Men u bilan kecha tanishdim. U dehqon, biroq bosh kiyimini yechsa ham, go‘yo soyasidan hech xalos bo‘lolmagandek qovog‘i ochilmay turadiganlar toifasidan. Bosh deganlari ham o‘sha jonsabil shlyapa bilan qapishib, xuddi bir butun bo‘lib ketganday edi. Bashara... bu basharaga tikilib turib, shlyapani aslo bosh ziynati deb ta’riflab bo‘lmagay, bil’aks u qandaydir zarurat, bor ma’niyu halovat. Dehqonning qoramag‘iz chuvak yuzini yorqin quyosh nurlari nurafshon etganday tuyulsa-da, unga chuqur qayg‘u ko‘lanka tashlagandi. Belidagi qizil, ko‘k bezakli keng belbog‘ida alvon rangli ro‘molchaga o‘ralgan to‘rt pesoyu to‘qson sentavo do‘ppayib turganiga qarab, g‘irt jaydari, omi, g‘amu tashvishsiz odam bo‘lsa kerak, degan xiyolga borasan. Lekin unda harnechuk men burun sira uchratmagan bir g‘ayritabiiy xususiyat bor edi: u jilmaya olmasdi.
Qiyofasi keragidan ortiq jiddiy, biroq bu kalondimog‘ligidan emas, balki chap yonog‘ining yuqori qismidan to iyagining o‘ng tomoniga qadar cho‘zilib ketgan tirtig‘i borligi sabab. Hazil-mutoyibaga o‘ch kimsaning kulish baxtidan mosuvoligi sabab toshday qotib, hissiz qiyofa ila so‘zlashini ko‘rish g‘oyat dushvor ekan. Davradoshlari o‘tkir aqliga qoyil qolib, qochirimlariga yoyilib kulgan mahal, ularga tikilib turgan jiddiy qiyofada chuqur qayg‘uyu achchiq istehzo zohir bo‘lardi. Baayni, o‘sha damlarda bechoraning ko‘nglidan “Manavilar hoynahoy mening hazilimga emas, turqimga qarab kulishayapti. Ha, ularni shu ko‘proq zavqlantirmoqda!..” degan o‘ylar o‘tayotgandir ehtimol.
Magar shu dehqon qandaydir asar qahramoniga aylanib qolguday bo‘lsa, o‘sha asar mukammalligu murakkablikda Gyugoning “Kulmaydigan odam” asari bilan bemalol bellashgan bo‘lardi. Biroq haqiqiy hayotda bari boshqacha bo‘ladi, bu kimsaning qismati to‘qib yozilgan xayoliy-sarguzasht romanlari qahramonlarining taqdiridan g‘ayritabiiyligi bilan mutlaqo farq qiladi.
Uning o‘zi ham hayotini hikoya qilmoqlikni yoqtirarkan. Garchi hikoyasini o‘z xohishi bilan aytib bersa-da, tinglovchida istar-istamay, go‘yoki so‘zlash og‘irligidan og‘ringanday taassurot uyg‘otardi. U nimaiki gapirmasin, kim chakagini deyarli ikkiga ayirib tashlagani haqida lom-mim demas, nazarimda, hikoyasining chiroyini buzgisi kelmasdi...
Kutilmaganda og‘zidan beixtiyor chiqib ketgan faqat bir so‘z tufayli bayram oqshomi yuzi singari hayotini ham qoq ikkiga bo‘lib yuborgani oyday ravshan bo‘ldi.
“Barisi... barisi o‘sha mash’um tunda yuz berdi”, — bu so‘zlar tinglovchilarning ko‘z o‘ngida, shubhasiz, Kaynamadagi jahannamni gavdalantirdi: “Po‘lat machta Vichadadagi ko‘z ilg‘amas qorong‘u tunni qoq ikkiga ayirdi...”
So‘zlovchining mungli tovushini tinglarkanman, yurakni sel qilib yuborgudek ayanchli, baland, biroq qisqa chinqiriqni tasavvurimda jamlashga urinaman. Olishuvning naq o‘choQiga otilgan odamning yuzida po‘lat machtaning chaqnayotgan chaqmog‘i shunday chuqur iz qoldirganki, u qiyofasiga abadul-abad o‘zgarmas jiddiylikni muhrlab, kulish baxtidan mosuvo qilgani yetmaganiday, achchiq istehzoni qotirib qo‘ygani kishini biroz mushohadaga chorlardi. Qolgani esa shundog‘am ma’lum, bari qishloqdagi bayramlarda bo‘ladigan to‘qnashuvlardagi kabi davom etgan.
Men unga “Birodar, qarshi bo‘lmasang, sen haqingda “Zirofa” ustunchasida yozsam?” dedim. U yuzimga bir muddat o‘ychan tikilib turdi-da, so‘ng so‘radi: “Bu menga qanchaga tushadi?”
Hammamiz kulib yubordik. Hamma, faqat undan bo‘lak. U sirtdan mutlaqo pinagi buzilmaganday, hissiz tuyulsa-da, biroq buning ortida aslida qoni qaynayotganini yuzaga qalqib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qiyofasidagi o‘zgarmas jiddiylikni saqlashga zo‘r berib tirishayotgani shundoqqina sezilib turardi. Yuz mushaklari o‘zgarsa odamlar uni teskari tushunishlaridan hayiqardi.
Yuqorida qog‘ozga tushirilganlarining baridan istalsa, kulgili biror nima topish mumkindir. Bu aslo meni xavotirga solayotgani yo‘q, ehtimol ilk marotabadir, sababi, bir odam, jilla qursa bir odam yozganimni kulmay o‘qishga qodir.
Ruschadan Shahnoza Rahmonova tarjimasi