OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farhod Jiylon. "Oltin qon"dagi to'y (hikoya)

Azaldan bordur elning panohi,
Ozodlik najoti—quyoshi, mohi.
Qasos o‘ti taqdirda bori,
To‘solmas yo‘limizni devlar ilohi!


Miloddan avvalgi 330 yil yoz kunlarining biri edi. Musaffo osmon uzra quyosh charaqlardi. Poyonsiz cho‘l xuddi osmon bilan omuxta bir juftlikday bir-biriga to‘ymay boqishib turganday tuyulardi. Samo va quyosh bu cho‘lga azaldan eng yaqin sirdosh, hamroh bo‘lib kelmoqda. Necha-necha qahramonlik dostonlari yaraldi; polvonlar o‘z karomatlarini ko‘rsatib el dong‘ini doston ayladi; elning tinchligi, salomatligini asrash uchun o‘z jonlarini fido qilib qanchadan-qancha mardu maydonlarning muqaddas  qonlari shu cho‘ldagi yulg‘unlar ostiga singib ketardi!...
Adog‘i ko‘rinmaydigan dasturxonday yastangan tekislikdagi emin-erkin o‘tlab yurgan bir uyur yovvoyi otlar  to‘satdan hurkib, uchgandek chopgan ko‘yi olislardagi adirliklarda g‘oyib bo‘ldi. Ko‘m-ko‘k bo‘liq o‘tloqzorda o‘ynoqlab yurgan bir necha kulrang quyonlar ularning tuyoq tovushlarini eshitgandan keyin, uzun quloqlarini ding qilib bir yerda qotib qolishdi-da, o‘sha zahotiyoq sakrashib har tomonga qochib ketishdi. Nariroqdagi quyuq o‘rmon ichidan jon holatda yetti-sakkiz juft jayronlar dupurlashib chiqib yana cho‘l bo‘ylab qochishda davom etishardi. Ajab, bu jonivorlar nimadan shunchalik hurkib ketishdiykin? Ha, sayyod! Xuddi shu payt jayronlarni quvib bir suvoriy chiqib keldi. Qoni qizib ketgan ot go‘yo qanotli dulduldek guvullab shitob bilan chopib borar, tuyoqlarining ham yerga tegib-tegmayotganligini bilib bo‘lmasdi. O‘ynoqi cho‘l shamoli tulporning yoli va uzun dumini uchirib, o‘ynatardi. Chavandoz yigit oldiga egilib otning bo‘yniga  yopishib olgandi. Jayronlarning charchab qolganlari bir-birlab o‘z to‘pining ortida qola boshladilar, to‘p oldida chopib ketayotgan jayron serkasi ro‘parasidagi uncha baland bo‘lmagan taqir tog‘ tomonga yo‘l oldi. Uchqur tulpor o‘q yetgudek oraliqqa borib qolganda jayronlar tog‘ bag‘riga yetib qolgandilar. Sayyod ularning tog‘ ortiga o‘tib ketishining oldini olish uchun darhol tizginini qo‘yib yuborib, paykonni oldi-da, oyoqlari bilan uzangiga tiranib egardan ko‘tarildi va o‘qni o‘ljasiga qaratib kamon ipini torta boshladi. Xuddi shu chog‘da jayronlar nima uchundir yo‘nalishlarini yana o‘zgartirib, shiddat bilan ortga burilib, jar yoqalab chopa boshladi. Bu paytda tog‘ tumshug‘i tomonda bir to‘p suvoriy lashkarlar ko‘rindi. Sayyod yigit kechikkan edi, u o‘qni qaytadan sadog‘iga solib, kamonni yelkasiga osgancha bir qo‘lida tizginini tortib, yana bir qo‘li bilan otining bo‘ynini silab, to‘xtashga da’vat qildi. So‘ngra tizginini yanada qaattiqroq tortdi. Mag‘rur tulpor qadamini noiloj astalatgan holda oldingi ikki oyog‘ini bir bora baland ko‘tarib tushdi, so‘ngra qizib ketgan ko‘zlarini norozilik bilan olaytirib to‘xtadi. 
Tog‘lar orasidan to‘satdan chiqib kelayotgan ellik-oltmish chog‘li lashkarlar otlarini yeldirib, sayyod yigit turgan tarafga yaqinlab kelayotgandi. Ularning hammasi to‘liq qurollangan bo‘lib, bir qarashda olis yo‘ldan yoki muhorabadan qaytayotgandek ko‘rinardi. Nayza uchlari va dubulg‘alarida kun nuri g‘ira-shira chaqnardi, suvoriylar yaqinlashgan sari ularning chiroylari va baland ko‘tarilgan yakka tug‘ning belgisi aniq ko‘rina boshladi.
Sayyod yigit ularga tikilib qaradi va o‘z-o‘ziga:
—    Bars Tegin! — deb qo‘ydi.
Dubulg‘a va sovut kiyib saf oldida kelayotgan qaddi-basti kelishgan yigit haqiqatdan ham xoqonnining to‘ng‘ich o‘g‘li Bars Tegin edi. Ko‘tarilgan o‘sha yolg‘iz tug‘ Bars Teginning ehtimol tug‘i, lashkarlar esa, uning xos soqchi navkarlari edi. Sayyod yigit ismini aytayotib xoqon o‘g‘lining oldiga bordi va unga ot ustida bosh egib ta’zim qildi-da:
—    Xoqonimizning to‘ng‘ich o‘g‘li Bars Teging‘a  baxt va omad yor bo‘lsin! – deb salom berdi.
—    Qut bo‘lsin seng‘a ham, botir yigit! – deb javob qaytardi Bars Tegin, — isming nedur? Bul cho‘lda yolg‘iz ne qilub yurmushsen?
—    Ismim Arslon, shikor qilub yurgumdur, shahzodam, — dedi sayyod yigit tabassum ila boqqan ko‘yi muloyimlik bilan.
Shu payt yuzboshi Arslonga qarab buyruq ohangida o‘dag‘ayladi:
—    Shahzoda Tegin hazratlari oldinda o‘zungni qanday tutodursen?! Otdin tush!
Arslon uning do‘q bilan qilgan po‘pisasiga pisand qilmay:
—    Xoqon o‘g‘loni otdin tushub bosh egkanlarni botir deb hisoblamaydur, elga sodiq fidokorlarni qadrlaydurlar, — dedi.
Bars Tegin qiziqsinib Arslonga tikilib qaradi.
—    Sen shunday fidokormu? – so‘radi u.
—O‘n yil muqaddam sizning padari buzrukvoringiz Tungo Bilga xoqon a’lo hazratlari qizilboshlarga qarshi qo‘shin tortub chiqg‘onda mening otam ham shul qo‘shunda jangchi bo‘lg‘on erdi, — dedi Arslon, — otam fidoyilik birlan muhoraba qilg‘onlig‘i bois xoqon hazratlari otamni butun qo‘shun oldinda «Alp Qayum» deb e’lon qilg‘on erkanlar va barcha jangchilarig‘a otamni shul nom birlan atashni buyurg‘on erkanlar. Otam hozir chilangarlik bilan shug‘ullonodurlar, xoqon hazratlari uchun qurol-yarog‘ yasaydurlar, meni bolaligimdinoq Vatan va xalqimga qalqon, xoqon hazratlaring‘a sodiq navkar bo‘lishga o‘rgatg‘onlar.
—Sizlar ne boisdan xoqong‘a ushmuncha inoyat ko‘rsatadursizlar? – so‘radi Bars Tegin uni sinchkovlik bilan sinab ko‘rmoqchi bo‘lib.
—Fuqarolarning xoqong‘a sodiq bo‘lishlig‘i oning odilliq, haqqoniyat birlan hukm yuritg‘oni, el-yurtg‘a tinch-osoyishta hayot, obod-farovonliq, inoq-ittifoqliq baxsh  etayoturg‘onindandur, — deb javob berdi Arslon.
Bars Tegin bu oddiy sayyod yigitning bunday samimiy so‘zlarini eshitib unga yanada qiziqib qoldi. Arslonning shamol va oftobda kuyib biroz qoraygan chehrasiga, endigina sabza urgan mo‘ylari o‘ziga juda yarashib tushgandi. Uning keskin turilgan tim qora tutash qoshlaridan qaysarlik va mardlik alomatlari shundoq aks etib turardi. Qattiq qimtilgan lablaridan, ayniqsa lablarining burchagida bilinar-bilinmas ko‘rinib turgan nim tabassumidan uning o‘ta g‘ururli yigit ham ekanligi, jigargo‘shalikka ustuvorligi, uning keng yelkali va alp qomatidan butkul mardlik, jasorat va kuch yog‘ilib turganligini ham payqash qiyin emas edi. Yigit mingan to‘riq tulpor hanuz bir yerda tinim turmay hadeb olg‘a intilar, yer tepinar, pishqirib, uyoq-buyoqqa aylanardi.
«Qanday botirona ko‘rinish!» deb o‘yladi Bars Tegin unga zavqlanib qarab, yana so‘radi:
—Nechun shikorg‘a o‘zung birlan burgut yoxud shunqor olib chiqmading?
Arslon bu savolga ham hech bir dovdiramay dadil javob berdi:
—Bung‘a hojat yo‘q erdi. Mening bugun shikorg‘a chiqishim faqat ot ustunda turib kamondin o‘q otishni mashq etish, otimni jangavorliqg‘a  o‘rgatishga qaratilg‘on erdi.
Bars  Teginning bu cho‘l farzandiga tobora ixlosi ortib borardi. Uning o‘zini tutishidan va har bir aniq va dadil javobidan xushomadga qilcha o‘rin qoldirmagan samimiylik aks etib turardi.
—Maqbul ota o‘g‘il! Yaraysen! – dedi oxiri Bars Tegin Arslonga jiddiy qarab, — o‘g‘il degan shunday bo‘lmog‘i kerak. Ko‘rinishingdan sen ham otang kabi qahramon jangchi bo‘ladurg‘ong‘a o‘xshaydursen, men bung‘a inonurmen.
Halol va jo‘shqin mehnatga, erkin hayotga odatlangan oq ko‘ngil cho‘l farzandi bunday maqtovlarga ko‘nikmagani uchun biroz o‘ng‘aysizlangandek bo‘lib, Teginga qarashga botinolmay qoldi va nima deyishini ham bilmay ko‘zini undan qochirib, suhbatga qiziqsinib qarab turgan navkarlarga nigoh tashladi. Navkarlar ham endi unga nisbatan o‘zlarida samimiy hurmat va dil izhorlari paydo bo‘lganligini qalban his etishardi. Ularning ba’zilari bu mardona yigitga madad bergilari ham kelgandek do‘stona bir tarzda bir-birlariga qarashgan ko‘yi kulimsirab, boshlarini irg‘ishib qo‘yishdi. Bars Tegin ham qarab kulib qo‘ydi-da:
—Emdi sen nechun mening qaerdin  kelayoturg‘onligimni,  ne qilub yurg‘onlig‘imni so‘ramaydursen? — deb yana kutilmagan savolni qo‘ydi va shu onda uning javobini kutmayoq jiddiy qiyofada so‘zida davom etdi, — bilib qo‘y, botir yigit, elimizg‘a bir kuchli dushman bostirub kelmoqda. Bul dushmanning ismini Iskandar Zulqarnayn deyishodur. Ul olis-olis yerlardag‘i, ko‘pgina tog‘u toshlar, cho‘lu sahro, biyobonlar ortindag‘i Yunon degan elning xoqonidir. Bul yovuz xoqon kunbotishdag‘i talay ellarni muhosara etmishdur va emdilikda narhi qon kechub, tuman-tuman kishiliq ulkan qo‘shin birlan Turon zamining‘a hujum qilib chegaradag‘i ellarni qirg‘ing‘a olmoqda. Eshitishimizg‘a qarag‘anda Turonning yuragi bo‘lmish Shamirkent shahrini kunfayakun qilub, ko‘p xalqni, ko‘p qarindosh elatimizni qirg‘ing‘a olub emdilikda bul yoqlarg‘a bosturub kelayoturg‘on ermish.
Arslon bu gaplarni eshitib ko‘zlaridan birdan g‘azab uchqunlari chaqnab ketdi.
—Mumkin ermas, ichkarilab kirolmaydur! – deya baqirib yubordi u o‘zini tutolmasdan.
Bars Tegin o‘sha noxush voqealarning, o‘z so‘zining ta’siriga berilgan holda yana so‘zida davom eta boshladi:
—Men bu bahodir navkarlarim birlan chegaradag‘i ahvolni borib o‘z ko‘zim birlan ko‘rdum. Hozir shul yerdin kelayoturmiz. Ul yerda Iskandarning elchisi birlan ko‘rishdum. Elchi bizning taslim bo‘lishimiz keraklig‘in talab qilmush. Men ang‘a «Muhoraba maydoninda ko‘rishg‘aymiz» deb javob berib qaytmushmen.
—Muhorabag‘a meni boshlab boring‘iz, men sizning aytg‘on yeringg‘izdin qat’iy chiqmag‘aymen! – deb keskin javob qildi Arslon hayajon bilan.
Bars Tegin notanish sayyoddan shunday javob kutganday, unga mamnunlik bilan qaradi. 
—Yaxshi! – dedi shahzoda, —xoqonning muhorabag‘a chorlovchi farmoni e’lon qiling‘onda qo‘shung‘a bor. Seni muhoraba g‘o‘lig‘a boshlab kirg‘aymen. Dushmanning qilich, nayzasi oldinda o‘zungni qanday tutushlig‘ingni ko‘rayin.
Shundan keyin ovozini ko‘tarib Arslonga ham, navkarlarga ham barobar qaratib inod qildi:
—Biz alarg‘a o‘z qudratimizning nelarg‘a qodir ekanlig‘in albatta ko‘rsatub qo‘yg‘aymiz! Yovuz bosqinchi Iskandar yetmish tog‘ botirlarin bir ko‘rub qo‘ysun! Halok bo‘lg‘on jafokash qarindosh elatlarimiz uchun ham illo qasos olg‘aymiz! Alarni tor-mor kelturmag‘unumizg‘acha muhorabadin aslo qaytmag‘aymiz. 
Arslon endi Bars Teginga zavqlanib qaradi. Teginning yoshi Arslondan ko‘p katta bo‘lsa uch-to‘rt yosh kattaroq ko‘rinardi. U g‘oyat kelishgan yigit edi, ayni chog‘dagi g‘azabnok chehrasi, dubulg‘asi ostidan chiqib turgan jingalak qo‘ng‘ir sochlari, his-tuyg‘uli qo‘y ko‘zlari, maysadek o‘sgan mayin qisqa soqol-mo‘ylari uning shubhasiz yanada haqiqiy botir va chin jasorat sohibi ekanligidan ham darak berayotganday edi.
Bars Tegin to‘satdan Arslon tomonga keskin burilib shunday dedi:
—Meng‘a qara yigit, baxtingni sinaydurg‘on vaqtg‘ada emdi ko‘p qolmadi. Muhorabag‘a birg‘a borg‘aymiz, botirlik ko‘rsatsang sen mening eng yaqin do‘stumg‘a aylanodursen, magar qo‘rqoqlik qilsang...
U so‘zini to‘xtatib, Arslonning ko‘zlariga mixdek tikilib qaradi va o‘ng qo‘li bilan qilichning dastasini tutib turib, har bir so‘zini dona-dona etib takrorladi:
—Magar qo‘rqoqlik qilsang adabingni o‘zum berg‘um!
Shahzoda bu gapni aytganda uning chiroyi butkul o‘zgacha surli tus oldiki, jangda qo‘rqoqlik qiladiganlar undan so‘zsiz hech qanday yaxshilik kutmasligi kunday ravshan ko‘rinib turardi.
—Ketdik yigitlar! – dedi Bars Tegin va o‘ynoqlab turgan tulpor otini quyundek uchirib ketdi. Navkarlar ham nayzalarini hamda atrofidan nur taratib chiqib kelayotgan tong quyoshi va bo‘ri boshi tasviri aks ettirilgan bir necha zarrin popuklik ko‘k ipak tug‘ni baland ko‘tarishgan holda uning ortidan ot qo‘ydilar.
Arslon tobora olislab ketayotgan jangovar suvoriylarning ortidan biroz qarab turgandan keyin, nimadir yodiga kelganday bo‘lib darhol otini choptirib, Tegin ketgan yo‘ldan boshqa bir manzilga qarab yo‘l oldi. U uzoq yo‘l bosdi. Cho‘l oxirlashganda  olisda yashil bog‘lar ko‘rindi. Arslon mahallaning chetidagi daraxtzorlikka kelib otidan tushdi. U daraxtlar orasida o‘tlab yurgan bir otni va sharillab oqayotgan suv bo‘yida o‘ychan o‘tirgan bir qizni ko‘rdi. Arslon birdaniga o‘ynab ketgan yuragini bosib olish uchun qizning orqasidan biroz qarab turdi. So‘ngra go‘yo tushida ko‘rayotgan parizodni cho‘chitib yubormaslikka  tirishayotgandek maysazorlarni avaylab bosib, bir otlab, ikki otlab asta-sekin qizga yaqinlashdi. Qizning vujudi yengilgina titrab ketdi, ko‘rinishidan uning yigitni allaqachon ko‘rganligi va o‘zini ataylab ko‘rmasga olib o‘tirganligi sezilib turardi, uning oqayotgan tip-tiniq suvga qarab turgan katta-katta ko‘zlari visol onlaridan yanada charaqlab ketdi. Arslon suv bo‘yiga kelib uning yonida to‘xtadi va mayin ovoz bilan:
—Bolqiz! – deb chaqirdi.
Qiz boshini ko‘tarmadi. Arslon yelkasidan kamonini olib yerga qo‘ydi-da, qizning yoniga o‘tirdi. —Bolqiz, – dedi u yana qizga yer ostidan qarab, —men vaqtida kelolmadim... kechikib qoldim, uzr... Qiz indamagandan keyin o‘z aybini bo‘yniga olgan ohangda yana qo‘shib qo‘ydi. —Tan olamen qarshingg‘izda gunohkormen. Sizni kuttirib qo‘ydim. Sizdan yana bir bor uzr so‘raydurmen.
Qiz xuddi sakrab urushga tayyorlangan sho‘x kiyikdek boshini bir yo‘la ko‘tardi-da, yigitning haddan tashqari muhabbatga to‘la muloyim ko‘zlariga tikilib qaradi. Qiz o‘zining xafa bo‘lganligini bildirishga harqancha tirishsada, istarasi issiq hamda ko‘rkam chiroyining iliqligini aslo o‘zgartolmadi, g‘uncha lablarini kulib yuborishiga yo‘l qo‘ymaslikka tirishsa-da, hiloldek qalam qoshlarini chimirib turishga urunsada, buloqdek otilib turgan otash ko‘zlari tabassumidan o‘zini qochirolmadi. 
—Shunchalik ham kuttirib qo‘yar ekansiz, shuni oldinroq o‘ylasang‘iz bo‘lmasmudur yigit?  — dedi u o‘zining yoqimli ovozi bilan Arslonni yanada dovdiratib.
—Menga qarang, Bolqiz, men sizg‘a hammasini gapirib berurmen, — dedi Arslon yalingansimon qizga termulib va bir qo‘lini ko‘ksi ustiga qo‘ydi, — men o‘zimiz kelishg‘on vaqtni unutib qolg‘onim yo‘q... bilodurmisiz, bugung‘i kunni qanchalik tashnaliq-intizorliq ila kutg‘onimni!
—Unday ersa nechun kechikding‘iz? – takror so‘radi Bolqiz..
Arslon sevgilisini taslim etishga tirishib gapira boshladi:
— Ko‘rishish vaqtimiz kelgunga qadar paykon otishni mashq qilish uchun shikorg‘a chiqqandim. O‘zingg‘iz bilodursiz, paykon otish mashg‘ulotin bir kun ham to‘xtatub bo‘lmasdur. O‘lja quvib cho‘l ichkarising‘a kirib ketubmen. Boz usting‘a, — deb so‘zini davomlashtirdi Arslon qaytadan jiddiylashib, uning ko‘zlari yana boyagi cho‘ldagidek chaqnab ketdi, — men shu cho‘lda valiahd shahzoda Bars Tegin birlan uchrashib qoldim. Ul chegara yerlaring‘a borub kelubdi. Iskandar degan bir ajnabiy xoqon bizning zaminimiz sari qo‘shin tortub elimizg‘a bostirub kelayoturg‘on ermush. Buni Bars Tegin o‘z og‘zi birlan aytmush.
—    Men sizg‘a shuni aytmoqchi erdum, — dedi Bolqiz.
—    Ne? Bu haqda siz ham bilodurmusiz? — hayron bo‘lib so‘radi Arslon. Qiz tasdiq alomati boshini irg‘ab qo‘ydi.
—    Otamdin onglodim, — dedi u, — kecha uyumizg‘a bir lashkarboshi kelub erdi. Ul kishi otam birlan shul haqda gaplashishayotg‘anlarin onglab qoldim, bugun  saharda bir navkar xoqonning yorlig‘in kelturub otamni o‘rdag‘a  boshlab ketmush.
Bolqizning otasi Qora Boqshi xoqonning yaqin odamlaridan bo‘lib, yoshlikdan tortib jang ishlarida toblangan sarkarda edi. U donishmand va bilimdon odam bo‘lganligidan, xoqon tomonidan unga «Qora Boqshi» degan nom ism qilib berilgandi.
—Muhoraba boshlansa siz ne qilodursiz? – deb so‘radi Bolqiz Arslondan nigohini uzmagan holda.
—Bars Tegin birlan muhorabag‘a birg‘a boradurg‘on bo‘lib kelishib qo‘y-mushmen, — dedi Arslon.
—Sizning mana shunday javob berishingg‘izni bilardim, — dedi Bolqiz. Endi uning nafaqat ko‘zlarigina emas, balki lablari ham kulimsirab turardi. 
Arslonning shu topda Bolqizning ipakdek yumshoq qo‘ng‘ir sochlarini qo‘liga olib o‘ynagisi, uning tong shafag‘idek qirmizi yanoqlaridan o‘pgisi, eng shirin sevgi so‘zlarini qulog‘iga ohista pichirlagisi kelardi. Lekin, allaqanday zo‘r kelgan g‘oyibona sehrli bir kuch uning bunday qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Yigit o‘zining kuchli qo‘llarini qizga uzatolmasdi. Har qanday holatda ham dadillik bilan faqat haqiqatnigina so‘zlashga odatlangan cho‘l o‘g‘loni endi qizning ko‘nglini olgudek biror so‘z ham topolmasdi.
—Qora Boqshi ko‘pni bilodurg‘on tajribalik odam. Ikkovimizning to‘y qilishimizg‘a qo‘shilurmu? — dedi u oxiri xo‘rsinib.
Bolqiz darhol javob qaytarolmadi. U, otasining bu ishga qo‘shilolmasligini bilardi. Qora Boqshi o‘z qizining bir oddiy sayyod yigit bilan ahdlashib yurganligini bilgandan keyin, ancha xafa bo‘lgandi. U hatto bir marta Arslonning otasiga: «Bolqiz yobg‘uning qizi, uning munosibi o‘rda ichidan bo‘lishi kerak!» degan ekan. Bu gapni o‘shandayoq Arslon Bolqizga bildirgan edi. Shundan buyon Bolqiz otasidan o‘zini chetga olib yurardi. Keyin, u bu dardni ichiga sig‘dirolmay onasiga yig‘lab turib: «Otam Arslonni yomon ko‘rmasunlar, ul vijdonliq, aqlliq, botir yigitdur. Men oni tushunodurmen, magar ul xoqonning xizmating‘a kirsa qat’iy kerakli odamg‘a aylanodur» deb yolborgandi. Onasi qizining ko‘zyoshlarini ko‘rib yuragi achishdi. U o‘zining arjumand qizining nidoli hasratini ko‘rib turib, uning ko‘nglini yanada o‘ksitishni istamasdi. Shunga ko‘ra, u mehr ila qizning yuzlarini yuvib tushayotgan ko‘zyoshlarini surtgan ko‘yi iliq onalik bag‘riga bosdi. «Otang birlan bu haqda gaplashib ko‘rg‘aymen qizim» deb qizga tasalli bergandi. Shundan buyon, Bolqizning qalbida «o‘lmagan jondan umid» degandek, qalbida umid uchqunlari chaqnay boshlagan esa-da, biroq otasining hanuzgacha o‘z shashtidan tushmaganligini ko‘rib yana xotirjamligi yo‘qolardi. Kunlar, oylar shu tarzda o‘tardi. 
Bu gaplarni u qanday ham Arslonga ayta olsin! U parishonlikda turgan mas’um ko‘zlarini yigitdan qochirib, boshini quyi soldi-da, o‘z chiroyiga yana avvalgidek xush tabassum berishga tirishdi va gapning oxirini hazilga burish xayolida oldidan sharillab oqib borayotgan bo‘zsuvga engashib, qo‘lining uchi bilan Arslonning yuziga suv sochdi. Ammo Arslon bu hazilni qabul qilmadi. U Bolqizning qo‘lini tutib olib, termulib turgan ko‘zlari bilan unga boqdi.
—Ayting-chi, Bolqiz, — deb o‘z savolini takrorladi u, otangg‘iz rozimudurlar? Yana ayting-chi nechun kamgap bo‘lib qoldingg‘iz?
—Magar otam rozi bo‘lmasalar-chi, unda ne bo‘ladur? — dedi Bolqiz.
Umidsizlik ilkida ehtiyot va xavotir ila past ovozda aytilgan bu so‘z Arslonga bamisoli to‘satdan chaqmoq chaqnagandek ta’sir qildi.
—U holda sizni olib qochamen! — dedi u hech bir ikkilanmasdan qat’iylik bilan.
—Sizning mana shunday deyishing‘izni bilardim, — dedi Bolqiz o‘ychan ko‘zlari bilan olis kengliklarga ko‘z tashlab. So‘ng u Arslon tomonga burilib, uning yengini qattiq tutib oldi va ko‘zlariga tikilib, yolborgan ohangda shoshilib gapida davom etdi: 
—Lekin siz otamni aybg‘a buyurmag‘aysiz, otam garchi qaysar ersalar-da, ammo oqko‘ngil odamdurlar... Alar xayrixohlik bildurodurlar... Onam alarga yotig‘i birlan tushuntiradurlar. Otamning jahllari tez ersada ko‘ngillari yumshoq odam. Meni juda yaxshi ko‘rodurlar. Meng‘a qarang, Arslon, meng‘a qarasangg‘izchi, gaplarimg‘a inoning, otam keyinroq sizni albatta yaxshi ko‘rib qolodurlar... Siz otamdan xafamisiz?
—Yo‘q, albatta yo‘q — dedi Arslon chuqur tin olib, — men alarni hurmat qilamen... Sizning otang‘iz bo‘lg‘onin uchun hurmat qilodurmen.
—Oh, Arslon, —dedi Bolqiz boshini uning ko‘ksiga qo‘yib, —siz nechog‘li yaxshi insonsiz!
Ular otashli sevgi lazzati ilkida goh hayajonlanib, goh munglanib, o‘zlarining kelgusidagi turmushlari to‘g‘risida uzoq-uzoq gaplashdilar, bir-birlariga ahdu paymonlar qildilar.

* * *
Tunga Bilga xoqon Iskandar Zulqarnaynga qarshi yurishga otlanishga farmon bergan kuni tong sahardanoq o‘rda oldiga qo‘shin va ularni kuzatuvchi er-ayol, yosh-qarilar to‘planisha boshladilar. Kuzatuvchilarning ham ko‘plari qurollangan edilar. Hammadan keyin Bars Tegin o‘z navkarlarini boshlab o‘rda ichidan tizilib chiqdi. Oq bo‘z tulporga minib kelayotgan Bars Teginga xaloyiq hurmat bilan yo‘l bo‘shatib berishardi. Navkarlarning oldingi qatoridan joy olgan Arslon hadeb olg‘a intilib turgan to‘riq tulporning tizginini tortib-tortib qo‘yib, intizorlik ko‘zlari bilan kishilar to‘pi ichidan kimnidir izlardi. Oxiri u kishilar orasidan o‘z otasini ko‘rdi. Soch-soqollari qordek oqargan sobiq peshqadam jangchi Alp Qayum faxrlangan holda o‘g‘liga qarab turardi va «ko‘rdinglarmu, mening o‘g‘limni!» degandek ketayotib, boshini egib hurmat bildirdi.
Xoqonning buyruqlari e’lon qilingandan keyin naqsh-nigorli sarishta ravoq atrofida qurollangan otlik tarxonlardan tashkil topgan hurmat posbonlari saflanib turishardi. Bars Tegin navkarlarini boshlab ularga yaqinlashib kelib, qurolli suvoriy ayollar safiga qatorlashdi. Arslon ayollar qo‘shinining oldingi qatorida Bars Teginning oq yuzli, sariq sochli go‘zal xotini Kumush Tuzun va uning yonida qalam qoshli ko‘rkam Bolqizning turganligini ko‘rdi. Ular yoqimli kulimsirab, qo‘l ishorasi bilan Tegin va navkarlarni qarshi oldilar.
—Bolqiz, siz ham chiqding‘izmu?  — deb yubordi Arslon unga yaqin kelib. 
—Bizni muhorabadan qo‘rqadi  deb o‘ylag‘on bo‘lsang‘iz kerak, shunday ermasmu botir yigit?!.. Ortinglardan biz ham muhorabag‘a borg‘aymiz, — dedi Bolqiz tabassumli ko‘zlari bilan unga tikilib.
Bars Tegin navkarlari bilan kelib tarxonlarning oldidan joy oldi.
Xuddi shu paytda burg‘ularning surli ovozi yangrab, nog‘oralarning gumbir-gumbir sadolari hammayoqni tutgandi. Tunga Bilgaxoqon, yobg‘u va lashkarboshilarning hamrohligida ravoqqa chiqdi. Uning bir yonida xotini Oy Bilga xotun, yana bir yonida maslahatchi va yobg‘u Qora Boqshi hozir bo‘ldi. Barcha odamlar chuqur sukutda xoqonning so‘zini kutib turishardi. Barchaning nigohlari xoqonning kelbatli zabardast qaddi-bastiga qaratilgandi. Xoqon egniga tovar to‘n kiygan, boshi chekkasiga tovar ro‘molni o‘rab olgan edi. Uning quyuq o‘sgan sarg‘ich  soqol-mo‘ylariga endigina oq oralay  boshlagan. Aql va bilim nuri singgan moviy ko‘zlari baroq qoshlari ostidan odamlar to‘piga ishonch va g‘ayrat bilan boqib turardi. Xoqonning qo‘shin va fuqaroga qarata qisqacha boshlagan safarbarlik haqidagi nutqi bamisoli momaqaldiroqdek yangrab, haybatli  ovozi olis-olislargacha eshitilib turdi:
—Shavkatlik va yengilmas botir lashkarlarim! Aziz fuqaro! Bugungi kunda bizlarga qattol yog‘iylardin ozor chekg‘on mazlum birodar ellar umid va najot ko‘zlarin tikib turodurlar. Muqaddas ona Vatanimiz tuprog‘ing‘a va oning mehnatsevar elining tinch-osoyishta turmushin paymol  etmoqqa, qulliqqa giriftor etmoqg‘a qasd qilgan yovuz, dog‘uli qonxo‘r dushmanning shum qadami zaminimizni debsamoqda. Alarning Iskandar Zulqarnayn degan xoqoni tobora elimiz ichkarising‘a qo‘shin tortib kelmoqda, — dedi u. — Men ko‘ktangrining xohish irodasila elimizning daxlsizlig‘in saqlash uchun ul yovuzlarg‘a qarshi muqaddas jangg‘a safarbar qiling‘onimizni va otlong‘onimizni  e’lon etmushmen.
Alar bizni yengolmaydurlar. Biz qat’iy yeng‘aymiz. Zafar biz tomondadur! Ko‘ktangrining irodasi shunday. Tog‘ bizning otamiz, yer bizning onamiz. Tog‘ ota bizg‘a suyanchiq bo‘lur, yer ona bizg‘a kuch-quvvat bag‘ishlag‘ay. 
Tungo Bilga xoqon qilichini qinidan shartta sug‘urib olib uni boshi uzra baland ko‘targan holda o‘z so‘zini qo‘shinlarni jangga chorlovchi so‘zi bilan yakunlashtirdi:
—    Ko‘kda tangri, yerda botir! Olg‘a azamat shunqorlar!..
Shundan keyin tumanlag‘an tig‘lar baland ko‘tarildi, tumonat ko‘krak qalblaridan otilib chiqqan shior yeru ko‘kni zilzilaga keltirdi:
Ko‘kda tangri, yerda botir!
Burg‘ular va nog‘oralarning sadosi ostida Tungo Bilga xoqon qo‘shunni yurishga boshladi. Kuzatuvchilar ancha uzoqqacha ularning ortlaridan ergashib bordilar. So‘ng asta-asta ortda qoldilar.
—Yo‘linglar qutlug‘ bo‘lsun, azamatlar! Illo oling‘iz, ammo oldurmangg‘iz! – degan hayqiriq ovozlar chor atroflardan yog‘ilib turdi.
Arslon Bars Teginning navkarlari qatorida tulporini yo‘rttirgan ko‘yi ketib borayotgan esa-da, fikri-zikri otasi bilan Bolqizda edi. Bolqiz bilan xayrlashuv oldida u bilan alohida xayrlashmaganligidan ko‘ngli yarim bo‘lib  qolgandi. Shu payt to‘satdan Bolqizning chaqirgan tanish ovozi eshitildi. Bu ovoz uning qulog‘iga oqib go‘yo yuragiga kirganday bo‘ldi. U shu zahoti safdan chiqib otini to‘xtatdi va qo‘shinning ortidan ot yeldirib kelayotgan Bolqizni ko‘rdi. Bolqizning tulpori shamoldek yelib kelib Arslonning otiga yondoshib to‘xtadi. Qizning ko‘ksi nafis  ipak ko‘ylakning ostida bir ko‘tarilib, bir pasayib turardi. Yanoqlari va lablari hayajondan biroz qoni qochgandek ko‘rinardi. Yosh qalqib turgan ohunikidek xumor ko‘zlari yigitning mardonalik aks etib turgan qora ko‘zlariga intizorlik bilan tikilib boqardi. Oxiri u indamasdan qo‘ynidan chiroyli kashtalangan shoyi dastro‘molchani chiqardi-da, qo‘llari bilinar-bilinmas titragan holda Arslonning qo‘liga mehr bilan tutqazib qo‘ydi hamda majolsiz ovoz bilan:
—Tangri sizni o‘zi asrasun, muhabbatimizni umoy asrasun! Nusrat sizg‘a hamisha yor, ko‘k tangri, yer tangri, madadkor bo‘lsin! — dedi-da, yig‘idan o‘zini bazo‘r to‘xtatib tulporini ortiga burdi va quyundek  yeldirib ketdi.
Arslon turgan joyida go‘yo sehrlangandek qimir etolmay va hatto bir og‘iz ham so‘z aytishga ulgurolmay qizning ortidan yana biroz qarab turdi. So‘ngra lashkarlar safiga yetib olish uchun otlarini yo‘rttirib ketishayotgan navkarlar safi orasidan o‘z o‘rnini egalladi.
Qo‘shinlar mevazorlik bog‘larni, bug‘doyzorlarni, yilqi, qo‘y va qoramollar, podalar o‘tlab yurgan baxmaldek yashil yaylovlarni kesib o‘tib poyonsiz yastangan cho‘lga chiqdi. O‘z yo‘llaridagi har qanday toifadagi qabilalarni bostirib, vayron etib  kelayotgan qudratli dushman bilan bo‘ladigan hayot-mamot janglari ham qadam-baqadam yaqinlashmoqda edi. Dunyoga dong‘i ketgan cho‘l tulporlarining tuyoqlari haybatli dupurlardi. Tungo Bilga xoqon o‘zining epchil va baquvvat oq oti ustida  shukuh ila o‘tirgan holda yeldek  uchib borardi. Uning ko‘zlari xuddi Iskandar Zulqarnayn bilan tezroq to‘qnashmoq uchun shoshilayotgandek hamon olg‘a tomonga qarardi. Xoqonning shu topda nimalarni o‘ylayotganligini taxmin qilish qiyin edi. Shunday bo‘lsada, ulug‘vor, mag‘rur qiyofasiga qarab, o‘ziga va qo‘shiniga ishonchining qat’iyligini fahmlash mumkin edi. 
Xoqonga birdam  yondoshib, birdam ortda qolib kelayotgan Qora Boqshi adog‘siz ufqqa ko‘z tikib xayolga cho‘mdi. U, Bars Teginga ergashib kelayotgan Arslonga bir necha bor ko‘z tashlab qo‘ydi. Bolqiz bilan bu yigit o‘rtasidagi bog‘lanishni Qora Boqshi xushlamasdi. «Bu masalani qanday qilib bir tarafli etish kerak? — deb o‘ylardi u, — Arslon bilan bevosita gaplashib, uni bul ishindan qaytarish lozimmu?  Ahvolg‘a qarag‘anda, shunday qilmay ham bo‘lmaydurg‘ondek ko‘rinodur». Ammo Qora Boqshi o‘ylab-o‘ylab shu joyga kelganda elni himoya etish va asrash uchun fidoyi bo‘lib ketayotgan bir yigitga bunday g‘ayri muomalada bo‘lishdan o‘zida  biroz o‘ng‘aysizlikni ham his etardi. Shu bois u ichida: «Muhoraba tugagandin keyin bir gap bo‘lur, tangrining o‘zi yo‘l ko‘rsatur» deb qo‘ydi-da, hozircha bu boradagi masala ustida ortiq o‘ylamaslikka harakat qildi.
Arslon ham ayni vaqtda Qora Boqshining ichidan kechayotgan bor o‘ylarini uqub olmoqchi bo‘lgandek goh-gohida unga qarab qo‘yardi. «Muhoraba yakunlangandan keyin bu borada Bars Teginga so‘z ochamen, — deb o‘ylardi u. Ul Qora Boqshi yobg‘u bilan gaplashib, oni ko‘ndirishg‘a o‘tinamen. Kerak  bo‘lsa, o‘zim ham borub ang‘o bosh egamen. Magar rad etsa Bolqizni olib qochamen». Shu qarorni ko‘ngliga tugub qo‘ygandan keyin, Arslon ham bu haqda endi o‘ylamaslikka qaror qildi. U tez-tez qo‘lini qo‘yniga tiqib, Bolqiz esdalik etib bergan boyagi dastro‘molni yuragiga qattiq bosib qo‘yardi. Qo‘shin ancha yo‘l bosgandan keyin, bir keng balandlikka kelib to‘xtadi. Tungo Bilga xoqon shu yerda bargoh qurishni buyurdi. Uch yuz kishilik xabargirlar bo‘limi otlarini qora terga tushirib qaytib keldilar va Zurqarnaynning zarbdor qismi yaqinlashib qolganligi to‘g‘risidagi xabarni yetkazdilar. Xoqon bu xabarni eshitgandan keyin yobg‘u, tarxon, yobog‘u, lashkarboshilarni huzuriga chorlattirib jiddiy mashvarat o‘tkazdi. Mashvaratda bir bo‘luk lashkariy qismni dushman yo‘lini to‘sish va ularga qarshi zarba  berishga yo‘llash uchun qaror qabul qilindi. Xoqon bu vazifani to‘ng‘ich valiahd o‘g‘li Bars Teginga topshirdi va uning ixtiyoriga harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, ammo jang ko‘rmagan yosh yigitlardan tarkib topgan to‘rt ming otliq lashkariy qismni topshirdi. Biroq, bu ishning nechog‘li xatarli ekanligiga ko‘zi yetgan harbiy tajribada ustuvor, donishmand, boobro‘ yobg‘u Qora Boqshi so‘z oldi:
—Tangri tug‘mush Tungo Bilga  xoqon a’lo hazratlari, — deya murojaat qildi u vazminlik bilan, —Siz Zulqarnaynning yo‘lini to‘smoqg‘a jang ko‘rmog‘on, oning sabog‘in olmag‘on butunlay yoshlarni jangg‘a safarbar qilmoqdadursiz, yo‘llamoqdadursiz. Bunday hol xatoliq bo‘lib yana noxush oqibatlarg‘a olib kelishi ehtimoldin yiroq ermasdur, deb o‘ylaydurmen. Mening fikri ojizimcha ersa muhorabag‘a aslida yoshi ulug‘roq, urush ishlarinda tajribalari bor bo‘lg‘on odamlardin yo‘llansa maqsadg‘a muvofiq bo‘lur edi... — dedi qat’iy dadillik bilan. Bu fikrga davrada o‘tirgan barcha lashkarboshilar bir ovozdan qo‘shildilar.
Xoqon yobg‘uning donishmandligiga yanada iqror bo‘lgan ko‘yi biroz o‘ylanib turgach, shunday dedi:
 —Maqbul, hurmatli muhtaram yobg‘u janoblari, siz darhaqiqatanda to‘g‘ri so‘z aytmushsiz. Binobarin, Bars Tegin ixtiyoring‘a ana shunday urush saboqlaring‘a ega bo‘lg‘on tajribaliq jangchilardan bir tuman suvoriy va yana shunday besh ming kishilik piyodalardin iborat qo‘shin ham biriktirulsun. Biroq, bu bo‘lajak muhorabada albatta yosh jangchilar ham ishtirok etmoqliqlari, o‘z baxtu omadlarin sinab ko‘rmoqliqlari beshak darkordur. Sizning o‘zing‘iz alarg‘a ham mahoratingg‘iz, ham maslahating‘iz birlan yo‘lboshchiliq qilsangg‘iz yanada nur ustig‘a a’lo nur bo‘lur erdi.
—Men rozimen, — dedi yobg‘u Qora Boqshi.
Mashvaratdan keyinoq Qora Boqshi Bars Teginga maslahatchi bo‘lib, dushmanning yo‘lini to‘sish uchun yurib ketdi.
 Bars Tegin yo‘l bo‘yi o‘z lashkarlarining ruhiy kayfiyatlari qanday kechayotganligini bilmoqchi bo‘lib, tez-tez unga-bunga nazar tashlab qo‘yardi. U kuzatgan sari askarlar ruhining ustunligiga ishonch hosil etib borardi. U otini biroz sekinlatib, orqadan kelayotgan Arslonga yondoshdi va baland ovozda so‘radi: 
— Qanday, yigit? Ikki shoxlik Iskandar Zulqarnaynning askarlarin to‘ng‘izni otg‘ondek ota alodurmusen?
— Arslon bu savoldan biroz ranjigandek qiyofada Bars Teginga qarab qo‘yib: 
— Biz ikkovimiz cho‘lda uchrashg‘on o‘shal kun mening qobonni qanday otishligimni ko‘rmag‘on erding‘iz. Emdi ikki shoxlik qiyotlarni qanday otishlig‘imni, qanday chopishlig‘imni muhoraba maydonida albatta ko‘rg‘aysiz, shahzodam! — dedi vazminlik bilan xotirjam holda. 
Bu so‘zlardan Bars Teginning ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. U mamnuniyat bilan Arslonga qarab qo‘ydi. Xuddi shu vaqtda bir xabargir ot yeldirib kelib, dushmanning ilg‘or qismi old tomonda — qorasi ko‘rinib turgan o‘sha ulkan tog‘ning narigi chetida to‘xtaganligini xabar qildi. Bars Tegin qo‘shinini shu yerda to‘xtab dam olishga buyurdi. Bu paytlarga kelib qosh ham qaraya boshlagandi. 
Tegin donishmand Qora Baqshi maslahati bo‘yicha, tun yarimlarigacha shu yerda kutub turib, so‘ng tunda qo‘qqisdan xujum qilish to‘g‘risida maslahat berdi. Belgilangan vaqt yetib kelganda askarlar otlarining tuyoqlarini qo‘y terlari bilan mahkam o‘rab, hech qanday tovush chiqarmaslikka harakat qilib, mutlaqo maxfiy tarzda yog‘iy qo‘shinlari qaror topgan lashkargohga qarab yo‘l oldilar.
Tun yarimlaridan oqqan, hammayoq zimziyo edi. Ayg‘oqchilar dushman lashkargohida hech qanday jonli harakatdan asar ham yo‘qligi, poyloqchilikda turgan yog‘iy navkarlari ham allaqachon o‘z vazifalarini unutib qo‘yganliklari haqidagi xabarlarni yetkazdilar. Donishmand Qora Boqshi va Bars Tegin bu holni bir og‘izdan qutluq, saodatli onlardan darak berayotganligi, ko‘kktangri, yer tangrilari ham ularga bul muhorabada madadkor ekanliklaridan beshak beli deb bildilar.
Bars Tegin yetakchiligida suvoriy va piyodalardan iborat qo‘shinlar mo‘ljallangan tog‘ yonbag‘riga yetib olganlaridan keyin, otlarning tuyoqlaridagi qoplamalarni yechib tashlab, qilichlarini qinlaridan yalang‘ochladilar-da, otlarining jilovlarini bo‘shatib piyodalar bilan birgalikda yov ustiga bo‘rondek tashlandilar. Dushmanning oldingi qism qo‘shinlari bu kutulmagan va to‘satdan qilingan hujumdan esankirashib, o‘zlarining tillarida allanarsalar deb qichqirishardi. Zulqarnayn lashkarlari hali hal etuvchi urush holatida turganlariga u qadar ishonqiramagan esalarda, lekin har ehtimolga qarshi qurol-yarog‘li jangovor holatda yotishgan edilar. Ular yotgan yerlaridan sakrab turishib nari-beri otlanishga shoshildilar. Bu vaqtda Tegin lashkarlari go‘yoki qor bo‘ronidek yopirilib keldilar. Chor atroflarda dahshatlik ur-yiqitlar shiddatli tus ola boshlar, otlarning tuyoqlari ostidan otash uchqunlari chaqnardi. Ot to‘yoqlarining dupur-dupurlari, kishnashlari, qurol-yarog‘larning bir-birlariga urilib chiqqan «jarang-juring» ovozlari, dod-faryodlari falakka o‘rlardi. Bu muhoraba uzoq davom etmadi. Zulqarnayn askarlari bardosh berolmay lashkargohlaridan chekina boshladilar. Biroq, vaqt allaqachon qo‘ldan ketib, halokat muqarrar bo‘lib borardi. Tegin jangchilari yog‘iylarni tutday to‘kkan ko‘yi qadam-baqadam qorong‘u cho‘l tomonga qisib bormoqda edi. Nihoyat yog‘iylar bunday umidsiz jangdan voz kechib, jonlarini saqlab qolmoq niyatida bor-yo‘qlarini g‘oliblar ixtiyorlariga tashlab cho‘lga qarab qochishga tutindilar.
Jang otashida qizib ketgan Arslon tulporini quyundek yeldirib butun safning oldiga o‘tib ketdi va hech narsaga qaramay jon-jahdi bilan qochib ketayotgan bir yunon sipohiga yetib olib, qilichini boshining ustidan baland ko‘targancha, bor kuchi bilan serpadi. Arslonning keskir egri qilichi yunonlik sipohni yelkasidan kindigigacha bo‘lib tashladi. Yunonlik suvoriy navkar egardan yerga qulab tushdi. Uning beliga qistirib olgan katta charm hamyon ham kesilgan bo‘lib, uning ichidan talon-taroj qilib yig‘ilgan oltinlari qonga belanib yerga sochildi. 
Xuddi shu paytda donishmand Boqshi dushmanning pistirmasiga tushib qolishdan xavotirlanib, lashkarlarni yog‘iylarning ortidan ortiqcha ta’qib etishdan to‘xtatishga buyruq berdi.
Tong suzila boshlagandi. Quyoshning ilk nurlari tun pardasini yirtib atrofni yorita boshladi. Yigitlar dushmanni quvishdan to‘xtab ortga qaytdilar. Dushmanning qoldiq qismlari qochganlari holda adirliklar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Tong to‘liq yorisha boshlagandi. Arslon otidan tushib qilichidagi qon dog‘larini o‘zi chopib tashlagan boyagi yunonlikning choponiga surtib tozalab qiniga soldi. Bu paytda uning yonidan o‘tib ketayotgan bir to‘p askarlar qonga belanib yotgan oltinlarni ko‘rib:
— Bul nedur? — deb so‘rashdi.
— Bul oltin qon, — dedi Arslon va otining tizginidan yetaklab o‘z manzillari tomonga qarab yurib ketdi.
Ana shundan e’tiboran mazkur tunda kechgan jang yerlaridagi ulkan tog‘ «Oltin qon» degan nomda atala boshladi.
Jangdan keyin Bars Tegin yobg‘u Qora Boqshi bilan bamaslahat endilikda harakat yo‘nalishini muhokama qildi. Ular Iskandar Zulqarnaynning qasos olish uchun jang boshlashi muqarrarligiga e’tiborni qaratdilar va shu munosabat yuzasidan ehtiyotkor bo‘lib, cho‘lga chiqmay, «Oltin qon»da lashkargoh qurib, xoqonni kutishga qaror qilindi.
Darhaqiqat qilingan taxmin o‘z isbotini topdi. Ertasi kun tong saharda «Oltin qon»dagilar ufqda zo‘r qo‘shinning qorasini ko‘rdilar. Minglagan suvoriylar saf tortib «Oltin qon» tomonga shiddat bilan ilgarilamoqda edilar. 
Bars Tegin bilan donishmand yobg‘u o‘z lashkarini ikki qismga bo‘lib, bir qismini «Oltin qon»ning soy tomoniga maxfiy pistirmaga qo‘ydilar. Yana bir qismiga Arslonni boshliq etib, dushmanga qarshi yo‘lladilar. Arslon boshchiligidagi jangchilarning boshlaridagi baland qalpoq parlari xuddi lochin qanotiday haybatli ko‘rinardi.
Iskandar Zulqarnayn lashkarboshilari yobg‘ulari va xos qo‘riqchilarining hamrohligida bir baland tepalik ustida turib bo‘lajak jang maydonini kuzatardi. Bu yerdan ikki tomonning otlari bir-biriga yaqinlashib kelayotgan poyonsiz tekislik kaftdek ko‘rinib turar, undan narida «Oltin qon» tog‘i yuksaklikka bo‘y cho‘zib yotardi. Bulutsiz musaffo osmon uzra esa bir necha kalxat va bir to‘p qarg‘a-quzg‘unlar bo‘lg‘usi jangdan o‘zlariga o‘lja kutib, doira hosil etib parvoz etishardi.
Iskandar Zulqarnayn to‘xtovsiz olg‘a bosib kelayotgan bir yarim ming chog‘li suvoriylarga qarab: «bu ozg‘ina bir to‘p odam ne qilmoqchidur?» Ushmuncha qudratlik qo‘shinni yengmoqni xayol qilodurlarmu? Yoki alarning boshqa bir hiylasi dag‘i bormudur? — deb o‘ylardi. Yunon podshohining ko‘m-ko‘k ko‘zlari uyg‘ur askarlariga mensimaslik bilan qarab turardi. Cho‘l tomondan urayotgan izg‘irin shamol uning ikki shoxli dubulg‘asi ostidan siqib turgan sap-sariq uzun sochlarini uchirardi. U qaddini tik tutib, o‘z lashkarlarining g‘alabasini ko‘rishga hozirlanib turardi. O‘rta dengiz bo‘ylaridan tortib to shu yerlargacha bo‘lgan talay janglar davomida u faqat yengishga, mag‘lub qilishgagina odatlanib qolgan edi. Boshqacha bo‘lishini esa aslo xayoliga ham keltirolmasdi. Holbuki, ko‘p o‘tmay u jang maydoniga jiddiylashib qaraydigan bo‘ldi. Uning ko‘z oldida kutilmagan g‘alati ishlar yuz berardi.
Uyg‘ur askarlari maydonga keng yoyilib, otlarini uchirganlari ko‘yi oldinga qaratib kamonlardan merganlik bilan bexato o‘q uza boshladilar, yunon askarlaridan bir necha kishi ot ustidan qulab tushdi, yana bir necha ot chopgan holda o‘mbaloq oshib tushgan bo‘yi yotib qoldi. Otsiz qolgan askarlar boshqa otlarning oyoqlari orasidan o‘rmalab turishib jang maydonidan qocha boshladilar. O‘qlar ketma-ket uchib kelmoqda. Yunonliklar ham oldinma-ketin yiqilib yer tishlamoqda edi. Oxiri Zulqarnayn askarlari yaqinlashib kelib, endigina paykon otishga mumkinchilik yaratilgan mahalda, uyg‘urlar chaqqonlik va chapdastlik bilan otlarini ortlariga burib o‘qday uchirib ketdilar. Yunonliklar ularni nechog‘lik zo‘r berib quvib yetishga urinishmasin  aslo yetisholmasdi. Uyg‘urlarning otlari go‘yo qanot chiqarib uchayotganday quvg‘unchilarni borgan sari ortlarida qoldirib ketishayotgandi. Qochuvchilar to‘satdan ortlariga qaratib yana shunday merganlik bilan bexato paykon ota boshladilar. Quvguchilar yana tutday to‘kilishga boshladilar.
Zulqarnayn uyg‘urlarning bunday ajoyib mahoratiga hayratlanib, yonida hozir bo‘lib turganlarga shunday dedi:
— Bu odamlar o‘qni oldindan qanday merganlik bilan otsalar, orqadin ham xuddi shunday ustalik bilan otisharkan, alar boshqalarg‘a aslo muhtoj bo‘lmay, o‘z ozuqasini o‘zi topib yeydirg‘onlar erkanlar: alarning qo‘lundin o‘lja aslo qochub qu-tu-lol-mag‘ay-dur! Alar qachon xohlasalar, o‘shal chog‘da otub yeydurlar!
Arslon boshliq yigitlar va ularni ta’qib etayotganlar «Oltin qon» tog‘iga yetib borganda soy ichidan to‘satdan Bars Tegin va Qora Boqshi boshliq qo‘shinlar yashin tezligida otilib chiqib, dushman qo‘shinining yon tomonidan xujumga o‘tdi. Qochayotgan yigitlar ham darhol ortlariga burilib dushman ustiga bo‘rondek yopirilib tashlandilar. Ikki tomon davra olishib, aralash-quralash bo‘lib ketdilar. Ur-yiqit, dahshatli qirg‘in-barot boshlandi. Otlarning ayanchli kishnashi, jangchilarning shovqin-suroni, yog‘iylarning yirtqichlardek hayqirishlari, o‘z tillarida allanarsalar deb baqirishlari, Bars Tegin lashkarlaridagi: «Ko‘kda tangri, Yerda botir!» Tangrilar bizlarg‘a yoru, madadkordur! U-ur — u-u-ur,» hayyo-hay na’ralari  maydon uzra yangrar, qonlar sel bo‘lib oqardi. Taqir-tuqurlar, nog‘ora, karnaylarning ovozi, qilich va qalqonlarning zarb bilan sharaq-shuriq urilishi yeru ko‘kni larzaga keltirardi. Otlar hurkib pishqirar, jang qizigandan qizir, shamshiru oyboltalarning osmonga chaqqonlik bilan chiqib tushishidan qanchadan-qancha boshlar yerga dumalar, tuproqqa qorilib, ot tuyoqlari ostida toptalardi. Ayovsiz va bexato uchgan o‘qlar bahodirlarning yurak-bag‘rini tilka-pora qilar, es-hushini yo‘qotgan, egasiz, ba’zilari yaralangan tulporlar qon kechib, o‘zlarini har yonga urar, chiqib ketishga joy topisholmas edi. Egarlaridan yiqilgan yarador jangchilarning esa son-sanog‘i yo‘q edi! Ular hasrat bilan nido qilar, armon bilan jon berardilar. Hamma yerlar murdalar bilan to‘lib borardi. Bu yerda shunday jang bo‘lgan ediki, Zulqarnaynning o‘zi ham umrida bunday jangni aslo ko‘rmagandi! Har ikki tomon mislsiz qahramonlik ko‘rsatib, jon-jahdi  bilan olishdilar. Odamlar bir-birlarini  qilichlar, nayzalar bilan urishardi, ba’zilari ot ustida bir-biri bilan xezlashib, soch-soqollaridan tortishar, giribonlaridan olib bo‘g‘ishardi, bir-birini egardan yulib olib yerga uloqtirib tashlashardi...
—Bardam bo‘lingg‘iz, o‘g‘lonlarim! So‘zsiz biz yeng‘aymiz! G‘alaba biz tomondadur! – deb dalda berg‘an holda sado qilardi Qora Boqshi va talay janglarda chiniqqan kuchli qo‘li bilan qilich serpab dushmanni qirishda davom etardi.
—Ur! — urr! — deb baqirardi Bars  Tegin jangchilarning g‘ayratlariga g‘ayrat qo‘shgan ko‘yi keskin janglar bo‘layotgan joylarga sho‘ng‘ib kirib ketardi.
Vatan butunligi, fuqaro osoyishtaligi yo‘lida jonlarini fido aylayotgan o‘z elining azamat botir shunqorlari uchun bunday da’vatlar ortiqcha edi. Ularning har biri go‘yoki g‘azablangan sher edi. Mana qora qosh, qora mo‘yli kelishgan alp qomatli yigit Bug‘ro Tungo dushman safiga yorib kirib qilichini chaqqonlikda charxpalakdek o‘ynata boshladi. Zulqarnayn askarlaridan biri chekkasiga qilich tegib ot ustidan o‘mbaloq oshib yerga quladi, yana biri tig‘dan yorilgan qornini tutib, qora yerda yumalagancha chinqirib jon talashardi. Bu paytda bir to‘p yunonlik yog‘iylar Bug‘ro Tungoga yon tomondan otilishib kelishdiyu, biroq ulgurisholmadi. Qoplondek shiddatkor, lochindek epchil bu yigitning o‘zi o‘sha yunonliklarning ustiga bo‘rondek tashlanib, ikki yog‘iyni biryoqlik qilib, uchinchisining otini ag‘dardi-da, qolganlarini ko‘z ochib-yumguncha yashin tezligida yer bilan yakson etib tashladi. Aka-uka Qutlug‘ Temur va El temurlar ham xuddi shunday janglar olib borishmoqda edilar. Ularning kattasi Qutlug‘ Temur bir necha martalik janglarda o‘zini ko‘rsatgan, chiniqqan dovyurak  botir jangchi edi. U qilichvozlik qilganda raqib tomonni boimkon qadar holsizlantirib, o‘zining kuchini tejab payt poylab ustalik bilan hujum qilardi va har safarda ham qilichvozlikda g‘olib chiqardi. Inisi El Temur o‘n yetti – o‘n sakkiz yoshlarda bo‘lib, uning ilk bor jangga kirishishi edi. U hayajonlangan holda duch kelgan yerga qilich serpar va hanuzgacha biror g‘animni mahv etolmayotganidan alamzada bo‘lib, yanada jiddiylashardi. U, hadeb olg‘a intilib dushman safiga ichkarilab kirishga urinardi.
—El Temur! — baqirdi akasi, —ichkarilama, mening ortimdan yur!
Lekin, bu chaqiriq qoni qizib ketgan yosh jangchining qulog‘iga qani edi kirsa. U oxiri bir dushmanni yiqitdi-da, birdan g‘ayratlanib ketdi va akasini ortda qoldirib bir to‘p dushman oldiga ot yeldirib borgan ko‘yi qilichini ishga soldi. Uzun soqollik, gavdalik yunon g‘animi bir zarbadayoq uning qilichini qaytarib yubordi. Temurning hali kuchga to‘lmagan nozik bilagi orqaga silkinib ketdi. Shu ondayoq uning biqiniga bir yo‘la ikki  nayza sanchildi, yelkasiga qilich urildi va u xuddi tagidan chopib tashlangan chinordek otidan quladi.
—El Temur!  — deb qichqirdi Qutlug‘ Temur va bostirib kelayotgan dushmanlarni jon achchig‘ida qira boshladi. U ha deb inisi yiqilgan yerga yetib olishga intilardi. Ammo, bu paytda uning o‘zini ham dushmanlar qurshab olishgandi. Unga yordamga yetib kelgan to‘rt nafar jangchi yigitlar yog‘iylar bilan jangga kirishib ketdilar. Chop-chop, ur-ha-ur yanada shiddatli tus olib ketdi. Qoboq botir ikki yunonlikni saranjomlashiga o‘zi ham har tomondan urilgan qilichlarning zarbidan bosh-ko‘zi qonga belandi, ko‘ktangrini yod etishga ham ulgurolmay jon uzdi, uchinchisiga qilich serpamoqchi bo‘lib turganda uchib kelgan nayza orqasidan teshib o‘tib ko‘kragidan chiqib qoldi. Otush mergan hali olisdan ot solib kelayotgandayoq kamon bilan ikki yunonlik g‘animni qulatgandi. Yaqin kelgandan keyin, qilichini ishga solib yana bir yog‘iyni biryoqli qildi. Ammo shu onda uning o‘zi ham qurshovga tushib qolib, qilich zarbidan yaralandi va ona yer uchun mardlarcha qurbon bo‘ldi. Va lekin, Qopon halok bo‘lishiga, uning o‘rniga Qotmish o‘g‘lon yetib keldi; Ozoq yiqilsa, Bormon iz bosib kelib, jang alangasida yanada avj olib ketdi. Jang davomida Arslon ham o‘zining haqiqiy arslonligini ko‘rsatdi. U egardan ko‘tarilib butun bor kuchi bilan o‘nga, so‘lga chapdastlik bilan qilich serpay boshladi. Uning qilichi zarbidan dushmanlar yer tishlar, yaralanganlari jang maydonidan qochishardi. Ayrimlarining boshlari tanlaridan judo bo‘lib, ot tuyoqlari ostida toptalardi.
—Arslon, Arslon! — deb baqirdi Bars Tegin Zulqarnayn askarlarini ketma-ket yakson etib, olg‘a siljishda davom etarkan, unga va lashkarlariga bo‘sh kelmaslikni aytib dalda bergan holda bahodirona olishishda davom etdi. Nihoyat dushman qo‘shini tob tashladilar va bunday raqiblarga bas kelishlariga ko‘zlari yetmay, jang maydonidan chekinishga, so‘ng saflari parokanda holda qochishga tutindilar.
Iskandar Zulqarnayn boyagi tepalik ustida turib jangning borishini kuzatardi. U, ahvolning bu tarzda yomonlashganini ko‘rib, yonida hozir bo‘lib turgan bir qizil soqollik lashkarboshiga yangidan qo‘shin tortib uyg‘urlarning yo‘lini to‘sishni buyurdi, lashkarboshi zahiradagi bir qism qo‘shinlarni boshlab hujumga o‘tdi.
Bars Tegin va  Arslon o‘zlarining g‘olibona muhorabalari bilan g‘oyat ruhlangan yigitlarini boshlab, ularga to‘g‘ridan qarshi chiqqanlari holda yanada qahshatg‘ich zarbalar berdi. O‘h-ho‘! Botirlarning botirlarini  ana endi ko‘ringlar! 
—Ur-ro!
—Ur! — deb hayqirishardi yigitlar. Ular xuddi aslo to‘xtatib bo‘lmaydigan to‘fondek o‘z yo‘llarida uchraganlarning hammasini yer bilan yakson qilib borishardi.
Yunon qo‘shinining qizil soqollik lashkarboshisi uyg‘ur askarlariga qarab ta’riflab bo‘lmaydigan vahimada titrab ketdi.
—Bular odammudur yoxud devlarmudur! —deya baqirib yubordi. Bu orada Arslon uning ikki xos qo‘riqchisini chopib tashladi va uning ortidan quvib yetib olib, bo‘ynidan shartta tutib oldi-da, bir siltab go‘yo uloqni uloqtirganday egardan yerga otib urdi. Qizil soqollik lashkarboshi o‘rnidan turguncha Arslon uning tomog‘iga nayza urib yerga mixlab tashladi. Qora Boqshi Arslonning misli ko‘rilmagan ajoyib botirlik bilan jang qilayotganini ko‘rib o‘zini tutolmasdan: 
—Yashavor o‘g‘lim, asl o‘g‘il erkansen, barakalla azamat, — deb baqirib yubordi. Shu topta u Arslonning Bolqiz bilan munosabat bog‘laganligiga norozi bo‘lganligidan o‘zida xijillik his etdi. «Hali ham bo‘lsa, Arslong‘a bu haqda biror qo‘pol gap qilub qo‘ymag‘onim xo‘p yaxshi ish bo‘lg‘on erkan, — deb o‘yladi u, — bu azamat darhaqiqatda tarxon bo‘lushliqg‘a loyiq yigit erkan».
Iskandar Zulqarnayn quyundek ilgarilab kelayotgan uyg‘ur lashkarlariga sarosima bilan qarab turardi. Uyg‘ur lashkarlarini xuddi yuksak samo bo‘shlig‘idan o‘lja ustiga otilib tushayotgan burgutlarga o‘xshatardi. Endi ularni to‘sib qolishning hech qanday iloji yo‘q edi.
Oxiri Zulqarnayn shoshilinch otlanib, mag‘lubiyatdan ruhan tushgan qo‘shinini boshlab chegaradan chekina boshladi.
Tungo Bilga xoqon uch kun davom etgan shiddatli janglardan g‘alaba bilan qaytib kelgan qo‘shinlarini «Oltin qon»dagi borgohda qizg‘in qarshi oldi va muhorabada o‘zlarini ko‘rsatgan jangchilarni butun qo‘shin oldida tantanali tarzda taqdirladi. Halok bo‘lganlarga matom marosimini o‘tkazishga qaror qilindi. Qora Boqshi bilan Bars Teginning tanishtirishlari va jangda qatnashgan barcha jangchilarning bir og‘izdan tasdiqlashlari orqali Arslon alohida in’omu tahsinga hamda tarxon degan unvonga sazovor bo‘lib, bir qism qo‘shinga qo‘mondon ham bo‘ldi. 
Bu safardagi jangdan keyin Iskandar Zulqarnayn uyg‘urlarga qarshi urushni davom ettirish niyatidan voz kechib, Tungo Bilga xoqon bilan sulh tuzdi.
Sulh muzokaralari oxirlashiga poytaxtdan aziz mehmonlarning kelganligini xabar qilishdi. Bars Tegin darhol ularning oldiga peshvoz chiqib, o‘z volidai muhtaramasi Oy Bilga xotun, umr yo‘ldoshi Kumush Tuzun va donishmand Qora Boqshining qizi Bolqizlar To‘g‘on Tegin boshchiligidagi mehmonlarni izzat-hurmat bilan kutib oldi. Tashrif buyurganlarning ichida Arslonning otasi peshqadam jangchi Alp Qayum ham bor edi. Ular «Oltin qon»dagi g‘alaba xushxabarini eshitib, g‘olib qo‘shinlarni qutlash uchun bu yerga kelgan edilar.
Shu kuniyoq Bars Tegin onasi va xotini bilan maslahatlashgandan keyin, Alp Qayum bilan birgalikda Arslonning elchisi sifatida yobg‘u Qora Boqshining huzuriga kirdilar. Qora Boqshi ularga do‘stona kayfiyatda mamnuniyat bilan rizolik bildirib, quda va elchiga bittadan shoyi to‘n tortiq qildi. Shundan keyin barchalar birgalikda tangri tug‘mush Tungo Bilga xoqon va Oy Bilga xotun huzuriga borib ularning oldidan o‘tishdi, xoqon bilan xotun ham bunday quda-anda bo‘lishga rozi bo‘lishdi. Bu tadbir barchaning ko‘nglidagi maqbul ish bo‘lgan edi. Donishmand yobg‘u Qora Boqshi Arslonning shu qadar mard, jasurligidan chuqur faxr ila ta’sirlangani uchun uning munosib kuyov bo‘lishligiga rasman iqror bo‘lgandi. Unga Bilga xoqon el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan bunday botirning o‘rdaga yaqin bo‘lishini ma’qul ko‘rdi. Bars Tegin Arslon bilan biroz vaqt o‘tib qimiz ichishib manguga ayrilmas do‘st bo‘ldilar. Botirlarning qadrini botirlar biladi degandek, ular to‘y marosimini ham aynan mana shu «Oltin qon»da o‘tkazishga kelishdilar. 
Shunday qilib, dabdabali to‘y bo‘ldi. Yigitlar Arslonga kimxob to‘n kiydirdilar. Qizlar Bolqizga  oltin va munchoqlardan yasalgan gultojni kiydirishdi. Murod-maqsadlariga yetgan yigit bilan qiz cheksiz baxt tuyg‘usida maysazor ustiga hozirlangan joyga ketib o‘tirishdi. Bars Tegin bilan Kumush Tuzun ularga hamrohlik qildilar. Musiqa, kuy-qo‘shiqlarning  avjida to‘y maydonida jamuljam bo‘lganlarning barchasi yigit-qizni shod-xurramlik bilan tabriklashdi:
—Sheryurak botir Arslon tarxong‘a qut bo‘lsin!
Go‘zal Bolqiz baxti kulub qut bo‘lsin!
Jangchilar oyoqlarga (qadah) may to‘ldirib no‘sh etishdi. Bir to‘da yigit-qizlar qo‘lni-qo‘lga berishib, sho‘x kuy-qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, yer tepingan ko‘yi ham zafar sururidan sarmast, ham bahodir barno basavlat kuyov va go‘zal baxtli kelinning sharafiga uyushib o‘yinga tushdilar...
Ulkan-ulkan chodirlarga bo‘linib o‘tirishgan hurmatli oqsoqollar ham g‘alaba nashidasidan behad masrur  holda qimizxo‘rlik –go‘shtxo‘rlik qilib, botir yigitlarni olqishlashar, maqtashardi va qachonlardir o‘zlari ham xuddi shularday Vatanni yovlardan qo‘riqlagan yosh chog‘larida qatnashgan qonli janglarini maroq bilan eslashardi. 

Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.