Irene Dishe (Irene Dische, 13 fevral, 1952) – amerikalik yozuvchi va jurnalist, bir necha xalqaro bestseller asarlar muallifi. Garvard universitetida adabiyot va antropologiya yo‘nalishida ta’lim olgan. The New Yorker va The Nation nashrlarida jurnalistik faoliyat olib borgan. 1980-yillar boshida Dishe Berlinga ko‘chib keladi.
1989 yili Dishe birinchi romani «Diniy sirlar» (Pious Secrets) ni chop ettiradi. Kitob Yevropada bestsellerga aylanadi va 15 ta tilga tarjima qilinadi. 1993 yildan boshlab u bolalar uchun ham yoza boshlaydi. Dishening so‘nggi romani «Vixouken qirolichasi» (The Empress of Weehawken, 2005) ham tez orada mashhur bo‘lib ketdi. Ushbu kitob birgina Germaniyada yarim milliondan ortiq sotildi. 2007 yili Dishening sevgi haqidagi hikoyalar to‘plami chop etildi.