OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Iskandar. Yurak (hikoya)

“Amra” restoranining ustki qavatida hozirgi paytda nafaqat qahva ichib, sharob sipqorib, gazak qilinadi, ayni chog‘da, rosa shaxmat o‘ynaladi. Nona Gaprindashvili, uning ortidan ergashgan bir qator gurji shaxmatchi ayollarining ajoyib g‘alabalari Gurjiston va Abxaziyadagi erkaklarda bu qadimiy o‘yinga qiziqishni kuchaytirib yubordi.
Harqalay, ular ilgarilari ziyofat bilan narda o‘yiniga sarflagan vaqtlarining kattagina qismini endilikda shaxmatga baxshida etmoqdalar. Ehtimol, bu muayyan darajada ayollarga yetish va ularga munosib o‘rinlarini ko‘rsatib qo‘yish yo‘lidagi, sirasini aytganda, behuda urinishdir. Munosib o‘rinlariga bo‘lmasa-da, jillaqursa, avvalgi o‘rinlariga qo‘yish. Bunday urinishlardan qat’i nazar bu ishda erkaklarga ayollarga yetish muyassar bo‘lmayapti va aftidan, muyassar bo‘lishi ham dargumondek. Men o‘tgan asrda haddan tashqari ko‘p ichilgan demoqchi emasman, shunchaki umid uyg‘otuvchi dalillarning yo‘qligini eslatmoqchiman xolos. Ammo erkaklar harakat qilishyapti. Ular hozirgi paytda, jumladan, “Amra” restoranining ustki qavatida ko‘p va qizg‘in o‘ynamokdalar.
Bu yerda Viktor Maksimovich ikkovimiz ham gohida bo‘shagan shaxmat taxtasi oldiga joylashib o‘tirib olamiz. Biz deyarli bir xil saviyada o‘ynaymiz. Viktor Maksimovich ayrim ishqibozlar va xatto, afsuski, ulug‘ grossmeysterlardan odobliroq (Mana, insonga xos aqliy kobiliyatning cheksizligi va axloqiy xususiyatlarining cheklanganligi o‘rtasidagi ham kulgili, ham qayg‘uli kattakon jarlik!). Demoqchimanki, u o‘yin chog‘ida nihoyatda xushmuomala bo‘ladi. Bu fazilatni shuning uchun ham qadrlash kerakki, Viktor Maksimovich mag‘buliyatga uchrashni xuddi o‘yinqaroq bolakayga o‘xshab juda yomon ko‘radi.
Bir kuni o‘yin chog‘ida uning shohi mot bo‘lish to‘riga tushgani aniq bo‘lib qoldi. Men bunday vaziyatda shoshqaloqlik kilmaslik, ahmoqona yo‘l yurib ko‘ymaslik va shohning to‘rdan qutulib chiqib ketmasligi uchun bahuzur o‘yga cho‘mdim. Ammo Viktor Maksimovich odatdagidek yengilishni xohlamas, shuning uchun mening uzok o‘yga tolishimga uning asablari dosh berolmasdan, mening toshimni changallab, o‘zaro bir necha yurishlar qilgach, e’lon qildi:
— Mot!
Shunday qilib, o‘ziga o‘zi mot ko‘yar ekan, u bu ishni o‘z qo‘li bilan qilib, bir hisobda o‘zini emas, meni mot qildi go‘yo. Mana, u mag‘lubiyatni qanchalik yomon ko‘radi!
Ammo bu gal o‘yinimiz uning g‘alabasi tomon ketmoqda edi. Issik quyoshli kun edi. Biz chodir ostidagi stol atrofida o‘tirgan edik. Dengizdan yengil epkin esib turibdi. Kutilayotgan mag‘lubiyat men uchun katta fojia bo‘lib tuyulmayapti.
Yonimizdagi stol atrofida ashaddiy shaxmat ishqibozlari uymalashib turishibdi. Yengilgan o‘yindan chiqib ketadi. O‘rin almashishga o‘ynashar, o‘zining navbati kelishini kutib turganlar o‘ynayotganlarning yurishlarini tahlil qilib, ularga maslahatlar berishar, hazil-mutoyiba qilishardi. Ular orasida Turk degan oddiygina laqabli eng ashaddiy ishkiboz alohida ajralib turardi, chunki u aslida ham turk edi.
Viktor Maksimovich o‘yinni g‘olibona yakunga yetkazdi. Men o‘yinni yangidan boshlashga qistamadim. U o‘rindiqqa yastanibroq o‘tirib, menga shunday bir hikoya tuhfa kildi:
— Mening hayotimda o‘lim dahshati butun borlig‘imni changallab olgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Bu dahshatni hamisha yengib o‘tishga muvaffak bo‘lganman. Chunki men uni yengib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rganman. O‘smirligimdan boshlab o‘zimni bunga chiniqtirganman. Men muayyan sharoitlarda o‘limni munosib tarzda kutib olish, o‘limni haq deb bilish kerakligiga o‘zimni o‘rgatdim. Ko‘p narsa mana shunga bog‘liq. Hech kimning o‘zimni tahqirlashiga va men turgan joyda hech kimning tahqirlanishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘smirligimning eng buyuk shiori edi.
Harqalay, butun vujudimni qamrab olgan haqiqiy o‘lim dahshatini men jangda emas, qamoqxonada emas, shu yerda, tinch-osuda hayotimda boshimdan kechirganman. O‘n yilcha avval men ko‘pchilik qatori suv osti oviga qiziqib qoldim. O‘zimga shunaqangi bakuvvat qurol yasab oldimki, bunaqasi nafaqat vatanimizda ishlab chiqarilmagan, xorijda ishlab chiqarilgan qurollar orasida ham yo‘q edi. Mening nafasim a’lo darajada edi. Buning ajablanarli joyi yo‘q: dengiz sohilida o‘sganman, bolaligimdan suvga chukur sho‘ng‘iganman. Keyinroq boks bilan, yengil atletika bilan shug‘ullanganman. Suv ichida qiynalmasdan uch-to‘rt daqiqa tura olardim. Ovdan kamdan-kam hollarda baliqsiz qaytib kelar edim.
Kunlardan bir kuni suv osti qoyasining yaqinida sho‘ng‘ib, kengpeshana loban balig‘ini ko‘rib qoldim. U suv osti qoyasidan bir necha santimetr uzoqlikda suzgichlarini qimirlatib turar edi. Men ohista suzib yaqinlashdim-da, ko‘zlab turib, tepkini bosdim.
Odatda o‘q otilganidan keyin g‘avvos suv yuzasiga suzib chiqadi. Agar o‘q baliqni teshib o‘tgan bo‘lsa, uni o‘qqa bog‘langan ip bilan tortib oladi. Chiqarib, beliga bog‘laydi-da, qurolini qayta o‘qlab yana sho‘ng‘iydi. Agar g‘avvosning o‘qi baliqka tegmasa yoki baliq bir amallab o‘qdan qutulib chiqsa, g‘avvos qayta o‘qlab sho‘ng‘iydi. O‘qqa bog‘langan pishiq kapron ip g‘avvosning beliga bog‘langan bo‘ladi.
Bu gal otgan o‘qim lobanga tegmagach, men suv yuzasiga chiqa boshladim. Suv yuzasiga taxminan yarim metrcha kolganida daf’atan sezib qoldimki, o‘q bog‘langan ip tarang tortilib, meni suv yuzasiga chiqishga qo‘ymay turibdi. O‘q qoyaning biron tirqishiga qisilib kolganu, u yerda chiqmay turganini tushundim. Belimdagi pichog‘imni paypaslab uni uyda unutib qoldirganimni esladim. Borlig‘imni qo‘rquv chulg‘ab oldi. Men ipni belimdan uzib tashlashga urindim, biroq uddalayolmadim. Ip juda mahkam edi. Mustahkam tayanchsiz suvda turib uni uzish mumkin emas edi.
Mana shunda men o‘lim dahshatini his kildim. Bir necha lahzalardan keyin hushimni yo‘qotaman, yana bir necha daqiqalardan keyin esa, jasadim suv yuzasidan yarim metrcha pastda chayqaladi. Tabiiyki, qayoqqa yo‘qolib qolganimni hech kim bilmaydi. Men tepaga karadim-da, nisbatan yupqagina suv orqali ko‘zlarni qamashtirguvchi tillarang quyoshni ko‘rdim. G‘ayrishuuriy tarzda qo‘limni suvdan chiqardim, go‘yo u bilan havoni tutib, o‘zimni suvdan qutqarib olishga urinardim. Ammo bu mumkin emas edi.
Shunda, qariyb hushimni yo‘qotar ekanman, so‘nggi imkoniyatdan foydalanib qolishga urindim. Qoyaga qadar sho‘ng‘ib, oyoqlarim bilan unga tayangan holda bor kuch bilan ipni tortishim kerak. Agar ip uzilsa — tirik qolaman, agar uzilmasa — tamom. Bu ham aytishgagina oson! Nafasim qaytib ketyapti. Shunda ham: “Ishqilib, oyoqlarim bilan qoyaga tayangunimga qadar hushimni yo‘qotib qo‘ymasam edi”, degan o‘yda sho‘ng‘iyapman. Faqat shu fikrga, faqatgina shu bir fikrga mahkam yopishgan holda ipni qo‘limda yig‘ishtirgan ko‘yi qoyaga qadar sho‘ng‘ib borib, unga oyoqlarimni tiradim-da, bor kuchim bilan ipni tortdim-u hushimni yo‘qotdim.
Necha lahzalar yoxud daqiqalardan keyin suv yuzasida hushimga kelganimni bilmayman. Ahvolim ertalab qattiq bezgak tutib uyg‘onganda qanday bo‘lsa, xuddi shunday: jismim pachoqlab tashlangandek. Sohilga qadar besh yuz metrlar bor. Bir amallab suzib bordim. Sohil tomonga suzib borayotib hayotimda birinchi marotaba suzishga holim kelmay cho‘kib ketishdan qo‘rqdim. O‘zimga bolalikdan sevimli bo‘lgan dengiz birinchi marotaba meni ijirg‘antirdi, go‘yo ilimiliq va qo‘lansa bo‘tana ichida suzib borayotgandekman.
Qirg‘oqda o‘pkamdagi suvni yo‘talib chikardim, oshqozonimdagi suvni qayt qilib tashladim. Dam olib yotdim. So‘ng uyga ketdim.
O‘n kuncha o‘zimni holsiz sezib yurdim-da, so‘ng aslimga qaytdim. Kunlardan bir kuni dengizda suzib ketyapman. Sohildan o‘n besh-yigirma metrcha suzib borayotib kutilmaganda yuragimning qandaydir qo‘shalok tarzda urishi-yu bir lahza to‘xtab qolishini sezdim. Ehtimol, ikki-uch lahza to‘xtab ham qolayotgandir — bilmadim. Ammo shunaqangi yokimsiz bir tuyg‘uki, asti qo‘yaverasiz.
Shunda bir kun avval ichganimni esladim-da, sababi mana shunda bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Bundan avval biron marta yuragim pand bermagan edi, birinchi marotaba shunday bo‘lishi edi. Yana suzib ketdim. Kutilmaganda tag‘in yuragim qo‘shaloq tarzda urib, so‘ng xuddi urishdan to‘xtagandek bo‘ldi, go‘yo hozir suv bo‘g‘zimga tiqilib kiradigandek. Yuragimning yana bezovta bo‘lishidan qo‘rqib, ohistagina sohil tomonga suza ketdim.
Ertasiga ertalab suvga sho‘ng‘idim-da, yuragimning urishiga qulok soldim. Aftidan, hammasi joyida. Mana shunaqa, deyman o‘zimcha, yosh o‘z kuchini ko‘rsatib boshladi, yurak ham ichganimdan keyin bezovta bo‘lishga tushdi. Shunday deb o‘ylashim bilan kechagi hol tag‘in takrorlandi. Yuragimdan qattiq jahlim chiqib, uning bezovtalanishiga parvo qilmagan holda suzaverdim, suzaverdim. U bezovtalanaverdi. Men suzaverdim. U bezovtalanaverdi. Axiyri chidayolmay qoldim. Muhimi shunaqangi holatdaki, yuragim faqat shu ikki-uch lahzagagina urishdan to‘xtayapti. Uzoqroq fursatga ham to‘xtab qolishi mumkin-ku. Ana o‘shanda tamom.
Men baribir tezda taslim bo‘lmadim. Shuni sezdimki, sohildan yigirma-o‘ttiz metr ichkariga suzib kirganimdan keyingina yuragim bezovtalana boshladi. Balki bu kandaydir chuqurlikdan g‘ayrishuuriy bir qo‘rquvdir. Atayin dengizga qayiqda suzib chiqaman, undan o‘zimni suvga otib suzaman-da, agar bu aynan chuqurlikdan qo‘rqish hissi bo‘lsa, uni yengib o‘tmoqchi bo‘laman. Ammo u yerda ham ayni o‘sha antiqa ruhiy holat chulg‘ab oldi. Oxirgi marotaba ming mashakqatlar bilan qayiqqa qaytib chiqib oldim. Yuragimning bezovtaligi va bir muddatga bo‘lsa-da to‘xtab kolishi shu qadar meni qo‘rqitib yubordi.
Axiyri shifokorga ko‘rinmoqchi bo‘ldim. Terapevt yuragimning urishiga quloq solib, elektrokardiogrammaga jo‘natdi va axiyri menga:
— Yuragingiz yigirma yashar yigitchaning yuragidek. Men hech nimaga tushunmayapman. Siz ruhshunosga ko‘rinishingiz kerak, — dedi.
Meni Muxusdagi eng mashhur ruhshunos bilan tanishtirib qo‘yishdi. Suhbat asnosida u boshini jahldor xo‘roz kabi quyi solib, qovog‘ini uyib o‘tirdi-da, har bir gapimni ensasi qotib eshitdi.
Gaplarimni bo‘lib, allaqanday tushunarsiz atamalarni qalashtirib tashladi, biroq menga nima bo‘layotganini tushuntirib berolmadi. Mening suv osti ovi va boshqa suzishlarim haqidagi jamiki hikoyalarimni tinglab bo‘lgach, u go‘yoki eng asosiysini sir saqlayotganimni fosh etayotgandek, uchar qanotim haqida gap qo‘zg‘adi.
Aftidan, kimdir unga mening qo‘l kuchi bilan harakatlanadigan uchar uskuna yaratishga urinayotganimni aytganga o‘xshaydi. Qachondan buyon bu ish bilan shug‘ullanayotganimni so‘radi. Uchar kanot yaratish fikri sizda frontda kontuziyaga uchraganingizdan keyin paydo bo‘lmadimi mabodo, yaxshiroq eslab ko‘ring, deb maslahat berdi. Bundan qanday maqsadlarni ko‘zlaganim, uchar qanotdan yiqilib tushgan chog‘larimda qanday jarohatlar olganim, shunga o‘xshash tafsilotlarni so‘rab-surishtirdi.
Men yangicha uchoq bilan ko‘pdan buyon shug‘ullanib kelayotganim, dengizda boshimdan kechirganlarim bilan uning hech bir aloqasi yo‘qligini bosiqlik bilan tushuntirishga harakat qildim.
— Nimaning nimaga aloqasi borligini men sizdan yaxshiroq bilaman, — deya gapimni bo‘ldi u.
Shunday deya tag‘in boshini xo‘roz kabi quyi solintirgan ko‘yi mendan judayam xafaligini izhor kilib, agar men uchar qanot bilan shug‘ullanishni bas qilmasam, o‘zimni avvaliga dengizda (bu boshlanishi!), keyin quruqlikda tobora yomonroq his qila borishim, ana undan keyin, hoynahoy, butkul aqldan ozgach, havoni o‘zimning yagona yashash joyim deb e’lon qilishimni aytib ogohlantirdi.

Ehtimol, men andak mubolag‘a qilayotgandirman, ammo, rostini aytsam, mening oldimda kip-qizil jinni o‘tirar edi. Men uning savol aralash ogohlantirishlariga javob kaytarar ekanman, qarindoshlarimdan hech kimda tug‘ma aqliy noqislik alomatlari bo‘lmaganini aytganimda u asabiy tarzda o‘shqirib berdi:
— Bu qanaqasi, siz mening oldimga davolangani keldingizmi, yo hammasini rad kilgani?!
Xullas, bu yo ilm, yo bemorlar sabab tomi sal kiyshayib kolgan odamdan bazo‘r qochib qutuldim. Endi nima qilish kerak? Yana bir-ikki marta suzishga qarakat kilib ko‘rdim, ammo hammasi yana takrorlandi. Ana shunda dengizda suzishdan ham, suv osti ovidan ham voz kechishga to‘g‘ri keladi, degan xulosaga keldim. Bu ham qarilik alomati, deya o‘zimni o‘zim ovutdim men, qarilik deganlari har bir odamga har xil tarzda keladi.
Meni dengiz bilan, harqalay, qayiq bog‘lab turar edi. Bo‘sh paytlarimda qayikda turib ov qilishim mumkin edi. Shu bir imkoniyatdan foydalana boshladim. Oradan bir yil o‘tdi. Dengizda boshqa cho‘milmadim. Suv ostidagi ov qurolini bir ishqibozga sovg‘a qilib yubordim. Kunlardan bir kuni aprelda, sohildan taxminan bir kilometr ichkarida bir qo‘shni bolakay bilan ov qilib o‘tiribman. Bu ayyorona chaqnab turgan qora ko‘zli o‘n yashar ajoyib bolakay otam bilan do‘st bo‘lgan o‘z bobosiga juda-juda o‘xshab ketar edi. U bobosi va onasi bilan birga, otasiz yashar edi. Otasi oilasini tashlab ketgandi. Ehtimol, bir jihati shuning uchun ham bolakay mening oldimga kelib, uchar qanot atrofida girgitton bo‘layotganimni soatlab tomosha qilib o‘tirar edi. Gohida men uni baliq oviga olib ketar edim.
Biz qarmoqqa baliqni aldash uchun o‘ylab topilgan turli rangdagi munchoqlarni ilib, stavrida (baliq turlaridan birining nomi) ovlaymiz. Ovimiz baroridan kelib turibdi, biroq oqim ham o‘z ishini qilyapti. Natijada biz baliq galasidan uzoklashib ketamiz. Vaqti-vaqti bilan eshkak eshib, mo‘ljalning ustida to‘xtaymiz. Kutilmaganda tobora yaqinlashayotgan motorli qayiqning shovqini eshitiladi. Mana, u bizga suv sachratdi va qayig‘imizni katta to‘lqinda chayqaltirib shundoqqina yonimizdan o‘tib ketdi. Ortidan qararkanman xoxolab kulgancha rulni boshqarib ketayotgan baliqchini ko‘raman. Uning yonida yana bittasi o‘tiribdi. Ichib olganlari aniq. Ularning qayig‘i keskin burilganini ko‘rib, hozir to‘ntarilib ketadi deb o‘yladim. Biroq qayiqning motori kuchli ekan.
Qarmoqqa baliq ketma-ket ilinib turibdi. Biz tag‘in ovga sho‘ng‘ib ketdik. Men mast-alast baliqchilarni ham butkul unutdim. Taxminan yarim soatlardan keyin tag‘in motor tovushi eshitildi. Ammo bu gal motorli qayiq, aftidan, masofani chamalab ko‘rmay, bizga shu qadar yaqin keldiki, qayig‘imiz u hosil qilgan katta to‘lqinda to‘ntarilib ketdi.
Hammasi bir lahzada ro‘y berdi. Qayig‘imizni ag‘darib ketgan yaramaslar nima bo‘lganini sezmasligi mumkin emas edi. Aftidan, qayig‘imiz to‘ntarilib tushganini ko‘rib-bilib, sodir bo‘lgan voqeaga tegishli javobgarlikdan qo‘rqib, ular shahar tomonga oshig‘ich suzib ketdilar. Tez orada motor ovozi o‘chdi.
O‘zimni suvda ko‘rib, qayiq to‘ntarilganda bolakay lat yemadimi ekan, deya qo‘rqib ketdim.
— Hech narsa qilmadimi? — deb so‘radim undan.
— Yo‘q, — deb javob qildi bolakay o‘ta xotirjamlik bilan. Uning baliqdek chaqqon suza olishini bilar edim, biroq aprel oyi — suv hali muzdek. Biz o‘zimizga kelib, men bolakayning qoshiga suzib kelgunimga qadar qayig‘imizni to‘lqin o‘n besh metrcha nariga surib ketdi. Nima qilish mumkin? Men, albatta, uni quvib yeta olaman. Ammo, birinchidan, bolakayni yolg‘iz qoldirishdan qo‘rkdim, ikkinchidan, endi undan nima foyda? Baribir uni tag‘in ag‘darib, o‘nglab qo‘yishga ikkovimizning kuchimiz yetmaydi. Uning ustiga chiqib, bizni topib olgunlaricha kutish — xavfli. Qirg‘oqqa qarab suzishga qaror qildim. Anovi ablahlar qayiqni ag‘darib yuborganlarini aqalli kimgadir aytishar, shuning uchun kimdir bizni qidirib kelar degan umidda edim. Tabiiyki, ularni sotmaydigan ishonchli sheriklariga aytishlari aniq.
Ana shunda men o‘z yuragimni eslab qoldim. Ammo zumda unutdim. Mening yonimda bolakayning borligi, uni qanday qilib bo‘lmasin sohilga sog‘-omon yetkazishim kerakligi haqidagi fikr butun borlig‘imni band qilib olgandi. Yuragimni eslar ekanman, qariyb shu zahoti o‘sha ko‘ksimdagi qo‘shaloq urish va bir lahzalik to‘xtashni his etdim. Hammasi xuddi avvalgidek, lekin ulardan bir necha baravar kuchsizroq. Go‘yoki yuragimni bezovta qilgan kuch: “Men haliyam yo‘qolganim yo‘q, ammo shu topda sen menga nisbatan baquvvatroqsan”, deb turgandek.
Men buni yaqqol his qildim. Bolakay haqida qayg‘urish boshqa dardlarimni miyamdan siqib chikardi. Men uning qoshiga yaqinroq suzib kelib, ko‘ylagining tugmalarini yechdim. Bir qo‘lim bilan uni ko‘tarib turib, “Yechin!” deb buyurdim.
U ko‘ylagini maykasiga qo‘shib yechib tashladi. Men suvda uning oyog‘ini paypaslab topib, poyabzalini yechdim. So‘ng uning shimidagi qayishini paypaslab topib, bo‘shatdim. Bolakayni yelkamga olgan ko‘yi shimini ham yechib tashladim. O‘zimning kiyimlarimni ham yechdim. Kiyimlarimiz oqim bag‘rida bizdan tobora uzoqlashdi. Biz faqat kalta ishtonda qoldik.
— Sen hecham qo‘rqma, — dedim bolakayga o‘zimni imkon qadar xotirjam ko‘rsatib, — biz albatta sohilga qadar suzib boramiz.
— Qo‘rqayotganim yo‘q, — deb javob kildi u, — faqat men tushunmayapman: nega ular qayig‘imizni ag‘darib ketishdi?
Uning qora ko‘zlari ro‘y bergan voqeaning mazmun-mohiyatini anglab yetishga urinib, menga diqqat bilan tikilib qaradi.
— Ichib olgan tentaklar-da, — dedim men, — ammo sen hecham qo‘rqma. Biz qirg‘oqqacha suzib bora olamiz.
Ayni lahzalarda bolakayning ko‘rinishi yaxshi, ammo men bilamanki, sovuq tag‘in o‘n besh daqiqalardan keyin o‘z kuchini ko‘rsata boshlaydi. Qishlog‘imiz joylashgan yam-yashil sohil bu yerdan suv bag‘rida chayqalib turgandek ko‘rinadi. Men dengiz sathiga tikilib karadim. Ammo yaqin atrofda bironta qayiq ko‘zga tashlanmaydi. Yilning bu paytida bu yerlarda kamdan-kam ov qiladilar.
— Vitya amaki, — deb so‘radi bolakay oradan bir muddat o‘tib, — qayig‘ingiz endi tamom qo‘ldan ketdimi?
— Yo‘q, — dedim men, — oqim uni Gulripshoh taraflardagi qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi.
O‘n besh daqiqalar o‘tib, kutganimdek, bolakayning dumaloq yuzi oqarib-ko‘kara boshladi. Ammo u hozircha yaxshigina suzib turibdi. Men faqat uning oyoq tomirlari tortishib qolishidan qo‘rqyapman. Og‘riq zabtidan u o‘zini idora qilolmay qolishi mumkin. Bunday taqdirda uni sohilgacha oborishim dargumon. Yana o‘n daqiqalar o‘tib, uning yuzi ko‘kimtir tusga kirganini ko‘rdim.
— Sovqotdingmi?
— Yo‘q.
O‘zimning tishlarim takillay boshladi. Bolakay haliyam o‘zini bardam tutyapti.
— To‘xta, badaningni ishqalayman, — dedim.
Men unga yaqinrok suzib kelib, bir qo‘lim bilan suvda muvozanatimni saqlagan holda ikkinchi qo‘lim bilan kuchim boricha uning yelkalari, qorni, oyoqlarini ishqaladim.
— Og‘riyapti, — dedi u kutilmaganda.
— Chida, — dedim men, uning badanini bor kuchim bilan ishqalar ekanman.
— Kerak bo‘lsa, chidayman, — dedi u va labini tishladi.
Men uning qovurg‘alari sanalib turgan ozg‘ingina badanini ishqalashga shu qadar ko‘p kuch sarfladimki, qo‘llarim qotib koldi. Ammo uning yuzidan tuproq rangi ketib, rangiga qon yugurdi. Biz tag‘in suzishda davom etdik.
— Charchamadingmi? — so‘radim bir ozdan so‘ng.
— Yo‘q, — dedi u va bir muddat o‘ylanib turib, qo‘shib qo‘ydi: — Baribir suzishimiz kerak-da.
Biz suzishda davom etdik. Men unga avvalboshda qulochkashlab emas, o‘zim o‘rgatganimdek, brass usulida suzishni tayinlagan edim. Qulochkashlab suzganda qo‘llar nisbatan tezroq toliqib qoladi.
— Vitya amaki, — deb so‘radi bolakay menga g‘amginlashgan kora ko‘zlarini tikib, — odam mast bo‘lganida jinniga o‘xshab qoladimi?
Aftidan, u hali-hanuz qayig‘imizni ag‘darib ketganlar haqida o‘ylar edi.
— Ular ablah odamlar, — dedim men, — odam ichib olganida, agar ablah bo‘lsa, uning ablahligi yuzaga chiqadi.
Bolakay bir bosh chayqab, suzishda davom etdi. Uning yuz ifodasidan nima haqdadir berilib o‘ylayotgani sezilib turar edi.
— Ular ham qizg‘anchiqlarga o‘xshar ekan-da, — dedi u bir ozdan keyin, menga bir ko‘z tashlab, — Jorikning velosipedi yo‘q paytida men uning qizg‘anchiqligini bilmas edim, endi bo‘lsa, bilaman.
— To‘ppa-to‘g‘ri, — uning gapini ma’qulladim men.
Bir ozdan keyin o‘zim sovqotib ketayotganimni sezdim. Bolaga qaradim. Uning yuzi tag‘in ko‘karib kelmoqda edi.
— To‘xtab tur, — dedim men va uning yoniga suzib keldim.
Tag‘in uni bir qo‘lim bilan suv yuzasida tutib, ikkinchi qo‘lim bilan badanini ishqaladim. Men bor kuchim bilan ishqadim, ammo u chidab, ingranmadi. Bir qo‘lim qotib qolganida, ikkinchi ko‘lim bilan ishqaladim.
Yana uning rangiga qon yugurdi. Biz suzishda davom etdik. U charchab qolganini ko‘rib turgan bo‘lsam-da, tag‘in sovqotib qolishidan ko‘rqib to‘xtamadim. Gohida bir muddat o‘z yuragimga quloq solib ko‘rdim, ammo mutlaqo bezovta bo‘lmayapti. O‘zim ham nimagadir uning bezovta bo‘lolmasligini va bezovta bo‘lmasligi kerakligini bilib turar edim.
Sohilga qadar to‘rt yuz metrcha qoldi. Sohildagi yam-yashil daraxtlar aniq-ravshan ko‘zga tashlanmokda edi. Kutilmaganda o‘ng oyog‘imning tomiri tortishib qolayotganini sezdim. Oyog‘imning og‘rig‘i bilan baravar bolakayning taqdiriga qayg‘urish hissini ham teran tuydim. Og‘riqni sezdirmaslikka urinib tag‘in bolakayning qoshiga suzib keldim-da, uning badanini ishqalay boshladim. Endi bir oyog‘im o‘zimga mutlako bo‘ysunmas, shu bois suvda muvozanatni saqlash ancha mushkullashgan edi.
Agar chap oyog‘imning ham tomiri tortisha boshlagudek bo‘lsa, uning badanini ishqalab qizdirish imkoniyatini ham qo‘ldan boy berishim mumkinligi meni qattiq bezovta qilmoqda edi. Shuning uchun ulgurib qolishga harakat qildim. Men uning to‘pig‘igacha qo‘l yugurtirib, nimjongina qovurg‘alari-yu kuraklarini paydar-pay ishqab, qornini uqaladim. Aftidan, ahvolning naqadar jiddiyligini his qilib hammasiga chidadi, faqat gohida beixtiyor ihrab yuborar edi.
Axiyri tag‘in uning rangiga qon yugurdi, men yengil nafas oldim. O‘zimning chap oyog‘imning ham tomiri tortishib qolmasligi uchun uqalab qo‘ysam yomon bo‘lmasdi deb o‘ylagan ham edimki, beixtiyor chinqirib yuborishdan o‘zimni bazo‘r saqlab qoldim: chap oyog‘imning ham tomiri tortisha boshladi.
Ikkala oyog‘im o‘zimga bo‘ysunmasa-da, cho‘kib ketmas edim, chunki usta suzuvchi edim, ammo endi bu yog‘i nima bo‘lishini bilmasdim. Tomir tortishishu tirishish agar qorin paylariga qadar yetib kelsa, odam na harakatlanolmay, na qad rostlayolmay qoladi, deb eshitgan edim. Jon-jahdim bilan o‘z qornimni ishqalash, chimchilash, timdalash bilan mashg‘ul bo‘ldim.
Qirg‘oqqa qadar ikki yuz metrcha qolgan edi. Endi men bir qo‘llab suzganimcha bolakayning ortidan bazo‘r ulgurmoqda edim. Sohil ham, dengiz ham kimsasiz edi, binobarin, ko‘mak kutib bo‘lmas edi. Bir qo‘lda zo‘riqib suzganim uchun bo‘lsa kerak, yuragim bo‘g‘zimga kelib tiqilgandek bo‘lmoqda edi. E, Xudo, deya iltijo qilaman o‘zimcha, yana yuz metrga chidagulik kuch ato et o‘zing, naryog‘iga menga bir nima bo‘lgan taqdirda ham bolakayning o‘zi sohilgacha suzib bora oladi. Shundan keyin men, aftidan, bir muddat hushdan ketganga o‘xshadim. Hushimga kelib qarasam, garchi mening suzish tezligim kamaysa kamaygandir, lekin zig‘ircha ham oshirishim mumkin bo‘lmasa-da, bolakay ortimda qolib ketibdi. To‘xtab uni kutib turdim. U yonimga yetib keldi. Rangi bo‘zdek okarib ketgan.
— Onamga achinyapman, — u kutilmaganda shunday dedi-da, gapini davom ettirishdan uyalgandek jim qoldi.
— Nimalar deyapsan! — qichqirib yubordim men. — Qarasang-chi, sohilga qanchalik yaqinlashib koldik.
U menga hech nima deb javob qilmadi. U ajoyib bolakay edi. To so‘nggi lahzalarga qadar o‘zini mardona tutdi. So‘nggi metrlarni men yarim behush holatda suzib o‘tdim. Sohilga chiqaraverishda oyoqqa turmoqchi bo‘ldim, ammo nega oyoqlarim gavdamni tutib turolmaganiga darrov tushunmagan holda yiqilib tushdim. Bolakay suvdan chiqqan zahoti o‘zini issiq qumga tashladi. Men sudralib sohilga chikdim. Endi har ikki oyog‘imning tomiri tortishib akashak bo‘lib qolganini yashirishimga hojat yo‘q edi.
Oqim bizni o‘z qishlog‘imizdan besh yuz metr olisga surib ketibdi. Bolalik naqadar yashovchan! Yarim soat o‘tar-o‘tmas bolakay qumda bemalol o‘ynab-quvnamoqda edi. Men bo‘lsam, ikki soatlardan keyingina oyoqqa tura oldim. Kun juda issiq edi va muloyimgina dengizga qarab turib biz haligina u yerda muzlab qolgudek bo‘lganimizga ishonish mushkul edi.
Biz qirg‘oq bo‘ylab o‘z qishlog‘imiz tomon yo‘l oldik. O‘ylashimcha, bolakay uyida bor haqiqatni gapirmagani ma’qul. Onasini ranjitishning nima keragi bor? Bularning hammasi sohilga yaqin joyda bo‘lib o‘tdi deyish mumkin. Ammo keyin bu fikrimdan qaytdim. Yaxshisi, nima bo‘lganini ro‘yirost aytgani ma’qul! Bolakayning birinchi haqiqiy g‘alabasi, bu — o‘ziga xos bayram, nega endi sir tutishi kerak?
O‘sha kuni chegarachilar mening qayig‘imni sudrab kelishdi. Ammo men bu ishni shundoq qoldirmoqchi emasman. Baxtimizga, na bolakay, na men shamollab qolmadik. Ikki-uch kun o‘tib, shaharga yo‘l oldim. O‘sha motorli qayiq rulini boshqargan, bizga qarab masxaralab kulgan odamni ertadir-kechdir topishimni bilar edim. Ularning hammasi baayni tuxum bosib yotgan tovuqlardek hattoki dengizga chiqmagan paytlarida ham qayiqlar bog‘lab qo‘yiladigan joyga yig‘ilishadi.
Men u yerga kirganimda uning domino o‘ynab o‘tirganini ko‘rdim. Baliqchilardan ayrimlari meni fe’l-atvori g‘alatiroq ziyoli deb bilishar, ammo ulardan hech biri bilmas ediki, men kamoqxona ko‘rgan qirriqman.
Stol qoshiga keldim. U meni tanigani uchun emas, o‘zining jinoyatiga bog‘liqligimni taxmin qilgandek boshini ko‘tarib menga ma’noli tikilib koldi.
— Militsiyaga boramizmi, yo shundoq gaplashamizmi? — so‘radim undan.
Men uning bulardan qay birini afzal ko‘rishini bilar edim. Men ham shunisini afzal ko‘rmoqda edim.
— Shundoq gaplashsak gaplashaveramiz, — deya po‘ng‘illadi u, bu suhbat o‘ziga necha shishaga tushishini yaxshigina fahmlab.
— U holda anavi yoqqa bor, — dedim unga baliqchilar o‘z motorlari va boshqa anjomlarini saqlaydigan hujrachalardan biriga ishora qilib. U jimgina o‘rnidan turib, o‘sha tomonga ketdi.
Men baliqchilarga uning qilmishini qisqacha gapirib berdim. Ular esa bunga javoban qattiq taajjublanib “oh-voh” qilishdi. Ularning taajjublari bir pulga qimmatligini men bilar edim. Taajjublana turib ulardan biri hazil aralash gap qildi:
— Bu yerda, Maksimich, yarim litrsiz masalani hal qilib bo‘lmas ekan…
Boshqasi meni murosa-madoraga chaqirib dedi:
— Ha endi, yigitchalar rulni erkinroq boshqarib, sal hazillashgan ekan-da…
Barzangi turgan hujrachaning qoshiga keldim-da, uni ichkariga boshlab kirdim. Hattoki bolalik chog‘larimda ham hech qachon birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarmaganman. Qamoqda ko‘pincha boshqani himoya qilib shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri kelgan. Yurib ketayotib unga bir musht tushirdim. Uning boshi chayqalib ketdi, lekin yiqilib tushmadi. Nahotki qo‘lim kuchsizlanib qolgan, deb o‘yladim men va unga ikkinchi mushtni tushirdim. Shunda u shoxi qayrilgan buqadek cho‘kkalab qoldi.
— Nima, men yolg‘iz edimmi?.. — deya ming‘irladi u boshini chayqab, og‘zidan oqayotgan qonni artar ekan.
Men bolakayning holi ne kechishi mumkinligini daf’atan tasavvur qildim-da, qahr-g‘azabdan o‘tdek yonib ketdim: mening bu yog‘i bilan ishim yo‘q, ablah, sen o‘z hayotingning qadriga ham yetmas ekansan-ku!
— Rul sening qo‘lingda edi, — dedim men unga, anchagina og‘irlashib qolgan gavdasini ikki qo‘limda tutgan ko‘yi dona-dona kilib, so‘ngra tumshug‘iga yana bir musht tushirdim. U endi uzil-kesil sulayib qoldi.
Taxminan biror oydan keyin tasodifan o‘sha qayiqlar qo‘nog‘iga yo‘lim tushib qoldi. Domino o‘ynab o‘tirganlar qoshidan o‘tar ekanman, hammalari o‘rinlaridan sapchib turib, men bilan xursand holda salomlashdilar. Bunday qizg‘in salomlashishning tagida qanday ma’no borligini yaxshi tushunmadim: menga quyib berilishi kerak bo‘lgan ichkilikdan hotamtoylik bilan voz kechganimmi yoki bu ahmoq bilan qanchalik jadal hisob-kitob qilganimmi? Aftidan, ular masalaning har ikki jihatiga qoyil qolishgan.
Mana shunday, dengizda cho‘milishdan bir yilgacha mahrum bo‘lib, so‘ngra bolakayning hayotini saqlab qolib, yuragimning sirli bezovtaliklaridan butunlay xalos bo‘ldim. O‘shandan keyin yuragim biron marta bezovta bo‘lmadi. Qiziq, buni eshitsa, tomi qiyshayib qolgan ruhshunosim nima degan bo‘lar edi? Tolstoy buni, adashmasam, “o‘zlikdan kechish” deb atagan. Xalq bundan ham aniqroq aytadi: pona pona bilan olib tashlanadi…
Aytganday, agar men qomusiy bilim egasi bo‘lganimda edi, o‘z hayotimni xalq maqollari va matallarida bir tutamgina qilib ifodalagan, qat’iy aminmanki, olamshumul fikrlarni ochib ko‘rsatishga butun hayotimni bag‘ishlagan bo‘lar edim! Qanaqangi maroqli ish bo‘lar edi bu! Rus tilida, menimcha, bunaqangi kitob yo‘q. Ammo u boshqa xalqlarda bormi ekan? Shaxsan men eshitmaganman.
…Shu bilan Viktor Maksimovich o‘z hikoyasini tugatdi. Biz yana bir muddat o‘rindiqda yonma-yon o‘tirgan ko‘yi qahva ichib ham shaxmat o‘ynab maza qilishayotgan ishqibozlarga parishonxotirlik bilan tikilib qoldik.
U yerda endi Turk o‘z raqibiga qarshi dona surmoqda edi. Atrofida esa, o‘yinchilar ustidan kulib ham boy berilgan imkoniyatlarni qizg‘in muhokama qilib, jonkuyar tomoshabinlar turishibdi.
Muzqaymoq sotuvchi ayol avval ham bir necha marotaba kelib, muzqaymoq xarid qilishlarini so‘rab, behuda ovora bo‘lgan edi. Hozir, aftidan, yangi, nisbatan unavchanroq xaridorlardan umidvor bo‘lib tag‘in keldi. Lekin shunda Turkning toqati toq bo‘ldi.
— Shu qutining ichidagi hamma muzqaymoq necha pul turadi? — deb so‘radi u sotuvchidan.
— Yigirma so‘m, — deya bajonidil javob berdi ayol.
— Qutining o‘zi-chi? Necha pul turadi? — qiziqishda davom etdi u.
— Besh so‘m, — o‘sha-o‘sha alfozda bajonudil javob qildi ayol.
Turk cho‘ntagidan hamyonini chiqarib, undan uchta o‘n so‘mlikni oldi-da, ayolga uzatdi.
— Nega? — so‘radi muzqaymoq sotuvchi ayol, ammo nimagadir uzatilgan pullarni oldi.
— Hozir ko‘rasan negaligini, — dedi Turk va uning qo‘lidagi yam-yashil muzqaymoq qutisini olib, dengizga uloqtirdi.
Bunday zukkolik va qiziqqonlik bilan topilgan yo‘lni hech kim kutmagan edi. Shaxmat ishqibozlarining baralla kulgilari va muzqaymoq sotuvchisining “oh-voh”lari ostida biz mehmondo‘st “Amra” palubasini tark etdik. Bunday vaziyatlarda shaxmat olamidagi kutilmagan noyob yechimning tug‘ilishi amrimahol, albatta. Ammo toki mardlik-tantilik bilan qilingan sa’y-harakatlar hali saqlanib qolgan ekan, ehtimolki xuddi ana shunday sa’y-harakatlarning sharofati bilan dunyoda tinchlik-totuvlik qaror topib, olam guliston bo‘ladi. Sizga sabr-toqat va mardlik-tantilik tilayman, do‘stlar.

Otauli tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.