OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fen Szitsay. Naynov ayol va uning pak-pakana eri (hikoya)

Deylik, hovlingizda tanasi sip-silliq, xushqad bir daraxt gurkirab o‘sib yotibdi. Uning shu ko‘rinishiga ko‘zingiz ko‘nikkan. Ittifoqo bir kuni qaraysizki, daraxt qiyshayib-mayishib ketgan bo‘ladi. Qancha ko‘p tikilsangiz, u shuncha yoqimsiz ko‘rinaveradi. Lekin vaqt o‘tib, xuddi bu daraxt ilgaridan shunday o‘sib kelgandek, tag‘in ko‘zingiz ko‘nikadi. Va mabodo, ajoyib kunlarning birida tanasi yana avvalgidek tik hamda sip-silliq bo‘lib qolsa, sizni tag‘in allanechuk tashvish bosadi. So‘xtasi sovuq yog‘ochning o‘zi-ya, sal munday istaralikkina bo‘lsa-chi, deysiz. Daraxt esa bor-yo‘g‘i avvalgi qiyofasiga kiradi, xolos. Xo‘sh, nega bunga g‘ashingiz keladi? Odat-ko‘nikmalaringizning o‘yini emasmi bu? Nima dedingiz? Odat-ko‘nikmada gap yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Hammada bor bu. Xo‘p, odat — odamzod bajarishi majbur qonun yo qoida emas, deylik, lekin shu ham sizni ko‘p noqulay hollarga solib qo‘yishi mumkin. Nima desangiz deng, inon-ixtiyoringiz o‘z odat- ko‘nikmalaringizning qo‘lidadir. Hatto beixtiyor, o‘zingiz anglab yetmagan, holda uning childirmasiga o‘ynab qolasiz. Nahot siz tarki odat aylab, misol uchun-da endi, boshliqning huzurida baqirib so‘kinib yuborsangiz? Yoki kattalar oldida mulohazalaringizni o‘rtaga tashlay olasizmi? Biror mashhur zot bilan ko‘pchilik suratga tushayotganda nahotki uni yoningizga chorlashga jur’at qilolasiz? Yoki andishani yig‘ishtirib qo‘yib, irshayib, shartta o‘zingiz o‘rtaga turib olasizmi? Albatta, bunday qilmaysiz. Hay, bularni qo‘yaturaylik. Lekin o‘zingizdan o‘n yosh katta yoki, deylik, bo‘yi sizning bo‘yingizdan bir kalla baland ayolni xotinlikka olishga jur’atingiz yetadimi?
Nafsilamrini aytganda, bular behuda safsata emas, men xuddi shunaqa bir er-xotinni bilar edim.
Ayol eridan naqd o‘n yetti santimetr novcha — bo‘yi bir yuz yetmish besh santimetr keladi. Xotin-xalajning orasida tursa, nima balo, tovuq galasiga g‘oz aralashib qolibdimi, deysiz. Erning bo‘yi esa, bor-yo‘g‘i bir yuz ellik sakkiz santimetr. Universitetda o‘qib yurgan kezlari Katta U* laqabi bilan tanilgan edi. Boshining uchi xotinining sirg‘asidan keladi, shuning uchun xuddi xotinidan bir kalla pastga o‘xshab ko‘rinadi.
Ularning tashqi qiyofalari mana bunday: ayol oriq, ko‘kragi yassi, yuz terisi bujur, ping-pong o‘ynaladigan raketkani ko‘rganmisiz — yuza qismi loklanmasa, xuddi shunaqa bo‘ladi; ko‘z, burun, quloq, og‘iz — bari joy-joyida, lekin haddan tashqari quruqki, aytguligi yo‘q — istarasiz, nihoyatda mayda o‘yilgan naqshlardek bir-biriga chaplashib ketgan; ko‘krak degan narsaning o‘zi yo‘q, orqasi uzun, tik, sonlari qiltiriqqina, keti yassi — kir yuvadigan taxtaning o‘zi. Er esa, aksincha, pakanagina, biqqigina, charm koptokka o‘xshab dirkillagangina; lablari, burni, barmoq bo‘g‘inlari, boldirlari ham go‘shtdan qilingan soqqachadek dirkillab turadi; yuz terisi sip-silliq, obdan pishitilgan shabron misol yaltiraydi, yog‘ tomib turadi go‘yo, yupqa terining tagidan durkun, qirmizi qon ko‘rinib turgandek; ko‘zlarini aytmaysizmi; o‘tkir elektr chiroqlari singari chaqnaydi! Xotinining ko‘zlari xira shisha soqqachalari kabi so‘nik, nursiz. Ikkalovini yonma-yon qo‘yib tomosha qilavering — ana sizga monandligu mana sizga monandlik! Ko‘zingiz tushar-tushmas nimalargadir o‘xshatgingiz, qiyoslagingiz kelaveradi... Shunday bo‘lgani bilan odamlar ularni hamisha yonma-yon yurgan holda ko‘rishadi: ular tana bilan soya misol bir-birlaridan ajralmas edilar.
Kunlardan bir kun tepada turadigan qo‘shnilar nimanidir nishonlab oilaviy bayram o‘tkazishdi. Butun qarindosh-urug‘ jamuljam. Rosa to‘yib ichib, ichi qizigan oila boshlig‘i bitta uzun-ingichka shishani olib, cho‘chqa go‘shtidan bo‘shagan bitta yapaloq bankaning yoniga qo‘ydi-da: «Qani, buning nimaligini kim topadi? — dedi. Javobni kutib o‘tirmay, o‘zi jar soldi: — Bunisi, haligi, pastki qavatda turadigan naynov, bu esa, o‘smay qolgan xo‘jayinchalari. Xi-xi-xi». Hazil ko‘ngillariga moydek yoqib, bo‘ldi kulgi-bo‘ldi kulgi! Anchagacha ularning xonasida gulduros qahqaha ovozlari yangrab turdi...
Xo‘sh, bular ikkovi bir-biri bilan qanday topishgan ekan?
«Ittifoq» deb atalmish ko‘pqavatli bu uyda yashaydigan o‘nlab oilaga shu muammo uzoq vaqtdan beri tinchlik bermaydi. Ikkalasi turmush qurishib, shu uyga joylashishdiyu hammaning diqqat-e’tiborini o‘zlariga tortishdi. Ayrimlar shov-shuv ko‘tarmasdan, shunchaki e’tibor qilsa, juda ko‘pchilik ochiqdan-ochiq so‘rab-surishtirmasa ko‘ngli tinchimasdi. Bundaylarning, naqlda aytilganidek, og‘zi ham bitta emas, tildan ham xudo bergan — bari ezma-churuk, o‘zidan boshqalarni g‘iybat qilib charchamaydi...
Er-xotin yomg‘irda ko‘chaga chiqsa, shamsiyani doimo xotin tutib yuradi — unga shu qulay. Qo‘llaridan nimadir yerga tushib ketsa, er oladi — unga shunisi qulay. Bekorxo‘ja qo‘shnilar ularning ketidan qo‘llarini kosov qilib nuqishadi, ko‘rib ichlaridan kulgi bosib kelaveradi, zo‘rg‘a o‘zlarini tiyib qolishadi. Kattalar pinhon tutishga uringan narsa, ammo-lekin, bolalar orasida qaltis hazilga aylanib ketishi mumkin. Hatto bitta bola naynov ayolu uning pakana erini ko‘rgan zahotiyoq: «Aravamning shotisi — ustalimning kursisi!» deb baqirgan ham.
Er-xotin gungmidi, deysiz: bola-baqraning sho‘xligi sira ularning jig‘iga tegmagan, tevaraklarida bo‘layotgan gap-so‘zlarni ham sezishmasdi go‘yo. Shuning uchundir, qo‘ni-qo‘shni bilan munosabatlari sovuqligicha qolaveradi. O‘zgalarning ishiga burun suqishni xushlamaydigan o‘sha bitta-ikkita qo‘shni ishga borishda yo ishdan qaytishda bu er-xotinga duch kelganda, juda nari borsa, salomlashishadi yoki shunchaki bosh qimirlatib qo‘yaqolishadi. Qiziqishdan yuragiga o‘t tushgan ko‘pchilik esa er-xotin haqida biron arzirli ma’lumot ololmay, muddaosiga yetolmay garang! Er-xotin bir-biri bilan inoq-ahil yashaydimi? Nimaga turmush qurishgan? Qay biri qay birining boshini aylantirgan? Va hokazo, hokazolarning tagiga yetolmay, o‘zlaricha fol ochishdan bo‘lak chora topisholmaydi.
«Ittifoq» ancha eskirib qolgan yotoqxona edi: derazalari janubga qaragan, xonalari katta-katta, qorong‘u yo‘laklari keng-mo‘l. Oldi bahavo hovli, ro‘parada darvozaga suyangan bitta ixchamgina kulba qo‘nqaygan. Shu kulbada tikuvchi oilasi bilan turadi. Tikuvchi o‘zi beozorgina, odamovi bir kishi, ammo-lekin xotinidan xudo asrasin: kun yo‘qki, ul-buldan gap sotish uchun qo‘ni-qo‘shninikiga chopmagan bo‘lsa. Jon-dildan suygan mashg‘uloti — odamlarni g‘iybat qilish, birovning sir-asrorini titkilash. Xotinlar erlari bilan qanday yashashyapti, kelinlar qaysi sabablarga ko‘ra ko‘proq qarg‘anishadi, kim ishchanu kim yalqov, kimning maoshi qancha — ipidan-ignasigacha biladi. Mabodo biron sirni to‘g‘rilikcha aniqlay olmasa, ming xil makr-hiyla o‘ylab topadi, azbaroyi muddaosiga yetish maqsadida yuzlab qarmoqlar tashlaydi. Bu ishda hech kim uning oldiga tusholmaydi. Kim bo‘lmasin bir ko‘rsa, gapini bir eshitsa — bas, o‘sha odam to‘g‘risida muqarrar tasavvurga ega bo‘ladi. Bu ham kam. Odamlarning ko‘nglidagi pinhona o‘y-xayollarini ham bilaman, deb qattiq ishonadi. Kim qancha go‘sht iste’mol qilishini hididan payqaydi, shunga qarab hatto o‘sha oilaning daromadini hisoblab bera oladi.
Negaligini bilmayman-u, ammo-lekin oltmishinchi yillari tikuvchining xotiniga o‘xshaganlar hamma yerda «ko‘cha faollari» bo‘lib qoldi. Undaylarning ayg‘oqchiligi, qaysarligi va o‘zgalarning hayotiga tumshuq suqish odatlari qonuniy tus ola boshladi, hatto bunga istalgancha imkoniyat berildi. Ha, chinakam yaratuvchi bironta iste’dodli shaxsning yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi!
Lekin tikuvchining xotini ming o‘lib-tirilmasin, kulbasining yonidan bir kunda ikki marta — ishga borishda va ishdan qaytishda o‘tadigan bu antiqa er-xotin bir-biri bilan qanday topishishganining tagiga yetolmadi. Bunga sari, xuddi birov o‘chakishib atay jig‘iga tegayotgandek, alamdan yonar edi. O‘ylab-o‘ylab, nihoyat, muhim bir bahona topdi: demak, naynovning qandaydir illati bor! Rost-da. Axir, risoladagi qaysi juvon, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zidan bir kalla past kishini er qiladi? Bu bahonasiga rad qilib bo‘lmaydigan dalil ham topdi: turmush qurishganidan beri uch yil o‘tdi-yu, haligacha farzand ko‘rishmagan! Katta uyda turadiganlar uning gaplariga, bema’ni mulohazalariga chippa-chin ishonishdi.
Biroq turmush uning uydirmalarini chippakka chiqardi — naynov ayol homilador bo‘lib qoldi. Qo‘ni-qo‘shni endi naynovning qornidan ko‘z uzmas, qorin esa kundan-kunga kattayib borar edi. Nihoyat, o‘zining «inga-inga»si bilan yorug‘ dunyoga kelganidan olamni xabardor etib... buvakcha tug‘ildi!
Endi oftob tikkadan qizdirib turganida yoki yomg‘ir yog‘ayotganida ko‘chaga chiqishsa, ayol bolasini bag‘riga bosib oladi, shamsiya esa erning qo‘liga o‘tadi. Yurganda xotinidan orqada qolmaslikka tirishib kalta, semiz oyoqlarini tez-tez tashlaydi, shamsiyani balandga ko‘tarib oladi. Bunday paytlar rosa kulgili qiyofaga kyrib qoladi. Ajabki, ular hamon birga yurardilar, xuddiki tana bilan soya deysiz. Qo‘ni-qo‘shni ham tiyilmadi, ilgaridagidek, garchi haqiqatga yaqin tursa-da, aslida tag-zamini puch turli mish-mishlarni to‘qib-bichiyverishdi. Bular hammasi qushlarning gala-gala bo‘lib, qanotlarini silkitib-silkitib, ammo qaerga qo‘nishini bilmasdan tepangizda doira yasab aylanaverishini eslatadi...
— Ikkalasiyam shubhali. Bularda gap ko‘p, — derdi tikuvchining xotini.— Bo‘lmasa, odamlardan nimaga qochib yurishadi? Hay, mayli, badaniga yara tushdimi — ertami-kechmi, albatta yorib chiqadi. Ana o‘shanda ko‘ramiz!
Tikuvchining xotini astoydil haq degan ekan, niyatiga yetdi: bir oqshom naynovning xonasida nimaningdir taraqlab tushganiniyu chil-chil singanini eshitib qoldi. Fursatni boy bermasdan o‘sha yoqqa chopdi. Yo‘lakay, hovlini tozalash-tuzalashga pul yig‘ib yuribman, degan bir bahona ham topib, eshikni taqillatdi. «Mana endi ahvollaringni ko‘ramiz! — deb ko‘nglidan kechirdi u. — To‘polonning ayni avjga mingan pallasini o‘z ko‘zim bilan ko‘radigan bo‘ldim-da». Biroq, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, eshikni shod-xurram kulayotgan ayol ochdi. Er ham xursandchilikdan yoyilib o‘tiribdi. Oyoqlari ostida esa, singan idishning parcha-purchalari. Tikuvchining xotini ko‘rgan bor-yo‘q manzara shu edi. Hafsalasi pir bo‘lib, o‘ziga uzatilgan pulni oldi-da, apil-tapil iziga qaytdi. «Bu nima degan gap? — deb hayron bo‘lardi u. — Idishlari sinibdi-ku, na urishadi, na so‘kishadi? Buyam mayli, ikkalovining xursand bo‘lgani-chi? Ana ahmoqgarchilik!»
Shu voqeadan hech qancha vaqt o‘tmay, tikuvchining xotini «Ittifoq» uyi nomidan ko‘cha komitetiga vakil qilib saylandi. Nihoyat, aholini ro‘yxatga olishda militsiya xodimlariga yordam berishga to‘g‘ri kelib qoldiyu shuncha yillardan beri o‘zini qiynab yurgan savollariga u javob topdi, javob bo‘lganda ham aniq, ishonarli javob! Ma’lum bo‘lishicha, naynov bilan uning pak-pakana eri ikkalasi ham bitta joyda — kimyo ilmiy-tadqiqot institutida xizmat qilishar ekan. Faqat, er bosh injener bo‘lib bir yuz sakson yuan maoshga ishlasa, xotini oddiy laborant ekan, maoshi ham shunga yarasha — oyiga oltmish yuan. Yana shu narsa ma’lum bo‘ldiki, naynov ertayu kech ishlab, uyga arzimas chaqa ko‘tarib keladiganlar xilidan bo‘lmish pochtachining qizi ekan! Nimaga bu pakanaga turmushga chiqqanining boisi endi oydinlashdi: yaxshi yashagilari kelgan — erda pul ko‘p, obro‘ e’tibori joyida... Xuddi shunday!
Tikuvchining xotini bekor-beish esnab o‘tirgan qo‘shnilariga bu qimmatli ma’lumotlarni o‘sha zahotiyoq yetkazdi.
Hayotga va barcha hayot hodisalariga odamzod o‘z tasavvuridan kelib chiqib, nimaiki ko‘rsa, barini shu tasavvuriga moslab baho beradi. Shuning uchun ham qo‘shnilar tikuvchining xotini keltirgan xabarga chippa-chin ishonishdi, uning gaplari biror kimsada zarracha shubha uyg‘otmadi. Shunchadan beri hammani holdan toydirgan tugun zumda yechildi-qo‘ydi. Birdan odamlarning ko‘zi ochildi go‘yo. Qarang-a, gap, mana, qayoqda ekan, bu pakana deganimiz haddan tashqari boy chiqib qoldi-ku; e-ha, naynov xonim uning puliga uchgan ekanlar-da! Kambag‘algina oiladan chiqqan bu qizning boshiga baxt qushi qo‘nibdi!
O‘shandan beri qo‘ni-qo‘shni o‘rtasida er-xotin haqida, ayniqsa, manavi naynov — omadli naynov haqida qachon gap ochilsa, hammaning tovushida g‘ijinish ohanglari eshitiladigan bo‘ldi. Lekin hammadan ko‘ra ko‘proq tikuvchining xotini yoqtirmasdi ularni.
Ha endi, bir odamning baxti chopibdi — qandini ursin, deyishga shoshilmang. Vaqt o‘taversin-chi, ko‘ramiz...
Ming to‘qqiz yuz oltmish oltinchi yil kirdi. Katta uy tabiiy ofat tufayli dunyodan ajralib qolgan orolchani eslatardi: kimningdir boshiga kulfat tushgan, kimningdir omadi chopgan, xullas, shu uyda turadigan barchaning hayotida ulkan o‘zgarishlar davri boshlandi**. Hayot tubdan ham nihoyatda tezlik bilan o‘zgaraverdi. Naynovning eri bosh injener emasmi, ayniqsa shuning boshiga ko‘p falokat yog‘ildi: xonasini tintuv qilishdi, jihoz urug‘i borki, hammasini olib ketishdi, o‘zini do‘pposlab-do‘pposlab og‘ilga qamab qo‘yishdi. Bular yetmaganidek, bir mish-mish tarqaldi — emishki, u keyinchalik chet eldagi qarindoshlarinikiga qochib ketish maqsadida necha yillardan beri ish joyidan kerakli ma’lumotlarni to‘plab, kechalari kitob yozib yurgan ekan. Yana emishki, chet el kapitalistlariga davlat sirini — ilmiy tadqiqot natijalarini sotmoqchi bo‘libdi... Kurakda turmaydigan bu gaplarni ko‘plar chin deb o‘yladi. Davr notinch, hamma narsa ag‘dar- to‘ntar bo‘lib ketdi, odamlar insoniy qiyofalarini yo‘qotishdi: uning ustiga, shafqatsiz, toshyuraklarning dovi yurishdi. Bu ham yetmaganidek har xil ahmoqona g‘oyalar... Hamma bir-birini «fosh qilish»ga tushib ketdi, hamma bir-biriga xuddi naq Gitlerga qaragandek qaray boshladi...
Institut xodimlari bosh injenerni qo‘ldan chiqarmaslik uchun o‘limga ham tayyor edi: uni do‘pposlashdi, qo‘rqitishdi, zug‘um o‘tkazishdi, xotinidan esa, haligacha biror kimsa ko‘zi bilan ko‘rmagan qo‘lyozmalarni topib berishni talab qilishdi. Kimningdir kallasiga er-xotin yashaydigan katta uyning hovlisida tanqid va kurash yig‘ilishini o‘tkazish kerak, degan fikr kelib qoldi. Urug‘- aymog‘i, yor-og‘aynilari, tanish-bilishlarining ko‘z oldida izza bo‘lishdan kim cho‘chimaydi, deysiz? Bu ham zug‘um qilishning yo‘llaridan biri. Boshqa tadbirlar natija bermagandan keyin, shunday ham qilinadi-da. Ehtimol, biror naf chiqar.
Bu hovlida hali hech qachon hayot bunchalik qaynamagan edi. Tushlikdan keyin institutdan odamlar kelishdi. Ular ikkita daraxtning orasiga yo‘g‘on kanop arqon tortishdi-da, unga pakana injenerning ismi sharifi bitilgan varaqalarni ilishdi; ko‘chayu hovliga shiorlar, la’natnomalar va yana har xil do‘q-po‘pisalar yozilgan katta-kichik plaqatlar yopishtirib chiqishdi; katta uyning devoriga injenerning «jinoyatlari» sanalgan o‘n sakkizta varaqani tarmashtirib tashlashdi. Yig‘ilish oqshomga — ovqatdan keyinga tayin etilgani uchun institutdan bir montyorni ham boshlab kelishdi. Montyor hovli bo‘ylab sim tortib, besh yuzlik chiroqdan to‘rttasini osib qo‘ydi. Bu davrga kelib tikuvchining xotini Ko‘cha komitetining a’zoligidan «Tartib o‘rnatish guruhi»ning boshlig‘i darajasiga ko‘tarilgan, endi qudratli shahsga aylanib, mansabidan taltayib, o‘mbillab-so‘mbillab ketgan edi. O‘sha kuni u tinmasdan yelib-yugurdi o‘ziyam: ayollarni yig‘ilishga yoppasiga jalb qilishi kerak; hali shiorlar osadi, hali institutdan kelganlarga choy qo‘yadi, dog‘ suv keltiradi, bir yoqda montyor simni uning kulbasidan tortmoqda, xullas, to‘y oldidan bo‘ladigandek, chop-chopdan bo‘shamadi.
Kechki ovqatdan so‘ng tikuvchining xotini hammani hovliga to‘pladi. To‘rtala chiroq ham yoqildi, hovli go‘yo to‘p o‘yini ketayotgan stadiondek charog‘on bo‘ldi. Yig‘ilganlarning juda ulkan, hatto o‘zlaridan o‘n barobar katta soyalari tushib turibdi. Soyalar qimir etmaydi, sukutda. Kattalar tugul bolalar ham shovqin solishdan cho‘chinqirashar edi.
Tikuvchining xotini bilan qo‘liga qizil latta bog‘lab olganlardan bir nechtasi, yig‘ilishga begonalar kirib qolmasin, deb darvoza yonida turishdi. U vaqtlarda bunday qizil lattalarning salobati bo‘lakcha bo‘lgan.
Tez orada kimyo institutidan bir dunyo odam kelib, hovlini bosib ketdi: ular ham qo‘llariga qizil latta bog‘lab olishgan edi. Shiorlar aytib qichqira-qichqira, naynov ayol bilan uning pakana erini olib, kelishdi — injenerning ko‘ksida taxtacha osig‘liq. Soqchilar hamrohligida ikkalovini taxtasupaga chiqarishdi. Shu payt tikuvchining xotini supaga sakrab chiqdi-da:
— Orqa qatorda turgan inqilobchi ommaga bu yaramas ko‘rinmayapti, — dedi chinqirib. — Buniyam chorasini topib qo‘yganman. Hozir...
Shunday deya yelkasi bilan olomonni turtib-surtib, o‘ziga yo‘l ochdi. Lahza o‘tmay, sovundan bo‘shagan yashikni ko‘kragiga bosgancha tag‘in supada paydo bo‘ldi. Yashikni to‘ntarib qo‘yib, pakanaga unga chiqishni buyurdi. Endi injener ham xotini bilan bo‘ysara ko‘rinar edi. E, u paytda bo‘y bilan kimning ishi bo‘libdi, deysiz.
Hammasi muayyan tartib asosida bordi: oldin yig‘ilish ochiq deb e’lon qilindi, so‘ng «maxsus tanqidchilar» birin-ketin supaga chiqib, kuyib-pishib g‘azabli nutqlar so‘zlashdi. Keyin yana shiorlarni aytib qichqirishdi. Dastlab naynov ayolni iqror qilishga urinib ko‘rishdi. Bari gap kelib aslida yo‘q qo‘lyozma masalasiga taqalar edi. Tillarning tig‘i, nayzasi naynovga sanchilaverdi: it ham, bit ham undan javob berishni talab qilardi. Chiyildoq, xirildoq, baqiroq ovozlar momaqaldiroqdek guldirar, so‘zlar yuzlarga yomg‘irdek urilar, qiladiganini qilar edi... Naynov esa bariga bir xilda bosh chayqab turaverdi. Sho‘rlikning javoblari samimiy edi, lekin u paytlar samimiylik ish bermasdi-da. Samimiylikka ishonish — dunyoning mavjudligini inkor etish bilan barobar edi.
G‘azabdan qoni qaynagan yigitlar supaga sakrab chiqib, qo‘llarini paxsa qilib, ayolga do‘q ura boshlashdi. Bunaqa ishlarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan, pixini yorgan kishilar har xil ilmoqli savollar o‘ylab topishdi, tilidan tutmoq qasdida ayolga tuzoqlar tashlashdi, u esa hamon o‘shanday qat’iyat bilan astoydil bosh chayqar, o‘ziga taqalgan barcha ayblarni rad qilar edi. Ish shunday davom etaversa, tanqid va kurash yig‘ilishining tugashi ham, biron-bir natija berishi ham amrimahol edi. Buning ustiga yig‘ilishni qanday yopish kerak — biror kimsa bilmasdi. Institutdan kelganlar boshi berk ko‘chaga kirib qolishdi. Axir yig‘ilishning tashkilotchilari o‘shalar edi-da. Ko‘krak kerib kelishgan edi, endi ikki qo‘llarini burunlariga tiqib ketishadimi?..
Tikuvchining xotini gap-so‘zlarga uzoq quloq solib turdi. Turdi-turdi-da, oxiri hafsalasi pir bo‘ldi. O‘zi-ku g‘irt savodsiz, loaqal datszibaoni o‘qiy olmaydi, binobarin «qo‘lyozma-po‘lyozma» bilan uning zig‘ircha ham ishi yo‘q, lekin u bir narsani sezdi: pakananing ishxonasidan kelganlar ming og‘iz qo‘pirtirishmasin, hech narsaga erisha olishmaydi! Shuni sezdiyu birdan taxtasupa yaqiniga chopib kelib, naynovga qo‘l nuqidi:
— Xo‘sh, nimaga manaviga erga chiqding? — dedi baqirib. — Qani, gapir!
Institutdan kelganlar tarashaday qotib qolishdi. Soqchilarning boshlig‘i nimalar deyaptiyu yig‘ilishga u gaplarning nima daxli borligini sira tushuna olmadilar. Naynov ham dong qotdi: tikuvchining xotini undan nega buni so‘radi — u ham bilmasdi. Kimga kerak hozir bu? Keyingi bir necha oy ichida tushgan ajinlardan burishib-tirishib, xazondek quruqshab ketgan yuzlarida hayrat balqdi.
— Ha, tilginang aylanmay qoldimi? Unda, mana, men aytaman: manovi ablahning puliga ko‘z tikkansan! Bo‘lmasa tegarmiding unga! Cho‘ntagi quruq bo‘lganida, it ham qaramasdi bu g‘o‘laga! — deb chinqiraverdi tikuvchining xotini. Uning tovushida, nihoyat bu daroz xonimning asl basharalarini ochib tashladimmi, degan ohang — g‘alaba nashidasi bor edi.
Naynov hech narsani tan olmadi, rad ham qilmadi, qimir etmay turaverdi. Aftidan, tikuvchining xotini aslida kim ekani endi unga ayon bo‘lgandek edi. Ko‘zlarida g‘azab, istehzo uchqunlari olovlandi, qaysar bir tuyg‘u porladi.
— Mayli, mayli. Bo‘yningga olmasang olmay qo‘yaqol! Bu haromining-ku endi ahvoli ma’lum, lekin sen qanday kun ko‘rasan ekan — ko‘ramiz hali. Bilaman, hozir nimani o‘ylab turganingni bilaman!
Tikuvchining xotini hadeb ko‘kragiga urar, tinmay qo‘llarini shop qilar, bunga sari tevaragidagi xotinlar uni olqishlab turishar edi. Tikuvchining xotini umrida hech qachon bunaqa kayfi chog‘ bo‘lmagan bo‘lsa kerak!
Kimyo ilmiy-tadqiqot instituti vakillari gap nima haqda ekanini u qadar anglamasalar ham, ishning bunaqa tus olib ketganidan rozi edilar. Rost, xotinlar masalani asosiy gapdan ming li*** nariga surib ketdi, biroq yig‘ilish tag‘in ham shiddatli tusga kirayotgani yaxshi emasmi?! Axir bunaqa ishni ommaning g‘ayrat-shijoatiga suyanmasdan qanday hal etasiz? Shularni o‘ylab, ular xotinlarni yo‘ldan qaytarib o‘tirishmadi, mayli, yuraklarini bo‘shatib olishsin, deyishdi. Xotinlar esa, tinimsiz chiyillashar edi:
— Ering senga qanchadan pul berib turardi? Nimalar sotib olib berardi, ayt?
— Ikki yuz yuan kamlik qildimi senga? Ko‘ngillari chet elni tusab qolibdi-da, a, fohisha?
— Hali ikkalang Den To**** bilan hamtovoq hamdirsan?
— Pekinga kimga qo‘ng‘iroq qilding? “Uch oila qishlog‘i”ga bo‘lmasin tag‘in? Rostini ayt?
Yig‘ilish yaxshi o‘tdimi, yo‘qmi — umumiy ruhiga qarab bilsa bo‘ladi. Mazkur tadbirning mas’ul shaxslari, ya’ni, institutdan kelganlar olomon o‘rtasidagi jazava avjga mingan lahzadan foydalanib, qichqira-qichqira o‘nlab shiorlarni aytishdiyu apil-tapyl yig‘ilishni yopib qo‘yaqolishdi. Keyin pakananing uyini ostin-ustin qilib tashlashdi: pol taxtalarini qo‘porishdi, devordagi qog‘ozlarni tatalab ko‘chirishdi, lekin, tabiiyki, hech vaqo topisholmadi. Ayolni yakka-yolg‘iz qoldirib, erini olib ketishdi.
Ayol xona o‘rtasida qoq tungacha dong qotib qolaverdi. So‘ng shoshib uydan chiqdi. Tikuvchining xotini yig‘ilish tugagandan beri qorong‘i darvozaxonada turgan edi, bundan bexabar ayol hovlini kesib o‘tib ulgurmasdan, u ham izidan tushdi. Ayol darvozadan chiqib, ikkita chorrahani ortda qoldirib, nihoyat ko‘chaning narigi betiga o‘tib oldi. Qandaydir bir darvozaning oldida to‘xtab, sekin qoqdi. Tikuvchining xotini simyog‘ochning panasiga yashirinib olib, uni kuzataverdi. U damini ichiga yutib turardi: ko‘zlari chaqchayib, o‘ljasining ustiga tashlanishga shaylanayotgandek, diqqat-e’tiborini bir yerga jamlagan edi.
Darvoza g‘iyqillab ochildi. Ostonada bitta yosh bola bilan bir kampir ko‘rindi.
— Tinchidimi bari? — deb so‘radi u naynovdan.
Ayolning nima deganini tikuvchining xotini fahmlayolmay qoldi.
Tag‘in kampirning tovushi chiqdi:
— Ovqatini yedi, jindak uxlab oldi. Tezda boraqolinglar endi...
Tikuvchining xotini shundagina esladi:axir naynov ishga boraturib o‘g‘ilchasini har kuni shu kampirnikiga qo‘yib ketadi-ku?! Esladiyu naynovni ta’qib etishdan ma’ni qolmadi unga.
Ayol bolasini qo‘lidan yetaklab, katta uy sari yo‘l oldi. Ular bir-birlari bilan gaplashishmas, faqat qadam tovushlarigina eshitilar edi. Tikuvchining xotini simyog‘ochning orqasiga pusib ketdi, ona-bolani xiyla olislatibgina, o‘zi ham uyiga shoshildi.
Ertasi naynov ayol bolasi bilan hovliga chiqqanida hech kim unga so‘z qotishga jur’at qilmadi, lekin yig‘idan ko‘zlari qizarib, qovoqlari shishib ketganini hamma ko‘rdi. Kechagi yig‘ilishda ishtirok etganlar bugun o‘zlarini allanechuk noqulay sezishdi, ko‘ngillarida afsus-nadomatga o‘xshash bir his uyg‘onib, bezovta bo‘la boshlashdi: naynovning ko‘ziga qarashdan uyalib, teskari burilib olishdi.
Er esa bedarak ketgan edi. Tikuvchining bilag‘on xotini yana gap topdi: pakana tag‘in allaqanday jinoyatlarga ham sherik bo‘lib chiqqanmish, shuning uchun hozir qamoqda emish. Xullas, naynov odamlarning nazarida «aristonning xotini»ga aylandiyu turmushi nihoyatda nochor ahvolga tushib qoldi. Tabiiyki, «Ittifoq» deb atalmish bu baland uydagi keng-mo‘l xonaga endi u munosib emas edi, shuning uchun tikuvchining oilasi bilan o‘rin almashishga majbur bo‘ldi. Baland uydan o‘n metrlar narida joylashgan uvoqqina kulbaga ko‘chib o‘tdi. Shunisiga ham shukr — har holda, bu yerda qo‘shnilarining ko‘zidan yiroqroq yuradi.
Katta uyning derazalaridan bu yakkamoxov kulba ham, ichkarida naynovning yetimqo‘zidek mung‘aygan soyasi ham bemalol ko‘rinib turar edi. Naynov bolasini qayoqqa jo‘natib yuborganini hech kim bilmas, vaqti-vaqti bilan ayol uni bir necha kunga olib kelar edi. Yolg‘izlikda uning kuni og‘ir, g‘am-kulfatda kecha boshladi. Yoshi endigina o‘ttizdan sal oshganiga qaramay, ancha qarimsiqqa o‘xshab qoldi. Shularni hisobga olibmi, tikuvchining xotini bir kuni bunday dedi:
— Fikrimcha, chidasa tag‘in biror yilga chidaydi, keyin shartta erga tegib ketadi. Menga qolsa, hozirdanoq harakatini qilib, birortasining etagidan tutgani tuzuk. Pakanani kutishdan foyda bormi? Qamoqdan chiqarib yuborishgan taqdirda ham, endi u odam bo‘lmaydi. Pullariyam quloq-chakkasini ushlab ketdi!
Oradan bir yil o‘tdi. Pakana qaytib kelmadi. Naynov hamon bir o‘zi — yakka-yolg‘iz, jimgina yashar edi. Ishga boradi, ishdan keladi, pechkaga o‘t qalaydi, ilma-teshik, katta, sariq savatini ko‘tarib bozor-o‘charga chiqadi. Bir yilda uch yuz oltmish besh kun bo‘lsa — har kuni shu ahvol.
Yana bir yil o‘tdi. Kunlardan bir kun pakana paydo bo‘ldi. Kech kuz edi. Kiyimlari yupun, sochlari kirpining tikanidek qilib tik tekislangan, o‘zi ham juda o‘zgarib ketibdi: oldinlari dum-dumaloq edi, endi u dumaloqlikdan asar ham, qolmagan, rangida rang yo‘q, yuzidan qon qochgan... U shoshib o‘zining eski xonasiga chiqib bordi. Xonaning yangi xo‘jayini —soddadil tikuvchi duduqlana-duduqlana uni uvoqqina kulbaning eshigi tagigacha kuzatib qo‘ydi. Naynov ayol hovlida cho‘kkalab olib o‘tin maydalayotgan ekan. O‘ziga berilgan salomni eshitib, sapchib o‘rnidan turdi va erini ko‘rib, dovdirab qoldi. Er-xotin ko‘rishmaganiga ikki yil bo‘lgan edi, shunga hozir bir-birlarini taniyolmay turishardi. Ikkalasi ham ozib-to‘zib ketgan, cho‘kkan, xotin yanada novcha ko‘rinadi, er — yanada pakana. Anchagacha bir-birlariga baqrayib qoldilar. Keyin xotin birdan o‘zini uyga urdi va shu bo‘yi uzoq vaqt ko‘rinmay ketdi. Er esa, cho‘kka tushib, yerdan boltani olib, ishga kirishdi. Hash-pash deguncha ikki savatda o‘tin hozirlab qo‘ydi.
Uchrashuv lahzalari ikkalovi uchun ham g‘oyat og‘ir, chidab bo‘lmas darajada qiyin kechdi. Keyinchalik esa, ilgaridek ishga birga borib, ishdan birga qaytadigan bo‘lishdi, misoli tana bilan soya deysiz. «Ittifoq»da yashaydiganlar endi ularning xatti-harakatlarida g‘ayritabiiy hech nima sezishmasdi. Bora-bora e’tibor ham qilmay qo‘yishdi. Endi ular bilan hech kimning ishi yo‘q edi.
Bir kuni nimadir sodir bo‘ldiyu er uydan qo‘rquv va tahlikada ko‘chaga chopib chiqdi. Sal o‘tib, «Tez yordam» mashinasi naynovni olib ketdi. Shundan keyin anchagana ularning kulbalarida oqshomlari chiroq ko‘rinmadi. Yigirma kunlardan keyin pakana kim bilandir birgalashib xotinini zambilga solib olib keldi.
Endi ayol uyidan tashqariga chiqmas edi. Pakana er esa ilgaridek har kuni erta bilan ishga yo‘l oladi, oqshom payti ishdan qaytadi, keliboq ro‘zg‘or yumushlariga unnaydi — pechkaga o‘t qalaydi, bozor-o‘charga chopadi. Bunday paytlar qo‘lida bir-ikki yil avval xotini savdo-sotiqqa ishlatgan o‘sha savatni ko‘tarib yurar, savat uning qo‘lida haddan tashqari katta ko‘rinar, tagi yerga tegay-tegay deb borar edi.
Oradan tag‘in bir yil o‘tib, havolar sal iligach, naynov ilk bora kulbasidan chiqdi. Uzoq vaqt oftob ko‘rmagan yuzi ohakdek oqarib ketgan edi uning. Sho‘rlik tebranib-tebranib yuradi. O‘ng qo‘lida g‘arov hassa, bog‘log‘liq chap qo‘li ko‘ksi uzra osilgan. Chap oyog‘i ham shol bo‘lganidan ayol uni ming mashaqqat bilan sudraydi. Turishidan ma’lumki, demak, insult bo‘lgan o‘shanda.
Shundan boshlab er har kuni tong-saharlab va oqshomlari xotinini tashqariga olib chiqadi, ikkovlon hovlini ikki marta aylanishadi. Juda qiyinchilik bilan, juda sekin yurishadi! Xotinining tirsagidan tutishi uchun er o‘zining qo‘lini baland ko‘tarishi kerak, shunday qilsa, yelkasi beso‘naqay ko‘tarilib-tushib, ko‘tarilib-tushib turadi. Xotiniga madad berishga qancha tirishmasin, bari bir uning ahvoliga kulmasdan iloj yo‘q. Naynov jonsiz chap oyog‘ini ko‘tara olmas, har gal qadam tashlash uchun shu oyog‘iga bog‘langan chilvirni tortishi kerak edi. Ko‘rinib turibdiki, manzara hayratlanarli — ham qayg‘uli, ham ta’sirchan. Qo‘ni-qo‘shnida beixtiyor bu er-xotinga nisbatan rahm-shafqat tuyg‘ulari uyg‘ondi. Mabodo ularga duch kelib qolishsa, ochiq chehra bilan bosh qimirlatib qo‘yadigan bo‘lishdi.
Aslida, suyumli erining biqinida yurishning o‘zi naynovga katta baxt edi. Biroq hayot ham, ajal ham ularga nisbatan bab-baravar shafqatsizlik qildi. Hayot ayolni siqib suvini ichgan bo‘lsa, o‘lim o‘zi bilan birga oldi-ketdi. Bu yorug‘ dunyoda er yolg‘iz qoldi.
Naynov olamdan o‘tib ketgach, taqdir pakanaga kulib boqdi. U oqlandi. Tortib olingan buyumlari tag‘in o‘ziga qaytarib berildi. Qamoqdan kelgandan beri ishlagan ish haqidagi farq to‘landi. Faqat, tikuvchining xotini egallab olgan xonani qaytib berishmadi, xolos. Turmushida biron-bir yangilik sodir bo‘larmikan, deb hali ham qo‘shnilardan bitta-ikkitasining qiziqishlari so‘nmagan edi. Shu orada institutda birga ishlaydiganlar pakanani uylab qo‘yishga, ya’nikim, muhabbat tori jarangining umrini uzaytirishda unga ko‘maklashishga rosa harakat qilishganmish-u, bu bariga rad javobini berganmish, degan gap yurib qoldi.
— Nimani ko‘zlayotganini bilaman men buning, — dedi tikuvchining xotini bir kuni, — mana, ko‘rasizlar!
Bu xotinning ham saodatli kunlari ortda qoldi. Hokimiyatni qo‘ldan boy bergach, u pisib ketdi. Endi hammaga birday xushmuomalalik bilan jilmaygani-jilmaygan. Bir gal chiroyli yosh juvonning, to‘g‘rirog‘i, jiyanining suratini qo‘yniga solib, pakana bevaning oldiga kirdi. Uyning jihozlarini bir-bir ko‘zdan kechiraturib, uylanishdan gap ochdi. Endi yoyilib so‘zlay boshlagan edi, birdan pakananing jim, nigohlarini boshqa yoqqa qadab o‘tirganini payqab qoldi. Yuzi ham qorayib ketibdi. Tikuvchining xotini pakana qarab o‘tirgan yoqqa o‘girildi: devorda kelin-kuyovning to‘ydan keyin tushgan surati osig‘liq turardi. Jiyanining suratini qo‘ynidan chiqarishga jur’ati yetmay, bu yerdan tezroq jo‘nab qolishga shoshildi.
Yillar o‘tdi. Pakana hali ham yolg‘iz yashab kelyapti. Yakshanba kunlari uyga o‘g‘lini olib keladi. Baland uyda turadigan qo‘shnilar esa, derazalaridan kichikkina jussali kishini ko‘rib, o‘n yildan naridagi ishlarni eslashadi. Asta-sekin ular bu kishining shuncha vaqtdan beri qaysarlik bilan tanho yashab kelayotganining boisini anglagandek bo‘lishdi...
Yomg‘ir yog‘ayotganida, odatlanib qolganidanmi, pak-pakanagina bir kishi shamsiyani baland ko‘tarib, o‘zidan xiyol chetroqqa tutib yuradi. Xuddiki, shamsiya ostida yana kimgadir joy qoldirayotgandek. Aslida u yerda hech kim yo‘q. Zotan, bu dunyoda hech qanday judolikning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi.

Rus tilidan Nurullo Otaxonov tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 6-son.
________________
* Katta U (V Dalan) — Shi Nayanya qalamiga mansub «Suv korxonalari» romanining (XIV asr) qahramoni, nonfurush. U Sun bahodirning akasi, nihoyatda pakanaligidan doim kulgiga qolib yurgan. Uning nomi past bo‘ylilarga umumiy laqab bo‘lib ketgan.
** Xitoyda «madaniy inqilob»ning boshlanishi shu paytlarga to‘g‘ri keladi.
*** Li — o‘lchov birligi; 1 li — 50 sm.ga teng.
**** Den To (1912—1966) — atoqli xitoy publitsisti, tarixchisi, shoiri. «Jenmin jibao» gazetasiga 1949—1958 yillari bosh muharrirlik qilgan. 1961 yildan boshlab o‘sha davr rahbarligining so‘l qonun-qoidalarini imo-ishorayu tarixiy misollar yordamida rosa do‘pposlab esselar yozgan va «Beychzin vanbao» gazetasida e’lon qildirgan. Taniqli tarixchi U Xan (1909—1969) hamda publitsist yozuvchi Lyao Mosha bilan birlashib, Pekin shahar qo‘mitasining jurnali «Chyansyan»da «Uch oila qishlog‘idan yozishmalar» nomi ostida esse va o‘tkir feletonlar e’lon qildirgan. Uchala muallif ham «madaniy inqilob» qurbonlari. O‘sha davrdagi barcha yig‘ilish va mitinglarda ularga la’natlar o‘qilar edi. Ulardan Lyao Moshagina tirik qolgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.