘ini ushlaganicha, o‘kirib yig‘lay boshlabdi. To‘yning fayzini buzgan qushni haydash uchun mehmonlar u yoqdan-bu yoqqa yugurishib, nozu ne’mat qo‘yilgan stollarni ag‘darishibdi. Shaytonning qaldirg‘ochga qarata otgan boltasi dumiga tegib, uni ikkiga ayrib yuborgan ekan. O‘shandan beri qaldirg‘ochning dumi ayri ekan, deyiladi ertakda.
Endi har bir millatning qaldirg‘ochga taalluqli alomat va irimlariga to‘xtalsak:
Qaldirg‘och qaytadigan paytda qo‘raga qo‘nsa, qo‘y egiz tug‘ib, jonliq ko‘payadi, agar uyga qo‘nsa, bola ko‘payar emish.
Qaldirg‘ochga o‘q tegmaydi.
Qaldirg‘ochning uyasini buzgan bolaning ko‘zini devlar timdalaydi.
Qaldirg‘och ham odam kabi tuproqdan yaralgan va unga ozor yetkazish og‘ir gunoh hisoblanadi.
Tushingga qaldirg‘och kirsa—baxtga erishasan.
Qaldirg‘och ko‘rsang cho‘ntagingni silkit – unga dasta-dasta pul tushadi.
Bo‘ydoq yigit tushida qaldirg‘och ko‘rsa – sevgan qiziga uylanadi.
Ko‘klamda ilk bor qaldirg‘ochga ko‘zing tushishi bilan oyog‘ingning tagiga qara – unga oq soch yopishgan bo‘lsa, oq sochli qizga, qora soch yopishgan bo‘lsa, qora sochli qizga uylanasan.
Qaldirg‘och uyasini qirq kun mobaynida yasaydi, uni buzganlar qirq baloga giriftor bo‘ladi.
Ko‘klamda ilk bor qaldirg‘ochni ko‘rishing bilan qora ko‘mirni sindirib, bir misqolini cho‘ntagingga sol. Shunda ana shu yili boshingga baxt qushi qo‘nadi.
Tushingda o‘lgan qaldirg‘ochni ko‘rsang – yaqin kishing vafot etadi. Sadaqa berishni unutma.
Qaldirg‘och uyasiga qaytmasa hushyor bo‘linglar, o‘sha uyda yong‘in chiqish ehtimoli bor.
Qaldirg‘och uyni tinmay aylanib uchsa shu uyning qizi tez kunda turmushga chiqadi.
Sevgan qizing sendan arazlab, yaqiniga yo‘latmay qo‘ysa tilla uzuk sotib olib, uni to‘qqiz kungacha qaldirg‘och uyasiga solib qo‘y. O‘ninchi kuni uni qizga bersang–Xudo tilagingni amalga oshirib, murodingga yetkazadi.
Inson bolasi uy solishni qaldirg‘ochdan, to‘r to‘qishni o‘rgimchakdan o‘rgangan degan Demokrit.
U gulga qo‘nib, uning sharbatini ichadi, bu bilan, ko‘r bo‘lib tug‘iladigan polaponlarini bu darddan davolaydi.
“Suyukli bolaning oti ko‘p” deganlariday, qaldirg‘och to‘g‘risida rivoyat ham, ertak ham ko‘p. Qadim nasroniylarning “Qaldirg‘ochlar qishda botqoq tagiga kirib qishlaydi”, degan rivoyatidan tortib, “Qaldirg‘och issiq o‘lkalarga qaytishda turnaning qanotiga o‘tirib yoki laylakning ko‘ksiga yopishib, uchib ketadi”, degan cho‘pchaklardan tortib, qancha doston va qo‘shiqlar to‘qilgan. G‘arbiy Ukrainada ham qaldirg‘och “qishda daryo tagida uxlaydi”, degan rivoyat bor. Qishda qaldirg‘ochni sog‘insang, muzga qulog‘ingni tut – daryo tagidan uning ovozini eshitasan, deyishadi g‘arbdagi ukrainaliklar.
Jahonda qaldirg‘och to‘g‘risida rivoyati bo‘lmagan adabiyot bormikan?
Jahonda qaldirg‘ochni yomon ko‘radigan el bormikan?
Yana bir rivoyatga ko‘ra, har kimning o‘z qaldirg‘ochi bo‘lar emish. U yotsak ham, tursak ham tepamizda aylanib, bizga sog‘liq tilab, balo-qazo, xavf-xatar, yomon so‘z va yomon ko‘zlardan bizni asraydi, deyishadi. Inson bolasi shunchalik gumrohki, hatto u o‘zining qaldirg‘ochini tanimay, topolmay, bu yolg‘on dunyodan o‘tib ketarkan. Agar har birimiz o‘z qaldirg‘ochimizni topganimizda, baxtimiz yanada to‘kisroq, omadimiz bundan-da to‘liqroq bo‘lib, armonsiz umr kechirgan bo‘larmidik?
Buni o‘z qaldirg‘ochini topganlardan so‘rashni istardim. Siz-chi, siz o‘z qaldirg‘ochingizni topdingizmi?!
 
ULAR

Ulug‘tovga chiqdingmi,
Ular go‘shtin yedingmi?
Xalq qo‘shig‘i.

Ularqush haqida so‘z ketganda, men darhol 1986 yilning dekabr oyidagi qirg‘inda o‘n gulidan bir guli ochilmay xazonga aylangan qizimiz Lazzat Asanovani eslayman. U xalqimizning mustamlaka bo‘lib yashashiga qarshi chiqib, shu yo‘lda o‘limni afzal bilgan chinakam qahramonlardan. Alloh Taolo unga sakkiz jannatning barcha eshiklarini ochgay! O‘zi halok bo‘lsa-da, xalqimizning erksevar, ozod ruhi mangu barhayotligini yana bir bor isbot etib ketdi u!
Ular tuzoqqa tushishi bilanoq nobud bo‘ladigan erksevar qush. Shuning uchun jahondagi birorta ham hayvonot bog‘ida ularqushni uchratmaysiz. Tog‘da sayragan kaklikning, butazordagi bedananing, hatto qirg‘ovulning ham tuxumlarini xonaki tovuqqa bostirib, polaponlarini qo‘lga o‘rgatish mumkin. Jo‘jalar, naslu nasabim boshqa ekan, demasdan, g‘ujullashib, tovuqning orqasidan ergashib yurishadi. Lekin ularqushning bolasini qo‘lga o‘rgatib bo‘lmaydi. Tuxumini tovuqqa bostirgan bilan jo‘ja chiqmaydi, polaponiga odam qo‘li tegishi bilanoq nobud bo‘ladi.
Qadimiy bobolarimizning erksevar ruhi, ozod ruhi—shu qushga jo bo‘lmadimikan? Mangu boqiy halollikning, nafosat va go‘zallikning, ulug‘vorlikning ramzi bo‘lib qolgan, tog‘ cho‘qqilarida yashaydigan pokiza tabiatli, pok tiynatli Ularqush tubanlikdagi rutubatli, gunohkor zamindagi, qafasday yerdagi qora tirikchilikning makru hiylalariga chiday olmas ekan. Ha, bu zamin biz kabi gunohkor bandalarining tirikchiligi kechadigan makon, osmon esa farishta va qushlar yashaydigan, ozod ruh orom topadigan pokiza xilqat. Demak, olqish ularga, hurmat-ehtirom mana shunday pokiza jonivorlarga, rahmat shu qushlarga!!!
Ularqush faqat pokizalik va yuksak ulug‘vorlik timsoli bo‘lgan tog‘ cho‘qqilarida yashaydi, dedik.

Olam-olam, dunyo-dunyo, ey dayri dun,
Osmonlarga ko‘zim tikib men deyman-da:
Jon Allohim, qulluq odilliging uchun,
Farishta-yu qushlar uchar huv tepamda.

Mana, yana tonglar otar bir munavvar,,
Sayron-sayron, nur to‘kilar, oltin-oltin.,
Sermab uchar hur qanotni menga bermay,
Qushlarga baxsh etganingga qoyil qoldim!.

Edil bo‘lib, Yoyiq bo‘lib, daryo bo‘lib,
G‘aybdan bir kun menga qanot baxsh etsang ham,
Menga qanot bitgan bilan,
Men qanotni yuborardim qushga berib,
Derdim:
–Ko‘kka sen munosib, uch, ey erkam!.

Har kim o‘z o‘rnini bilganiga nima yetsin. Ularqush past uchadi, deganning o‘zida dengiz sathidan uch ming metr balandlikda yashaydi. Uni hatto dengiz sathidan besh ming metr balandlikda ko‘rganlar ham bor. Mubolag‘asiz aytadigan bo‘lsak, bu bulutlardan ham baland degani. Bunday balandlikda o‘simliklar deyarlik uchramaydi. Tog‘u toshlar oppoq qor, ko‘m-ko‘k muzga burkangan, na birorta daraxt butog‘i, na birorta chechak bo‘lmagan, faqat izg‘irinu shamollar esgan bunday yuksaklikda, bu bechora qush nima bilan oziqlanadi? Tog‘ cho‘qqisida sovuq qanchalik qahrli bo‘lmasin, quyosh yilt etib ko‘rinsa bas, tog‘ning kungay-betkaylarida qor darrov erib ketadi. Muz qoplagan tog‘ning to‘qimday yeri ochilsa bas, ularqush o‘ziga tog‘ sarimsog‘i, archa kurtagi kabi xo‘raklarni topadi. (Aytmoqchi, tog‘ sarimsog‘i qadimda “ular piyozi” deyilgan. Menimcha, ana shu atama to‘g‘ri. Hozirgi “tog‘ sarimsog‘i” atamasi rus tilidagi ilmiy qo‘llanmalardan olingan “gornыy chesnok”ning so‘zma-so‘z tarjimasi). Ular qumaqoy ham emas, xo‘ra ham emas, qanoat bilan qorin to‘yg‘azib, xo‘rak topilmaganida ochlikka bardosh beradigan qush. Ular yurgan yerga qarg‘a, quzg‘un, zag‘izg‘on yaqinlashmas ekan. U mag‘rur tog‘taka, burama muguz arxarlar o‘tlaydigan yaylovda yuradi. Arxar o‘zi oziqlanmasdan, bu qush uchun ham tuyoqlari bilan qor tepib-titib, yemish topar ekan. “Teng tengi bilan”, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.
Endi bu qushning ko‘zga kam ko‘rinishiga kelsak, birinchidan, u juda sergak, uni tuzoqqa, to‘rga tushirib bo‘lmaydi. Agar uni tog‘li joyda ov qilishga moslashgan burgut olmasa, jig‘altoy, bo‘ktargi, hatto qirg‘iy ham ololmaydi. Hech bir tajribali ovchi ularga qush solmaydi, unga qarata o‘q otmaydi. O‘lgan ular tanasini ko‘rganlar tirnoqlari bilan patlarini ajratib olib, bolaning beshigi va uyning to‘riga ilib qo‘yadi. Ikkinchidan, barcha asl jonzotlar kabi, ularqush bolani kam ochadi. Ko‘paymaydi. Shuning uchun ham u qadrli bo‘lsa kerak-da.
Ularni ushlash orzusida bo‘lgan ornitologlar nechta tog‘u toshni sarson-sargardonlik bilan behuda kezib, qaytishmadi deysiz. Bu qushga ishqivozlar uning sayrashini eshitishni ham chinakam baxt deb bilishadi.
Bundan o‘n yillarcha muqaddam, Hindistonda bemorlarni sayroqi qushlar ovozi bilan davolaydigan shifoxona ochilganligi haqida matbuotda ko‘p yozishgan edi.
Birinchi bo‘lib kuy yaratgan va uni notada ifoda etishni ixtiro qilgan shaxs ham qushlarning xonishini sevgan bo‘lsa kerak. Balki kuyning qadimiy nomi ham “qush tili” deb atalgandir. Har bir sozda qush ovoziga o‘xshaydigan sadolar uchraydi. Masalan qozoq xalq kuylarida “Ugay-ay, uga-ay, u-g-a-y” deb keladigan qayirimlar bor. “Ugay-ay” ukkining tovushini eslatadi.
Ularqush subhidam paytida o‘n yigirmatacha bo‘lib sayrashadi. Sayrashadi degandan ko‘ra, so‘zlashadi deyish to‘g‘riroq bo‘lardi. Ana shunda “Ularqushday chuvlashdi” degan ibora yodga tushadi. Sharqiy qozog‘istonlik tabiatshunos yozuvchi Boris Shcherbakov ularqushlarning ovozini so‘fining azon aytishiga o‘xshatadi. Bizningcha, u so‘fining azonidan ko‘ra, ko‘proq sibizg‘aning nolasiga o‘xshab ketadi. Sibizg‘ani o‘ylab topgan shaxs ularqushning xonishini sevgan bo‘lsa kerak.
Qirg‘iz xalq qo‘shiqlarida “ular kuyli, qo‘y ko‘zli”, “ularday sayroqi ovozi bor” degan satrlarini uchratamiz. Mashhur qirg‘iz xalq qo‘shiqlaridan biri “Yoshlik kuylovchi ularqushga o‘xshaysan” deb boshlanadi. Qirg‘iz Olatovni madh etganida: “Cho‘qqilardan qichqirgan ularqushli, Olatov” deb kuylaydi.
Yevropa davlatlarida qushlar muhofazasi, qushlarning parvarishi va ko‘paytirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan Lekin o‘sha davlatlarning birortasida ham ularqush yo‘q. Italiya, Shveytsariya va Frantsiya kabi davlatlarning qorli tog‘lari, jo‘shib oquvchi daryolari, yam-yashil, shinam o‘rmonlari bizga qandaydir sun’iyday tuyuladi. Chunki u yerlarda ularqush yo‘q, hech qachon bo‘lmagan ham. U balandlikda yashaydi, Alp tog‘larida bo‘lsa kerak, degan taxminimiz ham to‘g‘ri chiqmadi. Alfred Brem yozgan tog‘ buludurug‘i (coccabis), tog‘ kurkasi (megalopealix) – ularqush emas. O‘z vaqtida Yevropaning ayrim olimlari ularqushni boshqa qush bilan chalkashtirib, ancha maqolalar yozishgan, haqiqatdan esa ularqush Alpda ham, Pirineya tog‘laridan ham yo‘q, bo‘lmagan ham.
 Tog‘lar bunyod etilganida Tangrining rahmat nazari bizning zaminimizga yog‘ilgan, shekilli. Markaziy Osiyo tog‘lari, Bulanoy (Himolay) tog‘ tizmalari hayvonot olami va o‘simliklarga juda boy. Sharqdan G‘arbga qarab yurilsa, tog‘ jonzotlarining turi kamayib, tog‘lar ham yassilasha boradi. Shuning uchun ham Yevropa qit’asida ularqush yashamaydi. Buni “Ovulimizning iti hammanikidan zo‘r” degan ma’nodagi maqtanchoqlik deb o‘ylamang, balki bu – hozirgi zamon fanida tasdiqlagan va jahon tan olgan xulosa.
Zoogeograflarning jahon bo‘ylab o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, yer yuzida ularning beshta turi mavjud ekan. Qof tog‘ida –Kavkaz ulari, Kavkaz orti bilan Turkmanistonning Ko‘petog‘ida Kaspiy ulari uchraydi. Ikkovi ham Olatov bilan Oltoydagi ularqushlarga nisbatan tanasi ancha kichik. Kaspiy ularini Mang‘istov itolg‘isi ovlar ekan. Pomirning janubida Tibet ulari bor deyishadi. Tangritov (Tiyonshon), Bulanoy (Himolay) atroflarida uchraydigan qorato‘sh ular – bizning Olmaota yaqinidagi tog‘larda, aniqroq aytganda, Ili Olatovining tepalari, O‘ng Talg‘ar, So‘l Talg‘ar, O‘rta Talg‘arda, Bulanbel (Jung‘or Olatovi)da, Beljaylov, Saribelgacha bo‘lgan oraliqda, Talas Olatovining Takayong‘oq, Piskent tog‘lari etaklarida ko‘zga chalinadi. Ha, ko‘zga chalinadi, degani haqiqatga yaqin, chunki u son jihatdan bu hududlarda juda kam. Bu qush jinday xavf sezishi bilanoq, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Tez uchadi. Yerda kurka tovuqqa o‘xshab yuradi. Shuning uchun ham u ayrim ilmiy to‘plamlarda “tog‘ kurkasi” deb atalgan. Aslida, u kurkaga umuman o‘xshamaydi. Oqto‘sh ular Oltoy, Sayan tog‘larida uchraydi. Qozoqcha “Ulug‘tovga chiqdingmi, ular go‘shtin yedingmi?” degan qo‘shiqda qorato‘sh va oqto‘sh ularlar nazarda tutiladi. Qo‘shiqda aytilgan Ulug‘tov Sariorqaning janubi-g‘arbidagi, anig‘i, Jezqazg‘an atrofidagi qadimiy Ulug‘tov emas. U yerda ularqush yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Ulug‘tovning eng baland qismi—1134 metr, o‘rtacha balandligi 400–600 metrgina keladi. Qiyoslash uchun aytganda, Tangritov (Tiyoonshon)ning eng baland hisoblangan G‘alaba cho‘qqisi—7439 metr bo‘lsa, Xontangrining balandligi 6995 metr. Oltoydagi Muztog‘, Oqboshtog‘, Oqtov, Boluxa cho‘qqilarining balandligi – 4506 metr ekan. Qadimgi qozoq:

Cho‘qqidan qichqirgan qush – ularmikan,
Polaponin ushlasam, yig‘larmikan?—

 deganda balandligi 400–600 metrlik yassi tog‘ni aytmagandir.
Qosim Omonjo‘lovning:

Bug‘uli, Tog‘liga ko‘tarilsak borib,
Eshilib Yesil oqsa ming buralib,
Ulari Ulug‘tovdan bulut bo‘p uchsa,
Orolda to‘lg‘onadi tog‘day baliq,–

degan satrlarida “bulut” bo‘lib uchib yurgan Ulug‘tovning ularlari ardoqli shoirimizning xayolot mahsuligina deb tushunmoq kerak. Shuningdek, bugun telediydorda, radioda tez-tez aytiladigan bir qo‘shiqda muallif o‘zi oshiq bo‘lgan go‘zal qizni “Ulug‘tovning ularqushiga o‘xshaydi” deydi. Sevgan qizni ularqushga tenglash qanday bo‘larkin? O‘zi ko‘rinishi xunuk bo‘lsa, oyoqlari kalta, pista tumshuq, kallasi dumaloqdan kelgan, bo‘yni ham kalta, o‘zga qushlarday sollonib emas, sudralib yuruvchi, dumi ham bir tutamgina, tanasi bilan to‘shi nomutanosib, to‘mpoq biqin, och kulrang qush bo‘lsa. Bu yerda gap uning ko‘rinishida emas, gap Ulug‘tovda ularning yo‘qligida. Lekin bu bilan biz Ulug‘tovni yerga urmoqchi emasmiz. U milliy ruhiyatimizning oltin beshigi sifatida har birimiz uchun tabarruk maskan. Keyin ularqush yo‘q degani, bu tog‘da boshqa jonzotlar ham yo‘q degani emas. Ulug‘tov atrofidagi Burgut, Buldiriq, Shunqor, Qaldirg‘ochtog‘ kabi nomlar nimani bildiradi? Demak, bu yerlar qadimda ana shu nomdagi qanotli jonzotlar maskani bo‘lgan, degani.
Ulug‘tov degan atama turkiy tillarning barchasida uchraydi. Turkiyaning qadim poytaxtlaridan biri Bursa shahri yaqinidagi zangor tog‘ning nomi—Ulug‘tov. “Ulug‘”, “Ulli” turkcha so‘z bo‘lib, boshqa turkiy tillarda bu so‘z ham, forsiydan o‘tgan “buyuk” so‘zlari ham ishlatiladi. Lekin qozoqchada faqat “uli” so‘zigina qolgan. Vaqtida tilimizdagi pantrukizmga qarshi kurashamiz deb kurmakka qo‘shib anchagina guruchni ham to‘kib tashlaganga o‘xshaymiz. Demak, bobolarimiz “Ulug‘tovga chiqqanmisan?” deganda xosiyatli tog‘ni, muqaddas maskan, yuksaklik va pokizalikni nazarda tutgan ekan. Endi, “ Ular go‘shtini yeganmisan?” – degan so‘zni nimaga aytdi ekan?
Shu o‘rinda odam ishongisi kelmaydigan bir irim haqida to‘xtalsak. Dengizchilar bilan baliqchilar orasida qadimda shunday irim bo‘lgan ekan. Suvga cho‘kib boryapgan kemadagilar orasida ularqush go‘shtini yegan kishi bo‘lsa, aynan shu odam qurbonlik o‘rniga suvga g‘arq qilinar ekan. Shu bilan qolganlar omon-eson yurtlariga yetib borishgan.
Yana bir rivoyatda bunday deyiladi: qadimda Xitoyga borgan savdogarlardan mahalliy odamlar “Ulug‘tovga chiqqanmisan, ularqush go‘shtini yeganmisan?” deb so‘rashar ekan. Shunda birorta savdogar “ha, yeganman” desa, uni xitoyilar shu yerning o‘zida o‘ldirib, go‘shtini nimtalab, dori tayyorlashgan. Bu nima? Ularqushni ulug‘lashmi, yoki “Ayiqqa namozni o‘rgatgan tayoq” deganlariday, esi past ovchilarni ra’yidan qaytarish uchun ishlatiladigan bir tadbirmi? Nima desangiz ixtiyoringiz-u, biroq shunday hangomalar borligi rost.
Endi rivoyatdan haqiqatga qaytadigan bo‘lsak, Sharqda siniqchi-o‘tarchilar, emchi-tabiblar, afsungar-folbinlar o‘tmishda ularqush go‘shtidan juda ko‘p dardlarga davo bo‘luvchi dorilar tayyorlashgani haqida ma’lumotlar bor. Tog‘ mo‘miyosining shifobaxshligini odamlar “kalmurug‘” (tojik-forsiy tilida ularqush shunday deyiladi, bu toztovuq-kaltovuq” degani)dan o‘rganganligi haqida rivoyatlar bor. Quyida keltiradigan ertakdagi qora moy ayni mana shu mo‘miyo bo‘lsa kerak, degan fikrdamiz.
“Ertadan ham erta ekan, echkining juni hali juda kalta ekan, qirg‘ovuli qizil ekan, quyrug‘i ham uzun ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, toshbaqa tarozibon ekan, kaklik karnaychi ekan, sug‘ur surnaychi ekan. Ulug‘tovning qiyasi ekan, ularqushning uyasi ekan.
O‘sha zamonda Ulug‘tovda to‘rt-beshta qo‘y-echkisini haydab yurgan, yopinchig‘i yaproq, ko‘rpachasi tuproq, oyoq-qo‘li dirillagan, ikki ko‘zi iringlagan Ulanoq degan chol bo‘lgan, bir tirnoqqa zor bo‘lgan. Uning Uldanoy degan kampiri bor ekan. Tong saharda ularqushlar sayraganda ikkovlari zor-zor yig‘lab:

–Ulug‘tovning boshinda
Uzoq yotgan qormikan,
Qizarib otgan tongmikan,
Qizarib otgan tong sayin,
Polaponin qo‘rg‘ashlab1,
Oq qor kechib, yo‘l boshlab,
Ular kuy aytganmikan.
Ular kuyin aytganda,
O‘g‘li yo‘g‘in ikki eslab,
Qizi yo‘g‘in bir eslab,
Kuni bo‘yi yig‘lagay
Ulanoq va Uldanoy
Bizdan-da, g‘arib bormikan?—

deb nola qila-qila, nihoyat yolg‘iz o‘g‘il ko‘rishibdi, o‘g‘ilning ismini Ularbek qo‘yishibdi.
Ularbek yil emas, oy emas, kun emas, soat sayin to‘lishib, quralayning ko‘zini nishonga oladigan merganga aylanibdi. Uning qiltuzog‘i bor ekan, undan bulutlardan balandroq uchadigan burgutlar ham, yelga yetkazmay chopadigan qulonlar ham qutulolmabdi. Xullas u “Qiltuzoqli Ularbek ovchi” degan nom chiqaribdi. Ularbek tog‘ma-tog‘ oshibdi, uchadigan-u, yuradigan jonliq borki, birontasini omon qo‘ymabdi.

Kurkasi panada pisib yotadi ekan,
Ko‘rgan jonzot tog‘dan-toqqa qochadi ekan.
Oq kiyik emizgan bolasin tepib tashlab,
Oq sutin yerga oqqizib, chopadi ekan.

Keksaygan Ulanoq chol o‘g‘liga yalinib, shunday debdi:

–Voy, ne deyin, ne deyin,
Bo‘lmadi-yu, hoy, bolam.
O‘lar chog‘da ota-onang
Sho‘rladi-yu, hoy, bolam!
Ulug‘tovda ularqush
Boshingda edi, oy, bolam,
Oqmaralning bolasi,
Qoshingda edi, oy, bolam.
Uyadagi polapon
Unda qasding bor, bolam,
Qizil qanot, sariq tumshuq
Oshingmidi, hoy bolam?!
Jardan qulab yosh kiyik
Og‘ib ketdi-yu, hoy, bolam.
Yugurgan jon, uchgan qush,
Bezib ketdi-yu, oy, bolam.
Onang seni tug‘arda
Yerik1 bo‘ldi ularga.
Ularqushning avvaldan
Egasi bor, hoy, bolam.
Bu aytganim bo‘lmasa,
Ko‘kayingga qo‘nmasa,
Uvoli bor, hoy, bolam.

Ularqushning uyasi odam zoti borolmaydigan, biror ovchi ololmaydigan Ulug‘tovning qiyasida ekan. Qadimgilardan: “ Dunyoda ikki toifa odamni niyatidan qaytarib bo‘lmaydi, bu—ersiragan qiz va o‘lja deb intilgan ovchi”,–degan gap qolgan. Ulanoq vafot etgan kuniyoq Ularbek:

–Atan2 o‘lsa, so‘yilar,
Otang o‘lsa, ko‘milar,
Biroq menikidayin
Tuzoq qaydan topilar,–

deb qiltuzog‘ini qo‘liga, miltig‘ini yelkaga osib, Ulug‘tovning qiyasini, ular qushning uyasini mo‘ljalga olib ketaveribdi, ov zavqidan qo‘shiq aytaveribdi:

–Ulug‘tovga chiqarman,
Qiltuzoqni qo‘yarman,
Ulug‘tovga chiqmasam,
Yo‘lim, sendan ne foyda?!
Ular ushlab olmasam,
Qo‘lim, sendan ne foyda?!—
Shu payt oyog‘i sirpanib, yiqilib, bir qo‘li sinibdi.

O‘ngdan kelsa, o‘ng otgan,
So‘ldan kelsa, so‘l otgan,
Otgan o‘qin tekkizgan,
Qo‘lim, senga ne bo‘ldi?
Tovoni yalpoq tarlonim,
Tish, tuyoqli arlanim,
O‘kchasi biyik yugrugim,
O‘rga bitgan suyrigim,
Oyog‘im, senga ne bo‘ldi?! –

deb turganida ikkinchi bor yiqilib, oyog‘ini sindiribdi.
Yiqilgan joyida ikki kun yotibdi – yoniga birov kelmabdi, pastga tusholmay to‘rt kun yotibdi – holidan birov xabar olmabdi, yordam so‘rab, qulunday nola qilibdi, nolasini birov eshitmabdi. Ulkan tog‘, kimsasiz dala. Miltig‘ini bir qo‘ltig‘iga, tayog‘ini ikkinchi qo‘tig‘iga tirab, qiltuzog‘ini toshga bog‘lab, ming azob bilan tog‘dan pastga tushib, sudralib uyiga arang yetib kelibdi. Kelsa, o‘lgan otasi ko‘milibdi, tuyasi so‘yilibdi, janozaga yig‘ilgan el allaqachon tarqalibdi. Undan ko‘ngil so‘raydigan biror kimsa qolmabdi. Tentak o‘g‘ilni undan bo‘lak kim ham eslasin – onasi bechora zorlanib, atrofida parvonaday aylanib, yig‘lab yo‘qlabdi:

Otang o‘ldi – qo‘yildi, bo‘tam,
Atan o‘ldi-so‘yildi, bo‘tam.
Ikkovin ham ko‘rmading, bo‘tam,
O‘ngdan kelsa, o‘ng otding, bo‘tam,
So‘ldan kelsa, so‘l otding, bo‘tam,
Otarga-ku, o‘q topding, bo‘tam,
Insofni-chi, yo‘qotding, bo‘tam?

Kun ketidan kun o‘tibdi, oy ketidan oy o‘tibdi, Ularbek ana shu yiqilgandan qaytib turmabdi. Singan qo‘li tunlari uxlatmasmish, singan oyoq joyidan qo‘zg‘atmasmish. Bir kuni onasi: “Endi bo‘lmadi, bolam, Ulug‘tovga chiqayin, ularqushni izlayin, seni tug‘ishda boshqorong‘iligimni bosib, bir quvontirgan edi, endi qayg‘uda ko‘mak berib, yana bir quvontirmasmikan?”—debdi.

Ular degan ularqush,
Quyosh bilan chiqar qush,
Bizni ko‘rsa, qochar qush,
Qochma, jonim, beri kel,
Qon yig‘lagan onaman,
Zor yig‘laydi bolam ham,
Qirq qovurg‘am so‘kib ol,
Umurtqamni bo‘lib ol,
Yolg‘izimga yordam ber!

Ona besh kun yurdi—beli toldi, olti kun yurdi—oyog‘i toldi, yettinchi kun deganda yakka qoyaga duch keldi, yakka qoyaning tepasida yakka uyani ko‘rdi, yakka uyaning ichida yakka polaponni ko‘rdi. Ushlamoqchi edi, qo‘lidan tushib ketib, polaponning oyog‘i sindi. Bechora kampir orqaga chekinib, bir toshning ko‘lankasiga borib o‘tirdi. Charchab, ko‘zi uyquga ketgan kampir bir payt qushning shovqinidan cho‘chib uyg‘ondi. Qarasa, ona qush oyog‘i singan polaponning og‘ziga qop-qora moy quyayotgan ekan. Nari qarab, beri qarab, qanday moy ekanligini bilmasdan, ertasiga yana kelibdi. Kelsa, haligi oyog‘i singan polapon ancha tetiklashibdi, singan oyog‘iga onasi qora may surkab, ustidan yaproq o‘rab qo‘yibdi, uya tagida qora moy tomgan yaproqlar uyulib yotgan ekan.

Ismim mening–Uldanoy,
Kunim bitar kezinda,
Yalangoyoq bog‘ oshdim,
Qiziloyoq tog‘ oshdim.
Mayib bolam ingraydi,
Ko‘zdan yoshim tinmaydi,
Ingraganin ko‘rguncha,
Ojiz qarab turguncha,
O‘lsa edi Uldanoy.
Ular, ular, ularim,
Etingdan ber, demayman,
Suyaging ber, demayman,
Qora moying beraqol,
Yolg‘izginam tuzalsin,
Jonim senga qurbon-ay!! –

deb yig‘lagan Uldanoy qora moy tomgan yaproqlarning hammasini terib olib, etagiga solib, uyiga kelibdi-da, Ularbekning singan qo‘l-oyog‘iga o‘rab tashlabdi. Bolasi o‘sha tun tinch uxlabdi. Ertasiga ertalab, qora moyning qolganini onasi choyga solib, yana Ularbekka ichiribdi. “Uch kun ich, uchiga yetsin, yetti kun ich-singib ketsin, sakkiz kun ich-siniqlar silliqlansin, to‘qqiz kun ich-da, to‘yga tur”,–deb dam solib, kuf-suf qilib, to‘qqiz kun ichiribdi. Oradan ko‘p o‘tmay Ularbekning qo‘l-oyog‘i joyiga tushib, o‘rnidan turib, hech narsa ko‘rmaganday, mayib bo‘lmaganday bo‘lib ketibdi. Shunda u:
 
Ulug‘tovdir yuksak tog‘,
Tog‘ boshiga chiqarman,
Yuksak tog‘da ko‘pdir zog‘,
Ularqushni toparman.
Gar bersam senga ozor,
Ularbek otim qursin.
Ul qushni kim qilsa xor,
Qushning qarg‘ishi ursin.
Olib qolding ajaldan,
Ular, seni ardoqlay,
Azizdursan azaldan,
Onam, deb seni alqay!—

debdi.
O‘shandan beri Ularbek ularqush bilan do‘st bo‘pti, qiltuzog‘in yechibdi, qo‘bizga ichak eshibdi, qilqo‘bizini ularqushning nolasiday yig‘latibdi. Qo‘bizda chalingan bu nola hali–hanuz “Ularqush” deb atalar ekan”.

LAYLAK
 
Do‘stimning hikoyasi

 Chinoz qal’a deganda Chinoz, mana,
 Chinozning shirin suvi ham ozgina.
 Laylakday zuvlab borar uchqur umr,
 O‘ynab-kulib qolaylik birozgina!
Xalq qo‘shig‘i.

O‘shanda ajoyib kunlar edi.
Toshkentning ko‘klami fevralning ikkinchi yarmidayoq oppoq gulli o‘rik bo‘lib yashnab keladi-da, bir kunda majnuntol bo‘lib duv ko‘tariladi, binafsha bo‘lib anqib, mirzaterak bo‘lib yuksaladi. Ko‘cha-ko‘ylar, bog‘-rog‘lardan kuy-qo‘shiqlar eshitiladi. Ko‘klam to‘rg‘ay bo‘lib kuylab, kaptar bo‘lib ko‘kda charx urib, sariqto‘sh chumchuq bo‘lib kuni bo‘yi tinmay chirqillaydi.
Ko‘klam oqshomlarining ajoyibligini aytmaysizmi.
Fyodor Dostoyevskiyning “Oq tunlar” nomli qissasining boshlanishi yodingizdami? Mabodo zeriktirib qo‘ysam afv etasiz, agar bir lahza tinglashga rozi bo‘lsangiz, sizni Xudo yorlaqasin, quloq soling-a: “Sohir bir tun edi, shunchalik ham sohir va latif tun ediki, aziz kitobxon, biz bunday tunni faqat bo‘z yoshlik chog‘imizdagina uchratishimiz mumkin. Osmon yulduz–yulduz bo‘lib porlar, osmon shunchalik munavvarki, unga boqib turib, beixtiyor o‘zingni o‘zing savolga tutasan: shunchalar go‘zal, bokira falak ostida badjahl, razil odamlar yashashi aqlga sig‘adimi? Bu ham g‘o‘r yoshlikning savoli, aziz kitobxon, bolalarcha go‘l bir savol, ammo Yaratgan egam shunday savollarni hech bir qalbdan darig‘ tutmasa ekan!” Ana shunday sohir bir tun edi u, azizim.
Bog‘da bulbul sayraydi. Siz bulbulning sayrashini eshitganmisiz? “Oq ro‘mol” degan kuyning oltmish turli naqorati bor deyishadi. Uyg‘ur qardoshlarning o‘n ikki maqomi bir-biriga o‘xshamaydi. Endi, bulbulning kuyi ham bir sayrashda necha o‘zgarib, necha turlanishini bilib bo‘lmaydi-da. Jonga orom bag‘ishlovchi shabada esadi. Sershovqin, sernag‘ma ko‘klam. Tangrim-ov, o‘sha kunlar chindan ham qaytmas bo‘lib ketdimi? Ishongim kelmaydi.
...Qaydan ekani yodimda yo‘q, bir gal uyga kech qaytdim, yo‘l-yo‘lakay bog‘ni kesib o‘tib, bosh pochtamtga kirdim.

Bosh pochtamt. Hovuz suvdan sho‘pillaydi,
Huv yoqdan palov hidi gupillaydi.
Almatidan bir xabar kutib turgan.
Qoracha yigit qalbi dukillaydi.

O‘lan bu uchqur kiyik, zuvlab kelgan,
Har kim holi kelguncha ovlab ko‘rgan.
She’riyat—ko‘ksi buloq moya bo‘lsa,
O‘lan uning bo‘tasi, chetda yurgan....

Chinor, qayrag‘och, oq teraklaru sambit tollar aralash o‘sgan ajoyib bir bog‘. Yoshlik bog‘i, muhabbat bog‘i. Kiraverishdagi suyanchiqli uzun o‘rindiqda bir qiz egilib o‘tirgan ekan. O‘tib ketayotib unga diqqat bilan tikildim, qoshu ko‘zi ipakday, qorato‘ridan kelgan, go‘zal qiz edi. Tojik qizi bo‘lsa kerak yuz tuzilishi cho‘zinchoq. Navnihol. Qop-qora jingalak sochlari tog‘ malagi ekanligidan dalolat berib turibdi. O‘zbek qizi bo‘lishi ham mumkin. Odatda bu yurtga yangi kelgan odam bu ikkala xalqni tashqi ko‘rinishiga qarab ajratolmaydi. Ulardagi farqni keyinchalik payqaysiz. Dasturxonlari, kiyinishlari, muomala, urf-odatlari, quda-andachilik, mehmon kutishlari bir-birlariga juda o‘xshab ketadi. O‘zbek ziyolilari orasida asli tojiklar ham oz emas. Aralash nikohli oilalar tez-tez uchrab turadi. “Olisdagi qarindoshdan yaqindagi yot yaxshi” deganlariday, tabiiyki, ikki el bir-birlari bilan tug‘ishganday qondosh bo‘lib ketishgan. Qaymog‘i buzilmagan qozoq ovulidan chiqqan menday odam uchun bularning bari tansiq. Tansiq bo‘lgandan keyin qiziq ham.
Qiz yerga tikilganicha xayol surib o‘tirardi. Qovog‘i soliq. Ikki qoshini qo‘shib surgan surmasi juda qalin ko‘rindi. Nimadandir o‘ksinib yig‘lagan yoki tobi qochgan. Buning ustiga bunaqa bemahal paytda tojik, o‘zbek qizlari ko‘chaga chiqmaydi. O‘tib ketib, izimga qaytdim.
–Devushka, vam pomoch?...
Qiz so‘zim tugamasdan teskari o‘girilib oldi.
– Man ba zaboni rusi namefahmam, iltimos, ba zaboni tojiki yo o‘zbaki gap zaned (O‘rischa tushunmayman, tojikcha yoki o‘zbekcha gapiring),–dedi.
Qarshisiga o‘tirib, yuziga tik qarab so‘radim:
– Shumo zaboni qozoqiro mefahmed? (Qozoqchaga tushunasizmi?)
Qiz hazilimni anglab, sharaqlab kulib yubordi. Kulgisi ham chinni piyolaning jarangiday tiniq ekan. O‘zim esa ichimda shoir O‘tajon Nurg‘aliyevning satrlarini takrorlab turibman:

–Ey, darig‘a-ay, qiz-ku bu o‘n yettida,
Pokligi ko‘zidan ham ko‘rinadi!

– Bali, bali,–dedi u menga qarab,–qozoqiro ba joni dil mekardam. (Qozoqchani o‘rganishni jon-dilimdan xohlardim).
–Shunaqami?–dedim kulib,–rahmat.
– Sizga ham rahmat.
Qizning ismi Mohlaroyim ekan. “Moh”—tojikchada oy degani, “oyim”i bizning tilda ham oyim-da. “Otam—tojik, onam—o‘zbek, tug‘ilganimda ikkovlari ism topolmay, ko‘p o‘ylanib, nihoyat, bir-birlarini qiymasdan, ham o‘zbekcha, ham tojikcha bo‘lsin, deb Mohlaroyim deb ism tanlashgan ekanlar” degandi qiz. O‘zi Chirchiq tomondan edi. ToshDUning til-adabiyot fakultetida o‘qirdi. Do‘stlashib ketdik. Bir safar qishlog‘iga mehmonga chaqirdi. Uzun paxsa devor yonidan yurib, shundoqqina Chirchiq suvi bo‘yida, jar yoqasiga solingan oq tomli uyga keldik. Dastlab ko‘zim tushgani – uy oldida qurib qolgan tut daraxtining tepasidagi laylak uyasi bo‘ldi. Olisdan qaraganda ozg‘in bo‘z bolaning boshiga kiydirilgan meksikaliklarning sombrero qalpog‘iga o‘xshab ko‘rinar edi.
U juda go‘zal qiz edi.
Men ham yosh edim. She’r yozardim. Mohlaroyim she’riyatni yaxshi ko‘rardi. Ana shu qiz uchun, o‘sha qizga yoqish uchun ham shoir bo‘lgim kelardi. “ Albatta,–derdim uni so‘zlatgim kelib,–Mir Alisher Navoiy shoiri buzurg ast”. “Siz ham buzurg oqinsiz”,– derdi qiz yangi o‘rgangan so‘zlarini chala qozoqchalab. Birinchi marta “buzurg”deganida uni “buzuq” deb tushunib, xafa bo‘lib qoluvdim. Qiz keyin qozoqchani toza gapiradigan bo‘lib ketdi. Afsuski, mening tilim tojikchada oqsaganicha qoldi. Afsuslanadigan ishimiz ko‘p, azizim, ularning qaysi birini aytayin.
Qizning ota-onasi zamonaviy, ziyoli, madaniyatli kishilar ekan. Bizni quvonch bilan qarshi olishdi. Ikki-uch kun mehmon bo‘ldim. Toshkentning miyani qaynatuvchi issig‘idan keyin tog‘ bag‘ridagi manov hovli jannatday tuyuldi. Pastda shovullab nozanin Chirchiq daryosi oqadi.

Otashin issiqda himoya izlab,
Ko‘lanka izlaydi tirik jon.
Chirchiqda yuz-qo‘lin yuvmoqni ko‘zlab,
O‘tardi qizlar suv tomon.

Chirchiq oqadi, sapchib oqadi,
Daryo kuylaydi—ajoyib!
Chirchiq oqadi, urchib oqadi,
Xotiralarga nur yoyib.

Keyinchalik men jahonning ne-ne ellarini kezdim, ayrimlarining nomlari yodimdan ham ko‘tarilib ketdi. Lekin o‘sha mehmondorchilikning lazzatini haligacha unuta olmayman. Qizning otasi bilan darrov gapimiz qovushib ketdi. Yoshligida Selinograd tomonlarda haydovchi bo‘lib ishlagan ekan. Qozoqlarni mehr bilan esladi. Ikkovimiz eshik yonidagi ayvonda uxlaymiz. Har kuni qo‘sh laylakning silkinib, qanot qoqishidan uyg‘onaman.
Laylak kelganida qishloq bolalari qarsak chalib, “Laylak keldi, yoz bo‘ldi, qanoti qog‘oz bo‘ldi” deb qichqirib yugurishadi. Bu baytni men xalq baxshilaridan ham eshitganman. Laylak chindan ham ajoyib qush. Janubdagi qozoqlar uni birda «laylak», birda «degelek» deyishadi. Ayniqsa, sharqdan olovlanib quyosh chiqib kelayotganida, uyasining ustida turib qo‘sh qanotini ikki tomonga yoyib yuborib, bo‘ynini orqaga qayrib turishi juda alomat-da. Ajoyib ko‘rinish. Dastlabki kunlari Mohlaroyim ikkalamiz navbat bilan uyaga yemish tashib berib turdik. U mayda baliq, buzoqbosh, chigirtka, go‘sht, qo‘ng‘iz, baqa yer ekan.
– Man laklakhoro nag‘iz mebinam, onho laklakhoi man, (”Men laylaklarni juda yaxshi ko‘raman, bular mening laylaklarim”),–deydi qiz erkalab.
–Laklakxoi shumo xushro‘y budaand,–deyman kulib,–onho monandi shumo xushro‘y kaftand (”Chindan laylaklaringiz chiroyli ekan, o‘zingizga o‘xshab”).
–Tashakkur, xursand haftam, (Rahmat, xursandman),–deydi qiz,–bilasizmi, men yigit laylakka Tohir, qiz laylakka Zuhra deb ism qo‘ydim. Ular bir-birlariga chinakamiga sadoqatli, sevgiga munosib qushlar. Erta bahorda uning tug‘ilgan yeriga qaytib kelishini ko‘rishning o‘zi kishiga zavq bag‘ishlaydi. Avval Tohir keladi. Qishloqni aylanib uchib yuradi-da, bizning uyni adashmay topib, bultur tashlab ketgan uyasiga kelib qo‘nadi. Kelishi bilanoq ishga kirishadi. ”Uyi” ning kam-ko‘stini to‘ldirib, yamab-yasqashga kirishadi. Qurigan butoqlarni olib tashlab, yangi ko‘kargan yashil yaproqlarni, paxta, jun qoldiqlarini tashiydi. Kechqurun o‘ziga qarab, taranadi, tanglayini taqillatadi. Bu – Zuhrani sog‘inganidan. Ko‘p o‘tmay Zuhra keladi. Ikkovlari birgalikda uyani yana yangilab, kengaytirib, kattalashtirishadi. Tohir juda mehnatkash, lekin g‘oyat rashkchi. Onda-sonda bu joyga o‘zga qushlar kelib qolsa, u birdaniga olishib ketishga doim shay turadi.
Rashk yaxshi emas-da, to‘g‘rimi? – deydi qiz.
– Sevadi-da, sevmasa qizg‘anarmidi? – deyman pokiza sevgi haqida ertak eshitayotganday hayajonlanib.
– Zuhra – vafodor. Tohir yo‘qligida uyaga kelgan begona laylaklarni qanoti bilan urib, quvlaganini ko‘p ko‘rganman. Tohirning yana bir yomon xususiyati urushqoqligi. Qo‘shni qishloqdagi laylaklar bilan urishgani urishgan. Yaralangani, qonsiraganiga qaramasdan urishadi, yiqilib qolsa, qayta turib, raqibiga tashlanadi. Otam necha marta uni ajratib oldi, bo‘lmasa, allaqachonlar o‘lib ketgan bo‘lardi.
–Zuhra yaxshi bo‘lganidan keyin unga ko‘z olaytiruvchilar ko‘pdir-da,–deyman gapni hazilga burib,–bo‘lmasa Tohir bekordan-bekorga urisharmidi?!
–Yaxshi bo‘lib tug‘ilgani uchun Zuhra aybdor emas-ku,–deydi qiz mung‘ayib,–biroq Tohir ham Zuhra deganda jonini berishga tayyor, o‘ta mehribon. Ko‘p erkalatadi. Tumshug‘ini tumshug‘iga surkab, boshidan ko‘ksigacha silab-siypab chiqadi. Zuhrani ko‘rsangiz edi, ana shunday lahzada dunyoda undan baxt-liroq qush yo‘q deysiz. Boshini Tohirning ko‘ksiga qo‘yib, g‘ujanak bo‘lib oladi... Mohloroyim laylak to‘g‘risida tongni-tongga ulab gapirishi mumkin. Men esa uni tinglashdan zerikmayman.
–Laylaklar uchun ko‘klamning ajoyib, sokin tunlari ana shunday boshlanadi. Ikkovlon uyaning ichiga tushib ketib, ancha vaqtgacha ko‘rinishmaydi. Bir payt silkinib Tohir ko‘tariladi, undan keyin kerilganicha Zuhra chiqadi. Ikkovlari bir-birlariga erkalanib, qaytadan o‘zlariga oro berishadi. Ke-yinroq uyada ikki-uchta, ayrim hollarda besh-oltitagacha tuxum paydo bo‘ladi. Tuxumlari xuddi tuyaqushning tuxumlariday yirik. Har biri yuz grammcha keladi. Tuxumni nar va makiyon ikkalalari teng bosishadi. Zuhra kabi Tohir ham ko‘p vaqtini tuxumni tebratishga sarflaydi. O‘tgan yili yigirma yetti kunda, bu yil, mana, o‘ttiz to‘rt kun deganda polaponlar tuxumdan chiqishdi. Polaponlarga qarasang, ularga havasing keladi. Tuxumdan chiqishlari bilanoq ko‘zlarini ochib-yumib, qizil-sarg‘ish oyoqchalarini tipirchilatadi. Hilpiragan oq tivitga o‘ralgan kichkinagina laylakchalar qop-qora tumshuqlari bilan onasini turtkilay boshlashadi. Lekin laylaklarning o‘zga qushlardan farqi shundaki polaponlariga tuxumdan chiqishlari bilan tumshuqda yem keltirib berishmaydi. Uyasining bir chetiga mo‘l qilib qusuq tashlaydi. Polaponlar o‘shandan yem o‘rnida oziqlanishadi.
Bolalariga laylakchalik mehribon qush bo‘lmasa kerak. Kun soviganida polaponlarini bag‘irlariga bosishadi, issiq kunlari tumshug‘i to‘la suv keltirib, kichkintoylarining boshidan quyib, “dush”da cho‘miltirishadi. Zuhra yo‘qligida Tohir uyada qoladi. Tohir “ovga” chiqqanida Zuhra uyadan bir qadam ketmaydi.Polaponlar, odatda bir yarim, ikki oydan keyin ucha boshlashadi.
Yana bir qizig‘i, laylak indamas qush. Xavf tug‘ilsa ham, quvonsa ham indamaydi. Hatto urishayotgan laylaklar ham ovoz chiqarishmay urushadi. Unsiz yulqishadi, unsiz halok bo‘lishadi. Faqat qanotlarini qoqib, tanglayini taqillatadi xolos. Laylakning qo‘shig‘i ham, kuyi ham shu...
Mohlaroyim laylak to‘g‘risida tongni tongga ulab gapirishi mumkin.Men esa uni tinglashdan zerikmayman.
–Endi sizlar o‘qishlaringga qaytinglar,–dedi qizning otasi laylak bola ochgan kuni. Uning ko‘rinishida qandaydir bir xavotir bor edi. Qizning onasi o‘rnidan turib, oshxonaga kirib ketdi. Tojik-o‘zbeklarda ayol kishi turmush o‘rtog‘iga qarshi gapirmaydi. Hatto qiz ham otasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplasholmaydi. Aytadigan gapini onasi orqali aytadi:
–Har yili mana shunday, laylak polapon ochishi bilan meni shaharga haydab yuborasizlar-a, oyijon,–deydi qiz onasiga shikoyat qilib.–Men bo‘lsa laylaklarning polaponlarini erkalatgim keladi. Qaytib kelganimda, ular qanotlari kattalashib, katta qushga aylanib, boshqa uyaga ketib qolgan bo‘ladi.
–Laylaklarning polaponlari birdaniga uchib ketmaydi. Ungacha bir yarim, ikki oy o‘tishini bilasan. Ular ucha boshlaganida o‘zim shaharga borib sizlarni olib kelaman, qizim,–dedi otasi uni yupatib.
– Xo‘p, ada.
Avtostantsiyaga to‘rtalamiz birga chiqdik. Qiz onasi bilan chipta olgani ketishdi, otasi ikkovimiz pivoxona tomonga o‘tdik.
– Siz xafa bo‘lmang, ukam,––dedi mezbon salqin pivodan bir ho‘plagach,–qizimiz tug‘ilgandan buyon yuragi kasal. Tunni tonggacha uxlamay o‘tkazadigan paytlari bo‘ladi.
Men Mohlaroyimni ilk bor uchratgan kunni esladim.
– Bunday paytlarda bizda ham uyqu bo‘lmaydi, tunlari yonida mijja qoqmasdan o‘tirib chiqamiz. Uni aslo xafa qilako‘rmang, jon uka, xudo sizni yorlaqasin...
Men gap qo‘shmoqchi bo‘lib og‘iz juftlagandim, og‘amiz “hojati yo‘q” deganday ishora qildi.
– Uyga kelgan mehmonga “tez qaytinglar” degan bu qanday musulmon?– deb o‘ylayapgandirsiz,–dedi u gapni davom ettirib.–Xafa bo‘lmaysiz, buning sababi boshqa. Laylaklarning bola ochganini ko‘rdingiz. Mohlaroyim ularni g‘oyat yaxshi ko‘radi, chunki bolaligidan ularga bag‘ir bosib qolgan. Lekin, siz bilmaysiz, ukam...
U indamay qoldi
– Nimani bilmayman?
– E, uka,– deb u derazadan tashqariga qaradi.—Bu bir noxush narsa. Laylak deganimiz birozdan keyin polaponlarini bir-birlab yerga otib, o‘ldira boshlaydi, tirik qolganini uyasiga qayta solsangiz, belidan bitta tishlab, ikkiga bo‘lib tashlaydi. Shunday yaramas qush-da, padaringga la’nat... Mohlaroyim buni bilmaydi. Bu dunyodagi eng go‘zal, eng mehribon qush laylak, deb o‘ylaydi. O‘z polaponlarini o‘zi o‘ldirganini ko‘rsa, yuragi xuruj qilib, yiqilib qoladimi deb qo‘rqaman, ukam. Kim biladi, turmush qursa, yuragi tuzalib ketadi, deyishadi.
Keyin...
Keyin mening boshimdan nimalar o‘tmadi?

Mung qopladi dovonlarni,
Mungli kuz ham yana keldi.
Sirdosh bo‘ldik taqdir yozib,
Majnuntolim,
Xo‘shlashaylik, jonim, endi.

Men ham senday bir majnunman, o‘pkalama,
O‘tinaman, chorlama ham, ket ham dema.
Azizim, yo‘lga qarab yuz yillab kut,
Bir qushing qaytib kelmas endi, unut...

Toshkentga oradan o‘n yil o‘tgach qaytdim. Kelgan kunimning ertasigayoq Mohlaroyimni izladim, topolmadim. Chirchiqqa ham bordim, ota-onasi ko‘chib ketishibdi. Haligi laylak uya qurgan tut daraxti yo‘q, o‘rnida bir g‘ildirakli eshakarava turibdi. O‘roqburun bahaybat o‘zbek kishi darvoza ichkarisidan boshini chiqarib, “Qasam ursin, aka, men ulardan bexabarman” dedi-da, ichkariga kirib ketdi.
Shunday qilib men Mohlaroyimni butunlay yo‘qotdim.
Shundan beri yana qancha suvlar oqib o‘tdi. Qayda yursam ham laylaklarni axtaraman. Tasodifan uyasini ko‘rib qolsam, to‘xtab unga uzoq tikilaman. Shunda xayolimga nimalar kelmaydi deysiz. Bizning Qozog‘istonning Chimkent, Jambul, Olmaota hududlarida bo‘lmasa, o‘zga yerlarda laylakni ko‘rmaganman. U bizda juda kam uchraydigan qush.
Bundan o‘n-o‘n besh yil muqaddam Turkiston shahrining atrofidagi Qarnoq, Savron, Cho‘rnoq, Uranqay, Sotimsoy ovullarida, Sayram, Keles tumanlari, Bo‘gen, Paxtaorol, Yettisoy tomonlarda laylaklarning bir-ikki uyalarini ko‘rdik. Janubdagi “Juvontepa” degan ovul – So‘zoq tumanining darvozasi. Afsuski, so‘nggi laylak bu ovuldan ham 1978 yilda uchib ketgan ekan. Xonanda Taken Alimqulov qo‘shiq qilib aytgan “Oq laylak, qora laylak, ko‘rmadingmi? Va’da qilib, vaqtida kelmadingmi?” deb boshlanadigan o‘lan ham unutilib ketganiga ko‘p yil bo‘ldi.
Xotiraning olis burchaklarida yotadigan bir sog‘inchlar bo‘lar ekan, kundalik tashvishlar bilan yugurib-elib yurib, bunga e’tibor bermas ekanmiz. Keng dalada, tog‘lar orasida qaqroq o‘zanlarga ko‘zingiz tushgandir. Ular yil o‘n ikki oy mana shu holatda hech kimning nazari tushmasdan, quruqshib yotadi. Lekin kunlarning kuni kelganida, u toshqinga to‘lib, ayqirib, bo‘tana bo‘lib oqadi. Toshqin tingach, o‘zan tagida aqiq toshlar yaltirab, yerning betiga chiqib qoladi. Laylak mening ko‘p iztirob chekkan ko‘nglimning ana shunday o‘tmishini uyg‘otib yuboradigan xotiralar o‘zani bo‘lib qoldi. O‘zini juda kam ko‘raman, lekin ko‘rsam tamom, olislarda, juda olisda, xayol yetmas yiroqlarda qolib ketgan, allaqachon unut bo‘lgan eski dardimni, o‘zga tugul o‘zimga aytishga ham qizg‘anadigan totli qayg‘ularimni qo‘zg‘atib, sokin ko‘nglimni ostin-ustin qilib yuboradi. Nimasini yashirayin:

Bir qo‘shiq bor, tinglashga uni qo‘rqaman,
Ketar deb to‘g‘on buzib to‘lqin qayg‘u.

Shu o‘landa aytilganday, laylakni ko‘rmaslikka, u haqda o‘ylamaslikka tirishgan paytlarim ham bo‘ldi. Ming afsus, odam o‘zidan-o‘zi qochib qutula olmas ekan.
Huv bir yili sayyohlik safari bilan Buxoroga bordim. Mahalliy tarixchi yigit bu yerdagi Minorai Kalonning balandligini 46,5 metr dedi. Bu o‘n ikki qavat uy bilan teng degani. Lekin, meni hayratga solgan minora emas. Meni lol qoldirgani–ana shu minoraning tepasiga uya solgan laylaklar edi. Yuragim sanchib ketdi. Yo‘l bo‘yi Mohlaroyimni o‘ylab keldim.
Germaniyaning Nabburg degan shahri 1644 yildan buyon, oq laylaklar kelib uya soladigan shahar sifatida dunyoga dong taratib kelarkan. Men shu shaharda bo‘ldim. Yo‘l boshlovchimiz Mehmed ismli turk yigiti: “ Bizning tilda bu qushni “leylek” deyishadi, ba’zan “hoji bobo” ham deyishadi”,–deganida uni ukrainlar “lelek, leleka” deyishlarini esladim. Tatarlar bo‘lsa “leklek” deyishadi. Yosh paytimizda “Belыy aist letit, nad belesыm Polesem letit...” deb boshlanadigan qo‘shiq bo‘lardi. Bir gal ana shu qo‘shiqni tinglab o‘tirganda mang‘istovlik Vladimir Shitov degan jurnalist Shetpa, O‘g‘londi degan yerlarda qora laylak ham uchrashini, uni mahalliy qozoqlar “qoraboy” deyishlarini aytdi. Men haligi “Botirlar dostoni”dagi, “Ko‘kqo‘ton bilan qoraboy ko‘tarilib uchgancha belidanoq bosadi” deydigan Tayburilning poygasini esladim. Keyin bilsam, qoraboyi– qora laylak emas, “qoraboy” degan boshqa qush ekan.
Qora laylak Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Marqako‘l, Kurshim, Zaysan tumanlarida bor ekanligini o‘qigandim. Qozog‘istonning o‘zga hududlarida qora laylakni ko‘rdim degan odamni uchratmaganman. Ko‘rganlarning gaplariga ishonsak, u yolg‘izlikni afzal ko‘ruvchi hurkak qush... Shul sabab bo‘ldimi, qilig‘i o‘zimga o‘xshab ketadigan bu qushni izlab yurmadim, ko‘rgim kelmadi. Ko‘rganda nima, u menga o‘tmish voqealarni qaytadan tiriltirib berarmidi, azob iztiroblardan boshqa nima bag‘ishlaydi u menga? Xullas, o‘zim yolg‘iz bo‘lsam, boshqaning yolg‘izligidan qanday zavqlanay dedim-da...
Ba’zan o‘zimcha hayron bo‘laman. Mohlaroyimning otasi aytganday, laylak o‘z bolasini uyasidan uloqtirib, o‘ldiradigan yovuz qush... Mening ko‘nglim esa Mohlaroyim sevgan o‘sha nozik sevishgan Tohir-Zuhra qushlarni umr bo‘yi qo‘msab keladi, qo‘msayveradi.
Odatda, shoirlar sevgan yoriga she’r bag‘ishlashsa, “qayda, qachon, qay yerlarda yursam-da, seni o‘ylayman”, deb yozishadi. Chindan ham shundaydir. Men shoir emasman. Yosh paytlarimda she’r yozganligimni aytgan edim. Keyin o‘ylasam, yoshing o‘ttizdan oshgandan o‘tgach she’r yozish qiziq bo‘lmay qolar ekan. Bugun yoshlar yozgan, ayniqsa qiz shoiralar qalamidan tug‘ilgan she’rlarni miyig‘da kulib o‘qiydigan bo‘lib qoldik. Hech nimaga ishonmayman. Ishongim ham kelmaydi. Bir odam odil bo‘lsa, men – odil emasmidim, bir bola anqov bo‘lsa, men – anqov emasmidim? Yo‘q narsani bor deb biladigan, yolg‘on gaplarga ham ishonaveradigan ana shunday kezlarni eslasam, ko‘zlarimga yosh qalqiydi. Lekin bu yoshni hech kimga ko‘rsatmayman, yana o‘zimning yoshligim haqida hech kimga hech qachon ko‘nglimni ochib gapirgan emasman, endigi qolgan umrimda ham gapirmasman. Ortiqcha so‘z kimga ham kerak? Men yolg‘izlikni, yolg‘izlik bilan jimjitlikni yoqtiraman. Qayda, qachon, qay yerlarda yursam ham xotiramda Mohlaroyim yuradi. Safarlarga chiqsam ham, o‘zim bilan birga xayolimda Mohlaroyimni ola ketaman. Uyda o‘tirishni yoqtirmasligim shundanmikan?
Qaylardasan, Mohlaroyim?
Men juda qarib qoldim. Bugun meni ko‘rsang tanimaysan. Lekin men seni qirq yildan so‘ng ham qirq qizning ichidan adashmay tanir edim.
“Laylaklar haqida doston yozsangiz-chi”–derding.
Yozolmadim, azizam.
Yozib, bu qayg‘uli muhabbat qissasini hammaga oshkor etishning keragi bormi? Sen mening yuragimda, qalbimdasan, laylagim.
Sog‘indim seni.
Kechir...

BEDANA

Moziydan qolgan bir qo‘shiqda:

Asqar, asqar, asqar tog‘,
Sendan buyuk tog‘ qayda?
Boshing oshar bulutdan
Sendan oshar zog‘ qayda,–

deb kuylanadi.
O‘tmishdan qolgan yana bir ertak esa shunday boshlanadi.
O‘tgan, o‘tgan zamonda, echki ma’ragan tomonda, Qoratog‘ning belida, Qorasuvning bo‘yida bir yuksak cho‘qqi bo‘lgan ekan. U shunchalik yuksak bo‘lgan ekanki, tepasiga chumchuq u yoqda tursin, qushlarning podshosi bo‘lgan burgut ham uchib yetolmas ekan. Qirg‘iyku, yarmigayam yetmasdan holdan ketib, jarga qularkan. Asqar cho‘qqi esa, mag‘rurlanib, gerdaygandan-gerdayaveribdi, uchiga yetaman, deganlarga qarab, masxaromuz iljayib turaveribdi.
Yaxshi qo‘shiqlarning barchasi bizgacha aytilib bo‘lgan, bizga faqat ularni tinglashgina qoldi, xolos. Haligi qo‘shiq ham o‘sha zamonlarda to‘qilgan ekan.
–Shu cho‘qqidan men oshaman!—debdi Oqqush. Lekin yarmiga yetganda qanotlari tolib, ojizligidan yig‘labdi, pastga qarab qulabdi. Shu qulagandan qulab, qoya tagiga yetibdi, so‘nggi nola bilan quyuq qamishzorga singib, badar ketibdi.
Tog‘da yashaydigan ularqush cho‘qqi tomon uchibdi, lekin u ham yo‘ldan qaytib, uyalganidan uyasiga yashirinibdi.
“Qushning zo‘ri qarchig‘ay, Asqar tog‘dan osholmay, qanoti qayrilibdi, obro‘sidan ayrilibdi” degan gap ham o‘sha zamonda to‘qilgan ekan.
“Yana zo‘ring bormi?!” deganda, kamtargina, shu paytgacha churq etmay turgan bedana o‘rtaga chiqibdi.
–Tavakkal qilib menam uchib ko‘rayin-chi,–debdi u.
–Senga uchishni kim qo‘yibdi?!—deyishibdi qushlar unga,–toshga qulab, to‘shing ezilib, suyaklaring sochilib qolmasin tag‘in! Nimangga ishonib, buncha chiranasan?!
–Qulasam, ona yerimga qularman,–debdi bedana,–to‘shim ezilsa tuqqan yerning toshiga urilib, ezilsin. Tavakkal!
U shunday deb sopqondan otilgan toshday ko‘kka shuvillab ko‘tarilibdi. Shu ko‘tarilgandan ko‘tarilib, ko‘kka yetibdi-da, bir aylanib, pastga qarab shuvillab tushib, qora toshga ko‘ksi bilan urilibdi. Ana shunda, Xudoning qudrati bilan jimit qushcha bedana buyuk cho‘qqining boshidan oshib, narigi tarafiga kelib tushibdi. U kelib urilgan tosh maydalanib bo‘taloqning momiq juniga, qoya yemirilib qumloqqa, xarsanglar ushalib maysazorga aylanibdi. Ana o‘sha zamonlardan beri bedana boshqa qushlarday dumi bilan emas, ko‘ksi bilan yerga urilib, qo‘nar ekan. Yana bir gap. To‘shini yaralab, Asqar tog‘ni oshib o‘tgan bedana ekan-u, uning shuhratiga o‘zga qushlar egalik qilishibdi. Xullas, o‘zgalarning shuhratiga egalik qilish o‘sha zamonlardan meros qolgan ekan deyishadi.
Bu ertakka marhum mumtoz shoirimiz To‘legen Aybergenovning:

Ona yurt ko‘ksini qo‘msab o‘tgan mehribon og‘ush dunyosan,
Sen menga shunday pokiza yuraging ila qimmatbahosan,–

kabi satrlarini iqtibos qilib olsa, bo‘ladi.
Albatta, eski so‘zlarning barini esli so‘zlar deb bo‘lmaydi. O‘zingizga ma’lum, eskidan aytilib kelayotgan “Qush qanoti bilan uchadi, quyrug‘i bilan qo‘nadi”, degan maqolning bedanaga daxli yo‘q.
Xo‘sh, ana shunday xosiyatli bedanaga biz nima himmatu, nima karomat ko‘rsatibmiz?!
Har yili, avgustning oxiri, sentyabrning boshida – qush ovlash mavsumi boshlanadi. Ona tuprog‘i qushlarning qassobxonasiga aylanadigan mana shu paytda, mash’um mavsumda, ovchi miltig‘ining o‘qiga birinchi bo‘lib duchor bo‘ladigan qush – bedana. Eng birinchi bo‘lib, bedana oviga ruxsat beriladi. Tutsang – bedanani tut, qirsang – bedanani qir! Sababi, u qushlarning hammasidan tez urchiydi, hamma qushlardan avval issiq o‘lkalarga qaytadi. Boshqa aybi-gunohi yo‘q bu qushning.
“Ularni kuzda issiq o‘lkalarga qaytadi, degandan ko‘ra, xatarli yo‘l, xavfli safarga otlanadi, desak to‘g‘ri bo‘lardi. Ularning dushmani – odam. Bu mavsumda O‘rta Yer dengizi tegrasidagi ko‘plab orollarda yashovchi aholining barchasi bedana oviga otlandi. To‘r tortadi, tuzoq qo‘yadi, yelim surkaydi, juda bo‘lmaganda, tayoq bilan urib, o‘ldiradi. Ming bir imkoniyat topib, ovchilardan eson-omon qutulib chiqqanlariyam dengizning adadsiz suvlari ustidan uchayotganda, qanotlari tolib, to‘lqinlar qa’riga qulashini o‘ylasang, bugungi kungacha bu qushning zoti qurib ketmaganidan hayratga tushasan”,–deb yozadi atoqli Alfred Brem o‘zining “Jonzotlar hayoti” nomli kitobida.
Alfred Bremning yozishicha, dunyoda bedananing yigirma turi mavjud.
Bedanalar kun soviy boshlagach, bizning dashtlardan qo‘shni Sibir yerlariga ko‘chib o‘tishadi. U yerdan esa, Qrim yarim oroliga qarab uchishadi. Qrimga to‘planib, yomg‘irli kunlarning tugashini kutishadi-da, kun ochilishi bilan, kechasi Qrimdan oshib, Qof tog‘ tizmasi bo‘ylab uchib, turk zaminiga qo‘nishadi. Bu yerda bir necha kun dam olishgach, Afrika qit’asi tomon yo‘l olishadi. Faqat tunlari uchib, kunduzlari dam olishga to‘xtashadi. A.Brem aytgan xavfli safar mana shu.
Yana bir, “Bedananing uyi yo‘q, qayga borsa “bitbildiq” degan noto‘g‘ri maqol bor. Bedana uyasi, uchadigan, qo‘nadigan maskani tayin, palaponlariga juda mehribon qush. Makiyoni 20–30 ta tuxumni bir martada, ketma-ket tug‘ib, bo‘lajak nasli uchun boshini xatarga tikib, uyasiga neki xavf rahna solayotgan bo‘lsa-da, uni tark etmaydi, tuxumlarini tinimsiz bosish, polapon ochish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Ana shunday g‘amxo‘rlik, tinimsiz zahmat natijasida, 15–16 kundayoq jo‘jalar tuxumni yorib chiqishadi. Qo‘lda boqilgan makiyoni bir yilda 300–320 dona tuxum tug‘ar ekan. Bunday tez urchiydigan boshqa qanday qushni bilamiz?!
“Bedananing uyi yo‘q” degan gap esa, uyasini ko‘zga ko‘rinmaydigan pana–pastqam joylar, chuqur kovaklarga qurishdagi topqirligi hamda xo‘rak axtaradigan maydonining kengligidan kelib chiqib aytilgan bo‘lsa kerak.
U g‘oyat mehribon qush, dedik.
Sirdaryoning quyi o‘zanidagi xo‘jaliklarning sholipoya yerlarida almashlab ekish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda ham yerga quvvat, ham chorva mollariga ozuqa uchun beda ekiladi. Turkiston tarafdagi qozoqlar yo‘ng‘ichqani “beda” deyishadi. Bu yerda “bedana” degan nomni “bedada yuradigan qush” degan gapga ham boylaydilar. Balki, bu haqiqatdan ham shundaydir. “Beda” turkiy so‘z. “Yo‘ng‘ichqa” esa fors tilidan kirgan.
Yoz o‘rtasida har bir bedazor paykalda bitta makiyon bedana o‘n-o‘n beshta, hatto yigirmatacha jo‘jani ergashtirib yuradi. Bir gal ona bedananing pichan o‘ruvchi kombaynning tig‘iga o‘zini tashlab, nobud bo‘lganini ko‘rganman. O‘roqning tig‘i ikkiga bo‘lib yuborgan bechora makiyon tumtaraqay bo‘lib qochayotgan jo‘jalari tomon jonholatda talpingani ko‘z oldimda... Qanotlari loaqal qorayib ulgurmasdan yetim qolgan sariq tumshuq polaponlarning holi nima kechadi? Ular endi it-qushlarga yem bo‘lishini o‘ylasang, yurak achishadi.
Ikki uch kundan so‘ng ana shu jo‘jalarni biz yana uchratdik. Qo‘shni otizdagi bedazorda polaponlarini uchirma qilgan begona bir ona bedana bechora yetimlarni qanoti ostiga olibdi. Palaponlar uning nazorati ostida bemalol yugurib yurishibdi. Jimitday qushning mana shunday ulkan bir dunyo mehridan hayratga tushmay bo‘ladimi?
Bedananing “bitbildiq” degan xonishini tinglash Sharq xalqlari uchun rohat hisoblanadi. Ham g‘animat, ham lazzat. Odatda, bir uyda ikkita va undan ortiq bedana asraladi. Buning uchun qafas o‘rniga ichi kovak oshqovoqdan foydalaniladi. Oshqovoqning tepa, ochiq qismi shoyi matoh bilan yopiladi.
Qo‘lga tushgan dastlabki kunlarda, bedana o‘zini duch kelgan narsaga uraveradi. Ayrim tajribasiz ovchilar bedanani yayrab, tin olsin deb yuzi ochiq yashik yoki savatga solib qo‘yishadi. Tutqundan qutulmoqchi bo‘lgan bedana o‘zini har tomonga urib, qanotini sindirishi, o‘zini o‘zi yaralab, nobud bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun bedana ustiga matoh qoplangan oshqovoqda, qorong‘ilikda asraladi. Qovoqning yonidan kichkina teshikcha ochilib, unga suv, don solingan jajji ko‘zachalar bog‘lab qo‘yiladi. Shoyi matoh o‘ralgan to‘rqovoqning biriga xo‘roz, ikkinchisiga makiyon qo‘yiladi. To‘rqovoqlarning oralig‘i bir-biridan uzoqroq bo‘lishi kerak. Tong bilan xo‘roz bedana sayray boshlaganida makiyoni erkalanib, unga tomon bo‘ynini cho‘zadi. Shu zaylda oshiqlarning tonggi “romansi” boshlanadi. Uni tinglashning o‘zi ishqiboz odamlar qalbiga rohat-farog‘at bag‘ishlaydi. Ana shunda, bu ikki qushning nima uchun “Farhod va Shirin”lar deyilishini anglab yetasiz. Bir-birining vasliga yetolmagan ikki oshiqning nolasi shunchalik bo‘ladi-da!
Janubiy Qozog‘iston viloyati, Sayram tumanida bedana ovlovchi bir qariya bor. Ismi Nazirqul. U kishining hovlisiga kirsangiz qatorlashtirib ilib qo‘yilgan turli rang, turli hajmdagi to‘rqovoqlarni ko‘rib, sanog‘iga yetmay qolasiz. Har bir to‘rqovoqda bittadan bedana. Qariyaning bedanalarini Andijon, Namangan, O‘sh, Dushanbe taraflardan bedana ishqibozlari kelib, xuddi ot-tuyani savdolashganday, savdolashib, sotib olishadi. Ba’zan, yozning sokin tonglarida, u yaqin do‘stlari, qarindoshlarini “Farhod va Shirin”larning dil rozini tinglashga taklif etadi. Bu xuddi bizning qozoqning qissago‘ylik marosimlariga odam chorloviday gap. Egasining ishorasi bilan bedana sayray boshlaydi. Dastlab bo‘g‘iqroq chiqqan ovoz, bora-bora tiniqlashib, ko‘klarga ko‘tarilib, tinglovchilarni og‘ushiga torta boshlaydi. Xonish pardalari yuksala borib, birovlar zavqlanib kuladi, boshqa birov ilhomi jo‘shib, tizzalarini shapatilaydi, beixtiyor tebranadi, kimdir unsiz xayollarga cho‘madi. Bir chekkada o‘tirgan yosh kelinchak esa, boshini egib, ko‘z yoshlarini ro‘molchasiga artadi...
Qushlar xonishini tinglay bilish – o‘ziga xos bir madaniyat. Shuning o‘zi– o‘zgacha bir olam. Sayroqi qushlarning xonishidan ishqibozlar oladigan zavq musiqiy sozlar sadosidan kam ta’sir qilmasligiga imonim komil. Qushlar sizni aldamaydi.
Bedanavozlar...– bular endi alohida bir qavm. Chetdan qaraganda ularning odatlari g‘alati tuyuladi. Ular qushlar bilan odamga o‘xshab so‘zlashadi, erkalaydi, dakki beradi, urushadi, o‘zidan o‘zi zavqlanib, kuladi. Hatto yig‘laydi ham .
...Ov bilan mashg‘ul bo‘lib, quyosh botganini sezmay qolibmiz. Ulkan daryo sohili bo‘ylab yurib, katta bir qishloqqa kirib keldik. Yo‘l boshlovchimiz bir hovliga kirib chiqdi-da. “Shu yerda tunaymiz” dedi. Qattiq charchaganimizdan, eshik oldidagi katta so‘riga o‘zimizni tap-tap tashlab, dong qotib uxlab qolibmiz. Qay paytligini bilmayman:
–Voy-dod, Tohirdan ayrilib qolde-e-ek!–degan faryodidan cho‘chib uyg‘ondik. Tong otib qolgan ekan. Uy egasi bo‘lsa kerak, yoshi oltmishdan oshib qolgan, ola do‘ppili otaxon:
– Ey, bu Xudoyimning xohishi, Xudoyimning xohishi!–deb hovlini gir aylanib, zorlanib yig‘lamoqda edi.
O‘rinlarimizdan sakrab turdik. Shumqadam mehmon bo‘libmiz-da, degan noxush o‘ydan ko‘ngillar xijil, deng. Kim vafot etibdi ekan? Oqsoqol biqiniga qo‘llarini tiraganicha, hovlini boshiga ko‘tarib, nola qilib yuribdi.
–Esizgina, Tohirim-a, esizgina, Tohirim! Bizni tashlab, qaylarga ketding, Tohirim?!
Bir payt u ilig‘lik turgan to‘rqovoqning birini qo‘shqo‘llab ushlab:
– Go‘zal Layli, endi baxti qora bo‘lding, Layli!– deb yig‘lashga tushib ketdi.
Safardoshimiz, shu yerlik muallim, ko‘pni ko‘rgan, bosiq yigit ekan. U, negadir, xafa emasday, o‘ng‘aysizlangan odamday, iljayib qo‘yadi.
– Qo‘ying-e,–dedi u bir payt oqsoqolga,–mehmonlar oldida uyat emasmi?!
Keyin bizga o‘grildi:
– Uzr, mehmonlar, birov o‘lib, birov kuygani yo‘q. Qushchi og‘amizning eng yaxshi ko‘rgan bedanasi tunda to‘rqovoqdan chiqib, uchib ketibdi. Tohir degani o‘sha, Layli degani—makiyoni. Shunga kuyinyapti... Xavotirlanmanglar.
“Uh” deb yengil tin oldik.
Uy egasi sal o‘ziga kelib:
–Laylini olib chiq, padaringga la’nat!– dedi u zarda bilan boshini xam qilib o‘tirgan o‘g‘liga qarab.
– Xo‘p, dada.
Chol haligi to‘rqovoqni ko‘targanicha, o‘g‘lini ergashtirib, bedazor tomonga qarab ketdi.
Biz yo‘lga otlandik.
– Noqulay bo‘ldi,–dedi yo‘l boshlovchimiz,–Xudo haqqi, ranjimanglar.
Ranjimaganligimizni bildirish uchun Qulagar samanidan ajralagan Aqan seri1ning yo‘qlovini boshlab yubordik. Yo‘l boshlovchimiz Qulagar bilan erkak bedana sha’niga aytilgan marsiyamizdan rohatlanib kuldi.
Keyinroq eshitishimizcha, “Layli”ning to‘rqovog‘i oldiga qo‘yilgan tuzoqqa “Tohir” o‘zi kelib tushibdi. Bedanavoz oqsoqol ko‘ngli joyiga tushib, bizni izlatganida, biz u yerdan yiroqlab ketgan edik.
Yaqinda qirg‘iztonlik qardoshlarimiz O‘sh shahrining 2500 yilligini nishonlashdi. Mamlakat prezidenti nomidan berilgan kechki ziyofatga to‘plangan mehmonlarga eng tansiq taom sifatida bedana go‘shti tortildi. Turkiya, Gretsiyada ham bedana sho‘rvasi noyob taom hisoblanarkan.
Rossiya bilan Xitoydagina emas, olmaotalik tadbirkorlarimiz ham bedanani qo‘lda parvarish qilishga qiziqib qolishdi. Bunisi albatta ijobiy hol, faqat foyda ortidan quvib, shundoq ham yil sayin kamayib borayotgan ajoyib qushlarni qirib yubormasak bo‘lgani edi.
Siz bilan bizning oldimizda bedananing xush xonishidan o‘zga gunohi yo‘q, shuning uchun ularni ko‘z qorachig‘iday asraylik, do‘stim!

Qozoqchadan Mehmonqul ISLOMQULOV tarjimalari
She’rlarni shoir Muzaffar Ahmad tarjima qilgan.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.