OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gabriel Garsia Markes. Baltasar hayotidagi unutilmas kun (hikoya)

Qafas tayyor bo‘lgach, Baltasar odati bo‘yicha uni ko‘chaga qaragan ayvonga ilib-qo‘ydi. Ko‘ngli joyiga tushib, ertalabki nonushtaga o‘tirdi. Bejirim ishlangan qafas o‘tgan-ketganning diqqatini o‘ziga tortdi, tez orada Baltasarning uyi ro‘parasida odamlar to‘planishdi. Yig‘ilganlarning qafasni ko‘klarga ko‘tarib maqtashayotganini eshitgan Baltasar uni oldi-da, ustaxonasiga olib kirib qo‘ydi.
— Soqolingni olmaysanmi? — dedi unga Ursula. — Nazarimda go‘rdan chiqqanlarga o‘xshab qolibsan...
— Qorin to‘ygandan so‘ng soqol olish mushkul-da, — dedi erinchoqlik bilan Baltasar.
Yuzida bolalarcha aldamchi qo‘rquv alomati sezilib turgan, ikki haftalik soqoli bilan, kichikkina va ayni paytda xachir dumiga o‘xshatib o‘rilgan dag‘al sochi yelkasiga osilib tushgan Baltasar fevralda o‘ttizga kirdi. Ursula bilan to‘rt yildan beri nikohsiz yashayapti, farzandlari ham yo‘q. Hayot Baltasarni qo‘rqoq emas, ehtiyotkor qilib qo‘ygan edi. Shu kecha eng chiroyli va bejirim qilib yasagan qafasi kimga nasib bo‘lishini, bilmasdi ham. Bolaligidan qushlar va boshqa jonivorlarga qafas yasashga o‘rganib qolgan Baltasar uchun oxirgi ishi avvalgilaridan bir oz qiyin bo‘ldi, xolos.
— ...Unda damingni olaqol. Tuni bilan mijja qoqqaning yo‘q, — dedi ayol. — Shu ahvolda odamlarga ko‘rinmaganing ma’qul.
U itoatkorona gamak*ka yotdi, qafasni Pepega ko‘rsatish kerakligi haqida o‘yladi. So‘ngra esa don Xosu Montelning qafas uchun unga bildirayotgan minnatdorchiligini xayolan ko‘z oldiga keltirdi, shu ko‘yi uyquga ketdi.
Erining duradgorlikni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, ikki haftadan beri arzimagan qafas yasash bilan kunini o‘tkazishi, ustiga-ustak kechalari chala uxlab, tushlarida ham vaysab chiqishlari, soqol olish esiga kelmagani — hamma-hammasi Ursulaning ensasini qotirgan edi. Lekin tayyor bo‘lgan qafasni ko‘rdi-yu, hangu mang bo‘lib qoldi. Baltasar uyg‘onib qolmasidan, Ursula ko‘ylak-shimiga dazmol bosib, gamak yonidagi stulga ilib qo‘ydi va ustaxonaga kirib, qafasni ko‘tarib chiqdi. Uni stolning o‘rtasiga qo‘yib, anchagacha tomosha qildi.
— Qafas uchun qancha so‘raysan? — dedi u Baltasar uyg‘onganida.
— Qaydam, — javob qaytardi Baltasar. — O‘ttiz peso so‘rayman, balki yigirma peso to‘lashar.
— Ellik peso so‘ra, — dedi Ursula. — Ikki haftadan buyon tinim bilmaysan, undan keyin qafas ham shu narxga arziydi-da...
Baltasar soqol olishga kirisha turib, xotiniga gap qotdi:
— Ellik peso to‘lashadi, deb o‘ylaysanmi?!
— Don Xose Montel uchun arzimagan pul. Qafas bo‘lsa chakki emas, — dedi xotini. — Oltmish peso so‘rasang ham arziydi.
Ular yashaydigan uy yarim qorong‘i, buning ustiga dim edi. Baltasar kiyinib bo‘lib, havo almashsin uchun patio eshigini lang ochib yubordi. Ular xonadoniga qafas daragini eshitgan bolalar yugurgilab kirishdi. Baltasar o‘zida yo‘q xursand edi.
Yangilik allaqachon qanot yoygandi. O‘z hayotidan mamnun, biroq kasbi ancha toliqtirgan keksa tabib Oktavio Xiraldo bir necha yildan beri bemor xotini yonida nonushta qilarkan, Baltasarning yangi qafasi haqida o‘yga toldi. Issiq kunlarda er-xotin xiraldolar uylarining orqa tomonidagi ana shu ayvonchaga kirib olib, tuvaklardagi anvoyi gullarga va ikkita qafaschadagi sayroqi to‘tilarga tikilgancha, uzoq o‘tirishardi. Tabibning xotini to‘tilarni sevardi, shunday sevardiki, ularga hamla qilishi mumkin bo‘lgan jonzot — mushukni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi.
Tabibni bir bemornikiga chaqirib ketishdi. Oktavio Xiraldo u yerdan qaytayotganida yangi qafasni ko‘rish va unga ma’qul tushib qolgudek bo‘lsa, bemor xotiniga sovg‘a qilish ishtiyoqida Baltasar yashaydigan ko‘chaga burildi. Baltasarning xonadoni gavjum edi. Xonaning o‘rtasidagi stol ustida simdan yasalgan, uch qavatli, gumbazsimon qafas o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Kichikkina eshikchalari-yu, ovqatlanish va uxlash bo‘lmalari hamda qushlarning dam olishlari hisobga olingan holda to‘rtburchak shaklida o‘rnatilgan yog‘ochlar bormi — hamma-hammasini kuzatgan kishi bu yerda go‘yo muz ishlab chiqaradigan ulkan fabrika maketini ko‘rayotganday bo‘lardi.
Oktavio Xiraldo qafasga yaqin kelib, diqqat bilan kuzatdi. Haqiqatdan qafas eshitgan maqtovlaridan ham a’lo darajada yasalganiga iqror bo‘ldi va beozor xotinining mahzun chehrasi ko‘z oldidan o‘tdi.
— Ijodiy xayolotning jasorati-ku, axir, bu narsa! — dedi-da, ko‘pchilikning orasidan Baltasarni qidirgan bo‘ldi. — Sendan mashhur me’mor chiqishi mumkin edi, esiz...
Baltasar tabibning bahosidan o‘ng‘aysizlandi, yuzi lovilladi.
— Rahmat, — dedi eshitilar-eshitilmas.
— Ha, rost aytayapman, — dedi tabib. U keksayib qolgan bo‘lsa-da, to‘lagina ayollardek tekis va nozik semirgan, qo‘llari ham nafis edi. Uning ovozi lotinda so‘zlovchi avliyolarnikiday jarangdor edi: — Buning ichiga qushlarni solmasa ham bo‘ladi, — deya hayratomuz tarzda qafasni qo‘liga olib, teparoq ko‘tardi. — Uni daraxt shoxiga ilib qo‘y: o‘ziyoq sayrab beradi senga...
Tabib qafasni avaylab joyiga qo‘ydi. Bir soniya o‘ylab turdi-da:
— Bo‘pti, men olaman, — dedi.
— Qafas allaqachon sotilgan, — afsuslangan ko‘yi javob qaytardi Ursula.
— Don Xose Montelning o‘g‘liga, — tushuntirdi Baltasar, — u shu qafasni buyurtgandi.
Tabibning yuzidan qon qochdi.
— Nima, u senga andazasini chizib berganmidi, mana shunday bo‘lsin deb?..
— Yo‘q, shunchaki ikkita zarg‘aldoq sig‘adigan katta qafas kerak, degandi.
— Bu qafas zarg‘aldoqqa uvol, — tabib shunday deya yana bir bor qafasni ko‘zdan kechirdi. — Ha zarg‘aldoqqa uvol.
— O‘shanga, doktor, — dedi Baltasar unga yaqinroq kelib. Ularning atrofini bolalar o‘rab olishdi. — Hammasi hisobga olingan, — dedi-da, qafas qismlarini tushuntira ketdi. Barmoqlari bilan gumbazni bir-ikki chertdi, qafasdan turli tovush taraldi. — Simlarini ko‘ring, bundayi topilmaydi, undan keyin, har biri ichki va tashqi tomonlaridan mahkamlangan, — dedi o‘z mehnatini maqtab.
— Maymunga ham chidaydi-yov, — gap qo‘shdi kimdir.
— Juda to‘g‘ri, — tasdiqladi Baltasar. — Maymun ham sig‘averadi.
Tabib norozi ohangda bosh qimirlatdi.
— Xo‘p, mayli, lekin u senga andozasini bermagan-ku! Keyin, zarg‘aldoq uchun katta qafas bo‘lishi shart, deb qat’iy aytmagandir ham. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — javob qaytardi Baltasar.
— Unda hammasi ravshan, — dedi tabib. — Zarg‘aldoq uchun katta qafas kerak, degani boshqa gap. Buyurilgan qafas aynan shu ekanini kim isbotlaydi?
— Ana, Ursula, — dedi Baltasar hijolat chekib. — Pepega aytib qo‘yganman-da, axir, qafas yasab beraman deb.
Oktavio Xiraldo achingannamo yelka qisdi.
— Boshqasini yasab beraqol, — dedi Ursula eriga diqqat bilan tikilarkan, so‘ngra tabibga qaradi: — Sizga shoshilinch emas-ku, a, don Oktavio?
— To‘g‘riku-ya, lekin bugun olib kelaman, deb xotinimni ishontirib qo‘ygandim...
— Sizni tushunyapman, doktor, — dedi duradgor, — lekin birovga sotib qo‘yilgan narsani qanday qilib... berib yuboray?
Oktavio Xiraldo yelka qisdi. Terga botgan bo‘ynini dastro‘moli bilan artdi-da, yana kafas yoniga yaqin bordi. Uzoqdagi kemaga tikilgandek, uning hech kim ilgamas nuqtasiga anchagacha qarab qoldi.
— Qancha to‘lashdi? — so‘radi Baltasarga qaramasdan.
Baltasar javob qaytarolmadi, nigohi bilan Ursulani qidirdi.
— Oltmish peso, — dedi ayol.
Tabib hamon qafasdan ko‘z uzmasdi.
— Juda chiroyli, — og‘ir tin oldi u. — Ajablanarli darajada chiroyli.
U shunday deb dastro‘molini hilpiratdi. Soxta tabassum bilan eshik tomon yurdi. Ayni shu daqiqalarda Oktavio Xiraldo bir umr esdan chiqmaydigan ahvolda edi.
— Montel juda boy, — dedi u ketaturib.
Haqiqatda esa Xose Montel u darajada boy emasdi. Yanada boyishi uchun barcha pastkashliklarga tayyor shaxs edi, xolos. Baltasarnikidan bir necha ko‘cha naridagi dang‘illama uyda o‘ziga to‘q, pichog‘i moy ustida turgan, hech nima sotib olishi uncha shart ham bo‘lmagan (sotib olavermaydi ham), Baltasarning yangi yasagan qafasi haqidagi ko‘pchilikning hikoyalariga mutlaqo befarq qaragan shaxs xotirjam hayot kechirardi. Tushlikdan so‘ng, uning xotini barcha deraza va eshiklarni berkitib olib, nimqorong‘i xonada, ikki soatlar chamasi, ko‘zi ochiq holda o‘limi haqidagi vahimalarga berilaverib azoblanib ketgan damda, Xose Montel qo‘shni xonada shirin pinakka ketgandi. U shovqin-surondan uyg‘onib ketdi, derazadan ko‘chaga mo‘raladi. Uyining qarshisida bir to‘da odamni ko‘rdi, ular orasidagi oq ko‘ylak, oq shim kiyib olgan, soqoli ham qirtishlab olingan Baltasarni tanidi. U qo‘lida qafas ushlab turar, yuzidan kambag‘allarga xos samimiy tabassum arimasdi.
— Bu mo‘‘jiza-ku, axir, — Montelning xotini duradgorni ichkariga boshlab kirarkan, hayratini yashirolmadi.
— Pepe uydami? —dedi Baltasar qafasni stolga qo‘yaturib.
— Hali maktabdan kelgani yo‘q, — javob qaytardi Xose Montelning xotini. — Bilmadim, nega hayalladi ekan? — so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Montel yuvinyapti.
Haqiqatda esa Xose Montelning yuvinishga vaqti yo‘q edi. U kamfaraga spirt qo‘shib tezda artindi-da, mehmonxonada nima bo‘layotganini bilishga oshiqdi. U nihoyatda ehtiyotkor shaxs edi. Hatto uxlayotganida elektr ventilyatorni ham o‘chirib qo‘yardi, go‘yo tush ko‘rayotganida uyidagi barcha shovqinni va shitir-shitirni eshitib yotishi shart emish.
— Adelaida! — qichqirdi u. — Tinchlikmi?.,
— Buyoqqa chiq. Qara, qanday ajoyib qafas!     — deya     hayajonini yashirolmay chaqirdi xotini.
Qoruvli, ko‘kraklarini yung bosgan Xose Montel yelkasiga sochig‘ini tashlagancha, yotoqxona derazasidan mo‘raladi:
— Qanaqa qafas?
— Pepe uchun, — javob qildi Baltasar.
Hech qanday voqea sodir bo‘lgani yo‘q, faqatgina Baltasarning oldida hammomning eshigi ochilgandek bo‘ldi. Xose Montel yotoqxonadan uzun, o‘ziga yarashmagan ishtonda chiqdi.
— Pepe! — o‘shqirdi u. — Yaramas! Qani o‘zi?
— Hali kelgani yo‘q, — turgan yeridan javob qaytardi Adelaida xonim.
Ostonada Pepe ko‘rindi. O‘n ikki yoshdagi bu bola xam xuddi onasiniki kabi uzun kiprikli, yuz tuzilishi ham unikidek dumaloqqina va ayni paytda kasalmand ko‘rinardi.
— Buyoqqa kel, — chaqirdi dadasi. — Qafas buyurtganmiding?
Bola boshini xam qildi. Xose Montel o‘g‘lning jingalak sochidan changalladi-da, o‘ziga qaratdi:
— Javob ber, senga aytyapman!
Bola indamay labini tishladi.
— Montel... — shipshidi xotini.
Xose Montel qo‘lini olib, toqatsizlanib Baltasarga o‘girildi.
— Chatoq bo‘libdi-da, Baltasar, — dedi u. — Ishga kirishishdan ilgari men bilan maslahatlashishing kerak edi. Shu mishiqi bilan gaplashibsan-da.
U gapirarkan, chap va o‘ng ko‘zi uchar, yuzidagi xotirjamlik alomati yo‘qolgandi. Qafasga qiyo boqmay, uni stoldan olib, Baltasarning qo‘liga tutqazdi.
Bola tosh qotgan edi. Nihoyat, qo‘lida qafas ushlab turgan Baltasar unga o‘ng‘aysizlanib boqdi. To‘satdan Pepe kuchuk bolasiday xirilladi-yu, o‘zini polga otib, chinqirishga tushdi.
Ota uni tinchlantirishga urinayotgan xotiniga befarq tikildi.
— Turg‘izma uni, — dedi. — Boshini yorib ko‘rsin-chi, keyin tuz sepilgan limon bos. Ana o‘shanda biladi quturishning oqibatini.
Bola yig‘idan to‘xtadi. Onasi uni turg‘azishga harakat qildi.
— Qo‘yaver, yotaversin, — qaytardi yana Montel.
Baltasar bolaga o‘lim talvasasida yotgan quturgan hayvonga qaragandek boqdi. Soat to‘rtga yaqinlashgandi. Shu daqiqalarda uyida Ursula piyoz artaturib, juda eski, ammo yoqimli qo‘shiqni xirgoyi qilayotgani aniq edi.
U bolaga yaqinlashdi-da, kulumsirab, qafasni unga tutqizdi. Pepe xuddi o‘ziday keladigan qafasni ikki qo‘llab quchoqlab oldi va uning simlari orasidan Baltasarga Nima deyishini ham bilmay, uzoq qarab turdi. Ko‘z yoshlarini kafti bilan artdi.
— Senda qolaversin, — dedi Baltasar va Xose Montelga murojaat qildi: — Tushuning, axir, qafas Pepe uchun yasalgan.
Baltasar eshik tomon yurdi. Xose Montel esa uning ketidan oshiqdi:
— Jinnilik qilma, Baltasar,— dedi yo‘lini to‘sib,— ko‘tar matohingni. Bari bir bir sent ham to‘lamayman...
— Shart emas, — dedi duradgor, — men uni Pepega sovg‘a qilish uchun yasaganman. Pul olishni o‘ylaganim ham yo‘q.
Duradgor eshik ostonasidagi to‘daga yaqinlashganda, mehmonxona o‘rtasida turgan don Xose Montel so‘kingancha qolaverdi. U juda rangsiz, ko‘zlari esa qonga to‘lgandi.
— Ahmoq! — deb qichqirdi u. — Ko‘tar lash-lushingni!
...Bilyardxonada Baltasar shod-xurramlik bilan kutib olindi. U o‘zi qilgan ishdan mamnun edi. Pepega sovg‘a qilinishi kerak bo‘lgan eng chiroyli qafas, ha, olamdagi eng chiroyli qafas egasiga topshirildi.
— Shunday qilib, qafas uchun ellik peso to‘lashdi degin?
— Oltmish peso, — javob qaytardi Baltasar.
— Bir is chiqarib yuborishing kerak, — dedi kimdir. — Sen don Chepe Monteldan pul undirgan yagona kishisan. Buni yuvmasak bo‘lmaydi.
Unga bir krujka pivo keltirishdi, o‘z navbatida Baltasar ham atrofidagilar uchun pivo buyurdi. U hayotida birinchi marta ichayotgani tufayli kechga yaqin mast bo‘lib qoldi va g‘aroyib loyiha haqida so‘z ochdi: har biri oltmish pesodan bo‘lgan mingta qafas, keyin esa oltmish million peso bo‘lishi uchun millionta qafas... «Ha, ha, boylar o‘lib ketmaslaridanoq, iloji boricha ko‘proq qafas yasab, ularga sotish kerak, — derdi u hech narsani anglamasdan. — Ularning hammasi kasalvand va yaqin-orada o‘lib ham ketadi. Qanday ayanchli hayot-a, siqilish ham mumkin bo‘lmasa!..» Ikki soatdan beri muzikali avtomat uning hisobiga qarta aylantirar edi. To‘planganlar Baltasarning salomatligi uchun, baxti va omadi, boylarning o‘limi uchun qadah bo‘shatishdi. Vaqt allamahal bo‘lganda, u yolg‘iz qoldi.
Ursula ustiga piyoz maydalab to‘g‘ralgan go‘sht qovurdoqni tayyorlab, soat sakkizgacha Baltasarni kutdi. Qo‘shnilardan biri, Baltasar bilyardxonada ekani, suyunganidan esi og‘ib qolib, hammani pivo bilan siylagani haqida ma’lum qildi. Ursula ishonmadi, chunki Baltasar umrida ichkilikka ruju qo‘ymagandi. Ursula yotgani kirganda, yarim kecha edi — Baltasar hamon ko‘chama-ko‘cha sandiraqlab yurardi. U gandiraklab, raqs maydonchasigacha yetib keldi. Neon nuri g‘ira-shira tushib turgan daraxtga yetar-etmas, «tap» etib yerga quladi. Uning yuzi yog‘upadan dog‘ bo‘lgan, qimirlashga madori kelmas, lekin shu damda issiq o‘rinda yotish orzusi bilan yonardi. Kissasida bir sent ham qolmagan, buning ustiga ertaga qarzini qaytarish sharti bilan soatini garovga qo‘ygandi. Ammo dunyo uning ko‘zi oldida go‘zallashib borardi!
U ohista emaklab, ko‘chaning o‘rtasiga cho‘zildi. Ko‘zi ilinar-ilinmas, kimdir oyog‘idan tuflisini yechib olayotganday tuyuldi, lekin u hayotidagi eng ajoyib tushi bilan xayrlashgisi kelmasdi. Ertalabki ibodatga shoshilayotgan ayollar o‘lib yotgan deb gumonsirashib, uni chetlab o‘tishardi...

Ruschadan Abbos Saidov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1983 yil, 12-son.
__________
* Gamak — to‘r belanchak.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.