Xitoylik yozuvchi, dramaturg, tarjimon, munaqqid Gao Sintszyan 1940 yilning 4 yanvarida Shanxay yaqinidagi shaharchada tug‘ilgan. Otasi – bank xodimi, onasi – aktrisa. 1962 yili Pekin chet tillar institutining fransuz bo‘limini tugatgan. Badiiy ijodni ancha erta boshlagan, lekin Madaniy inqilob davrida qo‘lyozmalarini yoqib tashlashga majbur bo‘lgan. Bu davrda ko‘pchilik ziyolilar qatori qayta tarbiyalash uchun mehnat lagerlariga surgun qilingan. 1979 yilgacha kitob nashr qildirish, o‘z shahridan ruxsatsiz chiqib ketish huquqlaridan mahrum qilingan. Den Syaopin hokimiyat tepasiga kelgach, pesalari sahnaga qo‘yildi. Shu vaqtlarda uni “xitoylik Soljenitsin” deb atay boshlashdi. Biroq u Xitoy GULAGlari dahshatlarini yozmadi, chekka bir qishloqdagi kichkina odamning og‘ir hayotini tasvirladi.
1981 yili “Zamonaviy proza san’ati haqida mulohazalar” kitobi chiqdi. 1982 yili Pekin teatrida “Xatar darakchisi” pesasi sahnalashtirildi. “Avtobus bekati” pesasi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri mafkuraviy zararli deb e’lon qilindi.
Xitoy hokimiyati Gao Sintszyanga to‘la erkinlik berib qo‘ymadi, 80-yillarning o‘rtalarida yana ta’qibga uchradi, asarlarini, jumladan, eng yirigi – “Ruhlar tog‘i”ni taqiqlab, o‘zini siyosiy qatag‘on domiga tortdi.
Ta’qiblardan qochib tog‘u toshda jon saqlab yurdi, o‘n oy davomida Yantszi daryosining sohillari bo‘ylab boshidan oxirigacha kezib chiqdi.
1987 yilda rasmiy Pekin Gao Sintszyanni quvg‘in qildi, ikki yildan keyin bo‘lgan Tyananmen maydonidagi qirg‘inga munosabati tufayli uni Xitoy fuqaroligidan mahrum qildi.
Adib Parijda qo‘nim topdi, keyinchalik Fransiya fuqaroligiga o‘tdi, erkin ijod qila boshladi. Asarlarining cho‘qqisi “Mo‘‘jizakor tog‘lar” deb atalgan yirik romani hisoblanadi. 2000 yilda xitoylik adiblardan birinchi bo‘lib Nobel mukofotiga sazovor deb topildi.