OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Kant. Janubiy dengiz nafasi (hikoya)

Ish kunlari oyim dadamdan barvaqtroq turar, yakshanba kuni esa buning aksi bo‘lardi. Ertalab beshda soat qo‘ng‘irog‘i jaranglashi bilanoq oyim namoyishkorona bir tarzda boshqa yoniga o‘girilib olar, dadam esa yo‘tala-yo‘tala o‘rnidan turib, mollarga yem bergani chiqib ketardi. Yem berayotgan paytda u albatta nimalarnidir o‘zicha gapirar va ochiq derazadan eshitilib turgan ovoz ohangiga qarab, uning hozir echkilar oldida cho‘chqalar yonida, tovuqlar yoki quyonlar yaqinida turganini bilib olsa bo‘lardi. Ish kunlari u gap orasida qandaydir kuylarni o‘zicha hushtak qilib chalar, yakshanbada esa xirgoyi qilardi. Hammasidan ham yomoni shu ediki, baland pardalarda uning ovozi xo‘roznikidek chinqirib chiqar, past pardalarda esa, qattiq yo‘tal bilan tugardi.
— Juda ko‘p chekadi-da, — deb to‘ng‘illardi oyim boshini yostiqdan ko‘tarmasdan.
Mollarga yem berib bo‘lgach, dadam bir bo‘lak non kesib olish uchun oshxonaga kirardi. Allaqaysi sarguzasht romanidan suvga cho‘kib ketayotgan kema kapitanining: «Birinchi navbatda ayollar va bolalar!» — degan so‘zlarini o‘qib olgandan beri, har yakshanba kuni o‘ziga non kesib olayotganda u ham yotoqxona eshigiga qarab: «Birinchi navbatda echkilar va tovuqlar!» — deb qichqirar, oyim esa shu zahoti unga javoban, uyqusirab: «Ikkinchi navbatda esa — eshaklar!» deya to‘ng‘illab qo‘yardi.
Yakshanba kunlari oyim dadamga hech bir iltifot ko‘rsatmas va buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor edi.
Dadam har dam olish kuni ertalabdan Altonadagi baliq bozoriga jo‘nardi. Albatta, u bozorga baliq xarid qilish uchun emas, shunchaki o‘zi borib kelardi. Ba’zan u meni o‘zi bilan birga olib ketgani uchun, uni bozorga shunchalar tortayotgan narsa nimaligini yaxshi bilardim: baliq bozori uning uchun o‘zgacha, keng bir olam edi.
Bozorning eng yuqori rastalarida qovurilgan sho‘r mag‘iz, kokos yong‘og‘i, pishloq, qizilmiya va uning ildizlari sotiladigan do‘konlar joylashgan edi. Sal quyirokda esa — bananfurushlar. Agar ularga quloq, soladigan bo‘lsangiz, narxlarning pasayib ketayotgani ularni batamom xarob qilayotganini bo‘g‘ilib so‘zlardilar. O‘ng tomondagi «Ayer Kors» firmasining qovoqxonasida, yakshanbaning azongi araqxo‘rlari shanba kunining so‘nggi araqxo‘rlari bilan birga yuzlab tilda matroscha qo‘shiqlar aytishardi. Chap tomondagi rastalardan esa Siam mushuklarini, Yangi Gvineyadan keltirilgan dengiz cho‘chqalarini, makaka maymunlariyu kakadu to‘tiqushi, alp echkisi yoki, hech bo‘lmaganda, Gamburg—Lurupdan keltirilgan quyonlarni sotib olish mumkin edi. O‘rta qatorlarda Firlanden va Geyostgaxtdan kelgan dehqonlar o‘z do‘konlarida Sankt-Georg va Fulsbyuttellik xonimlar bilan savdolashishar, pastda, Elbaning shundoqqina yoqasida, baliqchilar suv yuzasida qalqib turgan pontonlarga qalqonbaliq, koryushka va treska baliqlarini yuklashardi. Bandargohga kirib kelayotgan yoki jo‘nab ketayotgan kemalarning gudok ovozlari tonggi tuman bilan birga havoda ohista suzib yurardi.
Pastda, chap kunjakda esa, akvariumlar turar, dadamning baliq bozoriga qilgan har bir sayohati o‘sha yerda nihoyasiga yetardi. Buning ham allaqachon mag‘zini chaqib olgan edim, chunki bozorning shovqin-suroni diqqat-e’tiborni qanchalar jalb etmasin, akvariumlarning shisha devorlari yonida olag‘ovur birdan so‘nib qolardi. Bu ola-chipor, xol-xol dog‘li, rangdor, bujur, yo‘l-yo‘l va yana allaqanday tasvirlab bo‘lmaydigan baliqchalarning nomlari go‘yo Jek London yoki Jozef Konrad tomonidan o‘ylab topilganga o‘xshar edi.
Dadam esa ularning nomini besh qo‘lday bilar va bu antiqa jonivorlar qaysi okeanning qaysi burjida yashashini g‘oyat aniqlik bilan aytib bera olardi.
Yaxshiyam, bozor soat o‘nda yopilardi, aksincha, dadam ehtimol «quruqlikka» chiqolmay qolgan bo‘larmidi...
Dadamning saharmardonda oshxonada g‘imirlab yurganidan jahli chiqqan oyim, «bozor-uchar» to‘g‘risidagi gapni eshitishi bilan beshbattar ko‘pirib ketardi.
«Bozor-uchar»ning tarixi esa mana bunday edi: echkilar, quyonlar, tovuq va cho‘chqalar, dadamning aytishi bo‘yicha, «esa bo‘ladigan mol» hisoblanar, oyim ham bunaqa jonivorga umuman qarshi emasdi. Dadam esa «bironta antiqaroq» jonivor sotib olmasa, bular unga hech qanaqa shodlik baxsh etolmasligini takrorlagani-takrorlagan edi.
Dadamning «bironta antiqaroq» deb ataydigan narsalarini oyim oddiygina qilib: «hasham» deb qo‘yardi. To‘g‘ri, oyim ham tovuqlarga qarshi emasdi-yu, ammo u kaptarning tuxumiday tuxum qo‘yadigan, mabodo qovuriladigan bo‘lsa, bir kunlik jo‘jachalik go‘sht qiladigan va hovliga ham faqat zoti toza bo‘lganligi uchun chiqariladigan tovuqchalar emas, balki rosmana tovuqlar tarafdori edi.
Oyim quyonlarga ham qarshi emasdi, ammo bu qoqsuyak, na go‘shtu na teriga yaraydigan, turgan-bitgani baqraygan ko‘zdan iborat jonivorlar nega kerakligiga hech tushunolmasdi. Mana bu kaptarlar-chi! Osmon qirolichasi atalmish bu jonzotlar, axir jinnilardek charxpalak bo‘lib uchishu tomni bulg‘ashdan boshqa narsaga yaramaydi-ku? Zotdor deyilishiga balo bormi yana?
— Nima, biz Rokfellermi? — so‘rardi oyim jahli chiqib.
— Yo‘q, yo‘q, Rokfeller emasmyz, — derdi dadam, — Rokfeller bo‘lganimda, bunaqa kaptarlarim bor-yo‘g‘i o‘nta bo‘larmidi?
Ochig‘ini aytganda, dadam o‘z qaramog‘idagi jonivorlar bilan ko‘p o‘ralashib yurmas, ikki-uch oy deganda ular joniga tegar va yana bironta yangi, antiqaroq jonivor sotib olgisi kelib qolardi. Shunda u jonivorlarga zahrini sochayotgam oyimga haybarakallachilik qila boshlar va, qulay paytni topib hammasini bozorga chiqarib sotib yuboraman, deb qo‘ya qolardi. Keyin yana «bozor-uchar» kuni yetib kelar, buning esa, turgan-bitgani g‘alva edi.
Hamma gap shunda ediki, dadam bozorga umuman o‘zining totengam tovuqlari va o‘rtacha vazndagi kumushrang, shalpangquloq quyonlarini sotish uchungina bormasdi. Sotishga-ku sotardi-ya, ammo asosiy maqsad — jamg‘arilgan pulga yana qandaydir antiqaroq bironta jonivor xarid qilishdan iborat edi-da.
Dadam hali uyga qaytmasidanoq, oyim uny safar xaltasini bu gal yana qanaqa zotdor hayvonlarga to‘ldirib kelarkan, deb hayajonlanib kutardi.
Chindan ham dadamning hech narsaga yaroqsiz jonivorlarni topib kelishga favqulodda uquvi bor edi. Shuning uchun ham oyim ba’zi paytlarda, garchi zoti toza bo‘lsa-da, ammo o‘zi juda ayanchli holatdagi bironta jonivorni ko‘tarib kelganini ko‘rib, qo‘llarini silkitgancha jahl bilan qichqirib yuborardi.
Agar, Gap faqatgina «esipast kaptarlaru shalpangquloq quyonlar» ustida ketadigan bo‘lsa, bunga bir amallab chidasa bo‘lardi, ammo dadam xarid qilib keladigan narsalar borgan sari g‘alatilashib borardi-da.
Bir kuni u, masalan, safar xaltasidan kattakon fors mushugini chiqardi — har qalay, egasi uni Fors mushugi deb maqtab sotgan-u, u bo‘lsa sichqonlardan o‘lguday qo‘rqar ekan, boshqa safar esa, Gvatemala to‘tiqushini ko‘tarib kelibdi. To‘tiqush gapirishni bilmasa ham, qafasdagi don qoldiqlariyu qotgan-qutgan axlatlarni favvoradek tashqariga uloqtirishga juda usta ekan. Yaqinda dadam uyga Gretsiya zotdor toshbaqasini olib keldi, uning oyog‘iga ip bog‘lab polizga qo‘yib yuborgan edi, oyim kelib unga ovqat berguncha barglar tagiga kirib, yashirinib yotdi.
Oyim, agar dadam bir kuni safar xaltasida ittumshuq maymun (pavian) keltiradigan bo‘lsa, butun uyga o‘t qo‘yib, Fynkenverderdagi buvimlarnikiga ketib qolamiz, deb po‘pisa qildi. Ish ittumshuq maymungacha borib yetmadi-yu, ammo uning o‘tgan safargi «bozor-ucharida» o‘ylab topgan narsasi ham, har qalay, yomon bo‘lmadi.
Dadam safar xaltasini oshxona stoli ustiga qo‘yar ekan, oyim qo‘llarini ko‘ksida qovushtirgancha uning harakatlarini kuzatib turdi. Xalta ichidan kattakon shisha quti chiqdi, cho‘ntaklari esa marmelad bankachalari bilan liq to‘la edi. Dadam bankachalarni xaltadan chiqarib, birin-ketin stol ustiga qo‘yar ekan, xuddi oltin yombilari to‘g‘risida gapirayotgandek ehtiyotkorlik bilan: «skaleriya», «malabarlik danio», «neonli baliqlar» va oxirida: «gubbilar», dedi. Ha, marmelad bankachalarida chindan ham bozordagi akvariumdan olingan qoyilma- qom mitti baliqchalar bor edi. Nafasimizni ichimizga yutib tomosha qilayotgani- miz uchunmi, oyim bolalar hayratdan tildan qolishgan bo‘lmasin tag‘in, deb bizga hadiksirab qarab turardi. So‘ngra boshini chayqay-chayqay bu mitti olabo‘jilarga qarashga ham uyalayotganini ochiq aytdi, chunki u ba’zan tuppa-tuzuk qalqonbaliq to‘g‘risida ham bexosdan yomon gaplar gapirib yuborardi-da.
Oyimning gaplari dadamning sal bo‘lsa-da, izzat-nafsiga tegmadi, axir endi hech kimda yo‘q narsa unda bor-da! U akvariumni tayyorlashga kirishdi. Suvni bir oz isitish kerak, «bo‘lmasa, bechora baliqchalar shamollab qolishi mumkin», mayda qum keltirib, yuvib solish kerak. Oyimning jahli chiqdi:
— Qumni yuvish kerak deysanmi? Undan ko‘ra, qizlaring boshini yuvib yuribdimi, yo‘qmi, shunga qarasang bo‘lmaydimi?
Ammo, sehrli baliqchalar akvariumga solinmaguncha dadam tinib-tinchimadi. Tushlikka o‘tirganimizda oyim ham bu abjir baliqchalarga qiziqib qarab qo‘yayotganini payqab qoldim. Akvariumning shisha devori yonidan katta yarim oyga o‘xshash baliqcha suzib o‘tayotganida esa, oyim issiq qaylani dadamning tarelkasidagi puding* ustiga quyaman deb, uning qo‘liga to‘kib yubordi. Bu esa dadam uchun chinakam g‘alaba edi.
— Ha,— dedi u, — bular har qanday kishini maftun etishi mumkin. Qanday ajoyib-a, bu jonivorlar, to‘g‘rimi?
— Bu qahraton shimolda bunaqa akvarium janubiy dengizning o‘ziga xos bir bo‘lagi, hayratga tushganlaring uchun uyalmanglar, — dedi u, so‘ngra, qo‘liga quyilgan malina murabbosini ro‘molcha bilan arta turib. Keyin u puding solingan tarelkasini yana oyimga tutdi, oyim ehtiyotkorlik bilan uning ustiga murabbo quyib berdi.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, biz o‘sha kuni akvarium yonidan ketmadik va kechga borib, har bir baliqcha o‘ziga mos laqab oldi. Tovlanadigan yarim oyga o‘xshash baliqchani bo‘yoqfurushning oliftanamo shogirdi nomi bilan — Alfons deb atadik. U yangi galstuk taqib olgancha, opamning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun chetan devorimiz yonida u yoqdan-bu yoqqa o‘tgani-o‘tgan edi. Baqaloq baliqcha esa xo‘ppa-semiz do‘kondor ayolning nomi bilan, ya’ni Gulda deb ataldi.
Uyquga yotayotganimizda, dadam qo‘shnilarning bu baliqchalarni ko‘rib ko‘zlari qanday o‘ynab ketganining guvohi bo‘lish ishtiyoqida ekanligini aytdi. Axir, qandaydir «antiqaroq» bironta jonivorni sotib olar ekan, qo‘shnilarni biznikiga tez-tez kirib, noyob jonivorlarimizni tomosha qilishadi, deb taxmin qilardi-da. Qo‘shnilardan birontasi uyga kiradigan bo‘lsa, dadam u bilan eski yashiklar ustiga o‘tirib olib, tamakisini buruqsitib, soatlab gaplashib o‘tirar va bu oyimning ta’biricha, «bekorchilik bilan shug‘ullanish» edi. Ba’zan uning qo‘shniga g‘urur bilan gapirgani eshitilib qolardi: «Ha, Ade, bunaqa zotdor xo‘roz har kuni ham topilavermaydi».
Akvarium haqidagi xabar, haqiqatan ham, tasavvur qilib bo‘lmaydigan tezlik bilan chor-atrofga tarqaldi. Ba’zan esa posyolkamizda tuz tanqisligi boshlanganga o‘xshardi, chunki qo‘shnilarimiz biron qoshiq tuz so‘rash bahonasida biznikiga chiqar va baliqchalarimizni to‘yib tomosha qilishgach, uylariga ketishardi.
Keyingi kunlarda pochta nega kechikayotganini payqab qolishgandan keyin, qo‘shnilarimizning hayrati bir oz pasaydi. Oyim qayta-qayta ishga borishi lozimligini yodiga solgandan keyingina, pochtalon bizning «janubiy dengizimizni» tomosha qilishni bas qilib, chiqib ketar edi. Dadam sehrli baliqchalarimiz pochtalonda katta taassurot qoldirganini eshitib, g‘urur bilan: qandaydir g‘aroyib bir narsa sotib olgan odamning o‘zi ham boshqalar nazarida alohida hurmatga sazovor bo‘ladi va hamma unikiga kelaveradi, dedi. O, u qanchalar haq edi shunda...
Hamma gap Jonatan Krauligdan boshlandi. Payshanba kuni kechki ovqatga o‘tirayotganimizda, u biznikiga kirib keldi.
Undan boshqa hech kimni bizda Jonatan deb atashmasdi, bunaqa aytilishi qiyin bo‘lgan ism allaqachon soddalashtirilib, «Jonni»ga aylanardi, ammo Jonatanni boshqa nom bilan atash mumkin emasdi-da! U kambag‘al va o‘ziga yarasha xudojo‘y kishi edi. Dadamning aytishicha, u bir vaqtlar kambag‘al ham, xudojo‘y ham bo‘lmagan. Ilgari uning ko‘mir ombori bo‘lib, o‘zi haddan tashqari ko‘p ichar ekan. O‘sha paytlarda odamlar uni Jonni, deb chaqirishgan. Vaqti kelib, odamlarning ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji ombor egasining spirtli ichimliklarga bo‘lgan ehtiyojidan ancha pasayib ketgandan keyin, u o‘zini singan hisoblab, dinning yangi mazhabi bashoratchisi, deb e’lon qilgan ekan.
Jonatan biznikiga kirib keldi. Har safargidek, uning ustida keng qora yomg‘irpo‘sh, oyog‘ida esa qishdayam tashlamaydigan, kiyilaverib adoyi tamom bo‘lgan shippak bor edi. U baliqchalarni ko‘rish uchun kelganini yashirmasdan, ro‘y-rost aytdi-qo‘ydi va dadamning chekmasdan, divanda cho‘zilib yotganiga ko‘zi tushdi. Dadamning bunday cho‘zilib yotish odati yo‘qligini Jonatan yaxshi bilar, shuning uchun unga rahmi kelib, muloyim ovozda so‘radi:
— Paul, azizim, nima balo, kasal-pasal bo‘p qolmadingmi, ishqilib?
— Ha, azizim, — dedi dadam, —grippga chalinibman, shekilli.
Dadamning ham, Jonatanning ham odatlarini yaxshi biladigan oyim, qahva likopchalarini tuyqusdan shaqirlatib yubordi, ammo Jonatan missioner roliga shunchalar kirishib ketgan ediki, bunga6 mutlaqo e’tibor bermadi.
— Juda yaxshi, — dedi u, — demak, muqaddas kitobga ko‘z yugurtirishga biron soat vaqt toparsan.
— Ha, ha, albatta, — dedi dadam mug‘ambirlik bilan, — gripp mendek bir gunohkorni to‘shakka mixlab qo‘ydi, hozir esa, ayni ilohiy ishlar bilan shug‘ullanadigan payt.
U xuddi ibodat qilayotgan odamdek, ko‘zlarini yuqoriga shunday tikdiki, opam o‘zini to‘xtatolmay, piqyllab kulib yubordi va yugurib yotoqxonaga kirib ketdi.
Jonatan bunga ham e’tibor bermady.
— Agar xohlasang, — davom etdi u, — hozir muqaddas kitobni ochib, grippni haydaydigan duolarni o‘qiymiz.
U ho‘l yomg‘irpo‘shi ostidan doimo o‘zi bilan olib yuradigan muqaddas kitobni chiqara boshladi. Dadam hozir kayfiyati bir oz yomonligini aytib, yaxshisi, bu ishni keyingi safarga qoldiraylik, deb iltimos qildi.
Ikkinchi opam ham qo‘llari bilan og‘zini bekitgancha piqillab, yotoqxonaga kirib ketdi. Shu paytgacha, pechni presslangan ko‘mir g‘ishtchalarga to‘ldirayotgan oyim ularni qayta pechdan chiqarib, yana qutiga joylay boshladi. Men sezdirmaygina yotoqxonaga kirib ketmoqchi bo‘ldim. Lekin shu payt eshik taqillab, kichik oshxonamizga vrachlar mahkamasi maslahatchisi janob doktor Pfaux kirib keldi.
Dadam yalt etib oyimga qaradi, yo‘q, oyim vrach chaqirtirgani yo‘q, oila a’zolarimizdan birontasi grippga chalinganda vrach chaqirtirish bizda odat tusiga kirmagan, bundan tashqari, meditsina maslahatchisi kabi atoqli bir kishini biz gripp u yoqda tursin, hatto, kimdir qizamiq bilan og‘riganda ham bezovta qilmagak bo‘lardik. Biz uni ko‘chamizdan o‘z mashinasida yaqin orada joylashgan nudistlar o‘rmonchasiga o‘tib turgani uchungina tanirdik, xolos. Ammo doktor bizni ko‘p kuttirib o‘tirmadi. U o‘zini taroziga soladigan rasmiyatchilardan emas edi. Baland ovoz bilan «valayk» dediyu yomg‘irda ho‘l bo‘lib ketgan shlyapasini oyimning qo‘liga tutqazdi, stulga o‘tirarkan, karnay ovozidek do‘rillagan tovushda so‘radi:
— Xo‘sh, yosh do‘stim, dengiz ajoyibotlari solingan tuvaklaringizni ko‘rsak bo‘ladimi?
Uning «yosh do‘stim» degani, albatta, dadamga qaratilgan edi, «tuvak» deganda esa, akvariumni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Xullas, doktor katta burnini akvariumning shisha devoriga qadagudek yaqin o‘tirib rldi.
— Mana bunisi dazmollangan bo‘lsa kerak, — dedi u Alfonsni ko‘rsatib, — xuddi quymoqdek yapaloq ekan, ajoyib nusxa.
«Ajoyib nusxa» deganiga dadam qarshilik bildirmadi, ammo «tuvak» degani... Dadam tamaki o‘ryoy boshladi, burun ketaklari goh kengayib, goh torayib turgani aniq ko‘rinib turardi.
— Ha, ha, — dedi u doktorning kattakon meshdek qorniga ma’nodor nazar tashlab, — afsuski, o‘zlarini dazmollab bo‘lmaydi-da, balki kamroq joyni egallagan bo‘larmidi...
Oshxonaga bir daqiqa jimlik cho‘kdi, kichik singlim esa paytdan foydalanib, yotoqxonadan boshini chiqarib, yana bitta amaki kelyapti, bugun kechki ovqatni yeymizmi o‘zi, deb so‘radi.
U aytgan amaki, to‘g‘rirog‘i, Alisa xola allaqachon oshxonaga kirib kelgan edi. Ochig‘ini aytganda, u polizdagi toshlarni terib bizning polizga-otgani uchun, unchalik qalin emasdek, ammo hozir uning kelishi bizni quvontirdi. Yeshligida Alisa ippodromda solistlik qilgan, shundanmikin, sal bo‘g‘iqroq ovoziyu chorlovchi nigohlarini asrab qolgan edi. Jonatangau ko‘p e’tibor bermadi, chunki Alisa uni «Jonni»lik paytlaridan bilardi, hazillashib qulog‘idan tortib qo‘ydi va:
— Xudojo‘y kishilarga salomlar bo‘lsin! — dedi.
Meditsina maslahatchisini esa diqqat bilan kuzatdi, sal dag‘alroq, ammo do‘stona ohangda so‘radi:
— Oh, anavi ajoyib limuzin mashinasida o‘tib ketadigan doqtor tog‘a sizmisiz? Qarang-a, men anatomlardan tanish orttirib yurganimdan beri qancha suvlar oqib ketibdi yoki, siz biz bilan ham, ehtimol bir vaqtlar...
— Yo‘q, yo‘q, — g‘o‘ldiradi doktor, axir, u keksa ko‘ringani bilan hali uncha qari emasdi-da.
Bu safar Jonatan ham o‘zini kulgidan to‘xtatolmadi. Alisa bo‘lsa, anavi «kichkintoy, shirintoy baliqchalarni» ko‘rish uchun kelganligi yodiga tushib, akvarium yoniga o‘tirib oldi va to‘xtamasdan, «voy xudoyim-e, ajoyibligini qaranglar», deb bidirlay boshladi. Baliqchalar yana nazarga tushgani uchun dadamning yuzi bir oz yorishdi, ammo, bari bir u so‘nggi xaridining foydaliligidan shubhalana boshlagan edi. Navbatdagi mehmonning kirib kelishi ham uning bu shubhalarini tarqatib yubora olmadi.
Mehmonlarga liq to‘la oshxonamizga baqaloq baliqchamizning adashi — do‘kondor Gulda kirib keldi.
Gulda menga doimo ajina bo‘lib tuyulardi. Ko‘pdan beri u peshtaxta yonida turmay qo‘ygan, chunki juda semirib ketganidan oyoqlari og‘irligiga bardosh berolmasdi. U o‘ziga elektr toki bilan yuradigan aravacha sotib olgan bo‘lib, unga minganicha qarzdorlaridan pulini undirib yurardi. Uning ishi endi qarzdorlarning qarzni o‘z vaqtida to‘lashlarini nazorat qilib borishdan iborat bo‘lib qolgan edi. Uning do‘konida qarzlarni to‘lash odatdagidek emas, balki yangi mollar sotib olinayotganda amalga oshirilardi. Qarzni to‘lash uchun ikkinchi qavatga ko‘tarilib, juda dim va barcha attorlik mollarining hidi o‘rnashib qolgan xonaga kirish lozim edi. Qarzni undirayotganda esa, boylikning bebaqoligi to‘g‘risida uzundan- uzun va’z o‘qimasdan biror pfennig olmasdi, shuning uchun oyim qarzni to‘lamoqchi bo‘lsa, doim meni yuqoriga chiqarib yuborardi. Nazarimda, Gulda shak-shubhasiz ajina edi. Mendagi bu taassurot Gulda hozir bizning yop-yorug‘ oshxonamizda o‘tirgan paytda ham yo‘qolmadi. Avvaliga, u o‘zining qisiq, yog‘ bosgan jirkanch ko‘zlari bilan bufetni nazorat qilib chiqdi. Uning raqiblaridan hech narsa sotib olmaganligimizga ishonch hosil qilgandan keyingina, sekin akvariumni tomosha qila boshladi. Jonatan va Alisa shoshilinch ravishda unga joy bo‘shatishdi, ular ham biz kabi uning doimiy qarzdorlaridan hisoblanardi-da, axir.
— Ha, ha, juda qiziq, bularni sotib olishga ham ancha-muncha pul sarflangan bo‘lsa kerak-a, — dedi u, — ammo, Guldaning xayolida faqat shu iflos pul bo‘lsa kerak, deb o‘ylamanglar, men ularni o‘zim bilan narigi dunyoga olib ketmayman. Ammo keyingi paytlarda, negadir o‘lim xayolimdan chiqmay qoldi, shuning uchun oldi-berdilarimni bir oz o‘rniga qo‘yib olsam, deyman. Kimdir sizlarning allaqanday g‘aroyib jonivorlar sotib olganingizni aytib qoldi, men esa o‘z daftarimga qarab, sizlarning anavi bitta tovar uchun pul to‘lamaganlaringni esladim. Umuman, olganda, pul juda qabih narsa, ammo bu baliqchalar qancha turarkin-a?
Ruhoniy mayerning kirib kelishi dadamni Guldaning savoliga javob berishdan xalos qildi. Ruhoniy oshxonamizdagi misli ko‘rilmagan bu to‘daga muloyim nazar tashlab, quvnoq ohangda dedi:
— Barchaga, barchaga salomlar bo‘lsin!
Albatta, ruhoniy Jonatanga shunday bir sovuqqarash qildiki, bu bilan u Jonatanni—lo‘ttiboz firibgarni, aytilgan «barchaga» umuman qo‘shmayotganini payqash qiyin emasdi. So‘ngra, kimdir unga dadamning tangri yaratgan rang-barang jonzotlarini bir shisha idishga to‘plaganini aytgani va bu qalblarni quvontiruvchi xabar uni qorong‘i va yomg‘irli so‘qmoqlardan bu yerga boshlab kelganini gapira boshladi. Bunaqa xabar ruhoniyning qulog‘iga borib yetgani, albatta, hech kimni ajablantirmadi, chunki jamoamizda u bexabar qoladigan bironta ish yo‘q edi. Dadam esa unga «xudoyi taoloning iskovichi», deb laqab xam qo‘ygan edi.
Negaki, jamoamiz qozonlarida biron marta hidi bu ruhoniyning «burniga borib yetmagan» go‘sht qaynamagan edi. Uning «yomg‘irli so‘qmoqlar» iborasi ham juda o‘rnida ishlatilgan bo‘lib, janob ruhoniyning tizimcha bilan bog‘langan etiklari uning ikki soatlar chamasi loy kechganidan dalolat berib turardi.
Oyim esa ruhoniyning shilta etaklaridan ko‘zini uzmas, har safar ulardan parcha-parcha loy uzilib tushganda, titrab ketardi. Ruhoniy esa sevimli qavmini bo‘lg‘usi va’z oldidan bir oz ruhlantirmoqchi bo‘ldi shekilli, diniy o‘git-nasihatlarga odmi so‘zlarni aralashtirib, jon-jahdi bilan gapira boshladi; bizning g‘alati baliqchalarimizning tashqi ko‘rinishi va harakatlari uni yangidan-yangi nasihatnamo o‘xshatishlar topishga ilhomlantirardi.
Qadimgi rimliklarning ustki kiyimiga o‘xshash yomg‘irpo‘shga o‘ranib olgan Jonatan, u hali «Jonni» deb atalgan paytlardayoq sulg‘in bo‘lgan sektantlarcha chehrasida vaqti-vaqti bilan tabassum paydo qilishga urinar, Alisa bo‘lsa va’zxonning har ikkinchi o‘xshatishini bo‘g‘iqroq, ammo hissiyotga to‘la tovush bilan, «qanday ajoyib-a», deb ma’qullardi. Meditsinyo maslahatchisi yo‘g‘on, do‘rillagan ovoz bilan, janob kollega buni «g‘oyatda to‘g‘ri topib» aytdi, der, «g‘oyatda to‘g‘ri» bo‘lmagani esa uningcha «juda asosli» yoki «haddan tashqari», deb ta’riflanardi. Ajina Gulda esa bu orada oshxonamizdagi buyumlarga yashirincha ko‘z yugurtirib, ularning bahosini aniqlash bilan ovora edi. Ruhoniy dunyoning foniyligi to‘g‘risida gapirayotganda, u uch qavat bo‘lib ketgan bag‘baqasini silkitib, ma’qullab o‘tirsa ham, xohlagan paytda barcha buyumlarimizning qancha turishini aniq ayta olardi. Dadam bilan oyim har zamonda bir-biriga qarab qo‘yishar va men o‘sha paytda «so‘zlovchi, shirinsuxan nigohlar» deganda yozuvchilar nimani nazarda tutishlarini anglab yetgan edim.
Lampa nuri oshxonamiz havosidan xuddi Gamburgdagi noyabr tumanini teshib o‘tgandek, zo‘rg‘a o‘tardi, chunki bu yerdagi havo ruhoniyning ter hidiyu meditsina maslahatchisidan anqiyotgan karbolka bo‘yiga, go‘sht yemaydigan Jonatandan kelayotgan sarimsoq piyoz hidiyu Alisa sepib olgan oddiy atir iforiga, Brinkman firmasining arzon tamakisiyu Guldaning attorlik do‘konidagi barcha mollar- ning omuxta hidiga to‘lib ketgan edi. Va bu yer shunchalar dim, shunchalar issiq ediki!
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, ruhoniy hamon jonkuyar baqaloq baliqcha va ochofat qilichbaliq to‘g‘risida kuyib-pishib gapirayotgan bir paytda, singlim oshxonaga kirib, yig‘lamsiragan va uyqusiragan tovush bilan, mehmonlar qachon ketishadi, ochlikdan o‘layozdim-ku, deb ginaxonlik qildi. Ruhoniy shu zahoti o‘rnidan turdi, xuddi cherkov xoriga: gimnni boshlanglar, degandek mayin, ammo qat’iy ishora bilan boshqalarni ham turg‘izdi. Etigidan ko‘chib tushgan so‘nggi loy parchasini tovoni bilan polga ezg‘ilar ekan, ovqat so‘rayotgan bolalarga to‘sqinlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q, dedi. So‘ngra mehmonlarni, masalan, Guldaga o‘xshab yana biron narsa degusi bormi, yo‘qmi, bunga qaramasdan, ko‘chaga boshladi. Bo‘sag‘ada u ortiga o‘girildi. Oshxonamizdan chiqayotgan bug‘ uning lampa nuri tushib turgan boshini bulutdek o‘rab olgan edi. Keyingi safar bolalarimni — uning yettita bolayoi bo‘lib, oltitasi allaqachon tetapoya bo‘lgan edi — olib kelsam maylimi, ular ham suv ajoyibotlarini, yoki dadamning oddiy xalq tili bilan aytishicha, «qandaydir antiqaroq» jonivorlarni bir ko‘rishsa edi, deya istak bildirdi ruhoniy.
— Ha, albatta, — dedi dadam Alisaning ovozidan ham bo‘g‘iqroq tovushda, — albatta, hammasini yetaklab keling.
Navbatdagi yakshanba kuni dadam yana baliq bozoriga jo‘nadi, kechki payt esa darvozamiz oldida serjun, jahldor, qondoshlari har bir qishloqda uchraydigan kattakon ko‘ppak bog‘loqlik turardi.

Nemischadan Yo‘ldosh Pardayev tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 10-son.
_______________
* Puding — guruch va boshqa yormalarga suzma, shuningdek mevalar qo‘shib tovada pishirilgan ovqat (tarj).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.