Petrarka (Petrarca) Franchesko (1304.20.7, Aretsso — 1374.19.7, Arkua, Paduya shaxri yaqinida) — italyan shoiri, italyan adabiy tilining asoschilaridan biri, faylasuf. Monpele (1316), Bolonya (1320) universitetlarida xuquqshunoslikdan ta’lim olgan. 1326 yil Avinonga ko‘chib borib, diniy rutbani qabul qilgan va oliy martabali ruhoniylar bilan yaqinlashgan.
Petrarka o‘rta asr aqidalaridan mutlaqo xoli bo‘lmagan esada, Uyg‘onish davrining gumanizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan madaniyatiga tamal toshini qo‘ygan. Petrarka lotin tilidagi «Dunyoga nafrat to‘g‘risida» (1342—43) falsafiy risola, «Uzlatdagi hayot to‘g‘risida» va «Rohiblar farog‘ati to‘g‘risida» (1346—66) risolalari muallifi. Petrarka she’riyatni o‘rta asr maddoxlari hujumidan himoya qilar ekan, uning katta tarbiyaviy va estetik qimmatga ega ekanligini alohida ta’kidlaydi. Petrarka «O‘zimning va boshqa ko‘plab kishilarning johilligi to‘g‘risida» (1367—70) asarida Aristotel «Etika»sida bayon qilingan mavhum fiqolarni rad etadi qamda amaldagi axloq me’yorlarini va insonni yaxlit holda o‘rganish g‘oyasini afzal, deb hisoblaydi. Petrarkaning «Avlodlarga maktub» (1374) nomli muxtasar avtobiografiyasi ham muayyan axamiyatga molik.
Petrarka antik dunyoni ideallashtirgan Yevropa shoirlaridan biri sifatida lotin shoirlarining qo‘lyozmalarini to‘plab, ularga sharhlar yozdi, ayni paytda o‘z asarlari bilan klassik lotin tilini tiklashga urindi. Agar uning lotin tilidagi «Afrika» (1339—42, tugallanmagan) dostoni Vergiliyning «Eneida»si uslubida yozilgan bo‘lsa, majoziy mazmundagi «Bukolikalar» (1346—57) asari cho‘ponlar eklog (qo‘shiq)lariga tatabbu tarzida maydonga kelgan. Petrarka italyan tilida xam ijod qilgan. Uning italyan tilidagi lirik asarlarida ishqiy va siyosiy mavzular ustuvorlik qiladi. Petrarkaning «Mening Italiyam» asarida vatan jarohatlangan go‘zal ayol qiyofasida gavdalanadi.
Petrarka ijodida Lauraga bag‘ishlangan lirik she’rlar turkumi, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Shoirning e’tirof etishicha, u Laurani 1327 yil Avinon shahridagi ibodatxonalarning birida uchratib, uni bir umrga sevib qolgan. Petrarkaning Lauraga bag‘ishlangan she’riy turkumi «Kansonere» deb atalgan («Madonna Laura hayotiga» va «Madonna Laura o‘limiga», 2 qism). 317 sonet, 29 kansona, 9 sekstina (to‘qqizlik), 7 ballada va 4 madrigaldan tashkil toptan «Kansonere» o‘ziga xos she’riy kundalikdir. Petrarka, salaflaridan farkdi o‘laroq, sevimli ayol obrazini aniq-tayin va hayotiy belgilar bilan boyitgan. Shu sababdan ham uning lirikasi nafaqat italyan, balki Yevropa lirikasi taraqqiyotida yangi davrni tashkil etadi. Petrarka, lirik she’rlaridan tashqari, tersina (uchlik) bilan yozilgan «Tantanalar» (1354) majoziy dostonini ham Lauraga bag‘ishlagan. Petrarka lirikasi, ayniqsa, sonetlari Yevropa shoirlari ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbek she’riyatida Usmon Nosir, Rauf Parfi va boshqa Boyqobilov singari shoirlar ijodida sonet janrining paydo bo‘lishi va taraqqiyoti ham Petrarka ijodining ta’siri samarasidir. Petrarkaning bir qancha sonetlari uzbek tiliga tarjima qilingan.