OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eva-Lis Vorio. Qabringizga olib ketolmaysiz (hikoya)

Ikki narsa aniq edi. Bezil amaki boy edi. Bezil amaki qashshoq edi. 
Butun oiladagilarning fikri shunday edi. Ular pulga muhtoj bo’lgan paytlarda u haqda dunyodagi barcha haqoratli so’zlarni ishlatishardi. Yuvosh Klotilda ham bo’ynidagi duri eskirib qolgani uchun yangisini sotib olishni istagan kuni uni oddiygina qilib Skruj Bezil deb atadi. Hali puli to’liq to’lanmagan «Aston Martin»ini urib olgan Persival Bezil amakini qoqsuyak, qashshoq, ziqna, yaramas va shu kabi bir qator «bezakdor» so’zlar bilan ta’rifladi! Qolganlar ham u haqda lug’atda bor-u yo’q so’zlarni ishlatib bo’lishgandi.
«Shuncha puli bor odam bunchalik ziqna bo’lmasligi lozim», dedi Persivalning onasi, «Lekin u haqda yomon so’z aytma. Qulog’iga yetib borishi mumkin».
«U boyligini qabriga olib ketolmaydi», dedi Persivalning opasi sochlarini tararkan, «Men yangi mo’yna palto sotib olish uchun pul so’ragandim, u «Paltoni nima qilasan? Hozir yoz-ku», dedi. U xasis».
«U boyligini qabriga olib ketolmaydi» degan so’zlar Bezil amakining oldida ham tez-tez aytiladigan bo’lib qolgandi.
«Buncha boylikni qabringizga olib ketarmidingiz, Bezil amaki», deyishardi ular. «Nega shahar chetidan keng hovli olib yashamaysiz? Biz mehmon bo’lib borardik. Qanday zo’r bo’lardi. Boyligingizni narigi dunyoga olib ketolmasligingizni o’zingiz ham bilasiz-ku».
Bezil amaki o’zini qulog’i og’ir odamdek tutib, ularning barcha so’zlarini eshitgandi. U o’zining qizg’anchiq, xasis, ziqna, yaramas, bir chaqa ustida do’mbaloq oshadigan, boylikka o’ch, yemay to’playdigan odam ekanligini bilib olgandi. U bundan ham battarroq so’zlarni eshitgandi. Baribir, parvoyi falak edi. Faqat, «U boyligini qabriga olib ketolmaydi» degan so’zlar uning asabini qo’zirdi. 
U Transvaalda oltin topilgan paytda o’sha yerga borib boyib ketgandi. Odamlar uning rohatda yashash uchun ancha qarib qolganligini aytishardi. Ular nimani ham bilishardi? U hammaga «yo’q» deb rohat qilardi. Odamlar tsirkdagi hayvonlarga o’xshashadi, o’ylab qolardi u ko’pincha, ularning minglab talab-istaklari oldida boshqa narsalarning qadri yo’q.
U faqat bir marta «xo’p» degandi. O’shanda, singlisi undan aqli noqisroq o’g’li Vernerni o’z yoniga olishni so’ragandi. «U sening yordamching bo’ladi», degandi singlisi Maud. Verner unga barcha ishlarda yordam bermasa-da, har qalay Bezil amakining yugur-etimi sifatida uning yonida yurganidan xursand edi.
Bezil amaki boyligiga mos bo’lmagan kichkinagina uyda yashardi. Verner hovlidagi daraxtlarga qarar, tamaki do’konidan qog’oz olib kelar, bo’sh paytlarida esa tirnoqlarini tekislab o’tirardi. U Bezil amakiga «Siz boyligingizni narigi dunyoga olib ketolmaysiz», demasdi, chunki unga boylikning qizig’i yo’q edi.
Bezil amaki shuningdek, Vernerdan hamkorlari, bank va shu kabi ishlarga xat tashuvchi sifatida ham foydalanar, zero u pochtaga ham, telefonga ham ishonmasdi. Verner qalin xatjildlarni u yoqdan-bu yoqqa tashib o’rganib qolgan, ularning ichida nima borligiga qiziqib ham ko’rmasdi. Bezil amakining advokati, hisobchilari va bank xodimlari ham bu kishining antiqa biznes usuliga ko’nikib qolishgandi. Boylar o’zlari istaganlaridek ish qilishlari mumkin.
Bezil amakining yana bir antiqa ishi shu bo’ldiki, u soppa-sog’ yurgan paytidayoq Verner bilan duradgorlik do’koniga bordi va o’zi uchun tobut yasashga buyurma berdi. U tobutning kattaroq bo’lishini aytdi. 
Yoshi Bezil amaki bilan teng bo’lgan duradgor unga narxi arzonroq, randalanmagan tobut yasab beradigan bo’ldi. Randalangani ikki barobar qimmat edi. 
«O’zim randalab olaman», dedi Bezil amaki. «Yoki Verner, hali vaqtimiz ko’p. Men ertaga o’lmoqchi emasman. Unda uydagilar xursand bo’lib ketishadi. Men rohatlanishni yoqtiraman».
Bir kuni ertalab u Vernerni advokati oldiga jo’natdi. Buni eshitishi bilan butun oiladagilar Bezil amaki pulini kimga vasiyat qilib qoldirishi to’g’risida mojaro boshlashdi. U bu haqda keyinroq aytishini bildirdi. «Bu haqda boshqa so’z ochmanglar», dedi u.
Bu voqea uy bekasi ertalab choy keltirayotib, Bezil amakining abadiy uyquga ketganini ko’rishidan o’n yil ilgari bo’lgandi. O’tgan o’n yil davomida u rohatlanib yashadi. Oiladagilar uni bezovta qilishmadi, uning sarmoyasi to’xtovsiz o’sib bordi.
Faqatgina doim pulga o’ch Persival uning choyiga zahar solib qo’yishni o’ylab yurar, faqatgina Bezil amakining o’limi uning bu rejasini to’xtatib qoldi. «Baxtli o’lim», deyishdi butun oiladagilar. «Qiynalmasdan jon beribdi».
Ular amakilariga qanday mehribon bo’lishganini eslay boshlashdi va uning merosiga ko’proq kim haqli ekani haqida bahs boshlab yuborishdi. Har bir kishi o’zining qanday mehribonliklar ko’rsatgani va faqat o’zi merosga haqli ekanligini aytib qichqirardi. 
Ular advokat bilan maslahatlashishdi. U Bezil amakining vasiyatini aytdi. Ko’mish marosimi zudlik bilan o’tkazildi. Tobut uy orqasidagi bog’da. Verner uning qaerdaligini bilardi. 
«Boshqa hech narsa demaganmi?»
«Xo’sh», dedi advokat, «u ko’mish marosimiga shahardagi eng yaxshi do’kondan eng yaxshi mahsulotlarni sotib olishinglarni aytgan. Foz va kurka, mol va qo’y go’shti, vino va viskilar oliy sifatli bo’lishi kerak». Advokat xonasida yana bir xatjild borligini, unda nima yozilganini bilmasligini, ko’mish marosimi tugagandan so’ng uni ochib o’qib berishini aytdi. 
Hamma qimmatbaho qora ko’ylak sotib oldi va marosimga tayyorgarlik qizib ketdi.
Faqatgina Verner Bezil amakiga boshqa tobut sotib olmaysizlarmi, dedi. Bog’dagi tobut yomg’irda qolib buzilib ketgandi. Lekin unga hech kim quloq solmadi. Baribir, yer tagida qolib ketadigan narsa, yangi tobutning nima keragi bor?
Shunday qilib, yig’i-sig’i bilan Bezil amakini ko’mishdi. Oiladagilar uy bekasi tark etayotgan kichkina uyga yig’ilishdi. Bezil amaki unga anchagina naqd pul bergan va uni qanday qilib ko’paytirish mumkinligini o’rgatib ketgandi.
Ular Vernerdan uy endi uning nomida ekanligini eshitib ajablanishdi, lekin g’azablanishmadi. Bezil amaki unga ham ozroq pul bergan va uni qanday ishlatishni o’rgatgandi. Oiladagilar Verner shu pulga rozi ekanini eshitib yengil tortishdi. Verner ko’p pul ushlab o’rganmagan, ko’p pulga muhtoj emasdi. 
Nihoyat, advokat xatjildni ochganida uyga jimjitlik cho’kdi. Uning ichida Bezil amakining qo’li bilan bir satr gap yozilgan qog’oz bor edi:
«Pullarimni o’zim bilan olib ketdim».
Bu qanaqasi bo’ldi? Uning million-million puli bor edi-ku!
Ha, deyishdi, hisobchilar, bank xodimlari. Bezil amaki o’tgan o’n yil davomida bor boyligini naqd pulga aylantirib ketgandi. Lekin ularni nima qilgan? Buni hech kim bilmasdi.
Bu haqda Vernerdan so’rab ko’rish hech kimning xayoliga kelmadi. Verner o’n yil davomida bankdan olib kelgan hamma xatjildlarni Bezil amakining tobutiga yopishtirib chiqqandi. Avval u xatjildlarni tobutning hamma tarafiga va ostiga yopishtirgandi. So’ngra esa Bezil amaki buyurganidek, tobutga qalin matoni mayda mix bilan qoqib tashlagandi.
Vernerning boshi yaxshi ishlamasa-da, qo’l-oyog’i chaqqon edi.
U buyurilgan ishni a’lo darajada bajargandi.

Ingliz tilidan D. ASQAROV tarjimasi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.